Qirim xonligini qurgan, yurtida qochqinga uchragan qardosh xalq – qirimtatarlar tarixi (1-maqola)


Saqlash
12:16 / 07.03.2025 439 0

Qirimdagi Oqmasjid(hozirgi Simferopol) shahridagi bir yodgorlikka “Bu yodgorlik oʻzbek va ukrain, shu bilan birga qirimtatar xalqining qismatiga befarq boʻlmagan hamda insonparvarlik koʻmagini ayamagan barcha xalqlarga hurmat belgisi sifatida oʻrnatilgan” deb yozilgan.

 

 

 

Nega bunday yozilgan? Nega unda oʻzbek xalqiga ham alohida hurmat koʻrsatilgan? Buning tarixi uzun... Оyina.uz ushbu yodgorlikni o‘rnatgan qirimtatarlarning millat sifatida shakllanishi, turmush tarzi, dini, tili va adabiyoti haqida tayyorlangan maxsus maqolani hukmingizga havola qiladi. Siz quyida bu xalqning shoʻrolar davridagi ayanchli kechmishi, millat nomini saqlab qolish yoʻlidagi betinim urinishlari haqida bilib olasiz.

 

***

Qirimtatarlar – turkiy xalq. Tili – qirimtatar tili, turkiy tillarning qipchoq guruhiga kiradi. Dini – islom, sunniylik oqimining hanafiya mazhabiga mansub. Rasmiy manbalarda qirimtatarlarning nufusi 600 mingdan ortiq ekani qayd etilgan. Ammo, millat vakillarining aytishicha, 6 milliondan ortiq. Ular Qirim yarimoroli va Shimoliy qora dengiz mintaqasining boshqa hududlarida yashab kelishgan, shu yerda xalq sifatida shakllangan. Hozir ham 300 mingdan ortiq qirimtatarlar shu hududda yashaydi. Bundan tashqari rasmiy manbalarga koʻra, Turkiyada 130 000, Oʻzbekistonda 100 000 atrofida, shuningdek, Qozogʻiston, Ukraina, Ruminiya va Rossiyaning turli hududlarida qirimtatarlarning vakillari istiqomat qiladi.

 

Qirimtatarlarning negizi tatar emas. Ular asli Qirimlik yerlik xalqlardan, xususan, qipchoqlardan shakllangan boʻlib, tatar nomini ularga ruslar qoʻshishgan[1]. Chor Rossiyasi davrida hamma turkiylarga tatar degan umumiy nom berilgani esa tarixdan maʼlum. Bunday nisbani Lev Tolstoy, Lermontovlar ham oʻz asarlarida qoʻllagan.

 

Qirimtatarlarning millat sifatida shakllanishi XIII – XVII asrlar oraligʻiga toʻgʻri keladi. Millatning shakllanishida Qirimga kelib oʻtroqlashib qolgan koʻchmanchi qipchoqlar, xunlar, xazar va Onadoʻli turkiylari ishtirok etgan, azaldan Qirimda yashab kelgan tavrlar, skiflar, yunonlar ham qirimtatarlarning etnogeneziga taʼsir oʻtkazgan. Shuning uchun, ular orasida boʻylari uzun yevropoidlar, koʻzi qisiq, keng yelkali turku kelbatlilar koʻp uchraydi[2].

 

 

XIII asrda bu yerlar Oltin Oʻrdaning Qirim ulusi nomi bilan atalgan. XV asrda Oltin Oʻrda qulagach, mustaqil Qirim xonligi shakllanadi. 1441-yilda Hoji Giray I nomi bilan tanilgan Malik Giray “Ulugʻ Oʻrda” nomi ostida yangi xonlikka asos soladi. Shu tariqa, Qirimda oʻziga xos avtoxton madaniyat shakllana boshlaydi.

 

Hoji Giray I yigirma besh yil taxtda oʻtiradi va bu davr boshqa turkiylardan oʻzgacha mental xususiyatli yangi millatning shakllanishi uchun yetarli boʻladi. Yangi shakllangan bu millatning negizi qipchoq, tili ham qipchoq tili edi. 1475-yili hududlarini kengaytirishga kirishgan Usmonli Turk saltanati Qora dengiz atrofida oʻtroq yashayotgan genuyaliklarni va boshqa kichik elatlarni bosib oladi. Genuyaliklar asli italiyalik boʻlib, bu yerda ularning yirik koloniyasi yashardi. Tez orada janubiy Qirimdagi yunonlar va gotlarning koloniyalari ham Usmonlilarga boʻysunadi. Bu elatlar islomni qabul qiladi va keyinchalik ularning barchasi yagona nom ostida “yaliboʻylu” boʻlib qirimtatarlarga qoʻshilib ketadi.

 

XV asrning 70-yillari Qirim tarixida Hoji Giray I ning oʻgʻillari oʻrtasidagi taxt talash yillari sifatida yodga olinadi. Bu davrda Qirim ichki urushlar sabab boshqarib boʻlmaydigan mamlakatga aylanadi va natijada 1478-yildan Fotih Sulton boshqaruvi davrida Usmonlilarning vassaliga aylanadi. Ammo, bu borada boshqa qarashlar ham bor, xususan, fransuz geografi Pyer Dyuvalning fikricha, “Qirim Usmonlilarning vassali boʻlmagan, aksincha ittifoqchisi boʻlgan”[3].

 

Fotih Sulton boshqaruvi davrida qirimtatarlarning milliy shakllanishida oʻgʻuzlar taʼsiri kuchaya bordi. Ayniqsa, tilga oʻgʻuz soʻzlari oʻzlashishi natijasida, qipchoq elementlari kamaya boradi. Bu oʻzgarishlar asta-sekin qorachoy, bolqor va noʻgʻay tillariga ham taʼsir oʻtkazadi. Ammo, qorachoy va bolqorlar togʻli hududda, noʻgʻaylar choʻlda yashagani uchun qipchoqcha leksemalarni koʻproq saqlab qoladi.

 

 

Qirim xonligi jahon tarixida giraylar hukmronlik qilgan yoxud giraylar mamlakati oʻlaroq yodda qolgan. Qirim xonligi mustaqil yoki vassal oʻlaroq hukm surgan 1440-1783-yillar orasida 46 ta giray unvonli shaxslar davlatni boshqargan[4] va ularning nomlari xonlikning 300-yildan ortiq davom etgan hukmronlik davrida butun dunyoga tanilgan. Ulardan faqat ikki hukmdor – Nurdavlat va Aydar giray unvonini olmagan. Bundan tashqari hukmdorlar oilasiga mansub boʻlgan yuzlab xon avlodlarining nomiga ham giray nomi qoʻshilgan[5].

 

Qiziqarli maʼlumot

Shu oʻrinda giray soʻzining etimologiyasiga toʻxtalsak, chunki “giray” faqat qirim xonligidagina “davlat rahbari” maʼnosida qirol, shoh yoki xon oʻrnida qoʻllanilgan boʻlib, soʻzning ushbu maʼnoda qoʻllanilishi nafaqat turkiy balki jahon onomastikasida fenomenal hodisa sanaladi.

 

“Giray” soʻzi qipchoq tillarida hozirga qadar saqlangan va u giray yoki r tovushi orttirilgan girray shaklida ham ishlatilgan. Kishining oʻz kuch-qudrati yoki quvvatini oshkora yoki namoyishkorona koʻrsatishi girrayish deyilgan. Qipchoqlar oʻzlarining eng kuchlisi, eng tanasi baquvvatini giray atashgan. Janglarda jussasi va harakatlari bilan yaqqol ajralib turadiganlar giray deb atalgan. Mening fikrimcha, giray rus tilidagi “geroy” bilan shaklan oʻxshash xolos va girayning geroy bilan aloqasi yoʻq. Chunki, “geroy” soʻzi rus tiliga fransuz tilidan oʻzlashgan va u deyarli hamma hind-yevropa tillarida saqlangan[6].

 

Bugungi kunda qirimtatarlar uchta subetnosga boʻlinadi: yaliboʻylilar yaʼni dengiz boʻyida yashovchilar; dagʻlar yaʼni togʻ va yassi togʻliklarda yashovchi tatlar; choʻl noʻgʻaylari – asosan chorva bilan shugʻullanuvchi qipchoq urugʻlarining vakillari.

 

Yaliboʻylilarning maʼlum bir qismi avval nasroniy boʻlgan yevropaliklardir. Ularning katta qismini yunonlar va rimliklar tashkil qilgan. Shuning uchun madaniyatida nasroniylikning ham katolik, ham provaslav madaniyatiga xos elementlari uchraydi. Yaliboʻylilar shakllanishida gotlar[7] ham ishtirok etgan. Shuning uchun ularda german madaniyati va tilining elementlari ham bor[8]. Yaliboʻylilar orasida adige yoxud cherkaslar ham boʻlgan. Ular asli Shimoliy Kavkaz cherkaslari boʻlib, Qirim xonligi shakllanguncha nasroniylik dinida boʻlishgan.

 

Dagʻlar yoki togʻliklarni tatlar deb ham atashgan. Qirim tatlari Ozarbayjonda yashaydigan forsiy tatlar va arman tatlaridan boshqa xalqdir. Ularni umumiy nomda “Kavkaz tatlari”, deb atashadi. Qirim tatlari esa shu yerning yerli xalqi – turkiylardir. Dagʻlarga ham boshqa turli xalqlar, jumladan, Oʻrtayer dengizi atrofidan kelgan yevropaliklar taʼsiri katta boʻlgan. Ularning aralashuvi esa koʻproq dagʻlar yashaydigan hududning qulayligi bilan bogʻliq boʻlib, bu yerda yashash choʻl va dengiz qirgʻogʻida yashashdan koʻra yaxshiroq boʻlgan.

 

Choʻl noʻgʻaylari esa asosan Qirim choʻlida yashashgan va koʻproq koʻchmanchi qipchoq urugʻlaridan tarkib topgan[9]. Shu bilan birga, bu tarkibga Sharqiy Yevropada yashab kelgan qipchoqlar[10], xususan XIII asrda Dunay va Dnestr boʻyida yashagan qumanlar va qimaqlar ham kirgan. Shuning uchun, ularning orasida deyarli barcha turkiy urugʻlar uchraydi. Ularning umumiy nomda noʻgʻay atalishi esa dagʻlar bilan bogʻliq boʻlib, ular choʻlda yashovchi barchani shu nom bilan atashgan[11]. Zotan bu yerlar Edigey davrida “Noʻgʻay yurt” deb atalgan.

 

XV asrda yuqorida keltirilgan uchta etnos ishtirokida qirimtatar millati shakllandi. Usmonlilar imperiyasi taʼsirida boʻlgan Qirim xonligida qirimtatar madaniyati yuzaga keldi. Oʻgʻuz tilidan soʻzlar hisobiga boyitilgan poloves-qipchoq tili davlat tiliga, shu bilan birga qirimga yondosh hududlarda koynega aylandi[12]. Oʻzbekxon davrida boshlangan islomlashish Qirim xonligi davrda davom ettirildi va nihoyat Usmonlilar taʼsirida toʻliq yakunlandi. 1475-yili barcha nasroniy xalqlar va elatlar toʻliq islom dinini qabul qiladi.

 

 

XV – XVIII asrlar davomida Qirim xonlari Usmonli turklar bilan ittifoqlikda Rossiya, Litva va Polsha bilan muttasil urushlar olib boradi. XVI asrdan boshlab butun kuch Moskvani egallashga qaratiladi, ammo bu urushlar alal oqibatda Rossiyaning mutlaq gʻalabasi bilan yakunlanadi va XVIII asrning oxirida Qirim toʻliq bosib olinadi[13]. Bu hodisaning boshqa diplomatik sabablari ham boʻlgan. 1774-yilda Abdulhamid I va Yekaterina II oʻrtasida Kichik Qaynarja bitimi tuziladi va unga koʻra Qirim xonligi ikki mamlakat ham uning ichki va tashqi ishlariga aralashmasligi sharti bilan mustaqil, deb eʼlon qilinadi. Biroq, turli bahonalar bilan Rossiya Usmonlilarni shartlarni buzganlikda ayblaydi va 1783-yili Qirimni toʻliq bosib oladi. Aynan shu davrda 200 mingdan ortiq qirimtatarlar Onadoʻliga koʻchib oʻtadi va ular hozir Turkiyada yashayotgan qirimtatarlarning ajdodlari sanaladi[14].

 

Shu tariqa Qirim Ruslarning mustamlakasiga aylanadi va buni Usmonlilar davlati ham tan oladi. Rossiya mustamlakasi davrida Qirimda yangi madaniyat shakllanadi. Til tarkibiga ruscha va boshqa internatsional soʻzlar oʻzlasha boshlaydi.

 

Rossiyada 1917-1921-yillari kechgan fuqarolar urushi ham Qirimtatarlar tarixida muhim oʻrin tutadi. Chunki, Chor Rossiyasining qariyb 150-yil davom etgan mustamlakasiga aynan shu davrda barham beriladi. 1917-yildagi inqilobdan foydalangan qirimtatarlar Noʻmon Chalabiyjixon boshchiligida Qirim Xalq Respublikasini tuzishadi. Ammo, bu respublika atiga bir yarim yil turadi. 1918-yilning iyun oyida Qirimni nemislar egallaydi va hokimiyat vaqtinchalik “Qirim oʻlkasi hukumati” qoʻliga oʻtadi. Tez orada Qirim sovetlar tomonidan ozod qilinadi va bu hukumat oʻrniga Qirim Sovet Sotsialistik Respublikasi tashkil etiladi. Shu nom bilan Qirim Shoʻrolar davlatining tarkibiga kirdi.

 

Ikkinchi jahon urushi boshlangach, 1941-yilning noyabr oyidan Qirim yana nemislar qoʻliga oʻtadi. Bu davrda qirimtatarlarning yarmi Turkiya taraf, yarmi shoʻrolar taraf boʻlib ikkiga boʻlinib qolgan edi. Turkiya taraf boʻlganlar orasidan ayrimlari yashirin tarzda nemislarga yordam berib keladi. Garchi, qirimtatarlar orasida Sovetlar tomonida jang qilganlar ham koʻp boʻlsa-da, 1944-yilda butun qirimtatarlar kollaboratsionizm yaʼni vatanga xiyonatda ayblanadi va Davlat Mudofaa qoʻmitasining № 5859-ss raqamli qarori bilan surgun qilinadi. Ularning eng katta qismi, aniqrogʻi 151 136 nafari Oʻzbekistonga, 40 000 dan ortiqrogʻi Rossiya va Oʻrta Osiyoning boshqa shaharlariga joʻnatiladi. Shu tariqa Oʻzbekistonning turli viloyatlarida qirimtatarlarning yirik koloniyalari shakllanadi[15].

 

 

Qirimtatarlar surgunining eng achinarli tomoni shundaki, 200 mingga yaqin aholi surgun qilinayotgan paytda 120 mingdan ortiq kishi sovetlar tomonida jang qilgan. Ular orasidan generallar, Sovet Ittifoqi qahramonlari chiqqan. Nemislar safida xizmat qilganlar esa faqat 10 foizni tashkil qilgan, xolos.

 

Din va diniy eʼtiqod shakllari

 

Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxon davrida qirimda yashovchi koʻplab millatlar islom dinini qabul qiladi. Qirim xonligi davrida esa avval nasroniylik va tangrichilik diniga eʼtiqod qilib kelgan qirimliklarning qolgan qismi ham islomga kiradi. Bunda faqat qarayimlar va qirimchaqlar yahudiylikka eʼtiqodini saqlab qoladi va yangi shakllangan qirimtatar millati tarkibiga kirmaydi. Avval nasroniy boʻlgan yaliboʻyli xalqi – genuyaliklar, venetsiyaliklar, yunonlar, gotlar va boshqa xalqlar esa islom dinini mahkam tutib, hatto Sovet davrida islomdan voz kechishmagan. Ammo ularning turmush tarzida nasroniylik elementlari koʻp uchraydi. Xususan, “xederlez” bayramining nishonlanishi bunga misol boʻla oladi.

 

Qirimtatarlarda tangrichilik elementlari, marhumni xotirlash marosimlari ham saqlangan boʻlib, ular inson vafotining 3, 7, 37, 40, 52-kunlari, yarim yillik, bir yillik xotirlash marosimlarini ham oʻtkazishadi. Eski Qirim shahrida Oʻzbekxon qurdirgan masjid saqlangan va u hozir ham ishlab turibdi.

 

 

Maishiy hayot

Qirimtatarlar togʻoldi va dengizga yaqin hududlarda dehqonchilik, choʻl hududlarida chorvachilik bilan shugʻullanishgan. Togʻoldi hududida koʻproq meva, tamaki va zigʻir, adir va tekisliklarda esa donli oʻsimliklar, sabzavot va poliz ekinlari yetishtirilgan. Dengizga yaqin joylarda baliqchilik, kemasozlik rivojlangan. Qirimliklar azaldan zigʻir tolasi, teri va junga ishlov berishda usta boʻlishgan. Choʻlda yashaydigan aholi sut va goʻsht mahsulotlari yetishtirgan. Kigizdan turli maishiy mahsulotlar tayyorlangan.

 

Choʻl aholisi oʻtovlarda, shahar aholisi xom gʻishtdan, boylari esa pishiq gʻishtdan qurilgan uylarda yashagan. Togʻliklar uylarini toshdan qurishgan. Qirimtatarlarning liboslari boshqa turkiylar liboslaridan farqlanadi. Chunki ularning kiyimlarida Yevropa va Osiyo madaniyatlari sinkretizmi koʻzga tashlanadi. Shu bilan birga, keyingi davrda qirimtatar dizaynerlarining anʼanaviy milliy uslublarni zamonaviy uslublar bilan sintezlash holatlari ham kuzatilmoqda.[16] XX asrga qadar erkaklar boshlariga qalpoq kiyishgan va koʻpincha ularning ichki qismiga islom ramzi – yarimoy tasviri tushirilgan. Yozda taqiya(doʻppi) yoki usmonlilarning qizil feskasini kiyilgan. Ustiga koʻlmek(koʻylak), soʻqma(ishton) kiyib beliga qushaq(belbogʻ) bogʻlashgan. Uning ustida ilik(yengsiz nimcha) yoki kamzul hamda chakmon boʻlgan. Qishda toʻn yoki qoʻy terisidan tikilgan poʻstin, yoki yapinja(yopinchiq) kiyishgan. Oyoqda choriq yoki yengil shippak boʻlgan, odatda. Hojilar va sufiylar orasida sariq(salla) kiyish urf boʻlgan. Qirimtatar oqsuyaklari – murzalar eng qimmat matolardan Turkiya yoki Yevropada tikilgan kiyimlarni afzal bilishgan.

 

Ayollar libosi oʻzining nafisligi va bezaklarining koʻpligi bilan ajralib turgan. Avvalo, ayollar soch turmagiga katta eʼtibor qaratishgan. Qizlar sochlarini qirq kokil qilib oʻrib orqaga tashlab qoʻygan. Turmush qurgan ayollar esa qatʼiyan sochini ikkita qilib oʻrgan va bu ularning erli ekanini bildirgan. Qirimtatar ayollari sochlarining oxiriga yomon koʻzdan asrashi uchun sach duasi(tumor) taqib yurishgan. Sochning ustida fes qalpagʻi qiyishgan. Fes qalpagʻi ustidan butun koʻkraklarini ham qoʻshib yopib turadigan bash marama[17](roʻmol) yopinishgan. Roʻmollarning yana shal(katta jun roʻmol), chember(yengil, yupqa roʻmol) va bash yavluq kabi turlari ham boʻlgan.

 

 

Ayollar ustiga uzun keten koʻlmek(ayollar koʻylagi), etagi va yengi uzun anter koʻylakni shalvar, duman deb ataladigan lozim bilan kiyishgan. Ayollarning ham ustki kiyimi toʻn(qaftan), qisqa toʻn, kamzul boʻlgan va ular erkaklarnikidan old kesimiga koʻra farqlangan hamda avrat joylarni yopib turishiga ham eʼtibor qaratilgan. Ustki kiyim ustidan kokyuslik(koʻkrakpesh) taqilgan. Koʻkrakpeshlar juda serhasham qilib bezatilgan. Beliga qalin yipshi qushaq(enli belbogʻ) taqishgan. Ayollarning qisqa poʻstini jubba deb nomlangan. Ular koʻchaga chiqqanda albatta fereje(paranji) yopinishgan. Ayollarning oyoq kiyimlari turlicha boʻlib, ular saxtiyon teri, oddiy teri yoki uyda kiyish uchun kigizdan ham tayyorlangan. Uy ichida koʻproq uchli papuch[18]da yurilgan. Koʻchaga koʻproq qatiri(usti teridan tayyorlangan kalishsimon oyoq kiyimi), qatildiriq(yogʻoch tufli), bayram va toʻylarda ayaqqap(tufli) kiyilgan.

 

Qirimtatar taomlari

Barcha turkiylar qatori qirimtatarlar oshxonasining ham sarasini goʻshtli va sutli taomlar tashkil qiladi[19]. Taomlari koʻproq qipchoq xalqlari isteʼmol qiladigan yemaklar boʻlib, buning isboti sifatida ularning ot goʻshtini xush koʻrishini keltirish mumkin. XV asrda Qirimga sayohat qilgan venetsiyalik Amvrosiy Kontarini ham qirimtatarlar ot goʻshti va sutini, guruchli boʻtqalarni koʻp isteʼmol qilishini aytib oʻtgan[20]. Yaliboʻyilar qoʻy, baliq goʻshtlarini, togʻliklar koʻproq qoʻy, mol, goʻshtlari, choʻl aholisi esa tuya goʻshtini ham koʻp isteʼmol qilgan[21]. Goʻsht mahsulotlari orasida koʻbete, doʻlma, quvurdaq, sarburma juda mashhur.

 

Sutli taomlarning asosini qatiq, yogʻurt, boʻza, qimiz, shirguruch va boshqa sutli taomlar tashkil qiladi. Qirimtatarlarda pilov[22]ning ham qirim varianti bor. Qirim palovi dastlab sabzi solinmasdan tayyorlangan. Ammo, hozirgi kunda sabzi, yasmiq, bulgʻor qalampiri va boshqa qoʻshimchalar bilan tayyorlangan palovlar ham uchraydi.

 

Ornamentlar

 

Qirim oʻziga xos geografik hudud boʻlib, uning sanʼatida juda koʻplab madaniyatlarning elementlari uchraydi. Shuning uchun qirimtatarlarning ornamentlari juda murakkab tuzilgan naqshlardan tashkil topgan. Unda etnik, diniy yoki geografik xususiyatlar, oilaviy qadriyatlar, milliy urf-odatlar, moziy, madaniyat yaratgan turli elatlarning unsurlari qorishib ketgan. Qirimtatar kashtalarida oʻgʻuz yulduzi yaʼni sakkiz burchak koʻp uchraydi. Ularni alohida, gullar, geometrik shakllar ichida yoki kompozitsiyalarning markaziy qismida koʻrish mumkin. Shu bilan birga ayrim kashtalarda dovud yulduzi yaʼni oltiburchakni ham koʻrish mumkin.

 

 

Qirimtatar bezaklarida bodom(boʻyi yetgan qiz), atirgul(ayolllik), anor(koʻpbolalik), lola(yoshlik) kabi oʻsimlik motivli, qoʻchqor muyuz, zuluk, qoʻyanqulaq, qisqichbaqa, baliq kabi zoomorf, ichiga nuqta joylangan romb(kindik), sakkiz qirra, oltiqirra, uchburchak kabi geometrik motivlar, egri tol(agridal), uzum yaproq(yuzyum yaprak) kabi kompozitsiyalar ustunlik qiladi.

Maqolaning 2-qismida qirimtatar tili va adabiyoti, folklori, oʻzbek qirimtatarlari haqida hikoya qilamiz.

 

Anvar BOʻRONOV,

Filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori


[1] http://www.tataroved.ru/publication/npop/7/#_ednref1

[2] Xayruddinov M. A. K voprosu ob etnogeneze krыmskix tatar/M. A. Xayruddinov // Uchenыye zapiski Krыmskogo gosudarstvennogo industrialno-pedagogicheskogo instituta. Vыpusk 2. – Simferopol, 2001.

[3] Duval, P. (Pierre). Le monde ou La géographie universelle : contenant les descriptions, les cartes, et le blason, des principaux païs du monde. 1676 g.

[4] Gayvoronskiy A. Sozvezdiye Gerayev. — Simferopol: DOLYA, 2003.

[5] Zaysev I. V. Proisxojdeniye dinastiynogo imeni Gerayev // Istoriya krыmskix tatar. — Kazan: Institut istorii im. Sh. Mardjani AN RT, 2021. — T. III: Krыmskoye xanstvo (XV—XVIII vv.). — S. 151—156.

[6] Fasmer Maks. Etimologicheskiy slovar russkogo yazыka. T. 1 (A-D). Moskva: Izd.: Progress. 1986. – 403 str.

[7] Gotlar (got. 𐌲𐌿𐍄𐌸𐌹𐌿𐌳𐌰,, Gutþiuda, lot. Gothi, Gonthi,.-yunon. Γότθοι (Gotthoi), Γόθοι)[1] — qadimgi german qabilalari ittifoqi. Got tilida soʻzalshadigan sharqiy german qabilalari vakillari.

[8] Vinogradov A. Yu., Korobov M. I. Gotskiye graffiti iz Mangupskoy baziliki.Arxivnaya kopiya ot 9-iyulya 2021 na Wayback Machine // Sredniye veka. 2015. T. 76. № 3—4. S. 57—75

[9] Stepanova N. G. Krыm mnogonatsionalnыy. — Tavriya, 1988. — S. 20. — 143 s.

[10] Terebinskaya-Shenger N. V. Krыmskiye tatarы: antropologicheskiy ocherk. // Russkiy antropologicheskiy jurnal. — T. 17. — 1928. — Vыp. 1—2.

[11] Vilyams B. G., Sheyxumerov A. A. Etnogenez krыmskix tatar v epoxu Krыmskogo xanstva. Subetnosы krыmskotatarskogo naroda // Istoriya krыmskix tatar v pyati tomax (Tom III) — Kazan: Institut istorii im. Sh. Mardjani AN RT, 2021. — T. 3. — 1024 s.

[12] Sevortyan E. V. Krыmskotatarskiy yazыk. // Yazыki narodov SSSR. — T. 2 (Tyurkskiye yazыki). — M., 1966. — S. 234—259.

[13] Lashkov Fedor Fedorovich. Shagin-Girey, posledniy Krыmskiy xan. — Kiyev : tip. A. Davidenko, arend. L. Shtamom, 1886. str. 67-69

[14] Vodarskiy Ya. Ye., Yeliseyeva O. I., Kabuzan V. M. Naseleniye Krыma v konse XVIII — konse XX vekov (Chislennost, razmeщyeniye, etnicheskiy sostav). M., 2003.

[15]https://web.archive.org/web/20200622020756/http://kirimtatar.com/index.php?option=com_content&task=view&id=77

[16] Kadыrova A.Ya. Sintez traditsiy i sovremennosti v krыmskotatarskom kostyume. Jurnal Tavricheskiy nauchnыy obozrevatel. №11(16). 2016

[17] Marama – turkiy “oʻrama” soʻzining boshqacha shakli boʻlishi mumkin.

[18] Oʻzbek qipchoqlarida “papish” varianti bor.

[19] Ibadlayev R. Krыmskotatarskaya kuxnya. Originalnыye retseptы Ibadlayeva Rustema.. — Simferopol: GAU RK “Mediatsentr im. I. Gasprinskogo”, 2019. — 220 s.

[20] Gulnara Abdulayeva. Etiket pitaniya krыmskix tatar v xanskiy period // “Avdet”. — 2012. — 24-sentyabr.

[21] Martinus Bronovius de Biezdzfedea. Tartariae descrpitio... cum tabula geographica eiusdem Chersonesus Tauricae, dedykowane Stefanowi Batoremu, dat. 1 stycznia 1579, wydane z broszurami innych autorów. — Köln: drukarnia Officina Birckmannica, 1595.

[22] Qirimtatarlar oʻzlari palovni pilav shaklida talaffuz qilishadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 06.05.2025 0 118
Dunyoga taʼsir oʻtkazgan siyosiy esselar

Tarix

16:05 / 05.05.2025 0 662
Yassichamandagi ikki turkiy toʻqnashuvi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//