
Oʻtgan asrning 70-yillari adabiyotimizga kirib kelgan avlod adabiy iqlimni oʻzgartirdi va bu oʻquvchilarning didi, saviyasining yuksalishiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Usmon Azim Abdulhamid Choʻlpon, Usmon Nosir boshlab bergan birinchi va Erkin Vohidov, Abdulla Oripov nomi bilan bogʻliq ikkinchi toʻlqindan soʻng adabiyotimizga kirib kelgan uchinchi toʻlqinning eng peshqadam vakili. Uch toʻlqin oʻzbek poeziyasining XX asrdagi boʻy-bastini, saviya-darajasini, mazmun-mohiyatini belgilab berdi. Bu koʻtarilishlar nazm va nasrda oʻnlab isteʼdodlarni paydo etdi. Ammo sheʼriyatimiz boʻstonida, Usmon aka taʼbiri bilan aytganda, “ilhomlari “bir bahor”lik – yoshlikning zavq-shavqi bilan birgina gullab qolishga ulgurgan shoirlar” ham koʻp boʻldi.
Oʻzingiz oʻylang, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov dovruq solib turganda shoirman deyish aytishga oson. Lekin Usmon Azim... Keling, shoirning ortiqcha kamtarlikni yigʻishtirib qoʻyib aytgan soʻzlarini bir yodga olaylik:
Men bir bola edim – oʻn olti yoshda,
Bu daʼvat maʼnosin qayda chaqmogʻim?
Gʻafurning doʻppisin qoʻndirib boshga
Qarshidan chaqnadi sheʼrning chaqmogʻi.
Demak, savol sizga, Abdulla Orif!
Zilzila tinchidi – koʻnglingiz toʻqmi?
Koʻksimni bir vulqon bormoqda yorib,
Menga aytadigan gapingiz yoʻqmi?
Sheʼr chiqqandan soʻng “Shoir katta ketibdi. Yoʻgʻ-ye? Nahotki!” deganlar ham boʻldi. Ammo Abdulla Orif joni ichiga sigʻmayotgan ukasining bu “shakkok” savolidan zarracha ogʻringani, taajjubga tushgani yoʻq. Aksincha, umrining oxirigacha tugʻishgan akadek, qiyomatlik doʻstdek boʻldi. Chunki ulugʻ shoir ortidan kelayotgan avlodning nimaga qodirligini, adabiyotga qoʻshayotgan hissasini juda yaxshi anglar edi. Bilishimcha, Abdulla Oripov va Usmon Azimning adabiyot, sheʼriyat, oʻlmas asarlar va ijodkor qismati bilan bogʻliq adoqsiz gurunglariga Yaratgandan boshqa guvoh yoʻq. Ehtimol, uka bu “maxfiy” muloqotni qoralab qoʻygandir. Balki...
Xoʻsh, adabiyot muxlislari nima uchun Usmon Azim sheʼrlarini yaxshi koʻradi? Shoirning favqulodda oʻziga xosligi nimada?! Usmon Azim – yorqin xarakter sohibi. Uning oʻziga xos qiyofasi, koʻz qarashi va hatto soʻzlash ohangi ham har bir sheʼrida, qolaversa, barcha bitiklarida “mana man” deb koʻrinib turadi. Qiyofasiz ijodkorning oʻzi ham, qoralamasiyu soʻzi ham birovlarning soyasiga oʻxshaydi. Bordiyu Usmon Azimning bir turkum sheʼri imzosiz eʼlon qilingan taqdirda ham zukko oʻquvchi uni hech adashmasdan payqaydi. Soʻz, ohang, mavzu, obrazda originallikka erishgan ijodkor uchun bu juda katta eʼtirof. Chunki soʻnggi nuqta qoʻyilgandanoq shoirdan uzoqlashgan sheʼr chin oʻquvchining hamrohiga, dardkashi va suhbatdoshiga aylanadi. Endi u oʻquvchining maʼnaviy mulkidir.
Usmon Azim shoir boʻlib tanilgandan beri oʻzini yozadi. Bu “Oʻz” goh masrur oʻgʻil, goh beparvo uka, goh oqibatli doʻst, goh qaysar oshiq, goh roʻzgʻor tashvishlariyu turmushning keraksiz hashamatlariga koʻmilgan er, goh murosasiz kurashchi, goh faqatgina yolgʻizlik va erk istagan ozurda qalb sohibi sifatida namoyon boʻladi. “Bolalikdan ikki xotira” sheʼri shoirning avtobiografik asarlari sirasiga kiradi. Ramziy maʼnoda tasvirlangan “Qish” – bu Usmon Azimning bolaligi. Seryamoq chopon va kalishda mol boqib qoʻl-oyogʻi muzlagan, orzusi palto va issiq qoʻlqop boʻlgan “Qish” “Alpomish” oʻqiydi. Murgʻak tasavvurida Alp va Oybarchin paydo boʻladi:
U payt kitob oʻqir edi qish –
Hayajondan titrab tovushi.
Qish – zindondan chiqqan Alpomish,
Qish – Barchinning siniq nolishi.
Kunlar oʻtib, oylar uyrulib “Qish” – orzulari osmon bola ulgʻayadi. “Yoz” madhi ana shu haqda.
Shahar tomon joʻnadi bola –
Qoʻllarida eski jomadon.
Jomadonda bir parcha dala,
Uch-toʻrt kitob, ikki kulcha non.
Mana sizga chayratimning chayir bolasining sheʼriy tarjimayi holi! Gazayu qizildan boshqa yerni koʻrmagan boʻz bola shu tariqa poytaxtga keladi. “Sheʼr misoli yuragi toza” bir dashtlikka “Shahri shovqinzor”ning tuhfayu inʼomlari, koʻrsatgan mehr-muruvvati, roʻbaroʻ qilgan doʻst-yorlari – alohida mavzu.
Maysalar, tovonim sizni sogʻinar,
Togʻlar, viqoringiz qalbimda mangu.
Qaydadir qoʻzichoq boʻzlar, oh urar,
Qirlarda adashgan sogʻinchimmi u? – deb boshlanadigan sheʼr bolalikka qaytishni orzu qilayotgan zamondoshimizning, yaqin-yiroqdan ota uyga – tugʻilgan makoniga qushday uchib borayotgan odamning aytib ado qilolmaydigan qoʻshigʻi. Keyinchalik shoir “Dasht va togʻ haqida qissa”da “Bir togʻ boʻlolmadim boshingda, Boysun, // Bir dasht boʻlolmadim, Boysun, poyingda” – deb yozdi. Bu kabi qoniqmaslik, bir vaqtlar beqiyos hayrat va ilhom bergan maʼvoni izlash insonning ulgʻayishi va ruhiyatidagi oʻzgarishlar, qalbning evrilishlari bilan bogʻliqdir.
Haq va tuproq mohiyatini anglashga intilgan ijodkor bir kuni iqrorini shunday satrlarda bayon qiladi:
Yoʻq, Boysunni sogʻinganim yoʻq,
Tangrim, seni tanimaguncha.
Usmon Azim sheʼriyati haqida tunni tongga ulab gaplashish mumkin. Mirzo Kenjabek aytganidek, “Usmon Azim shiddatli tuygʻulari bilan, keskin holatlar va aniq tasvirlari bilan oʻzbek sheʼriyatiga yangicha ruh olib kirdi”. Ilk kitobi “Insonni tushunish” bilan yangi ovoz sifatida tanilgan ijodkor “Holat”, “Oqibat”, “Koʻzgu”, “Surat parchalari”, “Dars” “Ikkinchi aprel”, “Baxshiyona”, “Uygʻonish azobi” kabi toʻplamlari orqali mashhurlik rutbasiga erishdi. Ayniqsa, “Baxshiyona” turkumi sheʼriyatda oʻziga xos yoʻnalish boʻldi. “Baxshiyona” chop etilgan 1990-yilda biz ToshDU jurnalistika fakultetining birinchi kursida oʻqir edik. Universitet va Talabalar shaharchasidagi hayot ulkan doshqozonni eslatardi. Taniqli shoir-yozuvchi va publitsistlar bilan kunda-kunora uchrashuv, savol-javob, bahsu munozara...
Hayotning surʼati tez, hech kim boʻlayotgan oʻzgarishlarga befarq emas. Ishchidan to talabagacha hamma-hamma jamiyat hayotiga munosabat bildirishga oshiqqan. Chaqiriq, daʼvat, talab va taklif har qadamda jaranglaydi. “Yosh leninchi” (“Turkiston”), “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetalari, “Fan va turmush”, “Yoshlik” “Sharq yulduzi”, “Saodat” jurnallari 300 000 nusxadan 1000 000dan ziyod nusxagacha tarqalgan, oʻqishga, ishga ketayotgan odamlar ertalabdan kioskalarga nonga navbatga turganday navbat kutib gazeta-jurnal oladigan payt. Biror bir oʻtkir ijtimoiy-siyosiy maqola yoki sheʼrning shov-shuvi hech nimaga oʻxshamaydi...
Xullas, bahor kunlaridan birida Usmon Azim bilan uchrashuv oʻtkazildi. Oʻsha davrda urf boʻlgan och havorang jinsi pidjak-shim kiygan, yelkasida charm sumka shoirni talabalar chuvullab qarshi oldi. Kim qoʻl berib koʻrishgan, kim dastxat uchun qoʻyin daftar uzatgan, kim maʼruza daftari, yana kimdir “Baxshiyona”ni boshi uzra koʻtargan...
Hamma koʻnikkan, daqqi adabiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlarni chippakka chiqarib maqola va suhbatlar yozgan, adabiyot xususidagi ochiq xati bilan munozaralar boshlab bergan yalovbardor Usmon Azim oʻzi kabi qiziqqon yoshlarning tarix, oʻzbek tili mavqeyi, milliylik va Oʻzbekiston istiqboli bilan bogʻliq savollariga javob berib, soʻngida auditoriya oynalarini zirillatib sheʼr oʻqigani kechagiday esimda.
“Baxshiyona” turkumi dovruqli dostonga shunchaki taqlid yoki qahramonlar nomidan xalqona ashʼor toʻqish emas, balki tanazzulga uchrayotgan jamiyat, maʼnaviy aynishlar, qadriyatlarning unutilayotgani, shaxs inqirozi, yuksak ezgu fazilatlar va tuygʻularning parokanda boʻlayotganidan hayqiriq edi. Chunki “Alpomish” xalqimizning maʼnaviy qiyofasi. Katta bir elning topgani va yoʻqotgani, yetgani va ayrilgani, suygani va kuygani mana shu doston va uning qahramonlari taqdirida mujassam. Koʻpmingyillik moziy guvohi “Alpomish”ni sheʼr qilib oʻqiymizmi, baxshilardan tinglaymizmi, qatʼiy nazar, qalbimizda bir-biriga uyqash, ayni damda bir-birini inkor qiluvchi his-tuygʻular, turli kechinmalar oʻz-oʻzidan uygʻonadi va oʻsha chogʻda sizning Alpomishingiz doʻstu yoringiz tanigan Alpomishdan farq qiladi. Dostonning ajib va inja siri ham shunda! Har kimning, har bir uygʻoq qalbning oʻz alpi bor! Shuning uchun dostonni oʻn sakkiz yoshda oʻqisangiz u sevgi-vafo dostoni, yigirma besh yoshda oʻqisangiz mardlik-shijoat dostoni, qirqda oʻqisangiz doʻstlik va hijron dostoni, ellikda oʻqisangiz qon-qondoshlik, ogʻa-inilik mehrining tantanasi, oltmishda esa saltanat ishqi, xudbinlik va xalq birligi dostoni sifatida namoyon boʻlaveradi. “Alpomish”ning ming bir qirrasi ming bitta shoirga ilhom va gʻayrat bergusi. Dostonni tafakkur qilib oʻqigan har bir odam nafs gʻalayoni va jondoshlik isyoni, gʻurur va gʻurbat, ahillik va hijron, muhabbat va matonat oʻrtasidagi kurashdan oʻzi uchun xulosalar topadi. Usmon Azim ana shu mangu buloqdan qonib-qonib suv ichgan shoir sifatida dostonga yangi hayot bagʻishladi.
Nafsilamrini aytganda, “Alpomish” sevgi-muhabbat kabi har bir qalbda ildiz otmogʻi kerak. Kelajak avlodlar “Alpomish”ni kashf etsagina millatning oʻsuvi bardavom boʻladi. Milliy adabiyotimizga, xususan zamonaviy sheʼriyatga “Alpomish” motivlarini olib kirishga urinishlar boʻlgan. Koʻpkarini koʻp koʻrgansiz. Ot mingan borki, bir martaga uyurga ot solib koʻradi, ammo uloqni opchiqish abjir, qoʻrqmas, dali-gʻulli chavandozga tan. Shu maʼnoda, “uloq” Usmon Azimda ketdi. Hech qaysi ijodkor “Alpomish” madhini Usmon Azimdek koʻp va xoʻp kuylagan emas. Usmon Azim ulkan maʼnaviy meros targʻibotchisi sifatida Fozil Yoʻldosh, Ergash Jumanbulbul, Hamid Olimjon, Hodi Zarif bilan bir qatorda turadi. Shoir xalq dostonlariga boʻlgan tiyiqsiz mehr-muhabbatini sheʼriy turkum, hikoyalar, kinodoston va dramalar orqali ifodaladi. Elbek, Elomon, Haqqul baxshi boʻlib dostonga yangicha ruh va mazmun baxsh etdi. Qiyomatli doʻst va sadoqat ramzi boʻlgan Qorajon shoir ijodi orqali sheʼriyat muxlislariga yanada sevimli va suyumli boʻlib qoldi. Usmon Azim betimsol alp nomi uzoq qishloqlardagi tongotar toʻy-tomoshalarda, unda ham azbaroyi toʻrtta-beshta baxshining saʼy-harakati tufayli eslangan davrlarda “Baxshiyona”ni yozdi. “Alpomish” desa ensasi qotadigan olifta-bodilarga oʻzbekning asl tabiati, oʻzligiyu ildizini, mardligiyu olijanobligini sof koʻzgu – sheʼr vositasida koʻrsatib berdi. Dostonning qavat-qavat, sir-sinoatga toʻla olamiga zamondoshlarini oshno etdi. Minglab yosh oʻspirin “Alpomish” ohangi va gʻoyasiga ergashib, alpomishu barchinoy boʻlishga intildi. Sheʼr, soʻz eng ulugʻ va qudratli mafkura sifatida qalblarni zabt etgan edi. “Alpomish” kinodostoni, “Alpomishning qaytishi”, “Tong otgan taraflarda” kabi dramatik asarlar ana shu sogʻinch va iztirob mevalaridir.
“Baxshiyona” dunyoga boʻylashib borayotgan oʻzbekning qalb ogʻrigʻi, iztirobi, sogʻinch va hayratidir. Oytuman, Elbek va Elomon baxshilarning (ismlarga eʼtibor bering!) aytishuvi, Oqbotir va Qorabotir suhbati, Qaldirgʻochoy, Alpomish va Oybarchinning savol-javobi dostonsevar xalqning koʻhna dardlari edi.
Tinglang, Elbek baxshini nima chatnatdi?
Ustozim deganing sheʼrfurush chiqsa,
Suyganim deganing erfurush chiqsa,
Podshohim deganing elfurush chiqsa, —
Chidagin, bolam-a, chidagin,
Dardlaring taningga joylansin.
Chidagin, bolam-a, chidagin,
Ohlaring qoʻshiqqa aylansin.
90-yillar boshida mustabid tuzum va yangicha qarash orasida keskin kontinental muhit hukmron boʻlib, hamma ijodkorlar deyarli bir xil mavzu – ijtimoiy hayot muammolaridan yozar edi. Soʻng bu mavzularning ohori qolmadi. Endi nimani yozish kerak?! Bu savol barchani oʻylatgani, qiynagani rost. Usmon Azim ana shu mafkuraviy-maʼnaviy boʻshliq davrida sheʼriyat muxlislarini hayratga solib, unutilgan bir “soʻqmoq”dan yurib ketdi. Bu zafarli yurish, pirovardida, shunday bogʻlarni bunyod etdiki, u haqda quyiroqda gaplashamiz.
“Shoirlari yolgʻon aytsa, oʻladi el”
Usmon Azim kimligini, sheʼriyati sir-asrorini bilishga qiziqqan odam uning
“Oʻzingni ayama,
Beshafqat boʻlgin.
Joningga solib tur gohida burov.
Shunda
Topiladi
Xoin boʻlaging –
Unga rahm qilma,
Qatl et darrov” deb boshlanadigan sheʼrini sinchiklab oʻqishi lozim. Chuqur milliy, diniy mazmunga ega bu sheʼr, aslida, shoirning hayotdagi shiori. Bu talabchanlik ijodkorning oʻzligini topishiga, dunyoga qanday vazifa va maqsad bilan kelganini anglashiga sabab boʻldi. Odam oʻz-oʻzini yanib tursa, betinim tergasa, uzluksiz malomat qilsa, nafsi bilan muhorabaga kirishsa – fazilat. Lekin koʻpchiligimizda ana shu fazilat yetishmaydi. Nafsilamrini aytganda, sheʼrga singdirilgan gʻoya har bir zamondoshimizga taalluqli. Ayniqsa, bizning kunlarda bu sheʼrni baland tovushda, satrlarga urgʻu berib oʻqish kerak. Toki, tom bitgan quloqlar, ming bir qiyofaga evrilgan yuzlar, subutsizlik va lafzsizlikni shior qilgan kaslar eshitsin. Shoirning “Ehtiyotkor odam” sheʼrini ham yuqoridagi daʼvatning davomi deyish mumkin.
Tuzumning taʼnali toti va toʻrvasidan yuzi sargʻaygan xalqning ahvol-ruhiyasi, har qadamda urchib ketgan adolatsizliklar haqidagi sheʼrlar shoir ijodida alohida bir sahifa. Usmon Azim oʻsha yillarda faol publitsist, otashin notiq sifatida ham tanildi, erk, ozodlik va hurriyatni yonib kuyladi. Nekbin orzularni qurol kuchi bilan kunpayakun qilmoqchi boʻlgan istibdod malaylarini laʼnatlab sheʼrlar bitdi. Erk, ozodlik, hurriyat uchun jon berayotganlarni jon jigari, darddoshi deb bildi. Ular uchun kuydi, oʻrtandi. “Litva haqida ikki sheʼr”, ehtimol, yodingizdadir:
“Erkdan boshqa, axir xudom yoʻq.
Ozodlik! Visoling bunchalar qisqa…
Ozodlik – koʻzimda soʻnayotgan choʻgʻ,
Erk – Litva!
Iltimos… Oʻlmagin, Litva!”
Usmon Azim xalqimizning qalbi uygʻoq farzandlari qatori xalqqa murojaat etib, yurt mustaqilligini talab qilib chiqqan qurolsiz aholi oʻqqa tutilganini qoraladi, “insoniylikni tanigan barcha insofli jamiyatlarni larzaga solgan bul mashʼumiyatga munosabat bildirayotganlar orasida koʻngilchanligi, mehr-shafqatga boyligi, bolajonligi bilan mashhur xalqimizning ovozi ham balandroq eshitilishi kerak”ligini aytdi.
Shoir dardkashlar yurtida yuragi dogʻlanmagan, dunyoga loqayd boqib turgan ehtiyotkor odamga shunday yuzlanadi:
Sukut lozim joyda til boʻlsang netar?
Birovning gʻamida sil boʻlsang netar?
Hamisha ijtimoiy faol boʻlib kelgan shoirning bu hayqirigʻi “Otim qolar”, “Zotim qolar” deya tomoshabin boʻlib turgan ayrim qavmdoshlariga nisbatan aytilgan. Usmon Azimning “Tush” degan bir sheʼri bor. Men bu asarni dinu diyonat unutilgan, maʼnaviyat mahv etilgan, insoniylikdan chekingan jamiyat suvrati deb bilaman. Sheʼrning lirik qahramoni gunohkorni oʻlimga olib ketayotganlarga “Meni jazola!” deb yolvoradi. Hamma hayron. Poraxoʻru xiyonatchi qolib sen bir moʻmin, begunohni jazolaymizmi, deb soʻraydi. Har bir gunohkor jazoga tortilayotganida shu munozara takror-takror sodir boʻlaveradi. Sheʼr quyidagicha yakunlangan:
Hamma gunoh qildi – koʻrdim men,
Hamma gunoh qildi – jim turdim...
Shoir mazkur sheʼrga bilibmi-bilmaymi hadis mazmunini singdirgan. Abu Lays as-Samarqandiyning “Tanbehul gʻofilin” asarida Paygʻambarimizning (s.a.v) quyidagi hadisi keltirilgan: “Sizlardan birontangiz munkar (yomon) ishni koʻrsa, uni bu ishdan qoʻli bilan qaytarsin, agar qodir boʻlmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir boʻlmasa, dili bilan, oʻsha dili bilan qaytarishi imonining zaifligidir”.
Endi oʻzingiz oʻylang. Sheʼrning lirik qahramoni qanday odamki, oʻzini gunohlarga sherik deb bilyapti?..
Ol koʻylakli ayollar, turna va “Loʻli qiz qoʻshigʻi”
Hech koʻrganmisiz oʻtov buzayotgan “ol koʻylakli ayollar”ni. Bu – qoʻngʻirotning qiz-juvonlari. Qadim-qadimdan qizil koʻylak kiyib kelgan qoʻngʻirot ayollarigina koʻchish lozim boʻlganda oʻtov – qora uyni buzishga haqi boʻlgan. Togʻ va dasht erlari oʻchoq-tandirga yaqinlashmagani kabi uy buzishga ham zinhor-bazinhor qoʻl urmagan. Chunki oʻchoq-tandir, uy – Vatan Ona nomiga uyqash qilib aytilgani uchun ham bu ish – Ayolga tan!
Usmon Azim sheʼrlarida oʻzbek ayoli alohida bir muhabbat, mehr va ardoq bilan tasvirlanadi. Bu sheʼrlarda ayol oilasining or-nomusi, gʻururi uchun kurashadigan jasorat sohibasi sifatida gavdalanadi. Bir misol keltirsak. Shoirning koʻpkarida oti oʻlib dunyosi qorongʻi boʻlib qaytgan chavandoz haqida sheʼri bor. U shunday boshlanadi:
Chavandoz uloqdan qaytdi piyoda,
–Ranglaringiz bir ol, ayting, ne boʻldi?
–Onasi, dardimni qilma ziyoda,
Onasi, otginam... otginam oʻldi.
Chorvador xalq uchun ot yigitning yoʻldoshi, tiriklik belgisi, hayot mazmuni. Koʻpkari esa mardlar oʻyini boʻlib, chapani, chapdast, baquvvat va gʻujurli erning nomini ellarga yoyadi. Uloqchi oti tufayli dovruq qozongan shunqorlar son mingta. Ot uchun butun borligʻini berishga tayyor yovqur yigitlar bugun ham bor. Ana oʻshanday chapdast chavandoz otidan ayrildi, endi elda qanday yuradi? Uning bel madori, suyanadigan tirgagi, yuradigan “oyogʻi” ketdi! Bu juda katta musibat, tashvish. Gʻamga botgan chavandoz koʻzdan oqayotgan yoshini hatto xotinidan ham bekitadi.
Chavandoz xoʻrsinar... Tong otar edi,
Eng soʻnggi yulduzlar borardi botib.
Xotini shivirlar: “Hech xafa boʻlmang,
Sizga ot olamiz uy-joyni sotib...”
Sheʼr or-nomus, gʻurur uchun mol-dunyodan voz kechishga ham tayyor toʻmarisu barchinoylarga bagʻishlov. Bunday ayoli bor elning ertasi yorugʻ!
Endi shoir sheʼrlaridagi Turna xususida. Tinchliksevar bu qushni xalqimiz azal-azaldan eʼzozlab keladi. Turna ertaklarimiz, matal va masallarimizni bejiz bezab turgani yoʻq. Usmon Azim esa turnaga boshqacha nigoh tashlaydi. “Falakda yolgʻiz bir turna”ning “Tushuniksiz dardlarni aytib” yigʻlayotganini kuzatgan shoir tuyqusdan “Nega menga boʻlmadi meros Turnalarning qanot qoqishi?” deydi. Soʻng Xudoga yolboradi:
“Turnalar yoʻlini koʻrsatgil, boray,
Dardimni ularga aytayin oshkor”.
Turna shoirga dardkash boʻlib koʻringan. Yana bir sheʼrda:
“Tizilishdi – oʻpkam toʻliqdi,
“Qur-yey...” – oqdi koʻzim jolasi” degan satrlarni oʻqiymiz. Bu oʻrinda Turna – oʻtayotgan umr ramzi sifatida tasvirlangan.
Shoirning “Turnalar haqida ballada”si bor. Sheʼr syujetini chogʻroq bir qissaga tenglasa arziydi. Asarni ilk bor oʻqigan odam shimolga yoʻl olgan turnalar, ularning argʻamchi, gilam boʻlib uchib ketayotgani – tabiiy qonuniyat tasvirlanibdi, deb oʻylashi tayin. Ammo sheʼr qatida katta bir ijtimoiy muammo – odamlar oʻrtasida mehrsizlik, xudbinlik avj olgani aks etgan. Balladaning dastlabki
“Qaydadir turnalar boʻzladi notinch...
Xudoyim! Falokat roʻy berdi chogʻi” – degan satrlari shunga ishora. Vatanga qaytayotgan turnalar uchishga majoli yoʻq – qanoti singan singilga parvona. Uning ham parvoz qilishini xohlaydi. Lekin, “Qanoti singanning taqdiri mushkul”. Bu oʻrinda Turna – mehr ramzi. Shoir aytmoqchiki, hatto turnalar bir-biriga oʻzaro hamdard, muruvvatpesha.
Usmon Azimning “Loʻli qiz qoʻshigʻi” bu – muhabbat iztirobi. Unda insoniy sevgidan baland tuygʻular borligi tarannum etilgan. Sheʼrning lirik qahramoni millatdoshlari hayoti, qadriyat va turmush-tarzini oʻz muhabbatidan ustun qoʻyadi.
Men yoʻllarda tugʻilganman,
Ayrilmasman yoʻllardan.
Umrim oʻtar yoʻllar bilan,
Kezib-kezib oʻlarman.
Loʻli qiz ajdodlaridan meros hayot tutumiga, urf-odatlarga xiyonat qilishni istamaydi. Shuning uchun ham:
Har narsani yengadurman,
Muhabbat oddiy gʻam-ku!
U oʻtkinchi... oʻtib ketar...
Faqat shu yoʻllar mangu – deydi.
Bu yerda yoʻl – ajdodlar xotirasi. Qiz ana shu xotirani oyoqosti boʻlishiga rozi emas. Sheʼrni oʻqib lirik qahramonga nisbatan mehringiz tovlanadi. Ehtimol, loʻli qizni sevib qolarsiz...
Munojot
“Asling bilsang obi gil...” deydi Ahmad Yassaviy. Odamzod suv va tuproqdan bino boʻlgani uchun u hamisha tabiat shaydosi. Tabiatga talpingani sari mohiyatga yetadi, tabiat qoʻyniga chiqsa ona bagʻriga bosh qoʻygandek orom oladi. Usmon Azim Mahmud Saʼdiy bilan suhbatda “Boysunday Xudo bergan chiroyli bir maskanda tugʻilganimdanmi, tabiatni yurakdan oʻtkazib yaxshi koʻrish menga nasib etdi. Ammo tabiatning tasviri sheʼrimga aniq koʻchgunicha sheʼriyatda ancha yoʻlni bosib oʻtdim. Ortimga burilib qaramay, yuragim yorilguday boʻlib sheʼr yoʻlidan ketaverdim. “Tazarru bogʻlari” deb atalgan sheʼriy turkumlar majmuasiga yetganimda esa, shu paytgacha kuylaganim sheʼriyatga yetib kelganimni his qilganman... Biroq meni oʻylantiradigan bir narsa bor: koʻp muxlislarim yoshlikda yozgan sheʼrlarimda qolib ketishdi. Keyingi yozgan sheʼrlarimga yetib kelganlar juda kam...” deya nolish qiladi.
“Gʻussa” va “Kuz” toʻplamlarini shoirning oʻzi “eng gʻamgin kitoblarimdir” deydi. “Uygʻonish azobi” kitobi qirq yoshning sarhisobi boʻlsa, “Gʻussa” toʻplami, jumladan, “Tazarru bogʻlari” turkumi shoir ijodida favqulodda burilish, kamolot bosqichidir. Bir soʻz bilan aytganda, bu turkumlar shoirning yangi, ha-ha yangi ohang va ruhiy koʻtarilganiga shoyon hujjatdir. Men bu turkumlarni Biru borga munojot degim keladi. Bu toʻplamlardagi sheʼrlar 70 – 80-yillardagi Usmon Azim sheʼriyati emas. U tamomila yangi bir sheʼriyat. Nazarimda, turkum bosib oʻtilgan hayotdagi xatolar va kamchiliklar, qusurlar va illatlardan poklanib, Haqni izlayotgan, haqiqiy erk va ozodlik yoʻlini anglashga jiddu jahd qilgan, tavbaga yukungan osiy bandaning iqroridek tuyuladi.
Urindim – asroring yecha olmadim, –
Har bitta jilvangda ming sirli tugun.
Faqat, Tangrim, kechir, bandalaringdan
Erku Ozodlikni kutganim uchun.
Bu ruhiy holga kimdir qirq, kimdir ellik, yana kimdir oltmish yoshda erishar. Gap bunda emas. Gap yolgʻonchining mohiyatini tushunib, insoniy matlab va maslak nimada ekanini anglab yetishdir. Inson bu dunyoga nima uchun keladi, uning vazifasi nimadan iborat. Bu sinov dunyosi erta-bir kun qanday sarhisob, imtihon bilan yakun topadi? Mana shu mangu savollar shoirga tinchlik bermagani, qalbini oʻrtagani haqiqat. Mana shu oʻrtanishlar, munozara va muroqaba mahsuli boʻlgan sheʼrlar, tabiiyki, oʻquvchini ham xuddi shunday oʻylashga, mushohada qilishga undaydi. Adabiyotning, umuman sanʼatning gardanidagi vazifa, yumush shu emasmi? Demak, “Adabiyot – Vatanday muqaddas” deya sanagan ijodkor ana oʻsha vazifani bajarishdan boʻyin tovlamaydi:
Men koʻnglimni gul kabi uzdim!
Tangrim, yubor gulga zor kasni...
Tangrim, qanday oʻyinni buzdim –
Hech kimga gul kerak emasmi?!
Shoir dard-iztirobga limmo-lim qalbini boʻshatishni istaydi. Kimga? Abdulla Orif “Dilingni och faqat Parvardigorga” degan edi. Usmon Azimning gʻussaga botgan lirik qahramoni ham Allohga yolboradi, undan soʻraydi, unga dil yoradi:
O!.. Olamdan toʻkildi gunoh!
Oralagan bogʻlarga sanmi –
Gullaysanmi shunaqa, Olloh,
Olloh, shunday koʻkarasanmi?
Yomgʻirlaring bir dunyo xitob!
Olam qayta yaraldi – yangi!
Mening qaysi “oh”imga javob –
Yigʻlaysanmi shunaqa, tangrim?
Sen – saxiysan, mehrdir boring...
Gullashingu yigʻlashing – oshkor...
Men – bir toʻzgʻin maysangman, tangrim,
Men – bir qatra yoshingman, jabbor.
“Tazarru bogʻlari” turkumida hayqirib, joʻshib oʻqiladigan sheʼrlar juda koʻp. Axir, qalbning tub-tubidan vulqondek otilib chiqayotgan nolalarni tizginlab boʻlarmidi? Bitiklardagi junun jilovga boʻyin bermaydi-da! Lekin ular orasida mungli, qaygʻuli sheʼrlar ham talay.
Men bir bargning hasratin yozib,
Dovrugʻ solsam boʻlar olamga” deydi shoir bir sheʼrida. Barg – oʻtgan umr, unutilgan avlodlar ramzi. Bu ramz bir qancha oʻrinda uchraydi. Bunday deyotganimiz, shoir “barg” mavzusini davom ettirib, bir sheʼrda erta bahor bogʻda uygʻongan kurtakni koʻrib, “Mening ketgan doʻstim bir tunda qaytdi” deya quvonadi. Garchi sirlashgan barglari oʻrniga yangilari chiqqanini bilsa ham eski doʻstini qoʻmsaydi. Yangi yaproqqa qarab:
Meni aya, ey, barg! Meni ayagin!
Aytgin: men – oʻsha doʻst – keldim fanodan...
Koʻnglimda nur sochgan yashil chirogʻim,
Nahotki barglar ham qaytmas dunyoga? – deydi.
Kuzda bargxazon bogʻlarni kezgan shoir atrofga boqib tabiat va shaxs uygʻunligini koʻradi. Oʻquvchiga kuz – hayot mohiyati, oʻtayotgan umrga ishora ekanini aytmoq istaydi:
Oyatlar oʻqiydi kuzning har roʻzi,
Har yaproq bir hadis tersam maylimi?
Inson umri Abadiyat oldida bir oʻchib-yongan chiroq boʻlsa-da, uni mangulikka muhrlaydigan haqiqatlar bor. U – Yaratganning har bir moʻjizasida Haqning suvrati, qudrati va hikmati mujassam ekanini anglashdir.
Bir barg hayot jimgina bitdi,
Mangu ketdi bir moʻjaz navo.
Olloh, meni buncha titratdi,
Barg uchganda uygʻongan havo?
Zabt ayladi meni xayoling,
Oʻrtamizda qolmadi firoq.
Yuragimda, Olloh, jamoling –
Barg uchganda uygʻongan titroq...
Sheʼr – ruh mahsuli. Ruhiyati kuchli shaxslarning sheʼri ham oʻquvchiga jodu-sehr kabi taʼsir etadi. Haqiqiy sheʼr qalb ogʻrigʻiga malham, ruhga oziq, jonga quvvat. Qadimda ota-bobolarimizning oʻchoq yoki sandal atrofida jam boʻlib dostonxonlik, qissagoʻylik, gʻazalxonlik qilishidan maqsad qalbni turli gʻuborlardan tozalash boʻlgan. Lagʻcha choʻgʻday bozillab turgan soʻz tufayli odamlarga quvvat kirgan, oʻzini lashkarday his qilgan. Sheʼr tinglayotgan odamda nafs chekinadi, eng toza, bokira va goʻzal his-tuygʻular uygʻonadi, soʻzning qudrati bilan tafakkur bulogʻi qaynaydi.
Usmon Azim ilk toʻplami “Insonni tushunish”dan beri oʻtgan qirq yil ichida yigirmadan ziyod kitob chiqardi. Shoir, nosir, dramaturg, kinossenariychi, tarjimon sifatida tanildi. Toʻgʻri, jild-jild, tom-tom kitoblar ijodkorning darajasini belgilamaydi. Lekin yetmish yoshda ham qoʻlida qalam, viloyatma-viloyat kezib charchamaydigan, “Yozadigan narsalarim kallamda qalashib yotibdi” deya suhbatga qoʻr tashlaydigan shoirga qoyil deyishdan boshqa iloj yoʻq.
Ijodkorning ruhan va maʼnan yangilanishi, kamolga yetishi, taʼbir joiz esa, ilonning poʻst tashlashidek bir gap. Qalamkash qalbining oʻzgarish va evrilishlari uning asarlarida koʻrinadi. Har qanday asar, odamning koʻzgudagi aksi kabi “Men”ni aks ettiradi. Shoir aytmoqchi:
Yolgʻon dunyo, yolgʻoningga koʻnim yoʻq,
Shoirga oʻlim bor, sheʼrga oʻlim yoʻq.
Olim TOSHBOYEV
“Hurriyat” gazetasi, 2020-yil, 12-avgust soni
“Men bir ulkan darddirman” maqolasi
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q