
Soʻziga, oʻziga va oʻzgaga nihoyatda talabchan odamning ensasini qotirmaydigan gap aytmoqlik qanchalar mushkul?!
Ha, Erkin aka bugun ancha bagʻrikengroq, toqatliroqdek koʻrinsalarda, men uchun “Otoyining tugʻilgan yili” hikoyasining murosasiz muallifi boʻlib qolganlar.
Erkin Aʼzam hodisasi aqlning sovuq nigohi va yurak hasratining aks-sadosidir. Uning hasrati istigʻfor hasrati, oʻz boshini vijdon sirtmogʻiga ilish hasrati. Aybsiz aybdorlikning maʼsumiyat qarshisidagi tavallosidir. “Anoyining jaydari olmasi”dan boshlangan bu uzrxohlik goh ichkinlashib, goh ijtimoiylashib uzun va huzunli yoʻllardan oʻtib kelyapti.
...Oyogʻini tavof qildim men –
Dunyoda eng omadsiz oʻgʻlon.
“Shovqin”, “Zabarjad”, “Erkak”, “Suv yoqalab” ,“Parizod” asarlarida Usmon Azimning oʻsha mashhur lirik qahramoni holatiga yuzma-yuz kelasiz. Har gal Erkin Aʼzam asarlari haqida xayol surganimda AYOL iztirobi qarshisida chorasiz qolgan omadsiz OʻGʻLONning tomogʻiga tiqilgan achchiq yigʻisi taʼmini tuyaman.
Siz “konfet shimib sheʼr yozadigan” Boʻstonga shafqat qilmaganku, deb eslarsiz, “bogʻu boʻstonlar” yozuvchining soxtalikka, riyokorlikka, oʻzini koʻz-koʻzlashga aniq-tiniq munosabati. Pari qizlar esa GOʻZALLIKKA baxt hadya eta olmagan ZAMIN nomidan uzr.
Chunki sheʼr — shirin taʼm ilinjidan tugʻilmaydi! Dardsizning daʼvosidanda bedavo dard yoʻq bu dunyoda.
Erkin Aʼzam muallifligidagi ssenariylar oʻzbek kinosiga nima olib kirdi?
U oʻzbekning ozurda koʻnglini olib chiqdi. Taqlidlardan, mafkuralardan xoli sof oʻzbek tafakkurini ekranlashtirishga katta hissa qoʻshdi. Millatning maydasi yoʻq, lekin uning mayda-chuyda tashvishlari bor. Shu tashvishlar orasidagi choʻng qalblarni koʻrsatdi.
Hanuzgacha “Novыy mir” jurnali tilga olinganda, Aleksandr Tvardovskiy nomi eslanadi. Bunga sabab, u yolgʻon va oʻzining, yaʼni muvaqqat siyosat va vijdoni orasidan nozik chiziq tortib olgan edi, deydi zamondoshlari. U qirgʻoqning ham, bu qirgʻoqning ham oʻz chegarasi bor. Loʻlining aravasidaman degani OʻZINGni butkul unutish degani emas. Oʻzbekning shu mezonga mos keladigan bosh muharriri kim deyilsa, shubhasiz, birinchi oʻrinda “Tafakkur” jurnalining bosh muharriri nomi tilga olinadi. Katta maʼnaviy iroda va siyosiy fahmu farosatni oʻzida jo eta olgan odamgina oʻsha sezilmas chiziqni oʻzi uchun “xitoy devori”ga aylantira oladi.
Erkin akadagi oʻta kamyob ijtimoiy hayo doim meni hushyor torttiradi. Biror marta “ijodim”, “shogirdlarim”, “muxlislarim” degan soʻz u kishining ogʻzidan chiqqanini eshitmadim. Oʻzini tinimsiz soʻroqqa tutgan, biroz tajang, biroz odamoxun oppoq sochli navqiron yoʻlovchi U!
Iqbol Qoʻshshayeva,
jurnalist
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q