Tashqaridan arzimasdek koʻringan kichik harakatlar natijasida katta va tasavvurda ham boʻlmagan oʻzgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Bu holat fanda “kapalak effekti” deb atalib, u xaos nazariyasining bir qismi sanaladi. Xaos teoriyasiga koʻra, kichik bir harakat yoki hodisalar vaqt oʻtib, kutilmaganda yiriq oqibatlarga sabab boʻladi. Natija dastlabki harakat sodir etilgan joyda emas, kengroq qamrovda, baʼzan, butun jamiyatda sezilishi mumkin.
Soddaroq qilib aytganda, bugun qilayotgan har bir kichik harakat yoki harakatsizligimiz kelajakda oʻz natijasini koʻrsatadi.
Termin fanga ilk bor 1961-yilda meteorolog, matematik olim Edvard Lorens tomonidan kiritilgan. Edvard Lorens ob-havo hodisalarining kompyuter modelini hisoblab oʻtirib, oʻtkaziladigan tadqiqotlarni optimallashtirish uchun verguldan keyingi uchdan kichik boʻlgan barcha matematik maʼlumotlarni yaxlitlagan. Shundan keyin bu kabi arzimas tuyulgan maʼlumotlar toʻplami ob-havo prognozining sezilarli darajada oʻzgarishiga olib kelishi maʼlum boʻldi.
Buni aniqlagan Lorens oʻzining ilmiy maqolalaridan birida “Kapalakning Ayova shtatida qanot qoqishi, Indoneziyada eng yuqori darajali koʻchki effektini chaqirishi mumkin” degan fikrni aytib oʻtgan. Albatta, kapalaklar qanot qoqishi bilan boʻron qilib yuborolmaydi, lekin oʻta arzimas tuyulgan voqea katalizator kabi ishlab, tizim holatiga taʼsir qilishi mumkin.
Adolf Gitler rassom boʻlishi mumkin edi
Tarixga natsist, fashist diktator sifatida kirgan Adolf Gitler buyuk rassom boʻlishi mumkin edi.
1900-yillar boshida Gitler rassom boʻlishni xohlagan. Biroq u Vena tasviriy sanʼat akademiyasining kirish imtihonlaridan oʻtolmaydi: qabulda unga ikki marotaba rad javobi beriladi. Bir qancha olimlar fikriga koʻra, akademiyadan rad javobini olish Gitlerni yovuzlik timsoliga aylantirgan asosiy sabablardan biri edi. Gitler genotsid emas, akvarel boʻyoqlarida rasm chizish shugʻullanganida tarix qanday boʻlishi mumkinligini esa faqat xayol qilish mumkin.
Erigan konfet sababli yaralgan mikrotoʻlqinli pech
Agar Persi Spenser ismli yosh olimning yangi magnetron sinovi vaqtida choʻntagida konfet boʻlmaganida, jahon hali-hanuz mikrotoʻlqinli pechni koʻrmagan boʻlishi mumkin edi.
1946-yil yosh olim yangi magnetronni sinovdan oʻtkazayotgan vaqtda son sohasida kuchli qizish hissini tuyadi. Maʼlum boʻldiki, Spenser qurilma yonida turganida, choʻntagidagi shirinlik erib ketgan. Ushbu “hodisa” muhandisni qiziqtirib qoʻygan va u qurilma oldiga boshqa mahsulotlarni, masalan, pop-korn va tuxum qoʻysa nima boʻlishini koʻrmoqchi boʻlgan. Natijada, mahsulotlar qisqa daqiqalar ichida tayyor boʻlgan. Spenserning tasodifiy kashfiyoti, maishiy foydalanish uchun mikrotoʻlqinli pech yaratishga qiziqish uygʻotadi. Oz fursatda unga kompaniyalar ham qiziqish bildirdi. Natijada, mahsulotlarni tez tayyorlash orqali odamlarga yordam boʻlishi uchun mikrotoʻlqinli pechlar ommaviy ishlab chiqarila boshladi.
Arzimas tuyulgan harakat yoki harakatsizlik ortidan yuzaga keluvchi Kapalak effektiga oʻzimizda sodir boʻlgan bir qancha hayotiy voqealarni ham misol tariqasida sanab oʻtish mumkin.
Majburiy mehnatga chek qoʻygan oʻlim
2018-yil Samarqand viloyatida koʻcha tozalash ishlariga jalb qilinib, avtohalokatga uchragan va vafot etgan oʻqituvchi yodingizdami?
23 yoshli Diana Inikova endigina oliy taʼlimni yakunlab, mehnat faoliyatini oʻsha maktabda boshlagan edi. U Kattaqoʻrgʻon tumanidagi katta yoʻl toʻsiqlarini oqlash ishlariga jalb qilinib, oʻsha vaqtda avtohalokatga uchragan. Ayanchli avtohalokat oqibatida yosh oʻqituvchi zudlik bilan shifoxonaga olib borilishiga qaramay, vafot etgan. Lekin aynan shu hodisa ortidan Prezident Shavkat Mirziyoyev majburiy mehnatga jalb qilish bilan bogʻliq har bir holatni “favqulodda hodisa” sifatida koʻrib chiqishga topshiriq bergan.
InBazarʼni “yopgan” aravacha
Mijozlar xaridi uchun moʻljallangan aravachaning itarib yuborilishi butun boshli doʻkonning yopilib ketishi va bir qancha zoʻravonliklarning ochiqlanishiga sabab boʻlishi mumkinligiga ishonasizmi?
Kuni kecha tarmoqlarda InBazar nomi ostida faoliyat yurituvchi tadbirkor va uning xodimlari tomonidan boshqa ishchilarga nisbatan zoʻravonlik holatlari aks etgan videolar tarqaldi. Dastlabki holat doʻkonning yosh xodimi tomonidan kichkina aravachani (telejka) itarib yuborilishi ortidan kelib chiqadi. Doʻkonning boshqa xodimi xato qilgan ishchiga ham jismonan, ham maʼnan zugʻum oʻtkazadi.
Koʻp oʻtmay, yuqoridagi holatdan “xijolat tortgan” biznes egasi “shokka tushgani” va zoʻravonlikka qarshiligini, zoʻravon esa qilmishi uchun qonuniy javobgarlikka tortilishiga “uveren” ekanini aytib, video-murojat yoʻllaydi.
Anglashilinishicha, video-kameralardagi yozuvlarga masʼul xodim ayblanayotgan ishchining qilgan xatosi haqida provokatsion jumlalar bilan “Buni ataylab qildi, bu doʻkon mol-mulkiga zarar yetkazishi mumkin edi” deb biznes egasi – Omatillo Xolmatovga xabar beradi. Qizigʻi, “shokka tushgan” biznes egasining oʻzi jazolash topshirigʻini bergan boʻlib chiqdi. Shunga koʻra, doʻkon xodimi, xato qilgan ishchini haqorat va mushtumzoʻrlik bilan jazolaydi.
Bu orada tarmoqlarda ushbu biznes “kattalariga” tegishli boʻlgan boshqa zoʻravonlik holatlari ham tarqala boshladi. Ularning baʼzilarida ishchilar Omatilloning oʻzi tomonidan samosud qilingan boʻlsa, keyingilari boshqalar orqali kaltaklatishga urinilganini koʻrsatadi.
InBazarʼga ommaviy boykot eʼlon qilindi, nafaqat blogerlar, balki ijtimoiy tarmoqlardagi barcha qatlam egalari har qanday holatda ham samosudni qoralashini, xodim xato qilgan taqdirda maksimal jazo jarima yoki ishdan boʻshatish boʻlishi kerakligini aytib, biznes va uning egasiga nisbatan qonuniy jazo talab qildi. Omatillo Xolamatovning oʻziga nisbatan tergov ishi boshlangan. Doʻkon faoliyati esa nomaʼlum muddatga toʻxtatildi.
Til jonkuyarlari nishoniga duch kelgan Yapona Mama
Mamlakatda faoliyat yuritishning oʻzi davlat tilida soʻzlashishga kamlik qiladi chogʻi, Oʻzbekistondagi koʻplab ovqatlanish va boshqa xizmat koʻrsatish tashkilotlari asosan rus tilida faoliyat yuritadi. Kerak boʻlmagan joyda ham ustun keladigan ichimizdagi “oʻzbekchilik” “Ha endi rus-da, bizning tilda gapirgani qiynaladi” deb aksariyat holda ularga moslashishga uringani sayin, davlat tilimizni mensimaslik holatlari ortib bordi – endi butunlay oʻzbek qora koʻzlar ham oʻz vatandoshiga ruscha muomala qiladigan boʻldi. Goʻyoki, rus tilida qilingan murojaat yoki javob tashkilot / xodimning obroʻsini yuqoriroq qiladi. Umuman olganda, bu holat ilk bor kuzatilgani yoʻq, shunchaki soʻngi vaqtlarda haddan ziyod ortib, oʻzbek tiliga hurmatsizlik darajasiga keldi.
Oʻzbek jamoatchiligi endi yana-da faol “gapira” boshladi: tarmoq foydalanuvchilari minglab xoʻrandaga ega Yapona Mama restoranlar tarmogʻining aksariyat nuqtalarida xodimlar garchi, u yerga tashrif buyuradiganlarning katta qismi oʻzbek boʻlsa-da, oʻzbek tilida gapirmasligi yoki gapirishni xohlamasligi haqida eʼtirozlarini yozib qoldirdi. Izohlarda esa boshqa foydalanuvchilar oʻzlari boradigan filialda ham yuqoridagi vaziyatga duch kelishini tasdiqlagan.
Tiliga beeʼtibor boʻlmagan jamoatchilik xizmat koʻrsatish shoxobchalaridagi xodimlar oʻzi bilib bizning tilda murojaat qilmasa, talab qilib olishimiz zarurligini taʼkidlasa, yana katta qism faollar restoranga nisbatan boykot eʼlon qilishga chaqirgan. Bundan maqsad biznesni yopib yuborish yoki sindirish emas, tilga hurmatni oshirib, davlat tilida xizmat koʻrsatish shartini majburiyatga aylantirish ekani taʼkidlangan.
Shundan keyin jamoatchilik yana bir qator taniqli ovqatlanish shoxobchalarida oʻzbek tiliga xuddi shunday munosabatda boʻlinishini, Yapona Mama restoranlar tarmogʻidan keyin qolgan tashkilotlarga ham shu “usul”ni qoʻllash zarurligini aytib, qolgan faollar tomonidan yaxshigina qoʻllab-quvvatlandi.
Natija qanday boʻldi, deysizmi?
Boshlanishiga yomon emas. Hamkasbimning soʻziga koʻra, uning navbatdagi tashrifida Yapona Mamaʼdagi rusiyzabon, koʻrinishidan ham oʻzbeklarga unchalik oʻxshamaydigan girgitton uni “Xush kelibsiz! Necha kishi boʻlasizlar?” deb kutib olganmish. Kapalak effektining asl “kuchi” ham shunda. Siz kichik harakatlaringiz bilan muhim muammolarga nuqta qoʻyishingiz yoki guvohi boʻlganingizdek, ixtirolarga ham sabab boʻlishingiz mumkin. Barchasi aynan hozirgi harakatingizga bogʻliq.
Muqaddas Musaeva
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Tarix
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q