Amirlikda mirshabboshi, bek va devonbegi kabi lavozimlarida ishlagan tarixchi – Mirzo Salimbek taqdiri


Saqlash
16:24 / 26.11.2024 60 0

 

Buxoroda mangʻitlar hukmronligi davri haqida qimmatli maʼlumotlar beruvchi bir qancha tarixiy asarlar mavjud. Ulardan biri XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida yashab ijod etgan alloma, tarixchi, shoir, davlat arbobi va diplomat Mirzo Salimbekning “Tarixi Salimiy”, yaʼni “Salimiyning tarixi” asaridir. Ushbu kitob muallifi Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahim oʻz davrining yirik maʼrifatparvar va ilmli kishilaridan biri boʻlib, mirzolik va parvonachilik lavozimidan bek va amir devonida devonbegi mansabigacha koʻtarilgan.

 

Mirzo Salimbek Mirzo Rahimbek oʻgʻli mangʻitlar sulolasining soʻnggi hukmdorlari amir Muzaffarxon, amir Abdulahadxon va Amir Olimxon davrida faoliyat yuritib, uzoq va sermazmun, rang-barang hayot yoʻlini bosib oʻtgan mashhur, serqirra ijod sohibidir. U haqdagi koʻpgina maʼlumotlar muallifning “Tarixi Salimiy” asarida bayon etilgan.

 

Mirzo Salimbek 1849/1850-yillari Buxoroyi sharifda badavlat va nufuzli xonadonda tavallud topgan. U yoshligidan risoladagidek tarbiya-taʼlim olib, oʻz zamonasida davlat amaldorlari bilishi lozim boʻlgan asosiy bilim, malaka va koʻnikmalarni egallaydi.

 

Uning yoshlik davri haqidagi maʼlumotlar, afsuski, juda kam. Salimbek “Tarixi Salimiy” asarida oʻzi haqda 1870-yil voqealaridan boshlab qisqacha maʼlumotlar berib oʻtadi. Oʻsha davrlarda taxminan yigirma yoshlarda edi. Ziyoli oilada dunyoga kelganligi uchun u ham yetarli darajada bilim va koʻnikmalarga ega boʻlib voyaga yetadi va amakisi Abdulazizbekning (yaʼni, oʻsha davrda Abdulazizbek Buxoro amiri Muzaffarxon saroyida amaldorlardan biri edi) yordami bilan Nahrpoy (Narpay) va Ziyovuddin viloyatlarida bek boʻlib turgan Ostonaqulbiyning qoʻlida kotiblik, yaʼni mirzolik vazifasi bilan oʻz faoliyatini boshlaydi.

 

Salimbek 1871-yili Ziyouddin hokimiga kotib boʻlib ishga kiradi, lekin olti oydan keyin Amir Muzaffarxonning farmoyishi bilan Toshkentga, rus maʼmurlarining xatti-harakati, ayniqsa, Buxoro xususida tutgan siyosatini kuzatib boruvchi masʼul shaxs sifatida yuboriladi. U Toshkentga choyfurush qiyofasida keladi va 1871-1883-yillar oraligʻida Toshkentda boʻlib, orada har yili ikki marotaba, baʼzan uch marotaba amirning maxsus topshiriqlarini bajarib, Buxoroga borib turadi”.

 

Mirzo Salimbek Mirzo Rahimbek oʻgʻli 1884-1885-yillarda Turkiston general-gubernatorligi huzurida Buxoro amirligi vakili boʻlib xizmat qiladi. Keyin esa Mirzo Salimbek Xutfor va Somjin tumanlariga amlokdor etib tayinlanadi.

 

Buxoroga qaytganidan soʻng u amir saroydagi turli kichik lavozimlarda faoliyat olib boradi va asta-sekin obroʻsi oshadi. Dastlab amir Muzaffarxon davrida dasturxonchi, qorovulbegi, parvonachi kabi kichik vazifalarni bajaradi. Keyinchalik oʻzining qobiliyati va ilmiy salohiyatini koʻrsatib, 1885-yilda Buxoro shahrining mirshabboshisi etib tayinlanadi va mazkur vazifada besh yil mobaynida xizmat qiladi.

 

Mirzo Salimbek amir Abdulahadxon hukmronligi davrida ham mansab pillapoyalaridan yuqorilashda davom etadi. Jumladan, Buxoroda mirshab va toʻqsabo lavozimlarida ishlaydi. Soʻngra Yakkabogʻ, Nurota va Boysun bekliklarini boshqaradi.

 

Mirzo Salimbekning uddaburonligi sabab amir uni qayerda vaziyat murakkab va ogʻir boʻlsa, oʻsha hududga joʻnatgan. Shu tariqa, u 1905-yili Sherobod viloyati hokimligiga tayinlanadi va beklikni besh yil boshqaradi.

 

Oʻsha davrda Sherobod viloyati (bunda hozirgi Sherobod tumani hududini sifatida tushunmaslik kerak) Buxoro amirligining chegaralarida joylashgandi. Beklik muzofotlari Rossiya podsholigi va ingliz qirolligining siyosiy chegaralari hisoblanardi.

 

Shahrisabz kenagaslari mangʻit amirlariga sarkashlik qilib, doimo hukmdorlarining diqqat markazida boʻlgan. Ularning isyonlari sabab amirlar Shahrisabzda salmoqli qoʻshin saqlashga majbur edi. Mahalliy kenagaslarning amir hokimiyatidan noroziliklari avjiga chiqqan bir davrda Mirzo Salimbek Shahrisabz hokimligiga tayinlanadi va vaziyatni birmuncha yumshatib, tinchlikni saqlashga erishadi.

 

Tarixiy Salimiy asaridan maʼlumki, Mirzo Salimbek harbiy soha mutaxassisi boʻlmagan, muntazam qoʻshinda xizmat qilmagan. Lekin hokimliklar tasarrufidagi navkarlarni, aniqrogʻi, kichik qoʻshinlarni boshqargan. Shunga qaramay, 1918-yil Buxoroga Kolesov hujumi chogʻida Mirzo Salimbek amirlik qoʻshinlariga qoʻmondonlik qilgan.

 

Bolsheviklarning ilgʻor qismi Buxorodagi davlat toʻntarishi arafasida siyosiy faoliyatlarini Chorjoʻy viloyatidan turib boshqarayotgan edilar. Ushbu vaziyatga chek qoʻyish maqsadida Mirzo Salimbek 1920-yilning mart oyida endi Chorjoʻy viloyati hokimligiga tayinlanadi.

 

1920-yilda Buxoro amirligi tugatilgandan keyin Mirzo Salimbek amirlikning boshqa amaldorlari bilan bolsheviklar tomonidan qoʻlga olinib, Rossiyaga surgun qilinadi.

 

Salimbek va boshqa qoʻlga olingan yigirmaga yaqin Chorjoʻy viloyati amaldorlari Buxoroga olib kelinadi va amirlikning boshqa mansabdorlari bilan birgalikda Toshkentga joʻnatiladi. U yerdan ular poyezd bilan Rossiyaga ketadi.

 

Mirzo Salimbekning oʻgʻlining xotiralarida yozilishicha, Buxoro amirligi amaldorlari surguni ayni qish fasliga toʻgʻri kelgan va ular qahraton qishni yoʻlda oʻtkazgan. Oziq-ovqat taʼminoti yetarli darajada boʻlmagan. Asirlarni olib borayotgan poyezd hattoki bir necha hafta yoʻlda toʻxtab ham qoladi. Tez orada yegulik zaxirasi tugaydi.

 

Mirzo Salimbek va Mirzo Abdusalom yaqin atrofdagi shaharcha maʼmuriyatiga yordam soʻrab, murojaat qiladi. Garnizon vakillari mahbuslarning vaziyati ustidan taftish oʻtkazadi hamda ularni zarur oziq-ovqat bilan taʼminlab, Toshkentga qaytarib yuboradi. Buxoro amaldorlari Toshkentga qaytib kelgandan keyin yana Buxoroga joʻnatiladi va Sitorayi Mohi Xosadagi zindonga tashlanadi. Lekin ularning qaytib kelganligi haqidagi xabar oilalariga 1921-yilning bahorigacha yetkazilmaydi.

 

Mirzo Salimbek vafotiga qadar yana qaytadan soʻroq qilinadi. SSSR hukumatining maxsus farmonga binoan, yuzga yaqin amirlik amaldorlari qamoqqa olinib, tagʻin Toshkentga joʻnatiladi va ularning har biri oʻzlarining “ayblariga” qarab kesiladi. Mirzo Salimbek esa mana shu jazodan qutulib qoladi. Chunki, bu paytda Mirzo Salimbek yetmish toʻrt yoshga chiqqan, ancha qarib qolgandi. Salimbek singari keksayib qolgan sobiq amirlik amaldorlari ozodlikka chiqariladi va oʻz yurtlariga qaytariladi.

 

Mirzo Salimbekning oʻgʻli xotiralarida eslashicha, Abdurauf Fitrat boshchiligidagi jadidlar Mirzoning ozodlikka chiqishiga katta hissa qoʻshgan. Mirzo Salimbek amirlik tugatilgandan keyingi idoraviy faoliyatini Abdurauf Fitrat boshchiligidagi “Anjumani tarix” jamiyatida boshlagan. Salimbek keyinchalik soliq va moliya idoralarida ham faoliyat yuritadi. U oʻzi hayotligi chogʻidayoq Buxoro shahridagi Hazrati Imom qabristonida oʻzining oilasi uchun maxsus daxma va xilxona qurdirgan edi. 1930-yilda, Mirzo Salimbek vafot etadi va uni oila aʼzolarining yoniga dafn qilishadi.

 

Mirzo oʻz mablagʻi hisobidan bir qator bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirgandi. Jumladan, Nurota viloyatidagi shayx Abulhasan Nuriyning maqbarasini tiklaydi. Sherobod viloyatiga hokim boʻlib turgan paytda imom at-Termiziyning qabri yonidagi masjidga maxsus ayvonlar qurdiradi. Mirzo Salimbek 1880-yillarda Buxoro shahrining mirshabboshisi sifatida faoliyat olib borgan chogʻlarida oʻzining shaxsiy daromadlari hisobidan oʻn uch hujrali madrasa barpo ettiradi. Mazkur madrasa bugungi kungacha saqlanib qolgan.

 

Mirzo Salimbek “Kashkuli Salimiy”, “Jomeʼ ul-gulzor”, “Hikoyati Abdulloh ibn Muborak”, “Tarixiy Salimiy” kabi yirik tarixiy asarlar muallifidir. Ularning eng yirigi “Tarixi Salimiy” hisoblanadi. Bu asar 1920-yillar atrofida yozilgan.

 

“Oʻzbekiston tarixi” telekanalining

“Javohir” turkumi

“Tarixi Salimiy” koʻrsatuvi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 187
Maktab amma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22168
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//