Otantoy Sotilg‘onov 1874-yil Jalolobod okrugi, Pachata qishlog‘ida davlatman qirg‘iz chorvadori oilasida dunyoga kelgan. 1914-yil savdo ishi bilan Namanganga kelgan Otantoy do‘sti Istambek orqali taniqli mudarris Sayid Nosirxonto‘ra Sayid Kamolxonto‘ra o‘g‘li bilan tanishadi. Shundan so‘ng bu tanishuv yillar davomida qiyomatlik do‘stlikka aylanadi. 1917-yil Turkiston Muxtoriyati e’lon qilingan shukuhli damlarda Istambek va Otantoy Sotilg‘onov Qo‘qon shahrida qirg‘iz botirlari bilan Sayid Nosirxonto‘raning yonida qo‘riqchi bo‘ldilar. Turkiston xalqining hurriyat orzusi qonga botirilib, sho‘ro hukumati mustahkamlanib borar ekan el oqsoqoli bo‘lgan bu insonlarning ham dardi ortib bordi. Sovetlarning mislsiz qirg‘inbarotlari, talon-tarojlari oqibatida xalq xo‘jaligi izdan chiqdi, dahshatli ocharchilik boshlandi. Ayniqsa, madaniy inqilob bahonasida din va milliy qadriyatlarga qarshi kurashi xalqning keskin qarshiligini yanada olovlantirdi. Kollektivlashtirish kampaniyasi davrida esa Otantoy Sotilg‘onovning 70 tanoblik yer mulklari va chorva mollari davlat foydasiga tortib olindi. Zamonning zayliga sovetlarning siyosatiga rozi bo‘lolmagan qirg‘iz boylari donishmand ulamo Sayid Nosirxonto‘ra Sayid Kamolxonto‘ra o‘g‘li suhbatlari, nasihatlaridan umidvor bo‘ldilar.
Sayid Nosirxonto‘ra
Orenburg surgunidan qaytgan Nosirxonto‘ra 1928-yil 16-avgustda avval Chustga Shermuhammadbekning yonida bo‘lgan Muhammadjon Yoqubovnikiga, undan Ko‘ktoshga o‘tib Istambekning qarindoshi sovetlar tomonidan otilgan Sultonbekning onasiga ta’ziya bildirgani boradi. 1929-yil 22-23-may kunlari Qurbon hayiti bayramida Nosirxonto‘ra holidan xabar olish uchun tog‘dan do‘sti Istambek Kosonga keladi. Shundan so‘ng yana eski do‘stlik rishtalari tiklanib, 1929-yil iyulda Nosirxonto‘ra Otantoy Sotilg‘onov, Istambeklar taklifi bilan Sumsarda mehmon bo‘ladi.
Nosirxonto‘ra 1929-yil kuzida qirg‘iz shogirdlari va do‘stlarining taklifi bilan yana toqqa yo‘l oladi. 29-oktyabr kuni Ranjit etagida ketar ekan kimlardir o‘qqa tutadi. Nosirxonto‘ra otdan yiqilib, qo‘li ikki joyidan sinadi. Sodiq do‘sti Otantay Sotilg‘onov uni Mozor qishlog‘iga keltirib, ikki-uch kunda davolatib, zudlik bilan Kosonga yetkazishga harakat qiladi. Yo‘lda Nosirxonto‘ra tog‘da sobiq qo‘rboshilar Istambek, Dadaboy, Madumar, Mirvalilar bilan qurultoy o‘tkazgani, hatto Chotqolda 2000 ga yaqin askar jamlab, ingliz, afg‘on va xitoy tomonlari bilan aloqani yo‘lga qo‘ygan, degan mish-mishlar tarqalganini eshitadi. Shundan so‘ng uyga kirish xavfli ekanini anglab quyi Kosonda, do‘stlarining uyida qoladi. Xalq orasida GPU ayg‘oqchilari Nosirxonto‘rani topa olmayotgani haqidagi gaplar avj olganidan xavotirga tushgan Istambek ham tog‘dan kelib, barchalari Kushon qishlog‘ida yashirin qo‘nim topadilar.
Otantoy Sotilg‘onov
1929-yil 5-noyabr kuni qamoqqa olish to‘g‘risidagi qaror asosida Nosirxonto‘ra Sayid Kamolxonto‘ra o‘g‘lining uyiga kirib kelgan GPU xodimlari uni topa olmaydilar. Birov Toshkentga ketdi desa, boshqasi uning Marg‘ilonga ketgani haqida gapira boshlaydi. GPU rahbarlaridan Durov Nosirxonto‘rani qochgan degan xulosaga kelib, O‘shga uni tutish uchun qaror yuboradi. Nosirxonto‘rani tutish uchun “Boygul”, “Ishmet” kabi josuslarni belgilaydi. Nosirxonto‘raning shogirdlari, qarindosh-u tanishlarini kuzatish uchun ham ko‘plab josuslar tashlanadi. 1930-yil 15-yanvarda Nosirxonto‘ra Olabuqaning Hazrat Sho qishlog‘ida chap qo‘li singani tufayli davolanayapti, degan xabar olinadi. Yuqorida ma’lum bo‘ldiki, Nosirxonto‘ra bilan bir kunda Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida 84 nafar o‘zbek jadid taraqqiyparvarlarining eng ilg‘or vakillarini ham qamoqqa olish to‘g‘risida qaror berilgan edi. Xalqning keskin qarshiligiga duch kelmaslik uchun GPU yana bir dahshatli “sahna” tashkillashtiradi. Jumladan, 1930-yil 16-yanvar kuni Andijonning Jalaquduq tumanida qishloq kengashi kotibi Abdurahmonov, o‘qituvchi Mangusheva, yana bir komsomol, ikki pioner garovga olinib, mislsiz qiynoqlar ortida o‘ldiriladi. Jami 5 nafar kishi maktab binosining o‘zida yoqib yuboriladi. GPU mazkur jinoyatni Jonibek qozining yaqini bo‘lgan mullo Usmon Jumaboyev guruhining bo‘yniga qo‘yadi. Go‘yoki ularni ta’qib qilgan qizil askarlar Qorayontoq qishlog‘ida mullo Usmon Jumaboyev, uning tutingan o‘g‘li Bekir Jumaboyev, Jonibek qozining ukalari Qoraboy, Baubek Rispayevlar, sobiq qo‘rboshi mulla Ali Maqsudov va Azim Sherboyevlarni o‘ldiradi. Bu dahshatli voqealar xabari el orasiga tarqatilar ekan hammasi Nosirxonto‘raning odami, ular bahorda isyonni rejalashtirgan, degan mish-mish tarqatiladi.
1930-yil 26-yanvarda ishni tayyorlayotgan maxsus guruh Nosirxonto‘rani Namanganda yo‘q degan xulosaga keladi va 1930-yil 29-yanvardan unga rasman qidiruv e’lon qiladi. Ayni paytda Nosirxonto‘raning jinoiy guruhi 1929-yil boshida bir necha kommunist, komsomol, militsiya xodimlarini o‘ldirgan. Shuningdek, 19 ta kooperativni, jumladan, Ketmontepada 100 000 so‘m va 50 000 lik zayomni talagan, Chimganda davlatga 50 000 so‘mlik zarar keltirgan. Nosirxonto‘ra Chotqolda 2 000 kishilik kurashchini tayyor holga keltirib qo‘ygan. Agar biz jihod e’lon qilsak, bir tomondan Xitoy, ikkinchi tomondan Afg‘onistondan musulmonlar yordamga keladi, pulimyot sotib olish uchun Polshaga odam yuborgan, Qoshg‘arda Jonibek qozi bilan aloqa bog‘lagan, 1930-yil may oyiga qo‘zg‘alon rejalangan kabi soxta axborotlar tayyorlanadi.
Dadaboy va Mirvali qo‘rboshilar
1930-yil 3-fevralda qidiruvni yanada avj oldirishga kirishadilar. Xufyalarning biri Chustda Istambekning otini egasiz holda kimdir ko‘ribdi, degan gap keltiradi. 1930-yil 12-fevral kuni “Saboh” ismli xufya Durovga Shaitmozorlik mulla Madrim maxsum va mulla Hasanboy hojilarning gapidan yanvar oyida Nosirxonto‘raning Norin daryosidan kechib o‘tganini eshitgani va uni tutish uchun eng yaxshi nomzod sifatida Kamol qozini ishga solish kerakligini ma’lum qiladi.
1930-yil 14-fevral kuni GPU ma’muri Krukovskiy yuqoridagi fikrga nisbatan “To‘g‘ri Kamol qozi ham Turkiston Muxtoriyatida bo‘lgan. U Toshkentda yashaydi, ammo bizga hech qachon ishlamaydi. Biroq Mavlaviy Shayx Samara qamoqxonasidan qochgan, Orenburgda uni tutib olishgan. Kerak bo‘lsa uni yollashimiz mumkin. Keyingi nomzod Nosirxonto‘raning qarindoshi Karimxon bizda “Dodho” nomi bilan ishlaydi. Uni Kamolqoziga yuborgan edik, roziligini olib bo‘lmadi. Toshkentga Namangandan birorta boshqa ishonchli xufyani yuborish kerak...” deb javob beradi.
Kosonlik imom Isroilxo‘ja Sarimsoqxo‘jayev avval Marg‘ilonda Shokirxon oxundda, so‘ng to‘rt yil davomida Namangan shahridagi Mullaqirg‘iz madrasasida Nosirxonto‘raning qo‘lida o‘qigan edi. Keyin Buxoro madrasasida o‘qib, taniqli ulamo bo‘lib yetishadi. Biroq sovetlarning razillarcha harakatidan qo‘rqib, GPUga “Odil” nomi bilan xufya sifatida yollanadi. 1930-yil 15-may kuni so‘roqda Isroilxo‘ja “20-mart kuni Chamboshlik Bahromboy kelib, seni Nosirxonto‘ra chaqirayapti, degandi. Ammo bormadim. Shundan so‘ng 20 kunlar o‘tib, Bahromboyning odami meni majburlab olib ketdi. Uning yoniga olib kirganida Nosirxonto‘ra bir kishi bilan gaplashib turgan ekan. Meni ko‘rdi-yu “ha, agent, demak kelibsan-da”, dedi. Nosirxonto‘ra yonimga kelib, meni qamchisi bilan urib, “endi yugur GPUga, meni bu yerda ko‘rganingni yetkaz”, dedi. Xonaga kirib kelgan Istambek: “Ey Isroil, meni qamataman deb yurgan emishsan, bizga turma yo‘q, biz o‘tirmaymiz”, dedi. Shundan so‘ng ko‘p gaplashmasdan meni chiqarib yubordilar. Biroq men bo‘lgan gaplarni GPUga yetkazmadim”, deydi. Darhaqiqat, Nosirxonto‘raning yaqin qarindoshlari orasidan ham “Saboh” “Dodho”, “Tojiddin”, “Amudaryo” kabi o‘nlab xufyalar tayyorlanib, har kuni har xil xabarlar Durov va Zibrakka yetkazib turildi.
Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li va uning safdoshlari
GPU ma’muri Matveyev xufyalar orqali Nosirxonto‘raning o‘g‘li Eshondadaga yo‘l topadi. Shu maqsadda o‘zlari hibsga olgan “Tojiddin”ni qamoqdan chiqarib, 1930-yil 23-mayda “tasodifiy” uchrashuv tashkil etadilar. Kulqo‘rg‘on qishlog‘ida – Fayziboyning uyida qarindoshi “Tojiddin”ni ko‘rgan Eshondada “tog‘a, bizni deb qamaldingiz”, deya yig‘lab yuboradi va aslida bizlarni o‘zlari qo‘rqitib yashirinishga majburlashdi, deydi.
1930-yil 8-iyunga kelib birgina Namanganda Nosirxonto‘raga bog‘lab yuzlab odam qamoqqa olindi. Eng qizig‘i, Nosirxonto‘raning o‘zi do‘stlarining soyasida Kosonda yashab yurgan edi. Nosirxonto‘ra do‘stlarining taklifiga ko‘ra yana toqqa yo‘l oladi. Qoratovda Eshondadaxon, Istambek, Otantoy Sotilg‘onov, Joniqul, Muqumjon va boshqa yigitlar bilan qaytayotgan Nosirxonto‘raga to‘satdan shiddatli hujum uyushtiriladi. Hech kim qarshilik ko‘rsata olmaydi, hamma qochishga tushadi. Mo‘min polvon, Abdumalik, Abduvahhoblar o‘ldiriladi. Turg‘un Qo‘ziboyev og‘ir yarador bo‘lib qo‘lga olinadi. Istambek va Otantoy Sotilg‘onovlar dushmanni chalg‘itish maqsadida otini to‘g‘ri toqqa soladi. Ularning izidan tushgan guruh Istambekni yelkasidan va sonidan yaralab ortga chekinadi. Otantoy Sotilg‘onov ko‘p qon yo‘qotib halok bo‘lgan do‘sti Istambekni tog‘da qoldirib, uning otiga minib Nosirxonto‘raning izidan Nanay tomonga yo‘l oladi. Biroq Nosirxonto‘ra otini Nanay tomonga haydab, o‘zi piyoda Koson tomon yo‘l olgani uchun uni topa olmay ortiga qaytadi. Istambekni 27-iyunga o‘tar tunda tog‘ga dafn etadi.
1930-yil 26-iyun kuni yaralangan holda qo‘lga olingan Dadaboy qo‘rboshining ukasi – quyimozorlik 28 yoshli Turg‘un Qo‘ziboyev (kal Turg‘un) keltirilishi bilan azobli qiynoqlarga solinib so‘roq qilinadi. U o‘zining yonidagilar haqida hech narsa bilmasligini aytadi. 1930-yil 3-iyul kuni Durovga yozilgan bildirishda “kal Turg‘undan boshqa gap olib bo‘lmaydi, u o‘ladi” deb bitilgandi. Haqiqatan, o‘sha kuni Turg‘un Qo‘ziboyev vafot etadi va uning yodgori bo‘lib 3 yoshli qizi qoladi. Bu vaqtga kelib Nosirxonto‘ra guruhi allaqachon to‘liq nazoratga olingandi. Istambek haqidagi ishga esa,.. uning oldidan bir xurjun qurol topiladi. Istambekni bosmachilarning o‘zlari o‘ldirib ketishgan, shekilli, degan yolg‘on bitib qo‘yiladi.
Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li safdoshlari
Otantoy Sotilg‘onov bir muddat yashirinib yurgach, uyiga keladi. U 30-iyun tongida bomdod namozini o‘qib turganda GPU xodimlari tomonidan hibsga olinadi. Keksa, horigan Otantoy avval qarshilik qiladi, do‘stlarining qayerdaligini aytishini talab qilishganda, birdan holsizlanib yiqiladi. Shu holida uni aravaga tiqib olib ketadilar. Uning ortidan 33 yoshli turmush o‘rtog‘i Nishonxon, o‘g‘illari 18 yoshli Uraim, 15 yoshli Ismoil, 3 yoshli Eson, 2 yoshli Nurjon va 5 yashar qizi Turdixonlar qon yig‘lanagicha qoladilar.
Otantoy Sotilg‘onov 1-iyul kuni Namanganga keltirilgan qamoqda o‘ziga keladi va yana hammani so‘ka boshlaydi, meni ham o‘ldiringlar, deb qichqirganicha hushsiz yiqiladi...
1930-yil 1-iyul kuni Qoratovda tekshirish olib borgan Mishenkin ismli kimsa yangi mozor aniqlanganining xabarini yetkazadi. Shundan so‘ng “tanish uchun” degan bahona bilan Istambekning mayitini kavlab olib, Namanganga keltirishadi. Oppoq yaktaklari to‘la qonga bo‘yalgani, yovvoyi hayvonlar tomonidan sudralib, abgor holdaligi uchun murdani tanib bo‘lmaydi. Aftidan, Nosirxonto‘rani topa olmagan Otantoy Sotilg‘onov dushmanning ketishini kutib, qaytgunicha bu hodisa sodir bo‘lgan edi.
Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li hibsga olingan vaqt
Nosirxonto‘raning katta o‘g‘li, 1907-yil tug‘ilgan Eshondadaxon Nosirov bu vaqtda turmush o‘rtog‘i 20 yoshli Sodiqaxon, 4 yoshli o‘g‘li Anis va 1 yoshli qizi Sharofatxonlar bilan qaynotasining uyida yashar edi. 1930-yil 8-9-iyul kunlari otasining ortidan yo‘lga chiqar ekan, zudlik bilan qo‘lga olinib, so‘roqqa tortildi. Eshondadaxon “Qoratovdagi otishmadan eson-omon qutilib chiqdik, bizni Namanganda otamning shogirdi mullo Nig‘mon Usmonov kutib oldi. Namanganning Yangi ko‘chasida 15 kuncha Esonjonnikida yashadik. Istambekdan xabar bo‘lmagach, Nig‘mon Usmonov Qirg‘izistonda Otantoy Sotilg‘onovning ham qamoqqa olganini eshitib keldi. Shundan so‘ng otam Qoshg‘arga ketishga qaror qildi. 7-iyul, bozor kuni tongda otam soqolini qisqartirib oq kulrangga bo‘yadi va eski yaktak va to‘n kiyib, oddiy dehqon qiyofasiga kirdi. Bozor kuni bo‘lgani uchun hamma ko‘chada edi. Biz ham shu taqlid kiyinib, Namangandan Sirdaryo bo‘ylab, Mingbuloq, Yozyovon orqali Marg‘ilondan o‘tib oldik. Otam Hasanxon bilan men birmuncha orqada ketadigan bo‘ldim. Rejamiz bo‘yicha O‘shdagi Sulaymon mozorida uchrashishga, u yerdan yo‘lni biladigan qirg‘iz yo‘lchilarini topib, chegaradan o‘tkazib qo‘yishini so‘rashga kelishgan edik...” deydi. Mazkur ko‘rsatma asosida Durov, Lischenko, Pedenkolar boshchiligidagi GPU xodimlari 1930-yil 15-iyul kuni O‘sh okrug, Toldik sovxozidan 10–15 km uzoqlikdagi yaylovda Nosirxonto‘ra, Toshmat Ernazarov, Mulla Nig‘mon Karimovlarni tutib, hibsga oladilar. Barchasi 18-iyul kuni Namanganga keltirilib qamoqqa joylanadi. 1930-yil 2-avgust kuni OPGPUning Sharq bo‘limi rahbari Durovning Nosirxonto‘ra Saidkamolxon o‘g‘li, Otantay Sotilg‘onov, Eshondodaxon Nosirxonovlarning O‘zSSR JKning 58, 67-moddalari bilan ayblanib qamoqqa olingani to‘g‘risidagi qarori imzolandi. Tergov shundan so‘ng Toshkent shahrida davom ettirildi. 1930-yil 20-avgust kuni tergovchilar tomonidan tayyorlangan bo‘hton va tuhmatlardan iborat bir necha qog‘ozga muttasil qiynoq va tahqirlar ostida Otantoy Sotilg‘onovning imzosi olindi. 21-avgust kuni mazkur qog‘ozlar Nosirxonto‘raga ko‘rsatildi. Shundan so‘ng Nosirxonto‘ra: “...ha, biz Istambek, Otantoylar bilan birga xalqning mazlum holi, hunarmandlar og‘ir ahvoli, iqtisodiyotning ishdan chiqqani, tovar-pul munosabatlari chidab bo‘lmaydigan kunga yetib kelgani tufayli xalqni qo‘zg‘alonga chaqirish qarorini chiqarishga majbur bo‘ldik”, deydi. 24-avgust kuni so‘roqda ham o‘zining qisman aybdorligini tan olib, berilgan qog‘ozlarga imzo chekishga majbur bo‘ladi. 1930-yil 9-sentyabrga kelib Namangan – ayni ish doirasida saqlanayotgan mahbuslarning soni 80 kishiga yetadi.
1930-yil 15-oktyabr kuni Nosirxonto‘ra Sayyid Kamolxonto‘ra o‘g‘li so‘nggi bor so‘roqqa keltirildi va urib-tepib “xalq qo‘zg‘aloni uchun javobgar” bo‘lgan zotlarning nomlari qayd etilgan qog‘ozlarga imzo chekishga majbur etildi. Varaqlar ko‘z yoshiga bo‘yaldi. Har bir betga Nosirxonto‘raning imzolari qo‘yildi. Shu kunning o‘zida Durov Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li, Eshondadaxon Nosirxonto‘ra o‘g‘li va Otantoy Sotilg‘onovlarning ayblari to‘liq isbotlangani uchun oliy jazoga hukm chiqarilishi mumkin deb qaror qiladi. 1930-yil 25-oktyabr kuni yolg‘on va uydirmalar bilan to‘la ayblov bayonnomasi imzolanadi.
Nosirxonto‘ra va o‘g‘li Eshondadaxon
Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘rayev o‘g‘li Eshondadaxon va sodiq safdoshi Otantoy Sotilg‘onovlar bilan birga 1930-yil 27-oktyabr kuni O‘zSSR JKning 58, 67-moddalarini qo‘llab oliy jazoga hukm etildi va 1931-yil 13-aprel kuni Toshkent shahrida ijro etildi.
1931-yil 24-yanvar kuni “Nosirxonto‘ra ishi” yuzasidan qamoqqa olingan boshqa insonlar masalasi ham OGPU huzuridagi mash’um “uchlik” tomonidan ko‘rib chiqildi va aksar qismiga RSFSR JKning 78-moddasi qo‘llanib oliy jazoga tortildi. Toshkentga keltirilgan Opoqxo‘ja Asqarxo‘jayev, Shodmonxo‘ja Eshonxo‘jayev, Sake Jumanov, Temurxo‘ja To‘xtaxo‘jayev, Ahmad Xolmonbetov kabi 27 nafar mard inson 31-yanvar kuni tungi soat 23:00 da otib tashlandi. Shuningdek, qolgan insonlarning 10 nafari 10 yildan, 6 nafari 8 yildan, 12 nafari 5 yildan, 22 nafari 3 yildan konslager jazosiga buyurildi. Shu kuni Hojixon Karimboyev, Dadajon Abulqosimov, Xolmamat Ustaboboyev, Ilmiyamin Yusufboyev, Uzoqboy Lolaqoriyev kabi 10 nafar kimsa esa ishni ochishda bergan yordami uchun ozod etildi.
Ishning yakuniy qismida Nosirxonto‘ra Sayyid Kamolxonto‘ra o‘g‘lining hali 18 yoshga to‘lmagan farzandi Hasanxonto‘ra otuv jazosidan saqlab qolinib, 6 yilga konslager hukmi o‘qildi. Biroq uning ortidan “mujohidlar” nomi bilan Farg‘ona OGPU bo‘limida yangi ish ochilib, unga nosirxonto‘rachilarni qidirish, topish va kuzatish vazifasi yuklanadi...
Xullas, oradan qancha yillar o‘tdi, qancha suvlar oqib o‘tdi. Ammo xalq o‘zining qahramon farzandlari yodini aslo unutmadi. Ularning qahramonlik kurashlari tildan tilga, dildan dilga o‘tib yashashda davom etaveradi. 2021-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublika Oliy Sudi tomonidan Nosirxonto‘ra Sayyid Kamolxonto‘ra o‘g‘li rahbarligidagi 115 nafar millat qahramonlarining ishi qayta ko‘rib chiqilib, ularning pok nomlari oqlandi.
Bahrom IRZAYEV,
O‘zR VM huzuridagi Qatag‘on
qurbonlari xotirasi davlat
muzeyi bosh ilmiy xodimi
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q