Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayevning “Uyushtirilgan “sahna”, yollangan xufya, toʻqilgan yolgʻonlar – 115 nafar qoʻrboshi va safdoshlari qanday mahv etilgandi?” [1] nomli maqolasini oʻqib muallif koʻplab hujjatlarni talqin qilishda xatolarga yoʻl qoʻyganining guvohi boʻldim. Avvalo maqolaning nomlanishidagi xatolikka eʼtibor qaratsak. “…115 qoʻrboshi va safdoshlari qanday mahv etilgandi?” (B.Irzayevning maqolasidan koʻchirmalar kursivda ajratib koʻrsatilmoqda) deyilgani bilan maqolada 1930-yil OGPU huzuridagi uchlik bayonnomasi bilan aybdor deb topilgan 92 nafar shaxs – Nosirxontoʻra va uning safdoshlari haqida gap bormoqda. Oʻz navbatida. “115 raqami qayerdan keldi?” degan savol tugʻilishi tabiiy. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 8-oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi F-5598-sonli farmoyishida “ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatagʻon qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish” belgilangan edi. Natijada 2021-yil 25-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi jami 115 nafar qatagʻon qurbonlarini reabilitatsiya qildi. Qayd etish kerakki, mustaqil Oʻzbekiston tarixida bunday holat – qatagʻon qurbonlarining jamoaviy ravishda va sud tartibida birinchi marta oqlandilar. 115 nafar shaxs 6 ta jinoyat ishi doirasida qatagʻon qilingan boʻlib, ular orasida Ibragimbek Chakabayev boshchiligidagi 16 nafar istiqlol kurashchilari (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasining (BDSB) huzuridagi uchlikning 1932-yil 13-apreldagi bayonnomasi asosida qatagʻon qilingan), Teregulov Osman Igmatullayevich va boshqalarga oid 4 nafar shaxsga nisbatan (Xorazm Respublikasi favqulodda sessiyasi Oliy Revolyutsiya Tribunali tomonidan 1922-yil 18-noyabr kuni JK 40-moddasiga asosan otuvga hukm qilinganlar), Daminov Latif, Sultanov Gafur (1930-yil 27-oktyabrdagi Markaziy Osiyo Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Muxtor vakili qoshidagi Uchlik kengashi qarori bilan), Kiramov Kivam (SSSR Oliy Sudi harbiy hayʼatining 1938-yil 9-oktyabrdagi hukmiga koʻra) [2] boʻlib, reabilitatsiya qilinganlarning asosiy qismining Nosirxon toʻraga umuman aloqasi yoʻq.
Maqolada “1929-yil iyulda Nosirxontoʻra Otantoy Sotilgʻonov, Istambeklar taklifi bilan Sumsarda mehmon boʻladi. Nosirxontoʻra 1929-yil kuzida qirgʻiz shogirdlari va doʻstlarining taklifi bilan yana toqqa yoʻl oladi. 29 oktyabr kuni Ranjit etagida ketar ekan kimlardir oʻqqa tutadi. Nosirxontoʻra otdan yiqilib, qoʻli ikki joyidan sinadi” deb yozilgan, aslida esa Sumsar togʻidagi yigʻilishda milliy istiqlol uchun qoʻzgʻalon rejasi muhokama qilinadi va dastlab Koson (hozir Kosonsoy deb yuritiladi) qishlogʻiga hujum qilish va u yerni tayanch bazasiga aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
1930 yil 16 yanvar kuni Andijonning Jalaquduq tumanida qishloq kengashi kotibi Abdurahmonov, oʻqituvchi Mangusheva, yana bir komsomol, ikki pioner garovga olinib, mislsiz qiynoqlar ortida oʻldiriladi. Jami 5 nafar kishi maktab binosining oʻzida yoqib yuboriladi. GPU mazkur jinoyatni Jonibek qozining yaqini boʻlgan mullo Usmon Jumaboyev guruhining boʻyniga qoʻyadi. Goʻyoki ularni taʼqib qilgan qizil askarlar Qorayontoq qishlogʻida mullo Usmon Jumaboyev, uning tutingan oʻgʻli Bekir Jumaboyev, Jonibek qozining ukalari Qoraboy, Baubek Rispayevlar, sobiq qoʻrboshi mulla Ali Maqsudov va Azim Sherboyevlarni oʻldiradi. Bu dahshatli voqealar xabari el orasiga tarqatilar ekan hammasi Nosirxontoʻraning odami, ular bahorda isyonni rejalashtirgan, degan mish-mish tarqatiladi – Mullo Usmon Jumaboyev Qirgʻizistonda milliy istiqlol uchun kurashgan Jonibek qozining jiyani boʻlib, oʻzaro kelishmovchilik tufayli tarafdorlarini olib, Nosirxon toʻra qoʻzgʻoloniga qoʻshilmoqchi boʻlgan, jangda oʻldirilgach, qizil askarlar uning tanasini koʻtarib yurmaslik uchun boshini rahbariyatga taqdim etishgan, boshini suratga olib, Moskvaga yuborishgan.
“Pulimyot sotib olish uchun Polshaga odam yuborgan… kabi soxta axborotlar tayyorlanadi” – aslida esa Nosirxon toʻra bilan javobgarlikka tortilgan Ignatiy Gumbinga tergovda Polshadan Rossiya armiyasida xizmat qilgan ofitserlarni Namanganga boshlab kelish, patronlarni qayta oʻqlash boʻyicha mutaxassislarni topish, qurol-yarogʻ olib kelish topshirigʻi berilgan boʻlgan. Biroq u qoʻlga olingach, oʻzini Sovet davlati xufyasi boʻlganini aytadi. Afsuski, u qamoqda ochlik eʼlon qilgan va uning keyingi taqdiri noma'lum.
Maqolada ajdodlarimizning milliy istiqlol uchun olib borgan kurashlari toʻliq chetlab oʻtilgan, uni oʻqigan odamlarda Nosirxon toʻra va uning safdoshlari oddiy dehqonlar boʻlgan, tuhmat qurboniga aylangan, degan tasavvur uygʻonadi. Shu bois Nosirxon toʻraning milliy istiqlol uchun olib borgan kurashlari haqida voqeaning guvohlari xotiralariga murojaat qilish lozim, bizningcha. Sovet davlatining qatagʻon siyosati natijasida koʻplab ajdodlarimiz ona Vatanlarini tashlab muhojirlikka ketishga majbur boʻldilar. Ular xorijiy davlatlarda ham Vatan sogʻinchi, oʻtmish xotiralari bilan yashaganlar. Oʻzlari yashayotgan mamlakatlarda gazeta va jurnallar tashkil etib, ular yordamida Turkistonning tarixi, buguni, kelajagi haqidagi fikr-mulohazalarini eʼlon qilib borganlar. Dunyoning turli davlatlarida turib Sovet davlatining qatagʻon siyosatini fosh etishga harakat qilganlar.
1931-yil 20-dekabr kuni VKP(b) MK Maxfiy boʻlimi xodimi Vasilyev VKP(b) Markaziy Komitetining Madaniyat va targʻibot boʻlimi mudiri A.I.Steskiyga “Hindistondagi antisovet kampaniyasi haqida Markaziy Komitetga maktub (Turkiston musulmonlarining bayonotlari)” nomli “maxfiy” grifi ostida maʼlumotnoma yuborgan. Maʼlumotnomaning izoh qismida taʼkidlanishicha, yuqorida taʼkidlangan maʼlumotnoma yuborilishidan bir necha oy oldin Kommunistik Internatsional ijroiya qoʻmitasi kotibi I.A.Pyatniskiy Hindiston gazetalarida SSSRda musulmonlarga qarshi amalga oshirilayotgan zulm toʻgʻrisida eʼlon qilingan maqolalar asosida axborot tayyorlab, bunga qarshi jahon matbuotida eʼlon qilish uchun material yozishni soʻragan. Xabarda inglizlarning mafkura jabhasidagi harakatlari shiddatli tus olayotgani tufayli endilikda ularga qarshi tezroq maqolalar eʼlon qilish juda zarurligi urgʻulangan va A.I.Steskiydan xorij matbuotida eʼlon qilingan maqolalarga tezroq raddiya yozib berishni tayinlaydi.
Xatda “Hindistonda panislomchilik va islom dini gʻoyalarining targʻibotining yangi toʻlqini kuchayishi bilan bir qatorda, Shimoliy Hindiston hududlarida antisovet targʻibot ishlari faol kuchaymoqda. Har kuni nashr etiladigan “Hindiston Tayms” (The Hindustan times) gazetasining 1931-yil 17-dekabr sonida yaqinda Sovet Turkistonidan Shimoliy Hindistonga koʻplab musulmonlar kelgan va ular Hindiston musulmonlari orasida antisovet kayfiyatni qoʻzgʻashga intilishmoqda. Maʼlumotlarga koʻra faqatgina Dehli shahrining oʻziga 30 dan ortiq turkistonlik musulmonlar kelgan. Ular Turkistondagi musulmon tashviqotiga nisbatan diniy taʼqiblar va sovet zulmi tasvirlangan uzun, dahshatga toʻla hikoyalar aytib berishgan. Ular masjidlar yoqib yuborilgani va musulmon ruhoniylarining otib oʻldirilgani yoki umrbod surgun qilingani haqida hikoya qilmoqdalar. Sovet hukumatining iqtisodiy siyosati – ularning taʼrifiga koʻra – aholini vayron qildi va hokimiyatga nisbatan murosasiz nafrat uygʻotgan. Yuqorida koʻrsatilgan musulmonlar “Hindistan Tayms” gazetasiga yoʻllagan uzun bayonotida, shart-sharoit shunchalik ogʻir, hozirda xalq ommasining qashshoqligi shunday chegaraga yetganki, agar Sovet hukumati chegaralardan qochqinlarni toʻxtatib qoladigan yengib boʻlmas toʻsiqlarni qoʻymagan boʻlganida, biz sovet tarkibiga kirmagan Turkistonga ommaviy qochgan boʻlardik, deb maʼlum qilishgan. Ular faqat haddan tashqari tavakkalchilik, ona vatanlaridagi barcha boyliklaridan voz kechish, SSSRda hukm surayotgan sharoitda yashashdan koʻra oʻlimni afzal koʻrish tufayli qutulishganini taʼkidlashgan. Bunda ular Xitoy Turkistoni boʻylab sayohat qilib, u yerdan Chitralga, soʻngra Peshovarga borishga majbur boʻlganlar”[3] deb yozilgan.
Hindistonda turib Sovet davlatining Oʻzbekistonda amalga oshirgan ishlarini fosh qilgan odamlar dunyoning boshqa joylarida nashr etilgan ommaviy axborot vositalariga ham murojaat qilganlar. Bunday nashrlardan biri, Parijda 1929–1939-yillarda nashr etilgan “Yosh Turkiston” jurnali boʻlib, uning 1934-yil oktyabr sonida 1934-yil iyunda Dehlida yashayotgan muhojirlarimiz Muhammadali Hasanali, Mulla Qoʻldosh Oxundlarning “Turkistonning milliy qoʻzgʻalish tarixindan bir parcha (Sayid Nosirxontoʻra harakati)” [4] nomli maqolasi chop qilingan. Maqolada Turkiston jadidlaridan biri, yirik ulamo Nosirxon toʻra boshchiligida 1929-yilda koʻtarilgan qoʻzgʻolon voqealari hikoya qilinadi. Maqolada qoʻzgʻolonning sabablari, borishi, janglar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Maqolani oʻzbek tiliga tabdil qilgan va ayrim joylarini izohlagan holda aynan keltirishni maʼqul bildik.
Turkistonning milliy qoʻzgʻalish tarixindan bir parcha (Sayid Nosirxontoʻra harakati)
Turkistonning Fargʻona viloyatinda 1929 nchi yili Sayid Nosirxontoʻra hazratlari (Aslan namanganli boʻlgʻan Sayid Nosirxontoʻra Turkiston milliy harakatiga yaqindan qatnashgʻan va ilmi ham notiqligʻi ila turkistonlilarcha maʼruf bir shaxsdir. Bu zot 1917 nchi yilning dekabrinda Xoʻqandda qurulgʻan Turkiston muxtoriyat hukumatiga maorif noziri edi. Boshqarma.) tarafindan idora etilgan qoʻzgʻalishgʻa men, Muhammadali Hasanali, uzoqdan qatnashqanimdan u yilgʻi voqeani toʻluq ravishda bilmayman. Uning chun bu muhim voqeani, qoʻzgʻalishqa yaqindan qatnashqan yurtdoshimiz mulla Qoʻldosh Oxundla barobar oʻturub qisqacha boʻlsa ham tartibi ila yozmoqdamiz. (Maqola va qavs ichidagi kursiv izohlar Z.M.Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasi katta oʻqituvchisi Shuhratbek Qahhorov tomonidan nashrga tayyorlangan)
Maqola birinchi sahifasining koʻrinishi
Bu qoʻzgʻalishning, boʻlshaviklarning haddan tashqari mazolimindan (zulmlaridan) va ularning vahshiyona muomalalariga chidamsizlikdan tugʻulgʻanligʻi kimsadan maxfiy emasdir. Ham bu qoʻzgʻalish turklik qaynagʻindan (negizidan) va inson bolasigʻa oʻrnak boʻlurliq turk uchqunindan bir shuʼladir. Sayid Nosirxontoʻra uch yilliq surgundan qaytib kelib, “GPO”dan yashirinib yurar edi. Boʻlshaviklarning kun kundan ortib borayotqan rahmsizligi va gunohsiz millatimizning qonini toʻkub turk-islom bolalarini oʻksuz qilib koʻz yoshlari oqizishlari u kishining turklik qonini qaynatib, “yotib qolgʻuncha otib qol” deb boʻlshavik alayhdorlarini (qarshi boʻlganlarni) oʻz qaynaqlarigʻa tortish majburiyatini sezdirdi. Yonlarindagʻilargʻa oʻgut (maslahat) berdilar. Mashvara (kengash) ahli Sayid Nosirxontoʻraning raʼyini toʻgʻru topdilar. Undan soʻng Kosondan uch tosh (bir tosh taxminan 8 kilumetrdir. Boshqarma.) yoʻl fosilalik (masofalik) Shohkaftar nom bir qishloqda turuvchi burungʻu qoʻrboshilardan Islombek Botir yonigʻa borib soʻylashganlar. U ham bu maslakni sidqan qabul etkan. Mashvara mahram (yashirin) ibtidolarindan boshlanib, birinchi safarda 20 nafar boʻlgʻanlar. Soʻngra harakat Toʻraqoʻrgʻonda turuvchi burungʻi qoʻrboshilardan Dadaboy Ponsadgʻa eshittirilgan. Dadaboy Ponsad ham turk boʻlgʻanidan Nosirxontoʻraning maslaklarin ixtiyor etib, Toʻram va Islombeklar ila koʻrushmakni tilagan. Dadaboy Ponsadning 30 nafarlik qurolli maxfiy tashkilot ustinda ekanligi maʼlum boʻlgʻan. Toʻramda 2 nchi safarda Shohkaftarda uningla koʻrushmakni vaʼd etkan. Biz ilgaridan Toʻram oʻgʻlonlari Eshondadaxon ila tanishib, anglashib, mazkur tarixda besh nafar maslakdoshla barobar maʼhud (kelishilgan) yerga hozirlanib borishgʻa belgilandik. Ul tarafdan Dada Ponsad 11 qurolli yigiti ila kelib kechasi Toʻram ila koʻrushub uning fikrlarini oʻrganub, millatning qurtulushi uchun kurashmakka hozir ekanligini bildirdi.
Biz tong chogʻi oʻz yerlarimizga qaytib ketdik. Dada Ponsad shu kun soat 10da Boymoq degan qishloqdagʻi davlat doʻkonigʻa kirib 2 adad qurol olib, kimsaga boqmay oʻtub ketkan. Bu voqeadan soʻng mazkur qishloqdan chastga (harbiy qismga) telfoʻn qilingʻan. Chastdan-da (ham) atrofgʻa telfoʻn berilgan. Bu suratla aksar davlat doʻkonlari egasiz qolgʻan. Ponsad-da (ham) shu kundan boshlab yashiringʻan.
Ponsad sobiq qoʻrboshi Islombekni Shohkaftardaki davlat doʻkonigʻa hujum etishini talab etkan. Islombek 8 nafar qurolli yigiti ila barobar Toʻram yonigʻa kelgan va uning otashin bir nutqini tinglaganlar. Koʻp mutaassir (taʼsirlanib) boʻlub yigʻlashgʻanlar. Uch kundan soʻng Islombek soat 11da Shohkaftardaki davlat doʻkonigʻa hujum etkan. Shu yerda 5 nafar oʻzbek melisasi ila bir qancha mujuklar boʻlgʻanidan natijada 12 mujuk, 14 qurol va boshqa narsalar qoʻlgʻa tushurulgan. Shu kundan boshlab Islombek ochiq muqobalada (qarshilik koʻrsatish) davom etkan. Bu orada 4-5 dafʼa boʻlshaviklar chiqib ularni tutmoqchi boʻlgʻan boʻlsalar-da alangalariga uchrab, kuyub qaytib ketkanlar. Toʻramning yashirin tashviqlari kun kundan yoyilib, Namanganning sharqi shimolinda 4 tosh yoʻl fosilalik Boʻshqarin bozorliq qishloqdagʻi burungʻu qoʻrboshilardan Muhammad Umar (boshqa manbalarda, jumladan, rus tilidagi manbalarda Madumar shaklida yozilgan) qulogʻigʻa yetkizilgan. U-da (ham) turk boʻlgʻanligʻi sababli qizib, qaynab bu muqaddas xidmatni (xizmatni) jon va dildan qabul etib, oʻz yoninda 9 nafar yigiti va 12 quroli borligʻini bildirib, Toʻramdan ham 10 yigit soʻrab, 20 nafar boʻlub Boʻshqaringʻa hujum etish maʼmurligini qabul etkan. Bul tarafda Islombek (boshqa manbalarda, jumladan, rus tilidagi manbalarda Istambek shaklida yozilgan) 12 nchi rabiul-avvalda Chotqolgʻa vafd (hayʼat) yuborgʻan. Chotqolda ham burungʻu qoʻrboshilardan borligʻi sababli vafdlar ular ila topishib, koʻrushub voqeani anglatgʻanlar. Chotqolliqlar ham turk boʻlgʻanliqlarindan bu muqaddas xidmatga berilib, din va millat uchun fidokorliqqa hozir ekanliklarini bildirganlar. Ham u yerda 25 nafar mujuk borligʻini va oʻz qoʻllarida 20 qurol borligʻin bildirib, 40 nafar boʻlub mujuklar ustiga hujum etmakchi boʻlgʻanlarini maʼlum etib, 15 nchi rabiul-avvalda ulargʻa hujum etib, 2 soatliq toʻqnashuvdan soʻngra mujuklar qochgʻanlar, 20 adad qurol, 9 nafar asir olib, bularning bir nechasini qoʻyub yuborub qolgʻanini oʻldurganlar. Bularning qatori ortib, 50 nafar boʻlub, 20 nchi rabiul-avvalda Islombek yigitlariga qoʻshulgʻanlar. Birlashgach sevinchlarindan yigʻlashgʻanlar.
Ul tarafda Muhammad Umarbek 16 nchi rabiul-avvalda Boʻshqarin doxiligʻa (ichkarisiga) ot qoʻygʻan, qoʻrgʻon qarshisida 5 daqiqa oʻq uzgandin soʻng mujuklar sarosimalikdan qurollarin tashlagʻanlar va barchasi asir tushkanlar. Shu kun 20 qurol oʻlja qilib, beliga millat sotqinlarindan Abdulbatngʻa oʻxshashlarning boshini keskanlar. Shu kun Muhammad Umarbekning 30 yigitiga 20 nafar fidoiy qoʻshulub 50 nafar boʻlgʻanlar va birlikda quvonchlar ichinda Islombek tomonigʻa borib ular bilan birlashkanlar. Fidoiylar sevinib, qurollarini qoʻyub tanaffus etarlarkan muxbirlar (xabar yetkazuvchilar) 200 nafarcha mujukning bular tomonigʻa keluvindan xabar berganlar. Tez qurollarini olib, ulargʻa taraf chiqib, qarshilashgʻanlar va 4 soatliq otishmadan soʻng 4 boʻlshavik oʻlub, qolgʻanlari qochib, Islombekning xotun va yosh bolalari turgʻan tarafgʻa oʻtkanlar. Islombek Muhammad Umarga xitoban: “Sizlar oʻz qishloqlaring tomonigʻa borib, hazrat Toʻram farmonlarigʻa muvofiq ishlanglar. Men tangrimgʻa sigʻinib mana shu dushmanlar orqasidan yurush qilirman” deb vidolashib dushman keyinidan ketkan. Muhammad Umarbek 25 nafar chotqolliq yigitni olib, Alixon tarafigʻa oʻtub Toʻram ila koʻrushmak uchun Abdulhamidxon boshliq 5 nafarni Kosongʻa yuborgʻan. Bu 5 nafar yoʻlda borarkan Andijon melis boshligʻi Qoʻchqoroʻgʻli qumondasindagʻi 50 nafar rus va oʻzbek melis toʻdasi ila toʻqnashgʻan. Bu toʻqnashuvda ruslar ikkiga boʻlunub qochqanlar. Besh nafar fidoiy bularning bir qismigʻa hujum etkanlar va orqasidan taʼqib etib 4 chaqirim yerga qadar borgʻanda ulardan uchini ushlab uchovinida chopqanlar. Bularning biri melis boshligʻi Qoʻchqoroʻgʻli ekan. Natijada 3 adad beshotar, 3 adad toʻponcha, 3 adad qilich oʻlja tushkan.
Shu kun 28 rabiʼul-avvalda Kosondan Toʻram ila qaytishib 29 rabiʼul-avvalda Muhammad Umarbek huzurigʻa, Koʻkyorgʻa kelganlar. Bu yerdan Qoratepaga borib Yaxshibek nomli gʻayratli bir turk oʻgʻli ila koʻrushkanlar. Bu gʻayratli yigit uch mujukni oʻldurub, qurollarini olib, oʻz yigitlarindan sakkiz nafarni qurollantirgʻan ekan. Bu Yaxshibek ham oʻz yigitlari ila barobar fidoiylar qatorigʻa kirib Boʻshqarin tarafgʻa joʻnagʻan. Toʻram esa Kosongʻa ketkanlar.
Islombek 6 nchi rabiʼus-soniyda Boymoq qishloqda turuvchi hukumat maʼmurlari ila toʻqnashib 3 soatliq muhoraba (jang) ichinda 2 mujukni qoʻlgʻa tushurub, qurollarini olib oʻzlarini oʻldirgan. Boshqalari qochib qurtulgʻanlar. 11 rabiʼus-soniyda Toshkand “GPU”si Kosongʻa kelgan. Bular 12 nchi rabiʼus-soniyda 100 nafar mujuk ila Shohkaftarga chiqib Islombek ila toʻqnashgʻanlar. “GPU” boshligʻi tosh orqasidan durbin ila qarar ekan Islombek durbin aralash uni manglayidan urgʻan, yonidagʻi ruslar esa shoshib qolib qocha boshlagʻanlar (BDSB xodimi, Nosirxon toʻraga qarshi janglarda ishtirok etgan Gabit Muzipovning xotirlashicha BDSB xodimi Xoxlov haqiqatan ham jangda oʻldirilgan, biroq uni Olamoʻynoq ismli ovchi oʻldirgani va u 1920–23-yillarda ham sovet davlatiga qarshi milliy istiqlol uchun kurashgani, 1929-yilda qoʻzgʻolon ishtirokchilari taslim boʻlganda u ham qoʻlga olinib Qoʻqonga olib borilib, sud qilinib otuvga hukm qilinganligi taʼkidlangan. Bu haqda batafsil qarang: Muzipov G., Muzipov R. Chekistы nebesnыx gor. – Uglich: Uglich. tip., 2006. 294). Orqalarindan quvib 4 nafarini oʻldurgan va 4 adad qurol oʻlja qilgʻanlar. Shul sirada hazrat Toʻram yashirin yotqan yerlarida 170 adad qoʻlda yozilgʻan devoriy gʻazeta hozirlab shu rabiʼus-soniy oyi ichida shu devoriy yozma gʻazetalarni Toshkand va Samarqandga 15, Avliyo-otagʻa 10, Margʻilon va Andijongʻa 15, Namangon, Oʻsh, Jalolobod, Oʻzgand va Sim (bukungi Fargʻona)larga 10 adaddan va ilaaxir (oxirigicha) tarqatilib, jumlasi (barchasi) juma kechasi yopishtirilgʻan.
Dadaboy Ponsad 40 nafar fidoiysi ila kunduz yashirinib tun oʻz vazifasinda davom etdi. Namangon qazosining (tumanining) yerlashmagan bozorlaridagʻi hukumat maʼmurlari qoʻrqub qochib ketkanlar va xalq-da (ham) bir muddat hukumat soligʻidan qurtulgʻan.
25 nchi rabiʼus-soniyda Muhammad Umarbek 100 nafar askari ila Kosongʻa hujum etkan, davlat doʻkonlarigʻa kirib, sanduqlarini sindirib, daftarlariga oʻt qoʻygʻan. Millat xoinlaridan 8 – 9 ining boshini kesib, oʻn ikki adad qurol oʻlja qilgʻan. Bu muhorabada Muhammad Umarbekning bir yigiti sonidan oʻq yegan. Shu kuni Toʻram askarlari ila birlik Kosondan chiqib, Shohkaftarga borib 20 kun turgʻandan soʻng Poromongʻa borgʻanlar. Jumodil-avval boshlarinda Poromongʻa yaqin boʻlgʻan Zarfand degan bozorliq qishloqda turuvchi 20 nafar boʻlshavik ustiga hujum etib natijada mujuklardan 13 adad qurol va 10 ot oʻlja tushurub bu yerdan Qoratepaga borib bir oz tanaffusdan soʻng avvaldan mutavattin boʻlgʻan (yashayotgan, joylashgan) mujuklar ustiga borgʻanlar. Bu mujuklar yashirin ravishda til berib zohiran bir oz muqobala qilgʻan boʻlub 10 adad qurol 4 yashik oʻq berganlar. 15 jumodil-avvalda Saru qirgʻizlarigʻa borgʻanlar. Bular ham turk boʻlgʻanlaridan va boʻlshaviklar tarafidan butun mollari torumor qilingʻanidan turk oʻrdusini koʻrgach bilo tavaqquf (taraddudga tushmasdan) 70 fidoiy 20 adad qurol ila qoʻshulgʻanlar. 25 nchi jumodil-avvalda Kosongʻa qaytib, kechalab quyi Kosonda turuvchi melislarga hujum etib, 4 adad qurol va 4 asir olib, bir nafar millat xoinining boshini kesib, Shohkaftarga oʻtub ketkanlar. Bu yerda bir necha kun itsirohat qilgʻandan soʻng jumodis-soniy boshlarinda Renjid degan qishloqqa borgʻanlar. Bular bu yerda yemak yerlarkan (ovqatlanib turganda) toʻsatdan boʻlshaviklarning hujumiga maʼruz qolgʻanlar. Bu oni (toʻsatdan) hujumga muqobala etilirkan 3 nafar fidoiy shahid tushkan va Toʻramning otlari yiqilib, qoʻllari singan. Faqat boʻlshaviklar muqobalaning shiddatiga chiday olmay qochgʻanlar. Toʻram qoʻllarini muolaja uchun ikki yigit ila birlikda qolgʻanlar, boshqalari Ketmantepadagi boʻlshaviklar ustiga borib ulargʻa hujum etib 3 soatliq muhorabadan soʻng 10 adad qurol, bir necha yashik oʻq 55 ming soʻm kogʻoz aqcha qoʻlgʻa tushurganlar. Ketmantepaning birlashkan mujuklari bir koʻb sovgʻalar ila kelib mujohidlarga bosh ekganlar. Undan soʻng shu yerdan Jonibek qozi tarafigʻa yurub, yoʻlda boʻlshaviklar ila 3 – 4 dafʼa toʻqnashib, toʻrt kundan soʻng Norin daryosining ul yuziga oʻtkanlar. Shu chogʻlar nihoyat sovuq boʻlub qolgʻanidan qish soʻngigʻacha yashirin yoʻl ila kechinib soʻngra ishka boshlamoq maslahat koʻrulub 25 jumodis-soniyda Uchqoʻrgʻon tepasida turuvchi qoʻrboshi yonigʻa keldilar. (Bu qoʻrboshining ismini unutqanmiz). Qoʻrboshilar bu yerda qish oxirida qaytadan koʻrushmak qarorini berib bir-birlari ila oʻpushub, quchoqlashub oʻz tomonlarigʻa, bola-chaqalari yonigʻa ketdilar.
Qoʻrboshilar u zamon hayajon ila shu sharqini (ashulani) oʻqurlar edi.
Boʻlshavikni qirarmiz, ichak-bagʻrin yorarmiz
Qaygʻa qochsa borarmiz, murtadlardin biz, bari.
Musulmonlar uygʻonsun, gʻaflatidin tebransun
Shahar, sahro aylansin dini islom chokari.
Muhammadning ummati eshitkanmiz gʻayrati
Olam toʻla hurmati biz alarning navkari.
Ming uch yuz yil Turkiston imon ila guliston
Emdi boʻldi xoriston gʻayrat qiling erlari.
Vatan qadrin bilmagan imon diliga toʻmagʻan
Dushmanlargʻa sotilgʻan nodonlarning xumsari
Biroz pulgʻa aldangʻan dinu imonin sotgʻan
Qoʻmunistman deb quvongʻan chayonsifat yo ari.
Na qozi bor na maktab, na muftiy bor na mansab
Emdi gʻayrat qilayliq yo narimiz yo beri.
Joni fido askarmiz xudo uchun lashkarmiz
Dinsizlarni qirarmiz dinliklarga hamsari
Molu jondin ham kechkan gʻayrat sharbatin ichkan
Jannat borsa hur quchqan dini islom askari
Moʻminlarga zarar yoʻq bir tanga ham xatar yoʻq
Dushmanlardin qochar yoʻq qurʼon alar rahbari.
Xotun qizlar ochmaymiz, biz mushtarak etmaymiz
Qurʼon yoʻlidan chiqmaymiz quyosh kabidir oliy.
Muhammadali Hasanali, Mulla Qoʻldosh Oxund
Hindiston – Dehli, iyun 1934
Foydalanilgan manba va adabiyotlar roʻyxati:
1. https://oyina.uz/uz/article/3217
2. https://www.gazeta.uz/uz/2021/08/25/justify/
3. https://islamperspectives.org/rpi/items/show/11818 Murojaat sanasi 20/08/2023
4. Muhammadali Hasanali, Mulla Qoʻldosh Oxund. Turkistonning milliy qoʻzgʻalish tarixindan bir parcha (Sayid Nosirxontoʻra harakati) / “Yosh Turkiston” jurnali 1934, №4 15–19-betlar.
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q