“Katta qirg‘in” davrida tanqidiy maqolalar yozgan Miyonbuzruk Solihov


Saqlash
12:40 / 22.08.2024 248 0

31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuniga bag‘ishlanadi

 

1937–1953-yillardagi “Katta qirg‘in” qatag‘on siyosati Turkistonda ham shiddat bilan ish olib bordi. Yurt va millat taraqqiyoti uchun kurash olib borgan minglab o‘zbek ziyolilarining hayotiga yakun yasadi, millat boshsiz qoldirildi.

 

Zolim bolsheviklar hukumati turkistonlik ziyolilarni jismonan mahv etoldi, xolos. Turkiston ziyolilari o‘zlarining davriy matbuot sahifalarida chop etilgan hamda erk va hurriyat g‘oyalari shundoq ufurib turgan minglab maqolalari, yuzlab asarlarida yashayverdilar. Miyon Buzruk Solihov ana shunday ziyolilarning eng peshqadam vakillaridan biri edi.

 

 

 

Miyon Buzruk Solihov

 

Miyon Buzruk Solihov 1891-yilda Toshkent shahrining Sho‘rtepa masjidining imomi Miyon Solih xonadonida dunyoga keldi (Adabiyotshunos olim Sherali Turdiyev uni 1892-yilda tug‘ilgan deb yozadi).

 

Yosh Miyon Buzruk dastlab mahallasidagi eski maktabda tahsil olib, so‘ngra Degrez mahallasidagi madrasaga o‘qishga kiradi. Uning tafakkuridagi ijtimoiy-siyosiy evrilishlar aynan ana shu madrasadagi ta’lim yillarida yuz berdi. San’atshunos olim Sirojiddin Ahmadning yozishicha Miyon Buzruk tahsil olgan yillarda madrasa talabalari orasida Qirim va Tataristondan, hatto Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyadan maxfiy keladigan adabiyotlarni o‘qish, ijtimoiy-siyosiy hayotni muhokama-mulohaza qilish an’ana tusini olgan edi. Masalan, Toshkentdagi Eshonqulidodxoh, Mirzaabdullaboy, Yunusxon podsho, Beklarbegi, Ko‘kaldosh, Xo‘ja Ahror Valiy, Baroqxon, Abulqosimxon eshon, Mirza Ahmad madrasasining talabalari va yoshroq mudarrislari o‘rtasida davr voqealariga tanqidiy baho berish va o‘zaro fikr almashish o‘zgacha tus olgan.

 

 

 

Miyon Buzruk Solihov zamondosh ziyolilar davrasida.

 

Yuz berayotgan bunday jarayon tabiiyki Miyon Buzruk Solihovning ham ong va tafakkurida katta o‘zgarish yasagan. Shu boisdan ham u madrasa ta’limini tamomlagach o‘sha davrning eng faol siyosiy birlashmasi “Sho‘royi islom” harakatiga qo‘shilib, Munavvarqorining muovini sifatida faoliyat olib bordi. Shuningdek, u 1917-yil 12–14-iyul kunlari Farg‘onada Turkistondagi ilk siyosiy partiya – “Turk adami Markaziyati”ni tuzishda faqih (islom huquqshunosi) sifatida ishtirok etdi,  “Turkiston Muxtoriyati”ni qo‘llab-quvvatladi.

 

Salimxon Tillaxonov o‘zining xotiralarida Miyon Buzruk Solihovning shaxsiyati va ijtimoiy-siyosiy faoliyati xususida to‘xtalib: “Miyon Buzrukxon “miyon”lardan bo‘lib “Miyon” familiyasi diniy tomondan e’tiborli edi, biroq bundaylar nihoyatda ozdur. “Miyon” degan familiya islom diniga ming yil to‘lg‘onidan keyin bir Imom Rabboniy degan kishi chiqib dinga ba’zi qoidalarni zamonga muvofiq o‘zgaraturg‘on diniy tarixlar va mashhur “Imom Murabboniy mujaddidi alifi soniy” so‘zi ila mashhurdir. Bu so‘zning ma’nosi “ming yildan keyin dinni yangilovchi imom Murabboniy” deganidur. Mana shul “miyon”larning barchasi shul Murabboniyga boradurlar. Miyon Buzrukxon “Turk adam markaziyati”, “Ittihod va taraqqiy” va “Milliy ittihod” tashkilotlarida ham juda jiddiy ishlar bilan shug‘ullangan, hattoki “Ittihod va taraqqiy”da Toshkentda markazning raisi bo‘lib turg‘on bo‘lsa ham ehtimoldir” deb yozgan edi.

 

Ayniqsa, Miyon Buzruk Solihovning “Ulamo” jamiyatining nashri-afkori hisoblanmish “Izhor ul-haq” jurnalidagi ishtiroki, uning nechog‘lik teran fikrli, jamiyatda bo‘layotgan voqea-hodisalarning asl mohiyatini chuqur tushunadigan inson ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Uning ushbu jurnalda “Iyqoz”, “Ad-din-u an-nasiha”, “Talon va g‘orat zarari”, “Bahoiylik harakati”, “Asafnok holat” nomli maqolalari chop etilgan. Xususan, u o‘zining “Iyqoz” nomli maqolasida: ...Afsus, afsuski xalqning rahbari va sarvari sanalgan kishilar ulamo va ulul amir nafs xususag‘a tobe’ o‘lub vazifa muboraklarining adosidin imtino‘ (bosh tortmoq) etdilar va necha turli xayoloti shaxsiya birlan islom xidmatidin ag‘moz  (yuz o‘girmoq) etdilar, ko‘z yumdilar. Buning hosili samarasi “Fasadul olimi fasadul olami” (Olimning buzilishi olamning buzilishidir – hadis) maqolincha olami islom parishon o‘lub aziz va nomuslari yirtilib hayvon qullardek adduvi din (din dushmanlari) va dushmani millatlarg‘a mut’e va munqod o‘lmakg‘a majbur o‘ldilar va hanuz o‘lmakdalar.

 

...Yo har ulamo mutaqqiniyn mutaqqiddin har qayu fandin ta’lifot va tasnifot kelturub ham asarlarini hidoyat etmadilarmu? Yo xatib va va’zlarimiz va va’z otashin nutqlar birla ajdod bobolarimizning taraqqiy va tamaddunining tabaqai oliyag‘a yetkurub shon va sharaflarin ziyod o‘lmakig‘a bois va sabab o‘lmadilarmu? Hakimu hoziq va faylasuflarimiz kimyodek asarlari ila jahonning purnur aylab maorif tuxumini (bu o‘rinda urug‘ ma’nosida) sochib ketmadilarmu?

 

Bu nechuk shum tole’durki aksar mamoliki islom (islom mamlakatlari) xususan ushbu azim hay’at o‘n ikki milliyun Turkiston musulmonlari asrlardan beri voiz, adib, hakim, rahbar, hodiylardan ajrab tilsiz, qo‘lsiz, oyog‘siz yotmakdadurlar. Va nechuk qaro baxtdurki diniy va dunyoviy hojatlarin bildirub ayb va nuqsonlarin ko‘zlariga ko‘rsatmak uchun masjidlarda qurilgan muzayyin (go‘zal, hashamatli, jimjimador) minbarlardin o‘qulgan xutba va aytulgan va’z va nasihatni xalq nari tursun muhtaram xatib va voiz ham anglamaslar va bilmaslar.

 

Va buyuk g‘aflatdurki har bir insonning zohiri va botiniy holini kamolig‘a yetkuruvchi tariqat ahli bo‘lgan ba’zi noqobil shayxlar nafsi ammoralari (yomonlikka undovchi nafs) uchun shaharma-shahar kirub turli-turli afsonalar soturlar. Va nechuk zahar og‘ush tarbiyatdurki farax fazo, ruhbaxsh ajdod muqaddasiyn asarlari bo‘lg‘on madrasalarda tafsir, hadis, usul, fiqh, axloq, adabiyot ilmlari o‘rnida asosan falsafiyot mavhumi yunoniya ta’lim berilib aziz va  noyob umrlarini zoye’ etmakdadurlar...

 

Mana bu holatlarg‘a ahli islomni tanazzul yoqasig‘a yetkurub, mahkum alayhil mavt etmish, o‘lum darvozasig‘a yetkazmish. Endi ummat marhumani bu halokatdan xalos etmak uchun birdan bir chora ulamoi oliyshonlar ta’limoti, xatabo va’z va nasihat bila, ulul amr siyosat bilan diniy va dunyoviy vazifalarin ado etub alo kalimat Alloh ul islom rivoji uchun kurashish va harakatda bo‘lmaklaridur. Shul suratda umid najot va hurriyat bordur...deb yozdi.

 

Miyon Buzrukning “Ad dinu an nasiha” nomli maqolasi ham o‘z vaqtida Turkiston musulmonlari ichida shov-shuv ko‘targan da’vatnomalardan biri bo‘ldi. Muallif ushbu maqolasida o‘zini chin taraqqiyparvar ulamo sifatida namoyon etib, xalqni diniy ilmlar bilan birga dunyoviy fanlarni ham o‘rganishga chaqirdi. Jumladan u Xudovandi Karim Qur’oni azmush shaa’nda buyurmishdurki, nastauzibillahi (Alloh bizni kechirsin), kasal va betoblarimizni qaratmak va boqturmak shar’an joiz bo‘lgani holda biror nafar ham o‘qugan tabib hoziqimiz yo‘q. Bilaks, tabib va shular jaholatlari birla xalqni nobud etmakdalar... deb yozgan holda, Turkiston ulamolarini xalqni diniy ilmlar bilan bir qatorda dunyoviy fanlarga ham da’vat etishi lozimligini urg‘uladi.

 

O‘zlarining kelib chiqishiga ko‘ra mo‘tabar nasl-nasabga mansub bo‘lmish “Miyonlar”da ilm yo‘lida xorijga safar qilish an’anasi mavjud bo‘lib, yosh Miyon Buzruk ham bu odatga ergashgan holda Istanbulga safar qiladi. Miyon Buzruk Istanbulga borib bu yerdagi dorulfununning (universitet) til-adabiyot fakultetiga o‘qishga kirib uni muvaffaqiyatli tamomlaydi. Uning o‘g‘li, O‘zbekiston SSR xalq maorifi a’lochisi Mazhar Solihovning aytishicha, Miyon Buzruk 1927-yilda Istanbul Dorulfununni bitirib, Odessa orqali Toshkentga qaytib keladi va SAGUning Sharq fakultetida o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars bera boshlaydi.

 

Alohida ta’kidlash o‘rinliki, Miyon Buzruk Solihovning Istanbuldagi tahsil yillari nihoyatda samarali bo‘ldi. Masalan, u mashhur Nuri Usmoniy kutubxonasida Fazlulloh ibn Ro‘zbexonning “Mehmonnomayi Buxoro” asarining qo‘lyozmasini topishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek u Sharafiddin Ali Yazdiyning turkiyga tarjima qilingan “Zafarnoma” asari bilan ham tanishadi. Bundan tashqari Miyon Buzruk Istanbul universitetining kutubxonasida Muhammad Rizo Ogahiyning “Firdavs ul-iqbol” asari ustida tadqiqot olib borib, keyinchalik Xolis Afandining xususiy kutubxonasidan “Tarixi Farg‘ona” nomli qo‘lyozma asarni ham topishga muvaffaq bo‘ladi.

 

Miyon Buzruk 1927–1931-yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetining Sharq fakultetida, 1931-1932-yillarda esa Tojik maorif institutida fors tili va adabiyotidan dars beradi. U 1932-yil sentyabrdan boshlab O‘zbekiston madaniy qurilish ilmiy tekshirish institutida, 1934-yildan 1935-yilning aprel oyigacha O‘zFan komiteti huzuridagi Til va adbaiyot insitutida katta ilmiy xodim sifatida mehnat faoliyatini olib boradi.

 

Bundan tashqari, Miyon Buzruk Solihov Belinskiy nomidagi Toshkent kechki pedagogika institutida, Samarqand davlat universitetida adabiyot o‘qituvchisi, 1936-yil apreldab boshlab esa Buxoro pedagogika insitutida talabalarga dars berish bilan shug‘ullandi.

 

Miyon Buzruk Solihovning ilmiy merosi nihoyatda ulkan bo‘lib, u turli xil davriy matbuot nashrlarida “O‘zbek tarixiga oid to‘rt muhim kitob” (Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali, 1927-yil 9-10-sonlar), “Adabiy til va istiloh: Eski yozuv tilida o‘zgarish” (“Sharq haqiqati” gazetasi, 1929-yil 12, 21-yanvar), “Yana lab ohangi” (“Sharq haqiqati” gazetasi, 1929-yil 26-fevral), “Mehrobdan chayon” (“Sharq haqiqati” gazetasi, 1929-yil 1-2-aprel), “Tarixda xotin-qiz” (“Yangiyo‘l” jurnali, 1928-yil 3-son), “Paranjining chiqishi” (“Yangiyo‘l” jurnali, 1928-yil 7-son), “Ijodiy yo‘limiz haqida” (“O‘zbekiston sovet adabiyoti” jurnali, 1935-yil  3-4-sonlar) nomli maqolalarni e’lon qilgan. Bundan tashqari u “O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash” (1930), “O‘zbek adabiyotida millatchilik ko‘rinishlari: qisqacha tarix” (1933), “So‘fizoda va uning ijodi haqida” (1934), “Oktabrgacha bo‘lgan o‘zbek og‘zaki adabiyoti” (1935), “O‘zbek teatr tarixi uchun materiallar” (1935) kabi muhim asarlarning ham muallifidir.

 

Miyon Buzruk Solihovning “Mehrobdan chayon” nomli maqolasi XX asr o‘zbek adabiy tanqidchiligi sohasida o‘ziga xos voqeilik hisoblanadi. U maqolada asarni adabiy, tuzilish va mafkuraviy nuqtai nazardan tahlil qilgan. Muallif maqolaning kirish qismida o‘zbek adabiyotida romanchilik an’anasi shu paytgacha mavjud bo‘lmaganini, Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani shu boisdan ham omma orasida katta e’tibor bilan o‘qilganini, roman muvaffaqqiyatli chiqqach adibning “Mehrobdan chayon” romani ham omma tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinganini yozadi.

 

Miyon Buzruk “Mehrobdan chayon” romanining “O‘tkan kunlar”dek muvafaqqiyatli chiqmaganini qayd etib o‘tadi: “Yangi ro‘mon va hikoyalarg‘a mushtoq, chanqoq bo‘lg‘on davrimizda “O‘tkan kunlar” bilan tanilg‘on Julqunboyning (Abdula Qodiriyning taxalluslaridan biri) “Mehrobdan chayon”i juda ham shoshilib kutilar edi va juda ahmiyat bilan qarshilang‘onida ko‘rildi. Chunki birinchi asarida ancha muvaffaqiyat ko‘rsatgan Julqunboydan bir necha yil so‘ngra chiqadig‘on asarning yana ham komil va go‘zal bo‘lishi kerak edi. Lekin, “Mehrobdan chayon” u istaklar – orzularg‘a javob bera olmadi”. 

 

Umuman olganda Miyon Buzruk Solihov zamonaviy romanlar uchun quyidagilar shartlar inobatga olinishi lozimligini ta’kidlaydi:

 

– Ro‘mondag‘i voqealarning chin va haqiqatg‘a o‘xshashlari. Voqealarning tuslarida sun’iylik va g‘ayritabiiylikning sezilmasligi;

 

– Ruhiy tahlil va tabiiy tasvirlarda andoza – o‘rtaliq (e’tidol) bo‘lishi, ya’ni qorong‘u bir tahlil qanday to‘g‘ri bo‘lmasa mubolag‘aliq tasvir va tahlillar ham shunday bo‘lmaydi;

 

– Ro‘monning mavzuyi bilan yaqin aloqasi bo‘lmag‘on va yoki bo‘lsa-da romanni bo‘sh yerga uzaytiradug‘on tasvir va tahlillardan saqlanmoq;

 

– Voqealarning boshdan oyoqqa to‘g‘ri, tobora kuch ola boradurg‘on ta’sir bilan sakta va arizasiz borishi, voqealarning bir-birlarig‘a bog‘lanib borishlari;

 

– Voqealarning oralarida yozuvchining hech ko‘rinmasligi, ya’ni yozuvchining o‘z tilidan izoh, ishorat va tanbehlar ko‘rsatmasligi;

 

– Ro‘monning umum ruhidan biror ibrat va darsning ochiq sezilishi.

 

Miyon Buzruk Solihov o‘zi tomonidan keltirilgan yuqoridagi tamoyillar bo‘yicha “Mehrobdan chayon” romanini tanqidiy nuqtayi nazardan tahlil qilib chiqadi.

 

Avvalo, bir jihatni qayd etish lozimki, maqolada sovet hukumati tomonidan adabiy tanqidga qo‘yilgan turli hil qoliplar ziyolilar uchun belgilab berilgan edi. Tabiiyki, Miyon Buzruk ham bu qoliplar doirasida romanni tahlil qilishga majbur bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da u o‘zining ushbu maqolasida romanga quyidagi ijobiy bahosini ham bera olgan: “Mehrobdan chayon” tus va tuzilishi jihatidan “yangi” ro‘mon sifatiga ega bo‘la oladi. Uning ba’zi muvofiq va original jihatlari bor. Mavzuyi xalqning zehnidan uzoq emas. Bu hol ro‘monning anglashimliq bo‘lishig‘a yordam etgan. Tili chuchuk (shirin), totli va jumla tuzishlari yengildir. “Safo keldingiz, bosh ustiga, alayhiga” kabi o‘zbekcha bo‘lmag‘on ta’birlari bo‘lish bilan barobar omma tiliga ancha yaqinlashg‘on bir uslub bilan yozilg‘on. “Hoy etdi, huy etdi, ikki koski to‘y etdi” kabi omma, xalq maqsadlarini o‘runliq yerlarda yopishtirib ketishi taqdirg‘a loyiq jihatlardandir. Ro‘monning qahramonlaridan Solih mahdum, Og‘acha oyim, askiyalar, qirq qizlar kabi tiplarni yaxshi ko‘rsatgan. Ularning tiplarini tabiiy demak mumkin”.

 

 

 

Miyonbuzruk Solihovning “Mehrobdan chayon” maqolasi. “Sharq haqiqati” gazetasi, 1929-yil 1-aprel soni

 

Yuqorida qayd etganimizdek, Miyon Buzruk Solihovning ushbu maqolasida davr siyosati qo‘ygan talab sabab Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanidan iloji boricha “xatolar” topishga ham majbur bo‘lgan. Masalan, muallif maqolaning bir o‘rnida Solih maxdumni riyochi, vijdonsiz, xoin, xasis, ahmoq, laqma bir kishi sifatida tanishtirib, shunday bir odamning qo‘lida va tarbiyasida Anvar kabi axloqli, vijdonli, shoir, yozuvchi, mafkurachi, saxiy, ya’ni juda ham komil bir kishi voyaga yetganligidan ajablanganligini yozgan bo‘lsa, boshqa bir o‘rinda Anvarga unashtirib qo‘yilgan Ra’noga xondan sovchi kelganda ularning takliflarini faxr bilan qabul qilganini ta’kidlaydi.

 

Biroq Miyon Buzruk Solihov Solih maxdumni qanchalik yomonlamasin uning eng avvalo muallim ekanligini negadir yozmaydi, qolaversa, xon sovchilari tomonidan olib kelingan taklifni u faxr bilan emas, balki g‘am-tashvish bilan qarshi olgan edi.

 

Nima bo‘lgan taqdirda ham Miyon Buzruk Solihovning “Mehrobdan chayon” maqolasi Abdulla Qodiriyning shu nomli romaniga yozilgan ancha puxta taqrizlardan hisoblanadi.

 

Shu bilan birga Miyon Buzruk Solihov tomonidan yozilgan hamda “Sharq haqiqati” gazetasining 1929-yilning 12 va 21-yanvar sonlarida chop etilgan “Adabiy til va istiloh” nomli maqolasi ham muhim ahamiyatga ega.

 

 

 

“Adabiy til va istiloh” maqolasi. “Sharq haqiqati” gazetasi, 1929-yil 12-yanvar soni.

 

Miyon Buzruk o‘zining ushbu maqolasida o‘zga tillardagi istiloh (atama)larni o‘zbek tiliga qabul qilish to‘g‘risida yozib: “Istilohlarni butun o‘zbekchalashdirmak mumkin emasdur. Bu yo‘lda “Chig‘atoy gurungi”ning qilib ko‘rgan tajribasi bizga yetarli darsni bergandur. Hamma istilohni arabcha va forschadan olaverish ham albatta to‘g‘ri emas. Hamma istilohni Ovro‘pa tillaridan olaverish ham to‘g‘ri bo‘lmaydir. Olinadig‘on so‘zlar juda ko‘p bo‘lg‘onig‘a ko‘ra xalqning zehniga yaqin, ohangiga mos kelmaydigan har bir so‘zni olaverish tilning xususiyatiga хalal beradi. Shu holda tilning ruh va ohangini mumkin qadar nazarda tutib, o‘rta bir yo‘l tutish lozim bo‘ladi” deb yozadi. Miyon Buzruk nazarda tutgan o‘rta yo‘l esa quyidagicha edi:

 

1) O‘zbekchaga arabcha va forschadan o‘tib, o‘zlashib ketgan istiloh so‘zlariga qarash kerak. Ulardan o‘zbekchaga singib qolg‘on va yangi tilda ham o‘run olg‘on so‘zlarni o‘z yerlarida shundoq qo‘yaverish kerak. Bu asosga ko‘ra ilm, muallim, falsafa, faylasuf, maorif, tibbiyot, tabiat, ijtimoiyot, rais, kotib, nazm, nosir, adib adabiyot, uslub, ism, fe’l, sifat, lug‘at, qomus, riyoziyot, hisob kabi anchag‘ina bo‘lg‘on so‘zlarni saqlashg‘a to‘g‘ri keladi.

 

2) Yangi istilohlar uchun omma tiliga murojaat qilish kerak. Omma tilida eski va yangi adabiy tillarga o‘tmagan juda fasih va bolig‘ so‘zlarni uchratish mumkindir.

 

3) Istilohlarni Ovro‘pa tillaridan, xususan o‘zbekcha bilan ruschadan olish kerak.

 

Bir so‘z bilan aytganda, Miyon Buzruk Solihov ushbu maqolasi orqali o‘zini tilshunoslik ilmining yetuk bilimdoni sifatida ko‘rsata olgan.

 

“O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash” nomli asari ham Miyon Buzruk Solihovning muhim asarlaridan hisoblanadi. Ushbu asar 1930-yilda nashr etilgan bo‘lib kirish, “Yozuv adabiyoti”, “Eski adabiyotda umumiy ruh”, “Tasavvuf maslagi”, “O‘rta Osiyoda tasavvuf, “Tasavvufda o‘zgarish”, “Eski adabiyotda qismlar”, “Havas adabiyotlari”, “Oltin O‘rda adabiyoti”, “Oltin O‘rda adabiyotining ma’xazi”, “Oltin O‘rda adabiyotida na’munalar”, “Chig‘atoy havas adabiyoti”, “Chig‘atoy adabiyotida sinfiy jihat”, “Havas adabiyotida mazmun”, “Shakl”, “Chig‘atoy adabiyotining o‘zbeklarga nisbati”, “Chig‘atoy havas adabiyotining o‘zbeklar davridagi holi”, “O‘zbek shevasi”, “Davrlar”, “Shayboniydan so‘ngra adabiyot”, “Buxoro amirligida”, “Ommaviy sodda adabiyot”, “Xorazmda”, “Oltin beshik davri adabiyoti”, “Ijtimoiy vaziyat va uch markaz”, “Fikriy o‘zgarish” “Oltin beshik adabiyotining kayfiyati”, “Eski adabiyotdan foydalanuv va uni eski adabiyot bilan solishdiruv” kabi jami 27 ta bobdan iboratdir.

 

 

 

“O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash” nomli asari

 

Miyon Buzruk Solihov kitobining kirish qismida asarning o‘zi tomonidan 1929-1930-yillarda universitetda o‘qigan maruzalaridan tuzilganligini, asar mavzu e’tibori ila XII asr adabiyotidan boshlab to jadidchilik adabiyotiga qadar bo‘lgan adabiy jarayonlarni qamrab olganligini yozadi. Alohida qayd etish lozimki, hali hech kim Miyon Buzrukkacha o‘zbek adabiyoti tarixiga doir bunday turdagi asarni yozmagan bo‘lib, u bu borada birinchi bo‘ldi. Bu fikrni uning o‘zi ham kitobining kirish qismida alohida qayd etib o‘tgan.

 

Miyon Buzruk jadid adabiyoti xususida yozar ekan: “Jadidizm juda sekin ochilg‘oni sababli hamda eskilikni tamom yenga olaturg‘on bir kayfiyatga ega bo‘lmag‘oni sababli eski adabiyot o‘z mavqeyini jadidizm davrida tark etmadi. Hatto jadidizm davrida eski tarzda devon yoza oladurg‘on “Muqimiy va Yusufiy, Sarjomiy kabi shoirlar bo‘ib turdilar. Har shaharda shunday eski tarz ila yozib turg‘on shoirlarni jadidizm davrida ko‘rmak mumkin edi. Muqimiy, Muhyi, Furqat, Kamiy, Akmal, Vasliy, Hajriy, Hijron kabi sonlari ellikdan oshg‘on shoirlarning jadidizm davrini ko‘rganliklarini bilamiz” deb yozgan holda, eski adabiyot oqimi 1917-yilgi oktyabr inqilobidan keyingina to‘xtaganini ta’kidlaydi.

 

Miyon Buzruk Solihov kitobining “Eski adabiyotdan foydalanu yo‘li va uni yangi adabiyot ila solishdirish” deb atalgan bobida sovetlar tomonidan siyosat o‘laroq o‘ylab topilgan proletar adabiyotda eski adabiyotdan foydalanish mumkin emasligini yozib, eski, xususan Navoiy davri adabiyoti to‘laqonli dinga suyanishini, proletar adabiyot esa dinni tanqid qilishini urg‘ulab, bu ikki adabiyot bir chiziqda kesishmasligini qayd etadi.

 

Bobning umumiy ruhidan kelib chiqqan holda aytish mumki, Miyon Buzruk Solihov eski (mumtoz) adabiyotgan suyanmasdan rivojlanishni ko‘zlagan proletar adabiyotning kelajagi yo‘q ekanligiga ishora qilgan. Miyon Buzruk bu borada haq bo‘lib, sovet davrida faqatgina odamlarning dard-u tashvishlarini, go‘zal his va tuyg‘ularini kuylagan adabiyotgina yashab qoldi, proletar adabiyot esa tarix chiqindisiga uloqtirildi.

 

Shuningdek Miyon Buzruk “eski adabiyotdan olishimiz kerak bo‘lgan hech narsa yo‘q, uni butkul taqiqlash kerak” deb qichqirayotgan bolsheviklarning iddaolariga qarshi chiqqan holda, yangi davr o‘zbek adabiyoti ijtimoiy, ruhiy, mazmun va shakl, hamda lingvistik jihatdan mumtoz adabiyotga murojaat qilishga majburdir deb ta’kidladi. 

 

Miyon Buzruk Solihovning 1935-yilda nashr etilgan “O‘zbek teatr tarixi uchun materiallar” nomli asari ham jadidchilik va undan keyingi teatr tarixi bo‘yicha o‘zida muhim ma’lumotlarni jamlagan. Muallif asarning kirish qismida “…turli mamlakat tarixida teatru hayotining inkishofi va tugallanishi ikki yo‘l bilan bo‘lib kelgan. Buning biri eskidan u mamlakatda mavjud bo‘lgan xalq sahna o‘yunlarining tadrij bilan takomil etib o‘sish yo‘li; ikkinchisi esa boshqa bir mamlakatda o‘sib tiplashgan teatrudan o‘rnak olib va uni taqlid bilan o‘z hayotiga solishtiruv va o‘zlashtiruv yo‘lidir”  deb yozgan holda Turkiston teatri birinchi yo‘lni tanlab, jadal rivojlanib borganligini qayd etib o‘tgan.

 

Muallif, ushbu maqolasida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” pyesasi o‘zbek teatr adabiyoti tarixida ulkan voqelik bo‘lganligini qayd etib, uning sahnaga olib chiqilishi osonlik bilan bo‘lmaganligini, biroq uning ijtimoiy va mafkuraviy jihatdan xalqqa bo‘lgan ta’siri ulkan bo‘lganligini yozgan.

 

Miyonbuzruk “Padarkush” teatr xususida to‘xtalar ekan: “Toshkentda 1913-yilning dekabrida boshlab “Padarkush”ni sahnaga qo‘yish uchun hozirlik ketadi. Bu to‘g‘rida toshkentlik jadid muallimlari aktiv rol o‘ynaydilar. Jumladan, professor Avloniy, Muhammadjon qori Nizomxo‘jayev, Shokirjon Rahimiy va boshqalar jiddiy kirishadilar. Bu havaskor guruh 1915-yil oxirida “Turon to‘dasi” nomini oladi” deb yozadi.

 

Toshkentlik taraqqiyparvar Abdulla Avloniyning xotirlashicha asarni sahnalashtirish jarayonida Toshkent teatr havaskorlariga tatar millatiga mansub Muhammadjarov ismli rejissyor yordam beradi. Biroq asarni sahnalashtirish ishlari oldinga yurmaydi. 1914-yilda ozarboyonlik rejissyor Aliasqar Asqarov Samarqanddan Toshkentga kelib “Padarkush” asarini sahnaga olib chiqishni o‘z zimmasiga oladi va tez orada, ya’ni 1914-yilning fevralida spektakl sahnaga qo‘yishga tayyor bo‘ladi.

 

Miyon Buzrukning yozishicha, teatr asarlari Chor imperiyasining qattiq senzurasi sabab osonlikcha sahnaga olib chiqilmagan. Jumladan u bu to‘g‘rida shunday yozadi: “Nikolay podsholik mustamlaka apparatining qarashi Turkistondagi bu jonlanishga asosan dushmancha edi. U apparat o‘z siyosatini biroz yumshatib, teatr qo‘yushg‘a ruхsat bergan esa-da, bu sohani o‘zining qattiq kontrolidan tashqarida ham qo‘ymas edi. Biroq pyesa qo‘yulmoq bo‘lganda, muzofot gubernatoriga ariza berib, maxsus ruхsat olish majburiy edi. O‘ynalishga bir marotaba ruxsat bo‘lgan pyesa yana qaytadan qo‘yulmoq bo‘lganda ham yangidan ruxsat olish kerak bo‘lurdi. Bu ruxsat olish masalasi osonlik bilan bo‘ladurg‘on oddiy muammolardan emasdi. Balki bir qancha darajani o‘tmagi lozim bo‘lg‘on chigal bir masala edi”.

 

Bundan tashqari, Chor mahkamasi teatr asarini sahnalashtirishdan oldin uni rus tiliga tarjima qilishni shart qilib qo‘ygan (Ko‘rinib turibdiki, mustamlakachi hukumat teatrning jamiyat taraqqiyotidagi roli qay darajada ekanligini juda yaxshi anglagan). Spketakl qo‘yilishi uchun ruxsat berishga mas’ul bo‘lgan shaxs o‘zining moddiy manfaatlarini ko‘zlab pora so‘rar, hatto pora asar qo‘yilishidan tushgan pulning 50% dan ortiqroqni ham tashkil qilgan. Ana shunday byurokratik talab va poraxo‘rliklar sabab ham Behbudiyning “Padarkush” asari yozilganidan ikki yil o‘tibgina sahnaga olib chiqilishiga ruxsat etilgan. Miyon Buzruk Solihov ana shunday og‘ir talablarga qaramasdan, “Padarkush”ni sahnalashtirib xalqqa namoyish eta olgan insonlarni chin qahramonlar sifatida e’tirof etgan.

 

Bir so‘z bilan aytganda, Miyon Buzruk Solihov o‘zining “O‘zbek teatr tarixi uchun materiallar” nomli asari bilan madaniyat tariximizda muhim o‘rin tutadigan Turkiston teatr san’ati tarixining bizga noma’lum bo‘lgan ko‘plab jihatlarini yoritib berdi.

 

Afsuski, “Katta qirg‘in” o‘pqoni uni ham o‘z domiga tortmasdan qolmadi. 1937-yil 7-avgustning qorong‘u tunlaridan birida NKVD jallodlari Miyon Buzruk Solihovning eshigini taqillatdilar. Shu kunning o‘zidayoq uning uyida tintuv o‘tkazilib, barcha qo‘lyozmalari olib ketildi.

 

Miyon Buzruk qamoqqa olingach O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-67, 57-58-moddalari bilan “Aksilinqilobchilik”da, Turkiston jadidlarining maxfiy tashkiloti bo‘lmish “Milliy ittihod”ning a’zosi ekanlikda ayblandi va 1937-yilning 4-oktyabrida otib tashlandi.

 

Darhaqiqat, dastlab Chor imperiyasi, undan so‘ng bolsheviklar hukumati Turkiston xalqining minglab farzandlarini vahshiylarcha yo‘q qilib yubordi. Bir paytlar butun dunyoga rahnomolik qilgan, ilm-ma’rifat chirog‘i bilan jahon osmonini yoritgan, minglab fotihlarni o‘z bag‘ridan yetishtirib bergan Turkistonning muqaddas tuprog‘i yuviqsiz oyoqlar bilan toptaldi. Bu toptalishning butun fojialariga guvoh bo‘lgan tatar shoiri Boqirg‘oniy “Turkiston viloyati gazetasi”ning  1908-yil 24-avgust kungi sonida bosilgan:

 

Ne qilursan Hoji Obzim tutsa Moskovlar yoqang,

Как ты будеш отвечат там, tutsa Moskovlar yoqang.

Sig‘mas erding keng jahona molingga mag‘rur bo‘lib,

Turmaga ham sig‘arsan, tutsa Moskovlar yoqang”,

 

deb cheksiz alam bilan o‘z she’riga nuqta qo‘ygan edi.

 

Xulosa shuki, jonimizdan ortiq bo‘lgan mustaqilligimizni asrash, g‘oyaviy  jihatdan mustahkamlash hamda “o‘gay og‘alar”imiz bir kun kelib yana qaytadan yoqamizdan tutmasligi uchun qatag‘on davrini hamda qatag‘on etilgan jadid bobolarimizning ilmiy merosini chuqur o‘rganishimiz lozimdir. Biz ana shundagina mustaqillik deb atalmish buyuk ne’matni himoya qilgan bo‘lamiz

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar

 

1)      Miyon Buzruk.  Adabiy til va istiloh: Eski yozuv tilida o‘zgarish // “Sharq haqiqati” gazetasi. 1929-yil 12-yanvar.

2)      Miyon Buzruk.  Adabiy til va istiloh: Eski yozuv tilida o‘zgarish // “Sharq haqiqati” gazetasi. 1929-yil 21-yanvar.

3)      Buzruk M. Yana lab ohangi // “Sharq haqiqati” gazetasi. 1929-yil 26-fevral.

4)      Buzruk M. “Mehrobdan chayon” // “Sharq haqiqati” gazetasi. 1929-yil 1-aprel.

5)      Buzruk M. “Mehrobdan chayon” // “Sharq haqiqati” gazetasi. 1929-yil 2-aprel.

6)      Miyon Buzruk. O‘zbek tarixiga oid to‘rt muhim kitob // “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali. 1927-yil № 9-10, 5761-betlar.

7)      Miyon Buzruk Solihov. O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash. – T.: “O‘znashr”. 1930.

8)      Miyon Buzruk Solihov. O‘zbek teatr tarixi uchun materiallar. – T.: “O‘zSSR davlat nashriyoti”. 1935.

9)      Sh.Turdiyev. Merosimizning bir sahifasi // “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi. 1989-yil 3-mart.

10)    H.To‘rayev. Miyon Buzruk ijodida tarixiy manbalar tadqiqi. – T.: “Buxoro” nashriyoti. 2015.

11)    S.Ahmedov.  Qizil mustamlaka: e’lon qilinmagan urush. – T.: Info capital Books. 2022.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 539
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20437
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//