Ming yillarga borib taqaluvchi oʻzbek davlatchiligi tarixida oxirgi bir asr juda muhim davr boʻldi. Bu vaqt ichida jumhuriyat shaklidagi yagona Oʻzbekiston davlati tashkil topdi va “qizil imperiya”ning kuchli bosimi ostida yashadi. 1991-yilda esa burilish nuqtasi sodir boʻldi va oʻzbek xalqi oʻz erkinligini qaytarib oldi. Oxirgi bir asr davomida Oʻzbekistonni boshqargan insonlarning aksariyati ogʻir davrlarda ham millati manfaati uchun harakat qildi, baʼzilari esa, afsuski, bunga teskari boʻlgan ishlarni amalga oshirdi.
Oʻzbekiston jumhuriyati!
Aynan bir asr oldin, 1925-yilda jumhuriyat (respublika) shaklidagi ilk oʻzbek davlatlari: Buxoro va Xiva xalq shoʻro jumhuriyatlari, shuningdek Turkiston muxtor sovet sotsialistik respublikasi yagona – Oʻzbekiston ijtimoiy shoʻro jumhuriyatiga birlashgandi.
Ushbu jumhuriyatning ilk rahbari – uning asoschilaridan biri, Oʻzbekiston davlatini tuzish boʻyicha Inqilobiy qoʻmita raisi boʻlgan Fayzulla Xoʻjayev edi.
Fayzulla Xoʻjayev yangi respublikaning Xalq komissarlari kengashi (hozirgi Vazirlar mahkamasi) raisi, yaʼni bosh vaziri lavozimini egallaydi.
Shu yerda OʻzSSR va butun SSSR boshqaruv tizimi haqida. 1917-yil oktabrda bolsheviklar hokimiyatga kelgach, inqilob yetakchisi boʻlgan Vladimir Lenin yangi davlatning rahbariga aylanadi. U mamlakatni Xalq komissarlari kengashi raisi, yaʼni bosh vazir lavozimida boshqara boshlaydi. Lenin ushbu lavozimda davlatni boshqargach, SSSR taʼsiridagi boshqa respublikalarda ham ushbu lavozim bosh mansabga aylanadi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham.
Fayzulla Xo‘jayev (birinchi qator, o‘ngdan ikkinchi) Moskvadagi Kompartiya yig‘ilishida. 1928-yil
Aynan shuning uchun, Lenin allaqachon vafot etgan boʻlsa-da, Fayzulla Xoʻjayev Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlari soveti raisi lavozimini egallaydi va shu mansabda yangi davlatni boshqaradi.
Biroq Lenin vafotidan soʻng, uning vorisligi borasida kurash boshlanadi va bu kurashda Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Bosh kotibi Iosif Stalin gʻolib chiqadi. U 1920-yillar oxiri va 1930-yillar boshida hokimiyatni toʻliq oʻz qoʻlida toʻplaydi. Natijada endi SSSR respublikalaridagi eng oliy lavozim Stalinniki kabi, Kompartiya MQ Bosh kotibiga aylanadi.
Fayzulla Xoʻjayevning Oʻzbekiston rahbari sifatidagi faoliyatini 1924-1933-yillar deya belgilash mumkin. Chunki 1929-yilda Stalin tomonidan OʻzSSR Kompartiyasi MQ Birinchi kotibi etib, mahalliy aholi vakili – Akmal Ikromov tayinlanadi. Undan oldingi birinchi kotiblardan farqli oʻlaroq Akmal Ikromov Xoʻjayev kabi mahalliy aholi vakili edi va mahalliy kadrlar qoʻllovidan foydalanardi.
1929-1933-yillarda OʻzSSRda rahbarlik kurashi boʻlib oʻtadi. Unda Akmal Ikromov Stalin vakili va partiya yetakchisi sifatida ustunlikka erishadi. 1937-yilda esa Ikromov ham, Xoʻjayev ham qatagʻon qilinadi.
Fayzulla Xoʻjayev rahbarligi davrida Oʻzbekiston SSRda katta ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlar roʻy beradi. U respublika tuzilishi va milliy-hududiy chegaralanishlarda ishtirok etadi, sobiq oʻzbek xonliklarining asosiy hududlari Oʻzbekiston tarkibida qolishini taʼminlaydi.
Uning davrida yer-suv islohoti oʻtkazilib, yersiz va kambagʻal aholiga sobiq amaldorlar va boylar yerlari taqsimlab beriladi. Xoʻjayev Lenining NEP (yangi iqtisodiy reja) loyihasini qoʻllaydi hamda shu sabab Stalin bilan nizoga boradi.
Xoʻjayev oʻzining atrofiga toʻplangan jadidlar orqali katta maorif islohotini oʻtkazadi. Oʻzbekistondagi maktab va bogʻchalar soni karrasiga koʻpayadi. Ularda sovet mafkurasi bilan birga, milliy tarix ham oʻqitiladi. Butunturkiy jadidlar taklifi asosida arab alifbosidan lotin alifbosiga oʻtiladi. Ammo 1940-yilda, Xoʻjayev va jadidlar qatagʻon qilingach, bu islohot bekor qilinib, lotin alifbosi kirill alifbosi bilan almashtiriladi.
Fayzulla Xoʻjayevning eng katta xizmatlaridan biri – milliy kadrlarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻygani edi. U Buxoro jumhuriyatini boshqarayotgan paytda ham oʻzbek yoshlarini Turkiya, Germaniya va Rossiya oliygohlariga oʻqishga joʻnatadi. Oʻzbekiston SSR rahbarligi davrida esa yoshlarni Rossiyaga yuborib, ulardan sovetcha taʼlim olgan, biroq mahalliy kadrlar zaxirasini yaratadi. Afsuski, bu yoshlarning aksariyati 1938-1939-yillardagi katta terrorda otib tashlanadi.
Fayzulla Xoʻjayev Oʻzbekiston tarixida muhim iz qoldirgan rahbarlaridan biri edi. U milliy yoʻnalishda rivojlanishni targʻib qilgani uchun bir necha bor Stalin bilan ziddiyatga boradi va natijada 1937-yilgi qatagʻonlar roʻyxatida birinchi oʻrinni egallaydi. Afsuski, uning vafotidan soʻng, uning islohotlari ham yakun topadi.
Munavvarqorining shogirdi
Akmal Ikromov Oʻzbekistonni 1929-1937-yillarda boshqaradi. Uning boshqaruv davri poytaxtning Samarqanddan Toshkentga koʻchirilishi, dehqon xoʻjaliklari tugatilib, kolxozlashtirish olib borilgani, jadidlar taʼqibi kuchaygani bilan ajralib turadi.
Ikromov Toshkentdagi Munavvarqori maktabida tahsil olgan va jadid ruhida tarbiyalangan. Keyinroq aksariyat taraqqiyparvarlar kabi bolsheviklar gʻoyasiga ishonib, ularga qoʻshilgan. Istiqlolchilar harakatiga qarshi kurashlarda ishtirok etgan.
1922-yilda Ikromov Moskvadagi Kommunistik universitetga oʻqishga kirgan va bu uning kelajakda partiyada muhim lavozimlarni egallashida katta rol oʻynagan.
1929-yilda OʻzSSR Kompartiyasi Birinchi kotibi lavozimiga tayinlangach, Akmal Ikromov respublikadagi eng taʼsiri kuchli odamlardan biriga aylanadi. Tarixchilar, uning Stalinga sodiq kadr boʻlganini taʼkidlaydi. Ikromovning harakatlari ham buni tasdiqlaydi. U Stalinning kolxozlashtirish va sanoatlashtirish kampaniyasini Oʻzbekistonda qattiqqoʻllik bilan olib boradi.
Moskvaga borgan O‘zbekiston va Tojikiston delegatsiyasi. Ikkinchi qator o‘ngdan ikkinchi Akmal Ikromov, to‘rtinchi Fayzulla Xo‘jayev, undan so‘ng Yo‘ldosh Oxunboboyev.
Ikromov davrida oʻzbek jadidlarini taʼqib qilish kuchayadi. Uning oʻzi ham siyosiy va madaniy tadbirlarda oʻzbek millatchiligi kuchayib borayotganini bir necha bor tanqid qiladi.
Uning boshqaruvi vaqtida asosiy eʼtibor respublika qishloq xoʻjaligi sohasiga qaratiladi. Ayniqsa, paxta monopoliyasi mustahkamlanib boradi. Oʻzbekistonning “paxta koloniyasiga” aylanishi tezlashadi.
Stalin shaxsi va siyosatiga sodiq boʻlishiga qaramay, 1938-yilda Ikromov ham “katta terror” qurboniga aylanadi. U ham Fayzulla Xoʻjayev kabi “Oʻrta Osiyo respublikalarini ittifoqdan ajratib olish, davlat tuzumini agʻdarish, kapitalizmni hamda burjuaziya hokimiyatini tiklashga urinishda” ayblanib, otib tashlanadi.
Oʻzbekiston – paxtakor oʻlka!
Akmal Ikromov “katta terror” qurboni boʻlgach, MQ Birinchi kotibi lavozimi boʻsh qoladi. Uning oʻrnini markazga sodiq boshqa bir kadr – Usmon Yusupov egallaydi.
Yusupov Oʻzbekistonda minglab insonlarga oʻlim va surgun qarorlarini chiqargan NKVDning “maxsus uchlik” guruhi aʼzosi boʻladi. Uning imzosi bilan koʻplab oʻzbekistonliklar qatagʻon qilinadi.
Usmon Yusupov (markazda o‘ngda) SSSR qahramoni Klement Voroshilov bilan Yangiyo‘l tumanida
Yusupov Ikkinchi jahon urushi davrida respublikani boshqaradi va gʻarbiy hududlardan evakuatsiya qilingan sanoat korxonalarini Oʻzbekistonga joylashtirishda katta jonbozlik koʻrsatadi. Shu bilan birga Birinchi kotib, Stalin oldida “yuzini yorugʻ qilish” uchun frontga toʻxtovsiz taʼminot yuborishga harakat qiladi, bu esa respublikaning oʻzidagi muammolar oʻtkirlashishiga sabab boʻladi.
Usmon Yusupov davrida Oʻzbekiston butkul “paxta koloniyasi”ga aylanadi. Paxta yetishtirishni koʻpaytirish uchun hukumat suv masalasini hal qilishga jiddiy kirishadi. 1937-1950-yillarda Oʻzbekistonda Boʻka, Katta Fargʻona, Amu-Buxoro kanallari hamda Chorvoq suv omborlari quriladi. Mirzachoʻlda ham yangi paxta dalalarini yaratish doirasida oʻnlab kichik kanallari barpo etiladi. Bu esa Sirdaryo suvining Orolga quyilish darajasi keskin kamayishiga olib keladi.
Oʻzbekistonning markazga paxta topshirish darajasi Yusupov davrida jadal oʻsib borgan. Chunonchi 1940-yilda respublikada qariyb 1,4 mln tonna paxta yetishtirilgan (butunittifoqda yetishtirilgan paxtaning 62 foizi) boʻlsa, 1950-yilga kelib bu miqdor 2, 2 tonnaga yetgan.
Bunday katta “xizmatlari” uchun Usmon Yusupov SSSR Paxtachilik vaziri lavozimiga oʻtkaziladi va Oʻzbekiston SSR Birinchi kotibi lavozimidan ozod etiladi.
Markaz har doim haq!
1950-yilning aprel oyida Oʻzbekistonning yangi rahbari etib Amin Niyozov tayinlanadi. Niyozov siyosiy va mafkuraviy qarashlar borasida Yusupovdan uzoq boʻlmagan kadrlardan edi.
Bir paytlar VCHK (Cheka) xodimi boʻlgan Niyozov mamlakatda oʻz oʻtmishdoshi siyosatini davom ettiradi. Paxta dalalari va uni sugʻorish tizimini kengaytirish ishlari jadal olib boriladi. Xususan, Kattaqoʻrgʻon, Qayroqqum va Quyimozor suv omborlari hamda Janubiy Mirzachoʻl magistral kanali kabi irrigatsion inshootlar quriladi.
Stalinga yoqishga intilgan Niyozov zoʻr berib paxtachilik va ogʻir sanoatni rivojlantirishga urinadi. Bu esa boshqa sohalarining oqsashiga sabab boʻladi.
Amin Niyozov boshqaruv davrining muhim qismi 1950-yillardagi yangi qatagʻon siyosatidir. Shu yillarda bir qator oʻzbek yozuvchi va shoirlari, jumladan, Said Ahmad, Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy, Maqsud Shayxzoda, Hamid Sulaymon, Shuhrat va boshqalar “millatchilik”, “aksilsovet harakati olib borgani” uchun qamoqqa olinadi va uzoq muddatlarga kesiladi.
Niyozov, 1953-yilda Stalin vafot etganidan soʻng ham unga sodiqlikni toʻxtatmaydi. Masalan, u Moskvaning OʻzSSRʼda Stalin portretlarini kamaytirish haqidagi buyrugʻini bajarishdan bosh tortadi.
Amin Niyozov (o‘ngdan birinchi) SSSR rahbari Nikita Xrushchyov bilan
Stalinning “yagona sovet millati” gʻoyasi tarafdori boʻlgan Niyozov OʻzSSRda boshlangan milliy uygʻonish harakatiga qarshi chiqishda davom etadi, butun ittifoqda boshlangan kadrlarni mahalliylashtirish siyosatiga qoʻshilmaydi.
Oxir-oqibat mamlakatni destalinizatsiya qilish kampaniyasi doirasida Niyozov ham Oʻzbekiston rahbarligidan olib tashlanadi.
Milliy oʻzlikning iliq shamoli
1955-yilning dekabrida Amin Niyozov Kompartiya MQ Birinchi kotibligidan boʻshatilgach, uning oʻrnini Nuriddin Muhitdinov egallaydi. Urush qahramoni boʻlgan Muhitdinov bunga qadar Vazirlar kengashi raisi sifatida milliy qarashlari va markaz oldida respublika manfaatlarini himoya qila olishi bilan tanilgandi.
Muhitdinov qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston uchun katta ishlarni qilishga ulguradi.
U Nikita Xrushchyov boshlagan “iliqlik davri”dan foydalanib, Oʻzbekistonda jiddiy oʻzgarishlarni amalga oshiradi. Jumladan, 1956-yilda Toshkentda Oʻzbekiston ziyolilarining 1-qurultoyi boʻlib oʻtadi. Muhitdinov unda soʻzga chiqib, SSSRda birinchi marta Stalin davrida qatagʻon qilinganlarning ommaviy reabilitatsiya qilinishini ochiqcha eʼlon qiladi. 40 mingga yaqin Oʻzbekiston fuqarolari nomi oqlanadi.
Nuriddin Muhitdinov (old qator, chapdan birinchi) O‘zbekistonga kelgan Hindiston rahbari Javaharlal Neru va uning qizi Indra Gandi bilan. 1955 yil
Muhitdinov, shuningdek, Niyozov davrida repressiyaga uchragan yozuvchi va shoirlarni ham ortga qaytaradi. Ularga milliy tarixni tiklash, shu paytgacha gapirilmagan mavzular – ruslarning XIX asrda Markaziy Osiyoni egallashidagi mustamlakachilik xarakterini ochish vazifasi topshiriladi.
Nuriddin Muhitdinov homiyligi ostida Toshkentda SSSR Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti ochiladi. Andijonda esa tibbiyot oliygohi tashkil qilinadi.
Muhitdinovning milliy ruhdagi harakatlari markazga va markazning Oʻzbekistondagi vakillariga, tabiiyki, yoqmaydi. Xrushchyov tomonidan “istiqbolli kadr” deya atalgan Muhitdinov 1957-yilda butunittifoq KPSS Markaziy qoʻmitasi Prezidiumi aʼzosi va KPSS MQ kotibi etib saylanadi hamda Moskvaga joʻnaydi. Shu orqali u respublikadan uzoqlashtiriladi.
Qisqa – ammo samarali va yorqin
Nuriddin Muhitdinov 1957-yilning dekabrida Oʻzbekiston rahbarligini tark etgach, uning oʻrnini respublika Vazirlar kengashi raisi (bosh vazir) Sobir Kamolov egallaydi. Kamolov siyosiy qarashlari jihatdan Muhitdinovga yaqin edi.
U Birinchi kotibga aylanishi bilan kadrlarni keng miqyosda mahalliylashtirishni boshlaydi. Asosiy rahbarlik lavozimlariga oʻzbeklar tayinlana boshlanadi.
Sobir Kamolov
Kamolovda davrida respublikada asta-sekin musulmon anʼanalari tiklana boradi. Milliy adabiyot va tarix sohasida siljishlar kuzatiladi. Chunonchi, Toshkentda Osiyo va Afrika shoirlarining 1-xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtadi.
Sobir Kamolovning “milliy” siyosati Moskva manfaatlariga zid edi. Kamolov va markazning Oʻzbekistondagi vakillari orasida kelishmovchiliklar kuchayadi. Natijada Sobir Kamolov bir yarim yilga ham bormay Oʻzbekiston rahbarligidan ketkaziladi.
Rashidov epoxasi
1959-yilning mart oyida Oʻzbekiston SSR Kompartiyasi MQ Birinchi kotibligiga Sharof Rashidov saylanadi. Bu paytda 42 yoshda boʻlgan Rashidov kelajakda Oʻzbekistonda butun bir hokimiyat tizimi va epoxa yaratadi.
Sharof Rashidov (old qator o‘ngda) Afg‘oniston yetakchisi Babrak Karmal bilan
Rashidovning 24-yillik boshqaruvi vaqtida OʻzSSR har tomonlama rivojlanadi. Toshkent kuchli zilzilani boshdan kechiradi va shaharda ulkan qurilishi ishlari olib boriladi. Jumladan, metro va teleminora barpo etiladi.
Rashidov ham milliy madaniyat va tarixni qoʻllashda davom etadi. Ayniqsa, tarix sohasida juda katta ishlar qilinadi. 1959-1983-yillarda Oʻzbekiston tarixiga oid oʻnlab filmlar surat olinadi, oʻnlab asarlar yaratiladi. Amir Temur shaxsi tiklanib, Temuriylar davriga atalgan xalqaro simpozium oʻtkaziladi. Samarqandda Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib Arxeologiya instituti ochiladi. 4 jildlik “Oʻzbekiston tarixi” kitob tayyorlanib, nashr qilinadi. Albatta, bu ishlarda Rashidovning qudasi, atoqli tarixchi Ibrohim Moʻminovning ham hissasi katta edi.
Shu bilan birga, Rashidov davrida Oʻzbekistonning paxta plani yuki keskin oshib boradi. Markaz Oʻzbekistonga juda katta vazifalar qoʻyadi. Natijada agrar sanoatda asosiy diqqat paxtaga qaratiladi. Bu esa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirilishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
O‘zbekistonning bir necha rahbari bir rasmda. Chapdan o‘ngga: SSSR yetakchisi Nikita Xrushchyov, Amin Niyozov (orqada), SSSR Mudofaa vaziri Nikolay Bulganin, Nuriddin Muhitdinov va Sharof Rashidov
Mutaxassislar Rashidov boshqaruvi paytida Oʻzbekistonda qarindosh-urugʻchilik, korrupsiya kuchayganini taʼkidlaydi. Rashidov xalqaro darajadagi siyosatchi boʻlgani uchun Moskvada ham, undan tashqarida ham obroʻli tanishlarga ega edi. U 1962-yilda, Karib inqirozi paytida SSSRning Kubidagi delegatsiyasiga boshchilik qiladi.
1983-yilda Rashidovning homiysi boʻlgan KPSS MQ Bosh kotibi Leonid Brejnev vafot etgach, uning oʻrniga kelgan Yuriy Andropov eski ginalar sabab Rashidovni taʼqib qilishni boshlaydi. Oʻzbekistonga “paxta ishi” boʻyicha tergovchilar yuboriladi. Shu paytda, 1983-yilning 31-oktabr kuni Sharof Rashidov yurak xurujidan vafot etadi.
Boʻrondan kuchsiz
Rashidov toʻsatdan vafot etgach, uning vorisi etib Oʻzbekiston Oliy soveti (parlamenti) raisi Inomjon Usmonxoʻjayev tayinlanadi.
Usmonxoʻjayev respublikani juda ogʻir, siyosiy silkinishlarga boy davrda boshqaradi. Uning 5-yillik boshqaruvi vaqtida SSSRda uchta hokimiyat (Andropov, Chernenko va Gorbachyov) almashadi.
Uning davri Oʻzbekistonda “paxta ishi” doirasida minglab insonlar qamoqqa olinishi, respublika ustidan yana markaz nazorati kuchayishi, jumhuriyatga nisbatan kamsituvchi siyosat yuritilishi va aholida milliy ruh uygʻona boshlashi bilan ajralib turadi.