4-oktyabr oqshomida so‘ngan o‘n ikki yulduz. Ularning aybi nima edi?


Saqlash
11:58 / 04.10.2024 1166 0

4-oktyabr yurtimiz tarixidagi eng qora va mudhish kun sifatida muhrlanib qolgan. Bu kunda millat oydinlari – Xudoybergan Devonov, A’zam Ayyupov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Miyonbuzruk Solihov, Qayum Ramazonov, G‘ozi Olim Yunusov, Cho‘lpon, Shokirjon Rahimiy, Otajon Hoshimov, Ziyo Saidov, Shohid Eson Musayev kabi ma’rifatparvarlar qatag‘on qilingan. Ularning aybi nima edi? 

 

Sovet rejimi boshqa millatlarning ilm-u ma’rifatli bo‘lishini istamas, xalqning qalb ko‘zini ochuvchi ziyo ahlini xushlamas edi. Aksincha, ularni xo‘rlash, tahqirlash, kerak bo‘lsa, yo‘q qilishni o‘zlariga kasb qilib olgan edilar. Shuning uchun qatag‘onda avvalo milliy ziyolilar eng ko‘p aziyat chekdi, mislsiz qurbonlar berdi. Markazning qirg‘in mashinasi hisoblangan Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU), Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) kabi jazo organlari va ularning jallodlari uchun ilg‘or, taraqqiyparvar ziyolilarni hibsga olish va faoliyati uchun yo‘q ayblarni to‘qib chiqarish, uydirmalarni “yasash” hech gap emas edi. Qabohat shu darajada ediki, o‘z elini sevgan, uni kuylagan, asarlarida madh etgan, asl tarixi, betakror madaniyatiga murojaat qilib, asarlar bitgan, buyuk ajdodlari nomini tilga olgan vatanparvar ijodkorlar, ilm-fan ahli birinchilar qatorida qirg‘inga duchor bo‘ldi.

 

1929-yildan boshlab qatag‘on mashinasi ishga tushdi va dastlab, Munavvar Qori Abdurashidxonov rahnamoligida millat ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritgan, xalqqa ziyo taratib kelayotgan “Milliy Ittihod” va “Milliy Istiqlol” tashkilotlarining 87 nafar a’zosi qamoqqa olindi. Ularning 15 nafari 1931-yilda Moskvada otib tashlangan va qolganlari ham uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan.

 

O‘zbek tili va adabiyoti, ma’naviyati yo‘lboshchilari bo‘lgan va xalq mehrini qozongan qator iste’dodlar quruq bo‘hton va tuhmatlar asosida “xalq dushmani”ga aylandi. 1934-yildan 1938-yilgacha O‘zbekistonda 40 mingdan ziyod kishi jazoga tortilganligi aytiladi. Shulardan 730 tasi “xalq dushmani” degan nom bilan otib tashlangan.

 

O‘zbekiston NKVDsining ichki turmasi va boshqa joylardagi qamoqxonalarda mahbuslar shafqatsiz jismoniy jazolarga mahkum etilgan va eng kuchli, irodali kishilar ham poyonsiz qiynoqlar va o‘z yaqinlarining taqdirini o‘ylab, qilmagan jinoyatlarini tan olishga majbur bo‘lishgan. Mahbuslar hatto o‘zlarini o‘ldirishni ham bir chora deb bilganlar. 30-yillarning oxirida Turkiston aholisi xoinlik, zo‘rlik va bedodlik girdobiga tushib qolgan edi. Millat oydinlari, eng ishonchli kishilari bo‘lgan davlat va jamoat arboblarining, ziyolilarning qatag‘on qilinishi xalqni qo‘rquv va arosat botqog‘iga botirgan. Shu tariqa insoniylik oyoq osti qilingan, har qanday ezgu fikr bug‘ilgan va orzu-umidlar g‘orat qilingan. Mana shunday tizginsiz, muntazam qatag‘onlarning yuqori cho‘qqisi 1937-1938-yillarda “Katta qirg‘in” nomini olgan.

 

Professor R.Shamsutdinov, E.Xolmirzayev, I.Abdullayevlarning Andijon davlat universiteti “Ilmiy xabarnoma”sining 2012-yil 1-sonida e’lon qilingan “O‘zbekistonlik qatag‘on qurbonlari haqida yangi ma’lumotlar” maqolasida keltirilishicha, mualliflar 2011-yilda Rossiya Federatsiyasi Federal Xavfsizlik Xizmati Markaziy arxivida bo‘lib, yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishgan. U yerda SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining sayyor sessiyasi raisi general Alekseyevning 1938-yil 4-oktyabrdan 2-noyabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Xalq komissari, davlat xavfsizligi mayori D.Z.Apresyanga yozgan xatlarini, otilganlar haqidagi dalolatnomalarni ko‘rishgan va ulardan ko‘chirmalar olishgan.

 

Maqolada yozilishicha, 1938-yil oktyabrida Moskvadan Toshkentga kelgan SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining sayyor sessiyasi o‘tkaziladi. Uning tarkibi harbiy adliya xodimlari – generallar Alekseyev va Zaysev, polkovniklar Boldirev va Batner, qizil armiya Bosh Harbiy prokurori yordamchisi Shulsannlardan iborat bo‘lgan. Sessiyaning birinchi kuni 4-oktyabrda bo‘lib o‘tadi va unda 52 nafar mahbus oliy jazo – otuvga hukm etiladi. Mazkur ko‘rsatma o‘sha 4-oktyabrdayoq bajarilgan.

 

Mazkur maqolada 4-oktyabrda otilganlar yurtdoshlarimiz nomma-nom keltirilgan. Ammo 5-oktyabrda hukmi e’lon qilingan, ammo aksariyati 4 oktyabrdayoq yoppasiga otib tashlangan 36 nafar vatandoshlarimiz nomini o‘qiganda beixtiyor tanimizga titroq kiradi. Ularning ro‘yxatiga e’tibor bering: 1. Dadaboyev Boltaboy; 2. Isomuhammedov Inoyat; 3. Muhammedov Vosiq Shukurovich; 4. Yunusov Qudratulla; 5. Inog‘omov Rahim; 6. Shokirov Alim; 7. Shalikerov Nazir; 8, Eshjonov Madamin; 9. Devonov Xudoybergan; 10. Otajonov Bobojon; 11. Iskandarov Davron; 12. Inayatov Nazrulla; 13. Ayyupov A’zam; 14. Fitrat Rauf Rahimovich; 15. Qodiriy Abdulla (Julqunboy); 16. Solihov Miyonbuzruk; 17. Ramazonov Qayum; 18. Yunusov G‘ozi Olim; 19. Sulaymonov Abduhamid Sulaymonovich (Cho‘lpon); 20. Qoriyev Bosit; 21. Xudoybaxtov Anqaboy; 22. Rahimiy Shokirjon; 23. Gimadiyev Ziyo Gimadiyevich; 24. Hoshimov Otajon Hoshimovich; 25. Saidov Ziyo; 26. Musayev Shahid Eson; 27. Ashrafiy Haydar; 28. Qodirov Majid; 29.Ortiqov Isroil; 30. Shurigin Fyodor Vasilyevich; 31. Pexovich Lazar Matveyevich; 32. Tarasov Fyodor Petrovich; 33. Ibrohimov Ahmad; 34. Inoyatov Xidoyat; 35. Lebedev Dmitriy Alekseevich; 36. Ikromov Is’hoq.

 

Tabiiy savol tug‘iladi: ularning faoliyati bilan tanishmizmi?

 

Keling, maqolamiz avvalida tilga olingan va 4-oktyabrda otib tashlagan millat oydinlaridan 12 nafarining xalqimiz ma’naviy hayoti, ilm-fan ravnaqiga qo‘shgan hissasi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘taylik.

 

1. Xudoybergan Devonov  1878-yilda Xiva shahrida tug‘ilgan. O‘zbek kinosi va fotografiyasi asoschisi. 1903-yilda Polvonniyoz hoji Yusupov bilan birga Moskvaga borib, soatsozlik va zarur foto asbob-anjomlarini olib keladi. 1907-yilning so‘ngi oylarida Islomxo‘ja boshliq xivalik elchilarning Peterburgga qilgan safarlarida fotograf sifatida qatnashadi.

 

 

Peterburgda bir necha oy qolib, kinooperatorlik kasbini egallaydi va 1908-yil bahorida vatanga “Pate” kinoapparati, bir necha fotoapparat hamda grammofon bilan qaytadi. Shu yili Xudoybergan Devonov Xivada O‘rta Osiyodagi birinchi foto-kinolaboratoriyani tashkil etadi. U shu vaqtdan boshlab foto va kino ishlari bilan muntazam shug‘ullanadi. Uning “Xalq sayillari” deb nomlangan birinchi kinolavhasi ham taxminan shu yillarda suratga olingan.

 

2. A’zam Ayyupov (21.8.1904–4.10.1938) – taniqli yozuvchi va jurnalist, F.Shillerning “Makr va muhabbat”, K.Goldoning “Mehmonxona bekasi”, L.Tolstoyning “Kavkaz asiri”, N.Gogolning “Uylanish” komediyasi, A.Chexov, M.Sholoxov hikoyalarini o‘zbek tiliga o‘girgan mohir tarjimon.

 

 

3. Abdurauf Fitrat – 1884-yilda Buxoroda tug‘ilgan. Birinchi o‘zbek profеssori, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri. 1915-yildan “Yosh buxoroliklar” partiyasining so‘l qanotini boshqargan. “Munozara”, “Sayha”, “Rahbari najot”, “Tarixi Islom” asarlari, “Temur sag‘anasi”, “O‘g‘uzxon” pyesalari, “O‘zbek tili sarf kitobi”, “O‘zbek tili nahv kitobi”, “She’r va shoirlik”, “Adabiyot qoidalari”, “Aruz haqida” ilmiy asarlari, “Devonu lug‘otit turk”, “Muqaddimat ul-adab”, “Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul-haqoiq”qa bag‘ishlangan ilmiy traktatlari uning faylasuf, tarixchi, filolog ekanini ham ko‘rsatadi.

 

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Fitrat maorif vaziri sifatida ish boshlaydi. 70 nafar talabani Germaniyaga o‘qishga yuborishda jonbozlik ko‘rsatadi. Sharq musiqasi maktabi, Davlat teatri tashkil ettirdi, noyob qo‘lyozmalarni to‘plashda bosh-qosh bo‘lgan. Uning sa’y-harakati bilan BXSRda o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilinadi.

 

4. Abdulla Qodiriy – 1894-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbek romanchiligi asoschisi. “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan. “To‘y”, “Ahvolimiz”, “Millatimga”, “Fikr aylagil” kabi she’rlar, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz”, “Uloqda”, “Jinlar bazmi”, “Tinch ish”, “Shodmarg”, “Otam va bolshevik” kabi hikoyalari, “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, “Obid ketmon” qissasi muallifi.

 

 

Nikolay Gogolning “Uylanish”, Anton Chexovning “Olchazor” asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

 

5. Miyonbuzruk Solihov – 1891-yil Toshkentda tavallud topgan. Adabiyotshunos, folklorshunos va san’atshunos olim. Istanbul universitetini tugatgan (1927). O‘zbekistonga qaytgach, O‘rta Osiyo universiteti sharq fakultetida o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan. 

 

 

O‘zbekiston Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot instituti va O‘zbekiston Fan qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, Toshkent pedagogika instituti, SamDU va Buxoro pedagogika institutida o‘qituvchilik qilgan. Sadriddin Ayniyning ijodi bo‘yicha tadqiqot olib borgan, “Doxunda” romanini tojik tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan.

 

6. Qayum Ramazonov – 1900-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbek pedagogi, jurnalist, teatr tanqidchisi, tilshunos. Munavvarqorining yangi usul maktabi hamda madrasada, Boku pedagogika institutida (1916-1917) o‘qib qaytgach, 1918–1921 yillarda o‘qituvchilar tayyorlash kursida va boshlang‘ich maktablarda o‘qituvchilik qilgan. Fitrat bilan birga “Chig‘atoy gurungi”ni tashkil qilgan va unda kotib bo‘lib ishlagan (1919). “Qizil bayroq” va “Turkiston” gazetalarida adabiy xodim, Fan komiteti huzuridagi Til va adabiyot institutida dotsent bo‘lib faoliyat yuritgan (1934–1937). O‘zbek maktablari uchun dastlabki ona tili darsliklarini yaratgan.

 

 

1918-yilda Fitrat va Sh.Rahimiy bilan birga “Ona tili”, “Bilim yo‘llari”, “Yozuv yo‘llari”, Munavvarqori va Sh.Zunnun bilan hamkorlikda 4 kitobdan iborat “O‘zbekcha til saboqligi”, “Yer yuzidagi tillar orasida o‘zbek tili”, “O‘zbek tilining imlo qoidalari”, “O‘zbek tilining birlashgan imlo qoidasi”, “O‘zbek tili ish kitobi”ni yaratgan.

 

7. G‘ozi Olim Yunusov – 1893-yilda Toshkentda tavallud topgan. Birinchi o‘zbek tilshunosi sifatida “O‘zbek urug‘laridan qatag‘onlar va ularning tili”, “Yuridik terminlar lug‘ati”, “O‘zbek lahjalari tasnifida bir tajriba”, “O‘zbek tili grammatikasi” kitoblarini yaratgan.

 

 

O‘zbek xalq eposi – “Alpomish” dostonining ilk tadqiqotchilaridan biri. 20–30-yillar matbuot, tilshunoslik, adabiyot, folklorshunoslikka oid dolzarb maqolalar yozgan.

 

8. Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon – 1897-yilda Andijonda tug‘ilgan. “Uyg‘onish”, “Buloqlar”, “Tong sirlari” va “Soz” she’riy to‘plamlari, o‘nlab hikoyalar, “Kecha va kunduz” romani hamda “Yorqinoy”, “Xalil farang”, “Sevgi va saltanat”, “Cho‘pon sevgisi” kabi pyesalar muallifi.

 

 

Shekspirning “Hamlet” tragediyasini o‘zbek tiliga o‘girgan. Cho‘lpon taraqqiyparvar ziyoli va zamonasinig ilg‘or shoiri sifatida Turkiston muxtoriyati madhiyasini (“Ozod turk bayrami”) ham yozgan.

 

9. Shokirjon Rahimiy – 1898-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1924-yildan Moskvada o‘zbek yoshlari uchun tashkil etilgan Buxoro maorif uyi va ishchilar fakultetida mudir bo‘lib ishlagan, 1927-yildan Toshkentda ishchi fakulteti direktori, 1928-yildan maorif instituti mudiri, so‘ng “O‘zbekiston” nashriyotida mudir bo‘lgan.

 

 

Pedagog sifatida 1919-yilda chop etilgan o‘zbek tilidagi birinchi alifbe darsligi – “Sovg‘a”ning muallifi hisoblanadi.

 

10. Otajon Hoshimov – 1905-yil Toshkentda dehqon oilasida dunyoga kelgan. O‘zbek yozuvchilarining birinchi adabiy uyushmasi – “Qizil qalam” tashkiloti rahbari, Til va adabiyot instituti direktori, Yozuvchilar uyushmasi tanqid va adabiyotshunoslik sho‘basi raisi, yangi tashkil etilgan Fanlar komiteti raisi o‘rinbosari lavozimlarida ham qizg‘in ilmiy tashkiliy faoliyat bilan shug‘ullanadi.

 

 

Uning tashabbusi bilan 2 jildli “O‘zbek folkloridan namunalar”, “O‘zbek xalq ertaklari”, “Alpomish”, “Malikai ayyor”, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotiga bag‘ishlangan ilmiy asarlar, bir qancha terminologik lug‘atlar nashr etiladi.

 

11. Ziyo Saidov – 1902-yilda Toshkentda tavallud topgan. Jurnalist, dramaturg va tanqidchi. Dastlab “Ishtirokiyun”, “Yosh Sharq” gazetalarida, “O‘zgarishchi yoshlar” jurnalida ishlagan. “Qizil O‘zbekiston” gazetasida sarkotib, “Mushtum” jurnalida muharrir, 1937-1938-yillarda O‘zbekiston radioeshittirish qo‘mitasi raisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. “Qonli kun”, “Tarix tilga kirdi”, “To‘ralik sirtmog‘i” pyesalari, ko‘plab  hajviyalar, o‘zbek dramaturgiyasi va kino san’ati muammolari tahliliga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalar muallifi. Uning “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga oid materiallar” (1870–1927) risolasi o‘zbek matbuotining shakllanish tarixini o‘rganishda muhim manbadir.

 

 12. Shohid Eson Musayev – 1884-yil Toshkentda dunyoga kelgan. Eski maktab va madrasa ta’limidan so‘ng Munavvar qori Abdurashidxonovning yoniga kirib, maktabda dars bergan. 1917–1922-yillarda Turkiyada bo‘lib, Istanbul universitetining pedagogika fakultetini bitirgan. Turkiyadan qaytgach, Toshkent viloyati muallimlar bilim yurtida ishlab, “Ko‘mak” va “Nashri maorif” tashkilotlari tadbirlarida faol ishtirok etgan. Shokirjon Rahimiy bilan birga 4 jildli “O‘zbekcha til saboqlig‘i” darsligini yozgan.

 

Guvohi bo‘lganingizdek, ular o‘zbek tili va adabiyoti, ma’naviyati jonkuyarlari, o‘z xalqini ozod va hur ko‘rishni istagan asl vatanparvarlar edi. Ular xalqni ma’naviyatga yetaklash, yoshlarni yangi usul maktablarida o‘qitish, chet ellarda malaka oshirish orqali ularning qalb ko‘zlarini ochish va zamon talabidagi mutaxassislarni tayyorlash orqali jaholatdan qutulish mumkinligini bilishardi. Ammo maqsadlariga yeta olmadilar. 1938-yil 4-oktabr tunida otib tashlandi. Ularning yulduzi erta so‘ndi... Xudoybergan Devonov 60, Fitrat 54 yoshda bo‘lsa, Qodiriy 44, Cho‘lpon 41, Otajon Hoshimov 33 yoshda edi...

 

Xoliyor SAFAROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 537
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20437
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//