Biz aldangan avlodmiz – Erkin Aʼzam portretiga chizgilar


Saqlash
15:24 / 07.08.2025 50 0

Erkin Aʼzam haqida gap ochilsa, muxlis-u muxolif bir masalada yakdil: “Erkin Aʼzam soʻzni his qilgan, uning tarjimai holini biladigan ijodkor!” Stalin davrida tugʻilgan avlod esini taniganda “eruvgarchilik” edi. Erkin Aʼzam oʻrta maktabni bitirib, yozuvchi boʻlish maqsadida Toshkentga kelganida butun imperiya yoʻqsullar dohiysi tavalludining 100-yilligiga tayyorgarlik zavqi bilan yashardi. Qadim Shoshning havosiga moslashmagan oʻn yetti yoshli yigitning hayotida kutilmagan bir hodisa roʻy beradiki, to hanuz gurung-suhbatlarda eslanadi. Erkin Aʼzam, Usmon Azim, Muhammad Rahmon – “hali student boʻlib-boʻlmagan, Abdulla Qahhorni maktab darsliklaridangina “yaxshi” biladigan, lekin adabiyot desa, yozuvchi desa oʻzini tomdan tashlashga tayyor uch bola” Dadaxon Nuriy maslahati bilan Doʻrmonga – Abdulla Qahhorning uyiga boradi:“Oʻsha, koʻp martalab taʼrif etilgan behi ostidagi salqin chorpoya, saraton, tushdan keyingi palla, yelkasiga toʻn tashlab olgan moʻysafid adib, u kishiga toʻymay termiladigan uch bola, uch muxlis. Ustoz oʻzini ana shu bolalar bilan teppa-teng tutib, adabiyotning bor sir-u asrori haqida erinmay, xuddi eski tanishlardek bamaylixotir suhbatlashib oʻtiribdi”.

 

Erkin aka suhbat tafsilotlarini matbuotda ham, davralarda ham koʻp aytgan. Eshitganim shuki, “gʻoʻr bir bola” – Erkin Aʼzam “Sarob” romani qahramonlaridan birini tanqid qilishga tushib ketadi. Mahmadona yigitning qaysi viloyatdan ekanini bilgan Abdulla Qahhor “E-e, shunday joylardan Shukurga oʻxshagan yozuvchi chiqdi-ya?!” degandek boʻladi. “Bu gap eʼtirofmidi yoki hayrat – hozirgacha tushunolmayman”, deydi Erkin aka.

 

Shukur Xolmirzayev “ochgan ariq”dan suv ichgan yosh adib 1974-yilda “Guliston” jurnalida eʼlon qilingan “Shahardan odam keldi” hikoyasi bilan tilga tushadi. Erkin aka hamshahar ustozning “Chiqsangiz – seryozniyroq narsa bilan chiqing!” degan maslahatini hozir ham eslaydi. Oʻsha yili “Sharq yulduzi”da uning biryoʻla uch hikoyasi – “Koʻk eshik”, “Qoʻshiq aytiladi” va “Xotira” chop etiladi. Navqiron dunyoqarash mahsuli boʻlgan bu ijod namunalari katta adabiyotga kirish uchun vasiqa boʻldi. Katta adabiyot – milliy nasrimiz esa firqaning yetovida edi. Oʻsha zamonlarda “yoʻl xaritasi” chizishni xush koʻradigan adabiy tanqidchilik “GESni yoz, BAMni yoz, ulkan mavzularda yoz, fosh qil, ur!” deb turgandan keyin zamonaviy oʻzbek nasri uchun mustabidning qiyofasi, toptalgan millat maʼrifati, uzangisi zanglamas suvoriylar qismati, olovlangan oʻzbek tuprogʻi kabi mavzular, albatta, “begona” boʻladi-da! Sunʼiy vakuumda toza havo istagan qalamkashlar, aldangan avlodning andishali adibi Erkin Aʼzam taʼbiri bilan aytganda, “avtobusdagi yoʻlovchining choʻntagidan abonementi tushib qolsa ham hikoya qilib yozgan”.

 

Agrar respublikadagi paxta yakkahokimligi bir xil fikrlaydigan dehqonlar sulolasini shakllantirgani kabi, adabiyotdagi mafkuraviy yakkahokimlik, biryoqlama siyosiy oʻlchov bir xil dunyoqarashga ega yozuvchi va qahramonlar armiyasini yuzaga keltirdi. Yozuvchi ham baqavli dehqon demishlar. Badiiy asarga qoʻyiladigan tayyor shoʻroviy qolip-andazalar nuqsi Erkin Aʼzam avlodiga ham taʼsir etgan. Qolaversa, “kuchini oʻtin yorishga” sarflagan, “Iskandarning shoxi borligin quduqlarga aytib yurgan” salaflariga nisbatan ongli-ongsiz taassubni ham inkor etib boʻlmaydi.

 

Erkin Aʼzam asarlarini choʻkirtikanak gaplar, istehzo-yu kinoyalarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Xurshid Davron “Erkin akaning hikoyalarini oʻqiy boshlasam, jiddiy qiyofasi va qalam tutgan qoʻlini koʻrib turaman”, deydi oʻzaro gurunglarda.

Darhaqiqat, gulmix jumlalar, soʻzni zargarona ishlatish Erkin akaga tan. Maqola va adabiy qaydlarida ham turkona tafakkur, til tabiatini his qilish haqidagi fikrlar koʻplab uchraydi. Dargʻazab chogʻlari “Yozuvchilik daʼvosi bilan chiqdingizmi, gap sanʼati emas, soʻz sanʼatiga amal qilib, ularni tanlab-tanlab, oʻrni-oʻrniga qoʻyib yozing-da, baraka topkur!” deydi doʻrillagan ovozda.

 

“Hamdam axtaradi har qanday odam...”

“Anoyining jaydari olmasi” – Erkin Aʼzamning “vizitniy kartochkasi”. Hikoya qahramoni oʻz nomi bilan tugʻilgan. Ramazondagi barcha fazilatlar oylar sultonidan oʻtganmikan deya oʻylaysiz. Lekin roʻza-ramazonni unutgan avlod el orasida yurgan joʻmardni qaydan anglab yetardi?!

 

Takabburli-gu turli maʼsiyat-gunohlardan qalbi qorayib ketganlar Ramazonning bori shu ekanini tushunmaydi. “Bujurtosh”ni tarbiya qilish, koʻzining oʻtini olish payida boʻlishadi nuqul. Xatti-harakatlaridan gʻijinadi, ustidan kulishadi hatto. Ramazonning odam, olam, hayot, silai rahm bobidagi qanoatlari ularga mutlaqo yot. Shu maʼnoda, “Anoyining jaydari olmasi” bu – girya. Mungli, hazin hikoyani oʻqib yengil tortasiz. Ramazon sizning ham qaygʻularingizni artgandek boʻladi. Bir qarasang afandi, bir qarasang hotamtoy. U dunyoni begʻubor, sodda tasavvuri ila koʻradi, qarichlash kerak boʻlganda, ochiq qoʻllarini uzatadi. Taassufki, ustoz Abdulla Oripov aytmoqchi, “Soddalik yaxshi-yu, lekin koʻpincha, ishi yurisharkan qitmir odamning”.

 

Hikoya qahramoni Ramazon, nazarimda, qaysidir bir jihatlari bilan Shukur Xolmirzayevning “Qariya”sidagi Qoʻziboy cholni eslatadi. Yodingizda boʻlsa, Qoʻziboy chol kinoxona yonida oʻtirib olib ravochni deyarli suvtekinga ulashadi va bu ishidan olam-olam zavq tuyadi. Xuddi shunday holni Erkin Aʼzam qahramonida ham koʻrish mumkin. “U hay-huylab oʻtgan-ketganni chaqirar, idishi boʻlsa idishini, boʻlmasa – qoʻyni-qoʻnjini olmaga toʻlatib joʻnatar edi”.

 

Ramazon bogʻidan terib kelgan olmalarni mana shu tarzda “otamga qavm boʻladi, ena jamoatimizdan qarindosh...” deya bepul berib yuboraveradi. Uning baʼzi bir hayotiy xulosalari, gʻirrom jamiyatga, adolatsizlikka nisbatan isyoni faqat shoʻroga qaratilgan deb oʻylaysizmi?!

Rostgoʻyligi uchun “telba” boʻlib koʻringan Ramazon bizning kunlar uchun ham begona. Chunki koʻpchiligimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Rostgoʻylar bilan doʻstlashing. Ular tinchlikda ziynat, xavfda qalqondir” deganini unutib qoʻyganmiz. Bir tasavvur etaylik. Ramazon hikoyada soʻylamasin, hayqirmasin joʻshib. Tilsiz, soqov boʻlsin. A?! Nima boʻlardi? Deyarli hech narsa. Hech narsa oʻzgarmasdi u gung boʻlganda ham. Kishining kimligi soʻzida emas, ishida, koʻzida bilinmaydimi?! Yo biz faqat chiroyli soʻzlovchi, amalda aytganining teskarisini qiladigan yolgʻonchilarni suyamizmi?!

 

Yozuvchi hikoyani bitgan zamonlarda hadis eshigi berk edi. Chin ijodkor qalbi savqi tabiiy sezimlar ila koʻp koʻhna haqiqatlarni anglaydi, degani rost. Janobimizning “tinchlikda ziynat” deganiga Shoirning hayoti misol boʻla oladi. Ramazon doʻsti uchun hayot ziynati edi. “Xavfda qalqon” degani avvalo doʻstini Tosh kabi bezori toʻdaning xurujidan xalos qilganida koʻrinadi. Qolaversa, poyezddagi notanish kimsaning lafziga, yalinib-yolvorishiga inongani “xavfda qalqon”ligini koʻrsatmaydimi? U, axir, odam bolasini doʻst, birodar deb bilardi-ku!

 

Nafsilamrini aytganda, Ramazonning hayotiy tutumlari-yu haqiqatlari nuqul bozor iqtisodi va jaraq-jaraq foydani koʻzlab tuzayotgan maqsad-muddaolarimizga muvofiq kelmaydi. Bu fikrga qoʻshilmasangiz, xoʻsh, ayting qani, “Mehr koʻp koʻrguzdim, ammo mehribone topmadim” deya bir-da kulib, bir-da boʻzlayotgan ramazonlar bilan toʻn yopishgan doʻst boʻlarmidingiz?!

Adib“U anoyi emas. U risoladagidek odam. U buzilmagan. Balki biz buzilgandirmiz?.. U hayotda faqat yutqazib yuradi. Chunki u rol oʻynamaydi. Hayotni qanday boʻlsa shundayligicha qabul qiladi, shundayligicha tushunadi” deydi. Darvoqe, “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasidagi koʻcha bezori Tosh obrazi va u bilan bogʻliq epizod – lavhani adibning ikki yil burun yozgan “Akmal paxanning jiyani” hikoyasida ham koʻrish mumkin.

 

“Anoyining jaydari olmasi”, “Piyoda”, “Bogʻbololik Koʻkaldosh”, “Vatanparvar” kabi hikoyalari bilan tilga tushgan adib “Otoyining tugʻilgan yili”, “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar” qissalari bilan tanildi. “Guliston”ning 1979-yilgi uch sonida “Otoyining tugʻilgan yili” qissasi bosilgach, bir dumalab “mashhur” boʻlib qolgan yozuvchi koʻp oʻtmay yoshkamollar bosh mukofoti-yu turli tanlovlar gʻolibiga aylanadi. Shartakilik qissasiga shoʻro senzurasi jiddiy qaramagan yoki koʻngilni keng qilgan, shekilli, ochiq-erkin fikrlar “oʻtib ketgan”. Adibning chin maʼnoda qissanavis sifatidagi mahorati-yu qamrovini “Shoirning toʻyi”, “Chapaklar va chalpaklar mamlakati” koʻrsatdi. Adabiyotga ana shunday goʻzal asarlar tuhfa etgan yozuvchidan har qancha minnatdor boʻlsak arziydi!

 

Qissaxonlik milliy ruhiyatimizga shu qadar singib ketganki, aksariyat nomdor adiblarning tarjimai holida uzun qish kechalari sandal atrofida turli diniy jangnomalar, dostonlar oʻqir edik, degan xotiralarni uchratasiz. Erkin Aʼzamning qissanavislik mahoratini egallashida Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Odil Yoqubov bilan birga qirgʻiz Chingiz Aytmatov, oʻris Valentin Rasputin, ozarbayjon Anar va armani Grant Matevosyan kabi yozuvchilarning ijodiy taʼsiri bor, albatta.

 

“Asarning qontomiri” – Erkin Aʼzam bu maqolasini bundan qirq yil muqaddam yozgan; oʻttizning nari-berisidagi qalamkash adabiy jarayonga munosabat bildirar ekan, ustozlarga xos anʼanaviy ruh, qahramonlarni maʼnaviy-axloqiy baholash mezonlari oʻzgarib borayotganidan bezovtalik tuygan. Tahririyatlarga kelayotgan qoʻlyozmalarni tahlil qilib, “Ruh begona, ruh – asarning qontomiri begona!” deya yozgʻiradi. Mazmun va shakl nomutanosibligi, asarlardagi ifodaning oʻzbekcha emasligi, tilning tabiatini buzish, koʻr-koʻrona nusxa koʻchirish koʻpayib borayotgani, ayrim yozuvchilarning maʼnaviy-axloqiy pozitsiyasi nochorligidan bong uradi.

 

Bu “Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamalarda asardagi ijobiy va salbiy qahramonlar nisbati barmoq bukib sanab chiqilgan” davrda aytilgan gaplar. Jonsarak adibning xulosasi shunday: “Asarda muhimi – ruh, shunga qarab yozuvchining qaysi millatga mansubligini bemalol aytish mumkin. Qaysi millatning anʼanalariga tayansa, qaysi millatning nomidan gapirsa, oʻsha millatning m a n f a a t l a r i n i (toʻgʻri tushunishlarini istayman) ilgari suradi. U qaysi tilda ijod qilishidan qatʼi nazar, muayyan millatning nomidan gapirsa, oʻsha millatning yozuvchisi boʻladi”.

Erkin aka 1980-yilda yozgan “Hikoya, hikoya...” maqolasida “Mazkur janr hamon katta adabiyotda oʻz munosib oʻrnini egallay olmayotganga oʻxshaydi” deya mulohaza bildirgan va munaqqid-u tanqidchilarga “Nega bitta hikoya uchun taqrizlar yozish, agar arzisa uni voqea darajasiga koʻtarish mumkin emas?” degan bir savolni qoʻygan edi. Milliy nasrimiz sxematizmdan birmuncha qutuldi, ammo joʻnlik, fikr qashshoqligi, koʻr-koʻrona taqlid va mavhumlikdan hali-hanuz xalos boʻlgan emas. Oʻtgan asr poyonida prozada boʻy koʻrsatgan adabiy yangilanish niqobidagi sintetika koʻp qalamkashlarni Adam dashtiga uloqtirdi. Lalmi gaplar avj olgan oʻsha kezlarda insoniy did va isteʼdodni beh bilgan Erkin aka adabiyot kitobxon uchun yaratilishini aytib, teranlik oʻrniga shaklbozlik, sunʼiy gaplar, atay burashlar, toʻmtoq jumlalar-u mahorat daʼvosi – katta dard, ogʻriq boʻlmasa – hammasi bir pul, degan edi.

 

Oradan besh yilcha oʻtib, janr taraqqiyotini tahlil qilgan Shukur Xolmirzayev hikoyachilikning chuqur masʼuliyatini boʻyniga olgan, uning oʻziga xos qiyinchiliklaridan qoʻrqmaydigan adiblar sifatida Murod Muhammad Doʻst, Erkin Aʼzamov, Xayriddin Sultonov, Togʻay Murod, Nodir Normatovni sanab oʻtadi. “Biroq istisno qilayotganim bu yozuvchilarda bitta “nuqta” seziladi, – deydi yozuvchi. – Hikoyachilikning eng ogʻir savdosi – “qanday yozish kerakligi” sanʼatini egallagan bu adiblar “nimani yozish kerak”ligi masʼuliyatini egallashda sal oqsayaptilar...” (“Hikoya, hikoya...” “OʻzAS”, 1985-yil, 25-dekabr).

 

Har bir adabiy toʻlqin, uning vakili sanalmish ijodkorni tahsin va taʼna yorligʻi kutib turadi. Qalam tutgan borki, bundan bebahra emas. Erkin aka 1985-yilda yozgan “Ildizdan uzilmay...” maqolasida “Yoshlar klassik anʼanalarimizni esdan chiqarib qoʻyib, nuqul gʻarb adabiyotiga sajda qilish bilan band” degan taʼnaomuz gaplarga munosabat bildirib, adabiy avlod deb tan olingan ijodkor tengdoshlari xalq ogʻzaki ijodi, mumtoz adabiyotimizni oʻrganishga zoʻr berayotgani, Murod Muhammad Doʻst uslubida qadimiy sharq adabiyotiga xos, “biri togʻdan, biri bogʻdan” qabilidagi roviyona ohanglarniyu Gulxaniyning “Zarbulmasal”ini eslatadigan shoʻx, goʻl-mugʻombirona qochiriqlar uchrashini, Xayriddin Sultonov A.Qodiriy, Oybek, A.Muxtor, O.Yoqubov, P.Qodirov kabi ustoz adiblar tajribasiga tayanayotgani, Togʻay Murod qissalari esa xalq dostonlari-yu baxshiyona ohanglarni yodga solishini dalillaydi. Oʻshanda adibning “Olam yam-yashil” degan kitobi nashr etilgan edi. Xolis aytganda, oʻttiz besh-qirqqa kirgan qaysi nosir matbuotda dangal turib,“Men yaqinda bir bahonada, bultur chiqqan hikoyalar toʻplamimni qayta varaqlab koʻrdim. Ochigʻi, hafsalam pir boʻldi, juda xafa boʻlib ketdim. Baʼzi hikoyalar juda joʻn ekan. Nega shuni kitob chiqarishdan oldin oʻylab koʻrmadim? Nega joʻn gaplarni kitob qilib chiqarishga shoshamiz?” deya oladi?!

 

Erkin Aʼzam qirchillama qirq yoshga yetganda oʻtgan umrni sarhisob qilaroq, oʻkinch ila “Biz aldangan avlodmiz. Biz yolgʻon-yashiq kitoblar, soxta aqidalar ruhida tarbiya topdik. Masalan, qulogʻimizga quyildiki, pul yomon, foyda yomon, odamni buzadi; puldor boʻlmoq – qabohat, muhimi – maʼnaviy jihatdan boy boʻlmoq, shunda xalq seni boshiga koʻtaradi. Nazariy tomondan benuqson gaplar bu. Biz ana shunga ishonib, maʼnaviy boylikka bepisand, faqat mol-dunyoning izmini tutganlarning ustidan erinmay kuldik. Hayotda esa butunlay teskari hol hukm surdi” deydi.

 

“Tafakkur” – umrimning bir boʻlagi...”

“Tafakkur” tashkil topgandayoq ziyolilar qidirib oʻqiydigan nashrga aylangan edi. Xoh oʻziniki boʻlsin, xoh oʻzganiki – ishni toza qilishga odatlangan adibning talabchanligi tufayli “Tafakkur” maʼnaviy-maʼrifiy minbar sifatida bugun ham oʻlchov-etalon degan maqomda sobit turibdi. Tafakkurga ragʻbat yoʻq, ahli maʼnidan koʻra dallol-u tujjorga mehr-u muhabbat cheksiz jamiyatda “Tafakkur”day jurnal chiqarish qahramonlik aslida. “Bozor adabiyoti”, “bozor matbuoti”, “bozorbop kino” degan tushunchalar istiqlolimizdan ikki-uch yosh kichik, xolos. “Bozor koʻrgan echkidan qoʻrq” deydi xalqimiz. Ammo, hurriyat bilan “boʻyinsa” bu qoʻrquv dillarni zabt etganiga chorak asr boʻldi...

 

“Bosh muharrir sahifasi”da berilgan jamiyat hayotiga munosabatni adib “publitsistik miniatyuralar” deb atagan. Peshlavha tarzida yozilgan bu fiqralarni men sarkash siyrat sadolari degim keladi. Saraton quyoshida mato guli oʻngigani kabi, “Tafakkur” fiqralarini oʻqigan ne-ne mutasaddi-yu mulozimlarning ham rangi oʻngib ketgani bor gap. Qachon ularni mutolaa qilishga tushsam, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Vadud Mahmud, Abdulla Qodiriyning alamli, dardchil, kinoya-kesatiqli maqolalari, hangomalari esimga kelaveradi. Bugungi avlod fidoyi maʼrifatparvarlar merosi – tarixni qanday oʻrganayotgan boʻlsa, “publitsistik miniatyuralar” erta bir kun yaqin oʻtmish manzarasini tadqiq etishda shunday asqatadi. Bugun fiqra ekan, indin uning oti tarixiy hujjat, ilmiy dalil boʻladi.

 

“Vatan qanday yuksaladi”, “Boy boʻlayin desangiz...”, “Uyat boʻladi”, “Kitob urmasin”, “Jannat qidirib...”, “Savobning yoʻli – pinhona”, “Jonajon” ukaxonlar”, “Yalash boshqa, siylash boshqa...”, “Hoziriylar”, “Andishasiz andishalar” kabi fiqralar eʼlon qilinganiga 15-20-yil boʻldi. Milliy tabiat, inson feʼl-atvori ming yillarda ham deyarli oʻzgarishsiz qolishini inobatga olsak, joʻn hikoyalar-u semiz kitoblardan koʻra ushbu fiqralarning umri uzogʻ-ov deb oʻylab qolasiz.

 

Tahrir sanʼat sifatida “Tafakkur”da saqlanib qolganini hech kim inkor etolmaydi. Jurnalda eʼlon qilinayotgan har bir maqolada nuktadon muharrirning qoʻli bor. Bilgichlar qoʻlyozmada ikkita imlo xato koʻrsa “infarkt boʻpqoladigan” muharrir – Erkin Aʼzam desa munkir kelmang. Matn iylanib, “suvi” qay tarzda siqib chiqariladi, qaysi soʻz qanday yoziladi, qaysi holatda qaysi tinish belgisi qoʻyiladi, degan savolga javob izlagan oʻquvchi “Tafakkur”ni varaqlasin.

 

Ijtimoiy-falsafiy jurnalda nomdor shoir-yozuvchilar bilan ochiq-oshkor, tanqidiy ruhdagi oʻnlab suhbatlarning eʼlon qilinishi, bir-biridan goʻzal sheʼriy turkumlar, jahon adabiyotining nodir namunalarining oʻzbekchaga oʻgirilishi jamiyatda fikrlar rang-barangligining shakllanishga turtki berdi. Zukko olim Sobirjon Yoqubov nasriy durdonalarni toʻplab, “Atirgulning tikoni” nomi bilan salmoqli kitob qildi. Erkin Aʼzam soʻzboshida taʼkidlaganidek, “Oʻsha kezlardakim nima degan boʻlsa degandir, ammo bugun jahon adabiyotining koʻrkam namunalarini muntazam yoritib kelayotgani uchun “Tafakkur” jurnalini birov yomonlamasa kerak. Aksincha, ilk bor majallamiz sahifalarida koʻringan sara asarlar mamlakat matbuotida qayta-qayta koʻchirib bosilmoqda, ayrimlari oʻquv xrestomatiyalaridan ham oʻrin olgan. Xullas, ular adabiy-madaniy hayotimizning oʻgay emas, oʻz fuqarosiga aylanib ketdi”.

 

Shoir koʻngil

Adibni yaqindan biladiganlar mumtoz va zamonaviy sheʼriyatni teran tushunishini aytishadi. Asqad Muxtorday zabardast shoirning yosh nosirdan sheʼrlari haqida fikr soʻrashi yoki boʻlmasa Muhammad Yusufning “Sharq yulduzi” jurnalining 1986-yil sonlaridan biridagi bir turkum sheʼri Erkin Aʼzam soʻzboshisi bilan chop etilishi bejiz emas.

 

Soʻzga ziqnalik, “soʻz boʻtqasi”ni hazm qilolmaslik ayrim “folchi”lar oʻylagandek Abdulla Qahhorga taassubdan emas. Bu adib feʼl-atvoridagi sanjoblik (Sirojiddin Sayyidning “Adibning dastxati” maqolasida bu haqda batafsil yozilgan) bilan bogʻliq, xolos. Qolaversa, shoir koʻngil ohangi buzilgan jumlalarni rad qiladi. Bu, Boysun adabiy modelida butun bir oʻzbek xalq hayotini tasvirlashga umrini bagʻishlagan adibning temir intizomi. Ammo, Erkin Aʼzamning Boysuni bilan bugungi Boysun boshqa-boshqa. Shoir aytmoqchi, “Ketib qopti Boysundan Boysun”. Shuning uchun ham u endi jugʻrofiy maskan sifatida emas, adabiy bir makon sifatida qadrli. Abdulhamid Rashidiy bilan (umri uzoq boʻlsin!) kunda-kunora oʻtkaziladigan tungi “selektor” adabiy makonning, qiyomatli doʻst timsolidagi Boysunning olis-yaqin hayoti, yangi sarguzashtlar, yangi qiyofalar va taqdirlar xususida boʻladi. Havo toʻlqinlariga koʻchgan muloqot yozilajak asar uchun xomashyo, siqilgan yurakka hapdori, ozurda ruhga mador.

 

Erkin aka 60 yoshni“Umrimning koʻp qismi keraksiz hoy-u havas, romantika, sayozlik bilan oʻtib ketdi” deya mahzun qarshi olgan edi. Bugun ham shu afsus tilga chiqib ketadi: “Koʻnglimda muttasil bir ogʻriq, bezovtalik bor. Agar koʻnglimdagilarni yozmay ketsam, bilmadim, umrimni hech narsa bilan oqlayolmasam kerak”.

Erkin Aʼzam “xonaki adabiy udumlar-u oʻtkinchi adabiy oʻyinlar”ga beriladigan yoshda emas. Adibning MOHIYATga yetgan pallasi. Soʻzimizni “yetmishboy”ning ustozi Asqad Muxtor satrlari bilan yakunlashni maʼqul koʻrdik:

Zamonlar oʻtadi boʻron-shamolday,

Bosiladi quyun, bosiladi kul.

Vulqonlardan ungan yashil niholda

Bir kuni barq urib ochiladi gul.

 

Olim TOSHBOYEV

“Hurriyat” gazetasi, 2020-yil, 29-iyul.

“Botindagi boʻron” maqolasi qisqartirib olindi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

16:08 / 06.08.2025 0 176
Qultegin bitiktoshida nimalar yozilgan? 2-maqola





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//