Internet foydalanuvchilari “Yapona Mama” restoranlar tarmogʻini oʻzbek tilini mensimaslikda ayblab, boykot qilmoqda

Saqlash
16:47 / 18.09.2024 502 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Yapona Mama” restoranlar tarmogʻi xodimlari oʻzbek tilida gapirishni bilmasligi yoki xohlamasligi haqida xabarlar tarqaldi.

 

Jumladan, Meta (Facebook) ijtimoiy tarmogʻi foydalanuvchining yozishicha, faqat oʻzbeklar yashaydigan mahallada ochilgan “Yapona Mama” restoranida xoʻrandalar rus tilida gapirishga majbur qilingan. Garchi mijozlarining 99.9 foizi oʼzbek boʻlsa-da, ular rus tilida buyurtma berishga majbur.

 

“Oʻzbekchani bilishni xohlamaydigan va mensimaydigan rus xodimlarni qoʻyib qoʻyishgan. Mijozlar bir amallab ruscha gapirib, buyurtma berishyapti”, deb yozadi u.

 

 

Shundan soʻng barcha ijtimoiy tarmoqlarda mazkur ovqatlanish tarmogʻi oʻzbek tilini hurmat qilishi zarurligi boʻyicha postlar va izohlar yozila boshlandi.

 

“Yapona Mama” restoranlar tarmogʻi bunga munosabat bildirar ekan, bunday holat kuzatilmagani, xodimlarning aksariyati oʻzbeklar ekani, har bir mehmonga yuqori xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratilganini bildirgan.

 

“Millatimiz va xalqimizning barcha urf-odatlarini hurmat qilish bilan bir qatorda, davlat tilini ham hurmat qilib kelmoqdamiz”, deb yoziladi munosabatda.

 

 

Oʻzbek tilida gapirishga undash tarmoqning boshqa foydalanuvchilarini ham jonlantirib yubordi. Birin-ketin “Yapona Mama” restoranlar tarmogʻining ushbu joylagan munosabati ostiga oʻzbek tilini bilmagan ovqatlanish shoxobchalarini boykot qilish kerakligi haqida izohlar yozib qoldirila boshlandi.

 

Masalan, shunday izohlardan birida quyidagicha yoziladi:

 

“Boykot qilishdan maqsad bularning ishini sindirish emas. Oʻzbek tilini va oʻzbek xalqini hurmat qilsin. Bular biznesini Oʻzbekistonda qilyaptimi, demak oʻzbek tili majburiy hisoblanadi”.

 

 

Yana bir foydalanuvchi esa “Oʻzbekistonda Oʻzbek tilida soʻzlashilar ekan, har qanday inson hurmat qilgani yaxshi. Biz ham boshqa davlatlarga borganda tilini hurmat qilamiz. Hurmatga – hurmat”, – deydi.

 

 

Taʼkidlash lozim, “Yapona Mama”ning Instagramʼda joylagan oxirgi posti birinchi marta oʻzbek tilida boʻldi. Bu esa koʻpchilik foydalanuvchilar tomonidan olqishlandi.

 

Izohlarda, shuningdek, “Bon” qahvaxonalar tarmogʻi ham oʻzbek tilini mensimaslikda ayblangan va ushbu tarmoqni ham boykot qilishga chaqirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//