“Til va adabiyot ta’limi” jurnali o‘zbek lug‘atshunosligi muammolariga bag‘ishlangan maqolalarni berishda davom etadi. Nashrning o‘tgan sonlarida birmuncha umumiy masalalar tahlili bilan tanishgan bo‘lsangiz, endilikda mualliflar so‘z darajasigacha tushib, imlo lug‘atlarini solishtiradi, har xilliklarni aniqlaydi va yechim berishga intiladi. Jurnal xuddi shunday maqolalarni maktablarda saboq berayotgan yuz minglab o‘qituvchilardan ham kutib qoladi.
Har qanday milliy til ilmiy me’yorlarining ommalashuvi va ortologik tizimining barqarorlashuvida imlo lug‘atlarining o‘rni beqiyos. Adabiy til imlo qoidalarining izdan chiqishi, tilda imlosi muammoli so‘zlarning vujudga kelishi ko‘p hollarda o‘zlashma so‘zlar, qo‘shma so‘zlar, juft, takroriy so‘zlar imlosi bilan bog‘liq bo‘lib, bu ziyoli qatlam tomonidan muntazam bahs va munozaralarga mavzu bo‘lgan. Albatta, adabiy tilning rivojlanishi, me’yorlarning qat’iylashuvida ushbu munozaralar muhim ahamiyat kasb etadi. So‘ngi yillarda bu sohada qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lishiga qaramay, hali-hanuz imlo lug‘atlarimizda talay muammolar ko‘zga tashlanadi. Bugun biz qaysi imlo lug‘atini asosiy manba sifatida qabul qilamiz?
B.Bahriddinova, Sh.Nabiyevaning “Til va adabiyot ta’limi” jurnalida chop etilgan “Lug‘at qonunchiligi tushunchasi va o‘zbek me’yoriy lug‘atchiligi muammolari” deb nomlangan maqolasida keltirilgan “Afsus bilan aytish kerakki, so‘nggi yillarda biz mutaxassislarga berilayotgan eng og‘riqli, eng ko‘ngilni g‘ash qiladigan savollardan biri – “Qaysi imlo lug‘ati to‘g‘ri?” Qiziq, bu qanday savol bo‘ldi? Nahotki imlo lug‘ati bo‘ladi-yu, uning to‘g‘ri-noto‘g‘risi bo‘lsa!” [1: 10] degan mulohazalari ushbu maqolani yozishga turtki bo‘ldi.
Bugun kitobxon qo‘lida imlo lug‘atlarining bir qancha nashrlari bor. Lug‘atlarning ko‘p bo‘lishi yaxshi, albatta, lekin ularda har xilliklar ko‘zga tashlansa, foydalanuvchilar uchun talay muammolarni keltirib chiqaradi. Hozirgi kunda keng iste’molda bo‘lgan imlo lug‘atlarimizning kirish qismida “Lug‘at O‘zR Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustdagi 339-sonli “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarori bilan qabul qilingan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ga asoslangan holda yaratildi” [2: 4] izohini uchratamiz. Ammo imlo qoidalarimiz va imlo lug‘atlarimizning o‘zidayoq ba’zi muammoli so‘zlarga duch kelamiz.
“O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ning “Asos va qo‘shimchalar imlosi” bandida quyidagi qo‘shimcha eslatma bor: “undosh bilan tugab, tarkibida u unlisi bor fe’lga -uq qo‘shiladi: uz – uzuq, yut – yutuq kabi. Lekin uvushiq, burushiq, uchuriq (shuningdek, bulduriq) kabi so‘zlarning uchinchi bo‘g‘inida i aytiladi va shunday yoziladi” [2: 12]. Xuddi shu imlo lug‘atining o‘zidayoq bu fikr inkor etilgan holda bulduriq so‘zi bulduruq tarzida beriladi. Ayni bir imlo kitobimiz o‘z-o‘zini inkor etishi kitobxon uchun achinarli hol emasmi?
2013-yilda professor N.Mahmudov tahriri ostida E.Begmatov va A.Madvaliyev muallifligida nashr etilgan imlo lug‘ati asosida nashrga tayyorlangan, 2023-yil professor N.Mahmudov tahriri ostida A.Madvaliyev va Y.Odilov muallifligida nashr etilgan “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”da esa bulduriq so‘zi buldur-buldur (taql.), bulduriq, bulduriqdoshlar, buldiriqlar (zool.), bulduriqgullilar, bulduriqo‘t tarzida berilgan [3: 106]. Bu ikki imlo lug‘ati nashrlari orasida o‘n yil farq bor. Birinchi nashrda bulduruq shaklida keltirilgan so‘z ikkinchi nashrda xatoliklar bartaraf etilib, imlo qoidalariga rioya etgan holda bulduriq shaklida berilganmi?
2023-yil professor N.Mahmudov tahriri ostida “Kafolat print company” nashriyoti chiqargan, 27 000 dan ortiq so‘zni jamlagan “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”da ham bu so‘z bulduriq shaklida berilgan [4: 80]. Ammo A.Eshonqulova, L.Qo‘ziboyeva muallifligida 2020-yil “Ilm-ziyo-zakovat” nashriyoti tomonidan chop ettirilgan, 19 000 dan ortiq so‘zni jamlagan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da esa bulduruq shaklida berilgan [5: 53].
Til me’yori o‘zgaruvchan va rivojlanuvchi hodisa. Tilning ijtimoiyligi natijasida yangidan yangi muammolar vujudga kelishi mumkin. Bu esa tilshunoslar oldiga doim muhim vazifalarni yuklaydi. Adabiy til me’yorlarini belgilashda biz tayanadigan narsa nima? Til me’yorlarini belgilashda umumxalq tomonidan qabul qilingan va mustahkamlangan qonun-qoidalar hamda turli lug‘atlar, shu til egalari tomonidan munosib ko‘rilgan asarlarga ham tayaniladi. Demak, til me’yorlari ma’lum davrda til sohiblari amalda qo‘llagan shu til imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Imlo lug‘atlarimizda so‘zlarning berilishi ham shu asoslarga tayangan holda keltiriladi.
Xo‘sh, endi imlo qoidalarimizda bulduriq shaklida berilgan so‘z aslida bulduruqmi yoki bulduriq?
“O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyotida 2006-yilda chop etilgan 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da [6: 370] ham bu so‘z omonim so‘z sifatida bulduruq shaklida berilgan. Ba’zi shevalarda buvulduruq shaklida ham ishlatiladi.
2023-yil nashrdan chiqqan, 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmasini jamlagan 6-jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning [7: 625]. A.Madvaliyev, D.Xudayberganova tahriri ostida nashr etilgan 1-jildida bu so‘z quyidagicha berilgan:
Bulduruq I 1 Ayozli, sovuq kunlari yoki tuman paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil bo‘ladigan mayda qattiq qor; qirov. Bir bulduruq uch qorga tatiydi. Maqol. Tushdan keyin osmon yuzini sarg‘ish tuman qoplab, mayda bulduruq yog‘a boshladi. (Mirmuhsin, “Chiniqish”). Ko‘prik ustidagi qayrag‘och novdalarini bulduruq o‘rab, tanasigacha oppoq qilib qo‘ygan. (Said Ahmad, “Ufq”). Ertalabki tuman tarqalib, daraxt shoxlariga yopishgan bulduruq zarralari gavharday yaltiray boshladi. (Asqad Muxtor, “Chinor”).
Bulduruq bog‘lamoq Bulduruq zarralari bilan qoplanmoq. Yo‘lakda bulduruq bog‘lagan oppoq akatsiya tagida kelishgangina bir qiz bilan Akbarali turardi. (Asqad Muxtor, “Chinor”). ...qamishlar bulduruq bog‘lab, oppoq bo‘lib qolgan ekan. (Shukur Xolmirzayev, “So‘nmas o‘t”).
2 ko‘chma Sochning oqi; oqargan soch. Bir vaqt yuragimni sevgiga maskan etgan qora sochga qo‘nmish bulduruq. (Saida Zunnunova).
Bulduruq II zool. Kaptarsimonlar oilasining bulduruqlar turkumiga mansub bo‘lgan cho‘l qushi; qorabovur. Azimxon... yovshan tog‘laridan uchgan bulduruqlarni ko‘zi bilan uzoqlarga qadar kuzatib qolar edi. (Asqad Muxtor, “Chinor”). Yurtga kuz kelganin asta bildirib, Daraxtlar shoxidan uchar bulduruq. (X.Saloh, “Izlar va hislar”).
Bulduruq III Baliq tuxumi, urug‘i; uvuldiriq, ikra. Dasturxon ko‘ngil tusagan narsalarga to‘la. ...qora, qizil bulduruqlar, qovurilgan bedana-yu rang-barang uzum, olma... karjlangan qovun-tarvuzlar ko‘zni o‘ynatadi. (“Yoshlik”). ...bu qaldirg‘ochlar o‘zining nasibasini dengiz qirg‘oqqa uloqtirgan baliqlarning lahm go‘shti va buldurug‘idan ko‘radi. (K.Mahmudov, “Qiziqarli pazandalik”).
Bulduruqo‘t bot. Alismadoshlar oilasiga yoki bulduruqdoshlarga mansub, botqoqlik hamda suvda o‘suvchi ko‘p yillik o‘t.
Lug‘atda berilgan bu so‘zning amalda qo‘llanishi o‘zbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan. Bu asarlar o‘zbek adabiy tili shakllanishi uchun xizmat qilgan manbalar qatorida turadi. Izohli lug‘at esa biz eng ko‘p murojaat etadigan lug‘atlar sirasiga kiradi.
Izohli lug‘atning kirish qismida lug‘atdagi so‘zlarning berilishi haqida quyidagi jumla bor: “Lug‘atning me’yoriyligi shundan iboratki, unda adabiy tilning imlo, talaffuz, so‘z yasash va uni ishlatish me’yorlari tavsiya etiladi. Buning uchun so‘zlar lug‘atga, o‘zlarining umummilliy adabiy tilga munosabati, unda tutgan o‘rni va qo‘llanish doirasiga ko‘ra tanlab kiritilgan. Lug‘atda har bir so‘zning maqbul yozilish shakli, (o‘zlashma so‘zlarning) kelib chiqishi – etimologiyasi, zarur hollarda talaffuzi ko‘rsatilgan, ma’nosi (yoki ma’nolari) aniqlangan va izohlangan, so‘zlarning aniqlangan ma’nolari va shu ma’nolarda to‘g‘ri qo‘llanishi o‘zbek badiiy va ilmiy adabiyotidan, matbuotdan olingan misollar – iqtiboslar bilan dalillangan” [7: 9]. Bundan ko‘rinadiki, izohli lug‘atda so‘zning bulduruq shaklida berilishida so‘zning imlo, talaffuz, etimologiyasi va ilmiy, badiiy adabiyotdagi shakllari hisobga olingan.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida ham bu omonim so‘zlar bulduruq shaklida berilgani e’tiborni tortadi.
Bulduruq – atmosfera yogʻinlarining bir xili. Ayozli sovuq kunlarda yoki tuman paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil boʻladi. B. yumshoq muz kristali yoki donachalari shaklida yogʻadi. Izgʻirin paytlarida daraxt shoxlari va simlarda ham paydo boʻladi.
Bulduruqlar (Bteroclitidae) – kaptarsimonlar turkumi oilasi. B. asl B. va suv bulduruqlari urugʻlariga boʻlinadi. Asl B.ning 14 turi, suv bulduruqlarining esa oq bovur (Pterocles alchata) va qora bovur (Pterocles orientalis) degan 2 turi bor.
Bulduruqoʻt (Alisma plantago-aquatica L.) – alismadoshlar yoki bulduruqdoshlarga mansub koʻp yillik begona oʻt. Poyasi 40–150 sm, bargsiz, tik oʻsadi [8: 243].
Tabiiyki, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining tuzilishida ham keng miqyosdagi olimlar guruhi ishtirok etgan. Lug‘atda beriladigan so‘zliklar ma’lum bir adabiy manbalarga tayangan.
Zoologik termin sifatida berilgan bulduruqlar yo‘qolib borayotgan parrandalar safidan joy olgan. Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushlar ro‘yxatida Bulduruqlar oilasi – Семейство Рябковые – Family Pterocledidae 172-raqamda berilgan [9: 388].
Til egalari tez-tez murojaat etadigan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadigan maqolalarda, xalq jonli tili talaffuzida ham bu so‘zni quyidagicha uchratamiz:
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining bildirishicha, bu hodisada tuni bilan hamma yoqda qor yog‘ib chiqqanday ko‘rinadi. Aslida, tabiatning bu hodisasi bulduruq deyiladi [10].
Bulduruq nima? Uning qishloq xo‘jaligida qanday ahamiyati bor? Bulduruq yangi atama emas. Xalqimizda oldindan “Bir bulduruq uch qorga tatiydi”, degan naql yuradi [11].
Bulduruq – ayozli, sovuq kunlarda yoki tuman paytlarida nam havo zarralarining muzlashi natijasida hosil boʻladigan mayda qattiq qor; qirov [12].
Tilda ma’lum bir ortologik me’yorlarning yuzaga kelishi, uning vazifasi ham nutq uchun xizmat qiladi. Til me’yorlarining o‘zi ham nutqiy unsurlar, shu tilga so‘zlashuvchi til sohiblari ishlatadigan uzuslardan kelib chiqadi. Adabiy til me’yorlari milliy til xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanishini hisobga olsak, imlo qoidalarimizda bulduriq yozilishi norma deb topilgan so‘z. Shu tilda nashr etilgan barcha lug‘atlarda, jumladan, elektron lug‘atlar, darslik kitoblar, ommaviy axborot vositalari, hatto me’yor uchun asos qilib olingan imlo lug‘atlarimizning bir nechtasida ham bulduruq shaklida berilganini qanday baholaymiz?
Me’yorning amaliyotga asoslanishini inobatga olsak, bulduruq so‘zi uzus vazifasini bajargan. Bizningcha, bu so‘zni bulduruq shaklida yozishimiz to‘g‘ri.
Jamiyat rivojlanar ekan, uning tili, adabiy til me’yorlari, qonun-qoidalari, leksikografiyasi shu amaliyot bilan bog‘liq holda rivojlanishda davom etadi. Shu o‘rinda tilshunos olim E.Begmatov va A.Mamatovning asosli bir fikrini eslatib o‘tmoqchimiz: “Til tizimidagi, nutqiy amaliyotdagi har qanday o‘zgarish, ba’zi vosita va qoidalarning eskirishi, iste’moldan chiqishi, tildagi birdan ortiq imkoniyatlardan birining tanlanishi va shunga o‘xshash ko‘pgina hodisalar ma’lum obyektiv zarurat, nutqiy talab tufayli yuz beradi. Shu sababli adabiy til normalari hayotiga ongli aralashganda, uni normalashga kirishganda, normativlarni baholaganda mana shu zaruriylik qoidasi, tamoyiliga amal qilish nihoyatda muhimdir” [13: 73]. Bugun biz foydalanadigan joriy imlo qoidalarimiz, imlo lug‘atlarimizda bir talay muammoli so‘zlarning mavjudligiga ayni shu nutqiy amaliyotdan uzilib qolganimiz sabab emasmi? Adabiy me’yor, ortologik me’yorlarning shakllanishida uzusdan uzilib qolish, amaliyotdan chetlashish imlo qoidalari va imlo lug‘atlari o‘rtasida nomuvofiqlikni yuzaga keltirmoqda.
2013-yilda professor N.Mahmudov tahriri ostida E.A.Begmatov va A.P.Madvaliyev muallifligida nashr etilgan imlo lug‘atining so‘zboshisida lug‘atning boshqa imlo lug‘atlaridan farqli xususiyatlari qatorida quyidagi bandlar sanalgan: “d) nashr etilgan va etilayotgan boshqa tip lug‘atlar (izohli, ensiklopedik, terminologik va b.)ning ijobiy imloviy tajribalarini hisobga olganligi; e) keyingi o‘ttiz yil davomida o‘zbek tili imlosi amaliyotida yuz bergan, ko‘pchilik tomonidan ma’qul deb topilayotgan ijobiy imloviy o‘zgarishlarga e’tibor berganligi” [2: 3].
Oradan 10 yil muddat o‘tib, 2023-yilda yuqoridagi nashr asosida ishlab chiqilgan “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”da ham aynan shu jumlalar takrorlangan. Ammo buning amaliyotda biror isboti ko‘zga tashlanmaydi. Chunki imlo qoidalarimizda bulduriq sifatida berilgan so‘z izohli, ensiklopedik, terminologik lug‘atlarda bulduruq shaklida kelgani, amaliyotda ham ko‘pchilik tomonidan shu holida qabul qilingani qoidalarning faqat qog‘ozda qolayotganini ko‘rsatadi. Buni yuqorida bir so‘z misolida ko‘rib chiqdik. O‘zbek tilida imlo amaliyotidan uzoqlashgan so‘zlar talaygina. Keyingi ishlarimizda ularga yechim topishga harakat qilamiz.
Munira NABIYEVA,
Qarshi davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali 2024-yil 10-son.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Bahriddinova B., Nabiyeva Sh. Lug‘at qonunchiligi tushunchasi va o‘zbek me’yoriy lug‘atchiligi muammolari // Til va adabiyot talimi, 2024-yil, 8-son. – B. 10–13.
2. Begmatov E., Madvaliyev A. O‘zbek tilining imlo lug‘ati (85 000 so‘z) / Professor N.Mahmudov tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2013. – 528-b.
3. Madvaliyev A., Odilov Y. O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati – Toshkent: Kafolat print company, 2023. – 648-b.
4. Madvaliyev A., Odilov Y., Saidnoʻmonov A. O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati. – Toshkent: Kafolat print company, 2023. – 412-b.
5. Eshonqulova A., Qo‘ziboyeva L. O‘zbek tilining imlo lug‘ati. – Тoshkent: Ilm-ziyo-zakovat, 2020.
6. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 1-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 370-b.
7. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 1-jild. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023. – 628-b.
8. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2000. – 686-b.
9. Красная книга Республики Узбекистан. Том 2. – Ташкент, 2009. – C. 396.
10. https://daryo.uz/2021/01/05/foto-bulduruqistonga-aylangan-o‘zbekiston
11. https://zarnews.uz/uz/post/bulduruq-nima-uning-qishloq-xo‘jaligida-qanday-ahamiyati-bor
12. https://t.me/s/oriftolib/2592
13. Begmatov E., Mamatov A. Adabiy norma nazariyasi. 3-qism. – Toshkent, 1999. – 139-b.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q