Mutaxassislarga berilayotgan eng og‘riqli savollardan biri – Qaysi imlo lug‘ati to‘g‘ri?


Saqlash
23:55 / 25.09.2024 887 0

Bugungi kunda amaliy leksikografiya shu qadar takomillashib ketdiki, hatto bir turdagi an’anaviy (bosma) va zamonaviy (elektron) lug‘atning son-sanog‘ini aniqlab bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Biz ilk marta lug‘at deb bilgan va maktabda dastlab foydalangan me’yoriy lug‘atning bugungi kunda jahon ortologiyasida bir necha ko‘rinishlari, jumladan, imlo lug‘ati, to‘g‘ri talaffuz lug‘ati, yozilishi muammoli so‘zlar lug‘ati, grammatik lug‘atlar (so‘z yasalishi, so‘z tarkibi, so‘z shakllari), leksik birliklar lug‘ati (izohli lug‘atlar), orfografik, orfoepik, leksik, frazeologik minimumlar va boshqa ko‘rinishlarini uchratish mumkin.

 

Taniqli leksikograf V.V.Dubichinskiy XXI asrni Rossiyada “leksikografiyaning oltin asri” deb nomlagan va buning uchun yetarlicha asoslar keltirgan edi [1: 375]. Shunday bo‘lsa-da, rus leksikografiyasining nazariy va amaliy taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan V.A.Kozirev va V.D.Chernyaklarning “Ortologik lug‘at va nutq madaniyati” maqolasi “So‘nggi yillarda nutqiy savodxonlikka o‘rgatish bilan bog‘liq lug‘atlar taqchilligida o‘ziga xos “leksikografik portlash”ni yuzaga keltirdi. Hozir kitob javonlarida turli-tuman – “katta”, “universal”, “yangi”, “zamonaviy” kabi jumlalar bilan o‘quvchini jalb qilishga intiladigan sanoqsiz imlo lug‘atlarini uchratish mumkin. Ammo tabiiy savol tug‘iladi: ularning barchasi ishonchlimi? Afsuski, bunga “ha” deb javob bera olmaymiz” [2: 19].

 

 

Modomiki, sohadagi yutuqlari bilan jahon leksikografiyasida munosib o‘rniga ega bo‘lgan tilda imlo lug‘atlari ishonchliligiga kafolat yo‘q ekan, hozirgi vaqtda o‘zbek adabiy tilining huquqiy-me’yoriy asoslari qay darajada mustahkam? O‘zbek tilida adabiy tilning imloviy me’yorlarini belgilash, barqarorlashtirish, takomillashtirish hamda kommunikativ kompetentlikni shakllantirish va muloqot madaniyatiga o‘rgatishning muhim vositasi, yozma nutq ilmiy me’yorlarining huquqiy asosi hisoblangan imlo lug‘atlarimiz, xususan, maktab imlo lug‘atchiligi ahvoli qay darajada? Bu borada qanday muammolarimiz bor va uning ilmiy, amaliy yechimlari nimalar bilan bog‘liq? Zamonaviy tilshunoslikda o‘zbek tili ilmiy me’yorlarining til tizimi va unga bog‘liq holda harakatdagi hamda tarixiy o‘zgaruvchanligini o‘rganish yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilyapti? Nutqning to‘g‘riligi haqidagi mavjud nazariyalar nechog‘lik ustuvor? Shu kabi savollarning kun tartibiga qo‘yilishi tabiiy, albatta.

 

Imlo lug‘ati adabiy rasmiy tilning yozma shaklidagi barqarorlikni ta’minlaydi, me’yorni belgilaydi. U imlo qoidasiga mos yaratiladi. Imlo qoidasi esa huquqiy asosga ega va u hukumat qarori bilan tasdiqlanadi. Shundan keyin kuchga kirib, tuzilayotgan imlo lug‘atlari uchun asos vazifasini o‘taydi. Afsus bilan aytish kerakki, so‘nggi yillarda biz mutaxassislarga berilayotgan eng og‘riqli, eng ko‘ngilni g‘ash qiladigan savollardan biri – “Qaysi imlo lug‘ati to‘g‘ri?”.

 

Qiziq, bu qanday savol bo‘ldi? Nahotki imlo lug‘ati bo‘ladi-yu, uning to‘g‘ri-noto‘g‘risi bo‘lsa, dersiz!

 

Ming afsuski, bu muammo bor va hanuzgacha o‘z yechimini topgani yo‘q. So‘nggi besh-o‘n yil ichida turli mualliflar tomonidan yigirmaga yaqin katta-kichik imlo lug‘atlari nashr etilgan. Deyarli barchasining birinchi sahifasida “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Ilmiy kengashi nashrga tavsiya etgan” deb yozib qo‘yilgan. Ularning hammasi amalda, birortasi rasman inkor etilmagan. Yuqoridagi kabi savollarning o‘z-o‘zidan tug‘ilmayotganini mazkur lug‘atlarda bir necha so‘zning imlosida keltirilgan tafovutlar yaqqol tasdiqlaydi (1-jadval).

 

Eng ko‘p murojaat etilayotgan elektron lug‘atlar, veb-muharrir, turli mobil qurilmalarda ishlashga mo‘ljallangan, matndagi ham imloviy, ham uslubiy xatolarni tuzatish, savodxon yozish uchun xizmat qiladigan matn tekshiruvi dasturlari haqida ham shu gapni aytish mumkin. Negaki, ularning lingvistik ta’minoti yuqoridagi lug‘atlarga borib taqaladi.

 

 1-jadval

 

Imlo lug‘atini xohlagan kishi, xohlagan paytida qayta-qayta o‘zgartirib nashr etaverishga haqli emas! Bu nafaqat ziyoli qatlamni chalg‘itadi, balki o‘qish-o‘qitish ishlariga ta’sir o‘tkazadi, eng asosiysi, milliy til me’yorlarining qat’iyligiga putur yetkazadi. Ayni paytda bir necha imlo lug‘atining rasman amalda ekani, yuqorida aytilganidek, “Qaysi imlo lug‘ati to‘g‘ri?” degan g‘ayriodatiy savolning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Ochig‘i, hozir sentabrmi yo sentyabrmi degan savolga aniq javob bera olmasligimiz fojia.

 

O‘zbek adabiy tilining joriy me’yorlarini mustahkamlash, yozma va og‘zaki nutqning amaldagi qoidalarini takomillashtirish vazifasini bajaruvchi ortologik vositalar – me’yoriy lug‘atlarni tuzish nazariyasi va amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi imlo lug‘atchiligimizning naqadar ayanchli ahvoldaligini allaqanday havaskor lug‘atchilar tijoriy maqsadda nashrga tayyorlagan, saviyasi haminqadar bo‘lgan lug‘atlar asosida emas, respublikada me’yoriy lug‘atlarni chop etishga mas’ul, bu sohaga yo‘naltirilayotgan katta-katta mablag‘lardan foydalanish imkoni yuqori bo‘lgan, sohaning eng yetuk mutaxassislari tomonidan tuzilgan imlo lug‘atlari misolida asoslashga harakat qilamiz.

 

1976-yilda S.I.Ibrohimov rahbarligida nashrga tayyorlangan kirill yozuvidagi 65 ming so‘zni jamlagan, o‘z davri uchun akademik manba maqomidagi eng so‘nggi va mukammal manba – “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” so‘zboshisida quyidagi jumlalarni o‘qiymiz: “Adabiy tilning imloviy normalarini belgilash nihoyatda qiyin va mas’uliyatli ishdir. Imlo masalalari o‘zbek tilshunosligida hali yetarli ishlanmagan va ilmiy umumlashtirilgan emas. Asar mualliflari buni to‘lig‘icha his etishadi va lug‘atda berilgan ba’zi so‘zlarning imloviy shakllari haqida boshqacharoq qarashlarning bo‘lishi ehtimolligini inkor etishmaydi” [3: 4-5].

 

Mazkur lug‘at chop etilgandan salkam qirq yil o‘tib, 2013-yilda professor N.Mahmudov tahriri ostida E.A.Begmatov va A.P.Madvaliyev muallifligida nashr etilgan imlo lug‘ati so‘zboshisida yana aynan shunga o‘xshash jumlalar takrorlanadi: “Adabiy tilning imloviy me’yorlarini belgilash g‘oyatda mas’uliyatli va qiyin ishdir. O‘zbek lug‘atchiligi tarixida hozirga qadar turli tipdagi o‘nlab imlo lug‘atlari tuzilgan bo‘lsa-da, bu tip lug‘atlarni tuzishning ilmiy asos va tamoyillari, lug‘atga kiritish lozim bo‘lgan materialning xarakteri va tarkibi, imlo lug‘atlari bilan kundalik yozuv amaliyotida yuz beradigan tafovutlar va ushbu asosda imlo qoidalarini takomillashtirib borish kabi ko‘pgina masalalar o‘zbek tilshunosligida hali yetarli tadqiq qilinmagan hamda nazariy asoslanmagan (ta’kid bizniki – B.B.)” [4: 4].

 

Oradan yana o‘n yil o‘tib, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Ilmiy kengashi tavsiyasiga ko‘ra, Davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti buyurtmasiga binoan O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nashr etilgan “27 000 dan ortiq (lug‘at zarvarag‘ida aynan shunday yozilgan!) so‘z va so‘z shakllarining to‘g‘ri yozilishi ko‘rsatib berilgan” “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati” so‘zboshisida yana aynan yuqoridagi havolani uchratamiz: “Adabiy tilning imloviy me’yorlarini belgilash g‘oyatda mas’uliyatli va qiyin ishdir. O‘zbek lug‘atchiligi tarixida hozirga qadar turli tipdagi o‘nlab imlo lug‘atlari tuzilgan bo‘lsa-da, bu tip lug‘atlarni tuzishning ilmiy asos va tamoyillari, lug‘atga kiritish lozim bo‘lgan materialning xarakteri va tarkibi, imlo lug‘atlari bilan kundalik yozuv amaliyotida yuz beradigan tafovutlar va shularga bog‘liq holda imlo qoidalarini takomillashtirib borish kabi ko‘pgina masalalar o‘zbek tilshunosligida hali yetarli tadqiq qilinmagan” [5: 5].

 

Xo‘sh, biz qachongacha ushbu so‘zboshilarga tayanib, vaziyatdan chiqib ketaveramiz? O‘zbek tili imlo lug‘atchiligi tarixida eng katta nusxada nashrga tayyorlangan, davlat tomonidan moliyalashtirilgan uch lug‘atda ellik yildan buyon biridan ikkinchisiga ko‘chib yurgan satrlarning o‘ziyoq o‘zbek tilida imlo lug‘atchiligi ahvoli qay darajada ekanini ochiq-ravshan ko‘rsatmayaptimi? Yarim asr o‘tib ham bu tip lug‘atlarni tuzishning ilmiy asos va tamoyillari o‘zbek tilshunosligida hali yetarli tadqiq qilinmagan hamda nazariy asoslanmagan bo‘lsa, imlo lug‘atlarida nima ayb?! Buni yana qancha kutish mumkin? Alifbodagi to‘rtta harfni o‘zgartirish ustida besh-olti yildan beri bir qarorga kela olmayotgan tilshunosligimiz qachon imloni tartibga solishga diqqatini qaratadi? Qachon adabiy tilning oynasi bo‘lgan yozma savodxonlikni oshirish, antroposentrik paradigmaning asosiy tadqiq omili til egasi – insonni tildan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatishga qaratilgan haqiqiy amaliy tadqiqotlarga yo‘l ochib beramiz? Muammoning yechimlari qayerda?

 

Ta’kidlash kerakki, imloga doir asosiy muammolar o‘zlashma so‘zlarning yozilishi doirasida kuzatilmoqda. Joriy imlo qoidalari bo‘yicha yozilishida muammo yuzaga kelayotgan aksariyat so‘zlar asli lotincha bo‘lib, rus orfografiyasi prinsiplari asosida yozilgan, o‘zbek tiliga to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, vositachi til – rus tili orqali o‘zlashgan. Ikki undosh o‘rtasida y orttiriladigan so‘zlarni yozishda bir prinsip asosida yondashib bo‘lmaydi. Bu so‘zlarning aksariyati lotincha bo‘lib, y siz yozilgan: alumen, aluminis. Inglizcha lug‘atda aluminium. Rus tilida алюминий. O‘zbek tilida aluminiy shaklini tanlagan ma’qul. Ba’zi so‘zlar imlosini belgilashda fonetik xususiyatiga ham qarash kerak. Ba’zan uni tushirish so‘z etimologiyasiga ta’sir etishi ham mumkin: avantyurizm – avanturizm.

 

O‘zbek tilining imlo qoidalari tasdiqlangandan so‘ng nashr qilingan imlo lug‘atlarida [6, 7] nutqimizda faol ishlatiladigan ko‘pgina o‘zlashma so‘zlarning imlosi belgilangan bo‘lib, ular lug‘at boshida berilgan imlo qoidalariga mos edi. Ayrim so‘zlar imlosi talaffuz uchun erish tuyulsa-da (октябрь/oktabr, тюлень/tulen, шляпа/shlapa, этюд/etud, пляж/plaj, дюйм/duym), o‘tgan davr mobaynida mazkur lug‘at asosida yaratilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ommaviy axborot vositalari sabab omma shu shaklga moslasha boshlagan edi. Mazkur lug‘at ayrim kamchiliklardan xoli bo‘lmasa ham, imloda asosiy muammo keltirib chiqarayotgan tarkibida е, ё, ю, я grafemalari ishtirok etgan so‘zlar imlosini belgilashda xalq jonli talaffuzini inobatga olgan holda bitta prinsipdan kelib chiqib yondashilmagan edi. Masalan, byuro, byurokrat, byust, gravyura, dvoryan, kompyuter, plyonka so‘zlari va glukoza, aluminiy, rukzak, illuziya, sujet, parashut, agglutinativ so‘zlari imlosini belgilashda individual yondashilgan edi.

 

Shuningdek, tarkibida ц harfi bo‘lgan so‘zlar imlosini berishda ham talaffuz (fonetik yozuv) va asliga tayanishda (shakliy yozuv) muvozanat saqlangan edi: litsey, aksiya, antisiklon kabi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, keyingi imlo lug‘atlarida “Imlo qoidalari”ga qo‘shimcha izohning berilishi [8] tarkibida ц harfi bo‘lgan so‘zlarni yozishda bir prinsipga tayanishga olib keldi va jonli talaffuz hamda imlo o‘rtasida nomuvofiqlikni vujudga keltirdi: публицистик – publitsistik, процессуал – protsessual, полицмейстер – politsmeyster, плацкарта – platskarta, пацифизм – patsifizm, лейкоцит – leykotsit, классицизм – klassitsizm, коэффициент – koеffitsent, фармацевтика – farmatsevtika, эритроцит – eritrotsit, процент protsent, процессор – protsessor, ациклик – atsiklik, ацетон – atseton, бициклик – bitsiklik, бицилиндр – bitsilindr, гидроцилиндр – gidrotsilindr, гидроцентр – gipotsentr, гомоцентрик – gomotsentrik va h.k.

 

Abssess, abssissa, ssenariy, ssintigramma, ssuda, krossbriding, krossvord kabi so‘zlarning yozilishi ham talaffuzga mos emas. Hatto rus orfografiyasida ham с va ц harfli so‘zlarni yozishda qat’iy bir prinsipga tayanilmaydi. Undoshlarning bir bo‘g‘inda qator yoki takror kelishi turkiy tillarga xos bo‘lmagani sababli abssess (ingl. abscess) kabi so‘zlardagi takror qo‘llangan undoshlar tilimizda bir tovush bilan talaffuz qilinadi. Mavjud o‘zlashma so‘zlarda ham undoshlarning takror qo‘llanishi, asosan, so‘z oxirida uchraydi: металл, ватт, грамм, кросс, стафилакокк, кристалл kabi. 5-sinf Ona tili darsligida: “Gramm, metall, kongress kabi so‘zlar oxirida kelgan qo‘sh undoshlardan biri talaffuzda tushirib qoldirilsa ham, yozuvda hamisha ifodalanadi. Bunday undosh bilan tugagan so‘zlarga shunday tovush bilan boshlanadigan qo‘shimchalar qo‘shilganda, qo‘sh undoshning biri yozilmaydi: metall+-lar→metallar” [9: 97] tarzida qoidalashtiriladi. Shu sababli so‘z oxiridagilarini saqlab qolib, so‘z boshi va o‘rtasi variantini bir tovush bilan ifodalash lozim: ssenariy / senariy, ssintigramma / sintigramma, krossbriding / krosbriding, krossvord / krosvord kabi. Bunday holatda, bizningcha, umumiy bitta prinsipdan kelib chiqib emas, har bir so‘zning imlosiga individual yondashish maqsadga muvofiq.

 

Yuqoridagilar mustaqil davlatning rasmiy tili bo‘lgan ona tilimizning ilmiy me’yorlarini belgilab beradigan yagona va mukammal imlo lug‘atini yaratish yoki ular ichidan eng ma’qulini tanlab rasman e’lon qilishni talab etadi. Bir paytda bir necha mualliflarning subyektiv yondashuvi asosida tuzilgan imlo lug‘atining rasman amalda bo‘lishi imloni izdan chiqarishi tabiiy.

 

Dunyoning aksariyat rivojlangan davlatlarida me’yoriy lug‘atlar, aynan orfografik lug‘atlarni tayyorlash va chop etish hukumat nazoratidagi strategik masalalardan hisoblanadi. Masalan, AQShda lug‘at qonunchiligi degan tushuncha shakllangan bo‘lib, hozirga qadar S.Jonson lug‘ati (“A Dictionary of the English Language”, 1755) imlo lug‘atlarini yaratish uchun me’yoriy-huquqiy asos bo‘lib kelmoqda.

 

S.Jonson o‘z davrida me’yorlarni o‘zgartirish tarafdori bo‘lgan yagona olim hisoblangan. “Ingliz tili lug‘ati” so‘z boshisida u “Qoida, me’yorsiz natija samarali bo‘ladi. Inglizlar qat’iy me’yorni talab etadi. Til esa tabiatan o‘zgaruvchan. Uni bir me’yorda ushlab turib bo‘lmaydi. Balki me’yorni o‘zgartirish kerakdir” [10] degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.

 

AQShning XIX asrdagi ikki buyuk leksikografi N.Vebster va J.E.Vorsester S.Jonson lug‘ati asosida o‘z faoliyatini boshlaydilar. Garchi Vebster keyinchalik S.Jonson lug‘atining ayrim me’yorlarini o‘zgartirish borasida keskin mulohazalar bildirgan va imlo islohoti tashabbuskori sifatida “Universal and Critical Dictionary of the English Language“ lug‘atini tuzgan bo‘lsa-da, S.Jonson lug‘atiga “u nashr etilgandan buyon bu til uchun bunday standart boshqa ishlab chiqilmagan”, deb baho beradi. Mutaxassislar orasida quyidagi jumla tez-tez ishlatiladi: “Amerika Konstitutsiyasi o‘zgartirilmaguncha, Jonsonning lug‘ati Amerika qonunchiligida muhim rol o‘ynayveradi” [11].

 

Ingliz tilida ayni paytda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan imlo lug‘atlarining aksariyati “Barrington Stoke” bolalar nashriyoti tomonidan nashr qilinsa, maktab o‘quvchilari uchun lug‘atlar, odatda, Oksford universiteti nashriyotida “Oxford Dictionaries” seriyasida chop etiladi.

 

Lug‘at qonunchiligi bilan bog‘liq ushbu tajriba Rossiyada ham amalda. Rossiya Ta’lim va fan vazirligi me’yoriy lug‘atlarni aprobatsiyadan o‘tkazish va chop etish bo‘yicha yagona tizimni shakllantirgan bo‘lib, bu vazifa bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lgan nashriyotlar ro‘yxatini tasdiqlagan. Unga ko‘ra ayni paytda zamonaviy rus tilidan foydalanilganda Rossiya Federatsiyasining davlat tili darajasida yondashadigan maxsus tashkilotlar – Rossiya Fanlar akademiyasining Rus tili instituti, “AST-PRESS”, “Flinta” nashriyotlari ushbu huquqni qo‘lga kiritgan.

 

Leksikograflar, odatda, til qonuniyatlarini me’yorda ushlab turish tarafdori bo‘ladi, til esa turli yo‘l bilan tinimsiz boyib, taraqqiy etib boradi. Bu, o‘z-o‘zidan, me’yorlarni mutlaqlashtirmaslik, muayyan davrlarda isloh qilish zaruratini yuzaga keltiradi. Tilda imlosi muammoli so‘zlar talay. Imlo lug‘ati tilda paydo bo‘lgan yangi so‘zni zudlik bilan qamrab ololmaydi. Ziyoli qatlam, omma uni o‘zicha transliteratsiya qila boshlaydi. Aslida me’yor amaliyotga asoslanadi. Agar tilda lug‘atda aks etmagan muayyan so‘zni ko‘pchilik ma’lum bir shaklda yozishga odatlangan bo‘lsa, shu shakl ortogramma sifatida tan olinadi.

 

Yuqoridagilardan xulosa shuki, mamlakatimizda me’yoriy lug‘atlar nashrini qat’iy nazoratga olib, lug‘at qonunchiligi darajasiga ko‘tarish, mamlakatning eng kuchli, nufuzli olimlari, pedagoglarini unga jalb qilib, mazkur ish bilan shug‘ullanish huquqini eng ishonchli nashriyotlar va ilmiy tadqiqot markazlariga topshirish shart. Shuning o‘ziyoq bugungi kunda amaliy tilshunoslikning imloga doir ilmiy-nazariy tavsiflarini ishlab chiqishga zarurat borligi sezildi.

 

Shu bilan bir qatorda, ularni amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini qamrab oladigan ortologiya, ortografiya, lingvodidaktika, pedagogik leksikografiya kabi zamonaviy yo‘nalishlarining mamlakatning bevosita til siyosatini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan sohalari sifatida tan olinishi ham zarur.

 

Bularning barchasi esa tegishli tadqiqotlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, moliyalashtirilishi, huquqiy kafolatining ta’minlanishini taqozo etmoqda.

 

Bashorat BAXRIDDINOVA,

 Qarshi davlat universiteti professori,

filologiya fanlari doktori;

 

Sharifa NABIYEVA,

Qarshi davlat universiteti doktoranti

 

“Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2024-yil 8-son.

“Lug‘at qonunchiligi tushunchasi va o‘zbek me’yoriy lug‘atchiligi muammolari” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//