
Hayotimiz davomida bir marta bo‘lsa ham o‘zimizni qahramon sifatida his qilganmiz. Qiyinchiliklarga duch kelgan, ichki kurashlarni boshdan kechirgan va yakunda o‘zimizni yangidan kashf etgan vaqtlarimiz bo‘lgan. Lekin siz hech o‘ylab ko‘rganmisiz – nima uchun hamma mashhur hikoya, afsona va filmlar deyarli bir xil tuzilishga ega? Nega bizni qattiq ta’sirlantiradigan hikoyalarda qahramon hayoti sinovlar bilan to‘la sayohat motivi asosiga quriladi?
Amerikalik mifolog Josef Kempell qadimiy afsonalarni o‘rganar ekan, hayratlanarli bir kashfiyot tufayli yuqoridagi savollarga javob topdi. Unda keltirilishicha: xoh u qadimiy Misr afsonasi bo‘lsin, xoh zamonaviy Hollivud filmi, barcha qahramonlar bir xil yo‘lni bosib o‘tadi. Uning 1949-yilda yozgan “Ming yuzli qahramon” (The Hero with a Thousand Faces) kitobida “Qahramon yo‘li” andozasi birinchi bor tilga olinadi. Ushbu andoza 12 bosqichdan iborat bo‘lib, ular obrazning qahramon bo‘lishi uchun bosib o‘tishi kerak bo‘lgan yo‘llari edi.
Kempellning nazariyasini nafaqat G‘arb afsonalarida, balki o‘zbek xalq dostonlarida ham ko‘rish mumkin. Masalan, “Alpomish”da qahramonning sayohati aynan shu bosqichlardan o‘tadi. Alpomish tinch hayotidan (xavfsiz dunyo) Boysarini qutqarish uchun yo‘lga chiqadi (sarguzashtga chaqiriq), yo‘lda Qorajon kabi do‘stlar orttiradi (sinovlar, do‘stlar va dushmanlar) va nihoyat o‘z vataniga qaytib, xalqni ozod qiladi (eliksir bilan qaytish).
Bu nazariya nafaqat qadimiy afsonalar, balki zamonaviy filmlar va hikoyalarga ham asos bo‘lib xizmat qildi. “Yulduzlar jangi”, “Matritsa”, “Garri Potter” va, albatta, “Qirol sher” – bularning barchasi Kempbellning nazariyasini mukammal aks ettirgan eng yorqin namunalardir. Bugun biz yosh tanlamaydigan va ko‘pchiligimiz uchun sevimli bo‘lgan “Qirol sher” filmi orqali Kempellning “Qahramon yo‘li” nazariyasini tahlil qilamiz. Shu tariqa har bir bosqichda Simbaning qanday o‘zgarishlar bilan to‘qnash kelganini chuqurroq ko‘rib chiqamiz.
“Qirol sher”da: Simba ham xuddi shunday hayot kechirardi. Bepoyon yashil yaylovlarda quyosh nurida chopqillab yurarkan, hayot abadiy shunday davom etadi deb o‘ylardi. Uning ko‘zlaridagi qirol bo‘lish orzusi, xuddi ertalabki quyosh nuridek yorqin va tiniq edi.
2. Sarguzashtga chaqiriq
Mifologiyada: Qahramonning hayoti kutilmagan chaqiriq bilan o‘zgaradi. Bu da’vat uning tinch hayotini butunlay ag‘dar-to‘ntar qiladi. Ovoz ba’zan juda sekin, ammo ba’zan momaqaldiroqdek yangraydi.
“Qirol sher”da: Simba uchun bu ovoz amakisi Skarning so‘zlari orqali ifodalanadi. “Fil suyaklari vodiysi? U yerga faqat eng jasur sherlar boradi”, deydi Skar, Simbaning g‘o‘rgina g‘ururini qitiqlab. Menimcha, har birimizda shunday Skar – bizni xavfli yo‘llarga boshlashga harakat qiluvchi ichki ovoz bor.
3. Chaqiriqni rad etish
Mifologiyada: Qahramon, garchi sarguzashtga qiziqsa-da, qo‘rquv va shubha tufayli dastlab da’vatni rad etishi mumkin.
“Qirol sher”da: Chiyabo‘rilar hujumidan so‘ng Mufasa oldida xatosini tan olgan Simba pushaymon bo‘ladi. U ko‘r-ko‘rona jasorat ko‘rsatishdan voz kechadi – bu uning chaqiriqni rad etishining belgisi edi.
4. Ustoz bilan uchrashuv
Mifologiyada: Qahramonga yo‘l ko‘rsatadigan, bilim va kuch beradigan ustoz paydo bo‘ladi.
“Qirol sher”da: “Jasurlik qo‘rquvning yo‘qligi emas, balki qo‘rquvni yenga olishdir”, – deydi Mufasa o‘g‘liga. Bu so‘zlar Simbaning qalbiga muhrlanadi va kelgusi sinovlarda unga mayoq bo‘lib xizmat qiladi.
5. Chegarani kesib o‘tish
Mifologiyada: Qahramon osoyishta dunyosini tark etib, noma’lum, xavfli olamga qadam qo‘yadi.
“Qirol sher”da: Mufasaning fojeali o‘limi va Skarning makkorona ayblovi Simbani vatanini tark etishga majbur qiladi. Sahroda tanho qolgan shervachcha hayotning shafqatsiz haqiqati bilan yuzma-yuz keladi.
6. Sinovlar, do‘stlar va dushmanlar
Mifologiyada: Qahramon yangi dunyoda ko‘plab sinovlar bilan to‘qnashadi, do‘stlar orttiradi va dushmanlar bilan kurashadi.
“Qirol Sher”da: Timon va Pumba Simbaga “Akuna Matata” – “g‘am-tashvishsiz hayot” falsafasini o‘rgatadi. Ikkisi unga yangi hayot beradi, ammo ularning “qayg‘usiz yashash” falsafasi Simbani taqdiridan ma’lum vaqt qochishiga sabab bo‘ladi.
7. Ichki g‘orga yaqinlashuv
Mifologiyada: Qahramon o‘z qo‘rquvlari va shubhalari bilan yuzlashish uchun ichki dunyosiga sayohat qiladi.
“Qirol sher”da: Nala bilan kutilmagan uchrashuv Simbaning qalbidagi eski yaralarni yangilaydi. “Sen haqiqiy o‘zing bo‘lishdan qochyapsan”, deydi Nala. Bu so‘zlar Simbani ichki dunyosiga qarashga majbur qiladi.
8. Hal qiluvchi sinov
Mifologiyada: Qahramon eng qiyin sinovni boshdan kechiradi va ruhan qayta tirilishni boshdan o‘tkazadi.
“Qirol sher”da: Yulduzlar orasida paydo bo‘lgan otasining ruhi “Sen – mensan”, deya o‘g‘lini o‘z taqdirini qabul qilishga undaydi. Bu ruhiy uyg‘onish lahzasi Simbani yangitdan tug‘ilganday his qilishga olib keladi.
9. Mukofot
Mifologiyada: Sinov g‘alaba bilan yakunlanib, qahramon kuch va donishmandlik bilan mukofotlanadi.
“Qirol sher”da: Endi Simba o‘zining kimligi, qanday kuchga egaligi va qanday vazifani bajarishi kerakligini aniq biladi. Uning ichki shubhalari yo‘qoladi va u o‘z taqdirini qabul qiladi.
10. Qaytish yo‘li
Mifologiyada: Qahramon uyiga qaytadi, ammo hali yakuniy sinov oldinda.
“Qirol sher”da: Simba uyiga qaytish uchun yo‘lga chiqadi. Endi uning qalbida qat’iyat va maqsad bor, lekin uni hali Skar bilan yakuni noma’lum jang kutib turibdi.
11. Qayta tug‘ilish
Mifologiyada: Yakuniy jangda qahramon o‘lim bilan yuzlashadi va g‘alaba qozonib, butunlay yangilangan inson bo‘lib qaytadi.
“Qirol sher”da: “Men Mufasani o‘ldirdim”, deb tan oladi Skar. Bu so‘zlar Simbaning qalbidagi cheksiz g‘azabni uyg‘otadi. Og‘ir jangdan so‘ng u g‘olib chiqadi va Ajdodlar qoyasidagi kuchli na’rasi bilan yangi davrning boshlanishini bildiradi.
12. Eliksir bilan qaytish
Mifologiyada: Qahramon o‘z olamiga donishmandlik va yangi kuchlar bilan qaytadi, atrofidagilarning hayotini yaxshilaydi.
“Qirol sher”da: Simba tabiatning muvozanatini tiklaydi – yomg‘ir yog‘adi, o‘simliklar qayta ko‘karadi. Nala yangi avlod – kelajak qirolini dunyoga keltiradi va hayot doirasi o‘z davomini topadi.
Agar siz kino ishqibozi bo‘lsangiz, Kempell nazariyasini bilish sizga har qanday filmni chuqurroq tushunish imkonini beradi. Agar siz yozuvchi yoki rejissor bo‘lsangiz, bu nazariya asaringizga yangicha jon bag‘ishlashi mumkin.
Albatta, zamonaviy hikoya va filmlarda ba’zan an’anaviy qahramon yo‘li qolipidan chetga chiqishlar ham kuzatiladi. Masalan, ba’zi qahramonlar “ustoz bilan uchrashuv” bosqichini o‘tkazib yuboradilar (“Mad Max: Fury Road” filmidagi Maks kabi). Boshqa filmlarda esa “sinovlar” bosqichi kutilmagan tarzda rivojlanishi mumkin – “Joker” filmida Arturning aksariyat sinovlardan mag‘lub bo‘lishi bunga misol. Ba’zi asarlarda qahramon “chaqiriqni rad etish” bosqichini butunlay o‘tkazib yuboradi, masalan “Jon Uik” filmlar seriyasida bosh qahramon hech ikkilanmay darhol harakatga o‘tadi. Bunday o‘zgarishlar bizga hayotda doim ham qat’iy qoliplarga bog‘lanib qolmaslik kerakligini ko‘rsatadi, zero har bir inson betakror hayot yo‘liga ega.
Lekin nazariyaning eng muhim jihati – uning hayotimizda ham namoyon bo‘lishidir. Har birimiz taqdirimizning qahramoni bo‘lib, sinovlar girdobidan o‘tib, o‘zimizni qayta kashf etishimiz va hayotning achchiq-chuchugini totib, yangilangan inson sifatida yo‘limizda davom etishimiz mumkin – faqat qismatimizda qahramon bo‘lishni boshlasak bas.
So‘ngso‘z o‘rnida, “Akuna Matata” falsafasini emas, balki Kempellning so‘zlarini keltiramiz: “Kirishga qo‘rqayotgan g‘oringiz – siz butun umr izlab yurgan bebaho xazinani o‘z bag‘rida saqlab kelgan bo‘ladi”. Zero, ichki qo‘rquvlarimizni yengish bu – haqiqiy qahramon yo‘lining boshlang‘ich nuqtasidir. Ichimizga boqishga jur’at etsak, o‘zligimiz xazinasini topamiz va chinakam qahramonlik hikoyamiz shundan boshlanadi.
Samandar ERKINJONOV
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q