Sentabrmi yoki sentyabr?


Saqlash
16:21 / 18.10.2024 766 0

“Til va adabiyot ta’limi” jurnalining o‘tgan 8-sonida Qarshi davlat universiteti professori Bashorat Bahriddinova va doktorant Sharifa Nabiyevaning lug‘at qonunchiligi va o‘zbek me’yoriy lug‘atchiligi muammolariga bagi‘shlangan maqolasi chop etilgan edi. Maqolada bugungi kunda o‘zbek adabiy tilining huquqiy-me’yoriy asoslari qay darajada mustahkamligi, yozma nutq ilmiy me’yorlarining huquqiy asosi hisoblangan imlo lug‘atlarimiz, xususan, maktab imlo lug‘atchiligi ahvoli, bu boradagi muammolar va ularning ilmiy, amaliy yechimlari nimalar bilan bog‘liqligi haqida tahlilliy mulohazalar keltiriladi. 

 

“Til va adabiyot ta’limi” jurnali ushbu dolzarb mavzuni davom ettirib, yana bir taniqli olimimizning o‘zbek tili imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha maqolasini e’tiboringizga havola qiladi. Zero, alifbo va imlo takomili tilimiz kamolotining muhim shartidir.

 

Til odam bolasiga muhtaram insoniylik rutbasini ato etgan muhtasham va muqaddas ne’matdir. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyning “So‘z ayladi insonni judo hayvondin, Bilki, guhari sharifroq yo‘q ondin” tarzidagi hikmatida bu azaliy haqiqat o‘zining rost va raso ifodasini topgan. Odamlarni muayyan qavmlar o‘laroq birlashtirib, sir-u sinoatga to‘la olam harakatlariga muntazam kuch va madad bermoq vazifasini ado etmoqday muazzam muddaolarga yo‘llagan qudrat ham shu tildir. Aytish joizki, insonlar o‘rtasidagi aloqaning birlamchi vositasi til bo‘lsa, yozuv ana shunday aloqaning ikkilamchi vositasidir. Shuning uchun ham yozuv tovush tiliga qaraganda ancha keyin paydo bo‘lgan. Tovush tili, mutaxassislarning qayd etishicha, 400–500 ming yillar ilgari paydo bo‘lgan, yozuvning yuzaga kelganiga esa atigi 4–5 ming yil bo‘lgan, xolos.

 

Shunga qaramay, tilning chinakam ma’nodagi aloqa va ta’sir quroli bo‘lishday bosh vazifasini yozuvsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kishilik jamiyati tarixi qo‘lga kiritgan bilim-u tajribalar, inson zakosi yaratgan nodir kashfiyotlar, insoniyatning olis, ammo oydin badiiy tafakkuri mahsuli bo‘lgan so‘z san’ati durdonalari, fozil-u fuzalo, aziz-u avliyolarning haq yo‘lidagi, odam bolasini qobillik, komillik, odillik eshiklarini ochishga undash yo‘lidagi tabarruk kalomlari, jamiyatlar tarixining nurli va nursiz sahifalari, shu kabi axborotlarning barcha-barchasi ajdodlardan avlodlarga, xalqlardan xalqlarga, qit’alardan qit’alarga bevosita yozuv orqali yetib boradi. Biz bugun yozuv tufayligina bir necha ming yillik ko‘hna tarix qa’ridagi tovushlarni eshita olamiz. Bu yozuvning tengsiz qudratidir.

 

Yozuvning kashf qilinishi insoniyat madaniy taraqqiyotining chin ma’nodagi ibtidosi bo‘lib, og‘zaki til (nutq)ning zamon (vaqt) va makon (masofa) jihatidan cheklanganligi va bu cheklanganlikni bartaraf etishdan iborat mutlaq zaruriy ehtiyoj qonuniy ravishda yozuvning yaratilishiga olib kelganligi tabiiy.

 

Yurtimiz tarixining turli davrlarida o‘zbek tilining yozma ifodasi uchun turli alifbolardan foydalanilgan. Ammo bu alifbolar o‘zbek tilining tovush qurilishini ifo­dalashda muayyan notamomliklar, nomuvofiqliklarga egaligi ancha ilgari anglab yetilganligiga qaramay, turli tarixiy-siyosiy majburlovlar ostida tegishli tadbirlarga izn berilmay kelgan edi. O‘zbekistonning o‘z mustaqilligiga erishuviday buyuk tarixiy voqea xalqning diliga ham, tiliga ham emin-erkinlik berdi, qadimiy o‘zbek tilimiz davlat tili maqomiga sohib bo‘ldi, bu til o‘zining tamoman yarashiqli libosiga noil bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Qonunning muqaddimasida shunday deyilgan: “Ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslanib va o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929–1940-yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarni inobatga olgan holda respublikaning har tomonlama kamol topishini va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi”.

 

Mazkur alifbo bo‘yicha mutaxassislar va jamoatchilik vakillarining ayrim mulohazalarini inobatga olgan holda 1995-yilning 6-mayida “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. O‘zgartishlar kiritilgandan keyin yangi o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan tarkib topdi.

 

Ta’kidlash lozimki, til va alifbo munosabati, bunda imlo masalasi, bu uch tushuncha o‘rtasidagi tanosib muammosi favqulodda muhim ahamiyatga molikdir. Alifbodan to‘g‘ri foydalanish yo‘llarini, tabiiyki, imlo qoidalari belgilab beradi. Savodxonlikni ta’minlashda mukammal imlo qoidalari hal qiluvchi omillardandir. Savodxon bo‘lmagan jamiyatning kamoloti va taraqqiyoti haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham yangi alifboning imlosi masalasiga alohida e’tibor berildi. Yetakchi tilshunoslardan iborat maxsus ishchi guruh yangi imlo qoidalarini yaratish ustida jiddiy ish olib bordi va bunday qoidalarning loyihasini ishlab chiqdi. Loyiha mutaxassislar, gumanitar sohalar vakillari tomonidan keng muhokama qilindi, uni takomillashtirish bilan bog‘liq bildirilgan juda ko‘plab taklif va mulohazalarni ishchi guruh o‘rganib chiqdi, loyi­hani qayta ishlash jarayonida ular hisobga olindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1995-yilning 24-avgustida “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi. Shu yili professorlar Shavkat Rahmatullayev va Azim Hojiyevlar tomonidan tuzilgan “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” (“O‘qituvchi” nashriyoti) nashr qilindi.

 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek tilining ona tili va ayni paytda davlat tili sifatidagi taraqqiyoti tarixida tom ma’nodagi burilish bosqichini boshlab bergan donishmandona nutqi, shu nutq so‘zlangan kuni, ya’ni 2019-yil 21-oktabrda imzolagan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, yana boshqa bir qator ko‘rsatmalar hech bir mubolag‘asiz chinakam tarixiy hujjatlardir. Ularda bu borada qilinadigan ishlar odatdagi emas, ko‘lam va mohiyat e’tiboriga ko‘ra tamoman yangicha o‘zanlarda, naqd natijalarni hadaf qilgan holdagi tarh tarzida o‘z ifo­dasini topgan. Xususan, mazkur farmonda bir qator favqulodda muhim vazifalar sirasida “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish” ham ko‘rsatilgan. Ayni vazifa ijrosi borasida ham muntazam ishlar olib borilmoqda. Shubhasizki, alifbo va imlo takomili tilimiz kamolotining muhim omillaridan biridir.

 

Bugungi kunda amaldagi imlo qoidalarida ham takomillashtirilishi lozim bo‘lgan bir qancha o‘rinlar mavjudligi ayon bo‘lmoqda. Misol uchun, bir qator so‘zlarning yozilishi, o‘zlashma so‘zlardagi ayrim tovushlarning ifodalanishi, o‘zak va qo‘shimchalar imlosi, qo‘shib va ajratib yozish qoidalarida mukammallashtirilishi, aniqlashtirilishi zarur bo‘lgan jihatlar ancha-muncha. Masalan, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” (“O‘qituvchi”, 1995)da наряд, октябрь, отряд, пляж, сентябрь so‘zlari narad, oktabr, plaj, sentabr tarzida qayd etilgani holda актёр, монтёр, самолёт so‘zlarini aktyor, montyor, samolyot shaklida “y” bilan yozish qoidalashtirilgan va tabiiyki, bunda imlodagi izchillikka putur yetgan. Mazkur lug‘atda bu kabi noizchil holatlar takomillashtirilishi maqsadga muvofiq.

 

 

O‘zbek lug‘atchiligiga jiddiy hissa qo‘shgan E.Begmatov, A.Madvaliyev va Y.Odilov kabi zahmatkash professorlar tomonidan tayyorlangan “O‘zbek tili­ning katta imlo lug‘ati” 2023-yilda nashr qilindi [1]. Bu lug‘atning “Ayrim so‘zlarning yozilishi bo‘yicha lug‘at tuzuvchilarning tavsiyalari” deb nomlangan qismida qayd etilishicha, “O‘zbek tilining asosiy imlo qoida­lari”da “o‘zbek tiliga rus tilidan va rus tili orqali o‘zlashtirilgan bir turkum ruscha va baynalmilal sо‘z-terminlar­ning yangi imloda qanday yozilishi alohida qoidalashtirilmagan. Bu о‘zbek kirill yozuvidagi ikki tovushni ifodalovchi ё, ю, я, е (sо‘z о‘rtasida unlidan hamda ayirish va yumshatish belgilaridan keyin), ц harflari ishtirok etgan sо‘zlarni о‘zbek lotin yozuvida qanday yozish masalasidir. Bunday sо‘zlarning yangi alifboda yozilishi keyinchalik, “О‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” tasdiqlangandan sо‘ng tayyorlangan bir qancha qо‘llanmalarda bayon qilingan” [1: 20].

 

Ana shunday qo‘llanmalardan biri professor Sh.Rahmatullayevga tegishli bo‘lib, unda o‘zbek kirill alifbosidagi ё, ю, я harflari о‘rniga о‘zbek lotin alifbosida qaysi harflarni yozish ular bajaradigan vazifaga bog‘liq, deb quyidagicha yozishni tavsiya etadi:

 

“1. ё, ю, я harflari ikki tovushni (y+unli) ifodalashga xizmat qilsa, bu harflar o‘rniga yo, yu, ya harflari yoziladi: заём – zayom, юмор – yumor, ядро – yadro, ёмғир – yomg‘ir, ютуқ – yutuq, яхши – yaxshi kabi.

 

2. ё, ю, я harflari o‘zidan oldin kelgan undoshning yumshoq ekanini ko‘rsatishga xizmat qilsa:

 

a) asosan, ё harfi o‘rniga о harfi, ю harfi o‘rniga u harfi, я harfi o‘rniga а harfi yoziladi: стажёр – stajor, люстра – lustra, фляга – flaga kabi;

 

b) so‘zning talaffuzi keskin o‘zgarib ketmasligi uchun qisman ё harfi o‘rniga yo harflari, ю harfi o‘rniga yu harflari, я harfi o‘rniga ya harflari yoziladi: актёр – aktyor, бюро – byuro, снаряд – snaryad kabi.

 

Ko‘rinadiki, ё, ю, я harflari o‘zidan oldin kelgan undoshning yumshoqligini ko‘rsatish uchun xizmat qilsa, o‘zbek lotin alifbosida ikki xil aks ettiriladi” [2: 15–16].

 

Bu fikrlarga xolis ilmiy asosli munosabat bildirar ekan, katta imlo lug‘ati tuzuvchilari quyidagilarni ham ta’kidlaydilar: “Muallif sо‘zning talaffuzi keskin о‘zga­rib ketmasligi uchun deb о‘z tavsiyasining 1-bandidagi 1-qismiga qarshi boradi. Aslida, stajor bilan aktyor, lustra bilan byuro, flaga bilan snaryad sо‘zlarida mazkur ё, ю, я harflari bir xil pozitsiyada bо‘lib, о‘zbekcha talaffuzda umuman farq qilmay, ikki tovush (yo, yu, ya) bilan aytiladi. Undoshlarning qattiq-yumshoqligi esa rus tili uchun xos bо‘lib, hozirgi о‘zbek adabiy tilida bu holat deyarli farqlanmaydi” [2: 21].

 

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish joizki, “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati” tuzuvchilari yozuv amali­yotidagi barcha holatlarni to‘liq qamrab olishga, tilning ma’lum davr rivojida yangi imloviy hodisalar, holatlarni ziyraklik bilan ilg‘ashga, ularni muayyan me’yorlarga solishga harakat qilganlar, juda ko‘p bahsli xususlarga yechim topishga jiddiy jazm qilganlar. O‘zbek tili taraqqiyoti jarayonlarida muayyan zaruriy imloviy variantlarni ham nazardan qochirmaganlar. Masalan, adab va odob, nabira va nevara, barobar va baravar kabi bir qancha variantdoshlik holatlarini ham lug‘atda aks ettirganlar. Ular qatorida октябрь – oktabr, сентябрь – sentabr kabi yangi alif­bo amaliyoti jarayonlaridagi, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘ayriixtiyoriy tarzda yuzaga kelgan “variantdoshlik”lar (asosiysi, albatta, sentabr, oktabr so‘zlari)ga ham, ehtimol, hozirchadir, lug‘atdan joy berganlar...

 

Ko‘rinib turganidek, o‘zbek tili imlo qoidalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan, tilimiz qonuniyatlarini to‘g‘ri aks ettiradigan va amali­yot uchun qulay taklif-tavsiyalarni ishlab chiqish tilimiz taraqqiyotini ta’minlash tarixida tubdan burilish boshlangan bugungi davrning tabiiy taqozosidir. Tilimiz, alif­bomiz va imlomiz o‘rtasidagi tanosibning mustahkamligi, poydorligi o‘zbek tilimiz umrboqiyligining tamalidir.

 

Nizomiddin MAHMUDOV,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori,
filologiya fanlari doktori, professor

 

“Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2024-yil 9-son.

“Til, alifbo va imlo tanosibi” maqolasi

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Begmatov E.A., Madvaliyev A.P., Odilov Y.R. O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati. – Toshkent: Kafolat, 2023.

2. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tilining yangi alifbosi va imlosi. – Toshkent: Universitet, 1999.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24010
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//