Submadaniyat, trend yoki sport – kvadrobika oʻzi nima? U qanday ommalashmoqda?


Saqlash
23:46 / 15.10.2024 1131 0

Kvadrober oʻzi kim?

 

Kvadrober – hayvonlarning odat va harakatlariga taqlid qiluvchi bolalar, asosan, oʻsmirlardir. Ular maʼlum hayvon, masalan, kuchuk, mushuk, maymun kabilarni aks ettiruvchi aksessuar va kiyimlar bilan, dum, quloq, panjali qoʻlqop va niqoblar taqib, odamlar orasida oʻsha hayvonning harakatlari bilan namoyon boʻladi. Oʻzini toʻliq oʻsha hayvon sifatida koʻrsatadigan bu bolalar oyoq-qoʻlida xuddi 4 oyoqli hayvon kabi sakrab, yuguradi. Baʼzan esa suykalib, uning tovushini ham chiqarishi mumkin.

 

Kvadrobika nima?

 

Kvadrobika – submadaniyat, trend yoki norasmiy sport…

Ommaviy axborot vositalari unga shunday taʼrif bersa-da, uning aniq nima ekanini hali bir soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Jamoatchilik bu borada turli fikrlilarga ajraladi: baʼzilar uni zararsiz xobbi desa, boshqalar qatʼiyan potensial xavf sifatida baholamoqda.

 

Kvadrobika asoschisi Ginnes rekordlari kitobidan joy olgan

 

Kapalak effekti haqida bilasizmi? Quyidagi sportchi hikoyasida uni chuqurroq anglashingiz mumkin. Oʻz ishini mahorat bilan bajargan atletni maymunga qiyoslash, uni Ginneslar kitobiga kirishiga, shu bilan birga, bugun oʻzbek jamiyatini ham xavotirga solayotgan “Kvadrobika”ning yaralishiga sabab boʻlgan. Voqeaning qisqacha rivoji shunday boʻladi:

 

Dastlab kvadrobika yapon atleti Kenʼiti Ito tomonidan kashf etilgan sport turi (kvadro, yaʼni toʻrt va aerobika) boʻlgan. Sportchi mashgʻulot vaqtida juda tez yugurgan. Uning harakatlari tashqaridan xunuk koʻrinib, odamlar uni maymunga oʻxshatib, mazax qiladi.

 

Keyinroq Kenʼiti Ito hayvonlarni, xususan, Gusar maymunlarini kuzata boshlagan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, u hayvonlarning harakat va odatlarini oʻrganish uchun oʻrmonda yashab, ovchi qurboniga aylanishiga ham bir baxya qolgan. Orttirilgan tajribalar natijasida, sportchi oʻzining 4 oyoq-qoʻlda yugurish usulini ishlab chiqib, Ginnes rekordlari kitobidan joy olgan.

 

 

Shu tariqa sport shaklida paydo boʻlgan kvadrobika bugun kelajak avlodni insoniylik xislatlaridan uzoqlashtirib, jamiyatni xalokat yoqasiga yaqinlashtirmoqda.

 

Kvadroberlarga munosabat

 

Mutaxassislar fikriga koʻra, hayvonlarga taqlid qilish gʻarbiy submadaniyat ostida ommalashmoqda. Kvadroberlar boshqa mamlakatlarda turli festival va tadbirlarda chiqish qilgan boʻlsa, bugungi oʻsmirlar oʻzining muloqot doirasini shu usulda shakllantirib, shu tariqa doʻst orttirishga urinishi havotirli tuyuladi.

 

Yana bir taxmin – uning ortida bolalardan farqli oʻlaroq, nima qilayotganini juda yaxshi anglayotgan kattalar turgan boʻlishi ham mumkin. Ushbu fikrga asos sifatida mutaxassislar kvadroberlar uchun maxsus ozuqa, kiyim, maska va boshqa aksessuarlar allaqachon savdo rastalaridan oʻrin olganini keltiradi. Darhaqiqat, istalgan marketpleyning qidiruv boʻlimiga kalit soʻzlarni kiritib, submadaniyatga oid mahsulotlarni oson sotib olish mumkinligiga guvoh boʻlishingiz mumkin.

 

Umuman olganda, kvadrobikani birdaniga ommalashuvi jiddiy xavotirlarga yetarlicha asos boʻla oladi. Koʻcha-koʻyda, ommaviy manzillarda hayvon tusidagi oʻsmirlarning gʻayritabiiy harakatlari kvadrobika haqida eshitmagan istalgan kishini choʻchitib, unga ruhiy zarba berishi, qoʻrqib ketgan kishining esa kvadroberga behosdan jismoniy zarar yetkazib qoʻyish ehtimoli ham yoʻq emas.

 

Ajablanarlisi, dunyo boʻylab ortib borayotnan ushbu holatni oʻta normal qabul qilib, unga nisbatan bagʻrikenglikka chaqirayotganlar ham uchrab turibdi. Kvadrobikani bezarar xobbi deb baholayotganlarning aksariyati bolalarni telefonga “qadalib”, internetda vaqt oʻtkazishdan koʻra shu tariqa jismoniy faollik bilan mashgʻul boʻlishini maʼqullaydi. Atrofdagilarga esa “qoʻying, bolaligini qilsin” deya munosabat bildiradi.

 

Jamiyatda har tomonlama turlilik boʻlishi tabiiy, albatta. Biroq bola oʻzini omma oldida hayvon koʻrinishida talqin qilishiga nima sabab boʻlgani, oila aʼzolarining unga munosabati, qanday rozi boʻlgani-yu, uning ruhiyatida nimalar sodir boʻlganini oʻylashning oʻzi kishini xavotirga soladi.

 

Kvadroberlar bilan bogʻliq turli videolarning instagram, tik-tok kabi ijtimoiy tarmoqlarda borgan sari keng tarqalayotgani, mutaxassislarning ushbu “xobbi” yuqumli ekanini taʼkidlashi boʻlsa, “Bolani internetdan uzoqlashtirishning yaxshi yoʻli” degan fikrning asossiz ekanini koʻrsatadi.

 

Haqiqatan ham, oʻsmirlik davrida hali “oʻzini” topib ulgurmagan bolalarda atrofdagilardan, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan namuna olishga moyillik yuqori boʻladi. Shuning bois, ruhshunoslar bolaning erkinligini ayniqsa, oʻsmirlik davrigacha boʻlgan muddatda nazoratda tutib, vaqtini foydali mashgʻulotlarga yoʻnaltirish zarurligini taʼkidlaydi.

 

Kvadrobikaning ommalashuvi

 

Kvadrobika 2019-yil AQSHda ommalashdi. 2024-yil bahor oylarida esa rossiyalik oʻsmirlar hayvonlarga xos dum-quloqlar bilan oʻtlar ustida 4 oyoqda kezib, oʻtgan-ketganlarga sakrab, tovush chiqarish holatlari koʻpaydi.

 

Avgust oyi yakunida Rossiyadagi yuz bergan bir holat – mamlakatda kvadrobikani maʼqullovchilar soni yetarlicha ekanini yana bir bor koʻrsatdi:

 

30-avgust kuni Rossiyaning Nadim shahrida “Shahar kuni”ga bagʻishlangan konsert boʻlib oʻtadi. Sahnaga Mia Boyka tahallusi bilan tanilgan xonandaning adashib qolgan 8 yoshli muxlisasi Maryana mushuk niqobi va dumi bilan olib chiqiladi. Xonanda uni koʻrib, “Sen mushukchamisan yo Xudo koʻrsatmasin, kvadrober?” deb soʻraydi. Qizcha kvadrober ekani, bu bilan koʻpchilik qatori ham shugʻullanishini aytsa, bu hali mashgʻulotimi? Kvaodrober boʻlish senga nega kerak, shiringina qiz boʻlsang, deya ajablanadi. Boykaning qizchaga munosabati nafaqat tomoshabinlar, balki oʻz hamkasblari orasida ham qattiq tanqid ostiga olinadi. Yegor Krid, Klava Koka kabi xonandalar va bir necha jurnalistlar kvadrober-qizga tarafkashlik qilib, “Men ulardan qaysi biri koʻproq oʻzini hayvonlardek tutishi haqida bahslashgan boʻlardim” deya voqeaga fikr bildirgan. Xavfsiz internet ligasi rahbari Yekaterina Mizulina esa xonandani sudga berishini aytgan.

 

 

The Voice ayollar jurnalining yozishicha, rossiyalik oʻsmirlar kvadrobika haqida Likee, TikTok va YouTube tarmoqlaridan oʻrgangan. Vedomosti gazetasi Rossiyadagi kvadroberlarning taxminiy hisobini aniqlash uchun VKontakte ijtimoiy tarmogʻidagi kvadroberlar jamiyati guruhlari hamda ochiq telegram-kanallardagi kuzatuvchilar sonini oʻrgangan. Joriy yilning sentyabr oyi yakuniga koʻra 3000 kishidan iborat (VKontakteʼda) ushbu jamiyat aʼzolari u yerda rasm, videolar bilan birga oʻzlari haqida maʼlumotlar yuborib, faol tarzda doʻst qidiradi. Ushbu tematikada yuritiladigan telegram-kanal kuzatuvchilari esa mos davrda 19 857 kishini tashkil etgan.

 

Bu orada Rossiya kvadrobikaga oid qonun ishlab chiqdi.

 

 

Kvadrobikaning xavflilik darajasi haqida rossiyalik mutaxassislar shunday deydi:

 

“Agar zamonaviy bolalar kvadrobikaga sport-oʻyin sifatida yondashsa, bu xavfli emas. Sportda yaxshi natija koʻrsatish uchun hayvonlar kabi harakatlanishni oʻrganish – yaxshi amaliyot. Ulardan elastik harakatlarni, toʻgʻri sakrashni oʻrganib, yaxshi natijalar koʻrsatish mumkin. Boshqa jihatdan, bolaning miyasi 8-14 yoshlar oraligʻida juda plastik boʻlib, unda yangi neyron aloqalar oson rivojlanadi. Bu yangi bilimlarni oʻrganib, oʻzlashtirish uchun ajoyib davr sanaladi. Muammolar esa bola mashgʻulot chegarasini kesib oʻtganida boshlanadi: u hayvonning oʻziga va atrofdagilarga ham jismoniy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan tajovuzkor harakatlarini ham oʻzlashtira boshlaydi. Bunda aniq kardinal farq boʻladi: birida hayvon obrazini yaratish, ikkinchisida esa oʻzini hayvon deb bilish”.

 

Soʻngi kunlarda Oʻzbekistonda kuzatilayotgan holat esa mutaxassisning ikkinchi bergan taʼrifiga mos keladi: Kvadrober atrofdagilarga it kabi hujum qilib, yoʻlovchilarni qattiq qoʻrqitib yubordi. Rasmiylar va jamoatchilik faollari unga munosabat bildirdi:

 

“Biz avvalo, har bir tirik jonzotga mehr-shafqatli boʻlish, hayvonlarga ozor bermaslikni insoniylikning muhim fazilati sifatida qadrlovchi xalqmiz. Biroq tabiat gultoji boʻlgan inson boʻlishdan voz kechishga urinish, hayvonlarda kuzatiladigan agressiv xatti-harakatlarni qilishni har qanday xalq qoralaydi, umumbashariy qadriyatlar inkor qiladi. Ayniqsa, ongi taʼsirchan, taqlidga moyil, yangiliklarga qiziquvchan yoshlar uchun kvadroberlik juda xavfli. U bolani jamiyatdan ayro, odamlardan uzoq, har qanday yurish-turish qoidalaridan begona qilib qoʻyadi”deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov.

 

Hasanov shuningdek, ota-ona, ustoz va mamlakat ziyolilarini shu kabi vaziyatlarga insoniylikni targʻib qiluvchi qadriyatlarimiz asosida munosabatini bildirishga chaqirgan.

 

Bu holatlar qonun himoyachilarining ham eʼtiboridan chetda qolmadi. 13-oktyabr kuni yoʻlovchiga tashlangan kvadrober voqeasiga nisbatan munosabat bildirdi. Unga koʻra, voyaga yetmagan farzandining tarbiyasiga beeʼtibor boʻlgan ota-ona Konstitutsiyaning 77-moddasiga rioya qilinmaganlikda ayblanib, maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkinligi eslatib oʻtilgan:

 

“... Voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi oʻz bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, maʼnaviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi shart” – deyiladi xabarda.

 

Tegishli holatlarda qonuniy javobgarlik eslatib oʻtilgani yaxshi, lekin ijtimoiy tarmoq faollari bu kabi xabarlar submadaniyatning yanada keng yoyilishiga sabab boʻlishi mumkin, degan fikrda:

 

Menimcha IIVning kvadroberlar subkulturasi haqidagi xabari yana koʻproq kvadroberlar paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Hatto bolalarim ham joʻnatishdi shu xabarni” – Aziza Qurbonova.

 

Post izohida Nodirjon Madaminov ismli foydalanuvchi hamfikr boʻlgan:

 

Men bilmasdim va shu xabardan keyin ular haqida maʼlumot qidirdim internetdan. Bu nafaqat submadaniyat, balki sport ham ekan. Kenichi Ito ismli yapon sprinteri maymunga taqlidan 4 oyoqda yugurib jahon rekordini oʻrnatgach kvardoberlik ommalashgan”.

 

Haqiqatdan ham, oʻsmirlar orasida keng tarqaladigan zararli odatlarning aksariyati ular xaqida axborotlar ortgani sayin koʻpayadi. 2017-yillarda keng dunyo miqyosida tarqalgan “Siniy kit” oʻyini bunga misol boʻla oladi. Bundan tashqari, ushbu “mashgʻulot” bilan shugʻullanishga koʻproq imkon yaratib, oddiy mahsulotlari (masalan, bizga bolalikdan tanish bayram niqoblari) nomiga ham kvadrobika, kvadrober kalit soʻzlarini qoʻshib yozayotgan hamda haqiqatan ularga mos tovar savdosi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarni tartobga chaqirish zarur.

 

Har qanday holatga bagʻrikenglik qilishdan avval kishi faqat oʻziga emas, yon-atrof va jamiyatga uning zarari va oqibatlari haqida ham oʻylashi zarur. Agar bugun “kvadroberlar tishlamaydi, yemaydi, zarar bermaydi” deb ularning erkin harakatiga qoʻyib bersak, ruhan zaif avlod yetishishiga, insoniy xislatlar yoʻqolib borishiga sababchi boʻlib qolishimiz mumkin.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//