Eski turklarda “qoʻniq” madaniyati tarixi


Saqlash
17:33 / 29.07.2025 59 0

Koʻpchilik qardoshlarimiz tilida “mehmon” soʻzi oʻrniga “qoʻnoq” deyilishi, mehmon anglami maʼnosida koʻpincha “misafir” soʻzini qoʻllaydigan Onadoʻli turklari “mehmon kutish” uchun “qoʻnoqlama” soʻzini ishlatib, ayrim oʻrinlarda mehmonga nisbatan “qoʻnuq” soʻzini qoʻllashlariga duch kelganda, bunga oʻxshash soʻzlar oʻzbekchada ham borligini, biroq kam qoʻllanilishini xayoldan oʻtkazamiz. Qoʻshni qozoq eliga yoʻlimiz tushganida bizda “mehmonxona” deb yoziladigan binolarga “qoʻnoq-uyi” deb yozilganini koʻrgach esa xayolimizdan “Biz ham tarixdan bu soʻzni ishlatib kelamiz, nega hozir foydalanmaymiz” degan oʻy oʻtadi.

 

Chekka qishloqlarda oʻtkaziladigan toʻylarda toʻy egalari mehmonlar uchun atayin qoʻnim yeri tayyorlab qoʻyishadi va bunday joylar xalq tilida “qoʻniq” deb ataladi. Ayniqsa, Chiroqchi, Koʻkdala va yana boshqa oʻnlab tumanlarimizda uzoqdan kelgan mehmonlarga toʻy egasining uyida emas, qoʻni-qoʻshnilari, qarindosh-urugʻlarinikida joy qilinib, moʻl-moʻl goʻsht, guruch, yogʻ, sabzi, ichimlik, qoʻyingki, toʻy kuni mehmonlarga nima tortiq qilinadigan boʻlsa, “qoʻniqlik” uchun shularning barchasidan bir miqdor bir miqdor ajratilib, “qoʻniqxona”ga berib yuborilishi odati bor [Nafasov 2011: 440-441].

 

“Qoʻniqchilik” toʻydan bir necha kun oldin oʻzaro kengashilib, belgilab olinadi. Negizi qadim-qadimlarga borib taqaladigan “qoʻniqchilik” orqali toʻnab qoluvchi mehmonlar bilan bogʻliq yotoq yeri masalasi hal etilgan. Yaʼni toʻy egasining uyida barcha mehmonlarga yotoq topilmasligi mumkin edi. Yurtimizning koʻp yerlarida borgan sari unutilib ketayotgan bu anʼananing negizida quyida toʻxtalib oʻtiladigandek, bizningcha, eski turklarga xos anʼana yotadi.

 

Deyarli ming-bir yarim mingyillik yozma bilgilar eski turklar – ota-bobolarimizning kundalik turmushi, xususan, “mehmon kutish” anʼanasi qanday boʻlganini kuzatish imkonini beradi. Ayniqsa, VII – VIII yuzyilliklarga tegishli Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari, eski uygʻurcha bitiklar va XI yuzyillikda yozilgan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarlaridagi bilgilar orqali oʻsha kezlarda turkiy ellar qishloq va ovullarda, shahar – kent va qoʻrgʻonlarda yashab, sezilarli bir boʻlagi koʻchmanchi chorvachi, yana bir boʻlagi esa oʻtroq, ekin-tikinchilik turmush yoʻsiniga ega boʻlganliklarini kuzata olamiz.

 

 

Chet ellik “qoʻnuq”larni kutib olayotgan eski turk beklari. VII – VIII yuzyilliklar. Afrosiyob (Samarqand) devoriy rasmlari

 

Turk xoqonligi (552-744) boshqaruvi chogʻida kunchiqari Uzoq Sharq, Oʻrxun oʻlkasi (Moʻgʻuliston), Kungay Sibir va Oltoy, kunbotari Qora dengizning terskay tomonlari, shimolda Volga-Uralboʻyi, kungay – janubda esa Amudaryo va Xurosongacha choʻzilgan ulkan kengliklarda yashagan turkiy ellar bitiktoshlar tili bilan aytganda “ev-barq” – hovlili uy va oʻtovlarda yashab, oʻz uylarida qoʻnoq – mehmon kutishni “er erdami” – insoniy fazilatlardan biri deb bilganlar [qar. Abdurahmonov, Rustamov 1982: 112; DTS 1969: 84, 176, 189]. Buni “Devonu lugʻatit turk”da qoʻnoq kutish bilan bogʻliq oʻnlab soʻz va atamalar uchrashi koʻrsatib turibdi. Quyida ulardan ayrimlarini keltirib oʻtamiz:

 

1. “Qoʻnuq – qoʻnoq (mehmon)”. Bir necha oʻrinlarda turklarning qoʻnuqsevarligiga urgʻu bergan Mahmud Koshgʻariy oʻsha kezlarda ham “elchilik” – jamiyatda buzilishlar boʻlgani, ayrim kishilar uyida mehmon kutishdan qochib, oʻz oʻtovini yiqitishgacha borgani, bu tutum el ogʻzida otasoʻzi – maqolga aylanib, aytib yurilganini quyidagicha toʻrtlikda keltirib oʻtgan:

Bardi eran qoʻnuq,

Boʻlub qutqa saqar,

Qaldi aligʻ uyuq

Koʻrub uyni yiqar.

(Mehmonga qut-baraka deb qarovchi er-mardlar oʻtib ketdi, sharpani sezsa, kirib qolmasin deb oʻtovini buzadiganlar qoldi” [Koshgʻariy 1960, I: 365].

 

“Devon”ning boshqa bir yerida esa shu toʻrtlik biroz boshqacha koʻrinishda keltirilib, birmuncha kengroq ochiqlama berilgani koʻzga tashlanadi:

Bardi eran qoʻnuq, koʻrub qutqa saqar,

Qaldi yavuz uyuq, koʻrub evni yiqar.

 

Mehmonni davlat (qut) va barakatdan sanaydiganlar oʻlib ketdi, sahrolarda koʻringan narsa-qoralarni va manzillarni belgilash uchun qoʻyilgan toshlarni koʻrib, odam deb oʻylab, u kelib qoʻnib qolmasin, deb chodirini buzuvchilargina qoldi.

 

2. “uma – uyga kelgan qoʻnoq, mehmon. Uma kelsa qut kelir – mehmon kelsa, qut kelar” – senga mehmon kelsa, u bilan birga baraka, qut, baxt keladi. Qoʻnoqni yaxshi qarshi oladilar, malol olmaydilar. Baytda shunday kelgan: Kelsa qali yarligʻ boʻlib yunchigʻ uma. Keldir anuq boʻlmish ashigʻ tutma uma – bechora, ojiz, gʻarib mehmon kelsa, hozir boʻlgan [oʻzingda boʻlgan] narsani mehmonga tezlik bilan taqdim qil, kechiktirib, beparvolik qilib mehmonga malol keltirma”.

 

Mahmud Koshgʻariy bir necha oy yursa ham bitmas-tugamas turkiy el--uluslar orasida kezib, yuzlab otasoʻzi – maqollar, oʻgit va erdamli soʻzlar yigʻar ekan, qoʻnoqchilik madaniyatiga tegishli shu kabi toʻrtliklarni ham keltirib oʻtadi:

 

Koʻrklug toʻnugʻ oʻzungga,

Tatligʻ ashigʻ adinqa,

Tutgʻil qoʻnuq agʻirligʻ,

Yazsun chavin budunqa.

 

“Koʻrkam, chiroyli toʻning oʻzinga, shirin ovqatingni boshqalarga ata; qoʻnoqlarni hurmatla, toki shuhrating el-yurtga taralsin (Chiroyli toʻningni oʻzing kiy, biroq shirin taomlaringni boshqalarga tut, mehmondoʻst boʻl, toki shuhrating olamga yoyilsin)”.

 

3. “känchliyu – xonlarning toʻylarida yoki bayramlarida (eldoshlar tomonidan) talab ketilishi uchun oʻttiz gaz yuksaklikda qilingan minoraday dasturxon”. Turkiy davlatchilikning oʻziga xos anʼanalaridan biri – elning boshi boʻlmish xoqon yoki xon tomonidan vaqti-vaqti bilan oʻz el-yurtiga osh berib, xalqning koʻnglini olish boʻlgan. Koʻpincha davlat kengashi – qurultoy oʻtkazilgan kezlarda elga osh (etli yemaklar) tortiq qilingan.

 

4. “tamgʻaliq – bir kishiga maxsus dasturxon. Aslida tamgʻaligʻ, yaʼni muhrli demakdir. Odatda xon oʻziga xos dasturxon va koʻzachani muhrlab qoʻyadi, unda bir kishiga loyiq sharob va ovqat boʻladi. Soʻngra har bir kichik koʻzacha va dasturxon tamgʻaliq deb ataladigan boʻldi. Buning maʼnosi xondan boshqa odam undan ovqat yemasligi uchun tamgʻa urilgan dasturxon demakdir”.

 

5. “boʻshugʻ, boʻshugʻ ashi – xon tomonidan oʻziga yuborilgan elchining qaytib ketishiga berilgan ijozat qogʻozi. Elchilarga berilgan tuhfaga ham bu soʻz qoʻllanadi. Bu “sufra” soʻziga oʻxshaydi. Sufraning asl maʼnosi musofir uchun qilingan taom boʻlsa ham, keyinchalik u taom yoziladigan teridan qilingan dasturxonga ham qoʻllanilgan, shuningdek, bir qarindosh oʻz qarindoshi huzuriga uzoqdan kelib, qaytish vaqtida qarindosh, yaqinlarni chaqirib beriladigan tortiqlarga ham bu soʻz qoʻllanadi. Ularga atab tayyorlangan ovqatga ham boʻshugʻ ashi deb aytiladi. Bu – ruxsat oshi demakdir”.

 

Eski turklarning toshlarda “mangulashtirilgan” qoʻnoq kutish sahnasi. VII-VIII yuzyilliklar. Moʻgʻuliston

 

 

6. “beläk – safar qiluvchi kishi oʻz yaqinlariga olib boradigan yoki biror yerdan boshqa bir yerga keltiruvchi sovgʻa, hadya”.

 

Bu soʻz turkiy tillarning ayrimlarida uchrab, oʻzbek tilida saqlanib qolmagan, deb qaraladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Onadoʻli turkchasida “belek” – tekin, sovgʻa” anglamlarida qoʻllaniladi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, oʻzbek tilida fors yoki arab tilidan kirib kelgan soʻz deb bilinadigan “palak [päläk] – osmon gumbaziga oʻxshash doira shaklidagi gul naqshlar bilan qoplangan, odatda uy devorlariga bezak uchun osib qoʻyiladigan kashtachilik buyumi”ning [OʻTIL 2008: 206] negizi bu soʻzga borib taqalmasmikan, deb qarashga undaydi. Chamasi, kelinning yangi tushib borgan kuyov uyiga “sovgʻa” oʻlaroq “palak” olib borishi shu anglamni tashuvchi eski turkcha “balak”ka borib taqaladi.

 

7. “toʻr – uyning toʻri. Toʻrga kech – toʻrga oʻt” [Koshgʻariy 1963, III: 133]. Eski turklarda yoshi ulugʻ kishilar oʻtiradigan oʻrin anglamida qoʻllanilgan bu soʻz koʻpincha qoʻnoq kelganda qoʻllanilib, mehmon uyning eng ardoqli oʻrniga oʻtqazilgan. Bugungi kunda Onadoʻli va Ozarbayjon turklari orasida unutilib, oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq, qirgʻiz, tatar, boshqird, oltoy va sibirlik turkiylar orasida saqlanib qolgan bu soʻz ushbu el-uluslarda qadriyat darajasiga koʻtarilgan.

 

Yuqorida aytib oʻtilganidek, ota-bobolarimiz uyga qoʻnoq kelganda toʻkin dasturxon bilan kutib olishni “er erdami” (insoniy fazilat) deb bilganlar. Kundalik yemaklari tongi, tushki va kechki deb atalgan turkiylarning ilk tomoqlanishi “tutgʻich – dastlabki ovqat, nonushta”, yalpi tomoqlanishi esa “kunlik yem – kundalik, kunlik oziq” deb yuritilgan [Koshgʻariy 1960, I: 422, 444; DLT 2014: 197, 210]. Shuningdek, kundalik turmushda keng tarqalgan yemakni “yavgʻan ash” (goʻshtsiz yemak, yovgʻon osh) deb atagan eski turklar qoʻnoqlar uchun “tansuq” (tansiq) yeguliklar tortiq qilishga intilganlar. Mahmud Koshgʻariy “yavgʻon osh”ga kundalik yemak deb ochiqlama berib, lazzatli yemaklarni esa “tansuq – onda-sonda duch kelinadigan yemak boʻlgani uchun tansuq osh deyish shundandir” deb urgʻu berib yozishi oʻz-oʻzidan boʻlmasa kerak [Koshgʻariy 1963, III: 44: 393; DLT 2014: 364].

 

“Devon”da “tartin – yoʻl (safar) va boshqa maqsadlarda tayyorlanadigan yegulik” deb keltirilib, asarning oʻzbekcha oʻgirmasida “oziq-ovqatni gʻamlash” deb berilgan soʻz [Koshgʻariy 1960, I: 408; DLT 2014: 188] oʻzbek tili shevalarida “tårtin qilmoq – polizdagi qovun-tarvuzni qarindosh-urugʻlariga tortiq qilmoq” anglamida saqlanib qolgan (Qashqadaryo vil., Koʻkdala t., Harduri q.).

 

Mehmon kutish, yalpi olganda, oziqlanish madaniyati eski turklarda ancha yuqori boʻlganini koʻrsatadigan bilgilarning yana biri turkiylar tiliga xos atamalardir. Uy-barqining bir boʻlagini oshxona uchun ajratib, uni “ashliq” deb atagan ota-bobolarimiz mehmon kutish va dasturxon yozish bilan bogʻliq bir necha atamalarni ishlatganlar. “Devon”da “qoʻnuqliq ev – ziyofat uyi, qoʻnoqli uy, mehmonxona” degan ibora uchraydi [Koshgʻariy 1960, I: 462; DLT 2014: 219]. Demak, eski turklar oʻtovlarda oʻz qoʻnoq – mehmonlarini kutish bilan birga, ular uchun uylarida ayri bir boʻlma (xona) ajratgan koʻrinadi. Yaqin-yaqinlargacha ham oʻzbeklarda uy-hovlining bir boʻlagini mehmonlar uchun ajratib, uni “mehmonxona”, “mehmontom” deb ataganliklari oʻsha anʼananing bir koʻrinishi boʻlsa kerak [qar. Nafasov 2011: 178].

 

Eski turk bek – amaldorlarining koʻrkamli “oʻtirish”lari. VII – VIII yuzyilliklar. Panjikent saroy devoriy rasmlari

 

Mahmud Koshgʻariy “ashliq” (oshxona) atamasiga yaqin “ashlaq” soʻzini tilimizga forschadan oʻzlashgan “dasturxon” anglamida ochiqlagan boʻlib, u bilan bogʻliq quyidagicha toʻrtlikni keltirib oʻtgan:

 

Turgʻan ulugʻ ishlaqa

Tirki urub ashlaqa

Tumlugʻ qadir qishlaqa

Qoʻzdi erig umduru.

 

U kishi ulugʻ ishlarga chidam bilan turish beradigan edi. Dasturxoni qattiq qishlarda ochiq edi, odamlarni oʻzining yaxshiliklaridan umidvor qilib tashlab ketdi” [Koshgʻariy 1963, II: 58; DLT 2014: 248]. Demak, bundan ming yillar oldin ham turkiylarda kishilarning urush-savashlarda koʻrsatgan alplik – qahramonligi, toʻgʻri soʻzliligi ulugʻlanishi bilan birga dasturxoni ochiq, toʻkin-sochin boʻlish “ulugʻ ishlar” sirasiga kiritilgan. Bunday kishilar vafot etganida eldoshlari tomonidan uzoq vaqtlargacha yaxshi soʻzlar bilan eslanib, ularga bagʻishlab toʻrtliklari bitilgan.

 

“Devon”da “tergi” soʻzi “dasturxon” deb ochiqlangan boʻlib, toʻkis dasturxon uchun esa “tergu” soʻzi qoʻllanilishiga urgʻu berilgan. “Tergi – dasturxon. Maqolda shunday kelgan “tilin tergiga tegir – shirin, yoqimli soʻz bilan kishi dasturxonga yetishadi. Bu maqol kishi oʻz fazilatini tili orqali bildirishi kerak” deb yozgan Mahmud Koshgʻariy ikkinchi soʻzga “turli ovqatlar bilan toʻla dasturxon” deb ochiqlama berib oʻtadi [Koshgʻariy 1960, I: 403-404; DLT 2014: 185-186]. Shu bilan birga, “Devon”da “tevsi” soʻzi uchrab, asarning oʻzbekcha oʻgirmasida bu soʻz “dasturxon” degan ochiqlama berilgan boʻlsa, Onadoʻli turkchasiga qilingan oʻgirmalarda esa “tepsi (patnis), sufra” koʻrinishida ochiqlangan [qar. Koshgʻariy 1960, I: 399; DLT 2014: 183]. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, rus tilidan turkiy tillarning koʻpchiligiga oʻzlashgan “patnis” (podnos) soʻzini onadoʻlilik turk qardoshlarimiz eski turkchasini “tepsi” koʻrinishida saqlab qolganlar.

 

Eski turklar jamiyatida oʻzaro uchrashib qolingan kezlarda “esanmusiz”, “esanmusan” deb soʻrashilgan boʻlib, koʻpincha, ularning iliq suhbati koʻpincha bir-birini uyiga “qoʻnoqqa chaqirish” bilan tugagan. Ham oʻz eldoshlariga, ham uzoq-yaqindan kelgan qoʻnoqlarga iliq munosabatda boʻlganlar kishilar “bagʻirsaq” (xushmuomali kishi) deb ulugʻlangan. “Devonu lugʻatit turk”da “bagʻirsaq kishi – xushmuomala, yoqimli kishi” deb ochiqlangan boʻlsa [Koshgʻariy 1960, I: 106, 460], Oʻrxun – Enasoy bitiktoshlarining koʻpchiligida bitikboshi soʻzlar “er erdami” (insoniylik fazilati) deb boshlangani koʻzga tashlanib, bu esa turkiylar jamiyatida fazilatlilik har bir kishining eng yuksak yutugʻi oʻlaroq ochiqlanganini koʻrsatadi [DTS 1969: 176].

 

Qisqasi, eski chogʻlarda boʻlsin, oʻrta asrlarda boʻlsin, turkiylarda mehmon kutish anʼanasi keng tarqalib, qadriyatga aylanishi – bu ularning turmush yoʻsinida ushbu anʼanaga ehtiyoj yuqori boʻlgani bilan bogʻliq. Yevroosiyo kengliklarida, qattiq sovuq yoki birmuncha issiq iqlimlarda yashagan turkiy elatlar uzoq-uzoqlarga choʻzilgan yoʻlchilik – safar chogʻlarida ochlik va charchoqqa duch kelib, yoʻl-yoʻlakay insonlarning yordamiga – issiq yemaklar-u, uy-oʻrinlariga muhtoj boʻlishgan. Yasham – hayotining koʻpchilik qismi yoʻlda oʻtgan turkiy ota-bobolarimiz shu tufayli “mehmon – qoʻnoq”qa ayricha ahamiyat berganlar. Shuningdek, ular “qoʻnoq”lar orqali dunyo yangiliklarida xabardor boʻlishgan.

 

Eski turk tilida qoʻllanilgan “qoʻniq kutish” madaniyatiga tegishli soʻzlar bundan ming yillar oldingi yozma adabiyotlar orqali bizgacha yetib kelgan. Bu yerda bunday soʻzlarning bir boʻlagigina keltirib oʻtildi. Ushbu soʻzlarning ayrimlari bugungi turkiy tillarda, ayniqsa, oʻzbekchada u yoki bu koʻrinishda saqlanib qolgan. Eng eski chogʻlardayoq qoʻllanilib kelgan “qoʻnmoq – oʻrinlashmoq, qoʻnmoq, joylashmoq” (tepadan quyiga tushmoq) anglamidagi feʼldan yasalgan “qoʻnuq” soʻzi deyarli barcha turkiy tillarda “qoʻnoq”, “qoʻniq” koʻrinishlarida ishlatilib kelayotgani buning bir oʻrnagi boʻlsa (ESTYA 2000: 54-56), shevalarimizdagi “qoʻniq”chilik anʼanasi esa eski turk “mehmon kutish” madaniyatining yorqin bir koʻrinishidir.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

Tarix fanlari doktori, professor

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar

Abdurahmonov Gʻ., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. Toshkent: Oʻqituvchi, 1982.

DTS – Drevnetyurkskiy slovar / Pod red. V. M. Nadelyayeva, D. M. Nasilova, E. R. Tenisheva, A. M.  Shyerbaka. L.: Nauka, 1969.

Mahmud Koshgʻariy. Turkiy soʻzlar devoni (Devonu-lugʻat it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M. Mutallibov. 3‑tom. Toshkent, 1963.

Nafasov T. Qashqadaryo oʻzbek xalq soʻzlari lugʻati. I. Toshkent: Muharrir, 2011.

OʻTIL 2008 – Oʻzbek tilining izohli lugʻati. P harfi. A. Madvaliyev tahriri ostida. Toshkent, 2008.

OʻXSHL 1971 – Oʻzbek xalq shevalari lugʻati. Masʼul muharrir Sh.Sh. Shoabdurahmonov. Toshkent: Fan, 1971.

ESTYA 2000 – Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazikov: Obshyetyurkskiye i mejtyurkskiye osnovi na bukvu ʼQʼ / Avt. sl. statey L. S. Levitskaya, A. V. Dыbo, V. I. Rassadin. M., 2000.

DLT – Kaşgarlı Mahmud. Divänü Lugatiʼt-Türk. Hazırlayanlar: Ahmet B. Ercilasun Ziyat Akkoyunlu. Ankara: TDK, 2014.

Eski turk bek – amaldorlarining koʻrkamli “oʻtirish”lari. VII – VIII yuzyilliklar. Panjikent saroy devoriy rasmlari

Chet ellik “qoʻnuq”larni kutib olayotgan eski turk beklari.

VII – VIII yuzyilliklar. Afrosiyob (Samarqand) devoriy rasmlari

Eski turklarning toshlarda “mangulashtirilgan” qoʻnoq kutish sahnasi. VII-VIII yuzyilliklar. Moʻgʻuliston

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

13:07 / 25.07.2025 0 280
Dunyo xunuk edi…

Tarix

16:07 / 24.07.2025 0 267
Ozarboyjonga ekspeditsiya: shaxslar va gʻoyalar

Adabiyot

15:07 / 24.07.2025 0 138
“Muhokamatul-lug‘atayn” yozilishi tarixi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//