
Bir dona samolyot yaratish uchun oʻrtacha 120 mingdan ortiq katta-kichik detal ishlatiladi. Nari-beri oʻn olti kilo sof oltin simlardan dvigatelning muhim toʻk oʻtkazuvchisi oʻlaroq foydalaniladi…
***
Oʻtgan asrning 70-yillaridan beri shoir-yozuvchilar ichida eng sermahsul ijod qilib kelayotgan Usmon Azim sheʼriyati asosini “koʻz yosh bilan yozilgan”, hayotiy, hissiy, idrokiy, teran falsafiy qonuniyatlarga asoslangan xulosalar, shubhasiz, poetik hodisa hisoblanadigan katta sheʼrlar tashkil etadiki, ularning asosiy qismi – “sof oltin sim”dan oʻtgan yuqori energiya hosilasidir.
Kuzatishlarimizga koʻra, shoir shu kunga qadar mingga yaqin sheʼr bitgan boʻlib, ular “Insonni tushunish” (1978)dan “Tanlangan asarlar” (2016-2023)gacha boʻlgan oʻnlab sheʼriy kitoblarda aks etgan. Son jihatdan kishini hayron qoldiradigan bu sheʼrlarning aksariyati mazmun-mohiyat va badiiy qiymatiga koʻra jahon sheʼriyati talablariga javob bera oladigan, rost tuygʻularnigina tarannum etgan poetik hodisalardir. Adabiyot yaralibdiki, haqiqat uning yadrosi boʻlib kelgan. Haqiqiy tuygʻularning yuksak badiiy ifodasi esa hech qachon insonlarni befarq qoldirmagan, aksincha, hayotni sevishga, hayot haqiqatlarini idrok etishga, estetik zavqlanishga, his-tuygʻularining toʻgʻri kamol topishiga va adabiyotning bosh maqsadi – ezgulikdan ruhlanishiga xizmat qiladi. Usmon Azimning sheʼriyati xuddi shunday barqaror asoslar ustida yaratilganki, buni koʻplab sinchi-adabiyotshunoslar eʼtirof etib kelmoqda. Ushbu xulosalar Usmon Azim sheʼriyatida his-tuygʻularni teleportatsion tabiatiga koʻra tekshirish: tushunish va tushuntirishga bagʻishlangan tadqiqotlarimizda yanada mustahkamlandi.
Shu oʻrinda izoh berib oʻtsak, badiiy teleportatsiya bu – shoir subyektiv his-tuygʻularining poetik vositalar orqali dastlab matnga, soʻngra kitobxon qalb-u shuuriga koʻchish va asar qoldirish hodisasi. Badiiy teleportatsiya hodisasi his-tuygʻu va fikr olamining uzluksiz harakatini taʼminlab turuvchi hal qiluvchi sistemadir. Soʻz sanʼati yaralibdiki, badiiy teleportatsiya insonning botiniy olamiga, his-tuygʻulari orqali tasavvuriga muayyan taʼsir qilib kelmoqda.
Usmon Azim sheʼriyatida his-tuygʻuni “koʻchirish”ga qaratilgan jihatlar, quyidagilar:
his qilish: hayotni, voqea-hodisani, fojiani teran payqash, his etish qobiliyatining, sanʼatkorona nazar va intuitsiyaning yuksakligi;
aniq tasvir: metafora, ramzlar; ruhiy holat, kayfiyatni taʼsirli ifoda etish orqali;
ohang: sheʼrda soʻzlarning (qofiyali/qofiyasiz qatʼi nazar) badiiy-kompozitsion mutanosibligi – savqi tabiiy, isteʼdod mahsuli sifatida avtomatik tarzda toʻgʻri tanlanishi, sheʼrning favqulodda yuqumliligi;
uslub: jahon sheʼriyatining qator yuksak yutuqlarini oʻzlashtirgan va ayni zamonda oʻziga xos, hech kimga oʻxshamaydigan betakror uslub – “qanday yozish” borasida aniq toʻxtamlarga kelgani;
tematika: qalamga olingan mavzuning (xoh subyektiv, xoh obyektiv boʻlsin) yuksakligi, umuminsoniy oʻta muhim mavzular haqidagi, poetik tafakkur chigʻirigʻidan oʻtgan, aniq badiiy alomatlar va oqibatlar, natijalar va xulosalarning uzil-kesil, haqqoniy aks ettirilgani;
badiiy niyat: adabiyotning bosh vazifalariga xizmat qiluvchi umuminsoniy ezgu gʻoyalarga asoslanishi: yorugʻlik, oqlik, poklik, ezgulik, haqiqat, kurash, ozodlik, hayotga muhabbat, ishonch, vatanparvarlik, muhabbat, sadoqat kabi yuksak va oʻlmas birliklarning yangi talqinda tarannum etilgani;
sheʼriy sanʼatlar: jahon va milliy sheʼriyatning avangard namunalari, muvaffaqiyatli eksperimental yoʻnalishlarining oʻzbekcha badiiy tafakkurda sintezlashgan muqobillaridan keng foydalana bilish imkoniyati barobarida yangi nazmiy shakliy-struktur, hissiy-psixologik “sinov”larni sheʼriyatda muvaffaqiyatli qoʻllashi;
soʻz tanlashi, ishlatishi: “oliy navli” soʻzlar va “1-, 2-, 3-navli” soʻzlarning bitta sheʼr yoki satrda qoʻllashdagi intuitiv aniqlikka erishgani, soʻzning muqobillari, alternativlari hamda taʼsir etish dinamikasiga binoan bexato istifoda etilishi (bizningcha, bu xususiyat bevosita badiiy did bilan bogʻliq boʻlib, jarayon sheʼrda savqi tabiiy tarzda kechadi va voqea-hodisa aks ettiriladi. Katta shoirlarga xos, adabiyotdagi professionalizmni, genializmni belgilab beradigan ushbu isteʼdodga mansub yaratiqlar hamma qalam ahlida ham uchramaydi. Masalan, Rauf Parfining: “Ona tilim, sen ruhimning qanoti”, Abdulla Oripovning: “Nega tilkalaysan bagʻrimni, ohang”, Shavkat Rahmonning: “Har bir soʻz yuz soʻzning oʻrnini bosar – // Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik”, Usmon Azimning: “Togʻlar, viqoringiz qalbimda mangu” kabi satrlarida soʻzlarning oliy navlaridan mahorat bilan foydalanilgan. Bunday mahorat Gʻafur Gʻulomning aksariyat sheʼrlarida kombinatsion xarakterda gavdalanadi: “Sizlarni keldi, deb eshitgan kuni (“1-nav”) / Oʻzing toʻqib ketgan katta savatda (“2-nav”) // Toʻlatib shaftoli uzib chiqaman, (“3-nav”) // Gʻalaba kunlari yaqin, albatta” (“Oliy nav”) – “Sogʻinish” sheʼrining ushbu bandidagi dastlabki uch satrdagi soʻzlar “oliy navli” emas, aksincha, “1-, 2-, 3-navli soʻzlar boʻlib, ular toʻrtinchi “Oliy navli” soʻzlardan iborat satrning taʼsirchanligini yanada oshirishga xizmat qiladi (Aksariyat holatda muallif bunday satrlarni ataylab bitmaydi). Bu holat xuddi rassomning goʻzallik (kosmos) aks etgan kartinasini mutlaqo keskin darajadagi tubanlik (xaos) ifodalangan boshqa kartinasi bilan atay yonma-yon qoʻyib, tasvir va taʼsirning kontrastini zidlashtirishga oʻxshaydi).
temperament: shaxs sifatida xarakteri, feʼl-atvori, temperamenti va oʻziga xos fikrlash tarzini badiiy ijodda yuksak darajada tatbiq eta olishi, boshqacha aytganda, oʻzining qiyofasini, “imzo”sini qoldirishi.
Sheʼr kamdan-kam holatda yaxlit holda his-tuygʻuning teleportatsion tabiatini yaqqol aks ettiradi. Hatto, baʼzida bir yoki bir necha satr mustaqil tarzda bu funksiyani bajarishi ham mumkin. “Kim osmonni ketdi pichoqlab?”; “Maysalar, tovonim sizni sogʻinar, / Togʻlar, viqoringiz qalbimda mangu”; “Maysa, rahmat, oʻsishni eslatib turding”; “Senga aytadigan soʻzim qolmadi, / Senga aytadigan jimliklarim – koʻp”; “Yulduzlarni koʻp koʻrganman hayotimda, / Dengizdagi yulduzlarni keldi quchgim”... kabi “oʻz taqdirini oʻzi hal etishga qodir boʻlgan” satrlar fikrimizga yorqin misol.
Muayyan bir voqea-hodisani hamma koʻrishi mumkin, ammo undan har kim turlicha maʼno chiqaradi. Faqat katta isteʼdodlargina barcha uchun birdek koʻrinadigan panorama ortidagi mohiyatni: ibtido va intiho, hayot va mazmun, oʻlim va umrboqiylik, inson va ilohiyot munosabatlarini, dunyoning qurilishida oʻrnatilgan, jami harakatdagi jonli va jonsiz mavjudotlar uchun birdek ishlovchi absolyut qonuniyatlar murvatlarining aylanish tarzini anglab turadi. Usmon Azim ham ana shunday bilgir sanʼatkorlardan. Derazada bogʻ shovullaydi. Toʻshakka mixlanib, umri oz qolganini sezib yotgan chol oʻylaydi: “Mensiz qurib ketadi. Men oʻlsam, qurib ketadi, kim qaraydi, bu daraxtlarga? Kim suvlaydi? Kim tagini chopar? Kim mehr beradi?”... Derazada daraxtlar shovullaydi: “Bizsiz oʻlib ketadi bu chol, – shivirlaydi daraxtlar. Qaridik – ildizimiz suv ichishdan ham qolgan, ammo chidash kerak, qurimasligimiz lozim, axir, bizsiz oʻlib ketadi bu chol...”. Oddiy sezgi bilan koʻrib boʻlmaydigan, barcha sezimlar tabiat va ilohiyot izmiga koʻchayozgan pallalarda kechadigan bu “shovullashlar” orqali shoir fano va baqo oraligʻidagi taqdirning hal boʻlish pallasini yorqin tasvirlaydi. B.Pasternakning “Kasalxonada” nomli sheʼrida (U.Azim tarjimasi. – A.O.) oʻlimiga sanoqli daqiqalar qolgan bemorning koʻz oʻngidagi qorishiq dunyo: “Parvardigor, qanday mukammal, Sening koring, – oʻylaydi bemor, Oʻrin-toʻshak, odamlar, ajal, Tungi shahar, devor, toʻrt devor”– satrlarida berilgan obraz va motiv-detallarda (“Oʻrin-toʻshak, odamlar, ajal, tungi shahar, devor”) yoki Abdulla Oripovning “Doʻstlarim...” nomli toʻrtligidagi: “– Nega qadding egik, nega boshing xam, Nega nigohingni tortadi tuproq? – Mening yer ustida tanishlarim kam, Mening yer ostida doʻstlarim koʻproq” – tarzidagi insonning oʻziga, sezgilariga bogʻliq boʻlmagan ramziy xatti-harakat va ifodalar (“Nega nigohingni tortadi tuproq?”) barobarida U.Azimning mazkur sheʼrida ham ikki olam kesishuvidagi kechinmalar aks ettirilgan. Sheʼrning yakunida muallifning falsafasi boʻy koʻrsatadi:
“Chol oʻladi.
Daraxtlar quriydi.
Faqat shu mehr qoladi bu dunyoda –
yangi insonlar va yangi daraxtlarning
koʻnglini yaratgani”.
Suhbatlarning birida ustoz Usmon Azim 1995-yil chiqqan mashhur “Saylanma”sidan oʻrin olgan bir sheʼrni eslarkan: “Shu sheʼr negadir kam oʻqildi”, degan edi. Donishmand shoir oʻsha sheʼrni oʻqib berdi. Mutaassir boʻldik. Soʻng kamina aynan shu “negadir kam oʻqilgan” sheʼrni sinov tariqasida adabiy qurlarda oʻqib, uning hissiy taʼsiri – badiiy teleportatsion imkoniyatini tekshirdi. Aksar respondentlar sheʼrni yuqori baholadi. Hamishagidek, sheʼrni tushunmaganlar ham topildi...
Ushbu sheʼrda shoir tabiat hodisasi orqali inson hayotidagi turfa muhim pallalarni sintez qiladi: turmush qiyinchiliklaridan tolgan insonning zada qalbi, hech qachon qaytmaydigan yoshlik va oʻtgan yillarning armonini qorning yogʻishi (ravish, fasllar almashinuvi, vaqt, umr oʻtishi) orqali bayon etadi:
“Yashamoqdan qiynaldi odam.
U oʻyladi – kun koʻrdi bekor.
Tashqarida oq edi olam,
Tashqarida yogʻar edi qor.
U oʻyladi – yengdi qish-u kuz,
Yolvorsa ham qaytmaydi bahor.
Tashqarida oq libos nufuz,
Tashqarida yogʻar edi qor”.
Inson mohiyatan umum ichida ham yolgʻiz boʻlishi, uning qalbi, hislari faqat oʻzi istagan va talpingan narsalar, kishilar bilangina ravnaq topishi, aksincha holatlarda tanazzulga yuz tutishi haqqoniy tasvirlanadi:
“Yolgʻizlikning cheksizligida
Roʻzgʻorini koʻrdikim – afgor.
Nisbat topmay tengsizligiga,
Tashqarida yogʻar edi qor.
Odam maʼyus chiqdi hovliga...
Yorugʻ olam xonasidan tor.
Xush havoni bosib bovriga,
Tashqarida yogʻar edi qor.
Oʻrlamoqda koʻkka tutuni –
Bu uylarning nima dardi bor?
Butun jismi bilan toʻkilib,
Tashqarida yogʻar edi qor”.
Ushbu sheʼrning ohangi yuqumli, uni oʻqiganda kitobxon goʻyo bir inson umrining maʼlum davrlarini aks ettiruvchi fotoalbomni tomosha qilayotganday boʻladi. Tashqaridagi qorning ravishi, shiddati, tizginsiz va beayov yogʻishi – goʻyo “ichkarida” – inson hayotida, turmushida sodir boʻlayotgan kabi taassurot uygʻotarkan, har bir bandda tasvirlangan holat bilan barobarlashadi:
“Bosh urib uy devorlariga
Etdimikan shoʻrlikni bezor?
Kechib dunyo gʻuborlaridan,
Gʻuborlarga yogʻar edi qor...”
Sheʼrning vizuallik xususiyati satrdan satrga kuchayib boradi. Taqriban uchinchi banddan soʻng sheʼrning ohangi oʻquvchining kayfiyatiga koʻchib oʻtadi. Subyektiv his-tuygʻu aniq tasvir orqali teleportatsiya boʻladi. Chiroq yongach derazalardan tushgan nur (tun), turfa taqdirlarning baxtli-baxtsiz hayoti, tarzi tasavvurda aralashib ketadi: Poyezd kabi joʻnagan uylar – tezlik, xayol tezligi (vaqt tezligi) oʻquvchi koʻz oʻngidan oʻtadi:
“Chiroq yondi derazalarda,
Eshitildi gʻaroyib kuylar.
Poyezd kabi allaqaylarga
Qator boʻlib joʻnadi uylar.
Ketar edi suyumli yori –
Qarashida mungligʻ istigʻfor.
Maydalanib, negadir qarib,
Oʻynamasdan yogʻar edi qor”.
Koʻngilning eng olis tublarida berkingan, sogʻinchdan, armonlardan hosil boʻlgan nozik tuygʻular, muqarrar ayriliqlar, uzoqlashishlar, tark etishlar, dafʼatan, kishini maʼyus qiladi.
“Derazadan silkitmasdi qoʻl,
Yigʻlamasdi farzandi oshkor.
Ketgunicha oppoq edi yoʻl,
Hamma yoʻlga yogʻar edi qor”.
Insonga berilgan neʼmatlar, birma-bir qaytarib olinadi, inson goʻdaklikdan keksalikka qadar ming xil tusga kiradi, oʻzgaradi. Ammo tabiat, Yaratganning tartib-qoidasi, vaqt va dunyoning bir tomonga toʻxtovsiz ogʻib borishi, ajdod-avlod almashinuvi hodisasi davom etaveradi: tashqarida qor yogʻaveradi... galma-gal, onadan, doʻstlardan, hislardan, hafsaladan ayrilaverish kishini ajib holatga tushirib qoʻyadi:
“Ketar edi onaizori –
Manglayini mushtlab ustivor.
Tumanlarning bagʻrini yorib,
Tumanlarga yogʻar edi qor.
“Xayr” deydi doʻsti hamkori –
Sabr-u toqat qolmogʻi dushvor.
Havoning tosh bagʻrini yorib,
Doʻstlikka ham yogʻar edi qor”.
Bu shafqatsiz jarayon “odam”ning yolgʻizgina oʻziga emas, uni oʻrab turgan butun boshli borliqqa, atrof-muhitga ham taalluqlidek tuyuladi. Ikkinchi tomondan olib qaraganda, vaqtning hukmiga havola etilajak borliq evrilishlarga, oʻzgarishlarga duchor boʻlishi, tabiiy.
“Chopdi uylar ortidan odam,
Ulgurmadi – talpindi bekor.
Tevarakda oq edi olam,
Tevarakda yogʻar edi qor”.
Allohning qadari tabiat vositasida insonni “hammasi”ga koʻndiradi. Kuni kecha bari jamuljam boʻlgan neʼmatlar “bir zumda” yoʻq! Na yoshlik, na kuch-quvvat, na husn-u tarovat, na doʻst-u yor, na ota-ona, na huzur-halovat, na zavq-u shavq... Vaqt aldab-aldab, aldab-aldab, aldab-aldab odam koʻndiradi. Odam koʻnadi. Bu savdolar goʻyo uni savdoyi yangligʻ “oʻz-oʻzidan kulib yuborishga” majbur qilsa-da, baribir u mukarram. Odam sezadiki, endigi ketish navbati uning oʻziga kelgan.
“Odam qoldi – koʻzida yoshi,
Oʻz-oʻzidan kuldi telbavor.
Oqarardi odamning boshi –
Boshlariga yogʻar edi qor”.
Mazkur sheʼrdagi obrazli ifodalar oʻquvchi ruhiyatini oʻzi bilgan insonlar (onaizor, yor, farzandlar, doʻstlar), motivlar (“tashqari”, qor, deraza, poyezd, daraxt), tasavvurida muhrlanib qolgan oʻrin-joy (uylar, koʻcha, yoʻl), tabiat hodisalari (qor, tuman, dovul, shamol)ni xotirasida “tiklaydi” va muallifning qogʻozga “koʻchgan” his-tuygʻusini aynan mana shu tasavvurlariga “tayanib” teranroq his etadi.
***
Bir dona samolyot yaratish uchun oʻrtacha 120 mingdan ortiq katta-kichik detal ishlatiladi. Nari-beri oʻn olti kilo sof oltin simlardan dvigatelning muhim toʻk oʻtkazuvchisi oʻlaroq foydalaniladi. Nazarimda, shoir ham ana shu sof oltin simga oʻxshaydi. Shoir – vositachi (“oʻtkazgich”). Alloh ato etgan soʻzni oʻzidan qogʻozga “oʻtkazib yuboradi” va badiiy matnda kamida sanʼat darajasidagi ganjina zuhur boʻladi. Aksincha holatdagi bitiklarda esa yoki “toʻk” boʻlmaydi, yoki “sof oltin sim”…
Alibek OMONTURDIYEV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
Vatandosh
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q