
Dunyo miqyosida katta-yu kichikni oʻziga mahliyo qilgan Labubu oʻzi nima? Nima uchun odamlar bu oʻtkir tishli, yirik bosh va kichik tanaga ega yovvoyi oʻyinchoq uchun millionlab pul sarflashga rozi boʻlyapti?
Bu tendensiyani baʼzi iqtisodiy nashrlar “Labubu uchun dunyo aqldan ozmoqda” deya ifodalasa, boshqalari “oʻyinchoq vasvasasi” deb baholamoqda. Bunga sabablardan biri esa 2024-yilda Labubu savdosi 419 million dollarni tashkil etgan. Holat shu darajaga yetganki, Buyuk Britaniya yirik navbatlar va doʻkonlardagi gavjumlik tufayli xavfsizlik yuzasidan oʻyinchoqlarning oflayn savdosiga vaqtinchalik chek qoʻygan. Xuddi shunday xavfli navbat, janjal va politsiya aralashuvi ortidan kompaniyaning Janubiy Koreya va AQSHdagi doʻkonida ham oflayn savdo toʻxtatilgan. “Oʻyinchoq”ni ishlab chiqaruvchi mamlakat – Xitoyning oʻzida esa ayol uni xarid qilish uchun shakllangan navbatda oʻyinchoqqa erisholmay oʻz joniga qasd qilgan.
Aslida, gonkonglik rassom Kasing Lung Labubuni 2015-yilda oʻylab topgan – bu uning “The Monsters” illyustrativ kitobidagi qahramonlardan biri boʻlgan. Unga Labubu nomini rassomning qizi beradi. Komiksda shuningdek, boshqa – Zimmomo, Taykoko, Spuki va Pato kabi gʻayrioddiy personajlar ham boʻlgan. Biroq Labubu omma orasida oʻzgacha shuhrat qozonadi.
Mushukcha kattaligidagi Labubu oʻzida oʻtkir qirrali quloqlari va tishli tabassumi bilan ajralib turuvchi elflarni aks ettiradi. Ularning barchasi sirli oʻrmonda yashaydigan va sovrinli oʻyinlar tashkillashtirishni yaxshi koʻradigan qizlar boʻladi. Muallifga koʻra, oʻyinchoqlar dizayni shimoliy tabiat estetikasi hamda Skandinaviyaning afsona va hikoyalaridan ilhomlanib yaratilgan.
“Garchi uning yaramas koʻrinishi xavfli tuyulib, yaxshi niyati turli tartibsizliklarga sabab boʻlsa-da, u mehribon va hamisha yordamga hozir qahramon. Uning yorqin, quvnoq tabassumi eng qiyin vaqtlarda ham ozgina pozitiv kayfiyatimizni koʻtarishi mumkinligini eslatadi” – deydi ishlab chiqaruvchilar personajning tashqi koʻrinishi va xarakterini ifodalarkan.
Labubu endi shunchaki qoʻgʻirchoq emas, ichidagi tovar dizaynini yashiruvchi bir xil yopiq qutilarda sotiladigan gacha-oʻyinchoq, figura hamda brelok hamdir. U avvaliga asosan Osiyoda mashhur boʻldi, keyinroq esa dunyoning koʻplab mamlakatlarida uzundan uzoq navbatlar shakllantirdi.
2019-yilda dizayner Lung Xitoyning taniqli dunyo brendlari bilan hamkorlikda mashhur oʻyinchoqlar ishlab chiqaradigan, shuningdek, “Syurpriz-boks” konsepsiyasi bilan ishlaydigan Pop-Mart kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi. Syurpriz boks gʻoyasiga koʻra, xaridor kolleksiyadan oʻzi xohlagan Labubuga erishish uchun yopiq qutilar uchun pul va vaqt sarflashiga toʻgʻri keladi. Bu esa sotuv miqdoriga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatadi. Garchi Pop-Mart mahsulotlari bozorda oʻzini yaxshi namoyon qilib kelayotgan boʻlsa-da, trendning zumerlar orasida virus kabi ommalashishi inflyuyenserlar bilan bogʻliq:
2025-yilning bahor oylarida sumkasida Labubu bilan koʻrinish berganlar mashhurlardan biri – Janubiy Koreyalik Black Pink guruhi aʼzosi Lisa boʻlgan.
Lisa ijtimoiy tarmoqlarida uning qimmatbaho Hermes sumkalari va uyidagi javonlarini bezab turgan turli rangdagi Labubularni doimiy joylab boradi. Keyin Rianna, Dua Lipa va hatto, Kim Kardashyan ham Labubu bilan koʻrinish beradi. Bu esa oʻyinchoq-aksessuarlarning moda olamida yanada ommalashishiga turtki boʻladi.
Hozirda original Pop-Mart Labubularining bir donasi ~125 dollar, set-boksi ~692 dollar qiymatda sotilmoqda. Yandeks analitik maʼlumotlariga koʻra, may oyi boshidan buyon Labubu kalit soʻzi million martadan ortiq qidiruvga berilgan. Oy oxirida esa qidiruvlar soni kuniga 100 mingtaga yetgan. Soʻrovlarning yarmidan koʻprogʻi “Labubu” “Labubu oʻyinchogʻi” shaklida boʻlgan. Taxminan chorak qismi oʻyinchoq xaridi bilan bogʻliq: foydalanuvchilar uni qayerdan sotib olish mumkinligi va narxini oʻrgangan.
Tahlilchilar fikriga koʻra, bu qiziqish spinner, pop-it oʻyinchoqlarining mashhurligini eslatadi: avvaliga bolalarning xohish obyekti boʻlgan oʻyinchoq keyinchalik ota-onalar, psixolog va huquqni muhofaza qilish organlarini tashvishga soladi.
Hayotga tatbiq qilingan komiks qahramoni ortidan tadbirkorlar qaysidir maʼnoda moliyaviy maqsadiga yetdi: Dizayner bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan asosiy tadbirkor, Pop-mart asoschisi oʻyinchoq savdosi ortidan Xitoyning eng boy odamlari roʻyxatiga kirdi. Pop-mart aksiyalari yil boshidan beri uch baravarga koʻtarilib, 270 Gonkong dollaridan oshdi. Labubuga boʻlgan talab sababli ularning narxi ikkilamchi bozorda 450 dollargacha yetmoqda. Kompaniya kapitalizatsiyasi esa bir kun ichida 1,6 milliard dollarga oʻsdi.
Biroq uni oʻynab ulgʻayadigan bolalar ruhiyati psixologlarni tashvishga solmoqda. Oila va bolalar amaliyotchi psixologi Margo Malыx fikricha, bu oʻyinchoq bolalarga hech qanday naf keltirmaydi, aksincha, zarar berishi mumkin.
“Oʻyinchoq nafaqat bolalarning kundalik buyumi, balki ongini rivojlantirishga yordam beruvchi vosita ham boʻlishi kerak. U orqali bola atrofdagilar bilan munosabatga kirishishni, turli kasblarda oʻzini sinab koʻrishni, atrofni oʻrganadi. Labubuning esa bu kabilarga xizmat qilishi qiyin masala. Bola ruhiyati atrofidagi barcha narsani jonlantirishga oʻrgangan. Labubudek yovvoyi shakldagi tishli oʻyinchoq bilan bola nimani tasavvur qilishi mumkin?”, deydi u.
Mutaxassis fikriga koʻra, u ham boshqa zamonaviy oʻyinchoqlar kabi kolleksiya qilish uchun yaratilgan. Marketolog Nikolay Valeryev fikricha, Labubuning mashhurlikka erishayotgani omadli marketing ishi. U nafaqat oʻyinchoq, balki hissiyotlar markeri boʻlib ham xizmat qilmoqda:
“Biz jamiyat infantilizatsiyasini kuzatyapmiz: baʼzi odamlar katta boʻlib ham bolalarning xulq-atvorini oʻzida uzoqroq saqlab qoladi. Bu esa Labubu kabi oʻyinchoqlarni 20+ yoshdagilar orasida ham ommalashishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari, moliyaviy imkoniyati yuqoriroq boʻlganlar oʻyinchoqni bolalikka qaytish uchun stress va nostabil zamonaviy hayotining oʻrnini toʻldiruvchisi sifatida sotib olyapti. Yuqori narx boʻlsa Labubuni yanada “statusi”li qiladi. Katta ehtimol, Labubu yana bir yil ommaviylikning choʻqqisida boʻladi. Undan keyin boʻlsa kolleksioner uchun shunchaki oʻziga xos mahsulotligicha qoladi”.
Komsomolskaya pravda nashri “dunyo bolalari Labubu uchun nega aqldan ozmoqda, bolalar uchun oʻyinchoqning qanday jozibadorligi bor?” degan savol bilan oila psixologiga murojaat qilib, quyidagicha javob olgan:
“Qoʻrqinchli qahramonlarga, umuman, monstr-oʻyinchoqlarga boʻlgan qiziqish – faqat zamonaviylik fenomeni emas. Yoshligimizda doʻstlar bilan bir-birimizga qoʻrqinchli voqealarni aytib berishni yoqtirardik. Bu bizni bezovta qiladigan xavotirli tasavvurlarimiz bilan xavfsiz kurashishga yordam berardi. Albatta, u vaqtlar monstr boʻlmagan, lekin oʻlmas Koshey, ruh, baba Yaga va domovoylar bor edi” – deydi psixolog. Yaʼni har bir davrning maʼlum darajada ommalashgan qahramoni boʻladi. Hozir esa bu rol – Labubuda.
Amerikalik sharhlovchi Mark Margnir South China Morning Post nashriga tayyorlagan maqolasida Labubu Xitoyning Gʻarbdagi “yumshoq kuchi” vazifasini oʻtayotganini aytadi. Maqola muallifiga koʻra, Xitoy hukumati uzoq yillar davomida AQSH va Yevropaga yumshoq kuch bilan taʼsir koʻrsatishga bir necha marta uringan. Biroq bu urinishlar formal va qattiq xarakterga ega boʻlib, muvaffaqiyatsiz kechgan.
Labubu boʻlsa dunyo miqyosida, jumladan AQSHda ham ommalashdi. Qolaversa, koʻplab amerikaliklar uni Xitoy bilan assotsiatsiya qilmagan holda oʻyinchoqqa ishqiboz boʻlgan. Qayd etilishicha, AQSH va Xitoy oʻrtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda bu ommalashuv muhim ahamiyat kasb etadi.
“AQSH Pekinga nisbatan inson huquqlari va savdo borasida ishonchsizlik bildirayotgan bir vaqtda megamashhur Labubu oʻyinchogʻi Xitoyga unikal imkon – oʻz imijini yumshatish imkonini berdi”, deyiladi maqolada.
Komiksda haqiqatan ham yordam qoʻlini choʻzishni yaxshi koʻradigan, biroq kutilmaganda yomon odatlar ham qilib turadigan mehribon personaj bugun oʻzida siyosat, moda va iqtisod masalalarini jamlab, Labubu vasvasasini shakllantirdi. Bu vasvasa qachon bosilishi ochiq masala. Biroq yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, bolalarning oʻyinchoqqa koʻr-koʻrona ergashishiga, uning ortidan soxta navbatlar-u muammoli holatlar shakllanishiga kattalar asosiy sababchilardan boʻlib qolmoqda.
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q