Oʻtgan hafta “InBazar” brendi ostidagi doʻkon xodimining kaltaklanishi haqidagi xabarlar muhokamasi bilan yakunlandi. Xususan, ikki kun davomida birgina Telegram ijtimoiy tarmogʻida bu mavzuga oid 2 mingdan ziyod post joylangan. Oyina.uz voqealar xronologiyasini bir yerga jamladi.
Voqea nimadan boshlandi?
14-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda doʻkon ishchisi kichik xatosi sabab kaltaklangani aks etgan videolar tarqala boshladi va jamoatchilik ushbu holatni keskin qoraladi. Shu kuniyoq “InBazar” asoschisi Omatillo Xolmatov ushbu holatdan shokda ekanligi, aybdor qonun oldida javob berishini aytib, video murojaat bilan chiqdi.
Biroq voqealar shu bilan yakunlanmadi. Aksincha keskin tus oldi. Yaʼni brend asoschisining video murojaatidan koʻp oʻtmay, yosh xodimning qilgan xatosi aks etgan videoyozuv tarqala boshladi. Biroq tarmoq foydalanuvchilari har qanday holatda ham fuqaroni samosud qilish mumkin emasligini taʼkidlashdi.
Eng asosiy yangilik esa doʻkon rahbariyatining xodimga Spark avtomashinasi sovgʻa qilishi boʻldi. Ular jabrlanuvchisiga avtomashina sovgʻa qilish bilan birgalikda, ishga tiklab, lavozimini ham koʻtarishdi. Ammo koʻp oʻtmay tarmoqlarda mazkur Spark avtomashinasi doʻkon xavfsizlik (ishchisini urgan) xodimga tegishli ekanligi aytildi.
Tadbirkor mushtumzoʻr boʻlib chiqdi
Holat 1-2 video bilan tugab qolmadi. Gap shundaki ijtimoiy tarmoqlar “InBazar” asoschisining zoʻravonliklari aks etgan videolarga toʻldi. Ulardan birida tadbirkorning oʻz xodimini samosud qilgani aks etgan boʻlsa, yana birida biznesmenning ishchilarini haqoratlagan audiolari tarqaldi. Shuningdek videolaridan birida bolani kaltaklagan xodimini haqorat qilib, uni bir necha bora “isqirt” deb haqorat qilgan.
“Shu bolani hozir boʻshatamiz, bir oydan keyin ham, ikki oydan keyin ham bizdek oyligini vaqtida oladigan ishxona topa olmaydi”, – degan u.
Tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab boʻlgan videolaridan birida esa zo‘ravon tadbirkor xodimlarni itlarga gʻajitish bilan qoʻrqitadi.
“Mijozga yomon muomala qilgani uchun mazasini qochirganmiz. “Klient”ni urib qolganida ataylab “bratishka”mni olib kelgandim. Kim mijozga yomon muomala qiladigan boʻlsa, oʻzi bilan teng bolani olib kelaman. Ishxonaning oldida, hammaning oldida urib, yer qilib tashlaydi, hurmatini toʻkib. Yigirma yoshli xodim yomon muomala qilsa, yigirma yoshli it olib kelaman, gʻajib tashlaydi”, – deb qayta-qayta aytgan Omatillo Xolmatov.
Rasmiylar nima deydi?
Holat tezkor tartibda ichki ishlar organlari tomonidan nazoratga olinib, munosabat bildirildi.
“13-sentyabr kuni Sergeli tumanida joylashgan savdo majmualarining birida ishlovchi 2001-yilda tugʻilgan B.A. oʻzaro kelishmovchilik oqibatida birga ishlovchi 2006-yilda tugʻilgan M.T.ni urgan. Ushbu holat savdo majmuasining boshqa xodimi – 1998-yilda tugʻilgan X.E. tomonidan videotasvirga olingan. Biroq fuqaro M.T. mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan.
Holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) alomatlari bilan hujjat rasmiylashtirilib, qonuniy chora koʻrish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudiga yuborilgan”, deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.
Hozirda Inbazar asoschisi Omatillo Xolmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilayotgani maʼlum boʻldi.
Oqlashga urinishlar
“InBazar” brendiga oid ilk tanqidiy chiqishlar boshlangach, bir necha taniqli shaxslar tomonidan doʻkon rahbariyatini oqlashga urinishlar boʻldi. Ular orasida bokschi Bahodir Jalolov hamda bloger Abdurahmon Fozilovlar ham bor edi. Biroq ular koʻp oʻtmay oʻz sahifalaridan postlarni oʻchirib, kuzatuvchilaridan uzr soʻrashdi.
“1 soat oldin 1 ta videoni shoshib chiqarib qoʻydim. Boisi Omatilloni yaxshi tomonlarini, ehsonlarini koʻrganman. Shu uchun, bir nafargina ishchisini deb oʻzi yomon otliq boʻlmasin deb tarafini olgandim. Lekin videolarni koʻrib fikrim oʻzgardi. Odamni ichini bilmas ekansan. Men 30 ga kirgan boʻlsam, shu yoshgacha jahon chempioni ham boʻldim. Lekin hayotimda birovga qoʻl koʻtarmaganman. Qoʻl koʻtargan boʻlsam ham faqat ringda urishganman. Men zoʻravonlikka juda qarshiman”, – degan Jalolov.
Biroq hamon tadbirkorning tarafini oladiganlar ham chiqib turibdi. Xususan, taniqli aktrisa Muqaddas Saʼdullayeva ham tanqidchilarni “qoʻy”ga qiyoslagan.
Faollar nima demoqda?
Holatga birinchilardan boʻlib bloger Shahnoza Soatova munosabat bildirdi.
“Pul bu hokimiyat deb oʻylaydigan “yangi oʻzbeklar”ga va umuman hokimiyatini suiisteʼmol qiluvchi barchaga ibrat boʻlishi uchun InBazar rahbariyatiga qonuniy chora koʻrilishi kerak.
Lekin jamiyat ham oʻz pozitsiyasini bildirishi lozim – soʻzda emas, amalda. Shaxsan men “koʻcha” qonunlari bilan yashaydiganlarning biznesini qoʻllamayman – bu tarmoqdan hech nima sotib olmayman. Xuddi shuningdek, mahalliychilik qiladigan, oʻzbek tilida gaplashuvchi mijozlarni mensimaydigan va hokazo “mafkurasi qiyshiq” brendlar va muassasalarni ham jamiyat birlashib jazolashi tarafdoriman.
Ommaviy rad etilish ortidan keladigan imijga va choʻntakka zarar – eng yaxshi tiyib turuvchi vosita. Pora bilan ham, “tanish-bilish” bilan ham qutula olmaydi”, – deydi.
Yoshlarning sevimli oʻqituvchilaridan, blogerlaridan biriga aylanib ulgurgan Teacher Aʼzam esa bu holat birinchisi emasligini, tadbirkorni qamash lozimligini qayd etadi. Shuningdek u oʻzi bilan ham shunga oʻxshash voqea boʻlganini yodga oladi.
“Puli koʻp, quturgan, qudratli shaxslar ham javobgarlikka tortilishi kerak. Bu holat ham sudga oshirilishi, InBazar asoschisi ham qilgan ishi uchun javob berishi, jamoatchilik ish qanday yakunlanishi, qanchaga qamalishi-yu qancha jarimaga tortilishini koʻrishi kerak. Bu videoni yozish menga oson emas. Chunki bunaqa odamlar bilan men uchrashganman, ishlagan va bilmagan qanaqa ekanligini. Meni oʻzimda ham boʻlgan. “Seni topib, oʻldirib, yoʻq qilib yuboraman”, deganlar boʻlgan. Bu voqeani necha yildan buyon gapirmasdan yuraman. Balki ushbu holat sabab ochiqlarmiz. Hatto men ham qoʻrqqanman. Men ham IIB kelib yordam beradimi yoʻqmi deb ishonmaganman. Chunki biznesmen, puli koʻp odam boʻlsa hech kim hech narsa qilolmaydi deb oʻylaymiz”, – deydi bloger.
Holatga Rasul Kusherbayev ham 2 marotaba munosabat bildirdi va oʻzi aytib oʻtganidek ilk eʼlon qilgan posti tarmoqlaridan oʻchirib yuborildi.
“Eng taʼsir qiladigani jamoatchilikdan ishonchni qozonish uchun foydalanishdi. Bu meni qattiq xafa qildi. Dinni oʻrtaga qoʻshish, Ollohni nomini ishlatgan holda harakatlarni amalga oshirish, eʼtiqoddan foydalanib odamlar ishonchiga kirishga urinish juda ham xunuk ish. Bu dinga nisbatan ham boshqalarning fikrini oʻzgarishiga olib keladi. Shuning uchun boʻlgan voqealardan hayratda qoldim…
Shuni ayta olamanki, kim boʻlishidan qatʼiy nazar, tadbirkormi, amaldormi odamlarni samosud qilishga haqqi yoʻq. U oʻzining xodimi boʻlsa ham, agar xodim xato qilsa, jazolanishi kerak boʻlsa, qonun orqali jazolanadi. Hech qachon urushga, tepkilashga hech kimning haqqi yoʻq.
Odatda bu kabi holatda davlat idoralarida kuzatilar edi. Xususiy sektorda ham namoyon boʻlishi ishonchni chilparchin qildi. Umid qilamizki boshqa bunaqa tadbirkorlarimiz yoʻq…”, – deydi Kusherbayev.
Kamdan-kam shov-shuvlar haqida fikr bildiradigan Nurbek Alimov ham bugun jim tura olmadi. Uning fikricha, barchasiga tadbirkor aybdor. Hech kim hech narsani uyushtirmagan.
“Ayrim odamlar Inbazar temasi uyushtirilgan, kimgadir yoqmay qolgan bu odam va biznesmenni yoʻqotish uchun uyushtirilyapti bu ishlar deyishmoqda. Hamma narsani oson tushunishni istaydigan konspirologiyamiyalar koʻp, albatta.
Ularni argumentlari esa shuncha kompramat video va audiolar qayerdan paydo boʻlyapti degan savolda.
Avvalo bunga sababchi oʻsha odamni oʻzi. Har bitta narsani videoxujjatlashtirib qoʻyadigan odati bor ekan. Hattoki xodimlari undan “Jestkiy dopros” qilaveraymi deb soʻrayapti va bunga dobro olmoqda. Oʻsha videolarni menga yubor deyapti.
Bunaqa “mutniy” ishlarga qancha koʻp odam jalb qilingan boʻlsa, informatsiya tarqalib ketishi shunchalik oson boʻladi. Bu hattoki oʻz ishxonasining chatida xodimlarni soʻkib yumaloq videolar yuborgan.
Kechagi voqea bittagina emas. Bunday voqealar juda koʻp boʻlgan. Koʻplab ishdan haydalgan, kaltak yegan va umuman bu odamdan zulm koʻrgan insonlarni yuragini tub tubida yillar davomida “Al qasosul minal haq” yashagan boʻlishi mumkin.
Men oʻylaymanki, kechagi voqea shunchaki trigger edi va u internetga chiqib ommalashib ketgach, boshqa norozilar shepning darhol ikkiyuzlama munosabat bildirib, “Chestniy va adolatpesha odam” terisini yopinib olganidan larzaga kelgan.
Shu sababli oʻziga saqlab olgan yoki umuman oʻsha paytda ularning ishchi guruhidagi bor materiallarni internetga sizdirib yuborishgan. Hammasi juda oddiy. Oʻsha olovlar yonib ketishi uchun ozgina uchqun kerak edi va oʻsha uchqun kechagi “telejka” voqeasida sodir boʻlgan.
Shuning uchun, xodimlardan sadoqat sotib olishga urinish toʻgʻri ish emas. Ularni oldida hurmat ishlab topish kerak. Buning uchun esa albatta odam gʻirrom boʻlmasligi kerak”, – deydi u.
Jurnalist Aziza Qurbonova voqeaning sabablari, jamiyatdagi umumiy vaziyat, oilada yigitlarni tarbiyalashdagi xatolar haqida fikr bildirdi.
“Shu keysdan keyin ko‘p guruhlarda, aynan o‘smir bolalar, yigitlarning #me_too (ya’ni menda ham bo‘lgan, men ham guvohman) degan hikoyalarini o‘qidim, gaplashdim.
Bu holatlar hech qanday huquqiy hujjat yuritilmaydigan, yollanma ishchilar jalb qilinadigan xususiy biznesda ko‘proq uchraydi deb aytishyapti.
Biz yigitlarni “erkak bo‘l”, “terpila bo‘lma”, “sotqinlik qilma”, “chida” deb tarbiyalaydigan jamiyatmiz. Samosudlar, shaxsiyatga daxl qilishga murosasiz kurash kerakligini aytmaymiz.
Inbazarga umrim bino bo‘lib bormaganman, endiyam bormayman. Alimovning gapiga qo‘shilaman, huquq-tartibot organlari xodimlarini kaltaklaydigan bu tadbirkorga chora ko‘rishi kerak”, – deya yozgan u.
Feysbuk tarmogʻi faoli, pedagog Gulnoza Odilova pul topib, oʻzini unutadigan tadbirkorlar haqida soʻz yuritadi.
“Semizlikni qoʻy koʻtaradi”, degan maqol oʻzbeklar uchun – aynan biz uchun aytilgan boʻlsa kerak. Dunyoda shuncha yirik kompaniya va savdo markazlari bor. InBazar ularning oldida chivinchalik boʻlmasa kerak. Chet elda koʻpchilik savdo markazlari oʻzining ishchi-xodimlarini “Family” – deb ataydi. Bu iborani men Korzinkada koʻrganman. Hodimlarni bir oila sifatida koʻrish, ularga ijtimoiy paketlar, bonuslar yaratish mashhur savdo markazlarining biznes strategiyasiga kiritilgan.
Hozir odamlarni musht, doʻq- poʻpisa bilan ushlab turadigan zamon emas! Jamoada sogʻlom muhit, ishonch, yaxshi maosh va mehr-oqibat oʻz ishiga sidqidildan yondashishga olib keladi!
Toʻrt soʻm pul koʻrib oʻzidan ketgan boshliqning xodimlarga qilayotgan muomalasi, kaltagi, undan keyingi boʻgʻinning shu modelni qoʻllab xizmatchilarning shaʼni qadr-qimmatini toptashi, jismoniy zoʻravonlikni oddiy holatga keltirishi, jamiyatdagi rahbariyat va xodimlar oʻrtasidagi sogʻlom munosabatga asoslangan modellarning buzilishiga olib keladi!
Bu bozor maʼmuriyatiga sezilarli darajada yaʼni choʻntagi his etadigan summa (katta jarima, boshqa maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik) koʻrilishi kerak! Boshliqning tarqayotgan samosud videolaridan keyin jabrlanuvchi yigitchaga uzr sifatida berilgan Sparkning sariq chaqalik qiymati yoʻq”, deydi Odilova.
Mashhur rassom Habibulla Mo‘ydinov ham InBazar voqeasiga atab karikatura chizdi.
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q