Xon O‘zbek asli kim? Uning chindan ham mongollarga aloqasi bo‘lganmi?


Saqlash
12:56 / 25.11.2024 1112 0

O‘zbeklarning ajdodlari Turon-Turkiston deb atab kelingan o‘lkaning eng qadim aholisi hisoblanadi. O‘tmishda ular vaziyatga ko‘ra o‘g‘uz, qipchoq, uyg‘ur, xun, turk, o‘zbek deb turlicha atalgan bo‘lsa-da, farq faqat nomda bo‘ldi, el asliyaticha qoldi. Atamalar o‘zgardi, xalq etnik tomondan o‘zgarmadi. Ajdodlarimiz ulkan Yevrosiyo hududini to‘liq bir vatan bilishdi. Turon (Tartar) deyilganda nafaqat O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi yurtlar, balki “Oltin O‘rda” hududi ham tushunilgan. “Oltin O‘rda” turklari va Turkiston turklari asli bir edilar, ularni faqat din va siyosiy nomlargina ajratib turardi xolos. Qadimgi ajdodlarimiz nafaqat Turkistonda, balki Misr, Xitoy, Hind va shimolning ayrim qismlarida ham hukmronlik qilishdi. Bugun biz “Oltin O‘rda”ning ulug‘ xoni O‘zbekxon haqida muxtasar fikr yuritishni niyat qildik.

 

Oltin O‘rda atamasi xonliklar hukmronligi davrida umuman qo‘llanmagan. Bu atama rus tarixchilari tomonidan XVII asrdan boshlab ishlatilgan. O‘tmishda Ulug‘ Ulus (yoki Jo‘chi Ulusi, Jo‘lchi Ulusi) deb atalgan Oltin O‘rda tarixida ko‘plab xonlar hukmronlik qilib, ular doimo ajdodlari qadamjosi bo‘lgan Turkiston eli, aziz-avliyolari, hukmdorlari bilan bevosita munosabatda bo‘lgan. Biroq ulardan hech biri Oltin O‘rda xoni Sulton G‘iyosiddin Muhammad O‘zbek (1282–1342) kabi jahoniy qudrat va shuhrat topmagan.

 

Tarixchilarimiz nazaridan nisbatan chetda turgan, faoliyati keng yoritilmagan xon O‘zbek asli kim edi? Uning mongollarga aloqasi bormidi? Qaysi til xonlikning amaliy va adabiy tili bo‘lgan? Maqolamizda shularga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

 

O‘tmishda har qanday hukmdor O‘zbekxon kabi xon unvoniga sazovor bo‘lavermagan. Hatto Amir Temur ne chog‘liq qudratli bo‘lmasin, umrining so‘ngiga qadar “amir” unvoni bilan qolaverdi. Zahiriddin Muhammad Bobur imperiya asoschisi bo‘lsa-da, Turkistonda “mirzo”, Hindda “podsho” deyilgan.

 

O‘tmishda kimlar xon atalish huquqiga ega bo‘lgan? Turon hukmdori Alp Er To‘nga, unga avlod sanalgan qoraxoniylar va nihoyat Chingizxonning hukmdor avlodlarigina xon atalishgan, sayidlar ta’siridagi chingiziylarni esa to‘ra ham deyishgan. Ayrim tushunchalarda nayman va kidan (qoraxitoy) imperatorlari Xitoy hududida qudratli Lyao saltanatini (907–1125) yaratgani hurmatiga xonlar xoni ma’nosini anglatuvchi “gurxon” nomi bilan atalgan.

 

Oltin O‘rdada qariyb 30 yil (1312–1342) hukmronlik qilgan va “Mamlakati O‘zbek” yoki “O‘zbek Ulusi” davlatining asoschisi bo‘lgan Sulton G‘iyosiddin Muhammadning asl nomi O‘zbek edi. O‘zbekxon tomonidan Oltin O‘rdada islom rasmiy din sifatida qabul qilingandan so‘ng xonlikka qarovchi yerlar “O‘zbek Ulusi”, xonning o‘zi Sulton G‘iyosiddin Muhammad deb ataldi.

 

Xonning ajdodlari silsilasi quyidagicha: otasi To‘g‘ruldir. To‘g‘rul Oltin O‘rda xoni Mangu Temurning o‘ninchi o‘g‘li. Mangu Temur Tuqan o‘g‘li, Tuqan Botuxon o‘g‘li, Botuxon Jo‘lchi o‘g‘li, Jo‘lchi Chingizxonning to‘ng‘ichidir.

 

O‘zbekxondan oldin Oltin O‘rdaning xoni amakisi To‘xta edi.

 

To‘xta vafot etgach, uning o‘g‘li Elbosar (Elbosmish) xon vazifasini bajaradigan bo‘ldi. 1312-yili ta’ziya bildirish uchun Urganchdan O‘zbek va Xorazmning qudratli amiri, O‘zbekning bo‘lasi Qutlug‘ Temur yetib keladi. Elbosar bilan o‘rtada nizo kelib chiqadi, O‘zbek bir vaqtlari amakisi To‘xtaning nomardlik qilib o‘z otasi, ya’ni O‘zbekning bobosi bo‘lmish Oltin O‘rda xoni Mangu Temurni o‘ldirgani uchun qasos oladi. Sustkashlikka yo‘l bermay Elbosarni o‘ldirib, o‘ziga yaqin kishilar yordamida Oltin O‘rda taxtini egallaydi. Qutlug‘ Temur O‘zbekxonni islom diniga o‘tishga undaydi. Bunda Urganch qozisi, Qutlug‘ Temur qaynotasi Sadr Abu Hafs Umar al Bakrining maslahatlari ham o‘z samarasini beradi.

 

1320-yili O‘zbekxon rasmiy ravishda islom dinini Ahmad Yassaviyning ustozi, Arslonbob muridi va Zangi ota avlodi bo‘lgan Said otadan qabul qilib oladi. Sulton G‘iyosiddin Muhammad nomini qabul qilgan O‘zbek Turkistondagi pir va shayxlar ko‘rsatmalariga ko‘ra keng miqyosda islom dinini joriy qiladi. Bu harakat tangrichi Oltin O‘rda oqsoqol va beklari tomonidan qattiq qarshilikka uchraydi. Saroy amirlari “Sen bizdan itoat va xizmat qilishimizni kutgin, bizning dinimiz va e’tiqodimiz bilan nima ishing bor? Biz bobomiz Chingizxon o‘giti va yasoqini unutib arablarning diniga o‘tamizma?” deb e’tiroz bildirishadi. Biroq O‘zbekxon ularning so‘zlariga quloq solmaydi, islomni qabul qilmaganlarni qattiq jazolaydi, Chingizxon yasoqi va tangrilik tushunchalari chekkaga surilib, shariat qoidalari amalga kiradi.

 

Xonlikda hududiy-ma’muriy islohotlar o‘tkaziladi, Oltin O‘rda 4 ulkan hududga: Saroy, Xorazm, Qirim, Dashti Qipchoq uluslariga bo‘linadi. Ulusbegi tomonidan boshqariladigan Etilbo‘yi, Xorazm, Qirim va Qipchoq dashti vertikal boshqaruv bilan qat’iy tartibga olinadi. O‘zbekxon qaltis vaziyatlarda yordam bergan Qutlug‘ Temurga minnatdorchilik ma’nosida unga Xorazm ulusini sovg‘a qiladi.

 

 

O‘zbekxon davrida ulkan Oltin O‘rda hududi.

 

Turkiston muhiti tarbiyasini olgan O‘zbekxon Oltin O‘rda tarixida misli ko‘rilmagan islohotlarni boshlab yuboradi, inson omili, takomili birinchi o‘ringa chiqadi, qonun-qoidalar tartibga olinadi, milliy va diniy nizolarga barham beriladi, madaniy-ma’naviy hayot renesans davrini boshidan o‘tkazadi, san’at va adabiyot yuksaladi. Davlat tili – O‘zbek tilida asarlar yaratildi. Ko‘plab shahar va takrorlanmas arxitektura binolari qisqa vaqtda tiklanadi. 1314-yili Qirimda qurilgan mashhur O‘zbekxon jome’ masjidi hanuzgacha mavjud.

 

 

Suratda O‘zbekxonning Qirimdagi masjidi.

 

Oltin O‘rdaning yangi poytaxti – Saroy (Saroy al Jadid) shahri hozirgi Volgagrad viloyati hududida qayta tiklanadi. Tarixchi ibn Arabshohning yozishicha, “Saroy tutgan o‘rni va xalqining juda ko‘p bo‘lishi bilan eng katta shaharlarning birisi edi. Oz vaqt ichida bu yerda ko‘plab atoqli, mashhur kishilar to‘plandi”.

 

O‘zbek adabiyotining ulug‘ siymosi Qutb Xorazmiy ma’lum muddat Oltin O‘rdaning boshkentida yashadi. Shoir 1330–1336-yillar orasida O‘zbekxon o‘g‘li Tinibekka bag‘ishlab “Xisrav va Shirin” dostonini yozdi. Doston Nizomiy Ganjaviyning shu nomli asari ta’sirida yozilganini ushbu misralardan ham bilsa bo‘ladi:

 

Qozontek qaynab ush savdo pishurdum,

Nizomiy bolidin halvo pishurdum.

 

Yana bir mashhur o‘zbek mumtoz shoiri Sayfi Saroyi ham Oltin O‘rdada ijod qildi. Ko‘plab g‘azal, qasida, ruboiylar, “Suhayl va Guldursun” dostonini yozgan, “Guliston”, “Sinbodnoma” kabi asarlarining erkin tarjimalarini yaratgan shoir ijodining cho‘qqisi O‘zbekxon o‘g‘li Tinibek va Jonibeklarning hukmronligi davriga to‘g‘ri keladi. Xonlik poytaxti Saroy shoir ijodida juda muhim o‘rin tutadi, u o‘z nisbasini shu shahar nomi bilan bejiz bog‘lamaydi:

 

Kelub bo‘ldum Saroyda she’r fidoyi,

Saroyning shoiri, elning gadoyi.

 

Shuningdek, Saroy shahrida Ma’sud Taftazoniy, Qutbiddin ar-Roziy, Kamoliddin at-Turkmaniy, Hofiz ibn Bazzoziylar ham faoliyat olib bordilar. Mashhur shoir Kamoliddin Xo‘jandiy XIV asr oxirlarida Saroyda yashab ijod qildi.

 

Kuchayib borayotgan O‘zbekxon bilan ko‘plab mamlakatlar diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun intilar edi. G‘arbiy Yevropa, shuningdek turkiy sulolalar hukmronlik qilayotgan Turkiston, Hindiston, Misr, Xitoy davlatlari bilan keng ko‘lamli savdo-sotiq ishlari yo‘lga qo‘yildi. Misr sultoni an-Nasir Muhammad va Vizantiya qiroli Andronik II O‘zbekxon bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishdan tashqari qarindosh tutinishni o‘zlariga sharaf bilishdi. An-Nasir xonning singlisiga uylangan bo‘lsa, Andronik o‘z qizi Taydulni O‘zbekxonga nikohlab berdi.

 

 

Ruslardan chiqqan ko‘ragon

 

O‘zbekxon qo‘l ostidagi rus knyazlariga doim diqqat va e’tibor qaratgan, mehribonlik bilan birga qattiqqul siyosat yuritgan. Moskva knyazi Yuriy Danilovichning 3 yil xon saroyi bo‘sag‘asida O‘zbekxonning singlisi Kunchoqoy qo‘lini so‘rab yalinishlari oqibatida 1317-yili xon singlisini unga turmushga berdi, kuyov Yuriy ko‘ragon ataldi. Moskvaning ulug‘ knyazlari davlat ramzi bo‘lgan “Monomax shapkasi” Kunchoqoy bilan birga Moskvaga olib ketildi. Bichimiga ko‘ra turkistonlik ustalar tomonidan Buxoroning tillo zarlaridan yasatilgan qalpoq turkiy malikalarning, aniqrog‘i Kunchoqoyning bosh kiyimi bo‘lgan. Vaqti bilan Chingiziy malikaning qalpog‘i Moskva podshohlarining ulug‘ xonadonga yaqinlik, qudrati ramzi, ko‘ragonlik belgisiga aylangan.

 

 

Suмratda “Monomax qalpog‘i” aks etgan.

 

Ayrimlar qalpoqni O‘zbekxonning Moskva Buyuk knyazlari kuyovi Yuriy Danilovich va uning akasi Ivan Kalitaga qilgan sovg‘asi deyishadi.

 

Ivan Kalita qalpoq tepasiga xoch o‘rnatib, provoslav hukmdorning chiroyli tojini maydonga keltirgan. Bu toj avloddan avlodga o‘tib Moskvaning buyuk knyazlariga kiydirilgan, so‘ng mazkur an’ana podshohlariga ham o‘tgan.

 

Yaqingacha bu voqeaning yasama tarixi bo‘lakcha edi: go‘yoki qalpoqni vizantiyalik imperator Konstantin IX nevarasi, Kiyev knyazi Vladimir Vsevolodovich Monomaxga Moskva knyazlariga meros sifatida bergan va o‘shandan beri qalpoq davlat qudratining ramzi bo‘lib podshohdan podshohga o‘tadigan bo‘lgan, go‘yoki.

 

O‘tmishda o‘zbek elidan qiz olish ulug‘ sharaf bilingan. Ko‘pgina hukmdorlar O‘zbekxonga quda bo‘lishga va yuksak Ko‘ragon unvonini qo‘lga kiritishga intilardilar. Bejizga Abulg‘ozi Bahodirxon “Shajarai turk” asarida fors shohi Tahmaspning ushbu istagini keltirmagan: “Men xong‘a o‘g‘ul bo‘layin deytururman. Temurbiy Chingizxon avlodina kuyov bo‘ldi ersa, hanuzgacha ani Temur Ko‘ragon deytururlar. Men ham Chingizxon avlodina ko‘ragon bo‘lmoqni ko‘nglim izlay turur. To Xunxordek ulug‘ dushmanim aytqay kim shoh Tahmosib o‘zbek podshohining qizin oldi; yaxshi yarashdi!”.

 

Tver knyazi Mixail Yaroslavich O‘zbekxon savollariga javob istamoqda. V.P.Vereshagin surati.

 

Ko‘ragon Yuriy Danilovich knyazlik faoliyatida har jabhada qaynоg‘asi O‘zbekxonga orqa qiladigan bo‘ladi. Tver knyazi Mixail Yaroslavich bilan bo‘lgan jangda Yuriy yengilgach, Mixail uning xotini va O‘zbekxonning singlisi Kunchoqoyni Tverga olib ketadi. Kutilmaganda Kunchoqoy Tverda vafot etadi. Domod Yuriy falokatda Mixailni ayblaydi va xotiniga zahar berib o‘ldirgan deya O‘zbekxonga shikoyat qiladi. Tver knyazi Mixail Yaroslavich O‘rdaga chaqiriladi va aybdor deb topilib qatl etiladi.

 

Rus knyazlari havfsizligi doimo O‘zbekxon nazoratida edi. Galitsino-Volin knyazligini polyaklar bosqinidan saqlashga yordam berdi, kuyovining og‘asi Moskva knyazi Ivan Kalitani chinso‘zligi va jasorati uchun yorliq bilan taqdirladi. Unga dushmanga qarshi kurashda yordam uchun 50 minglik qo‘shinni ajratdi. 1337-yili xon roziligi bilan o‘zbek-rus qo‘shini Polsha hududida joylashgan Lyublin saltanatiga harbiy yurish qildi, Polsha qiroli Kazimir III ga qarshi kurashda rus knyazlariga yordam bo‘lsin deb 40 minglik qo‘shinini rus yerlari himoyasiga yubordi...

 

O‘zbekxon hukmronligi davrida xonlikda har jabhada qat’iy tartib-intizom, siyosiy barqarorlik hukm surgan. Manbalarda keltirilishicha, Xorazmdan Qirimga chiqqan karvon uch oy yo‘l yursa-da, yo‘lovchilar yoki tuyalar oziqasini olib yurishga chek quyilib, barcha kerakli narsalarni yo‘lda yetkazib berish yoki mahalliy xalqlardan sotib olish tizimi qat’iy yo‘lga quyilgan.

 

O‘zbekxon 1342-yili vafot etadi, Ulug‘ Ulusdagi hokimiyat uning o‘g‘li Tinibekka, so‘ngra ikkinchi o‘g‘li Jonibekka o‘tadi.

 

O‘tmish tarixchilari O‘zbekxonni shunday xotirlaydilar:

 

XIV asrning mashhur tarixchisi Ibn Batutta: “U dunyoning eng buyuk va qudratli yetti xoqonidan biri edi!”

 

Al-Birzoliy: “Qachonki bu xon (To‘xta) jon bergach, uning o‘rniga o‘ttiz yoshlardagi O‘zbek xon bo‘ldi. U musulmon bo‘lib, aqli-hofizasi, go‘zal siyrat va qadd-u qomati bilan ajralib turar edi”.

 

Tarixchi al Mufaddal: “Bu yosh yigit go‘zal husn egasi, a’lo xulqli, oliyjanob musulmon, jasur va uddaburondir”.

 

Sayyoh va tarixchi al Ayni: “U mard va jasur, dindor va xudojo‘y edi, fiqh ahlini e’zozlar, olimlarni hurmat qilar, ularga quloq tutar, ishonar, rahm qilar, shayxlarning ziyoratiga borar va ularga yaxshiliklar qilar edi”.

 

O‘zbekxon ham, uning ulusi ham hech qachon mongol bo‘lmagan!

 

Mo‘g‘ullar mongollar emas, balki turkiy ellarning siyosiy uyushmasi, mongollar (xalxalar) esa umuman boshqa xalq bo‘lib, hukmdorlari xon emas, xuntayji deb atalgan, ularning tili, dini, shakli mo‘g‘ul deb atalgan turklarnikiga sira o‘xshamagan...

 

O‘zbek nomli shaxslar, sarkardalar XI-XII asrlarda ham bo‘lishgan, biroq ular o‘z nomini eliga-da, yurtiga-da berishmagan. Tarixiy manbalarda o‘zbek eli nomi O‘zbekxondan olingani haqida shunday ma’lumotlar keltiriladi:

 

Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” asaridan:

 

“Hazrat Sulton Muhammad O‘zbekxon ... 1312-yilda saltanat taxtidan joy oladi. Taxtga o‘tirgandan keyin sakkiz yil o‘tkach, musulmonlar shayxi Zangi Otaning va toliblar yo‘llovchisi Said Otaning ishorati bilan milodiy 1320-yili islom dinini qabul qilish sharafiga muyassar bo‘ldilar.

 

Sulton Muhammad O‘zbekxon o‘zining el-ulusi bilan ilohiy saodat va fazilatga yetishgach, hazrati Sayid Otaning g‘ayb ishorati va Allohning inoyati bilan ularning barchasini Movarounnahr diyori sari olib keldi. Quloq solishdan bo‘yin tovlaganlar, bu saodatdan bebahra holda, u yerda (Dashti Qipchoqda) qoldilar va “qalmoq” degan nomga mansub bo‘ldilar, buning ma’nosi “qolgan” demakdir”.

 

Hazrati Sayid Ota hamda Sulton Muhammad O‘zbekxon bilan hamkorlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: “Bu kelganlar kim deb so‘radilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atadilar. Shu sababdan o‘sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshlandi. Dashti Qipchoqda qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar”.

 

Mahmud ibn Vali: “Turkiston eli har davrda boshqa nom va atamaga ega bo‘lgan. Jumladan, Tur ibn Yofas davridan Mo‘g‘ulxon xoqon bo‘lganga qadar bu mamlakat aholisi turk deb atalgan. Mo‘g‘ulxon hokimiyatidan keyin bu yurtdagi barcha urug‘lar mo‘g‘ul deyiladigan bo‘ldi. O‘zbekxon davlatining to‘g‘i yuksalgach, bu yurt eli o‘zbek deb ataldi ...”

 

Abulg‘ozi (1642–1663): “O‘zbekxon islomni qabul qilgach, barcha uning Jo‘lji elini o‘zbek eli deb atay boshlashdi. Qiyomatgacha bu el shunday nomda qolajak”.

 

Arman Vamberi: “Turkiy xalq” asaridan: “...Agar O‘zbekxonni eslasak, “o‘zbek” nomining negizi bizga ancha yaxshi tushunarli bo‘ladi... Xulosa qilib aytganda XIV-XV asrlarda “o‘zbek” deganda musulmon diniga o‘tgan turklar tushunilgan va shu nom bilan ular boshqa, eski dinga sadoqatli bo‘lib qolgan turklardan farq qilganlar”.

 

Shermuhammad Munisning “Firdavsul iqbol” asaridan: “O‘zbekxon ibn To‘g‘rulxon ibn Manguxon ... mulkni zabt qildi va har kimning martabasig‘a ko‘ra hurmat qildi. Va har kishining qadrig‘a loyiq in’om berdi. Va tamomati el-u ulusini dini islomg‘a taklif qilib, barcha ul sohibi davlatning sharofatidin sharafi islomg‘a musharraf bo‘ldilar. Va hukm qildikim, “...Musulmon bo‘lg‘on elni otim bila atasunlar”. Mundin so‘ng Jo‘lji elini “o‘zbek” eli dedilar, to qiyomatg‘acha ham aytg‘usudurlar”.

 

Erkin MUSULMONOV,

Samarqand davlat chet tillari instituti professori,

filologiya fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//