Hatto tinchlik davrida ularning ko‘rinishi yoki nomi hammani dahshatga solardi – Turon hududida hukmronlik qilgan abdallar kimlar edi?


Saqlash
16:11 / 19.02.2025 1517 0

Abdallar ilk bor yozma manbalarda 4-yuzyillikdan boshlab tilga olinadi va turli nomlar bilan atalgan. Bu nomlarning xilma-xilligi, ular bilan aloqada bo‘lgan xalqlarning ularni o‘z tillarida qanday atashidan kelib chiqqan. Masalan, arman manbalarida “xeptal”, “xettal”, “tetal”; vizantiya manbalarida “abdel”, “eftal”, “oq хunlar”; pahlaviy (o‘rta fors) manbalarida “eftal” va “xeftal”; suryoniy manbalarida “eptalit”; xitoy manbalarida “ye-da” , “ye-dien”, “idan”; hind manbalarida “xunlar”; arab manbalarida “haytal” va “hayatila” nomlari bilan atalgan. O‘z tanga yozuvlarida – Abadalo (ηβοδαλο ββγο) nomi qayd etilgan.

 

1-rasm. Abdallar kumush idishida aks etgan jang tasviri. Londondagi Britaniya Muzeyi: Inventor: 1963. 1210.1

 

Tarixiy tadqiqotlarda yunon manbalarida qayd etilgan “eftaliylar” atamasi keng tarqalgan. Biroq ular o‘zlarini “abdal” nomi bilan ataganlar. Shu sababli, tadqiqotlarda “abdal” nomini ishlatish maqsadga muvofiqdir.

 

Abdallar 5-yuzyillikning o‘rtalaridan 6-yuzyillik o‘rtalariga qadar Turon hududida hukmronlik qilgan. Abdallarning markazlashgan boshqaruv va kuchli armiyasi davlatning qudrati oshishini ta’minlagan. Ular o‘z qudratining cho‘qqisiga erishgan vaqtda davlatning chegaralari sharqdan g‘arbga: Xo‘tandan (Sharqiy Turkiston) Eron chegaralarigacha va shimoldan janubga: hozirgi Qozog‘iston dashtlaridan Shimoliy-g‘arbiy Hindistongacha, ya’ni Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Hindistonning bir qismi va Xitoyning (Sharqiy Turkistonning bir qator vohalari) katta qismini egallagan. Ular Sosoniylar va Gupta imperiyalari kabi yirik davlatlar bilan raqobatlashgan va ularga qarshi muvaffaqiyatli urushlar olib borgan. Abdallarning Turon hududidagi hukmronligi 6-yuzyillikning o‘rtalarida Turk xoqonligi tomonidan tugatilgan.

 

Abdallarning davlat boshqaruvi va harb ishiga oid ma’lumotlar asosan xitoy, vizantiya, pahlaviy, suryoniy, arman manbalari, shuningdek, Afg‘onistonda joylashgan “Ravat hukmdori” arxivi ma’lumotlariga asoslanadi. Mintaqaning turli joylaridan topilayotgan abdallarga tegishli qabr qo‘rg‘onlardagi qurol-yarog‘lar, jangchilarning kiyimlari, ot-ulovlari bilan birga qoyatosh suratlarida tasvirlangan jang lavhalari ham bu haqida yanada aniqroq ma’lumotlar beradi.

 

Vizantiyalik tarixchi Prokopiy Kesariyskiy asarida: “..aslida abdallar ham Xunlar zotidan, ammo ular bizga ma’lum boʻlgan хunlarning hech biriga qoʻshilmaydilar, chunki ular boshqa xunlarga na qoʻshni va na ularga uncha yaqin boʻlgan yerda yashaydilar... Ular boshqa xun xalqlari kabi koʻchmanchi emaslar, balki uzoq vaqtdan beri yaxshi yerda joylashib yashaydilar. Shuning natijasida ular hech qachon Rim hududiga bostirib kirmaganlar. Ular хunlar orasida oq tanli va yoqimli yuzga ega boʻlgan yagona xalqdir. Shuningdek, ularning turmush tarzi qarindoshlarinikiga oʻxshamaydi va ular kabi yovvoyi hayot kechirmaydilar, aksincha, ularni bitta shoh boshqaradi va qonuniy tuzumga ega boʻlganliklari sababli, ular ham rimliklar va forslar kabi bir-birlari bilan ham, qoʻshnilari bilan ham muomalada adolat va haqiqatga rioya qiladilar...”, deb ta’kidlaydi. Darhaqiqat, davlatning “bitta shoh tomonidan boshqarilishi” abdallarning kuchli markazlashgan davlatga ega ekanini, “qonuniy tuzumga ega” deb ta’riflanishi ularning jamiyatida qonunlar va qoidalarga asoslangan boshqaruv tizimining mavjudligini ko‘rsatadi. Shuningdek, “bir-birlari bilan ham, qo‘shnilari bilan ham muomalada adolat va haqiqatga rioya qiladilar” deb ta’riflanishi, ularning davlat boshqaruv tizimida adolat va tenglik tamoyillariga amal qilinganini anglatadi.

 

Qo‘shin tuzilishi va qurollar. Abdallarning harbiy tuzilmasi jamiyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan. Ular siyosiy jihatdan chorvador va o‘troq aholini birlashtirgan qabila ittifoqidan iborat edi. Turli xalq va elatlarning yagona shoh hukmronligi ostida birlashtirilishi esa ularning harb ishining rivojlanishiga zamin yaratgan. Jang paytida abdallar har ikki turdagi aholining harbiy mahoratidan unumli foydalanganlar. Chorvadorlar otliq janglarda tajribali bo‘lgani holda, o‘troq aholi qal’a va mudofaa inshootlarini qurish va himoya qilishda ustunlikka ega edi.

 

Yozma va arxeologik ma’lumotlarda abdallarning qo‘shin tuzilishi hamda ular tomonidan ishlatilgan qurol-yaroqlar keltirilgan. Xususan, xitoy manbalarida mohir jangchi va ajoyib kamonchilar sifatida tasvirlangan. Ular ot ustida turib ham, piyoda holda ham aniq nishonga olish qobiliyatiga ega bo‘lishgan. Sosoniylar va Gupta davlatlari bilan bo‘lgan jang tafsilotlariga qaraganda, piyoda askarlar og‘ir gurzi bilan qurollangan. Pahlaviy, suryoniy va arman manbalarida ularning asosiy quroli qilich bo‘lgani qayd etilgan. Sosoniylarning abdallar bilan to‘qnashuvlaridan keyin, ular chap va so‘l tomoniga qilich osish tizimini abdallardan qabul qilganlar.

 

Yuqoridagi ma’lumotlarga tayanib, abdallarning qo‘shin tuzilishini 3 xil: 1. Оtliq askarlar; 2. Piyoda askarlar; 3. Qamal qiladigan alohida jangchilarga ajratish mumkin.

 

Manbalarda abdallar kuchli otliq qo‘shinga ega bo‘lgani keltirilgan. Xususan, “Suy sulolasi tarixi” asarida: “...ularning besh-olti ming kishilik otliq armiyasi bor. Ular yaxshi jangchilar hisoblanadi”, deb qayd etilgan. Yana bir xitoy solnomasida aholisi dovyurak va kuchli jangchilar ekani tilga olingan. Otliq qo‘shin ham 2 ga bo‘lingan. 1. Yengil otliqlar asosan  kamon va o‘q bilan qurollangan mohir chavandozlar bo‘lib, tezkor hujumlar, pistirmalar va dushmanni ta’qib qilishda muhim rol o‘ynagan. Ular, odatda, yengil sovutlar (masalan, teri yoki matodan tikilgan) kiyishgan. 2. Og‘ir otliqlar esa asosan zirhli otlar va to‘liq zirhli jangchilar (masalan, tangachali yoki zanjirli sovut)dan iborat bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarda hal qiluvchi zarba berishga mo‘ljallangan. Ular nayza, qilich va to‘qmoq kabi qurollardan foydalanishgan. Abdallar otliq qo‘shinlarining tezkorligi va epchilligidan ustalik bilan foydalanishgan. Ular dushmanga kutilmagan zarbalar berish, qanotlardan aylanib o‘tish va tezda chekinish orqali ustunlikka erishishgan.

 

Piyoda askarlar esa nayza, qilich va gurzilardan iborat qurollar bilan qurollangan. Ular himoya uchun qalqonlar olib yurgan va uzoqdan hujum qilish uchun “otqich”[1]lardan foydalanishgan. Tarixiy ma’lumotlarda abdallarninng cho‘qmor bilan qurollangani ham tilga olinadi.

 

Abdallar mustahkam shaharlar va qal’alarga hujum qilish uchun manjaniqlar va qo‘chqor yuzli to‘qmoq[2] kabi qamal qurollaridan foydalangan. Manbalarda otliq va piyoda qo‘shindan tashqari shahar va qal’alarni qamal qiladigan alohida qo‘shin bo‘lgani keltirilgan.

 

Jang uslubi. Abdallar turli geografik sharoitlar (choʻllar, togʻlar, tekisliklar)da jang qilishga moslashgan. Ular har bir muhitda eng samarali uslubni qoʻllagan. Manbalarda otliq va piyodalarning alohida jang usullari bo‘lgani keltirilgan. Jang boshlangan pallada dushman qoʻshinlarini uzoq masofadan oʻq yogʻdirish orqali zaiflashtirishgan va keyin yaqindan jangga kirishgan. Otliq qoʻshinlarning jang uslubi tezlik, harakatchanlik va hujumkorlikka asoslangan edi. Otliq qoʻshinlar ularga tez harakatlanish va dushmanning zaif tomonlariga hujum qilish imkoniyatini bergan. Katta va kichik janglarda abdallar pistirma qo‘yish usulidan ham foydalanishgan.  Ular dushman qoʻshinlarini oʻzlariga jalb qilish uchun kichik guruhlar bilan hujum qilishgan va keyin asosiy kuchlar bilan toʻsatdan hujum uyushtirishgan. Shuningdek, abdallar jangda tezkor hujumlar uyushtirish va keyin tezda chekinish usulini ham qoʻllashgan. Bu ularga dushmanning rejalarini buzish va ularni chalgʻitish imkoniyatini bergan. Bundan tashqari, abdallar dushmanning jangovar ruhiyatini pasaytirish uchun psixologik urush usullaridan foydalangan. Arman tarixchisi Lazar Parpetsi  asarida: “...hatto tinchlik davrida ham abdallarning ko‘rinishi yoki nomi hammani dahshatga solardi va hech kim ularga qarshi ochiq urush qilish haqida o‘ylamasdi, chunki hamma ularning sosoniylar shohiga yetkazgan falokatlari va mag‘lubiyatlarini juda yaxshi eslardi. Nafaqat oddiy askarlar, balki amaldorlar va harbiy boshliqlar ham abdallardan qo‘rqishardi. Sosoniy hukmdor Firuz yurishga otlanganda, uning qo‘shinlari urushga ketayotgan jangchilarga emas, balki o‘limga mahkum etilgan odamlarga o‘xshab oldinga qarab yurishdi”. Ular dushman qoʻshinlarini qoʻrqitish va ularning jangovar ruhini pasaytirish uchun qoʻrqinchli koʻrinishga ega boʻlgan liboslar kiyishgani manbalarda keltirilgan.

 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oʻzbek davlatchiligi tarixida аbdallar hukmronligi chog‘i harbiy qudrat va mohir diplomatiyani mushtaraklashtirgan davr sifatida muhim ahamiyat kasb etdi. Ularning markazlashgan davlat tuzilmasi va kuchli qoʻshini nafaqat keng hududlarni nazorat qilish, balki Sosoniylar va Gupta kabi yirik imperiyalar bilan muvaffaqiyatli raqobatlashish imkonini berdi. Abdallarning harbiy tashkiloti oʻtroq va koʻchmanchi aholining jangovar anʼanalarini oʻzida mujassam etib, piyoda va otliq qoʻshinlarning turli jang uslublarini mohirona uygʻunlashtirgan. Bu esa ularga turli geografik sharoitlarda samarali harakat qilish imkonini bergan.

 

Mardonbek RAJAPOV,

O‘zFA Tarix instituti “Harbiy tarixni o‘rganish” markazi ilmiy xodimi



[1] Otqich – tosh otish uchun ishlatiladigan qurol.

[2] Qo‘chqor yuzli to‘qmoq – bu qadimiy zamonlarda qal‘a devorlari, darvozalari va boshqa mustahkam inshootlarni buzish uchun ishlatilgan qamal quroli. U odatda katta, og‘ir yog‘och log yoki temir bilan qoplangan yog‘och bo‘lgan. To‘qmoq odatda bir necha kishi tomonidan ko‘tarib yurilgan yoki g‘ildiraklarga o‘rnatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:02 / 21.02.2025 0 12
O‘zbek to‘ylari: o‘tmishda va hozir

Jarayon

17:02 / 21.02.2025 0 15
Qayta yaralayotgan qadim hunar

Adabiyot

16:02 / 20.02.2025 0 160
Iste’dod barcha zamonlarda jasoratdir





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24785
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//