– Mustaqillikning ilk yillaridagi maktablarni eslaysizmi? – deydi suhbatdoshim paxtagulli choynak qopqog‘ini ochib, piyoladagi choyni qaytararkan. – Ular maktabdan ko‘ra ko‘proq tashlandiq xarobaga o‘xshardi. Deraza romlari hech qachon ochilmas, mabodo amallab ochgudek bo‘lsangiz, urdi Хudo. Zanglagan oshiq-moshig‘i bilan yulinib, har tomonga sochilib ketardi. Men taxminan olti-yettinchi sinflarda o‘qirdim, to‘lachadan kelgan, bo‘shangroq bola edim. Har yili bo‘yalaverib, tirqishlarigacha bitib ketgan bu derazalarni ming urinsam ham ocholmasligimga ko‘zim yetardi.
Maktab “G” shaklida qurilgan bo‘lib, “G”ning boshida bisoti bir tuyaga yuk bo‘ladigan kambag‘algina kutubxona bor edi. Qolgani darsxonalar. Men bu kutubxonani ibodatxonaga o‘xshatardim. Hatto unga poyabzalim bilan kirganim uchun xijolat ham bo‘lardim. Bu kulgili tuyulishi mumkin, biroq gadoytopmas qishloqlarda kutubxona degani qadamda uchrayvermaydi-da. Uchta qishloq uchun bitta maktab va maktabning ichida joylashgan ko‘rimsiz bir kutubxona.
Bu yerning qanaqadir vahimasi ham bor edi. Kirishingiz bilan sizni qog‘ozlarning qadrdon hidi hamda g‘alati noxushlikmi, namxushlikmi o‘rab olardi. Yuqorida aytganimdek, ochib bo‘lmaydigan yopsa-ochilmas, ochsa-yopilmas noyob derazalardan biri shu xonaga nasib qilgan, undan quyosh nuri aniq chiziqlarigacha bilinib tushardi. Yorug‘lik to‘g‘ri borib Maktab ammaning stoli va stol ustidagi kitoblar nomi qayd etilgan jurnalni yoritadi. Garchi asl ismi boshqa bo‘lsa ham bu ayolni hamma Maktab amma deb atardi. Maktab amma hech qachon hech kimni kutmasdi. Kutgan taqdirida ham uning yoniga g‘iybatchi fizika ustozimiz va ammaning sinfdoshi bo‘lgan ona tili o‘qituvchisi – Maryam muallimdan boshqa kimsa yo‘lamasdi. Menga keladigan bo‘lsak, men Maktab amma uchun yangilik emasdim. Kattaroq kitob olsam bir hafta ko‘ziga ko‘rinmasdim-u, yuz-ikki yuz betlik kitob qo‘limga tushgudek bo‘lsa, ko‘zdan chiqqan so‘galdek bir kun, uzog‘i bilan ikki kunda kitobni ko‘tarib yana eshikda paydo bo‘lardim.
Esimda, o‘sha derazadan tushayotgan nur ammaning ohori o‘chgan ro‘moli va istarali yuzini yoritib turardi. Balki menga shunday tuyular, biroq bu chehrada zohir bo‘lgan nim tabassumni ko‘rgan kishi borki, bu ayolga yomon gap u yoqda tursin, aytilishi lozim bo‘lgan shumxabarni ham aytolmay qolishi turgan gap edi. Ishonmasangiz o‘zingiz bilasiz, lekin bir safar Maktab ammaning tinmas o‘g‘li yong‘oqdan yiqilib tushgan – ularning uyi yonidan o‘tib kelardim maktabga – qarasam, uch-to‘rt qo‘shni to‘planib, jabrdiydaning boshida parvona bo‘lib turibdi. Yonida bir satil yong‘oq ag‘darilib yotibdi. Adashmasam, o‘sha kunlarda kuzning salqini tushib, otam olib bergan havorang kamzulni kiyib olgandim. Ular tomon yaqinlashishim bilan bir kishi, kimligini aniq eslolmayman, “tez borib Maktab ammangga ayt, uyga yugursin, o‘g‘lining oyog‘i singan ko‘rinadi” dedi. Yaradorning tizzasidan oqayotgan qonni ko‘rib, ko‘nglim behuzur bo‘lib ortga qayrildim va xabarchi qushdek maktab tomon uchdim.
Maktab ammaning qarshisida ne derimni bilmay, gap topolmay turarkanman, nafasim bo‘g‘zimga tiqilib qolganini ham, tipratikan sochlarim orasigacha terlab ketganini ham sezdim. Elchiga o‘lim yo‘q, ammo ammaning yuzidagi o‘sha nim tabassum tilimni boyladi. Avval o‘ylab ko‘rmagan ekanman, bunday sovuq xabarni onaga yetkazish... ko‘p qiyin ish bo‘lar ekan. Maktab amma qanaqa kitob kerakligini so‘radi, men esa tarashadek qotib turardim. Kamzulimning o‘ng cho‘ntagidan onam bo‘zdan qirqib bergan ro‘molchani olib, manglayimdagi terni artdim. So‘ng qaytib chiqishga burilarkanman, “Maktab amma, uyga tez borarkansiz...” dedim-da ortimga qaramay chiqib ketdim. Yong‘oqdan yiqilgan o‘g‘ilga balo ham urmagan ekan, biroq men kechgacha o‘zimni lohas sezdim. Shunaqa, Maktab ammaga yomon xabar yetkazish o‘limdan battar edi.
* * *
Qissago‘yim uzatgan choydan ho‘plashim bilan boshimdagi og‘riq yoyilib, qayergadir yo‘qoldi. Qon bosimim oshganmi, ikki hissa damlangan ko‘k choydan ko‘zim ochildi. Gurung davomida men ham xuddi qahramonimizdek Maktab ammaning qarshisida turgan ekanman. Choy ichish bahonasida o‘zimga qaytib oldim. Shunday paytlarda qo‘rqaman – birdamas-birda o‘sha eshitib turgan voqeamning ichida qolib ketishdan va o‘sha qahramonlarning orasida ko‘rinmas sharpadek chiqish eshigini topolmay sanqishdan qo‘rqaman. Boshqa tarafdan esa hozir ham boshqalarning voqeasi ichida bo‘lishim mumkinligini o‘ylasam, yuragim uvishib, peshonamdan sovuq ter chiqib ketadi. Mayli, menga parvo qilmang, qissago‘yni tinglaymiz.
* * *
Kutubxonaning kitob javonlari taqalgan devoriga yorug‘lik yaxshi tushmasdi. Maktab ammaning stolida doim quvvatli fonar bo‘lar, u maktabimizda mashhur fonar edi. Ammaning kitob topishga qiynalganini ko‘rgan direktorimiz kutubxonaga shu fonarni sovg‘a qilgan. Buni ertalabki yig‘ilishlarda eshitaverib qulog‘imiz o‘rganib ketgan. Chindan ham fonar havas qilgulik edi, uncha-muncha odam bunaqasini sotib ololmasdi. Bu anzirat matohning puliga naq ikki kilo go‘sht berardi. Fonarning katta kallasi bo‘lib, uning ichida oltita mikrochiroq joylashgan. Tag‘in boshini burasangiz, yorug‘lik kichrayib-kattaradi. Orqasidan esa tokka tiqiladigan ikkita mis tayoqchasi chiqib keladi. Mo‘jizaning o‘zginasi. Uni ham qo‘ya turing, fonarning beliga o‘rnatilgan chirog‘i qiziq edi. Uni yoqib qo‘ysangiz, xona yorishib ketardi. Xullas, menga bu mashhur chiroqni bir marta ushlab ko‘rish nasib qilgan. Bu boshqa bolalarga orzu edi. Maktabimizda bu fonarning ta’rifini bilmagan o‘quvchi yoki o‘qituvchini topib bo‘lmasdi. Direktorimiz esa kutubxonaga kirib qolsa, darrov fonarni qo‘liga olardi-da:
– Qanday ishlayapti? – derdi ovoziga tantanavorlik qo‘shib, – buni bunaqa qarovsiz qoldirmang, yosh bolalar o‘ynab buzib qo‘ymasin.
Shunday deb fonarni yoqardi-da, bu sirli matohning boshini u yoq-bu yoqqa burab zavqlanardi. Maktab ammaning yuzida o‘sha nim tabassum o‘ynab turardi...
O‘sha yil qishning achchiq sovug‘i boshlanib, ovulning mo‘rilarida tutun ko‘ringanda faqirona kutubxonamizdagi hamma badiiy kitoblarni o‘qib tugatdim. O‘qigan kitobimni qayta o‘qishga esa sabrim chidamasdi. To‘g‘ri-da, o‘qigan asaringni qayta-qayta o‘qigandan nima ma’ni?
Xullas, Maktab amma menga kitob topib berolmadi. Bir haftadan keyin kel degandi, bir haftadan keyin ham o‘sha hol – yangi kitob kelmagan. Maktab fondida pul kam ekan. “Agar bu pulga kitob olsak, – debdi direktor qo‘ng‘iz mo‘ylovini uchirib, derazalarga qoplanadigan sellofanni bolalarimning rizqidan olamanmi? Ana borini qayta o‘qiyverishsin, qaytanga yaxshi bo‘ladi, tushunmagan joylarini tushunib oladi”. Men esa bu gaplardan qish o‘ta zerikarli o‘tishini tushundim.
Yangi kitob yo‘qmi, demak, pechkaning oldiga yonboshlab mutolaa qilish ham yo‘q. Birinchi qor yoqqan kuni bolalarga qo‘shilib, ko‘chadan beri kelmadim. Katta-katta laylakqor yog‘di o‘ziyam. Osmonda kimdir oqqushning patini yulayotgandek, lappardek-lappardek qor qo‘limizga kelib qo‘nadi-da, bir zumda erib ketadi. Ana-mana deguncha yer oqarib, qorda etik izi paydo bo‘la boshladi. Biz ham mana senga deb qorbobo yasashga kirishib ketdik. Qor quruq ekan, hadeganda yopishavermaydi. Yumalatib boraverasanu, ozgina beparvolik qilsang uvalanib ketadi. Biz ham dashtning bir so‘zli bolalari edik, baribir qorong‘i tushayozganda kosov tutgan qorboboni bitirdik. Eng chiroylisi ikkita ko‘zi edi, ikkita qora toshni qo‘ndirgandik, tosh issiqroqmikan, haytovur ozgina oqib tushdi-da, ikki qorachig‘i burun bo‘lmish sabziga qarab qoldi. Uyga qaytishda telpak ostidagi sochimning jiqqa ho‘l ekanini sezdim. Uch uydan o‘tganimda varaja boshlandi. Pechkaning oldida biroz o‘tirsam o‘tib ketadi deb xomtama bo‘libman. Ertalabga bir ko‘rpa kasal bo‘lib uyg‘ondim. Gapiraman desam ovozim chiqmaydi. Yo‘talsam, tomoq achishadi. Shunaqa achishadiki, ko‘zimdan o‘t chiqib ketay deydi. Tag‘in boshimning og‘rishi-chi, men yotgan xonaning eshigi ochilib-yopilsa ham kirgan yelvizak to‘g‘ri boshimga keladi-da, o‘tkir tirnoqlarini ayamay botiradi. Ana senga laylakqor-u mana senga qorbobo deb ko‘rpani boshimga tortib yotaverdim. Otam ishga ketishi oldidan ozroq dakki berdi, nima ham derdim, ayb o‘zimda.
Kechga borib ahvolim og‘irlashdi, onam bergan dori-yu qaynatmalar kor qilmadi. Issig‘im baland edi. Ikki qavat ko‘rpa ostida ham sovqotardim. Oxiri otamning “charchoqbosdi”sini butun badanimga surtib tashlashdi. Men indamay yotaverdim. To‘g‘risi, uchinchi kuni yomon zerikdim. Televizor ko‘raman desam chiroq yo‘q, ukam va singlim ertalabdan havasimni keltirib maktabga ravona bo‘ladi. Kutubxonaga esa yangi kitob kelmagan, chunki maktab fondiga sellofan olingan. Bitta meni kitob o‘qisin deb bir maktab o‘quvchi sovqotib o‘tirmaydi-ku. Qishloq hamshirasi ketni kuydirvoradigan ukollaridan kunda ikki mahal sanchib ketadi. Har sanchganda shu safar igna borib suyagimga qadaldi-yov deb qo‘yaman…
* * *
Ikkalamizning ham likopchamizda tovuqning suyaklari qoldi. Voqeaga qiziqib ketib, xuddi kimdir menga igna sanchgandek yuzim burishib ketibdi. Agar suhbatdoshing bama’ni odam bo‘lsa, bir soatlik uchrashuvdan bir dunyo taassurot tuyasan kishi. O‘sha bama’ni odamlarning biri hozir qarshimda o‘tiribdi.
* * *
– Otamning aytishicha, – deydi u moy tekkan barmoqlarini namlattaga artarkan, – Maktab amma nega maktabga bormay qo‘yganimni so‘rabdi. Otam betobligimni aytgach, o‘zini aybdor bilib, maktab kutubxonasidagi ahvoldan gap ochibdi. Otam avvaliga hammasini tushunishini bildirib, so‘ng “Maktab amma bo‘lganingizdan keyin topib bering-da” deb hazillashibdi.
Men bu gapni eshitib, rosa rohatlandim. Bola bo‘lsam-da, hali ichimdan o‘tayotgan gaplarni tushuntirib berolmasam-da, mana odamning izzati degan hisni tuyardim. Eng qizig‘i esa oradan ikki kun o‘tgach ro‘y berdi.
O‘sha kuni ahvolim biroz yaxshilangandi-yu, biroq o‘rnimdan tursam boshim lo‘qillab og‘rirdi. Bosh chanog‘imga kimdir tosh solib qo‘yganday uni qimirlatib yubormaslik uchun tirishib, hojatxonaga borib kelardim. Dorbozday hamma joyim qimirlardi-yu, faqat boshim qimirlamasdi. Tasavvur qiling, rosa kulgili bu, xudo ko‘rsatmasin, bir umr shunday yashashga mahkum bo‘lsang bormi, naq tug‘ilganingga pushaymon yeysan.
Ertalab havo ochiq bo‘ldi, hovlimizdagi yalang‘och o‘rikning shoxida chumchuqlar tizilib sayray boshladi. Taqvimga qaramagan odam bahor kelayaptimi deb o‘ylashi tayin edi. Ammo bu qishning boshlanishi, ayozli kechalar hali oldinda edi. O‘tgan yili eshakni o‘ldiradigan sovuq bo‘lgan. Mamat cho‘ponning eshagi muzlab qolgan. Yodidan ko‘tarilib, tashqarida qolib ketgan ekan. Yodidan ko‘tarilmasligi mumkin edi-yu, o‘sha kuni Mamat cho‘pon qo‘shni qishloqda aroqqa to‘ygan ekan, kelib eshakni uyning yoniga, bostirmaning tagiga bog‘laganda, kirib uyquni urgan. Ertalab eshagiga somon solsa yemasmish. “Ha, hayvon, ko‘ngillari beda tusab qoldimi?” deb bir turtgan ekan, devordek gurs etib qulabdi. Xotini “ichsangiz siz ichgansiz, eshak ichmagan-ku, bechora hayvon muzlab qoladi-da, birga ichmabsiz-da” deb shang‘illadi. Shundan so‘ng boshqa ko‘ngilsiz hodisa yuz bermadi. Biroq bu qish o‘tgan yilgidan ancha sovuq keladigan ko‘rinadi. Chunki qor yog‘ib, ortidan ochilib ketgan osmon yaxshilik alomatimas.
Nonushtadan so‘ng uyda bir o‘zim qoldim. Otam ishga, onam qo‘shni qishloqdagi tog‘amlarnikiga – qanaqadir tadbirga, ukam bilan singlim esa maktabga ketgan. Ja zo‘r bo‘ldi-a, dedim ichimda ularni kuzata turib, tap-tayyor tekin qorovul. Mollarga amallab yemish solib tursam bo‘ldi-da, a, hech kim ilhaq bo‘lmaydi.
Shu ishlarni bitirib, o‘rnimga kirib yotgandim, kuchugimizning jag‘i ochilib qoldi. Yaxshilab quloq solgandim, kimdir onamning ismini aytib chaqirdi. Dorbozlik mahoratimni ko‘rsatish uchun tag‘in o‘rnimdan turdim. Eshikdan chiqishim bilan olapar itimni tinchlantirdim. O‘ziyam eshakday keladigan it, ammo odamni tishlamaydi. O‘zi itimning vajohatini ko‘rgan odamning esxonasi chiqib ketadi. Qarib “moxov” bo‘lib qoldi. Shumligi tutadimi, bilmayman, chiqib yo‘lning o‘rtasiga yotib oladi. Keyin har bir o‘tkinchi “hov, tog‘a!” deb bo‘kirgani bo‘kirgan.
It lo‘killab kelib eshikning tagiga cho‘zildi. So‘ng ko‘cha tarafdagi devorning ochiq joyidan kim ko‘rindi, bilasizmi? Ha, Maktab amma ko‘rindi! Xuddi o‘zi, yuzida nim tabassum o‘ynab turardi. Dashtning kengliklarida qahraton qish bo‘lishiga qaramasdan ammaning yuzida bahor edi. Dardim esimdan chiqib, u kishiga qarab yugurib ketishimga bir baxya qoldi. Biroq endi qimirlayman degandim, boshim “shoshma, bolakay, men hali tuzalmadim” dedi. So‘ng “kelavering, Maktab amma, uyda bir o‘zim edim. Ozgina tobim yo‘q” deb ichkariga ishora qildim. Ammaning doim kirib yurgan eshigi, tortinmasdan kirib o‘tirdi. To‘g‘risi, o‘tirolmadim, “boshim og‘riyapti, yotsam maylimi?” degandim, Maktab amma onalarcha mehribonlik bilan “bexijolat, bolam” dedi.
“O‘zimizning Maktab amma yaxshi-da baribir” dedim ichimda. Ortiqcha mulozamat kutmaydi. Mana, o‘zidan bilib xontaxta ustidagi dasturxonni ochib, onam damlab ketgan choyni ikkita piyolaga quydi-da, “o‘zing yaxshimisan, bolam, choy ichib ol. Rangingni ancha oldirib qo‘yibsan. Otangdan eshitgandim…” va shunga o‘xshash iliq gaplar bilan hamdardlik bildirdi. Mening ikki ko‘zim amma ko‘tarib kelgan kitobda edi. Ko‘zim bilan nomini o‘qishga urinardim. Aksiga olib uy biroz qorong‘iroq. Qishda shunaqa bo‘ladi o‘zi, derazaga tortilgan sellofandan quyosh nuri yaxshi o‘tmaydi. Chiroq esa kechqurun ikki soat yonadi. Chiroq o‘chmay qolishidan Xudo asrasin, kimdir bandalikni bajo keltirgan bo‘ladi...
Maktab amma ko‘p o‘tirmadi. Ishga borishi kerak ekan. Komissiya kelayotganmish. Komissiya degani bo‘yinbog‘ taqqan, dimog‘idan qurt yog‘adigan ikkita amaki. Bir safar bizning sinfga ham kirgan. Bolalardan “nimani o‘rganding?” deb so‘rash o‘rniga, chet tili ustozimizning ma’ruza daftarini, keyin jurnalni yuritganmi-yo‘qmi, tekshirib, ora-sira tanbeh berib turdi. Tishimni tishimga qo‘yib o‘tirdim. Ustozimiz qirq yoshlardagi ayol kishi edi. Yelkasini qisib, o‘quvchilar oldida shunaqa izza bo‘ldiki, yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi. Mening borgan sari g‘azabim qaynardi, o‘sha ikkita turqisovuqning basharasiga boplab tushirgim, maktabdan quvib solgim keldi. Hech tushunmasdim, boshimizga qulab tushay deb turgan maktabning nimasini tekshiradi? Axir bunday sharoitda bilim berish ham, bilim olish ham jasoratning o‘zginasi-ku. Yomon ish bo‘lsa ham ichimda duo qilardim, biror kun shu komissiyachilar polning chirigan joyiga oyoq qo‘ysa-da, pol o‘pirilib ketib, sharmandasi chiqsa deb. Bunaqasi o‘quvchilar bilan ko‘p bo‘lardi, chunki bu pollarning qachon qoqilganini otam ham eslolmas ekan.
Endi bir maqtanay, Maktab ammaga keltirgan kitobi uchun qayta-qayta minnatdorlik bildirib kuzatdim. Uyga kirib kitobni qo‘limga oldim, hidini hidladim. Hatto kitobning hidi ham “men senga zo‘r voqealar aytib beraman, men aytadigan taqdirlar yetti uxlab tushingga ham kirmagan” deb turardi. Bilasizmi, odam haddan tashqari sevinsa, nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qoladi, ayni paytda men shu ahvolda edim. Ko‘p ichingizni qizdirmay, kitobning nomini aytaqolay-a. Qo‘llarimda kenja ukadek ardoqda turgan bu kitob “Tom tog‘aning kulbasi” edi. Yodingizga tushdimi, Yevani esladingizmi? Men dunyoga kelib, birinchi marta aza ochgan qahramonim aynan Yeva bo‘ladi. Undan keyin ko‘plarni jannatga kuzatdim. Ammo har biriga odamlar eshitmaydigan, odamlar anglamaydigan bir lahjada “Yevaga salom aytinglar” derdim. Mening singlim, mening oppoq singlim, mening farishta singlim Yeva edi. Shunaqa, yaxshilar erta o‘lib ketadi. Mana yuribmiz bir dunyo yomonlar, yaxshilik haqida ertak to‘qib…
* * *
Tanishganimizga to‘rt yil bo‘libdiki, suhbatdoshimni bu ahvolda ko‘rmagan edim. Uning ko‘zlarida yosh qalqidi. Qarshimdagi dunyoni kulguga to‘ldirib yashayotgan odam bir zumda eng yaqin kishisining qabri boshida o‘tirgan choldek bukchayib, kichrayib qoldi. Bu holni ko‘rishingizni tavsiya qilmayman, yo‘qsa dunyoda hali ham toza ko‘ngillar yashayotganini, ular oramizda yurganini, metroda o‘tirgani, avtobusdan tushayotgani, teatrga ketayotganini ko‘rib ichingiz kuyib ketadi. O‘zingizning qanchalar badbaxt, toshbag‘ir bo‘lib yashayotganingizni his qilishdan ko‘ra og‘irroq jazo bormi?
* * *
Orada maktabni ham bitirdim, poytaxtga o‘qishga kirdim-u oshig‘im olchi bo‘lib qoldi. Ko‘p kitob o‘qiganim tezda universitetning a’lochi talabalari safida bo‘lishimga yo‘l ochdi. Ko‘p o‘tmay ishli bo‘lib, cho‘ntagim pul ko‘rdi. Bunday qarasam, dunyoda yashash, ayniqsa, yaxshi yashash rohatning o‘zginasi ekan. Bir yildayoq chang-to‘zonli dashtlarimni unutib yubordim...
Ana shunday xursand-u xushvaqt kunlarimning birida noxush xabar keldi. Rosti quloqlarimga ishongim kelmasdi. Darsni yig‘ishtirib, qishloqqa yo‘l oldim. Birinchi yuradigan poyezd peshindan so‘ng to‘rtda jo‘nadi. Poyezdning bir xil taraqa-tuq deb ketishi meni ancha yillar ortga olib ketdi...
“Tom tog‘aning kulbasi” menga qanday yetib kelganini esladim. Buni mendan tashqari ham ko‘pchilik bilardi, buni o‘sha kitobni berib yuborgan qo‘shni maktab kutubxonachisi aytib bergan…
* * *
To‘rt ovul narida qo‘shni maktab bor edi. Bu maktabning ba’zi bolalarini tanirdik. Ular bizga sport o‘yinlari o‘tkazishga kelardi. Ba’zan biz ularning maktabiga borardik. Xullas, bo‘yi shipday ikkitasi bor edi, voleybol o‘ynayotganda raqsga tushayotgandek bo‘lardi. To‘g‘risini aytganda, o‘shalar maydonga tushishi bilan o‘zimiznikilar qolib, ularga muxlislik qilardim. Lof-qofi bilan shunqorlar uch hatlab maydonning u boshidan bu boshiga yetib borardi-da.
To‘rt ovul naridagi maktab kutubxonasi bizning kutubxonadan boyroq ekan. Maktab amma tuman markazida ularning “maktab amma”sini ko‘rib qoladi-da, men uchun o‘sha xotinga iltimos qiladi. Karnaychidan bir puf deganlariday, oppa-oson ko‘na qolibdi. “Xohlagan vaqtingiz borsangiz, ikki-uchta kitob berib yuboraman” debdi. Mana endi o‘sha qishning izg‘irinida to‘rt ovul yo‘l yurishni ayting.
Bunaqa beminnat xizmatni faqat Maktab ammadan kutish mumkin edi. Ertasi kuniyoq yo‘lga tushibdi bechora. Qo‘lida bir to‘rva yong‘oq, oldida ufqqa qadar cho‘zilgan dasht. Quruq qo‘l bilan bormay deganda bechora. Dashtliklarning “hayla”si ham odamning tinkasini quritadi. U ovuldan bu ovulga borguncha joning og‘zingga keladi. Bahor bo‘lsa boshqa gap – tabiatga mahliyo bo‘lib, qancha yo‘l yurganini bilmay qoladi odam. Ammo qor yog‘ib turganda yo‘l yurishning mashaqqati og‘ir! Maktab ammani bunga nima majbur qilganini haligacha tushunmayman. Qo‘shni maktabga yetib borguncha yo‘lida na eshak-arava, na mashina uchragan bu izg‘irinda. Bir injiq churvaqa o‘qigisi kelsa kelibdi-da, menga nima desa shuncha qiynalmas edi-ku? Buni eslaganimda yuragim uvishib ketadi, odamning xudbinligi o‘ziga bilinmaydi, boshqalarni azoblaydi. Maktab amma men uchun jonini jabborga berdi, biroq men temir qanotlarim o‘rnida parvozga yaraydigan chag‘alaylarni his qilishim bilan poytaxtga qarab uchmadimmi? O‘sha ovul uchun yoki Maktab amma uchun nima qildim? Hech narsa!
O‘zimcha erishayotgan yutuqlarim bilan ularning maqtanishini eng katta xizmatim deb bilardim. Kimdir yuzimga aytmaydiki, “Ho‘ po‘rim, hu ammamning buzog‘i, buncha o‘zingga mahliyo bo‘lasan, buncha kibr qilasan? Bu dunyoning hisobi bilan u dunyoning hisobi to‘g‘ri kelmaydi. Hali oldinda haqiqiy hisob-kitob bor!”. Ha, bor! U hisobda Maktab ammaning yuzidan nur yog‘ilib turishiga ko‘zim yetadi.
Ha, azizim. Maktab amma kitob olib keldi. Qo‘shni maktabning kutubxonachisining “sizga nima zaril?” degan gaplariga parvo qilmadi. Odamlarning og‘ziga elak tutib bo‘larmidi? Bu voqeani eshitgan borki, oldida maqtab, orqasidan kulib yurdi. Men bunday gaplarni orqavoratdan eshitib, ozgina xijolat chekardim-u, biroq xudbinligimdan “Maktab amma bo‘lgandan keyin kitob topib bersin-da” deb vijdonimning yukini yengillatardim.
Mening dardim tuzalib, Maktab ammaning dardi boshlandi. Maktab amma qo‘lini bog‘lab yuradigan bo‘ldi. Buning sababini ham keyinroq bildim, u kishi o‘sha kuni bir to‘rva yong‘oqni ko‘tarib qo‘shni maktabga boraman deb, qo‘li band bo‘lganidanmi, muzg‘aloq yo‘lda toyib yiqilgan. Buni esa o‘zi hech qachon aytmadi. Maktabni bitirgunimcha Maktab ammani kun ora yo‘qlardim. U kutubxonada shunchalar go‘zal ko‘rinardiki, xuddi ibodat paytida kirib qolgandek o‘zimni ozgina orqaga tashlab, keyin salom berardim. Maktab ammaning talabi bitta edi, “Zinhor va zinhor qo‘lingga tushgan kitobni o‘qima. Saralab o‘qi” derdi ba’zi kitoblarni ko‘zdan panaroqqa qo‘yib. Bu ikkalamizning – amma va mening oramizdagi sirli kelishuv edi. Buni sira buzib bo‘lmasdi.
* * *
Maktab ammani qabrga olib ketarkanmiz, qovjirab qolgan bepoyon dashtga tabassum qilgandek kuzgi osmondan yomg‘ir yog‘a boshladi. Qattiq emas, sevalab, yumshoq, iliq yomg‘ir. Xuddi sog‘inchli ko‘zyoshday... Tobutni ho‘l qilmasmikin degan o‘y bir xayolimga keldi-yu, yomg‘irning ravishidan bunday bo‘lmasligini his qildim.
Xayolan Maktab ammadan ham qadrdon singlim, oppog‘im, farishtam – Yevaga salom aytdim. Ich-ichimdan ularning jannatda uchrashishiga amin edim!
Bek ALI
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q