Mehmonning darbadar kunlaridan rivoyatlar


Saqlash
16:51 / 30.07.2025 46 0

Mehmon

 

Chorrahada uchratdim uni, egnidagi rido va qo‘lidagi asodan bo‘lak hech vaqosi yo‘q, yuzini anduh pardasi o‘rab olgan. Avvaliga hol-ahvol so‘rashdik, so‘ng uni uyimga taklif etdim, “Menikiga marhabo, birodar, aziz mehmonim bo‘l”, dedim.

 

U menga ergashdi.

 

Ostonada bizlarni ayolim va bolalarim qarshi olishdi, mehmon oilam a’zolariga tabassum qildi, ular uyimizga mehmon kelganidan mamnun edilar.

 

Dasturxon atrofiga o‘tirdik, uning tashrifidan masrur edik, qandaydir sokinlik va sirlilik zohir edi uning chehrasida.

 

Kechki taomdan keyin gulxan qarshisida o‘tirar ekanmiz, undan darbadarlikda kechirgan sarguzashtlari haqida so‘radim.

 

O‘sha kecha ham, undan keyingi kechada ham u bizga ko‘pdan-ko‘p sarguzashtlarini so‘zlab berdi, roviy naqadar xotirjam bo‘lmasin, kamina keyinchalik qog‘ozga tushirgan rivoyatlar uning darbadar kunlari alamidan dunyoga keldi.

 

Uch kundan so‘ng u bizni tark etdi, biz bu holni mehmon uyimizdan ketganidek emas, balki oilamizdagilardan biri tashqariga chiqib, bog‘ oralab yurgan-u haligacha qaytmagani kabi qabul qildik.

 

Libos

 

Bir kuni Go‘zal va Xunuk dengiz qirg‘og‘ida uchrashib qolishdi. “Dengizga tushib cho‘milmaymizmi-a?” deyishdi ular bir-biriga.

 

Ikkovlon yechinib xo‘b cho‘mildilar. Birozdan so‘ng Xunuk qirg‘oqqa qaytdi-yu, Go‘zalning libosini egniga ilib, yo‘liga ravona bo‘ldi.

 

Go‘zal ham suvdan chiqdi, zehn solib qarasa liboslari yo‘q, yalang‘ochligidan hayo qilib, noiloj Xunukning ust-boshiga o‘randi va yo‘liga ravona bo‘ldi.

 

O‘sha kundan buyon erkag-u ayol ikkovini nuqul adashtirib yurarmish.

 

Ikki malika

 

Shavakis otlig‘ kentda bir shahzoda yashardi. Erkag-u ayol uni birday sevishardi. Hatto qirlardagi jonzotlar ham unga ta’zim qilish uchun har tong huzuriga kelardi. El og‘zida bo‘lsa, bu shahzodani rafiqasi aslo xushlamaydi, hatto undan nafratlanadi ham, degan gap-so‘z yurardi.

 

Kunlarning birida qo‘shni kentning malikasi Shavakis malikasini ko‘rgani keldi. Malikalar suhbat qurarkan, erlari haqida ham gap ochildi.

 

 Shavakis malikasi jo‘shib so‘z boshladi:

 

– Turmushingizga ko‘p yillar bo‘lgan esa-da, shahzodangiz bilan baxtli hayot kechirayotganingizdan ba’zan hasadim qo‘ziydi. Mening esa erimni ko‘rarga ko‘zim yo‘q.  U yakka o‘zimga tegishli bo‘lishini istardim, ammo afsus, olamdagi eng baxtsiz ayol men bo‘lsam kerak.

 

Mehmon malika unga uzoq tikilib turdi-da, so‘ngra so‘z qotdi:

 

– Dugonajon, siz shahzodangizni sevasiz – haq gap shu. Unga tashna bir ehtiros ila bog‘langansiz. Bunday hayot gulbog‘ uchun bahor yanglig‘ zarur. Ammo menga harchand achchiq qilsangiz arzir, chunki biz sassiz bir sabr ila bir-birimizga ko‘nishdan bo‘lak hech ish qilganimiz yo‘q. Ko‘plar buni baxt deb hisoblaydi.

 

Chaqin

 

O‘shanda bo‘ronli kun edi, nasroniy rohib cherkovda biqinib o‘tirardi. Uning huzuriga bir g‘ayridin ayol keldi.

 

– Men tarso emasman, – deya gap boshladi ayol. – Kamina uchun do‘zax olovidan omon qolishning biror iloji bormi?

 

Rohib ayolga bir qur nazar soldi-da, javobini bayon etdi:

 

Aslo, yo‘q! Muqaddas suv ila cho‘qintirilganlardan bo‘lak hech kimsaga jahannam olovidan omonlik berilmas!

 

Rohib so‘zini yakunlashga ulgurmasidan quloqlariga gumburlagan ovoz chalindi; tomga chaqin tushib, cherkov bir zumda alanga ichida qoldi. Shu yerlik odamlar yugurib kelib, ayolni qutqarib olishdi. Ammo rohib alanga komida jizg‘anagi chiqib, allaqachon nobud bo‘lgandi.

 

Zohid va hayvonlar

 

Bir zohid yam-yashil tepaliklar bag‘rida yolg‘iz umrguzaronlik qilardi. Ruhiyati tamiz va ko‘ngli oq edi uning. Yer yuzidagi barcha hayvonlar, ko‘kdagi jami parrandalar zohid huzuriga juft-juft bo‘lib kelar, uzoq-uzoq suhbat qurardilar. Ular zohidni jon quloqlari bilan tinglardilar, atrofida to‘planmoqdan shodlanardilar, qosh qorayib, zohid ularni shamol va o‘rmonga omonat aylab, duolari bilan kuzatib qo‘ymaguncha undan ayrilmoqni ixtiyor etmasdilar.

 

Shunday oqshomlardan birida zohid ishq haqida va’z o‘qirkan, qoplon unga savol berdi:

 

– Bizga ishq bobidan so‘z ochayotirsan, birodar. Xo‘sh, endi bizga ayt-chi, sening jufting qayerda?

 

– Kaminaning jufti yo‘q, – javob qildi zohid.

 

Shu zahoti majlisda shovqin-suron ko‘tarildi. “O‘zi hech baloni bilmas ekan, bu kishi qanday qilib bizga ishqdan va qovushmoqdan dars beradi?” deya g‘o‘ldirashdi jonzotlar. Ular zohidning xilvatgohini besas va bepisand tark etishdi.

 

O‘sha kecha zohid bo‘yrasiga yuztuban yotgancha achchiq-achchiq ko‘z yoshi qildi, ko‘ksiga mushtladi.

 

Inju

 

– Ichimda kuchli og‘riq sezyapman: og‘ir va yumaloq nimarsaday bir og‘riq, – dedi bir chig‘anoq qo‘shni chig‘anoqqa.

 

– Shukurlar bo‘lsin falakka va dengizgakim, dard degan narsa yo‘q ichimda. Sog‘lig‘im joyida, na ichimda, na tashimda biror shikoyat bor, – mag‘rurlik bilan javob qildi narigi chig‘anoq.

 

O‘sha vaqtda qisqichbaqa shu oradan o‘tib ketayotib, ularning suhbatiga guvoh bo‘ldi va ichimda ham, tashimda ham shikoyatim yo‘q degan chig‘anoqqa qarab, dedi:

 

– To‘g‘ri, sening sog‘lig‘ing joyida, ammo qo‘shning tortayotgan dard uning ichidagi go‘zal injudan darak berayotir.

 

Badan va ruh

 

Bahor havosiga ochilgan derazaning oldida bir erkak va bir ayol yonma-yon o‘tirardi.

 

– Sizni sevaman. Siz basavlatsiz, badavlatsiz, doim chiroyli kiyinib yurasiz! – dedi ayol.

 

– Seni sevaman. Go‘zal bir xayolsan, kaftda tutib bo‘lmas nimarsasan, tushlarimdagi qo‘shiqsan go‘yo, – javob qildi erkak.

 

Ammo ayol undan o‘pkalangan bo‘lib, nari surildi.

 

– Azizim, – dedi ayol, – darhol meni tinch qo‘ying. Men na bir xayol va na bir tushingizdagi nimarsa ham emasman. Ayolman men, ayolman! Kaminani jufti halol va bo‘lg‘usi bolalaringiz onasi sifatida ko‘rishingizni istardim.

 

So‘ngra erkak va ayol ayrildilar. “Afsus, yana bir orzu sarobga do‘ndi”, deb o‘yladi erkak yo‘liga ravona bo‘larkan. Ayol esa, “Odamni tush bilan ro‘yoga mengzaydigan erkakdan nimayam kutib bo‘lardi?” degancha jig‘ibiyron bo‘lib ketayotgandi.

 

Qirol

 

Sodiq qirolligi aholisi qirolga isyon o‘laroq saroy atrofini qurshab oldilar. Bir qo‘lda toj, birida aso ila shohona pillapoyalaridan tushib keldi qirol. Yuzidagi ulug‘vorlik olomonni tinchlantirdi, qirol xalqining istiqboliga chiqarak so‘z qotdi:

 

– Birodarlarim, bundan buyon mening izmimda emassiz, mana toj-u, mana aso – barini sizlarga berajakman. Kamina ham sizlarning biringiz bo‘lgay. Men-da bir insonman siz kabi, bir inson o‘laroq mulkimiz yana-da ko‘payishi uchun sizlar bilan ter to‘kmoq istayman. Bu yurtda endi qirolga hech ehtiyoj yo‘q. Dalalar-u uzumzorlarga yo‘l solaylik va yengimizni mehnat uchun shimaraylik. Faqatgina qaysi dala yoxud uzumzorga bormoqni aytsangiz bas. Alhol har biringiz qirolsiz!

 

Olomon hayratdan yoqa ushladi, qiyofalarda sassizlik hukmron edi, zero barcha noxushlikka sabab deb o‘ylaganlari qirol aso-yu tojini qo‘shqo‘llab xalqqa topshirib, o‘zi ham ko‘zlari o‘ngida ulardan biriga do‘ngandi.

 

So‘ng hamma o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi, qirol ham kimgadir ergashgancha dalaga tomon yo‘l soldi.

 

Ammo Sodiq qirolligida hayot o‘nglanmoq o‘rniga battarlashdi, qirolsiz ham noxushliklar ko‘lankasi hanuz tark etmagandi o‘lkani. Xalq qirolni taxtga qaytarmoq uchun tag‘in bozorjoyda g‘ala-g‘ovur ko‘taraverdi. Yosh-u qari bir ovozda “Bizga qirol kerak” deb vovaylo qildi.

 

Qirolni izlashga tushdilar va qay bir dalada javlon urayotganida topdilar; taxtiga qayta o‘tqizib, toj-u asosini qayta qo‘liga tutqazdilar va dedilarki:

 

– Alhol bizni qudrat va adolat ila boshqarsangiz!

 

– Qudrat ila boshqarmog‘im shaksiz, inchunin, yer-u samo tangrilari madadkorim bo‘lsa, xalqimni adolat ila ham boshqargayman, – javob qildi Qirol.

 

Bir kuni uning huzuriga bir to‘p erkag-u ayoldan iborat olomon keldi va ularga nojo‘ya munosabatda bo‘lgan barondan shikoyat qilishdi. Shu onning o‘zida qirol baronni chaqirtirib, dedi:

 

– Bir insonning hayoti Tangrimning tarozusida boshqasiniki bilan teppa-tengdir. Shunday ekan, sen dala-yu uzumzorlaringda ter to‘kkan kishilarning izzatini bilmaganing uchun surgunga hukm qilingaysan va zinhor bu yerlarga qadamingni bosmagaysan!

 

Ertasi kuni o‘zga bir to‘p olomon kelib, tog‘lar ortida yashovchi grafinyadan, uning xalq boshiga solayotgan zulmidan arz etdilar. Shu zahoti grafinyani saroyga keltirdilar va qirol uni ham surgunga hukm qilarak, dedi:

 

– Dalalarimizda ter to‘kib, uzumzorlarimizni parvarishlaguvchilar bizday asilzodalardan avlodirlar. Bizdaylar ular pishirgan nonni paqqos tushirib, ular tayyorlagan musallasni ichishdan boshqasiga yaramaymiz. Bundan voqif bo‘lmagan ekansan, qirollikni tark etib, bu yerlardan uzoqqa gumdon bo‘lgaysan!

 

So‘ngra yana bir guruh erkag-u ayol kelib, rohib cherkovga deb g‘isht tashitgani, tosh yo‘ndirganini aytishdi va evaziga hech vaqo bermaganidan arz qilishdi. Rohibning sandig‘i siym-u zarga to‘la-yu, uning uchun mehnat qilgan avomning qursog‘i bo‘m-bo‘sh ekanidan nolidilar. Qirol tezda rohibni huzuriga chaqirtirib, dedi:

 

– Ko‘ksingda osig‘liq turgan mana bu xoch yaxshilikka yaxshilik ila javob bermoqni uqtiradi. Ammo sen birovning yaxshiligini qabul qilib, evaziga hech vaqo bermabsan. Inchunin, qirolligimizni tark etib, bu yerlarga boshqa qadam bosmaslikka mahkumsan.

 

Shunday qilib bir oy mobaynida har kuni to‘p-to‘p olomon qirol huzuriga kelaverdi arz-u dodi bilan. Shunday qilib, qirollikdan bir oy mobaynida har kuni zulmkorlar badarg‘a qilinaverdi.

 

Bu holdan hayratga tushgan Sodiq qirolligi ahlining yuraklari kunba-kun quvonchga to‘lib borardi.

 

Bir kuni yosh-u qari saroy atrofida to‘planib, oliy hazratni chaqirdilar. Qirol bir qo‘lida toj, boshqasida aso tutgancha xalqiga peshvoz chiqdi va dedi:

 

– Alhol nima istaysiz mendan? Istasangiz, o‘zingiz kaminaga topshirgan toj-u taxtni qaytarib berayin.

 

– Yo‘q-yo‘q, siz adolatli qirolimizsiz. Yerimizni zararkunandalardan forig‘ etdingiz, qashqirlarni quvg‘in qilib, kunini ko‘rsatdingiz, rahmatimizni izhor etgali sizga bag‘rimizni ochmoqdamiz. Toj ko‘rkamligi ila sizningdir, aso ulug‘vorligi ila sizningdir, olampanoh, – deya gurros shovqin soldi olomon.

 

– Zinhor, men emas. Siz o‘zingiz qirolsiz. Siz meni bir zaif va johil qirol o‘laroq ko‘rganingizda, aslida o‘zingiz zaif va johil edingiz. Alhol o‘lkamizning ahvoli durust, chunki bu sizning irodangiz. Kamina sizlarning zehningizdagi bir tushunchaman, xolos. Aslida, sizning irodangiz ila tirikman. Bunda biror rahnamo kimsaning o‘zi yo‘q. O‘zlariga bir rahnamo istagan yo‘lovchilargina bor, – deya oqilona javob qildi qirol.

 

Qirol ko‘nglida kechganini aytib, bir qo‘lida toj, birida aso bilan saroyiga qaytib kirdi.

 

Yosh-u qari kelgan yo‘llariga ravona bo‘ldilar, har kimsaning og‘zi qulog‘ida edi. Har kas o‘zini bir qo‘lda toj-u, birida aso tutgan qirol his etardi go‘yo.

 

Qirg‘oqda

 

Bir kishi yonidagi kimsaga so‘z qotdi:

 

– Ko‘p zamonlar oldin, dengiz to‘lqinlari yuqorilagan chog‘da, hassamning uchi ila qum sirtiga bir misra bitgandim. To hanuz kimsalar kaminaning bitganini o‘qimoq uchun oyoq ilib o‘tarlar va bitikni o‘chirib yubormaslik uchun oyoq uchida yurarlar.

 

– Men-da qum sirtiga bir misra bitgandim, ammo unda dengiz to‘lqinlari pastlagan edikim, buyuk nahrning to‘lqinlari yozganimdan asar ham qoldirgani yo‘q, – dedi yonidagi kimsa. – Sir bo‘lmasa, siz nima deb yozgan edingiz?

 

“Men tanhoman” deb yozgandim, – dedi birinchi kishi. – Xo‘sh, o‘zlari nima bitgandilar?

 

 – “Men shu ulkan nahrning bir tomchisiman, xolos” deb yozgandim, –
javob qildi ikkinchi kishi. 

 

Qo‘riqchi farishtalar

 

Bir oqshom ikki farishta kent darvozasi oldida to‘qnash keldilar, ko‘rishdilar va gurunglasha boshladilar.

 

– Shu kunlarda nimalar bilan mashg‘ulsan, zimmangga qanday vazifa yuklandi? – so‘radi birinchi farishta.

 

– Shu desang, vodiy etagida yashovchi tushkun, gunohga botgan, ruhi so‘nik bir kishini qo‘riqlashga yollanganman. Ishontirib aytamanki, yelkamdagi vazifa juda muhim, buni eplashning o‘zi bo‘lmaydi, – javob berdi ikkinchi farishta.

 

– Heh, bundan osoni bor ekanmi? – dedi birinchi farishta. – Kamina ko‘pdan-ko‘p gunohga botganlarni ko‘rgan, ko‘p bor ularga qo‘riqchilik qilishni ham qoyillatgan. Lekin bu gal huv naridagi kulbada istiqomat qiluvchi xushfe’l bir avliyoni qo‘riqlash buyurilgan. Ishontirib aytamanki, o‘ta darajada mushkul va injiq ish mana shu.

 

– Karamsho‘rvangni qo‘ysang-chi, og‘ayni, – deya e’tiroz qildi ikkinchi farishta. – Hech zamonda avliyoni qo‘riqlash gumrohga ko‘z-quloq bo‘lishdan ham qiyin bo‘larkanmi?

 

– Qanday bedodlik bo‘ldi bu, karamsho‘rvamish-a? – tutaqib ketdi birinchi farishta. – Senga haq gapni aytyapman. Menimcha, bu yerda safsata so‘qiyotgan yolg‘iz sensan.

 

Ikki farishta bahslashib, bir-birining go‘shtini yedi; bir-birlariga avval so‘zlar bilan, keyin musht va qanotlar bilan hamla qilishdi.

 

Ikkovlon jiqqamusht bo‘lib turganda mojaro ustiga farishtaboshi kelib qoldi. Avval ularni ajratib, so‘ng so‘radi:

 

– Nega talashyapsiz? Nimani bo‘lisholmayapsiz, axir? Qo‘riqchi farishtalarning kent darvozasi oldida yoqalashayotgani naqadar xunuk ko‘rinishini bilasizmi o‘zi? Xo‘sh, so‘ylangchi, o‘rtangizdan qaysi olamushuk o‘tdi ekan?

 

Shunda ikkala farishta ham baravariga gapirishib, o‘zlariga berilgan vazifaning qiyinroq ekanini va ularning xizmati yaxshiroq e’tirof etilmog‘i lozimligini aytdilar.

 

Farishtaboshi qansharini qashlab, biroz o‘yga toldi. So‘ng qarorini bayon qildi:

 

– Birodarlar, alhol qay biringiz ko‘proq e’tirofga sazovor ish qilayotganingizni aytmoqqa ojizman. Biroq toki yelkamda tinchlikni saqlamoq va qo‘riqchilikni nazorat qilmoq mas’uliyati bor ekan, yaxshisi sizlarning vazifalaringizni almashtirib qo‘yayin, kimning ishi mushkulligini shunda o‘zingiz xulosa qilursiz. Alhol aytilgan yerga borib, ishingiz bilan mashg‘ul bo‘ling.

 

Shunday qilib farishtalar yo‘lga ravona bo‘ldi. Biroq ikkisi ham ortiga boqib, farishtaboshiga mislsiz nafrat ko‘zlari bilan qaradi. Ikkovi ham ich-ichidan shunday deyotgandi:

 

– Voy, bu farishtaboshi tushmagur! Qachon qarama biz xizmatchi farishtalarning ishini qiyinlashtirgani qiyinlashtirgan!

 

Ammo farishtaboshi joyidan jilmas, tag‘in o‘yga tolgandi.

 

– E’tiborli bo‘lish va qo‘riqchi farishtalarning nazoratida sobit turish burchimizdir, – deb qo‘ydi u ham ichida.

 

Haykal

 

Ancha zamonlar burun tog‘ bag‘rida bir kishi yashar, uning hovlisida qadim zamonlarda o‘tgan dongdor usta tomonidan yasalgan tosh haykal bor edi. O‘sha haykal tog‘lik kishining eshigi oldida yuztuban yotar, egasi unga umuman e’tibor qilmasdi.

 

Bir kuni uning eshigi oldidan shaharlik kishi o‘tib qoldi. Shaharlik zukko odam edi, yerda yotgan haykalni ko‘riboq, haykal sohibidan sotishini iltimos qildi.

 

– Bu almisoqdan qolgan palid toshni kim ham sotib olardi? – dedi sohib kulgiga olib.

 

– Haykal evaziga bir kumush tanga beraman, – dedi shaharlik.

 

Bunday taklifdan haykal sohibi garangsib, og‘zi qulog‘iga yetdi. Qanday rozi bo‘lganini o‘zi ham bilmay qoldi.

 

Haykalni filga ortib, shaharga eltdilar. Oradan oylar o‘tib, tog‘lik kishining yo‘li shaharga tushdi; ko‘chalardan o‘tib borarkan, bir do‘kon oldida to‘plangan tumonat odamni va olomon o‘rtasida tomog‘ini yirtib javrayotgan kishini ko‘rdi.

 

– Keb qoling, olam-jahondagi eng go‘zal va eng g‘aroyib haykalni tomosha qiling!  Shunday muhtasham san’at asarini ko‘rish atiga ikki kumush tanga, kep qoling!

 

Tog‘lik kishi ikki kumush tanga to‘lab, ancha ilgari o‘zi bir kumush tangaga pullagan san’at asarini ko‘rgali do‘kon ichiga kirdi.

 

Jubron Xalil Jubron

(1883–1931)

 

Ingliz tilidan Shohrux Usmonov tarjimasi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025-yil 6-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Til

17:07 / 29.07.2025 0 160
Eski turklarda “qoʻniq” madaniyati tarixi

San’at

13:07 / 25.07.2025 0 295
Dunyo xunuk edi…

Tarix

16:07 / 24.07.2025 0 291
Ozarboyjonga ekspeditsiya: shaxslar va gʻoyalar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//