Bir xoinlik tarixi: Ibrohimbek Laqay qanday tutilgan?


Saqlash
12:49 / 28.07.2025 1004 0

Qadim zamonlarda bir shaharda Bahrom ismli sarkarda yashagan ekan. U yurti himoyasi yo‘lida xalq orasida jasur va sadoqatli sifatlari bilan nom qozongan edi. Eng yaqin yordamchisi – Barsbek ismli yigit ich-ichidan unga hasad qilardi, sarkardaning shon-shuhratiga toqat qilolmasdi.

 

Bir kuni dushman lashkari shaharga hujum qilish arafasida ekan, Bahrom mudofaa rejasini eng ishonchli odamlari bilan muhokama qildi. Ular safida Barsbek ham bor edi.

 

Tunda, xalq uxlab yotgan paytda Barsbek dushman lageriga yashirincha borib, Bahromning rejasini sotdi. Evaziga oltin, mansab va dushman hukmdorining do‘stligiga erishdi.

 

Ertasi kuni jang boshlandi. Dushman Bahromning harakatlarini oldindan bilgandek, birin-ketin zarba berdi. Shaharning mudofaa chizig‘i yorildi, ko‘plab odamlar halok bo‘ldi. Bahrom oxirgi nafasigacha jang qildi, lekin oxir-oqibat dushman qo‘liga tushdi.

 

Ammo qiziq hol yuz berdi: dushman Barsbekni ham o‘ldirdi. Unga aytishdiki:

 

– Xoin bir kun bizga sotilsa, erta-indin bizni ham sotadi. Senga ishonib bo‘lmaydi.

 

Hikoyadan ko‘rinib turibdiki, dushman ham xoindan jirkandi, unga ishonmadi va jonini oldi. Biroq, bundan qariyb yuz yil oldin sovet hukumati Turkiston milliy istiqlolchilik harakatining yirik vakillaridan biri Ibrohimbek Laqayni tutib bergan xoinlarning nafaqat boshini silagan, balki ularga yuksak lavozim va ishonch ham bildirgan edi. Ha, SSSRda millatlarning ichidan chiqqan xoinlar doimo qadrlangan. Ibrohim Laqayning achchiq qismati bunga yaqqol misoldir. Quyida shu haqda.

 

Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘li 1889-yil Dushanbe shahridan 12 kilometr uzoqlikda Kappon daryo bo‘yidagi so‘lim Ko‘ktosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi 80 uylik Ko‘ktosh qishlog‘idagi laqay urug‘i oqsoqoli bo‘lib, amir tomonidan to‘qsabo, ya’ni polkovnik unvoni berilgandi. Chaqaboy to‘qsabo to‘rt ayolidan 6 o‘g‘il, 6 qizi ko‘rgan, Muhammad Ibrohimbek kenjasi bo‘lgan. U avvaliga maktab, so‘ng bir yarim yil davomida mahalliy madrasada saboq olgan.

 

Ibrohimbek amaldor otasi davrida qishloq to‘ylarida uloq chopib, kurash tushib, el orasida nomdor polvon degan nom chiqaradi. 1911-yil otasi vafot etgach, Hisor begi xizmatiga kiradi va 1919-yilda Hisor begi huzurida qilgan xizmatlari evaziga qorovulbegi unvonini oladi.

 

1920-yil sentyabrida Qizil armiyaning Buxoro amirligiga shiddatli hujumi oqibatida Amir Olimxon mag‘lubiyatga uchrab, Sharqiy Buxoroga, undan Afg‘onistonga chekinishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng Amir Olimxon Buxoroni bolsheviklardan ozod qilish uchun butun vakolatni Ibrohimbek Laqayga topshiradi. Afsuski, olib borilgan janglarda o‘zaro kuchlar nisbati teng emasligi natijasida Ibrohimbek Laqay aksariyat hollarda mag‘lubiyatga uchraydi. Ba’zida kichik bo‘lsa-da ma’lum g‘alabalarga ham erishgan.

 

Ibrohim Laqay 1926-yilda Afg‘onistonga qochib o‘tishga majbur bo‘ladi. “Kambag‘al dehqon” gazetasining 1926-yil 7-iyul sonida yozilishicha, Ibrohimbek shu yilning 21-iyunida Afg‘onistonga qochib o‘tgan. U Afg‘onistonda ham faol siyosiy xatti-harakatlarni olib borgan, turkistonliklarni yurtni ozod qilishga chaqirgan, xitobnomalar chop ettirib tarqata boshlaydi. Ibrohimbekning xitobnomasi “Kambag‘al dehqon” gazetasida ham chop etilgan bo‘lib, u quyidagicha edi:

 

O birodarlar! Bolshevik hokimiyati zulmi ostida qolgan qizil askarlar, ishchi va xalq. Sizga ma’lum bo‘lsinki, musulmon, rus yo boshqa millat va qavmlar, ular hokimiyatni olgandan beri yillar davomida siz Vatan, din, millat-u oilangizdan, mulkingizdan ajraldingizlar. Balki, yaqinda qalbingizni taningizdan ham ajratib olishar. Shukrki, Allohning inoyati bilan Afg‘oniston, Angliya va boshqa xorij davlatlari xotirjamligimizga keldilar. Sizni tahqir va zulmdan ozod etishga! Hokimiyat zo‘ravonliklariga qarshi kurashga bosh qo‘shing, diningizni qutqaring! Xotirjamlikni qutqaring, rizqingiz kengayadi. Sovetlardan sizga yaxshilik yo‘q! Ular faqat zulm va yo‘q qilarlar. Bu sizga eng yaxshi ma’lumdir. Shartsiz Siz kurash boshlang, hokimiyatini yo‘q qilarg‘a, o‘zingizni ozod eting va din ravnaqi uchun ularg‘a qarshi kurashga kirishing. Salom sizlarga!

 

Ibrohimbek tomonidan tarqatilgan xitobnomalar o‘z samarasini ko‘rsatdi. U o‘z atrofiga muhojirotdagi vatandoshlarni to‘plab 1930-yilda bolsheviklarga qarshi hujumga o‘tadi. Bu haqida “Sharq haqiqati” gazetasining 1930-yil 22-sentyabrda S.K. imzoli muallif tomonidan bosilgan “Ibrohimbek bandasining chegaramizga bosqini” nomli maqolada so‘z yuritilgan. Maqola nomidan yaqqol ko‘rinib turibdiki, sovet hukumati milliy istiqlolchilik kurashini olib borayotgan Ibrohimbek boshchiligidagi jasur yigitlarni shunchaki o‘g‘ri va qaroqchilar to‘dasi sifatida tasvirlab, ularning xalq orasidagi obro‘sini tushirishga qattiq tirishgan edi.  

 

Afsuski, Ibrohimbek Laqay bolsheviklarga qarshi jiddiy kurash olib borayotgan bir paytda – 1931-yilda maslakdoshlari bilan birga qo‘lga olinadi. Bu haqida “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1931-yil 2-iyul sonida “Ibrohimbek va yordamchilarining ushlanishi” nomli kichik xabar chop etilgan. 

 

Qo‘lga olingan Ibrohimbek (1931-yil).

 

Xo‘sh, Ibrohimbek Laqayni rus bolsheviklari qo‘lga oldimi? Afsuski yo‘q! Ibrohimbekni o‘zi ozod qilishni istagan xalqning ichidan chiqqan xoinlar ushlab berdi. Bu to‘g‘ridagi batafsil ma’lumot “Yosh Turkiston” jurnalining 1936-yilgi 74-sonida bosilgan “Ibrohim Laqayli qalay tutilg‘on edi?” nomli maqolada keltirilgan. Maqola “Janay” imzosi bilan yozilgan bo‘lib, bu Mustafo Cho‘qayning taxalluslaridan biridir. 

 

Mustafo Cho‘qay maqolasining ilk sahifasi.

 

Mustafo Cho‘qay maqolasining kirish qismida: “Bundan to‘rt yarim yil avval, 1931-yil o‘rtalarida, Chaqaboy o‘g‘li Ibrohimbek Laqay tutilib qolg‘on edi. Ibrohimbek tutilg‘och Toshkentga keltirilgan va uning ochiq mahkama etilajagi, uning “baynalmilal imperalistlar” va yurt ichidagi va muhojirotdagi Turkiston millatchilaridan kimlar bilan munosabatda bo‘lg‘onlig‘i ochilib e’lon etilajak deb kutilgan edi. Ish bu kutilgani kabi bo‘lmadi. Ibrohimbek Toshkentga keltirilganidan so‘ng, sudi Toshkentday jim-jit bo‘lib ketdi. Ortiq na Moskov va na Turkiston gazetalari uning haqida bahs etdilar. Ibrohimbek va uningla birga tutilg‘on yo‘ldoshlari ustida har qanday bir shaklda mahkama (sud) yuritildimi?  Bu ham anglashilmadi. Faqat aniq bo‘lg‘on bir nuqta bo‘lsa, u ham Ibrohimbekning bolsheviklar tarafidan o‘ldirilganligidir…”, degan holda “bosmachiliq” harakatlari to‘g‘risida yozilgan bolsheviklar matbuotida Ibrohimbekka keng o‘rin berilgani, biroq unda aytilgan gaplarning aksariyati yolg‘on va safsatadan iboratligini qayd etib o‘tadi.

 

Mustafo Cho‘qay garchi bolshevistik matbuotda bosilayotgan Turkistondagi milliy istiqlolchilik harakati to‘g‘risidagi maqolalarning aksariyati yolg‘on va bo‘htondan iboratligini ta’kidlasa-da, biroq Ibrohimbek Laqayni tutib bergan shaxslar to‘g‘risidagi e’tiroflar rost va chinligiga iymoni komilligini urg‘ulab, “Известия” gazetasining 1935-yil 29-noyabr, 277-sonida chop etilgan Muqim Sulton o‘g‘lining xotiralaridan iqtiboslar keltiradi.

 

Xo‘sh, Muqim Sulton o‘g‘li o‘zi kim edi?

 

Muqim Sultonov 1894-yilda Buxoro amirligiga qarashli Karki qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1912–1917-yillarda Karki boylari – Kandunboy va Shaymardonqulboyga xizmat qilgan. 1919–1921-yillarda Termiz shahrida istiqomat qiluvchi karvonboshi Valinazarboyning qo‘lida aravakashlik qilgan. 1922–1924-yillarda 13-o‘qchi korpusining razvedka bo‘limida ishlagan hamda hozirgi Tojikiston hududida qo‘rboshilar ichida yurib maxfiy xodim (agent) sifatida faoliyat olib borgan.

 

Muqim Sultonov 1924-yilda Kabodiyon tumani Davlat xavfsizlik boshqarmasi (GPU) xodimi, 1936-1937-yillarda Tojikiston Qishloq xo‘jaligi xalq komissarligi huzuridagi otchilik boshqarmasining boshlig‘i, 1938–1942-yillarda Tojikiston mahalliy sanoat xalq komissari, 19421947-yillarda Tojikiston Oliy Soveti Prezidiumi raisining o‘rinbosari kabi yuksak lavozimlarda ishlagan. Endi Mustafo Cho‘qayning maqolasiga qaytsak:

 

Mustafo Cho‘qayning yozishicha mana shu Muqim Sulton o‘g‘li Moskovning “Известия” gazetasida (1935-yil 29-noyabr, 277-soni) Ibrohimbek Laqayni tutish jarayoni qanday kechganini xotira o‘laroq hikoya qilib bergan. M.Cho‘qayga ko‘ra Muqim Sulton o‘g‘lining hikoyasi quyidagichadir: “Mening hayotimda ikki baxtli kun bor. Bu baxtli kunlarimning biri tojik xalqining ashaddiy dushmani Ibrohimbekni o‘z qo‘lim bilan tutib bog‘lag‘on kunim edi (Muqimbekning umridagi ikkinchi eng baxtli kuni esa Moskovga kelgan kun emish). Men bu haqida biroz ko‘proq anglatsam deyman.

 

Muqim Sulton o‘g‘li (1894–1976).

 

Ibrohimbekning Tojikiston chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi xabar mening qishlog‘im Esonboyg‘a kelganda yozgi ekin ishlarining qizg‘in davri edi. Ibrohimbekning do‘stlari bilan ilgari daf’alarcha qarshilashg‘on edim. Men eski partizanlardan bo‘lib, inqilobning birinchi yillaridayoq vaqtimni Sharqiy Buxoroda o‘z qishloqdoshlarim va yo‘qsullar bilan birgalikda yurtimni bosmachilardan tozalash uchun ot ustida o‘tkazdim.

 

Ibrohimbekning hududni kesib o‘tgani xabarini olar-olmas, uning eng avval eskida o‘z urug‘ining ishg‘ol etgan boylar orasidan yaqin va tanishlari qolg‘on Ko‘ktosh rayoniga kelishini angladim. Mening qishlog‘im Esonboy esa Ko‘ktoshning yaqinidadir. Men o‘zimning eski kurashchan yo‘ldoshlarimdan kolxozchi Egamberdi Yo‘ldosh, Karim Alimardon o‘g‘li, Abdurahmon, Qoraxon Sardor o‘g‘li, Cho‘ta Ko‘char o‘g‘li, Gilxo‘ja Nazar o‘g‘li, Muhammad Rajab va Yormuhammad o‘g‘lilarni to‘pladim. Biz u zamon kolxozchiliqni endigina boshlag‘on edik. Biz kelajakka ishonar va o‘z tuprog‘imizni otalari otalarimizni qul qilib ishlatgan boylarg‘a bermakni istamadik.

 

1931-yilning 23-iyul kechasi (Bu sana xato bo‘lsa kerak. Chunki Ibrohimbek 23-iyun kechasi tutilg‘ondir – M.Cho‘qay) Ibrohimbek shiddatli oqadigan Kofirnixon nahri yoniga keladi-da, qayiqchilarg‘a “O‘ldiraman” deb qo‘rqitib o‘zini nahrning u tarafig‘a o‘tkazishni buyuradi. Bu xabarni menga Egamberdi Yo‘ldosh va Karim Alimardon o‘g‘illari keltirdilar. Men darhol yo‘ldoshim Gilxo‘ja Nazarga qayiqchi bo‘lib kiyinib Ibrohimbekni nahrning bu sohiliga o‘tkazishini buyurdim. Gilxo‘ja ham zimmasiga olgan vazifasini yaxshilab bajardi. Ibrohimbek bosmachilar qo‘mondoni sohib va o‘zining kotibi ila birgalikda nahrni kechdi. Gilxo‘ja nahrning shiddatli oqimini bahona qilib ularni miltiq va to‘pponchalarini qayiqning chetiga bog‘lab olishga unatdi.

 

Ibrohimbek sohilg‘a kelgach men yashiring‘on yerdan sakrab chiqib miltiqni ko‘kragiga tiradim va unga: “Ibrohimbek, endi sening ajaling yetdi. Orqangg‘a aylan. Men sening qo‘llaringni bog‘layman” dedim”. Shunday qilib Muqim Sulton o‘g‘li Ibrohimbek Laqayni tutishda jonbozlik ko‘rsatadi hamda “Sharq Napaleoni” deb atalmish buyuk Turkiston farzandini bolsheviklarning chirkin qo‘llariga topshiradi. Natijada Ibrohimbek o‘ldiriladi.

 

Albatta, sovet hukumati Muqim Sulton o‘g‘lining bu ko‘rsatgan “jasorati”ni ortig‘i bilan taqdirladi. U yuksak lavozimlardan tashqari bir marta “Lenin” ordeni, ikki marta “Qizil bayroq” ordeni, to‘rt marotaba “Sharaf belgisi” ordeni (bunaqasi SSSRda kamdan kam kuzatilgan – M.Alijonov), Tojikiston Oliy sovetining ikki faxriy yorlig‘i (Aynan mana shu faxriy yorliq Ibrohimbekni tutgani uchun maxsus taqdim etilgan – M.Alijonov), “Bosmachilarga faol qarshilik ko‘rsatgani uchun” yodgorlik nishoni va nihoyat SSSR Mudofaa xalq komissari K.Voroshilov tomonidan 1935-yilda oltin soat bilan taqdirlangan.

 

 

Muqim Sulton og‘lining keksalikdagi surati.

 

Ibrohimbekni tutishda Muqim Sulton bilan birga jonbozlik ko‘rsatgan safdoshlari ham quruq qolmagan. M.Cho‘qayning yozishicha: “Muqim Sultonning do‘stlaridan bo‘lmish Abdurahmon hozirgi kunda Ko‘ktosh rayonining ijro qo‘mitasi boshlig‘i ekan. Qoraxon esa rayon militsiya boshlig‘i, Cho‘ta Ko‘char o‘g‘li “Qahramon” kolxozining raisi, Gilxo‘ja ziroat agrono‘mi, Muhammad Rajab “Qizil bayroq” kolxozining raisi, Karim Alimardon o‘g‘li esa Ko‘ktoshdagi 41-sonli otchiliq savxo‘zining boshlig‘i o‘rinbosari ekan”.

 

Mustafo Cho‘qay o‘z maqolasini quyidagi  ogohlantiruvchi so‘zlari bilan tamomlagan: “… Muqim Sulton o‘g‘lining o‘zi so‘ylab o‘tirgan xoinligi Turkiston millatparvarlari, Turkiston ziyolilarini chuqur-chuqur o‘ylashg‘a majbur etadurg‘on hodisadir”.

 

Amerikalik yozuvchi va jurnalist Ernest Heminguey o‘z paytida “Xoinlik qilgan odamning so‘nggi manzili yolg‘izlikdir” deb yozgan edi. Biroq, buyuk yozuvchining bu so‘zlari SSSRdagi mantiqqa zid edi. Ya’ni, Ibrohimbek Laqayni tutib bergan xoinlar umrlarining oxirigacha rohat-farog‘atda, orden-u mansablarga ko‘milgan holda yashadi, yolg‘iz tashlab qo‘yilmadi.

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan manbalar:

1) “Kambagal dehqon” gazetasi. 1926-yil 7-iyul.

2) “Kambag‘al dehqon” gazetasi. 1926-yil 14-iyul.

3) “Sharq haqiqati” gazetasi. 1930-yil 16-iyun.

4) “Qizil Ozbekiston” gazetasi. 1931-yil 2-iyul.

5) “Yosh Turkiston” jurnali. 1936-yil yanvar. № 74.

6) B.Hasanov, B.Irzayev. Millatimiz fidoyilari. – T.: “Fan va ta’lim” nashriyoti. – B. 504.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

15:09 / 08.09.2025 0 98
Qutaybaga erga tegmagan turon malikasi

Ma’naviyat

15:09 / 08.09.2025 0 82
Har bir so‘zi saboq, har bir harakati dastur edi

San’at

17:09 / 05.09.2025 0 185
San’at – qurol. Bizga qanday qo‘shiqlar kerak?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//