Nega o‘xshash tushlar ko‘ramiz? Karl Yungning arxetiplari


Saqlash
15:06 / 29.07.2025 1785 0

Kechqurun g‘alati tush ko‘rasiz. Ertasi kuni esa do‘stingiz ham oldin shunga yaqin tush ko‘rganini aytadi. Yoki ertak va afsonalarda deyarli bir xil obrazlarni uchratasiz: yovuzlikka qarshi kurashuvchi bahodir, donolik ulashuvchi nuroniy chol yoxud mehr-shafqatli ona obrazi deyarli har bir xalqning rivoyatlarida uchraydi. Bular oddiy tasodifmi?

 

Shveysariyalik ruhshunos Karl Yung (1875–1961)  bu savollarga javob izlab, muhim nazariyaga keldi: biz hammamiz ong ostimizda bir xil “arxetiplar” – ming yillik tajriba va hikoyalardan shakllangan umumiy andozalarni olib yuramiz. Ularning izi tushlarimizda, hislarimizda va hikoyalarimizda aks etadi.

 

Yungning ta’kidlashicha, barchamiz bir xil “ichki dastur”ga egamiz. Ruhshunoslik olamini butunlay o‘zgartirib yuborgan ushbu kashfiyot bugun ham keng qo‘llanilmoqda. Mazkur maqolada shu “dastur”ning asosiy “poydevorlari” va ahamiyati haqida gaplashamiz.

 

Arxetip deganda nimani tushunish kerak?

 

Sena daryosi ustidagi ko‘priklar” – “Bridges across the Seine at Asnieres”, Vincent van Gogh (1887).

 

Avvalo, bu sirli “ichki dastur” aslida nimaligini tushunib olaylik. Arxetipni soddaroq tushuntirish uchun bir misol: telefoningizda oldindan o‘rnatilgan dasturlar mavjud. Bu dasturlar siz telefonni sotib olishingizdan avval ham bor edi. Xuddi shunday, miyamizda ham “oldindan o‘rnatilgan” andozalar mavjud. Bu andozalar shaxsiy tajribamizdan kelib chiqmaydi. Aksincha, ular ajdodlarimizdan meros qolgan umumiy xotiralardir. Masalan, “Ona” so‘zi tushunchasi butun dunyoda bir xil hissiyotlarni uyg‘otadi – himoya, mehr, g‘amxo‘rlik. Bu faqat o‘z onamiz bilangina bog‘liq bo‘lmay, balki insoniyatning umumiy tajribasidir.

 

Yung buni “jamoaviy ongsizlik” deb ataydi va bu ongsizlik shaxsiy ongsizligimizdan farqlanadi. Shaxsiy ongsizligimizda unutilgan xotiralar, bosib qo‘yilgan hissiyotlarimiz saqlanadi. Jamoaviy ongsizlikda esa butun insoniyatning umumiy andozalari nazarda tutiladi.

 

Arxetiplar universal bo‘lib, ular har qanday madaniyat va davrdagi odamlarda bir xil tarzda namoyon bo‘ladi. Shu boisdan turli xalqlarning afsonalarida o‘xshash qahramonlar va hikoyalar uchraydi.

 

Yungning to‘rtta asosiy arxetipi

 

Endi esa savol tug‘iladi: hayotimizda eng ko‘p uchraydi arxetiplar qaysilar?

 

Karl Yung insoniyat tarixini, afsonalarni va tushlarni tahlil qilib, turli arxetiplarni aniqlagan. Ularning ichida to‘rttasi borki, deyarli har bir insonning ruhiy sayohatida bosh rolni o‘ynaydi ichki dunyomizning bir tomonini ifodalaydi va shaxs sifatida shakllanishimizda chuqur iz qoldiradi.

 

Persona – bizning ijtimoiy niqobimiz