Qizil terror qurboni: Javaharlal Neru qidirgan jadid Poʻlat Soliyev kim edi?


Saqlash
16:09 / 25.11.2024 207 0

 

1955-yil 15-iyun kuni Hindiston Bosh vaziri Javaharlal Neru rasmiy tashrif bilan Toshkentga keladi. Nufuzli mehmon sharafiga Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi majlislar zalida tantali tadbir tashkil etiladi. Anjuman yakuniga yetgach Hindiston bosh vaziri tarjimoni SSSR Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Vasiliy Kuznetsovga “janob Bosh vazir hurmatli professor Bulat (Poʻlat) Soliyev janoblari bilan uchrashmoqchi” deydi. Oʻsha paytdagi Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri Gʻani Sultonov bunday odamni tanimasligini aytib vaziyatdan chiqmoqchi boʻladi. Hamma yalt etib Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti Tesha Zohidovga qaraydi. Olimalar Hadicha Sulaymonova va Sabohat Azimjonovalar labini tishlagancha yerga qarab turishardi. Biroz sukutdan soʻng Tesha Zohidov oʻzini qoʻlga olib, “Janob bosh vazir, professor Poʻlat Soliyev ancha yillar oldin yoʻlda vafot etgan. Qabri qayerdaligi nomaʼlum” deydi.

 

Oʻsha vaqtda oʻzbekistonliklarni noqulay vaziyatga solib qoʻygan, 1938-yil 28-fevralda “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan, ismi tilga olinishi taqiqlangan bu inson – birinchi oʻzbek tarix professori Bulat (Poʻlat) Soliyev edi.

 

Oʻzbekiston ilm-fanining taniqli arbobi, Markaziy Osiyodagi yangi tarixshunoslik ilmiy maktabi asoschilaridan biri boʻlmish Poʻlat Soliyev 1882-yil 22-martda Astraxan shahrida, mangʻit urugʻiga mansub oʻzbek oilasida tugʻilgan. Shu boisdan rasmiy va ilmiy hujjatlarda uning ismi goh Bulat, goh Bekbulat, aksariyat hollarda Poʻlat shaklida tilga olingan.

 

Qozon va Ufa shaharlarida madrasa taʼlimini koʻrgan, arab, fors, turk, rus, keyinchalik fransuz va nemis tillarini puxta oʻrgangan olim, 1909-yilda ona yurti Turkistonga keladi. Bulat Soliyev jadid sifatida Turkistonning koʻpgina shahar va viloyatlarida jumladan, Toshkent, Fargʻona, Jalolobod viloyatlarida oʻzining maʼrifiy faoliyatini olib boradi. Toshkent va Qoʻqon maktablarida tarix, arifmetika hamda ona tilidan dars beradi.

 

U 1917-yilda Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida jonbozlik koʻrsatadi va Muxtoriyatning asosiy nashri boʻlgan “El bayrogʻi” gazetasining bosh muharriri boʻladi. 1918-yil Muxtoriyat qulatilgach, oʻzini toʻliq ilmiy-pedagogik faoliyatga bagʻishlaydi. Shu yilning noyabr oyida Poʻlat Soliyev Nazir Toʻraqulov bilan birgalikda Qoʻqon Xalq universitetini tashkil etishda ishtirok etadi. Mazkur oʻquv dargohi asosan Fargʻona vodiysidagi qishloq oʻqituvchilarning malakasini oshirish bilan shugʻullanadi va Poʻlat Soliyev uning direktori etib saylanadi. Ushbu oliygoh keyinchalik Fargʻona vodiysidagi pedagogika institutlarining paydo boʻlishida tamal toshi boʻladi.

 

SSSRʼning butun 70 yillik umri davomida, tarix fan sifatida mafkuraviy aralashuv obyekti boʻlib kelgan. 1920-yillarning oxirigacha inqilobdan oldingi tarixchilik maktabi vakillari nisbatan erkin faoliyat yuritishi, oʻz asarlarini oʻquv maskanlarida oʻqitishi va nashr etishi mumkin edi. Bunday “iliqlik”ka 1920-1928-yillarda amalga oshirilgan Yangi iqtisodiy siyosat (NEP) ham bir qadar imkon bergandi.

 

Bulat Soliyev ham bu paytda oʻzining asarlari bilan allaqachon mahalliy ziyolilar orasida tanilgandi. Jumladan, olim tomonidan yozilgan “Mangʻitlar davrida Buxoro”, “Hindiston Angliya zulmi ostida”, “Buxoro tarixi I qism”, “Oʻrta Osiyoda savdo kapitali davri”, “Oʻrta Osiyo tarixi: XI — XV asrlar”, “Oʻzbekiston tarixi”, “Oʻzbekiston va Tojikiston”, “Oʻrta Osiyoda islomning tarqalishi” asarlari birin-ketin nashr etiladi. 1926-yilda Bulat Soliyevga professor unvoni beriladi.

 

Bulat Soliyevning yozish uslubi mutlaqo oʻziga xos edi. U asosan biror ilmiy muammoni koʻtarayotganda, aslida umuman boshqa narsa haqida yozayotgan boʻlardi. Masalan, olimning 1920-yilda nashr etilgan “Hindiston Angliya zulmi ostida” nomli asarida Bulat Soliyev tarixchi sifatida kapitalistik Angliyaning Hindistondagi kirdikorlarini ochib bergan boʻlsa-da, olim shu oʻrinda Lenin boshliq bolsheviklar hukumatining bosqinchilik siyosatini ham mohirlik bilan fosh qilib ketgan. Xususan, olim ushbu asarda shunday deydi: “Hindistonga xavf boʻlgʻonligʻi uchun Angliya davlati Tibetni oʻziga tobe qildi. Oʻzining nazorati ostiga oldi. Tibet ixtiyorsiz suratda Angliyaga itoat etishga majbur boʻldi. Koʻngilga bir soʻroq keladir: Angliyaning Tibetga hujum etishga qanday haqqi bor? Tibetda qanday ishi bor? Qanday asosgʻa binoan Angilya davlati Tibetni oʻziga qoʻshadi? Belgili bu ish haqqoniyasizlik, adolasizlikdir”.

 

Ushbu savollarning barchasi aslida Turkistonni kuch bilan bosib olgan sovet dohiylariga qaratilgan edi.          

                             

1920-yillardayoq Poʻlat Soliyev Turkiston tarixiga oid darslik yozish ishiga jiddiy kirishadi. Biroq bolsheviklar Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tomonidan tayyorlangan tarix boʻyicha darslik loyihalarini doimiy ravishda rad etib keladi. Shunday boʻlsa-da, olim 1929-yilda “Oʻzbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq boʻladi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy koʻchkiga qarshi ekanligini taʼkidlagan holda, kitobning kirish qismiga, oʻsha kunlarda sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.    

   

               

 

“Oʻzbekiston tarixi” asari oʻquvchiga Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatida qanday oʻrin tutgani va Turkistonning buyuk oʻtmishi haqida qimmatli maʼlumotlar berardi.

 

Bundan sal avval, yaʼni 1927-yilda ham Poʻlat Soliyev “Maorif va oʻqituvchi” jurnalida “Oʻzbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab boʻlgandi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari oʻsha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin Poʻlat Soliyevning maqolasi haqida tanqidiy materiallar eʼlon qila boshlaydi.

 

1933-yil avgust oyida Butunittifoq Kommunistik partiyasining Samarqand boʻlimi tomonidan olimning 1926-yilda nashr etilgan “Oʻrta Osiyo tarixi” asari gʻoyaviy jihatdan “nobop” deb topiladi. Chunki asardagi Xorazmshohlar davlatining nufuzi va Oʻrta Osiyoning XI asrda jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan hissasi haqidagi maʼlumotlar sovetlarga yoqmagan edi.

 

1936-yildagi tarixchilar qurultoyida Bulat Soliyev asarlari “oʻtmish ideallashtirilgan” va “panturkistik” deya baholanib, oliy oʻquv yurtlarida darslik sifatida qoʻllash taqiqlab qoʻyildi. Poʻlat Soliyevning tarixshunosligi “millatchilik va panturkistik” ruhda deya taʼriflandi.

 

1937-yilda boshlangan “Katta terror” siyosati natijasida Oʻzbekistondagi bir qator taniqli davlat arboblari va adabiyot sanʼat namoyondalari hibsga olinadi. Bulat Soliyev boshiga ham qora bulutlar kela boshlaydi. 1937-yil sentabrda professor Poʻlat Soliyev Samarqanddagi Oʻzbekiston davlat universitetidan boʻshatildi.

 

1937-yil 11-oktabrda Soliyevni hibsga olish toʻgʻrisida qaror chiqariladi. Unda jumladan shunday deyiladi:

 

“Toshkent shahri, 1937-yil 11-oktyabr. Men Oʻzbekiston NKVD 3 boʻlimi operativ xodimi – davlat xavfsizligi leytenanti Gaynitdinov panturkistik tashkilot aʼzosi boʻlgan Poʻlat Soliyevga tegishli hujjatlarni oʻrganish jarayonida uning butunlay Oʻzbekistonda Sovet hokimiyatini agʻdarishni maqsad qilgan antisovet panturkistik tashkilot aʼzosi boʻlganligini, mahalliy ziyolilar orasida muntazam ravishda sovetlarga qarshi tashviqot olib borganligini aniqladim”.

 

OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 49-modda “6“ bandiga asoslanib,

 

Qaror qilinadi: 1882-yilda tavallud topgan, partiyasiz, Samarqand shahridagi Oʻzbekiston Davlat universiteti professori, SSSR fuqarosi boʻlmish Poʻlat Soliyev hibsga olinsin va OʻzSSR Jinoyat Majmuasining 60- va 67-moddalariga koʻra javobgarlikka tortilsin”.

 

Shu tariqa qariyb 5 oy davom etgan qiynoqlardan soʻng 1938-yil 8-fevralda “maxsus uchlik” Bulat Majidovich Soliyevni otuvga hukm qiladi. Hukm 1938-yil 28-fevralda ijro etiladi. Shu tariqa birinchi oʻzbek tarix professori Poʻlat Soliyev SSSRʼning qatagʻon mashinasi tomonidan mahv etiladi.

 

Poʻlat Soliyevning asarlari nafaqat Oʻzbekistonda, balki koʻplab Sharq xalqlari orasida ancha keng shuhrat qozonadi. 1954-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Hindiston bosh vazirining ham olimni yoʻqlagani bejiz emas edi. Soliyevning vafot etganligini eshitgan Neru uning “Angliya zulmi ostidagi Hindiston oʻlkasi” asari hind ozodlik harakati namoyondalari orasida mashhur boʻlgani, ularning mustaqillik kurashlariga ilhom berganini aytib, oʻzbek tarixchisiga minnatdorlik bildiradi.

 

Oradan ikki yil oʻtib, 1956-yilda Oʻzbekiston SSR Oliy Sudi komissiyasi Bulat (Poʻlat) Soliyev haqdagi 1938-yilgi qarorni uning jinoyati tasdiqlanmaganligi tufayli bekor qiladi. Olimning nomi oqlanadi.

 

Soliyevning ayoli Fotima aya 1987-yilda vafot etadi. Bulat Soliyevdan 4 farzand qolgan. Ular hozirda turli faoliyatlar bilan mashgʻul. Poʻlat Soliyevning nevarasi Alisher aka Muhiddinov bugungi kunda bobosining merosini saqlab kelmoqda.

 

Quvvataliyev Ubaydulla.

TerDU qoshidagi

 Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 179
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 652
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22125
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//