
Gapning dangali – shoir Avliyoxon Eshonni ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan sheʼrlaridan tanidim. Aslida, u oʻtgan asrning 90-yillar avvalidagi talotoʻplar boshlanmasidan burunoq professional shoir boʻlib tanilgan-u, jamiyatdagi olamshumul evrilishlar shovqinida yetarli darajada koʻzga tashlanmay qolgan ekan. Har holda, men uchun shunday boʻlgan, chamasi. Bu yogʻi, u chet elda – qoʻshni Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati Botkentida yashasa, xullas, shoirni “tanish” vaqti anchagacha choʻzildi. Nihoyat, uning uch-toʻrt sheʼrini oʻqidim-u qarshimda professional shoir turganini angladim. Hozir erinmagan odamki bor, yozuvchi, shoir, bloger, tahlilchi-yu tanqidchiga aylangan. Biroq ularning aksari havaskorlik maqomida. Nazarimda, bundan buyon “professional” va “havaskor” degan atamalarni faolroq, jiddiyroq ishlatishimiz kerakka oʻxshaydi. Toki, A.Eshondek oʻz ishining aslari havaskorlardan farqlansin.
Shoirning yaqinda nashrdan chiqqan “Ochun” kitobi “Muhabbat” sheʼri bilan ochilgan:
Koʻksimga sezdirmay kirgan oqqushlar
Koʻzlar kosasida eltadilar suv.
Oppoq bulutlarni kiygan yuragim,
Sogʻinch daryosida yuzlaringni yuv,
Muhabbat kelmoqda,
muhabbat – suluv.
Sheʼrda kechinmalar obrazli ifoda etilgan. Umuman, obrazlilik A. Eshon sheʼriyatiga oʻta xos xususiyat. Aslida obrazlilik sanʼatning barcha turlari-yu janrlariga xos, albatta. Obrazlilik, intensiv tasavvur va tafakkur – adabiyotning jon tomiri. Biroq Avliyoxon Eshon sheʼriyati toʻgʻrisida gap ketganda, “quyuq obrazlilik” iborasini ishlatish maqsadga muvofiqdir, ehtimol. Chunonchi, yuqoridagi sheʼrda tashbehlar ustma-ust keladi, ularni “magʻzini chaqib”, “hazm qilib”, estetik zavq olish uchun oʻquvchining har bir bandda yengil tin olishiga toʻgʻri keladi. Axir, oʻz vaqtida 70-yillar avlodining avangard shoirlaridan Shavkat Rahmon “rubobiy sheʼr”, yaʼni “koʻngil sheʼrlari”, “sof lirika” yozsam deya orzu-yu armon qilgan edi. Yozgandi, albatta. Biroq oʻzi istagan darajada emas, balki oz miqdorda. Chunki u vaqtlar jamiyat hayoti qaynab turgan simobga aylana boshlagandi, bas, shoir uning muammolarini hal qilishga bel bogʻlagan “qilichdek kesgir” soʻz aytishga oʻzida majburiyat his qilgan, ijtimoiy-siyosiy sheʼrlar bitgandi. A.Eshon sheʼrlari esa koʻproq Sh.Rahmon orzu va armon qilganidek, koʻngil sheʼrlaridan iborat. Ehtimol, A.Eshon boshqa respublikada yashayotgani bois ham qoni silqib turgan muammolarga toʻgʻridan toʻgʻri aralashishga istihola qilgandir, ehtimol, uning Xudo bergan tabiati shundaydir. Nima boʻlganda ham, kuzatishlar shoirning koʻproq “rubobiy sheʼr” bilan mashgʻul boʻlganini koʻrsatmoqda. Albatta, bu bir mulohaza, xolos.
Shunday qilib, sheʼr muhabbat haqida. “Muhabbat” deyilganda dastlab yigit va qiz oʻrtasidagi ishqiy munosabat xayolimizga keladi. Holbuki, u turfadir. Ikki jins oʻrtasidagi sevgi tuygʻusi katta muhabbatning bir parchasigina xolos. Sheʼrdan ham shuni anglaymiz: muhabbat – suluv. Keyin uning boshqa parchalari haqida soʻz boradi: muhabbat – darmon, muhabbat – bardosh. muhabbat – Vatan! Sheʼr 1987-yilda yozilgan. U vaqtda shoir ancha yosh boʻlgan. Biroq uning kichik yoshi katta muhabbatni anglab his qilishiga monelik qilmagan. Oʻzi chin shoirlar, haqiqiy mutafakkir ijodkorlar olam va odamni ancha erta anglab yetadi. Isteʼdod oʻzini ana shunday namoyon qiladi.
Kitobning nomiga olib chiqilgan “Ochun” degan sheʼrida ayol goʻzalligi va shu chiroyga bandi oshiq holi tasvirlangan. Shunday tasvirlanganki, undagi paydar-pay tashbehlardan, jonlantirishlardan yuraging hapqiriblar ketadi. Zero, sheʼrdagi ayol shunchalar xushroʻyki, koʻklamda qaldirgʻochlar ham oʻz tilida chugʻurlashib ana shu goʻzallikni sharhlab qolishadi:
Biram nozik barmoqlar bilan
Eshilgan tun – qora sochlari.
Chiroyini lafzida sharhlab
Uchar koʻklam qaldirgʻochlari.
Lekin bunday goʻzalga koʻz tikkanki bor, jonini ham qoʻshib tikib qoʻyishni aslo unutmasin. Zero, katta muhabbatlar oʻzi bilan birga choʻng bir fojiani ham yetaklab yuradi. Chunki bani inson yashayotgan dunyo, u bino qilgan borliq jamiyatlar ishqqa qarshi. Ularning shart-sharoitlari sevgini inkor qiladi. Bu ilgari ham shunday edi, bugun ham deyarli oʻzgargani yoʻq. Ana, Navoiy hazratlarining Laylisi Majnuniga deydi:
Sen boʻlsang-u men boʻlsam mavjud,
Boʻlsa yana koinot nobud.
Ikkimiz mavjud boʻlib, koinot nobud boʻlgandagina murodimiz hosil boʻladi, demoqda qiz. Aslida, Layli tilidan ulugʻ mutafakkir Navoiyning oʻzi soʻzlamoqda. Zero, ulugʻ ijodkorlar qoldirgan meroslarda bu dunyoda kom – murodning hosil boʻlishi mumkin emas, deb qaraladi.
Avliyoxon Eshon mumtoz Sharq adabiyotining yashovchan anʼanalarini oʻz sheʼriyatiga payvand qila olgan zamonaviy shoir sifatida hazrati Navoiyga ergashadi:
Boʻlsa agar xaridor
Tolim-tolim sochiga,
Dil qonin surtib qoʻysin
Avval dor ogʻochiga...
Bor boʻlsa talab ahli,
Kirmasin olov-oʻtga –
Jismin kafanga oʻrab,
Solib kelsin tobutga.
Sevgi – baxt. Sevgi – kulfat. Mana shunday maʼnolar tazodi bor sheʼrda. Yaʼni dil qonini dor ogʻochiga surtib qoʻymaguningcha, yaʼni muhabbat yoʻlidagi har qanday koʻrguliklarga rozi boʻlmaguningcha ishq koʻchasiga kirma, deyilmoqda.
“Mahkum” sheʼrida ham yorning ulugʻlanishi davom etadi:
Oʻzimdan voz kechib,
yolgʻiz seni deb,
yashayotgan baxtli odamman.
Oʻzdan, oʻzlikdan voz kechish – baxtsizlik, aslida. Lekin oldinda maqsad boʻlsa-chi? Maqsadki, yorga eltgich! U baxtga aylanadimi?.. Shoirning lirik qahramoni uchun – ha! Chunki u – oshiq. Chin oshiq uchun ishqdan oʻzga hamma narsa harom. Bas, bu yerdagi tutqunlik – hurlikdir.
Hozirgi kunning jaydari falsafasi-chi, u qanday? “Sen boʻlmasang, boshqasi”mi? Ayrim qalamkashlar, yuqorida taʼkidlanganidek, havaskor qalamkashlar taqdim qilayotgan nazmiy shakllarda bor shunday oʻlimchil virus. Lekin A.Eshon yorni xuddi mumtoz shoirlar kabi ulugʻlashda davom etadi. Dunyo qanchalar oʻzgargan boʻlsa oʻzgarsin, uning Majnunining Laylosiga boʻlgan ishqi oʻzgarmaydi, bilʼaks, “Sen... osmoniy gulsan” degancha oʻzini sevgilisiga, sevgisiga “mahkum” his qilib yoʻl bosaveradi. Zero, u qarib oʻladigan jism – shaklga emas, balki mana shu muvaqqat shaklda mehmon – oʻlmas mohiyatga oshiq.
Toʻplamda “Xirgoyi” degan yana bir sheʼr bor. Unda chizilgan qahramon suvrati xuddi rangtasvirdagi kabi oʻquvchi koʻz oʻngida yorqin gavdalanadi:
Yigʻladim – koʻz yoshlarimga
Botdim ogʻir tosh boʻlib.
Bu olamda oʻzim kabi
Ojizlarga bosh boʻlib.
Biz tasvirdagi lirik qahramonni shoirning oʻzi deb oldik. Zero, lirik qahramon baʼzan shoirga teng kelib qoladi. Mumtoz shoirlarning oʻz bitiklarida yaratgan obrazlari ham taxminan shunga yaqin: xokisor, koʻngli qaddi kabi dol – bukik. Garchi jismining yoshi 34 da boʻlsa-da:
Oh, qoʻrqaman egilmoqqa,
Suyaklarim moʻrt bugun.
Yelkamdagi gʻam-qaygʻuning
Yoshi oʻttiz toʻrt bugun.
Oʻttiz toʻrt – inson jismi uchun navqiron yosh, biroq yelkadagi 34-yillik gʻam tasavvur qilinganda esa koʻz oʻngingga tiriklik va tirikchilik yukidan egilib qolgan moʻysafid chol suvrati keladi. Ha, insonni yillar emas, koʻproq gʻamlar qaritadi. Shoirning yoshi ham chekilgan gʻamlari bilan oʻlchanadi, yillari bilan emas. Biroq bu gʻam shunday neʼmatki, shoir uni ruh ozigʻi, deb biladi. Gʻamsiz shoir yoʻq, sheʼr ham. “Quvonch” degan materialdan “kundalikka kiyib yuriladigan” sheʼriy “libos” tikib boʻlmaydi. Undan faqat toʻyu tantanalargagina yaraydigan “yaltiroq koʻylak”lar tikib olish mumkin. Zero, quvonchni koʻpchilik bilan, koʻpchilikning koʻz oʻngida boʻlishsa boʻladi, gʻamni emas. Gʻamni sanʼatga aylantirmaguningcha yurakni tark etmaydi. Gʻam sanʼatga aylanmaguncha oʻzga yuraklarni ham zabt etolmaydi.
Ha, hasrat shoir ruhining ozigʻi – neʼmat. Bas, u bu neʼmatni qoʻshiq yangligʻ xirgoyi qilib yuradi. Kundalik hayotga shunday xirgoyilar kerak. Yoʻqsa, dunyoga, uning azob-u nayranglariga chidash mushkul Darvoqe, sheʼr ham “Xirgoyi” deb ataladi. Bu dunyoda hamma oʻz xirgoyisi aytib umrguzaronlik qiladi. Agar boʻlsa...
Shoir oʻsha gʻamni sanʼatga aylantirish uchun hatto tilanchilik qilishga-da tayyor:
Yuragimni yoʻlakka yozib
oʻltiraman,
qaygʻum yetarli.
Biror kishi mehr koʻrgazib,
Roʻparamdan maʼyus oʻtarmi?
Qarang, shoir yuragini yoʻlakka yozib olgancha tilanchilik qilmoqda. U ham “tiring” etib tashlanadigan “tanga”ga zor. “Tanga”dan murod – yoʻlovchilarning mehri. Mehr ularning maʼyusligida aks etadi. Maʼyuslik esa, oʻz navbatida, shoirning zabun holiga eshlik, hamdardlik bilan tugʻiladi.
Ammo...lekin...biroq... deyilganidek:
Kun botadi,
shomday tugayman.
Koʻrganim oʻng, ehtimol, tushdir –
Yuragimni tugib joʻnayman,
Kechagiday bugun ham boʻshdir.
Sheʼr 1993-yilda qogʻozga tushgan. U “Tilanchi” deb ataladi. Sheʼrni toʻliqroq tushunish uchun oʻsha davrga xayolan, fikran sayohat qilamiz. Yaʼni uni davr kontekstida oʻrganamiz. Unda bir katta imperiya bor ediki, quladi. Soʻng 15 ta mustaqil boʻlgan respublika oʻz aravasini oʻzi tortishga urinib qoldi. Mamlakat infratuzilmasi izdan chiqib, yangisi hali shakllanmagan, mavjud qadriyatlar oyoq osti boʻlib, turkcha aytganda, “ot izi it iziga qoʻshilib” ketgan bir palla. Bunday paytda, xuddi qiyomatda boʻladi deyilganidek, hamma oʻzi bilan, oʻz dardi bilan ovora. Shoirga esa bu qattiq botadi. Axir, u mehr, iliq, insoniy munosabatlar oshigʻi boʻlib dunyoga keladi, shunday yashab oʻtishni istaydi ham. Bunday munosabatlarga esa qiron yetgan. Bas, yuragini yozib, kun uzogʻi mehr tilanib oʻtirsa ham shomga borib yozgan dasturxoni boʻm-boʻsh holda uyga qaytadi. Kecha va bugun shundaymi, demak, buyuk ehtimol bilan ertaga ham shunday boʻladi. Vohki, mehrsizlik, insonning insonga begonalashuvi kishilik jamiyatlari uchun turgʻun holga aylanib ulguribdi. Shoir ana shunday bong urmoqda.
Sheʼrni kechagi voqelik tugʻib berdi, lekin u bugun va erta uchun ham dolzarb. Mehr koʻpayib, insoniy munosabatlar yashay boshlagach esa, bunday sheʼrlar oʻz ahamiyatini, hech yoʻq, dolzarbligini yoʻqotadi. Biz mana shuni istaymiz. Buning uchun esa shoirni tinglamoq, u urayotgan bonglar maʼnosini tushunmoq lozim boʻladi. Biroq “qani uni tinglaguvchi bir intiq quloq?”..
Jamiyatlar oʻzining chin, katta shoirlarini eshitmogʻi, uqmogʻi kerak. “Ochun” – A. Eshonning katta shoirligiga dalil kitob. U “Ochun”da “ochildi”, oʻzbekistonlik, oʻzbektilli oʻquvchilarga oʻzini yangidan tanishtirdi.
Ulugʻbek HAMDAM,
Yozuvchi, adabiyotshunos olim
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q