Jarayon
Telefon, ijtimoiy tarmoq va onlayn o‘yinlar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan zamonda farzand tarbiyasi yangi ko‘rinishdagi sinovlarni yuzaga chiqardi. Bugungi ota-onalar oldida 20 yil avval uchramagan savollar paydo bo‘lmoqda: texnologiya bilan ulg‘aygan bolalarni qanday to‘g‘ri yo‘naltirish, ularning onlayn odatlarini tushunish va shu bilan birga, ishonchli munosabatni saqlab qolish mumkin
Tadqiqotlarga ko‘ra, AQShdagi ota-onalarning uchdan ikki qismi bugungi kunda bola tarbiyalash ancha murakkab bo‘lib qolganini ta’kidlaydi, buning asosiy sabablaridan biri texnologiyalardir. Shu orada bolalar raqamli hayotga to‘liq sho‘ng‘igan: global hisob-kitoblarga ko‘ra, internet foydalanuvchilarining uchdan biri 18 yoshdan kichik. Buyuk Britaniyada esa 12–15 yoshdagilarning 99 foizi haftasiga o‘rtacha 20 soat internetda vaqt o‘tkazadi.
Bu raqamlar bir haqiqatni ko‘rsatadi: ota-ona va texnologiyaga usta farzandlar o‘rtasida raqamli tafovut tobora chuqurlashmoqda. Ekran vaqti, ijtimoiy tarmoqlar yoki o‘yinlarga bo‘lgan qarashlardagi farqlar ko‘pincha muloqotdagi sovuqlikka sabab bo‘ladi. Ammo empatiya va to‘g‘ri strategiyalar bilan bu bo‘shliqni yopish, oilada sog‘lom raqamli madaniyatni shakllantirish ham mumkin.
Raqamli odatlardagi avlodlar farqi
Bugungi o‘smirlar “raqamli mahalliylar” deb ataladi – ular bolaligidan sensorli ekran, yuqori tezlikdagi internet va ijtimoiy tarmoqlar bilan tanishib ulg‘aygan. Ota-onalar esa “raqamli muhojirlar”: ular internetning juda sekin ishlagan davrini eslashadi yoki bolaliklari umuman internetsiz o‘tgan. Shu sababli, bugungi raqamli dunyoda farzand tarbiyasi bo‘yicha tayanch tajriba ko‘pchilikda yo‘q. Bu esa tushunmovchilik va xavotirlarni keltirib chiqaradi. Masalan, ota-ona “Doimiy telefonga qarash muloqot qobiliyatini susaytiradimi?” yoki “O‘yin o‘ynash uni o‘qishda orqaga tashlamaydimi?” kabi savollarni beradi.
Ko‘p hollarda muammo “ekran vaqti” tushunchasiga haddan ortiq e’tibor berishda. UNICEF hisobotida ta’kidlanganidek, muammo vaqtning uzunligida emas, balki mazmun va kontekstda. Maktab loyihasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bola va zararli kontentni tomosha qilayotgan bola ekranni bir xil vaqt ishlatishi mumkin, ammo bu ikki holatning ta’siri mutlaqo farq qiladi.
Noto‘g‘ri tushunchalar va muloqotdagi uzilishlar
Raqamli odatlar bo‘yicha noto‘g‘ri tushunchalar ota-ona va bola o‘rtasidagi muloqotni osonlikcha buzadi. Masalan, ota-ona farzandini telefonga qadalgan holda ko‘rib, “qaramlik”dan xavotir oladi. Bola esa shu paytda do‘stlari bilan muloqot qilayotgan yoki dam olayotgan bo‘lishi mumkin. Qat’iy taqiqlar va keskin reaksiyalar ko‘pincha bolani yashirin harakatlarga undaydi.
Buyuk Britaniyadagi mutaxassislar keskin cheklovlar yoki to‘liq taqiqlar bolani tengdoshlaridan ijtimoiy ajratib qo‘yishi mumkinligini aytadi. Shuningdek, ota-onaning farzandining raqamli qiziqishlarini mensimasligi ham ishonchni yemiradi. Masalan, bola sevimli o‘yinini “vaqtni behuda sarflash” deb atashlarini eshitsa, bu mavzuda suhbatlashishni butunlay to‘xtatadi. Natijada ota-ona bolaning onlayn hayotidagi ijobiy jihatlarni ham, salbiy xavflarni ham bilmay qoladi.
Sog‘lom raqamli muloqot strategiyalari
Mutaxassislar ota-onalarga eng avvalo texnologiya haqida muntazam gaplashib turishni maslahat beradi. Farzandingiz qanday o‘yin o‘ynayotganini, kimlar bilan gaplashayotganini yoki nimalarni tomosha qilayotganini so‘rab, qiziqish bildiring. Bu oddiygina e’tibor va ishonch belgisi. Agar bola biror muammo haqida aytsa, uni darrov jazolashga shoshilmang, avval sokinlik bilan tinglang.
Ikkinchi muhim jihat – o‘zaro o‘rganish. Ota-ona mashhur ilovalar va o‘yinlar haqida ma’lumot olib, farzandidan o‘rganishi mumkin. Birga o‘ynash yoki sevimli onlayn kontentni ko‘rish umumiy til topishga yordam beradi. Bu nafaqat ota-onaga yangi dunyoni tushunishga, balki bolaga ham “mening dunyoyimga qiziqishyapti” degan hissiyotni beradi.
Yana bir tamoyil – sifatga e’tibor. Faqat vaqtni o‘lchash emas, balki kontentning foydali yoki zararli ekanini aniqlash kerak. Ijodiy ishlar, yangi bilim beruvchi resurslar yoki do‘stlar bilan muloqot ijobiydir; zararli kontent yoki hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan onlayn faoliyat esa cheklanishi kerak.
Qoidalarni esa birgalikda belgilash lozim. Oila bo‘lib texnologiyadan foydalanish qoidalarini ishlab chiqish, texnik vositalarni ma’lum vaqt va joylarda ishlatish bo‘yicha kelishuvlar tuzish hamkorlik va bir-birini tushunishga yo‘l ochadi. Qoidalarni tuzishda bolaga ham so‘z berish unga javobgarlik hissini singdiradi.
Shuningdek, ota-onalar farzandida telefon yoki kompyuterdan ortiqcha foydalanish belgilarini ham kuzatib borishi kerak. Doimiy charchoq, uyqusizlik yoki kayfiyat o‘zgarishlari kabi belgilar ekran ortida ortiqcha vaqt o‘tkazishning signali bo‘lishi mumkin. Bu holatda bolani ayblamasdan, tinch muloqot boshlash foydali bo‘ladi.
Eng muhimi, ota-ona o‘zining texnologiyadan foydalanish odatlari bilan namuna bo‘lishi lozim. Bolalar kattalarning xatti-harakatini kuzatib o‘rganadi. Agar ota-ona telefondan o‘z vaqtida uzilib, oilaviy muloqotga vaqt ajratsa, bu bolaga ham ijobiy ta’sir qiladi.
Va nihoyat, ishonchni saqlash muhim. Nazoratni ochiqchasiga olib borish va bolani qaror qabul qilish jarayoniga qo‘shish – bu “men seni nazorat qilyapman” emas, balki “biz bir jamoamiz” degan signalni beradi. Bu esa muloqot va ochiqlikni kuchaytiradi.
Xulosa
Raqamli tafovutni yopish ota-onaning har bir yangi ilova yoki o‘yinni mukammal bilishi shartligini anglatmaydi. Asosiy maqsad – o‘zaro tushunish, ochiq muloqot va ishonchni saqlash. Texnologiya xavf va imkoniyatlarni birgalikda olib keladi. Ota-ona farzandining raqamli dunyosiga qiziqsa, qoidalarni adolatli qo‘ysa va o‘zi ham namuna bo‘lsa, texnologiya oilani ajratmaydi, aksincha, birlashtiradi.
Dunyo bo‘ylab oilalar shuni anglayapti: avlodlar orasidagi raqamli tafovutni yopish mumkin. Buning uchun eng zaruri – tinglash, tushunish va birgalikda o‘rganish. Shunda texnologiya farzand tarbiyasida dushman emas, balki ittifoqchiga aylanadi.
Navro‘zaxon Bo‘riyeva,
Oyina.uz
Jarayon
San’at
San’at
Jarayon
Tarix
San’at
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q