U teatr sahnasida 100 ga yaqin, kinoda 70 dan ziyod rollar ijro etgan, dublyajda 4 000 dan ortiq qahramonga ovoz bergan. Aktyor 9 ta pyesa muallifi, 7 ta spektaklga rejissyor qilgan, tarjimonlik va tahrir sohasida ham yaxshigina qobiliyat sohibi boʻlgan. Ana shunday takrorlanmas isteʼdod, oʻzbek dublyaji qiroli – Oʻzbekiston xalq artisti Hamza Umarovning 100 yilligi munosabati bilan farzandi, taniqli aktyor Shuhrat Umarovni suhbatga chorladik.
Hamza Umarovning nutqi, artikulyatsiyasi chindan ham oʻziga xos edi. Bunga otangiz oʻqigan kitoblar sabab boʻlsa kerak, ovozining ustida ishlash maqsadida qanday kitob oʻqiganlarini bilasizmi?
Dadam juda koʻp kitob oʻqirdi, lekin ovozni maxsus mashq uchun emas, balki tafakkurini boyitish maqsadida mutolaa qilardi. Jozibador, jarangli ovoz dadamga Yaratgan tomonidan berilgan yuksak neʼmat, desam yanglishmagan boʻlaman. Spektakllarda soʻz tomoshabinga aniq yetkazilishi kerak. Shu maʼnoda, Muqimiy teatrini dadamning ijodiy yuksalishida muhim oʻrin tutgan dargoh, deyish mumkin. Dadam pyesa topshirilishi bilan uni tezda oʻqib, soʻzlarni yod olar, ishiga jiddiy yondashardi. Obraz xarakteridan kelib chiqib, oʻsha ifodani bera oladigan ovozda gapirardi. Shuning uchun ham dadamning ovozi uning tashrif qogʻoziga aylangan, deb bilaman.
Dadam odatda, doimiy ravishda repetitsiyada ishtirok etardi. Bir gal dadam Uchqun Nazarovning “Oyna” spektakli tayyorgarlik jarayonida negadir qatnashmadi. Shunda ularga: “Nega repetitsiyada qatnashmayapsiz?” desam, hafsalalari pir boʻlib: “Ayrim aktyorlar oʻz rolini qogʻozga qarab oʻynamoqchi boʻlishdi. Rejissyorga aktyorlar qachon tayyor boʻlishsa, oʻshanda chaqirarsiz, deb chiqib kelyapman, bolam”, degandilar.
Darhaqiqat, Hamza Umarov obraz yaratish borasida juda talabchan ijodkor boʻlganini koʻpchilik taʼkidlaydi. Hayotda, umuman, oilada otangiz qanday inson edi?
Dadam kamgap, juda masʼuliyatli va har bir ishni astoydil bajaradigan inson edi. Oilada onamning suyangan togʻi boʻlgan. Ularni juda sevar, ardoqlardi. Ikki opam va meni ham juda yaxshi koʻrardi. Faqat biz bilan har doim ham bemalol gaplashib oʻtira olmasdi, chunki ishlari koʻp, juda band boʻlardi.
Gapirishni yoqtirmaydigan mavzulari bormidi?
Dadam 1926-yil Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida tugʻilgan. Lekin Ikkinchi jahon urushida qatnashish maqsadida pasportiga 1925-yilda tugʻilgan deb yozdirgan va 1943-yilda koʻngilli boʻlib, II-Boltiqboʻyi frontidagi harbiy qismlarning biriga polk ayg‘oqchisi boʻlib xizmat qilgani ketgan. Xizmat vaqtida minalarga toʻla maydondan sudralib oʻtishga toʻgʻri kelgan. Shunda hamrohi otamga uning ortidan borishini tayinlabdi. Otam buning sababini soʻraganida, u: “Sen aktyor boʻlmoqchisan, uzoq yillar xalqqa xizmat qilishing uchun yashashing kerak”, deb oldinga harakatlanib, hech qancha vaqt oʻtmay portlab halok boʻlgan ekan. Koʻz oldida hamrohining parchalanib ketganini, minglab odamlarning qurbon boʻlganini koʻrgan dadam urushning insoniyat tarixida qoldirgan dahshatli jarohatlari, asoratlari haqida gaplashishni yoqtirmasdi.
Urush davomida dadam uch marta jarohatlanadi, lekin jismidagi faqat bitta oʻq olib tashlangan. Oʻng tomon chakka hamda tizza qismidagi oʻq ularga xalaqit qilmagani uchun shifokorlar ularga tegmaslikka qaror qilishgan. Shu bois otam qolgan umrida tanasidagi oʻqlar bilan yashab oʻtdi. Komil Yormatovning “Qora konsulning halokati” (1970) filmida otam bosh qahramon – Mahmud obrazini yaratgan. Oʻsha filmda sochi oldirilgani sababli poyezdda ketayotganlari aks etgan epizodda chakkalaridan yarador boʻlgani yaqqol koʻrinadi.
Hamza Umarov bilan bogʻliq biror qiziq voqeani eslay olasizmi?
Albatta. Dadam oʻzbek, rus, tojik va nemis tillarini juda yaxshi bilardi. Taxminan 1980-yillar boshida ularni Tojikistonga dublyajga chaqirishgan. Shunda mahalliy aktyorlar ovoz yozish xonasida tojik tilida “Bu aktyor Toshkentdan bizning nonimizni yeyishga kelibdi”, deyishganida dadam ularga jiddiy ohangda, “toza” tojikcha qilib “Men sizlarning noningizni yeyishga kelmagan”, deb javob qaytargan ekan. Noqulay ahvolga tushib qolgan tojik aktyorlari tabiiyki, dadamdan uzr soʻrashgan.
1966-yildagi zilziladan keyin biz yashayotgan koʻp qavatli uy egalarining hammasi bir muddat uy atrofidagi yer maydoniga joylashib, yashay boshlaganmiz. Kunlarning birida “uyimiz”, yaʼni oʻsha koʻchadagi joyimizga oʻgʻri tushgan. Dadam qaysidir spektaklda rol ijro etish uchun kichkina oʻyinchoq pistolet yasattirgan edi. Shu oʻyinchoq pistolet yonlarida boʻlgan, uni oʻgʻrining peshonasiga tirab, militsiya chaqirgan. Ular yetib kelguncha oʻgʻrini shu holatda vajohat bilan tutib turganlar. Oʻgʻrini militsiyaga topshirgach, bu oʻyinchoq ekanini unga bildirish uchun osmonga qaratib oʻzlaricha “pist-pist” qilib otib, mazza qilib kulgan ekan.
Hamza Umarov ham salbiy, ham ijobiy rollarni zoʻr mahorat bilan ijro etgani barchaga yaxshi maʼlum. Lekin rejissyorlar unga koʻproq salbiy rollarni topshirishni maʼqul koʻrishgan. Buning sababi nimada deb oʻylaysiz?
Menimcha, bu dadamning obraz yaratishga boʻlgan jiddiy munosabati va astoydil tayyorgarlik koʻrishi bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Chunki salbiy rolda xarakterni yorqin koʻrsatish imkoniyati bor.
Obraz yaratish borasida otangizdan qaysi jihatlarni oʻzlashtirgansiz?
Ishga masʼuliyat bilan yondashish va obraz yaratishga boʻlgan jiddiy munosabatni. Dadam menga “Yaratayotgan rolingga eng avvalo, oʻzing ishonishing kerak. Shuning uchun qayerga borsang ham odamlarni kuzatib yur. Bu senga bir kun biror obrazni yaratayotganingda kerak boʻladi. Asarni oʻqiyotganingda kuzatgan insonlaring qiyofasi koʻz oldingda gavdalanadi”, deb maslahat berardi. Haqiqatan ham obraz hayotiy chiqishida atrofimizdagi odamlarni kuzatish yaqindan yordam beradi.
Otangizning soʻnggi kunlarini xotirlay olasizmi?
Albatta. Rejissyor Alisher Hamdamov 3-4 oy davomida dadamga “Qasoskorning oltin boshi” filmida suratga tushishini iltimos qilib yurgan. Dadam “Syomkalar Oʻshning togʻli hududida ekan, sogʻligʻimga toʻgʻri kelmaydi”, deb rad javobini beravergan. Lekin rejissyor “Sizga oʻzim qarab, yaxshi sharoit yaratib beraman. 8-10 kunlik syomkangizni 2 kunda tugatamiz”, deb bir amallab koʻndirgan. Haqiqatan ham rejissyor vaʼdasida turib, dadam bilan bogʻliq kadrlarni ikki kunda suratga olib ulgurgan. Biroq ular sovuq havoda koʻp vaqt qolib ketgan.
Dadam Toshkentga ertalabki 8-9 lar atrofida qaytdilar. Oʻsha kuni ular bilan dublyaj studiyasida koʻrishdik, shaxmat oʻynadik. Ular bilan bor-yoʻgʻi 4-5 marta shaxmat oʻynagan boʻlsam, har doim yutqizardim. Chunki dadam yaxshi oʻynardi. Buni qarangki, oʻshanda ularni umrimda birinchi marta yutdim. Soʻnggi paytlarda dadamning boshlari biroz silkinib turardi. Oʻsha kuni esa bu holat har doimgidan ham kuchliroq sezildi, toblari yoʻqligini fahmladim. Nega bunday boʻlayotganini soʻrasam, syomka jarayonida ancha sovqotib qolganini aytdi. Uyoqda dadamga rejissyor tugul, ijodiy jamoadan biror kishi ham qaramagani uchun oʻzlari xashak va qurigan shox-shabbalarni yigʻib, gulxan yoqib, biroz boʻlsa ham oyoqlarini isitganlar. Biroq, baribir, tanalari sovuqdan qaltiraganini, shuning taʼsirida holatlari yomonlashganini, hattoki gangrena sababli kesib tashlangan barmoqdan qon oqayotganini afsuslanib aytdi. Biroz muddatli sukunatdan soʻng “Nasib qilsa, ertaga poliklinikaga borib, tibbiy koʻrikdan oʻtaman. Syomkam tugadi, sogʻligʻimga qarayman. Endi birorta ham filmda suratga tushmayman. Dublyajdan “non topib yuraman”, dedi. Shundan soʻng dublyaj studiyasiga kirib, hamma bilan xayrlashdi. Otam uyga qaytgach ham holatlari yaxshilanmagach, “Tez yordam” chaqirtirishgan. Biroq dadamning taqdiriga shu onlar eng oxirgisi etib bitilgan ekan.
Garchi Hamza Umarov bugun oramizda yoʻq boʻlsa-da, uning sahna va ekran sanʼatida yaratgan betakror rollari, dublyajda ovoz berib jonlantirgan qahramonlari uni bizga hamisha eslatib turadi.
Hafiza NIYOZOVA,
sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
San’at
Jarayon
Tarix
San’at
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q