
Ma’naviyat
O‘zbek va turk tillarini o‘zaro qiyoslashda davom etamiz. Turkiyaliklar lisonida bizdagidan ko‘ra aslicha saqlangan so‘zlar ko‘pdek nazarimda. Bunga öğretmen va öğrenci so‘zlarini misol qilish mumkin. Ushbu kalimalar o‘zbek tiliga o‘qituvchi va o‘quvchi deya tarjima qilinadi. Bizdagidan farqli ravishda turklar ishlatayotgan so‘zlarning ma’nosi kengroq.
Turkiy xalqlar tarixiy so‘zlari ichida o‘g kalimasi bor. Bu leksema aqlni ifodalashda qo‘llangan. Milodiy 1069-yilda ajdodimiz Yusuf Xos Hojib tomonidan yozilgan “Qutadg‘u bilig” dostonida shunday jumlalar uchraydi:
Neki ter eshitgil O‘tukan begi,
Sinab sozlanish so‘zni yetru o‘gi.
(Bek xalqni bilim bilan tutib turadi,
Bilim bo‘lmasa, ishga aqli yetmaydi). [2. 53]
Bu beglik iginga o‘ti o‘g bilik,
Uqush birla emla, ey qilqi silig.
(Beklikka tekkan dardning davosi – aql bilan bilim,
Uni aql bilan emla, ey xushxulq). [2. 56]
Bu o‘glug kishilar o‘ngarur ishig,
Yiraq tutg‘u ishta bu o‘gsuz kishig.
(Aqlli kishilar ishini o‘nglaydi,
Aqlsiz kishini ishdan yiroq tutish kerak). [2. 57]
Yuqoridagi mislarlarda o‘g so‘zi aql ma’nosida kelganining guvohi bo‘ldik. Quyida keltirilayotgan misolda esa o‘g kalimasi shakldoshlik hosil qilib ham aqlga nisbatan, ham dono kishiga nisbatan qo‘llanganini ko‘rishimiz mumkin:
Ne edgu turur bu kishika o‘ga,
O‘gi bo‘lsa, o‘tru atag‘u o‘ga.
(Aql kishi uchun qanday yaxshi narsa!
Aqlli kishigina dono bo‘ladi). [2. 57]
“Qutadg‘u bilig” dostonining qahramonlaridan biri O‘gdulmishning nomi ham aql to‘lmish, aqlga to‘lgan deya tarjima qilinadi. U vazirning o‘g‘li bo‘lib asarda aql va zakovat ramzi sifatida tasvirlangan.
Demak, hozirgi turk tilidagi öğretmen so‘zi aql beruvchi, donolikka o‘rgatuvchi mazmunidan kelib chiqqan. So‘zdagi g tovushi dastlab o‘g‘uz qabilalari tilida g‘ tovushiga o‘zgargan. Keyinchali usmoniy turklar lisonida qattiq undoshlarning yumshashi sodir bo‘lgan. Shu sababli hozirda Onado‘li turklari bu so‘zni o‘yretmen deya talaffuz qilishadi. Bu so‘zning asosi esa öğretmek – bilim bermoqdir.
Darvoqe, o‘rgatmoq so‘zi bizning tilimida ham mavjud. Biroq u metateza hodisasi sababli o‘zining o‘gratmoq asliy shaklini yo‘qotgan. Turklar ishlatayotgan öğretmen aynan o‘rgatuvchidir. Uning asil izohi aql o‘rgatuvchi degani. Shu o‘rinda qiziq holatga duch kelamiz. Modomiki, o‘gning o‘zi aql ekan, o‘rgatuvchi aql o‘rgatuvchi bo‘lsa, demak so‘zlar qayta takrorlanib qolyapti. Bu xuddi forscha omad (keldi) so‘zini omad keldi deya ishlatayotganimiz singari. O‘zbekiston qahramoni, atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobida omad keldi deyish bu xuddi keldi-keldi deya qayta aytish, degan mazmunda izohlangan.
Endi shu so‘zning o‘zbek tilida saqlanib qolgan variantlari bilan yuzlashsak. Bizda o‘git degan ulug‘ bir kalom bor. U odatda bobolarning avlodlarga bergan pand-nasihatini ifodalaydi. Bunda o‘g so‘ziga -it qo‘shimchasi qo‘shilganini payqaymiz. Bu qo‘shimcha bilan ko‘p hollarda fe’l yasaladi yoki fe’lning orttirma nisbati hosil qilinadi. Tinch, boy kabi so‘zlardan fe’l, yur so‘zidan fe’lning orttirma nisbati hosil bo‘lgan. Bundan ko‘rinadiki, o‘gitning ma’nosini aqlli qil, aqlli et kabi mazmunda anglasak to‘g‘riroq bo‘larkan. Keyinchalik bu leksema ot so‘z turkumiga ko‘chib o‘tgan.
Bundan tashqari o‘zbek lafziga xos o‘girmoq jumlasi biror tildagi matnni tarjima qilishni anglatadi. Aql so‘ziga yaqin bo‘lgani sababli uni tushuntirmoq deya izohlaganimiz ma’qul. O‘zbekchaga o‘girmoq, bu o‘zbekchada tushunarli qilmoqdir. Oxirgi misol keltirganimiz so‘z vaqtlar o‘tib burilmoq, qayrilmoq ma’nosiga o‘zgargan bo‘lishi mumkin. So‘zlashuv uslubida o‘zbekchaga o‘girmoq emas, o‘zbekchaga ag‘darmoq ko‘rinishida ko‘proq uchraydi. Bu esa undan o‘girilmoq degan o‘zlik nisbatidagi so‘z yasalishiga olib kelgan degan fikrga asos bo‘ladi. Dastlab majhul nisbatda biror asar boshqa tilga o‘girilgan tarzida qo‘llanilib kelgan. Keyinchalik kishining ortga qayrilishi (bosh, bo‘yin, yuz qismlarining orqaga burilishi)ga nisbatan o‘girildi kalimasi muomalaga kirgan.
O‘rgatmoq kalimasi metateza hodisasi sabab o‘zgargan ekan, demak, o‘rgilmoq so‘zining ham o‘gga aloqasi bor. Balki bu leksema o‘girilmoqdan tarmoqlanib ketgandir. Aytaylik, tushunarli bo‘lmoq qayrilmoqqa o‘zgargan, qayrilmoq esa aylanmoq, parvona bo‘lmoqqa evrilgan. Biz oxirgi ishlatgan so‘zimiz evrilmoq ham “So‘z latofati” asarida o‘girilmoqdan kelib chiqqani aytiladi:
“Tilimizda o‘rgilay degan so‘z bor. Aylanay ma’nosida. Lekin aslida o‘grilay bo‘lishi kerak. Chunki orqaga qaraganda biz o‘rgilmaymiz, balki, o‘girilamiz. Xonanda-yu raqqosaga pul o‘giramiz. Ya’ni boshidan aylantirib, so‘ng do‘ppisiga qistiramiz, cho‘ntagiga solamiz, yo mashshoqlar oldiga tashlaymiz. Aylanish va o‘grilish bir mazmunli so‘zlar. Lekin o‘grilish demakka til qovushmaydi, shu bois bu so‘z bir shevada o‘rgilish, yana bir shevada o‘vrilish, evrilish bo‘lgan”. [1. 50]
Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, o‘g so‘zining tarixiy shakli va mazmuni o‘zgarib, yangicha mazmundagi so‘zlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan. O‘girilmoq tushunarlilik ma’nosida tarjima bo‘lmoqqa asos bo‘lgan. U esa o‘z navbatida ag‘darilmoq, burilmoq mazmunlarining kelib chiqishiga olib kelgan. Bu ikki jumladan esa qayrilmoq, aylanmoq kabi yangicha ma’noli o‘girilmoq, o‘rgilmoq so‘zlari hosil bo‘lgan.
Anvar ESHNAZAROV
Foto: Abdumannon Muhammad
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Erkin Vohidov “So‘z latofati”. “O‘zbekiston” NMIU, Toshkent–2014.
2. S.Olim, S.Ahmedov, R.Qo‘chqorov Adabiyot birinchi qism. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-sinf uchun darslik-majmua. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent–2014.
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q