Xastalik va go‘zallik o‘rtasidagi ziddiyat, insonga inson sifatida qarash zarurati, jamiyatning ajratilgan yetimlari: eronlik mashhur shoira Furug‘ Farruxzodning yagona rejissyorlik ishi – “Uy qora” hujjatli filmi to‘g‘risida.
Furug‘ Farruxzodni adabiyot ixlosmandlari yaxshi taniydi. Bir qancha she’rlari o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan. Ijodiy faoliyati forsiy nazmda alohida sahifa ochgan. Ushbu maqolada uning bir qancha xalqaro festivallarda e’tirof etilgan, she’riy, falsafiy va insonparvar yondashuvi orqali moxov kasalligi bilan og‘rigan odamlarning hayotini yorituvchi noyob hujjatli filmi haqida so‘z boradi.
“Uy qora” (“Khaneh siah ast”) 1962-yilda suratga olingan bo‘lib, Eron kinosining eng yaxshi namunalaridan biri deya e’tirof etiladi, mamlakat kino sanoatida Yangi to‘lqin harakatining boshlanishi sifatida qaraladi.
22 daqiqalik mazkur qisqa metrajli asar Tabriz shahridagi “Baba bag‘i” nomli moxovlar koloniyasida yashovchi odamlarning hayot tarzi va azob-uqubatlarini tasvirlaydi. Muallif jamiyatda qabul qilinmagan, kasalligi sabab ihotalangan insonlar oldidagi chegarani kesib o‘tadi va ana shu noestetik kartinaga she’riy ruhiyatni ham jo etadi. Furug‘ filmda moxov kasalligi bilan og‘rigan odamlarning og‘ir sharoitlarinigina emas, ularning insoniy kechinmalari, umidi va hayotga intilishini ko‘rsatadi. “Xunuklik” deb hisoblangan narsadan go‘zallikni topishga urinadi.
Moxov tekkan kishida nerv, nafas olish yo‘llari, teri va ko‘z shikastlanadi. Natijada og‘riqni his qilish xususiyati pasayib, mushaklarning kuchsizlanishi, tananing yemirilishi, qiyshayishi va boshqa og‘ir asoratlar namoyon bo‘ladi. Bu kasallik, asosan, kambag‘al qatlam orasida ko‘p uchrashi aytiladi.
Film o‘ta tabiiy – u yerdagi muhit qanday bo‘lsa, o‘z holicha ko‘rsatiladi. Intervyu yoki rejalashtirilgan postonovkalarni ko‘rmaysiz, sezmaysiz ham. Kadr ortida shoiraning she’rlari, muqaddas kitoblardan parchalar, moxov kasalligi va adolat to‘g‘risida mulohazalar yangraydi. Film davomida erkak va ayolning ovozi eshitiladi. Bittasi Furug‘, bu moxovning, ya’ni jamiyat chetlagan kishining ichki ovozi. Erkak kishining ovozi esa ilmiy, qabul qilingan narsalarni aytadi. Qaysidir ma'noda, bu ikkinchi ovoz jamiyatning moxovga – chetlangan odamga nisbatan qarashidek edi.
Film avvalida quyidagicha xitob qilinadi: “Dunyo xunuklikdan xoli emas. Agar inson undan yuz o‘girsа, yana-da ko‘proq bo‘lardi.” Ilk kadrda moxov bilan kasallangan qoshlari qop-qora ayolning oyinada o‘ziga qarab turgani aks etadi. Xastalik uni bir ko‘zidan ayirgan, yuz terilari tortishib, irigan, juda ko‘rimsiz holatga kelib qolgan. Go‘yo shu onda u o‘z chehrasidan go‘zallik izlayotgan va bundan bir lahza huzur his etayotgan edi (Bu har bir tomoshabin nigohida turlicha tushunilishi mumkin).
Keyingi kadrda maktab bolalari “Yaratganga nega shukur aytamiz?” savoliga yozilgan javoblarini o‘qishadi:
– “Ollohim, onam va otamni yaratganing uchun senga shukurlar aytaman!”
– “Senga oqqan suvlar, meva beruvchi daraxtlaring uchun shukur aytaman!”
– “Menga ishlaydigan qo‘llar berganing uchun shukur deyman!”
– “Dunyoning mo‘jizalarini ko‘ra oladigan ko‘zlar berganing uchun shukur qilaman!”
Ular eshitish uchun quloqlar, istagan joyiga borish uchun oyoqlar va barcha berilgan ne’matlar uchun minnatdor ekanliklarini aytishadi. Ahvoli tang bo‘lsa-da, boriga shukur qilishi to‘rt muchasi sog‘ odamga uyat hissini bermay qolmaydi.