Vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydigan asar – “Otamdan qolgan dalalar” haqidagi eng yaxshi revyular


Saqlash
17:05 / 12.09.2024 718 0

Xabaringiz bor, yaqinda portalimiz orqali Kitoblar aro 80 kun marafonining final bosqichi o‘tkazilib, marafon yakunlandi. Yakuniy shartda ishtirokchilar Tog‘ay Murodning Otamdan qolgan dalalar romaniga revyu (yozma taqriz) yozgan edi. Hakamlar qarori bilan eng yaxshi baholangan revyulardan ayrimlarini e’lon qilamiz.

 

Ayollar yongan zamon – “Otamdan qolgan dalalar”dagi og‘riqlar

 

“Otamdan qolgan dalalar” romanining nomiyoq ajdod va avlod o‘rtasidagi vatan nomli umumiy, eskirmas, navqiron makonni yodga soladi. Asar nasrda bitilgan, o‘z yurtida ro‘shnolik ko‘rmay, qalbi iztirobda, yelkasi oftobda kuygan dehqonqullur haqida lirik qo‘shiq. Tog‘ay Murod ta’biri bilan aytganda, o‘zbek xalqiga qo‘yilgan haykal. Bir sulola timsolida ko‘rsatib berilgan xalq boshida necha zamonlar qora bulut bo‘lgan yog‘iyning millat boshiga solgan qora kunlari haqidagi marsiya.

 

Undagi Jamoliddindan boshlanib Dehqonqulgacha, hirmon boshidagi tarozibondan beshikdagi bolagacha – har bir personajning bir-birini takrorlamaydigan fojeasi bor.

 

Mutolaa davomida menga ayol hayotining fojialari dehqonqullarnikidan ko‘ra bo‘rtibroq ko‘rindi. Guljamol, Bolxin, Qumri, Oysuluvlarning rangsiz, qora mehnatga qorishib qolgan hayoti davrning naqadar kambag‘alligini, insonlarning insonlar tomonidan uyushtirilgan fojia qarshisidagi ojizligini ko‘rsatib bergan. Muxbirning ismingiz kim degan savoliga “paxta”, kasbingiz nima degan savoliga “paxtakor” deb hasrat va nafrat ohangida javob bergan Bolxin momoning 80 yil umri chanoqlarga ilinib tugayotgani zamon o‘ziga moslab olgan Dehqonqulni – o‘g‘ilni bezovta qilmaydi. O‘ziga o‘t qo‘yayotgan ayollarning ham uyida bittadan dehqonqullar bor. Chor Rossiyasi tomonidan g‘ururi, ori, o‘zligi, vatan tuyg‘usi-da falajlantirilgan dehqonqullar. Ular ota-bobolari o‘tmishda kim bo‘lganini o‘ylab ko‘rmaganlaridek, nozik xilqatning yelkasiga tushayotgan yuklar haqida o‘ylab ko‘rmaganlar, shuning sababindan paxtazorga aylantirilgan vatanning har burchida har kuni ayollar o‘zlariga o‘t qo‘yadi. Va bu fojeani yopish maqsadida nechtasiga “aqliy noqisligi” uchun o‘zini kuydirgani haqida hujjat to‘ldiriladi. Ba’zisi dehqonqullar bunga qarshilik qiladi, ba’zilari qarshilik ham qilmagandir. Xalq boshidagi sho‘rolar hukumati ularni manqurt kimsaga aylantirgan.

 

Asar o‘z yerida kun-u tun quldek mehnat qilayotgan, lekin farzandi xurmo va pamidorning farqiga bormagan, qozoni, dasturxoni “yuqoridagilar”ning qo‘li tufayli fayzsiz, bulg‘angan, dushmani xirmonini ko‘tarayotgan, jur’atsizligi, o‘zligini, g‘ururini unutgan dehqonqullar taqdiri haqida. Mustabid tuzumga quloq tutgan, tiz cho‘kkan va oqibatini ayoli, bolasi bilan birga tortgan sodda o‘zbek boshiga solingan g‘ul va bebaxtlik haqida. Vafodor qulligiga “mukofot” – 8 yilga “ketayotgan” Dehqonqulning “Men qaytib kelaman” xitobi o‘quvchiga kelajakka umid – taskin beradi.

 

Surayyo XO‘JAYEVA

 

 

 

Ilm o‘ziga e’tiborsiz inson va jamiyatlarni aslo kechirmaydi!

 

O‘zbek nasrida yasalgan va yaratilgan asarlar bor. Jamiyatdagi chirkin illat va siyosat nayranglari oddiy xalq tilidan “Otamdan qolgan dalalar”da ochib berilgan. Asarda davr fojeasi, qullik iskanjasini ifodalash uchun uchlik ramzi doimiy ishlatilgan. Boshqaruv ranglarda akslanadi: oq (paxta, billur suv, oqtuproq yer), qizil (hukumat, bayroq, quyosh), qora (ter, yer, mehnat). Asarda bosh uchlik esa Jamoliddin, Aqrab va Dehqonqul.

 

Ayol obrazlari haqida so‘zlasak, “Ketmon”ning ayoli umuman tilga olinmaydi, sharq tarixnavisligiga xos matn ostiga olingan, ammo to‘ng‘ichi Aqrab erkparvarligida onasining roli bordek. Aqrab ayolining go‘lligi bot-bot keladi, erining bosmachiligini boshda hatto bilmaydi, farqiga ham bormaydi. Bularning ichida eng ko‘p azob chekkani Dehqonqulning ayoli. Ayol avval oq va chekkabel bo‘lib, keyin og‘ir mehnatdan tovoni, yuzi, qo‘li yoriladi, nafislikdan asar ham qolmaydi. Paxta dalasi hosilga kirgan sari ayol va ro‘zg‘orning rangi siniqib boraveradi, oxiri 752 ayoldek u ham o‘ziga o‘t qo‘yadi.

 

Avlodlar ichida uchinchisi eng xavflisi. Bu avlod qullikni ozodlik, oyog‘idagi kishanni “Dilnavozim” deydi. U hamma narsadan rozi, xotini yoqib yuborilganda ham buni o‘zidan ko‘radi, sababini kengroq o‘ylamaydi. Direktor aytgandek: “Paxtazor – daftaring bo‘ladi, g‘o‘zalar husnixating bo‘ladi! Ariqdan suv ichma – paxtaga dori sepiladi!” Qizil bayroqni olib hur bo‘laman deya qul bo‘lganini bilmagan avlod tasviri bu. Paxtaning quliga aylangan avlod asar oxirida yana dalaga qaytaman deydi. Bunda muallif ozod avlod qanday bo‘ladi, savolini ochiq qoldirgan. Shlyapa olib AQSh prezidenti bilan o‘zini qiyoslagan Dehqonqul misolida aslida sovet ittifoqi solishtiriladi.

 

Go‘zalari suvga zorligini biladi-yu, oilasi unga zorligini bilmaydigan zo‘raki o‘zbak bu!

 

Bu asar yasalmagan, bu asar yaratilgan, chunki uning qahramonlari real qahramonlar edi, sotsializm misoli soxta emas, gohida qahramon tabiati juda erish tuyulsa ham, u erish qahramon emas.

 

Xulosa o‘rnida aytsak, “Otamdan qolgan dalalar” romani bizga otamizdan qolgan dalalar haqida emas, ajdodlarimizdan, bobolarimizdan qolgan og‘riqlar haqida kuylovchi mungli qo‘shiqdek. Zotan, asar tili ham ohangraboli, voqealari bugungi kun kishisiga mubolag‘adek ko‘rinsa ham!

 

Hilola NAZIROVA

 

 

 

“Otamdan qolgan dalalar” – millatning qora kunlari haqidagi hujjat

 

Inson bir tananing ichida necha ming fasl ob-havosini, tabiat hodisalarini tuyadi. Bir millat ham ibtidosidan boshlab zamonlar osha necha hodisotlarni kechib keladi. Har neki boshidan o‘tgan kundan ibrat, dars, xulosa ola bilgan xalq zabardast xalqqa, farzandlari komil, yengilmas, abadiy shaxsga aylanadi.

 

Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”i ana shunday millat boshidagi eng og‘ir, fojeiy, ommaviy qirg‘in kunlariga hujjatdek yaratilgan asar. Unda bir yuragi butun avlodning Sho‘ro tuzumi tomonidan jur‘atsiz, subutsiz, oq va qoraning farqiga bormaydigan manqurtga aylantirilish jarayoni ko‘rsatib berilgan. Bobokalonlari Jamoliddin ketmon, Aqrab qo‘rboshidek yovqur o‘tgan Dehqonqulning sovet hukumati ta‘sirida o‘zlikni unutgan bebaxt kimsaga aylanib borishi – haqiqiy inson, millat fojeasi edi.

 

Shuni ham ta’kidlash mumkinki, yozuvchi asarda ismlarni ham asarning g‘oyasiga qarab, obrazning ta’sirchanligi uchun tanlagandek. Kim, ayniqsa Aqrab qo‘rboshidek kishi o‘g‘liga Dehqonqul deb ism qo‘yadi – bu real voqelikga ziddek.

 

Jamoliddin Oqposhsho odamlari yerini, suvini “bulg‘agani” uchun ota yurtini tashlab ko‘ch ko‘tarishga majbur bo‘ldi (olomonga qo‘shilib zulmga qo‘lidan kelgancha qarshilik qiladi, albatta), Aqrab qo‘rboshi butun umr bosqinchilarga qarshi kurashib, umrini ham ayamadi. Shu oriyat, iymon-e’tiqod sohiblarining avlodi Dehqonqul ota-bobosi dushman sanagan, shu yo‘lda jon tikkan sho‘ro hukumatiga qul bo‘ldi.

 

Dehqonqul hamiyati o‘ldirilgan, o‘zlik tuyg‘usi begonalashgan, paxta ekish, chopish, terish, topshirishdan boshqa narsaga aqli yoki qurbi yetmaydigan sho‘ro davri yaratgan odamlarning tipik personaji. Sodda, mehnatkash, qo‘li ko‘ksidagi omi odamning aziyatini uning yaqinlari, avlodi chekadi. Romanda ham sho‘ro davri yaratgan dehqonqullarning ojizliklari ortidan kelib chiqqan jamiki ko‘rgulikni hayoti yakunlanish chegarasidagi nuroniydan tortib beshikdagi go‘dakgacha bo‘lgan oraliqdagi avlod vakillari yashaydi. Paxta dalasida nechta Ziyodning ustidan zahar sepilib, nechta Qumri yelkasidagi o‘ziga zig‘ircha nafi yo‘q qora mehnatga, nihoyasi ko‘rinmagan ko‘zbo‘yamachilikga dosh berolmay o‘ziga o‘t qo‘yib hayoti yakunlanadi.

 

Mansabdoridan dehqonquligacha kosasi oqarmagan, kengashlarga ijaraga olingan kostyumda boradigan xalqning dushmanini ham o‘zlaridan yasagan sho‘roning millatimiz tarixidagi “iz”ini unutmaslik uchun ham bu asarni yosh avlod uqib mutolaa qilishi kerak.

 

Malika QURBONOVA

 

 

 

Vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydigan asar

 

Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asari vaqtlar o‘tsa-da o‘zining badiiy ahamiyatini yo‘qotmaydigan asarlar sirasiga kiradi. Yozuvchi bu asarda o‘zbek xalqining mustamlaka davrlarida chekkan jabr-u jafolarini bir oila misolida, uch avlod taqdirida, har bir o‘quvchiga tushunarli, sodda so‘zlar bilan tasvirlagan. Asarda tasvirlangan voqealar xuddi ko‘z o‘ngingda sodir bo‘lganday tuyuladi. Har bir qahramonning ayanchli taqdiriga achinmay ilojing yo‘q.

 

Asardagi quyidagi jumlalar o‘sha voqeani ko‘z o‘ngingda jonlantiradi:

 

Irkit-irkit Ibodin soqov yuzlari iljaya-iljaya so‘ladi,

Irkit-irkit Ibodin soqov ko‘zlari baqraya-baqraya so‘ladi.

 

Shu devonasifat, bechoraholniki ayamagan shafqatsiz bosqinchilarga qarshi yuragingda nafrat paydo bo‘ladi. Beixtiyor yozuvchining Aqrab qo‘rboshi tilidan aytilgan so‘zlari yodga keladi: “Bosmachi demanglar, bosmachi bo‘lib qaysi yurtni bosib olibmiz, qaysi elni talon-taroj etibmiz. O‘zlari yurtimizga bostirib keldi. Yana tag‘in, bizni bosmachi deb atadi. O‘zlarining yorliqlarini peshonamizga yopishtirdi”.

 

Shundayin mard, jasur Aqrab jigitning mardona so‘zlari hech kimning oldida otdan tushmagan polkovnik Chanishevni otdan tushub hurmat ko‘rsatishiga sabab bo‘ladi.

 

Asarning asosiy qahramoni Dehqonqulning bolalik davridagi maktab o‘quvchilarining paxta terimida chekkan azob-uqubatlari tasvirlangan sahnalar yanada achinarli. Dalada samolyotga yo‘l ko‘rsatib, bayroq ko‘tarib yugurayotgan bolakay tilidan yozilgan quyidagi so‘zlarga o‘rtanmay ilojing yo‘q: “Dimog‘im shunday bir zaharda qoladi, shunday zaharda qoladi! Men kuchanib-kuchanib o‘qchiyman”.

 

Yolg‘izgina qari onasining hech narsa qila olmasligini bilib, dorilanadigan dalaga samolyotga yo‘l ko‘rsatishga yuborilgan Ziyodning fojiali o‘limi esa har qanday yurakni larzaga soladi.

 

Yozuvchi ushbu asarda Jamoliddin ketmondek haqiqiy musulmon, Aqrab jigitdek jasur o‘zbeklar avlodi bosqinchilar tomonidan qanday qilib Dehqonqulga aylantirilganini mohirona ochib bergan. Paxtadan mo‘l hosil olish Dehqonqulning o‘z oilasi, farzandlarining taqdiridan-da muhim. Hatto o‘z ayolining joniga qasd qilishi sababini anglab yetolmaydigan darajada fidokor u. Shuncha mehnatlari taqdirlanish o‘rniga “Paxta ishi” degan, butun o‘zbeklar boshiga kelgan mash’um nom bilan qamaladi va dahshatli azoblarga giriftor bo‘ladi.

 

Har bir yurtdoshimga asarni o‘qib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Chunki bu asar kitobxonning vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydi.

 

NILUFARXON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 122
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//