Shirin ogʻu, shirin oʻldirar – maddohlik illatining ildizi qayerda?


Saqlash
12:10 / 11.08.2025 60 0

Baxtimizni koʻringki, siz-u biz bu mamlakatning Uchinchi Uygʻonish davri fuqarolarimiz. Qay birimiz oʻzimizni va boshqalarni uygʻotish ilinjida zahmat chekyapmiz, qay birimiz esa ayni jarayonni serhafsala bir tarzda kuzatib turibmiz. Yonginamizda nufusi nomaʼlum gʻofillar jamoasi ham umrguzaronlik qilmoqda. Ziyoni yoʻq, Choʻlpon hazratlari aytganidek, uygʻotmoq – uygʻonganlarning burchi. Ammo uygʻonish va uygʻotish azobi kamdek, halqumi yoʻlida hammani “alla”lamakka chogʻlangan toifa ajdodlar zamonidan buyon bizga hamqadam. Ortda qolsa yetib oladi, oʻzib ketsa kutib turadi. Ular shunchalar yashovchanki, tan bermay ilojingiz yoʻq. Eslatish foydali degan aqidaga binoan “alla”chilarning feʼl-xoʻyidan gurung ochdik, umidki sobir boʻlib oʻqigaysiz!

 

Maddoh muhabbati

Maddohlar psixologiyasi ochilmagan qoʻriq desa ham boʻlaveradi. Xatti-harakatlarini, maqsad va intilishlarini tahlil etarkansiz, rosmana jumboq bilan yuzlashasiz. Deylik, bir paytda ular ongida oʻzaro qarama-qarshi istaklar bosh koʻtarishi mumkin. Isbot etilganki, dardi bedavoga yoʻliqqanlarning aksariyat qismi kasalligini boshqalarga yuqtirish payida boʻlishadi. Baxtsizlik iskanjasida yolgʻiz oʻzim oʻlib ketaveramanmi qabilida. Maddohlarning boshqalar nega oʻzidek oʻylamayotgani, nega u alqayotgan shaxsning “fazilat”larini payqamayotgani, qoʻshilishib maqtamayotgani, bilʼaks tanqid qilayotganidan jigʻibiyronligini koʻramiz. Ammo allaqachon maddohlik sindromiga chalingan birovi u nishonga olgan “obyekt”ni oʻzidan yaxshiroq maqtasa, rashk alangasida kuyadi. Hatto, dushmanona raqobatga kirishadi. Kimoʻzar shunday bosqichga yetadiki, beixtiyor Abdulla Oripovning “Ikki xushomadgoʻy” sheʼri yodga tushadi. Chetdan kuzatib, “Sharmandalar konkursiga marhabo!” deysiz.

 

Kichikroqdan kattaroq

Bir universitetga taklif qilindim, rektorni hokimiyatdagi majlisdan kelgunicha kutishim kerak boʻldi. Zerikib qolmasin yoki iltifotsizlikka yoʻymasin dedimi, prorektor xonasiga chorlab, bir gulzordan, bir chimzordan gap berib, chalgʻitib turishga urindi. Biroq kamina qolib, oʻzi tez-tez chalgʻirdi, derazaga olazarak boqardi. Axiyri boʻlmadi, yordamchisini chaqirib, qarab turing, rektorning mashinasi koʻrinsa, xabar qilasiz, deb tayinladi.

 

– Aka, xijolat boʻlmang, domla ham kelib qolar, gaplashib oʻtiribmiz-da, – dedim prorektorga malollanmayotganimni bildirish uchun. Uning javobi esa hayron qoldirdi:

– Toʻgʻri... Faqat domla kelganida chiqib kutib olishim kerak-da...

– Ie, nega kutib olasiz?

– Oʻzi shunday, domla kelganda hamma prorektorlar oldiga chiqishimiz kerak. Kabinetiga kirguncha yoʻl-yoʻlakay topshiriqlar beradi...

Shunday ham boʻldi. Rektor janoblari kelganida, akamiz qoʻltigʻiga daftarini qistirgancha, eshikka otildi. Meni esa noxush bir kayfiyat qurshab olgandi. Nahotki, nahotki!.. Buni kim odat tusiga kiritdi? Minbarlarda maʼrifiy nutqlari bilan tilga tushgan rektormi yoki laganbardor prorektorlar? Rektor rostdan maʼrifatparvar boʻlsa, bunga qanday yoʻl qoʻyib berdi, qanday koʻnikdi ekan-a? Rektorning holiki bu, prorektorlar oʻzidan quyi lavozimdagilardan bundan ham ortiqroq tavoze kutishmasmikan?

 

Illatdan fazilat izlab

Besh-olti yil avval bir yosh shoir maddohona “shigʻir”lari bilan tilga tushgandi. Ayniqsa, “Onamning aytishicha, tugʻilganimda “inga”ning oʻrniga Vatan deb yigʻlaganman. Yuragim duk-duk emas, yurt-yurt deb urayotganday tuyuladi”, degan mazmundagi satrlari bor sheʼrini videorolik qilib tarqatgach, umumkulgiga qolgandi. Keyinchalik bu yigitning qofiyaband narsalarini koʻrmadim, hozir “Fayzbogʻ”dagi sahifasida katta-kichik matnlar yozib, alqovchilik bilan shugʻullanyapti. Yaqinda viloyati hokimining oʻrinbosarini maqtab, koʻp “duoyi xayr” qilibdi. Bizni u amaldorning olijanobligiga ishontirish uchun, ogʻir kasal boʻlgan yaqin tanishini shifoxona qabul qilmaganda, shu hokim oʻrinbosari muammoni hal qilib, shifoxonaga joylashtirganini yozibdi. Oʻylab qoldim, shu vatanparvar odamning gapimi? U vatanini tanish-bilishsiz ish bitmaydigan joy qilib koʻrsatmoqchimi? Agar rostdan ham u aytganday boʻlsa, maqtash emas, tenglik tamoyilini buzayotganlarni tanqid qilishi, qonun asosida yashash haqida bong urishi kerak-ku!

 

“Qirol oʻldi! Yashasin qirol!”

Vafosi ham kam boʻlarkan bu maddoh qavmining. Ozgina nasibasi borlari eski xojamiz ham yomon emasdi, ammo bunisining tengi yoʻq, tanish, tan olish, taʼzim qilish kerak, deydi. Sadoqatning soyasidan ham bexabarlari esa sobiqning davrida ezilganidan shikoyat qiladi.

Uchinchi Renessans poydevorini tashlayotganimizda, jamiyatimizda alhol ijtimoiy tarmoqlarga, asosan “Fayzbogʻ” atalmish qoʻriqqa ommatan koʻchish boshlandi. Eslasangiz, bu ixtiyoriy-majburiy tarzda roʻy berdi. Rahbarlar oʻzlariga rasmiy-norasmiy soʻzchilar yollab, xodimlari zimmasiga oʻshalarning targʻibot materiallari ostiga haybarakalla izohlar yozishni, bilʼaks tanqid qilganlarni “savalash”ni burch qilib qoʻydi. Shu tariqa “bogʻ”dan ham “fayz” ketdi. Nachora, renessanslar demokratik muhitda yuz berar emish, piar esa demokratiyaning asosiy unsuri, qudratli kuchi.

 

Oʻzim tugʻilib oʻsgan viloyatda ham mazkur jarayon avj pallaga chiqqan paytlar. Kayfiyatini bayon etish ilinjidan mosuvo gʻofillar ham suruv-suruv boʻlib “Fayzbogʻ” kezinardi. Tashabbusni qoʻlga olgan, gapga chechan maddohlar viloyat buzrugining naqadar olijanobligidan lof urar, suruv esa uning ortidan shon-sharaf oʻqishga tushardi. Nafsilamrini aytganda, buzruk ham ham chakana odam emasdi, koʻp yaxshi ishlar qildi. Vaqti zamoni yetib, buzruk oʻrnini boshqasi egalladi. Ana undan keyin ilon poʻstini yangilagani kabi bizning soʻzsotarlar ham niqoblarini almashtirib olishdi. Bir guruhi eski buzrukni tilga olmay yangisi shaʼniga madh ayta boshladi. Yana bir guruhi, eski buzruk yaxshi edi, lekin mana bu kishining shiddatidan sezib turibmiz, viloyatimiz “jannatmakon” boʻlib ketadi, dedi. Bularda misqol qadar vafo bormidi yoki kasallik sindromi hali quyi bosqichlarda namoyon boʻlayotganmidi... xullasi, shashti past keldi. Ammo ashaddiylarimiz quturgandan quturdi, sobiqni u goʻrdan olib, bu goʻrga soldi. Koʻngli toʻlmay, ustidan bir karson magʻzava agʻdardi. Soʻng goʻrni tekislab, tepasiga taxtiravon oʻrnatdi. Qoʻllariga yelpigʻich olib, yangi buzrukni yelpiy boshladi. Yelpigʻich yel oʻrniga shirin yolgʻonlar, maqtov soʻzlar haydardi... allamisan alla! Buzruki soniy dong qotib uxladi.

 

Kechirasiz, oʻzimni roviyi davron sanab, hikoyachilikka berilib ketibman. Maʼlumot uchun aytib qoʻyay, yangi buzrukimiz avvalgisiga qiyoslaganda noshudu notavon edi. Maddohlar qurgan “taxtiravon”da bir yilgina oʻtirib berishga ham yaramadi.

 

Endi jafoli maddohlarni tushunishga urinib koʻraylik. Ular sobiq davrida himmatidan bahramand boʻlib yashadi, ogʻzidan bol tomib maqtadi. Kamchiliklarini aytganlarga uyatu andishani yigʻishtirib qoʻyib, betiyiq tashlandi. Soʻng bir yumaladi-da, yangi rahbarga olqishlar yogʻdira boshladi, shu asnoda eskini barcha koʻrgiliklarda ayblab laʼnatlashda ham bayroqdorlik qildi. Atrofdagilar lol, nega kecha koʻkka koʻtargan odamini bugun yerga uryapti? Oʻsha kezlarda uning aybini bilmasmidi? Bilsa, nega yillab maqtadi, tanqid qilmasa ham maqtamasdan jim tursa boʻlardi-ku? Yoki koʻzlari zumda ochilib qoldimi? Ochildimi oʻzi? Yangimiz shaʼniga aytayotgan olqishlari ham soʻqir koʻzlar mahsuli emasmikan? Ertaga bu ham ketsa, endi uygʻondim, demaydimi? Lol-u hayronlarga javobimiz shuki, albatta deydi! Yangi haydalish kuyini chalib, eskiga aylangan zahoti, bular yana koʻhna ashulasini boshlaydi. Xonasi kelganda, Bobur boboga oʻxshatma qilsak:

Qaysi rahbar koʻribdur ahli maddohdan yaxshiligʻ?

Aqli noqis boʻlmasang, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ!

 

Boʻysundirilgan koʻzgular

Yozuv-chizuvni boshlagan kezlarimda, men hech qachon gazeta muxbiri boʻlolmasam kerak, deb oʻylardim. Barcha gazetalarda xabaru maqolalar koʻtarinki, murakkab va jimjimador matnlardan iborat boʻlardi, bunday yozish qoʻlimdan kelmasligi xavotirlantirardi. Rost, ayni shakldagi maqolalarni yozish uchun yuksak aql-zako, bemisl bir salohiyat zarurligiga ishonardim. Ish boshlaganimda tushundimki, hecham oʻylaganimdek emas ekan. Bu jumlalar, bu iboralar soha sarustunlari tomonidan allaqachon “ijod” qilingan va respublika gazetchilari (boʻlajaklari ham) ularni oʻz oʻrnida istifoda qilsa, olam guliston ekan. Qaysi jabha haqida soʻz bormasin, pirovardida bir kishining tashabbusi bilan taraqqiy etayotganiga urgʻu berilardi. Oʻsha jabhada ishlayotgan kishi esa bu maqolani oʻqisa – nochor ahvoli, yetishmovchilik, tuganmas hayotiy muammolari tufayli yozmay qoʻling singurlarni bir nima qilib qoʻygisi kelardi. Ehtimolki, shuning uchun ham u gazeta oʻqimasdi. Shu zaylda deyarli hamma gazetaga ham, gazetachilarga ham gʻashlanib qaraydigan boʻldi.

 

Gazetalar inqirozi tufayli maydonni boshqa turdoshi egalladi – Televideniye rivojlanib, telekanallar soni ortarkan, matbuot bilan ovungan omma ekran qarshisiga mixlandi. Ammo yuqoridagi tadrij takrorlandi, ijtimoiy-siyosiy hayotga taalluqli axborotlarni uzatishdagi bir yoqlamalik, maqtovga asoslangan rakursdan jilmaslik davlat tasarrufidagi televideniyeni eʼtibordan qoldirdi. Endi u na xalqqa yoqardi, na hukumatga. Xalq nazdida yolgʻonchi maddoh, hukumat nazdida esa umummanfaat uchun qilinayotgan yaxshi ishlarni xalqqa yetkazolmaydigan noʻnoqlar jamoasi. Oʻrtaga tushganning shoʻri qursin!

 

“Bu maydonda men qul, sen – ega”

“XX asrning eng kuchli ehtirosi – malaylikdir”, deb yozgandi farang adibi Alber Kamyu. Qaydam, malaylikning kuchayishi faqat oʻtgan asrga doxilmidi, undan oldingi davrlarchi, bugunchi? XX asr dunyo tartibotini oʻzgartirgan, tomiri yolgʻondan suv ichadigan tuzumlar hokimiyatga kelgan davr boʻldi. Oʻsha tuzumlarning merosxoʻrlari oʻrtasida bugun ham malaylik qadrlanadi. Malaylar aziz joyda esa aql va isteʼdod sohiblariga oʻrin yoʻq. Boisi, ular tabiatan malay boʻlolmaydi. Natijada, haqiqatgoʻy til va magʻrur bosh salohiyati bilan mamlakat farovonligiga qanchalik darajada hissa qoʻshishi mumkin boʻlmasin, tuzum undan voz kechishiga toʻgʻri keladi. Usmon Azim bir gurungida, “Hozirgi dunyoga daholar emas, bozorga chiqib narxini aytib oʻtiradigan oʻrtacha odamlar kerak”, degandi. Shoir haqligiga avtoritar tuzumlarni-ku qoʻyib turing, demokratiyani bayroq qilgan ayrim mamlakatlarda kuzatilayotgan voqealar, shaxslar taqdiri misolida ham guvoh boʻlyapmiz. Buning oqibatida esa bizga susambildek koʻringan jamiyatlar koʻz oʻngimizda tanazzul tomon ketmoqda.

 

Bosh malaylar va yosh malaylar

Malaylikning “kuchli ehtirosi” maddohlikda namoyon boʻladi. Uni sanʼat darajasiga koʻtarolganlari bosh malaylarga aylanadi. Soʻngra ular boshqalariga rahbarlik qilish asnosida, yosh malaylarni tarbiyalab, kamolga yetkazadi. Bu qanday amalga oshadi, yaʼni malaylar qanday yetishtiriladi? Savolga javobni birga izlaymiz.

 

Sovet maktabida oʻqigan avlodning “koʻzi ochiqlari” eʼtirof etadi, taʼlim berish mobaynida ular ham milliy, ham diniy qadriyatlardan uzoqlashtirilgan. Oʻrnak olishga, sigʻinishga yagona zot sifatida Lenin siymosi, uning “barhayot” gʻoyalari taqdim qilingan. Faqatgina u, uning gʻoyalari madh etilgan asarlargina adabiyot va sanʼat namunalari oʻlaroq qabul qilinishga va targʻib etilishga loyiq koʻrilgan. Neki yutuq, neki yorugʻlik boʻlsa dohiyga bogʻlangan. Yaqinda “Sovet xalqlari ertaklari” deb nomlangan kitobda Lenin va Stalinning Xudoni qanday magʻlub etgani haqidagi tuturiqsiz voqealar hikoya qilingan ertakni koʻrib, sal qolsa esxonamdan ayrilay dedim. Shaxsga sigʻinish darajasi tariximizda boshqa hech qachon bu miqyosda boʻy koʻrsatmasa kerak, nazarimda. Tuzumning targʻibot mashinasi shunchalik qattiq ishlaganki, keyinchalik bu illyuziyalardan xalos boʻlishgan esa-da, vaqtida unga qattiq ishongan isteʼdodli va salohiyatli yoshlar yetishtirilgan. “Aldangan avlod”ning hozir keksalikni yashayotgan aksar vakillari esa hali ham Lenin gʻoyalari va sovet zamoni qaytishiga umidvor boʻlib umrguzaronlik qilyapti.

 

Keyinchalik ham, yaʼni biz oʻquvchi boʻlgan kezlarda muallimlarimiz davlat rahbarini ilohiy obrazda talqin qilar, madh etar, unga sigʻinishga undardi. Bizning u kishi haqidagi muqaddas bilgilarimizga faqat Leninni sogʻingan katta yoshlilargina goh-goh chang solib turishardi. “Kamolot” atalmish yoshlar harakati safidagilar shaxsga sigʻinishda komsomol salaflaridan qolishmasdi. Ular biyron tillari bilan hamma yaxshilik, hatto tirikligimiz ham davlatimiz rahbariga bogʻliqligi haqida chinqirib madh aytishardi. Televideniyega bergan intervyusida farzandi tugʻilishini ham davlat rahbarining islohotlari samarasi deya baholagan yoshlarni koʻrganman. Albatta bugungi ochiq va erkin jamiyat qurish yoʻlidagi urinishlar bizga u manzaralarni unuttiryapti. Ildizimizga qadar yetgan bu illat haqida oshkora soʻz ayta olayotganimiz ayni shu oʻzgarishlar tufaylidir.

 

Pufak yoriladi

Yaqinda qiziq bir ilmiy dalilga duch keldim. Maqtov eshitayotgan insonning miyasi serotonin gormonini ishlab chiqararkan. Bu bosh miyaning ongli qismidagi 14 milliard hujayradan 10 milliardiga rohat bagʻishlarkan. Muntazam maqtov eshitgan inson miyasi ishlab chiqarilayotgan gormon miqdoriga oʻrganib qolarkan va bangi misol qaramlikka yuz tutarkan. “Maqtov – shirin ogʻu, shirin oʻldirar”, deb yozgandi Rauf Parfi. Shirin oʻlim qanday boʻladi? Masalan, maqtovdan pufak kabi shishaverasan, nazdingda borgan sari ulugʻvorlik kasb etasan va bir kuni pufakdek yorilasan. Jarayonning eng joʻn tasviri shu boʻlsa kerak.

 

Diniy manbalarimizda ham maddohlarning yuziga tuproq sochish kerakligi, u oʻzi madh etayotgan odamni halokatga uchratuvchi ekani qayd etilgan. Demak, esi bor odam, ayniqsa bir martaba egasi mubolagʻali madhlarni oʻzining aqlu farosat chigʻirigʻidan oʻtkazmogʻi lozim. Yaxshisi, har qanday maqtovga quloq tutmagani afzal. Yaxshi gap, chin eʼtirof – umrini ezgulik yoʻliga tikkanlar uchun ragʻbat, olgʻa yurishga mador boʻladi, deymiz. Ammo alqovda haddan oshiladigan, manfaat koʻzlanadigan jamiyatlarda shaʼniga aytilgan maqtovlarni yurakka yaqin keltirmaganlar yutadi.

 

Satirik yozuvchilardan biri: “Oʻzingdagi hayvonni otish uchun litsenziya shart emas”, degandi. Qoʻshimcha shuki, “bu hayvon”ni otish uchun qurolga ham ehtiyoj yoʻq, vijdon qoʻngʻirogʻi bong ursa basdir!

 

Sirojiddin IBROHIM

 Foto: Behzod SOBIRJONOV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:08 / 06.08.2025 0 176
Qultegin bitiktoshida nimalar yozilgan? 2-maqola





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//