“Orzu-havas” ortidagi og‘riqlar


Saqlash
17:23 / 03.11.2025 26 0

“To‘y” atamasi turkiy so‘z bo‘lib, “toy” yoki “qurultoy” shaklida mo‘g‘ullar va chig‘atoy xonlari davrida ham keng qo‘llanilgan. Aksariyat ma’lumotlarda esa “to‘y” – qadim zamonlardan beri katta jamoa, yuqori martabali zodagonlar, katta hajmdagi yig‘in, cheklanmagan miqdordagi ziyofat va dabdaba bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan odatligi keltirilgan.


O‘zbek xalqi uchun, oilaviy marosimlar va urf-odatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Aslida to‘y va marosimlar xalqimizni birlashtiruvchi urf-odatlarimizdan biri sanaladi. 


To‘ylardagi  ortiqcha sarf-xarajatlar, dabdababozliklar me’yoridan oshib ketayotganligi iqtisodiy zararni keltirib chiqarayotgan bo‘lsa, o‘zbek millatiga xos bo‘lmagan, milliy qadriyatlarimiz va mentalitetimizga zid bo‘lgan hatti-xarakatlar ma’naviy me’yorlarimizga ham ta’sir ko‘rsatayotgani ayni haqiqatdir.


Aslida to‘y va marosimlarni o‘tkazish tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ortiqcha dabdababozlik ma’naviyatimiz va madaniyatimiz uchun illat ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Shariatda ham marosimlarda chegaradan chiqishning zarari borligi ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, harom-harish narsalarni tanovul qilish va gunoh ishlarni amalga oshirish, marosimga riyokorlik, kibr, manmanlik va isrofni aralashtirish, ortiqcha sarf-xarajat qilib o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zarar yetkazish marosim savobini yo‘q qiladi. 


Ulamolarimiz marosimlar haqida kelgan sha’riy qoidalarni batafsil o‘rganib va tahlil qilib, qaysi marosimlar shariatda borligini belgilab berishgan. Masalan, “Al-Insof” nomli kitobda “Odamlarni chorlab, marosim qilib beriladigan taomlar o‘ntadir” deyilgan.
Keltirilgan marosimlardan ikkitasiga alohida to‘xtalib o‘tsak:

Valiyma – kelin tushirish (nikoh to‘yi) marosimi. Nikoh to‘yini kuyov taraf kelinning sharafiga uyushtiradi. Bu xanafiy mazhabi bo‘yicha sunnat amaldir. Ushbu to‘y orqali nikoh e’lon qilinadi. To‘yga hozir bo‘lganlardan yangi oila, kelin-kuyov haqiga duolar olinadi.

Aziyra – xatna (sunnat to‘y) munosabati bilan o‘tkaziladigan marosim. O‘g‘il bolalarni xatna qildirish sunnatdir. O‘g‘il bolalarni xatna qildirish munosabati bilan kamtarona dasturxon yozilib, uning haqqiga duo olish niyati bilan o‘tkaziladi. Marosim egasi ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymasligi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.


Bugungi kunga kelib to‘y va marosimlarda kimo‘zarga bellashish, ortiqcha sarf-xarajatlar, dabdababozlik va madaniyatsizlik ummoniga g‘arq bo‘lish holatlari kundan-kunga ko‘paymoqda. Oziq-ovqatlar, turli xil noz ne’matlarni isrof qilish barobarida, quda-andalar o‘rtasida “oldi-berdi” avjiga chiqmoqda. Aslida yuqorida zikr etganimizdek, nikoh to‘yini kuyov taraf kelinning sharafiga uyushtirishi, to‘yga hozir bo‘lganlar yangi oila, kelin va kuyov haqiga duo qilishlari kerak. 


Yana bir achinarli tomoni, bo‘lajak kuyov uchun qilinayotgan sarpolar, mebellarni ko‘rib o‘ylab qolasan, kishi. Shunda haqli savol tug‘iladi, bo‘lajak  kuyovlardagi izzat-nafs, g‘urur qayda qoldi? O‘zbek yigitlari qiz tomonni ehsoniga, muruvvatiga shunchalar zormi? Yoki kuyov jo‘ralar qiz tomondan jo‘natilgan taomlarni hazm qiladigan darajaga borib qoldimi? Bu holni to‘qlikka sho‘xlik deb atasak ham xato bo‘ladi. Bu holni o‘ta madaniyatsizlik, bilimsizlik va shariat qonunlarini tushunmaslik, deb baholash mumkin.


Yaqinda sinfdosh dugonam qizini uzatdi. Oddiy oila, qishloqda istiqomat qiladi. To‘g‘risi shaharda yashab, ish, tashvish deb, qishloq to‘ylarida ishtirok etmaganimga ham ancha bo‘lgandi. 1990-1998-yillarning nikoh to‘ylari tasavvurimda qolib ketgan ekan. Ikkita sandiq, ko‘rpa-to‘shak, yangi oila uchun idish-tovoq, iloji yetsa bir dona kiyim javoni. (Buniyam mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni birgalikda amalga oshirishar edi).

Vohaning eng chekka qishlog‘idagi dabdababozlikdan boshingiz “aylanadi”. “Kuyov sarpo” (kostyum shim, sport kiyimlari, poyafzal, ko‘ylaklar, ro‘molchadan tortib, ich kiyimgacha xarid qilinar ekan), yotoq mebeli va pardalar, gilam va ko‘rpa-to‘shaklar, kuyovning o‘rtoqlari uchun 10 xildan ortiq taomni o‘z ichiga olgan “9 tovoq”, qaynona va qaynsingil uchun tilla taqinchoq, qarindoshlar uchun sovg‘a-salomlar, sarpolar, quda chaqiriq, qiz chaqiriq va hokazolar.


To‘ydan so‘ng o‘rtog‘imdan qancha sarf-xarajat ketganligini so‘radim. 70-80 million deb aytdi. Eng og‘riqli tomoni qarz va kredit olib, to‘y qilishibdi. O‘zimizni ham baholi qudrat yiqqanimiz bor edi, deydi. O‘sha yig‘ilgan pulga soddaroq qilib to‘y qilsanglar bo‘larkan, dedim. Unda orzu-havasimiz qayerda qolardi, dedi. Orzu-havas natijasi o‘laroq kelinning akasi va ukasi xorijga mardikorlikka ishga ketishdi. Qarzni qaytarish, kreditlarni yopish kerak. Eng qizig‘i, kuyov bola ham qaynog‘alari bilan birga ketibdi. Demak, kuyov tomonda ham “orzu-havas” mo‘l bo‘lgan.


Oilaning iqtisodiy o‘lchovini inobatga olmaslik, daromad va xarajatning uyg‘unligiga e’tibor qaratmaslik, ko‘r-ko‘rona qarzni bo‘yniga olish – bu madaniyatsizlik va bilimsizlikdan, ma’naviy ojizlikdan boshqa narsa emas. Yana bir haqiqatni ochiq-oydin aytishimiz kerakki, bu “orzu-havas” ni boshida ayollar turibdi.


To‘y va marosimlarning asl mohiyati qolib, soxta obro‘ orqasidan quvib, manmanlikka berilish, “men sendan kammi?” qabilida ish tutish, buning oqibatida qarzga botish hollari ko‘paygandan ko‘payib bormoqda. Bu nafaqat oilalarning iqtisodiy inqiroziga, balki ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Oqibatda, yosh kelin-kuyovlar yangi turmushni qarz bilan boshlab, yillar davomida qarzdan qutulish uchun ruhiy bosim asosida hayotini davom ettirishadi. Bu oiladagi sog‘lom ma’naviy muhitga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Bu holat jamiyatdagi og‘riqli va nosog‘lom muhitning barqarorligini ta’minlabgina qolmasdan, ijtimoiy munosabatlarda ham muammolarni keltirib chiqarmoqda.


So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, to‘ylarning 70-80 foizida 300-500 kishi qatnashadi, xarajatlar esa 50-100 mln so‘mga yetadi. Bu esa aksariyat oilalarni moliyaviy qiyinchilikka, 45-50 foiz holatda esa qarz ko‘tarishga olib kelmoqda. Amalda ma’naviy mezonlarimiz zavoli bo‘lgan manmanlik, dabdababozlik, kibr, o‘zgalarga taqlid qilish, kimo‘zarga to‘y qilish, “birrovchi”larni qatorlashtirib olib kelish kabi salbiy holatlar urchib bormoqda.


Joriy yilning yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda turli darajadagi to‘y va marakalarga yillik hisobda o‘rtacha 2,38 milliard dollar sarflanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu mablag‘ni milliy iqtisodiyotimizdan kelib chiqib tahlil etadigan bo‘lsak, ayrim sohalardagi yillik davlat sarflariga tengligini ko‘ramiz.


Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senati kengashining  2019-yil 14-sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan  “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlangan. Ushbu Nizom 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega.

Qo‘shma qaror va Nizomga muvofiq, joylarda to‘y-hashamlarni 200-250 kishidan ko‘p bo‘lmagan, san’atkorlar ishtiroki ikki guruhdan oshmagan, dabdababozlik, hashamdorlik, pul sochish, shuhratparastlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazish belgilangan. Ma’rakalarning ham isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarimizga mos tarzda o‘tkazilishi qat’iy ko‘rsatib o‘tilgan.


Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-aprelda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida ishlab chiqiladigan yigirmadan ortiq muhim hujjat orasida aynan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha qaror loyihasini mavjudligi ham bejizga emas.

Mamlakatimizda to‘y, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish tizimini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy  hujjatlarning asl mohiyatini xalqimizga yetkazish uchun “Ma’naviy-profilaktik” tadbirlarni amalga oshirib borish lozimligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.


Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixchamlashtirish, xalqimiz orasida ixchamlik, oddiylik va maromiylikka asoslangan to‘y va ma’rakalarni milliy qadriyatlarimizga mos ravishda dabdabadan xoli o‘tkazishni targ‘ib etish, ma’naviyatimizga zid bo‘lgan, o‘zligimizni kemiruvchi illatlarga qarshi ayovsiz kurashish maqsadida butun mamlakatimiz bo‘ylab “Dolzarb 90 kun” mavsumi e’lon qilindi.


Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlar idorasi tomonidan “Maromiylik” dasturi ishlab chiqildi va harakatga qaratildi.
Mazkur dasturni amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad, to‘y va marosimlarni ixcham, oddiy, isrofgarchiliksiz, qadriyatlarimizga mos va xos ravishda me’yorida o‘tkazish ya’ni maromiylikka asoslangan holda kundalik hayotimizga kiritishdan iboratdir. Dastur doirasida “Ixchamlik – bu madaniyat” g‘oyasini aholi orasida keng ko‘lamda targ‘ib etish nazarda tutilgan.


Bugungi kunda milliy qadriyatlarimizga va an’analarimizga zid bo‘lgan, ortiqcha sarf-xarajatlarni, dabdababozliklarni o‘z ichiga olgan to‘y va marosimlarni ixchamlashtirishga, “urf”ga aylanayotgan manmanlik, o‘z-o‘zini  ko‘z-ko‘z qilish, bir kunlik to‘y va marosim uchun qarz balosiga giriftor bo‘lish kabi salbiy illatlarga qarshi  kurashish uchun har birimiz mas’ulmiz. Shu bilan bir qatorda qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini ta’minlash vazifamiz va burchimiz ekanligini  ham unutmasligimiz kerak.
 
                                 
 

 Pardaxol  NORQOBILOVA,
                  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
bosh mutaxassisi,  
                 “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi a’zosi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:10 / 29.10.2025 0 191
Dostonlarimizda harbiy hayot qanday tasvirlangan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//