
Ma’naviyat
O‘tgan asrning 90-yillari o‘zbek she’riyatida mustaqillik yo‘lida o‘z-o‘zini safarbar etgan avlodning kurashlari bilan eslanadi. Bu avlod orasida bir nom borki, uni bugun kitobxonlar ma’rifiy mavzulardagi ijodi bilan tilga oladi. Bu eslov uning lirikasini, bo‘lganda ham jangovar lirikasini biroz soyada qoldirgandek. Mirzo Kenjabek – ijodi ana shunday keskin burilishlarga, sokinlig-u suronlarga, kurashlar, yengilishlar va Haqqa taslim bo‘lishlarga boy adib...
“Razil qahqahaga boqa oldim tik...”
Mirzo Kenjabek she’riyatini uch alohida yo‘nalishga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq. Bular: lirik she’riyat, ijtimoiy she’riyat va ma’rifiy she’riyat. Biz shoirning doim ham e’tibor berilavermaydigan, ayniqsa bugungi avlod o‘quvchilari uchun sirli bo‘lgan ijtimoiy she’riyati haqida so‘z yuritamiz.
Mirzo Kenjabekning ijodida shunday bir lirik qahramon bor – u doim kurashda: askar, og‘a, ini, o‘g‘il, shoir, inson sifatida mudom jangga yo‘l olaveradi. Ana shu qahramonning badiiy qiyofasi bugungi adabiyot uchun zarur. Xo‘sh, u nimani qoyillatganki, yarim asr ortga qaytib, uni 2025-yilga olib kelishga jazm qildik (Bu savolga maqola oxirida javob topasiz)?
Haqiqat va badiiyat adabiyotning asosi bo‘lib kelgan. U hayot haqiqatini badiiyat libosida insonlarga taqdim etadi. Shunday davrlar bo‘ladiki, millat haqiqatga ko‘proq muhtojlik sezadi. Haqiqat bo‘g‘ilayotgan chog‘larda odamlar uni adabiyotdan izlay boshlaydi. Shunda ijod kurash maydoniga, ijodkor jangchiga aylanadi.
Xalqimizning o‘ktam shoiri Shavkat Rahmonning:
“Men jangchi emasdim, men shoir edim,
Nihoyat, shoirdan ko‘ra zobitman”,
degan satrlarida shunga ishora bor.
Ustoz shoir Mirzo Kenjabek esa ijodining bu davriga “qurbonlikka so‘ydim iste’dodimni” deb baho beradi. Uning bu ahdini tushungich zamonlar kelishiga umid qiladi. Kurash millat erki, hurligi, insonlarning haq-huquqlari uchun, zulmga “bas” deyish uchun bo‘lsa, o‘zini millat taqdiriga mas’ul deb bilgan har bir uyg‘oq ziyoli bu yo‘lda iste’dodini ham qurbon qilishga tayyor kurashchiga aylanadi.
Bu kurashlar ham xuddi asarlar kabi tarixda qolishi shubhasiz. Zero, muallif bir she’rida: “Derlar: “Kurash qolar”. Jang ham qolgusi”, deya ishonchini yashirmaydi. Shoir biladiki, kelgusi avlodlarda bu kurashlar haqida ko‘p savollar tug‘iladi. Shunda muallif o‘z avlodining bu qurbonligini:
Bolam, men zolimlar dunyosi ichra
Razil qahqahaga boqa oldim tik...
– deya izohlaydi.
Otilmagan o‘q
XX asrning 80-yillari... Mustamlaka tuzumi hali qonli qamchisini o‘ynatib turgan bir davr. Millatning boshiga “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” kabi balolar hali kelib ulgurmagan bo‘lsa-da, bir shoir yigit yuragi bilan bu qattol zulmning keyingi darajasini sezib turar edi. Bu uning Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan Ulash boboga xat tarzida bitilgan “O‘q” she’rida ayon bo‘ladi:
Ishongil,
Yolg‘iz sen emassan, otam,
Vujuddagi o‘qdan qiynalib tolgan.
Ishongil,
Jismimda o‘q bor mening ham –
Ko‘krak qafasimni larzaga solgan...
She’r kompozitsiyasi shundayki, muallif lirik qahramon “jismidagi o‘q” va Ulash boboning oyog‘ida qolib ketgan o‘q bilan bog‘liq tafsilotlarni parallel berib boradi: biri tinch zamonning notinch sharpasi bo‘lsa, boshqasi 40-yillarning qirg‘inlarini eslatib turadi; biri aeroport nazoratidan o‘tayotganda magnit uskunalar ovozidan seskanib ketsa, bunisining butun umri ana shunday og‘riqda o‘tadi; biri tunlarda jang maydonidagi dahshatlarni eslab uyqusiz bo‘lsa, boshqasi pul, aldov va xiyonat kabi bugungi dushmanlarini ko‘zlab tong ottiradi. She’rda lirik qahramon o‘zining dardini Ulash boboning og‘riqlari bilan taqqoslar ekan, bunda faqat bitta farqni ta’kidlaydi. Bu farq esa she’rning kulminatsiyasi va finalini belgilab beradi. Agar buni ilmiy til bilan izohlash zarur bo‘lsa, butun she’r tanosub san’ati asosida (o‘zaro mutanosib jihatlar ta’kidi) bilan qurilgan-u, oxirgi ikki misra tazod (qarama-qarshilik)ga aylanmoqda:
Ikkimiz ham shundoq bezovta, bedor,
Senda ham, menda ham tunlar orom yo‘q:
Sening vujudingda otilgan o‘q bor,
Mening vujudimda – otilajak o‘q!..
Xo‘sh, bu o‘q qachon otiladi?! Qachon shoir o‘z ijodiy ambitsiyalarini namoyon qiladi?! “O‘q” she’ri 1980-yilda yozilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay o‘zbek she’riyatida oshkoralik shamollari esa boshlaydi. Barcha shoirlar birvarakayiga ijtimoiy haqiqatlarni qalamga ola boshladi. Bu davrda Mirzo Kenjabek she’riyatida o‘sha 80-yilda aytilgan o‘qning otiladigan davri bo‘ldi deya olamiz. Shoirning Mustaqillik davriga qadar yozilgan she’rlari uning ijodida alohida davr bo‘lib qoldi. Adabiyotga muhabbat va samimiy tuyg‘ular kuychisi bo‘lib kirib kelgan shoir o‘z ijodiy rakursini o‘zgartirdi. Bu jarayon ongli ravishda qilinganini shoirning she’rlaridan anglash mumkin.
“Qurbonlikka so‘ydim iste’dodimni...”
“Ijtimoiy dard” she’ri o‘sha davr haqidagi shoirning iqrorlaridir. Tengdoshlari go‘zal she’rlar bilan muxlislar qalbidan joy talashib yurgan bir pallada Mirzo Kenjabek “Men esa kurashchan nutqlar bilan, maqolalar bilan bo‘ldim andarmon” deb yozadi. Lekin bu afsus emas. Bu – sharh. Shoir nega bunday qilish kerakligini, o‘zi tayangan haqiqatni o‘quvchiga sharhlaydi.
Jamiki shoir zoti boshida shunday kun borki, butun yozganlari aslida hech narsaga arzimasdek ko‘rina boshlaydi. Bu davrda shoir o‘z ijodini qayta sintez qilayotgan, “mening yozganlarim nimani o‘zgartiradi?”, “she’r yozmasam bu dunyoda nima o‘zgaradi?”, “men umrimni sarflayotgan ijodim kimga kerak?” degan savollarga javob izlayotgan bo‘ladi. O‘sha paytda Cho‘lpon “O‘zimni topshirdim muhitning erkiga” deb yozadi, Rauf Parfi “sindirdim sinmas sozimni” deydi, Abdulla Orif “Nimanidir axtaraman she’rdan ham ulug‘” deya iztirobga tushadi, Shavkat Rahmon “Bir yaproq qolmabdir shivirlaydurg‘on” deb afsus chekadi. “Ijtimoiy dard” she’ri Mirzo Kenjabek ijodidagi ana shunday davrning izohidir.
Kelgaydir meni ham tushungich zamon:
Yellarga sovurdim qonli dodimni,
Istiqboling uchun, yurtim, onajon,
Qurbonlikka so‘ydim iste’dodimni!
Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoilni Haq yo‘liga qurbonlik qilganidek, shoir ham o‘z iste’dodini millat ertasi uchun fido qilishga jazm qiladi. Bundan esa shoirning iste’dodi yana bir karra yorqinlikka erishadi.
Butkul sabil qolsin mening ijodim,
Faqat ozod bo‘lsin shu xalq, shu Vatan!..
– deya yozilgan palladan boshlab Mirzo Kenjabek she’riyatida millat mavzusi birinchi darajaga chiqqan edi. Shundan so‘ng yozilgan barcha she’rlarda bu konsepsiya o‘zgarmas ko‘rinishga keldi.
Bu davrda barcha shoirlar ijtimoiylikka yuz burgani haqida aytdik. Lekin bu kurashlardan chetda turganlar ham yo‘q emas edi. Ular “men ijodim bilan kurashaman”, “mendan ijod qoladi” degan tamoyilga tayangan edilar. Ular orasida “Mirzo qolib ketdi” deya malomat qilguvchilar ham uchrar edi. Ana shunday millatning fojialari qarshisida gul va bulbul haqida ash’or bitib turgan chekkagir qalamkashlarga qarata Mirzo Kenjabek achchiq istehzo bilan shunday savol beradi:
Nahotki, quyondan farqing qolmasa,
Ijod kimga qolur, xalqing qolmasa?!
Ya’ni, shoir biladiki, ularning chekkagirligiga bois ijod emas, qo‘rqoqlikdir. Qo‘rqoq odamning iste’dodi chegarasi uning jasorati chegarasi bilan o‘lchanadi. Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir. Va barcha davrlarda haqiqatni kuylayotgan iste’dod mustabidlarning eng ashaddiy dushmanidir. Mirzo Kenjabek Avaz O‘targa bag‘ishlangan “Avaz hasrati” she’rida ana shunday mustabidlarga xitob qiladi. Bu she’rda shoir:
Vatanparvar, fidoyi firqalar to bo‘lmayin paydo,
Na mumkin topmog‘i, o‘lgan taniga toza jon millat?
– deb yozgan Avaz O‘tarning chekkan jabr-u zulmining hisobini so‘raydi. Bunda lirik qahramon “men” pozitsiyasidan “u” pozitsiyasiga o‘tadi va o‘z dardini xuddi oynaga qarab so‘zlagandek bayon qiladi. Avaz O‘tar – haqparast shoirlarning umumlashma obrazi. Mirzo Kenjabek ularga muxolif bo‘lgan mustabid saltanatga qarata shunday savol qo‘yadi:
Yo Rab!..
Qanday saltanatdirsan! –
Dunyo kon-ku xatarga, sirga:
Sen dushmanga qandoq chidarsan,
Chidolmasang bitta shoirga?!
“Shoirga chidash” – haqiqatga chidash. Haqiqatga dosh bera olmaganlar yolg‘onga bo‘yin egishga mahkum. Shu sababdan ham muallif shoirga chiday olmagan saltanatning dushman qarshisiga chiqa olmasligini uqtirmoqda.
“Men xalqman, onajon...”
Mirzo Kenjabek biz tahlil qilayotgan o‘sha 80-yillar oxirida yozilgan bir maqolasiga “Xalq nomidan yolg‘on so‘zlamang!” deya nom qo‘ygan edi. Shoir ijodida lirik qahramon xalqning umumlashma obraziga aylanishi holatlari ko‘zga tashlanadi. Ayrim o‘rinlarda muallif bunga ochiq ishora qilib ham o‘tadi.
Garchi quyosh ko‘targan Sharqman,
Nurmas, hasrat qoniga g‘arqman.
Sen shohsan-u, xalqsiz saroysan,
Men bo‘lsam-chi, saroysiz xalqman.
1990-yilda yozilgan bu to‘rtlikda Sharq – Turkiston zaminini, hasrat qoni – mustamlaka zulmini, xalqsiz saroy – kommunistik tuzumni, saroysiz xalq – o‘z yurtida qul qilingan millatni anglatib kelayotganini zukko o‘quvchi anglab olgan bo‘lsa kerak. O‘sha yillarda yozilgan boshqa bir to‘rtligida muallif “Kishanni bizchalik sevgan xalq bormi?” deb yozg‘iradi.
Mirzo Kenjabekning “Shoirning onasi” she’rida ona obrazi orqali shoirning iztiroblari bayon qilingani bilan e’tibor tortadi. Chunki shoirning yuragini ezgan har bir alam bevosita onaning ham qalbiga borib yetadi. Muallif ana shu bog‘liqlikni shoirning ijtimoiy pozitsiyasini ochib berish uchun qo‘llaydi.
Shoir kun ko‘rmagan qitmir zamonda
Shoirning onasi nima ko‘radi?
Shoirning ijtimoiy pozitsiyasi masalasi – Mirzo Kenjabekning ijtimoiy she’riyatining sterjeni. Bu yo‘nalishdagi barcha mavzular ana shuning atrofida birlashadi. Yuqoridagi she’rda ham ona siymosiga bo‘lgan lirik munosabat va shoirning ijtimoiy qiyofasi o‘zaro yuzma-yuz kelgan:
“Sen haqsan, bolajon, nur menga ato!”
Men – xalqman, onajon, g‘animlik xato!
Meni gazet urar, ularni Xudo!..
Shoirning onasi nima ko‘radi?
Farzand onadan taskin izlaydi. Lirik qahramon “men xalqman” deyishi orqali ona siymosi shoirning onasi darajasidan yuksalib, millat onasi darajasiga yetmoqda. Band oxiridagi savol ham endi boshqacha yangraydi: “Millatning onasi nima ko‘radi?” – Qanday kun ko‘radi? Bolalarining ertasidan nima kutadi? Zaharlanayotgan irsiyat, toptalayotgan insonlik huquqi sabab o‘ziga o‘t qo‘yaveradimi?
Bu savollar o‘sha – biz so‘zlab turgan 90-yillarning eng aktual ijtimoiy muammolari edi. Bu kabi o‘tli savollar Mirzo Kenjabekning “Qo‘qon yigitlariga bag‘ishlov”, “Oshkoralik muxoliflariga”, “Katta martabali kichik odamga”, “Tarixiy ismlar” kabi o‘nlab she’rlaridan chiqib kelaveradi. Ularning aksariyati hanuz o‘z javobini kutib turibdi. Bu savollarga javob izlash missiyasini shoir keyingi avlod vakillariga qoldiradi...
“Ko‘zlaringiz mening ko‘zimdan o‘tkir!”
Mirzo Kenjabekning “Avlod” she’ri o‘zidan keyin adabiyotga kirib kelgan shoirlarga xitobidir. Shoir bu she’ri bilan ma’naviy kurash estafetasini ularga uzatadi?
Shukr, siz keldingiz,
G‘am yo‘q kamimdan,
Nomus janggohida emassiz chetgir.
G‘amingiz g‘amliroq mening g‘amimdan,
Ko‘zlaringiz mening ko‘zimdan o‘tkir!
Shoir o‘zi yetmagan ijodiy ufqlarga yetishni keyingi avloddan kutadi. Bu adabiyot maydoni “nomus janggohi” ekanini, bu janggohda chekkagirlik bilan nom qozonib bo‘lmasligini ta’kidlar ekan:
Derlar: “Ijod qolar...”
Jang ham qolg‘usi!
Kishanband johilning ojiz sasi bu!
Turgach xalq boshida jallod chalg‘isi,
Qo‘rqoq qochqinlarning falsafasi bu!
Keyingi avloddan shoir jasorat talab qiladi. Chunki ularning imkonini o‘zidan baland ko‘radi. Asli katta avlodning keyingilarni tan olishi noyob hodisa. Buning uchun o‘z ijodini beshafqat taftish etish va adolat tarozisini mahkam ushlash zarur. Aslini olganda “Qurbonlikka so‘ydim iste’dodimni” deya olgan shoir uchun yosh shoirlarni e’tirof etishni noyob hodisa deb bo‘lmaydi. Bunda e’tirof bilan birga mehr va ruhiy qo‘llov ham bo‘y ko‘rsatib turadi.
Kurash bizdan bo‘lsa,
Umid – Xudoydan!
Kunchiqar yurtini ko‘ringiz ozod,
Ey, salaf ovozi yetmagan joydan
Vatan turkusini boshlagan avlod!
Mirzo Kenjabek she’riyati ana shunday samimiyati va rost tuyg‘ulari bilan adabiyotga daxldordir. Aynan shuning uchun ham ijtimoiy muammolarni yalang‘och tarzda ifodalash urf bo‘lgan zamonda yozilgan she’rlari ham ko‘ngilga yaqin, badiiyati jihatdan lirik she’rlar bilan bo‘ylasha oladi. Buning sababi, shoir ana shu muammolarni, fojialarni o‘z qalbidan o‘tkaza olgan. Ularning ko‘lamini bir shoir emas, bir millat darajasida talqin qila olgan. Bugungi o‘zbek o‘quvchisi ana shunday kurashchan, samimiy bir she’riyatdan bahramand bo‘lishlari zarur deb o‘yladik. Zero, bugun ham adabiyot maydoni – nomus janggohidir. Bu janggohga chin jangchilar kerak!
Suhrob ZIYO
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q