Biz bil(ma)gan Erkin A’zam – Yozuvchi asarlarida o‘zini qanday “fosh qiladi”?


Saqlash
19:23 / 09.08.2025 212 0

Adabiyotshunoslikda ijodkor ustaxonasi va ijod jarayoni to‘lig‘icha ochib berish qiyin bo‘lgan muammolardan. Dunyo adabiyotshunoslik maktabida biografik metod tarafdorlari muallif hayoti va ijodini birlikda o‘rganishni taklif qilsa, psixobiografik usulni yoqlovchilar ijodkorning ruhiy holatlariga e’tibor qaratishni afzal sanaydi. 

 

Rus yozuvchisi D.Merejkovskiydan bu haqda so‘raganlarida: “Men o‘zi hayotligida yozilgan biografiyaga ishonmayman. Avtobiografiyagacha nima bo‘lgani aniq bo‘lmasa-da, qo‘limda badiiy asar bor. Shuning o‘zi yetarli. Odamzod hech qachon hayotini oxirigacha bila olmaydi, o‘z hayotini bilmagan odam o‘zgalarnikini bilmasligi aniq. Tashqi hayot haqida so‘zlash zerikarli, ichkarisini esa aytib berish imkonsiz”. Erkin A’zam ijodida ham ana shunday “kodlar” bisyor. Biroq adib tomonidan tartibga keltirilgan hasbi hol ijodkor ruhiy holatlarini ochib berishga doim ham imkon beravermaydi. Shu bois bitiklarga sochilgan “kodlar” orqali adib shaxsiyati va ijodi munosabatlarini bilishga harakat qilamiz.

 

“Nimkosa”lar nima deydi?

 

Erkin A’zamning roman, qissa va hikoyalari nafaqat o‘zbek, balki dunyo kitobxonini ham o‘ziga jalb etib kelayotgani sir emas. Ijodkorning publitsistik faoliyati o‘zbek matbuotida alohida sahifa sifatida e’tiborga loyiq. Yozuvchi badiiy asarda g‘oyaviy niyatini pardalab ko‘rsatishga harakat qilsa, publitsistik asarlarida o‘ziga xos ifoda uslubi, hayotiy tutumlari, ijodiy manerasi ochiqroq akslanadi. Adib ijodiy qiyofasini yaxlit birbutunlikda tasavvur qilish uchun asarlari zamiriga singdirilgan g‘oyaning umumiy va xususiy jihatlarga diqqat qaratish zarur. Muallif ijodiy ustaxonasining “javhar”ini tashkil qiluvchi: oila (nasliy-genetik), ijtimoiy-siyosiy vaziyat, adabiy muhit, psixobiografik  omillar ham bunday yondashuvda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Ko‘p holatlarda yozuvchi shaxsiga, ijodiga baho berishda faqatgina u yaratgan asarlarga bog‘lanib, yozuvchi shaxsi hamda uni o‘rab turgan oilaviy va adabiy muhit e’tibordan chetda qoladi, kemtiklik paydo bo‘ladi. Biz ko‘pincha yozuvchi kimdan ta’sirlangan, qaysi kitoblarni o‘qigan, qaysi dargohda saboq olgan, ustozi kim, hech bo‘lmaganda, u kimga taqlid qilishi bilan qiziqamiz. Mana shu qiziqishlarga bilib-bilmay o‘ralashib, yozuvchi shaxsini butunlay tadqiq doirasidan chetlashtirib qo‘yamiz. Balki, xuddi shu jihat bugungi adabiyotshunoslik va adabiy jarayondagi mavhum nuqtalarni oydinlashtirishga, asar zamirida yashiringan mohiyatni anglashimizga ko‘mak berishi mumkin.

 

Yozuvchi asarlari matniga e’tibor qaratsak, kosa tagida nimkosa, kulgi ortiga yashiringan yig‘i ohangini bir ko‘rishda ilg‘ash oson emas. Biz bilgan (o‘zi  to‘liq bilamizmi?) Erkin A’zam qaysi kitobni o‘qib yoki qaysi dargohda ta’lim olib bunday so‘zbilgich bo‘ldiykin?.. Erkin A’zam qahramonlari tilining burroligi, keskirligi, hozirjavobligi, kesatiq-pichingga moyilligi yozuvchining zuvalasi iylanib pishitilgan oila muhiti, shakllangan tafakkur tarzi, ona tilining bilimdoni ekanligi bilan izohlanadi.

 

Akademik momokalonlar maktabi

 

Adib hayotiga chuqurroq nazar solish maqsadida hasbi holga yuzlanamiz. Ijodkor inson tarjimai holini o‘rganishda asarlar bilan birga kundalik, yozishmalar, xotiralar, qaydlar ham birlamchi manba bo‘lib xizmat qiladi. Ikki o‘rinda Erkin A’zamning o‘zi tomonidan tayyorlangan tarjimai holga duch keldik. “Ertak bilan xayrlashuv” kitobida “Gapni o‘zimdan boshlasam” deb nomlangan kichik hasbi hol berilgan. Shu kichik matnda yozuvchi bibisi va “har bir gapiga maqol-matal qo‘shib gapiradigan va bularning barchasini o‘zlari to‘qiydigan” onasi haqida bir-ikki so‘z qistirib o‘tadi. Yo‘l-yo‘lakay aytilgan kichik izohda adib ungan zamin haqidagi samimiy e’tirof bor. Matalsiz, maqolsiz gapirmaydigan “akademik” onasi va bibisi yozuvchini bolaligidanoq so‘zga oshno qilgan, shu dargohning sirli chashmasidan tashnaligini qondirgan, xalqona ohanglarning jamiki ranglarini tanitgan. Shuning kuchi, quvvati bois yozuvchi asarlarida so‘zning tafti bor, o‘zgacha yog‘dusi bor. El kayvonisi va kitobsevar Normamat otaning ma’rifati – yozuvchiga qon meros. Qolaversa, milliy qadriyatlar ustuvor sanalgan oilada ulg‘aygan yozuvchining ijodida ana shu “yo‘l”ning izlarini ko‘rish mumkin.

 

Besh jildga jamlangan “Tanlangan asarlar”i dastlabki kitobida yozuvchining hikoyalari saralab olingan. Kirishda muallif tomonidan tartiblangan tarjimai hol bor. E.A’zam hasbi holini  kutilmagan va ko‘nikilmagan bir shaklda taqdim etadi. Shu o‘rinda yozuvchining mahoratiga tan bermay iloji yo‘q. Kinoya-qochirimga boy lavhalarda xalqona ohangdagi joziba o‘quvchini maftun qiladi. “Nov boshida ikki momokalonim” deb nomlangan o‘ngso‘zni alohida hikoya deb atash mumkin. Muallif hasbi holga shu darajada mahorat bilan ishlov beradiki, ifoda usuli o‘quvchini rom qiladi. Muallif o‘zi istagan “maydon”da o‘quvchini ergashtiradi, kechmish lahzalariga bir muddatlik “ishtirokchi”ga aylantiradi. Muallifning bolalik xotiralariga cho‘kib ulgurgan nurli lahzalar tilga olinadi. O‘ttiz sahifadan ortiq matnda yozuvchi sizni bolalik dunyosiga olib o‘tadi, siz ularni yaqindan bilganday qabul qilasiz. Muallif tarjimai holini noodatiy tarzda, chalg‘itadigan usul bilan bayon qiladiki, har qanday ziyraklik ham ish bermaydi.

 

“Adabiyotning bodi bolasi” qanday katta bo‘ldi?

 

Yozuvchiga hasbi hol bilan bog‘liq savollar berilganda ko‘p holatda chap beriladi: “Ilk sevgi, vafo-bevafolikka o‘xshagan nozikroq mavzularga kelganda esa hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berilmagan – odob-axloq va sha’n masalasi bor o‘rtada; mushkulroq esa-da, bularni badiiy yozmalardan “paypaslab” bilib olsa bo‘lar”. Yozuvchi tomonidan tartibga keltirilgan “sahih” manbada bolalikning yorqin xotiralari orasidan keraklilarini “paypaslab” olishga urindik.

 

Viqorli tog‘larga tutash Boysunda ulg‘aygan adib tabiatan xislatlarga “andak o‘rrog‘-u o‘jarroq” ekanligini aytib, shu bois “andak bodiroq emasmikanmiz?” deya tushuntirish beradi. Fikr davomidan ta’rifni izohlaydi: “Yuksakliklarga boqib o‘rgangan ko‘zga tep-tekis manzillar pisand emas-da!” Izohda balki jon bordir... Tog‘ odamlari tabiati o‘zgacha bo‘lishi mumkin.

 

Ustozlarimizdan biri Erkin A’zam va uning safdoshlarini nima uchundir “adabiyotdagi bodi bolalar” deb ta’riflardi. Sababini so‘raganimda “Imkonidan da’vosi katta-da balalarning”, derdi. Bodilik ham bor gapga o‘xshaydi.

 

Muallif bolaligida bir marta bog‘da yo‘qolib – olchazor-u o‘rikzor orasida adashib, qattiq qo‘rquvga tushganda yig‘laganini hikoya qiladi. “Endi butunlay shu yerda qolib ketdim”, deb vahimaga tushganini negadir unutmaydi. Va bu voqeani ellik besh yil o‘tib qayta eslaganda yanayam qiziq vaziyatga tushadi: “Meni hech kim tushunmagan damlar ko‘pincha shunday bo‘ladi. Sizni hech kim tushunmasa, yo‘qolganday gap-da, to‘g‘rimi?” Agar bu fikrlarni ijod bilan bog‘lasak, sening yozgan va yozayotganlaringni odamlar tushunmasa, qabul qilmasa... o‘tgan umr “yo‘qolish” bilan barobar-ku! Yozuvchining keyingi so‘zlari yanayam mulohazaga chorlaydi: “Goho o‘ylayman: yo‘qolish hodisasi mening qismatimga uyqash bir hol ekan-da”. Yo‘qolib qolish bilan uyqashlik! Yo‘qolish – izsiz ketishmi, qilgan ishlarining besamar bo‘lishimi, ishonchsizlikmi? Tajribali ijodkorning o‘ziga ishonmasligi mulohaza qo‘zg‘aydi. Ishonchsizlik desak o‘zini oqlamas – “bodilik” da’vosi qayoqqa ketadi? O‘zini malomat qilish, nafsini sindirish, kibrni o‘ldirish kabi ulug‘lar solgan yo‘lning izlaridir balki... Qoniqmaslik hissi, bezovtalik ortib, “yo‘qolish” tuyg‘usi bosh ko‘tarib qolar... 

 

Normamat bobodan meros qadriyatlar

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, muallif kitob qadrlangan oilada o‘sib ulg‘aygan. Otaning farzandlariga yuklagan eng katta yumushi – o‘qish.

 

Kim ko‘p kitob o‘qisa, rubob olib beramiz”.

“...kitoblarni o‘qib chiqsang yozda lagerga borasan”

“Ayt-chi, yozgi ta’tilda nechta kitobni o‘qib tushirding?”

 

Oila kun tartibiga shu kabi savollarning qo‘yilishiyoq xonadon ma’rifati va xotirjamligini ko‘rsatadi. Normamat boboning bolalari tirikchilik tashvishini o‘ylamay bolalarcha yashagan, istasa – bog‘chaga bormaslik uchun “manniy kasha” qo‘zg‘olonini uyushtirgan. Tengdoshlari orasida velosipedli boyvachcha bo‘lib tanilish... Elning kayvonisi bo‘lgan ota bilan otga mingashib sayr qilish... Eng muhimi, bolalar e’tibordan chetda qolmagan, ularning istaklari bilan hisoblashilgan. Barchasi shirin xotira bo‘lib, muallifning qaysidir asarida “undirgi” bo‘lib xizmat qilgan. “Suv yoqalab” asarida Normamat bobo va Erkin A’zam hayotiy tutumlarining aksini ko‘rish mumkin. Holbuki, axloqiy qadriyatlar qamrovida ulg‘aygan, tasavvur doirasi keng bolaning orzu-umidlari ko‘p bo‘ladi. “Shahardan mehmon keldi” hikoyasidagi bulutlarga rasm solgan bolakayning orzularida yozuvchi bolaligining bir parchasi aks etganday...

 

Yozuvchi asarlari umummahrajida mavjud qoniqmaslik hissi, “noraso”likdan kuyinish, adolatsizlikka qarshi borish tuyg‘usi qayerda undirilgan degan savol o‘rtaga chiqadi. O‘ziga to‘q, osoyishta xonadonda ulg‘aygan bola dunyoqarashidagi bunday ziddiyat mulohazaga chorlaydi. Haqiqatparvarlik qaysi zaminda o‘stirilgan? Odamzod “noraso”likni ko‘rganda “raso”likni tusay boshlaydi. Zug‘umga uchragan kishi adolatni qadrlaydi, uni himoya qilishni maqsad qiladi. Ehtimol, adolatparvarlik tuyg‘usi Normamat bobodan otameros qadriyatdir? Asarlar zamirida yashiringan adolat tuyg‘usi, erk masalasi ham muallif shaxsidagi yetakchi belgilarni ochiqlaydi.

 

Ijodorning keyingi yillarda yozilgan kitobida shunday fikrlar uchraydi: “Ertalablari negadir charsillab turaman. Hech narsa yoqmaydi. Dunyo ko‘zimga qorong‘i. Gap qo‘shgan odam baloga qolishi aniq. Bu vaqtda olamning bor g‘am-u tashvishi guyo kaminada: mushkul muammolar, haqsizliklar, norasoliklar. Ko‘ngilda shularga qarshi tiyiqsiz isyon jo‘sh uradi. Bugunoq borib shu masalani hal qilmasam! Bugunoq borib shu gaplarni shartta-shartta aytib solmasam! Bo‘ldi, shuncha zamon musichaga o‘xshab yurganim, chidab kelganim yetar! Bu nima bedodlik axir!” Bu yozuvlarni o‘qib katta bir ruhiy inqilobga tayyorgarlikni kutasiz. Ammo yozuvchining shahdi birdan sinadi: o‘zi aytgandek “yaxshi odam”ga aylanib ma’yus tortadi. Bu jur’atsizlikmi yo murosaga o‘tishmi? Vaziyatni o‘nglab bo‘lmasligini aql anglab yetsa-da, ko‘ngil qurg‘ur ko‘nmaydi-da... Bir yonib o‘chganday bo‘ladi-yu, ammo tutab behuzur qiladi. Tutantiriq yana bir yonishga yo‘l beradi-yu, yana... Imkonsizlikdan zo‘riqishmi? Nima bo‘lganda ham nihoyatda og‘ir jarayon. Butun isyonni ichiga qamab o‘tish, nohaqlikka ko‘z yumish aqli raso odamni ezib tashlaydi. Ana shu noroziliklar “yonib, tutab” qalbni qiynoqqa soladi. Yonib-o‘chishlar, iztiroblar qog‘ozga to‘kiladi, so‘zga solinadi.

 

 “Alpomish”dan Shukur Xolmirzayevgacha

 

Bolalikda o‘qilgan kitobning har biri adib tafakkurida o‘ziga yarasha iz qoldirgan: “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish” kabi katta xazina yoniga “Tom Soyer” kabi durdonalarning qo‘shiluvi ma’lum bir fikriy kompozitsiyaning shakllanishiga xizmat qildi. Xalq donoligi asosiga qurilgan eposning muhtasham qurilmasi adib badiiy yaratiqlarida sayqallanib, indiviual hodisa o‘laroq bo‘y ko‘rsatdi.

 

Bolaligida adib “katta bo‘lsang kim bo‘lasan?” degan savolga ikkilanmasdan “yozuvchi bo‘laman!” deb javob beradi. Ham ishonch, ham qat’iyat bilan aytilgan so‘z bugun kuchga enganiga shubha yo‘q. Shukur Xolmirzayev bilan uchrashuv va ustozning o‘gitlari muallifga katta maktab bo‘ldi: “O‘zing yaxshi bilgan narsalarni yoz, detallarni tasvirlashni o‘rgan”. Ko‘rgan, ishongan narsalarini yozish muallif ijodiy konsepsiyasining asos qismini tashkil qiladi. “Kechirasiz, o‘rtoq muallim!” qissasidagi haqiqatparast bola keyinchalik “Otoyining tug‘ilgan yili”dagi Asqarga evrilganiga ishonch hosil qilamiz.

 

“Ertalabki xayollar” kitobida yozuvchining ijod va hayot bilan bog‘liq adabiy-estetik qarashlari aks etgan sara maqolalar jamlangan. Mazkur kitob yozuvchining ijodiy konsepsiyasini ochiqlashga imkon beradi. Kitobda muallifning turli yillarda e’lon qilingan adabiy, ijtimoiy mavzularga bag‘ishlangan maqolalari, qaydlari va suhbatlari joy olgan. Turli yillardagi chiqishlarida yozuvchi ijod va adabiyot bilan bog‘liq juda qimmatli ma’lumotlarni berib o‘tadi. Muallifning ijod  va badiiyat haqidagi fikrlari turli yillarda turfa davrada aytilgan bo‘lishiga qaramay yaxlit bir fikr atrofida birlashadi. Sochmalar shaklida aytilgan fikrlarda iqror va xulosalar o‘z aksini topgan. Bolalik xotiralarining ijodkor hayotida “oltin zaxira” bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

 

“Ko‘nglimning olami adolatliroq”

 

“Toshkentga 17 yoshimda kelganman. Odamning bolalikdan qolgan taassurotlari uning keyingi umridagi taassurotlaridan zalvarliroq bo‘lar ekan. Ana shu salmoq ijodkorga ko‘p narsa berishi mumkin”.

 

Muallif ma’lum yoshga yetgach, xotiralarining qiymati va ahamiyatini, salmog‘ini qaytadan sarhisob qiladi. Balog‘at yoshigacha bo‘lgan davr ijodkorning ma’naviy mulki, bisoti ekanligini ta’idlaydi. Yozuvchining ko‘pjildlikdagi hikoyalari xronologik ravishda  solishtirilsa, muallif dunyoqarashi va tafakkur tadrijini, ya’ni ijodiy koordinatlarini belgilashga xizmat qiladigan nuqtalar borligini ko‘rish mumkin. Erkin A’zam mustaqillikdan keyingi yillarda qisqa tanaffusdan so‘ng bir qancha ijod namunalarini e’lon qildi. Bularning barchasida vaqtning, davrning tarixiy manzarasi, zamon nafasi aks etgan. Nisbatan keyingi yillarda yozilgan asarlarida qahramon tasviridagi muallifga xos kinoyaviy nuqtai nazar, matn semiotikasi, g‘ayri nigohning betaraf pozisiyasi oshkora seziladi. Muallif shaxsini ochiqlashda esse tabiatini o‘zida jamlovchi tanqidiy ruhdagi maqolalarining ahamiyati katta.

 

Adibning “Kitob urmasin” nomli maqolasida “adabiyot hayotni aks ettiradi, ammo aynan emas” deya ta’kidlanadi: “Hayotning maftunkorligi uning norasoligidadir... Badiiy asar aslida ana shuni raso shaklida ko‘rmoq orzusidan tug‘ilmaydimi?”

 

Dastlabki asarlaridanoq adolatni va haqiqatni himoya qilishni maqsad etgan yozuvchi “Ko‘nglimning olami adolatliroq tuyuladi menga” deb yozadi. Ko‘ngildagi adolatga bo‘lgan ehtiyoj ijod orqali qondiriladi. Dastlabki mashqiy asarining nomlanishi ham muallif ijodiy kredosi bilan chambarchas bog‘liq: “Haqiqat bor joyda tug‘ishganingni ham ayama”.

 

E.A’zam ijodkor sifatida o‘ziga va so‘ziga nisbatan talabchan. Yozuvchining muharrirligi alohida ijodiy fazilatligini hisobga olsak, manzara yanayam oydinlashadi. Muharrirga biror matnni o‘qitish istagi tug‘ilganda odamda qandaydir bir andisha, istihola paydo bo‘ladi. So‘zni tejab qo‘llayotgan usta “isrof”ga ko‘nmaydi, zavoldan qo‘rqadi. Ayni shu javobgarlik hissi matn egasiga ko‘chib o‘tishi tayin. Yozuvchi matnni puxta qilishni yoqlaydi, talab qiladi. Shu bois yozganlarida mana shu talab bosh mezon sifatida turadi. “Sirasi, mening yozganlarim, chiqarmalarim ana shu bemaza fe’lning ustidan g‘alabamdir desa bo‘ladi”. Muallif talabchanligini “injiqlik” deb izohlaydi. Bu “sifat” ko‘pda o‘ziga nisbatan foyda keltirmasligini, ammo ko‘pchilik uchun manfaatli ekanligini hisobga olib “injiq”likdan voz kechmaydi.

 

Kinoyaga o‘ralgan haqiqat

 

Badiiy ijod maydoniga liro-romantik ruhdagi hikoyalari bilan kirib kelgan yozuvchi ijodida kinoyaviy talqin yetakchi o‘rin egalladi. Aslida yozuvchi mansub avlod vakillari asarlarida asosiy fikr ifodasi sifatida kinoyaviylik salmog‘ining ortiqligini sezish qiyin emas. Yozuvchining ijodidagi kinoyani maxsus tadqiqot sifatida o‘rgangan M.Qo‘chqorova, M.Sheraliyeva kabi olimalarimiz muammoni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq qilishgan. Voqelikni tahlil qilishda va munosabat shaklida kinoyaviy ohang saqlanishi ifoda usuli sifatida badiiy-estetik ahamiyat kasb etadi.

 

Yangi to‘lqin o‘laroq bo‘y ko‘rsatgan adabiy avlod ijodida, xususan, M.M.Do‘st, E.A’zam, A.A’zam asarlarida kinoya muhim ahamiyat kasb etib, asosiy poetik unsur sifatida asar badiiyatini ta’minlashga xizmat qiladi. Jamiyat hayotida nomutanosiblik va erksizlik kuchaygan paytda ramz, majoz va kinoyaga ehtiyoj ortib boradi. Kinoya – muallifning munosabat shakli. Ko‘p holatda yozuvchining kinoyasi voqelikka sirtdan qarab baho berish bilan belgilanadi. Abdulla Qodiriyning ijodida ham kinoya o‘ziga xos rangda jilolangan. Gʻ.Gʻulom ijodida esa satiraning kuchi, ahamiyati – alohida mavzu. N.Aminovning o‘tkir hajviy asarlari, Sh.Boshbekovning alamga qorishiq kinoyasi adabiyotshunoslik uchun jiddiy muammo sifatida kun tartibida turibdi.

 

Xo‘sh, yozuvchi kinoyasi salaflari ijodidan qanday farqlanadi? Zamondoshlari A.A’zam va M.M.Do‘st asarlaridagi kinoya ohangidan nimasi bilan ajralib turadi? Nomlari zikr etilgan yozuvchilar ijodida voqelikni “tashqari”dan turib kuzatish, masalaga munosabat bildirish holati sezilib turadi. A.Qodiriy qo‘llagan kinoya ohangidan muallif uslubidagi kinoyaviylik orasida tafovut nimalarda ko‘rinadi? Abdulla Qodiriyning asarlaridagi kinoya va kulgi yozuvchimiznikidan tamoman farqlanadi. Kalvak maxsum, Toshpo‘lat tajangdagi kinoya voqelikning ich-ichidan portlaydi, kulgi ichkaridan otilib chiqadi. A.Qodiriy qahramonlari tabiati hajv, kinoya, kesatiq bilan ochib beriladi. U fokus nuqtani qahramon tiynatidagi qusurlarga qaratib, hajv orqali fosh etadi.

 

Erkin A’zam asarlarida voqelik kuzatuvchi nigohning nuqtai nazari orqali ochib beriladi. Adib voqelikni ijtimoiy ko‘lamda yoritadi. Fojiaga ijtimoiy sathda yondashadi, ma’no urg‘usini shunga qaratadi. Muallif kulgini “ko‘zyosh aralash” aytish usuli deb hisoblaydi. Kulgi hosil qilishdan ko‘ra mushohada uyg‘otish yetakchilik qiladi. Kinoya ohangidagi achchiq istehzo, kesatiq, piching ortidagi hazinlik o‘quvchiga ham “yuqtiriladi”. Haqiqat kinoyaga o‘rab beriladiki, o‘quvchi haqiqat bilan yuzma-yuz turadi.

 

Ba’zan falon asaringizni o‘qib kuldik, desa yozuvchi hayron qolishini aytadi: “Kuldirish uchun yozmayman... Birgina sirni aytay. Voqelik har xil andazalarsiz, xolis, haqqoniy tasvirlanganda kulgili holatlar o‘z-o‘zidan chiqaveradi... Yig‘lab aytilganda ta’sir qilmagan gapni ko‘zyosh aralash kulib aytish san’ati deb tushunaman men chinakam hajviyotni”.

 

Muallifning kinoyaga munosabati oydinlashadi. “Kuldirish” uchun yozmaydigan ijodkor muammoni “yig‘lab” turib kulgi bilan aytishni ma’qul ko‘radi. Kulgi orqali darddan forig‘ bo‘lish, yengillashish, kinoya ohangiga o‘ralgan armon, alamlarni o‘zga bilan baham ko‘rish va fikrdoshlik hissini uyg‘otishning o‘zi katta bir yumush. Yig‘ini kulgi orqali pardalab aytish va uni umuminsoniy muammoga aylantirish, dardga malham istash sa’natkorlikni talab etadi.

 

Qalbga yaqin qahramonlar

 

Erkin A’zam qahramonlari bilan tanishish jarayonida ko‘ngilda bir qadar yaqinlik hissi paydo bo‘ladi. Muallif siymosining ayrim qirralari asar qahramonlari timsolida gavdalanadi. Har qanday badiiy asarda muallif qadriyatlarining o‘ziga xos ifodasi bevosita yoki bilvosita aks etadi.

 

Yozuvchi ijodini o‘rgangan ustoz adabiyotshunos Abdug‘afur Rasulov “Uslub – iste’dod portreti” nomli risolasida shu masalaga e’tibor qaratadi: “Erkin A’zam ijodida “Fayzining amakisi”, “Jiyan”, “Bizning tog‘a”, “Bog‘bololik Ko‘kaldosh”, “Sovuq” singari hikoyalar borki, “avtobiografik asarlar bo‘lsa kerak”, degan fikrga borasan kishi. Aslida  yozuvchi o‘zi yaxshi bilgan hayotiy materialni, qahramonni qalbiga yaqin olib tasvirlaydi”.

 

“Qahramonni qalbga yaqin olish” nima degani? Nazarimizda, yozuvchi qalbida muhrlangan “iz”larni yozuvga solgan, shu bois qalblar bir-birini “taniydi” yoki o‘zining “aks”ini ko‘radi. To‘qilgan, yasama voqelik o‘ziga jalb qila olmaydi. Qahramonlarning ko‘pchiligini avtobiografik timsol o‘rnida qabul qilish mumkin. “Kechirasiz, o‘rtoq muallim”dagi Ibrohim, “Shaytonchalar ko‘chasi”dagi Amir yoki “Ko‘k eshik”dagi ijaradosh kabi qahramonlarni ko‘zdan kechirsangiz, ularda muallif shaxsining parchalarini ko‘rish mumkin. “Otoyining tug‘ilgan yili” qissasidagi Asqarni avtobiografik deyish mumkinmi, degan savolga yozuvchi shunday javob beradi: “Ma’lum ma’noda – ha, ammo  jur’atsizligimdan juda ko‘p aziyat chekaman. Asqar – noqulay odam. Biroq bu obrazdagi bir jihat menga hamon qadrli – nohaqlikka qarshi isyon, adolatsizlikka nisbatan murosasizlik!” Deyarli barcha qahramonlarida nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi turish tuyg‘usi yetakchilik qiladi. Ammo hayotda esa o‘zidan ko‘ngli to‘lmaydiganday... Ba’zan qahramonlari orqali o‘zining “jur’atsiz”ligiga “davo” izlaydi.

 

Shaxsiyat va badiiyat chorrahasida

 

So‘z va amal birligiga erishish oson emas. Qalbida ezgulik va ma’rifatdan nasibasi bo‘lmagan odamning yozganlarida harorat ham bo‘lmaydi. Aqlbozlik va so‘zbozlik bo‘lib qolmaydimi uning bitiklari? Erkin A’zam ta’kidlaganidek, yolg‘on aralash munofiqlik – ijodning kushandasi:“Yolg‘on, riyo va nafsdan ijodkor saqlanishi lozim”.

 

Odamzodni mudom o‘ziga tobe qilib kelayotgan nafs omon qo‘yarmikin ijodkor zotini? Insoniy “men” va ijodiy “men” vobastaligida umrguzaronlik qiluvchi ijodkor turli “men”lar muvozanatini teng tutmog‘i lozim. Negaki, insoniyatga ma’naviy saboq berishga haqli qatlam sanaladi-da ijodkor deganlari. Har bir asar inson qalbini anglashga chaqiruv, o‘zini o‘ziga tanitmoq umidi. Yo‘lchiroq singari basharning yo‘lini yoritish missiyasi yozuvchining chekiga tushgan siylov-da!

 

Erkin A’zam mansub avlod qarashlarida jamiyat hayotiga munosabat badiiy asarlar misolida jonlanadi. Millatni qiynayotgan muammolarga befarq qarab bo‘larmikin... Sukutning azobi rohatidan kam emasday... Inqilobiy ruhni uyg‘otish ziyoliga berilgan vazifa desak... Qalam orqali millatni ma’rifatga chorlash, g‘ururni uyg‘otish, ko‘ngil pokligi, inson sharafi... ijodkor shaxsining butunligiga dalil bo‘lmaydimi?!

 

Keyingi paytda tasavvurimizda mavjud andazalarga muvofiq keladigan ijodkor shaxsi haqidagi tushunchalar kundan-kunga xira tortib bormoqda. Bu borada yozuvchining quyidagi gapi e’tiborga loyiq: “Ustozim Asqad Muxtor “Yozuvchiman desangiz, yaxshi odamman deganday bo‘lasiz, adibman deb qo‘ya qolaman”, derdilar”. Asqad Muxtor yirik adabiy shaxsiyat sifatida o‘zbek adabiyotida alohida e’tirof va e’tiborga loyiq ijodkor ekanini hamma biladi. Shunday ulug‘ shaxsiyatning “yaxshi odamman” deyishga istihola qilishining o‘zi ko‘p narsaga ishora qiladi.

 

Yozuvchi har qancha iste’dodli va mahoratda usta bo‘lmasin, shaxsiyati butun bo‘lmasa, murodi hosil bo‘lmaydi. Ijodda shaxs tushunchasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ijodiy butunlik o‘z-o‘zidan shaxsiyat masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Abdulla Qodiriy shaxsiyat haqida “o‘zi butun bo‘lmagan, birovga yeng bo‘la olmas”, shaxsiy “mustaqillik qullik bilan ziddir” deb yozgan edi.

 

Adabiyotni qismat bilgan adib Shukur Xolmirzayev ham bir paytlar matbuotda e’lon qilgan maqolasida “yozuvchi shaxs bo‘lishi kerak”ligini jiddiy ta’kidlagan. Erkin A’zam mansub avlod vakillari shaxsiy butunlik talabi va umidida qalam tebratishdi. Ularning adabiy avlod sifatida bo‘y ko‘rsatishida hal qiluvchi jihatlardan biri – Shaxsiyat masalasi edi. Adabiy avlodning ijodiy betakrorligini ta’minlagan omillardan biri Shaxsiy butunlik, ijodiy tutumlarga sodiqlik edi. Sodiqlik va munosiblik Erkin A’zam ijodiy konsepsiyasida muhim asos sifatida adabiy-estetik ahamiyat kasb etadi. Muallif asarlarida O‘r, Mag‘rur, Adolatsevar, Mehrli, Ko‘ngil yo‘rig‘idagi odamlar qahramon sifatida gavdalanadi. Sanalgan sifatlarga muallifning o‘zi “donor”lik qilgani shubhasiz.

 

Mukammalroq dunyo yaratish ehtiyoji

 

Muallif ijod haqida shunday fikrlarni yozadi: “Ijod mavjud  muhitdan qoniqmaslikdan tug‘iladi. Ijodkor xayolida boshqacharoq, mukammalroq dunyo yaratgisi keladi. Insonni barkamolroq ko‘rishni istaydi, deyish ham mumkin. Bu istak, norozilik isyonga yaqin tuyg‘u-da. Bir ijodkorniki isyon shaklida, birovniki mulohaza shaklida namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘zim tasvirlayotgan voqelikda “yashash” menga maroqli. Binobarin, ijod insonning erkinlikka bo‘lgan hissini qondirish vositasi hamdir”.  E.A’zam isyon va mulohazadan ko‘ra tasavvuridagi voqelikda yashashni afzal bilishini aytsa-da, ammo uning qahramonlari ko‘nglida kechayotgan g‘alayonlar, ichki kurashlar zamirida isyon yotadi. Qahramon o‘zini anglash yo‘lida bir qancha bekatlarni bosib o‘tadi, tuyg‘ulari bosh ko‘taradi va Ko‘ngil inqilobiga erishadi. Isyon-u g‘alayonlar alaloqibat Hurlikka boshlaydi. Muallif ijodida Ko‘ngil hurligi – alohida mavzu!

 

Zamonaviy o‘zbek adabiyotining katta yozuvchisi Erkin A’zam ijodi adabiy jarayonda alohida sahifa degulik. Yozuvchi asarlari o‘zbek adabiyotshunosligida ko‘p va xo‘b o‘rganilgan. Muallif asarlarini o‘rganib, u haqida xulosalarimizni siz bilan baham ko‘rishni niyat qilgan edik. Badiiy asar ruh holatlarini ochib berishga qaratilgani bilan sirli hodisa sanaladi. Xo‘sh, Erkin A’zam asarlarining siri nimada? Buning tagiga yetmoq mushkul. Yozuvchi badiiy olamining sirlari osonlikcha o‘zini “fosh etmaydi”. Topganlarimiz, anglaganlarimiz – shu yo‘ldagi urinishlarimizni sizga ilindik – nechog‘li murodga yetdik,  O‘zi bilguvchi!

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

11:08 / 29.08.2025 0 134
Qoralar jamiyati shoirasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//