Men bilan sayohatga chiqqan “mahkum”dan oʻrganganlarim – bir kitob tahlili


Saqlash
15:18 / 26.11.2024 956 0

“Mahkum sayohati”ni ancha sekin oʻqib tugatdim. Kitobni oʻqishni negadir oxiridan boshladim. Portret-esselarda muallif oʻzida qay bir jihati – ijodi, insoniyligi, shaxsiyati bilan taassurot, fikr va havas uygʻotgan oʻnga yaqin shaxslar haqida hikoya qilgan. Bu esselar ayricha samimiyat, dilgirlik va bilgirlik bilan yozilgan, shuning uchun bitiklar kayfiyati oʻqiganga darrov yuqib qoladi. Menda shunday boʻldiki, oʻqish jarayonida muallifning oʻy-munosabati, izhorlari taʼsirida tez-tez tanaffus qilib, u soʻz ochgan tomonlarga ketib qoldim. Olamshumul qavvali kuylarini topib eshitdim, shoir Usmon Qoʻchqor sheʼrlarini boshqa bir eʼtibor bilan oʻqib chiqdim. Yana Mayna Hasanova haqidagi romanni topib oʻqish ishtiyoqi tugʻildi. Xurshid Doʻstmuhammad haqidagi bitikda yozuvchi shaxsi haqidagi fikrlarim bilan qandaydir yaqinlik, mutanosiblik koʻrdim... Umuman, Sevara “chizgan” bu portretlar biz bilan bir zamonda yashagan-yashayotgan “borligini bilganimiz, kimligini anglamaganimiz” insonlar dunyosiga yaxshiroq nazar solishga daʼvat qiladi, qandaydir yaqinlik his ettiradi. 

 

Inson nima uchun yozishi va yozuvchilik hayot tarzi qiziq hodisa. “Zerikish mashqlari” nomi ostidagi tarjima esselar ayni shu hodisot, mavzu haqida bahs etadi. Aminmanki, bu tarjimalar aslo zerikish tufayli emas, Sevaraning oʻz savollariga javob axtarishi, yozishga boʻlgan ehtiyoji mohiyat-sababini tushunishga, sharhlashga boʻlgan izlamining bir parchasi. U oʻz mulohazalari, tuygʻularini turli makon va zamondagi adiblarning fikrlari bilan oydinlashtiradi, taqqoslaydi, tasdiqlaydi goʻyo. Rostdan ham u nima uchun yozadi? Buning javobini kitobning avvalidan joy olgan esselardan topish mumkinday.