
San’at asarlari, janrlari asosan ma’lum bir bosimlar natijasida paydo boʻladi. Dunyoni katta tezlikda, yangicha toʻlqini bilan bosib olgan jaz ham dastlab ana shunday qismat bilan tugʻilgan edi. Jazni qayerda eshitmang, uni soʻz bilan ta’riflashdan koʻra, ritmidan tanib olish osonroqdir. Quloqlarga esh boʻlgan ana shunday oʻzgacha janr bu. Bilasiz, jangda eng soʻnggi kuch va qurol gʻalaba uchun asrab turiladi. “Pianinochi haqida afsona” filmini eslang; unda bosh qahramon bilan ijro mahoratida bahslashgan qora tanli pianistning soʻnggi daqiqalarda qoʻllagan quroli – jaz edi. Bu misolni bejizga keltirmadim.
“Qullar qoʻshigʻi” qachon ozod boʻldi?
Jaz (inglizcha: jazz) – professional musiqa turi, zamonaviy ommabop, estrada musiqasining asosiy uslubiy manbalaridan biri. Uning oʻziga xosligi shundaki, qat’iy shakl-u shamoyilga ega emas va qoliplardan deyarli tashqarida. Jaz koʻpritmliligi (ritmik erkinlik) va badihagoʻyligi bilan xarakterlidir. Shuning uchun ham u tez ommalashgan edi. Unga ta’rif berishda mashhur jaz namoyandalari ham turlicha yondashadilar, sababini esa yuqorida ta’kidlab oʻtdik.
Jazz vatani – AQShning janubi, xususan, Yangi Orlean shahri hisoblanadi. Ushbu uslub XIX asr oxiri XX asr boshlarida Afrika va Yevropa madaniyatlari ta’sirida shakllangan. Paxta plantatsiyalarida ishlash uchun Afrikadan Amerikaga olib kelingan ruhoniy qullar diniy matnlarni qarsak chalish va oyoqlarida ritm hosil qilish bilan kuylashadi hamda qavmdoshlarini ham shu yoʻsinda ergashtiradilar. Afrika etno-musiqasi murakkab poliritmlari va “barabanlar xori” bilan xarakterlanardi. Ammo qullar oʻzlari bilan Yangi Dunyoga hech qanday musiqa asboblarini olib keta olmagan edilar. Shu sababdan ular hayajonga yoʻgʻrilgan intonatsiya va tabiiy ritmlarni hosil qilishda qarsak va oyoqdan foydalandilar. San’at turlarining sinkretizmi musiqa ijodining tabiatiga ta’sir qiladi – u mustaqil harakat qilmaydi, balki raqs, plastika, ibodat va qiroat bilan uygʻunlashadi. Oʻz navbatida, Yevropa musiqasi bu sintezga katta hissa qoʻshdi: yetakchi ovozli melodik konstruksiyalar, lad standartlari, garmonik imkoniyatlar va boshqalarni misol keltirishimiz mumkin. Umuman olganda, afrikancha emotsionallik va intuitiv tamoyillar Yevropa ratsionalizmi bilan toʻqnashdi.
Yangi janr sifatida jaz Yangi Orlean koʻchalarida keng yoyila boshladi. Improvizatsiya qilingan musiqa yakkaxon, masalan, pianinoda yoki saksafonda, keyinchalik kichik ansambllarda (guruh cholgʻu asboblari joʻrligida) ijro etilgan. Dastlab, ana shu ansambl qatnashchilari yaratgan va oʻzlari ijro etgan asarlar jaz yoki “jazband” deb atalgan.
Musiqiy improvizatsiya jazning barcha turlarida mavjud bо‘lgan asosiy xususiyatlardan biridir. Ijrochilar о‘z-о‘zidan musiqa yaratadilar – hech qachon oldindan о‘ylamaydilar va mashq qilmaydilar. Jaz improvizatsiya, tajriba hamda alohida mahorat talab qiladi. Musiqa rivoji va muvafaqqiyati faqat musiqachining ijro vaqtidagi ishtiyoqiga bogʻliq. Zotan, uni ijro etgan har bir ijrochi oʻz asarini yaratadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu turdagi musiqa yaratish Afrika xalqlaridan jazga о‘tgan. Afrikaliklar notalar va repetitsiya haqida hech qanday tasavvurga ega bо‘lmagani uchun bir-biriga faqat uning ohangini va mavzusini yodlash orqali uzatishgan. Bunda har bir yangi musiqachi allaqachon bir xil musiqani yangi usulda ijro etishi mumkin edi. Jaz uslubining ikkinchi muhim xususiyati ritmdir. Chunki doimiy pulsatsiya musiqaga jonlilik, о‘yin zavqi – joʻshqinlik baxsh etadi. Yevropa madaniyatidan jaz musiqaning ohangdorligini meros qilib oldi. Ritm va improvizatsiyaning yumshoq musiqa bilan uygʻunligi jazni gʻayrioddiy tovushlar bilan boyitdi.
“Jazz” jargon soʻzmi yoki purma’no atama?
Musiqiy ijrochilikning yangi uslubi dastlab “Jass” deb, keyin esa “Jasz” tarzida yoziladi, 1918-yildan boshlabgina о‘zining hozirgi “Jazz” kо‘rinishiga ega bо‘ldi. Shunisi ajablanarliki, ilk bor tan olingan jaz musiqachilari oq tanlilar edi. 1917-yilning 26-fevralida “Viktor” firmasining Nyu-Yorkdagi studiyasida Yangi Orleanlik beshta oq tanli musiqachisi о‘zlarining birinchi jaz grammaplastinkasini yozadilar. Ushbu audio-yozuv paydo bо‘lguniga qadar jaz musiqa folklori bо‘lib qolavergan.
“Jazz” soʻzi birinchi marta 1912-yil 2-aprelda “Los Angeles Times” gazetasi musiqiy kontekstida emas, balki beysbol harakati tavsifida paydo boʻldi. 1913-yil 5-aprelda “Scoop” gazetasida ushbu atamaning kelib chiqishi haqida turli xil farazlardan iborat maqola chop etildi.
Musiqashunoslar “Jazz” soʻzining kelib chiqishi haqida koʻplab nazariyalarni ilgari surdilar. Ular orasida hatto “jazz” – afro-amerikancha jargondan kelib chiqqan degan taxminlar ham bor edi. Shunday qilib, eng mashhur va ishonarli gipotezalarga koʻra, u fransuzcha “jaser” – “suhbatlashish”, arabcha “jazib” – “jalb etish” soʻzlariga, shuningdek, afrika xalqlarining zarbli cholgʻusi “jayza barabanlari” nomiga koʻra asoslanadi.
Erkin jazning birinchi ijrochilari musiqa yaratishda mutlaqo erkin bо‘lish maqsadida ritmdan butunlay voz kechdilar. Shu sababli jazdagi yangi yо‘nalish uzoq vaqt davomida tan olinmadi. Ritm zarbli cholgʻular bilan ta’minlandi. Tarixiy jihatdan jaz oltita asosiy manbadan asl nusxada olingan sintezdir. Bularga quyidagilar kiradi:
1. Gʻarbiy Afrika ritmlari;
2. Mehnat qoʻshiqlari (dala hayqiriqlari);
3. Diniy qoʻshiqlar;
4. Dunyoviy qoʻshiqlar (blyuzlar);
5. Oʻtgan asrlardagi Shimoliy Amerika xalq musiqasi;
6. Koʻcha cholgʻu asboblari musiqasi.
Hozirda zamonaviy jazning tarmoqlari juda koʻp. Ularning tub negizida turuvchi asosiy qatlamlarni keltirib oʻtamiz. Balki taqqoslab, eshitib koʻrarsiz:
An’anaviy jaz. An’anaviy jaz XX asr boshlarida juda mashhur boʻlgan koʻcha orkestrlari musiqasidan paydo boʻlgan. Davrning eng muhim – 9–15 kishilik kichik jaz ansamllarining paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Bu yoʻnalishning eng yorqin vakili va asoschisi bu – Lui Armstrong. An’anaviy jaz guruhi banjo sozining barqaror, trubaning yetakchi pozitsiyasi va klarnetning yorqin ishtiroki bilan ajralib turadi. Keyinchalik bu cholgʻularning oxirgi ikkitasi asosiy oʻrinni saksafonga boʻshatib beradi. “Qul qoʻshiqlari”ning ba’zilari keyinchalik jaz xitiga aylandi, masalan, Lui Armstrong tomonidan ijro etilgan mashhur “Go Down Moses”. 1900-yildan e’tiboran sayr kemalarida Yangi Orlean orkestrlari chiqishlar qila boshladilarki, ularning musiqasi yо‘lovchilar uchun yoqimli kо‘ngilochar shouga aylanib qoladi. Shunday orkestrlarning birida Lui Armstrongning bо‘lajak rafiqasi, birinchi jaz pianinochisi Lil Xardin о‘z faoliyatini boshlagan.
Swing (belanchak uslub). 1930-yillarning boshlariga kelib “swing” paydo boʻldi va tez ommalashdi. U 30–40-yillar katta guruhlar (katta orkestrlar) davrini aks ettirdi. Swing boʻlimlarga aniqroq boʻlinish bilan tavsiflanadi. Ya’ni, mis cholgʻu asboblari – trubalar, trombonlar va saksafonlarning joʻrnavozligida xarakterli ritmik naqshni ifodalaydi. Masalan, 4 sanoqli oʻlchov tizimida ritm boʻlinishi ikkinchi va toʻrtinchi sanoqqa zarba tushirib, oʻziga xos belanchak harakatini yaratadi. Swingda oʻsha davrning eng mashhur guruhlari Benni Gudman, Glenn Miller va Dyuk Ellington boshchiligidagi orkestrlar edi.
Bop. 40-yillarning oʻrtalarida jazning bebop subjanri rivojlandi. U jazni “raqs uchun musiqa”dan “musiqachilar uchun musiqa”ga aylantirib, inqilob qildi. Tez temp va murakkab improvizatsiyalar bebop shioridir.
Hard bop. Hard bop oddiy bopdan ekspressiv ritmlari va blyuzga tayanishi bilan farq qiladi. Ushbu yoʻnalishni zamonaviy jaz deb tasniflash mumkin.
Soul jaz. Soul jaz koʻproq lirik uslubdir. U bejiz soul jaz deb aytilmagan – bu musiqa haqiqatan qalb va ruh tarjimoniga oʻxshaydi. Ushbu tendentsiya 1950-yillarning oxirida paydo boʻldi va bir necha oʻn yillar davomida mashhur boʻlib qoldi. U blyuz va afro-amerikalik folklor an’analariga tayanishi bilan ajralib turadi. Soul jazdagi eng muhim shaxslardan biri Areta Franklindir.
Oʻzbekistonda jaz
Oʻzbekistonda jaz musiqasi 1940-yillarning 2-yarmida yuzaga kela boshlagan. Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Andijon kabi shaharlarning kinoteatr, madaniyat saroyi, shahar bogʻlarida D.Sokolov, A.Pozdnyakov, M.Azatyan va boshqalar rahbarligida tashkil topgan musiqa ansambllari jaz va estrada musiqasi namunalarini ijro etgan. 1958-yilda Oʻzbekiston estrada orkestri, 1963-yilda Oʻzteleradio qoshida Estradasimfonik orkestrlarning tarkib topishi jaz rivoji uchun turtki boʻlgan. Bunda ayniqsa A.Kroll, A.Malaxov, Y.Jivayev kabi dirijyorlarning hissasi salmoqli. “Namanganning olmasi” (Sh.Ramazonov), “Qiz bola” (E.Solihov) qoʻshiqlarining jaz uslubida qayta ishlangan variantlari, A.Malaxovning oʻzbek ohang va usullaridan foydalanib yozilgan “Yulduz doirasi”, “Qora koʻzlar” orkestr asarlari milliy jaz musiqasining ilk namunalaridandir.
Jaz musiqasi keyingi davrda ham taraqqiy etdi. 1968-yilda Toshkentda 1-Jaz musiqasi festivali boʻlib oʻtdi. 1977, 1978, 1984-yillari Fargʻonada jaz musiqasi xalqaro festivallari oʻtazilgan; mazkur shaharlarda jaz klublari, Buxoro, Navoiy va boshqa shaharlarda jaz guruhlari tashkil topgan. Bulardan E.Qalandarov, S.Gilyov (“Inter”), L.Otabekov (“Sato”), B.Smetanov (“Raduga”), G.Kapriyelov (“Osiyo”) rahbarligidagi guruhlar xalqaro jaz festivali va estrada tanlovlarida sovrinli о‘rinlarga ega boʻldilar. Hozirda jaz musiqasi ijrochilaridan “Oʻzbeknavo” qoshidagi B.Zokirov nomidagi estrada orkestri (Y.Jivayev), Toshkent davlat konservatoriyasining big bendi (jazz orkestri) (B.Murtazayev), G.Bugdanov, A.Xabirxanov rahbarligidagi guruhlar faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston jaz musiqasi namunalari “Melodiya” firmasi tomonidan gramplastinkaga yozilgan: “Sharq syuitasi” (Toshkent jaz klubi guruhi), “Efsane” (“Sato” guruhi) va boshqalar shular jumlasidandir.
Nozima HABIBULLAYEVA
musiqashunos, bastakor
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Til
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q