Yo‘qolgan udumlar


Saqlash
15:34 / 06.11.2025 8 0

O‘tgan yoz ota uyimga bordim. Hovli bo‘m-bo‘sh, huvillab yotibdi. Bu yer bolalarga to‘la, ari iniday qaynar edi. Ichimdan bir nima uzilganday bo‘ldi, ko‘nglim buzildi. O‘zimga sig‘may ketdim. Mungli xotiralardan chalg‘ish niyatida ko‘chaga chiqdim. Hech kimni tanimadim. Bari yosh-yalanglar. Birovi salom berib, boshqasi xayollari bilan andarmon o‘tib ketadi. Qo‘shnilarimizning darvozalariga termildim: Xursand xola, Momoxol xola, shaharlik bo‘lgani uchun hamma tojik yanga deb chaqiradigan Minovar xola, Sanobar yangam, Qo‘ysinoy yangam... Hozir ularning hech biri hayot emas. 

 

Ular bilan meni bog‘lagan onam yo ota hovlimmi? O‘ylasam, bizni bog‘lovchi rishtalar ko‘p ekan. Momoxol xolam sepim uchun quroq yostiq tikib bergan. Ularning ichiga gulpaxta solingan, bir necha o‘n yil mobaynida rangi ham o‘ngmadi. Xolamning o‘zi o‘ngib, to‘zib, bir parcha vatanga aylanganiga ancha bo‘ldi. Sanobar yangam rassom edi. Oq, qizil, sariq mato olib, ichiga uch-to‘rt so‘m solib, uyiga tashlab kelinardi. Turmush tashvishlaridan ortib, kashta uchun gullar, naqshlar chizardi. Ularga qanday rangli iplar ketishini ham yozib qo‘yardi. O‘ta injiq qaynonasi, ikki qayinsinglisi, o‘nga yaqin bolasi bor edi. Ish qaynab yotadigan qishloqda bunday nafis ishlarga qanday ulgurdi ekan?

 

Qo‘ysinoy yangam keng ko‘ylaklar tikardi. Ona qadrdonlarimizning hammasi ham hunarli bo‘lgan. Oldinlari chachvonsiz paranjiga o‘xshab ketadigan boyjelaklar bor edi. Keyinchalik eskilik sarqiti deb sottirilmay qo‘ydi, ayollar o‘zi tikib oladigan bo‘ldi. Bora-bora urfdan ham qoldi. Chekka-chekka qishloqlardagina saqlangan. Boshingiz, yelkangizdan to‘piqqacha tushib turadigan boyjelakda ayollar allaqanday xushqad, sirli, salobatli ko‘rinardi... 

 

***

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida “Balli, ayollar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Undagi bitta shart ilgak bilan ro‘molcha to‘qish edi. Shart bajarilayotganda bilim yurti boshlig‘i o‘tirgan joyidan turib kelib:

– Bolalikni yodga solarkan, o‘quvchiligimizda shunday ro‘molcha hadya qilishsa qanchalar quvonardik, – deya yoshlikning beg‘ubor pallasini esladi. Qancha suvlar oqib o‘tgan, ammo to‘qilgan ro‘molcha uni hamon hayajonga solayapti!

 

U nimaning ramzi, qanday hikmati bor?

Abdulla Oripov shunday yozadi:

 

Quyosh ham falakda bamisli ro‘yo,

U endi yondirmas. Yaltirar faqat.

Do‘stlar, u ham endi quyoshmas aslo,

U olis yoshlikda qolgan muhabbat.

 

To‘qilgan ro‘molcha yoshlikning ramzi. Rang-barang, sirli tovlanuvchi pistonlarda, jimjimador to‘qimalarda go‘zal sevgi qissalari, izhori dillar, umidlar mujassam. To‘qiyotgan qizni hech kuzatganmisiz? Ko‘zlaridagi yolqinlar, lab burchidan chiqishga hozir sirlar, naqshlarga nimtabassum bilan singib borayotgan suluvning o‘zini bir dostonga mengzash mumkin.

 

Rassom bo‘lganimda dala ishlaridan so‘ng salqin ariqlar labida tushlik qilayotgan qishloq qizlarini, chakki, ko‘kat, pomidor, bug‘doynondan iborat kamtarin dasturxonlarni, tin olar-olmas ro‘molcha to‘qishga, jiyak tikishga tushgan oftobjamollar rasmini chizgan bo‘lardim. Qizlar ro‘molcha to‘qimay qo‘ydi. Bugun ularni band qiladigan narsalar ko‘p. To‘qilgan ro‘molchalar, naqshlarga ingan sassiz izhorlar yo‘q. Afsus...

 

Yo‘qolgan bo‘g‘joma

 

Ko‘rpa-to‘shaklarni demasa, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan ko‘p narsalardan voz kechdik. Seplar turk mollari bilan to‘ldi, ichida nimalar yo‘q deysiz? Oldinlari uylar tokchali bo‘lardi. Hozir qoldimikan? Yoshlar alohida chiqib ketgach, keksalar qolgan uylarda bo‘lishi mumkin. To‘rda maxsus joy qilinib, ustiga ko‘rpa-to‘shak taxlanardi. Bu taxmon deyiladi. Kelin-kuyovning uyidagi taxmonlar san’at darajasida bo‘lgan.

 

Har ikki tomon qilgan ko‘rpa-to‘shaklar orasida kelin tomonniki ajralib turgan – kashtali bolishlar, katta oynalar uchun yarim burchak bezakli kashtalar. Tekis taxlangan ko‘rpa-to‘shaklar kashtali, konvert shaklida tepadan tushib turadigan bo‘lagining uchi shokila bilan bezak berilgan bo‘g‘jomaga o‘rab, taxmonga qo‘yilgan. Ham go‘zallik, ham kemiruvchilardan asrovchi vazifasini bajargan. Bo‘g‘jomalardan foydalanmay qo‘ydik. Qo‘rqamanki, bu so‘z yoshlar tilida unutilib ketmasa...

 

Taxtapopukdan kultuvshakka o‘tish

 

Ayol-qizlarning soch o‘rimlariga boqib yoshi, ijtimoiy mavqeini bilish mumkin edi. Hozir bir xillik ko‘p. Uzun, qirq o‘rim sochlar uy yumushlarini bajarganda xalal beradi. Qizlar uni tekis bir chiziq qilib, ipga tizib qo‘yganlar. Bu chilvir sochlarning tartib bilan orqada turishini ta’minlagan. Ayni holat turmushga chiqmagan qizlargagina xos.

 

Kelinchaklar uchun boshqacharoq, hashamdorroq taxtapopuklar bo‘lgan. Oldinlari ana shu popuklar hunarmandlik rastalarida sotilardi: uchlari bir tekis, rangli ipak ip, piston va munchoqlar bilan bezak berilgan. Mayda o‘rilgan sochlarga bir yarim qarichcha pastdan taqilgan. Kelinchaklarning nafosatini oshirgan, nafis shildirashi yuraklarga g‘ulu solgan, yurganda qomatni tik tutgan. Insonning ulg‘ayish pallalari bo‘ladi: bolalik, yoshlik, o‘rta yosh, keksalik. O‘rta yoshga o‘tishning o‘ziga xos marosimlari bo‘lgan. Bu Qashqadaryo viloyatining ko‘pgina joylarida haligacha saqlangan. Nomi – soch ikkita qilish. Asosan ayollar ishtirok etadi.

 

Bu go‘yo yoshlik bilan xayrlashuvga o‘xshaydi. Ayol kelinlikda kiyilgani kabi keng, zar ko‘ylaklar bilan orolanadi. Bir necha qavat to‘shalgan ko‘rpachalarda elning kayvoni, unib-o‘sgan momosi ayolning sochlarini go‘zal tilaklar, duolar, ba’zan xalq qo‘shiqlarini aytib, ikkita qilib o‘radi. O‘sha asnoda qarindoshlar ularni turli siyliqlar bilan siylaydi. O‘rta yoshga qadam qo‘ygan ayol shu marosimdan so‘ng kelinlik ta’zimlarini qiladi.

 

Unga onasi beradigan sovg‘alar orasida albatta boshkiyim – kultuvshak bo‘lishi shart edi (ko‘pdan beri shu boshkiyimda yurgan keksalarni uchratmadim). Rahmatli onam “o‘limlik bisoti”da kultuvshak bo‘lishi shart deb qattiq ishonardi. Shundan keyin ayolning sochlari ortiq qirq o‘rim qilib o‘rilmaydi. Ikki o‘rim soch yoshlikdagi kabi to‘piqqacha bo‘lmaydi. Yillar davomida siyraklashadi, kalta bo‘la boshlaydi. Biror harakatingizdan biri oldinda biri orqada turib qolgan soch ivirsiq ko‘rsatadi, yoshiga yarashmagan qiliqdek ko‘rinadi. Boshi dumaloq qalpoqqa o‘xshaydigan kultuvshakda yelkadan sochni solish uchun biroz ochiq joyi bo‘ladi. Cho‘michga ham o‘xshaydi. Dastaga o‘xshash joyidan soch chiqib turadi. Jiyak kattaligidagi chetlariga oddiygina naqshlar solib tikilgan. Kultuvshak sochni batartib saqlash barobarida boshni ham asraydi. Bu boshkiyimda qishning sovug‘i, yozning jaziramasi pisand emas. Afsus, kultuvshak ham o‘tmishda qoldi.

 

***

 

Yevropa madaniyatiga havas qilmaslik mumkin emas. Tan olish kerak, ayollari ko‘p narsalarda bizdan o‘zib ketgan. O‘tmishda alloma ayollarimiz bo‘lgan deya e’tiroz bildirishingiz tabiiy. Ha, bo‘lgan. Saroylarda muruvvati, ishbilarmonligi bilan dunyoga ibrat bo‘lgan poshshoqizlar o‘tgan. Hammaga ham boy xonadonlar, saroylarda dunyoga kelish nasib etmaydi.

 

Ularning o‘tmishi va buguni bilan bizni, to‘g‘rirog‘i, o‘zimni ko‘p taqqoslayman. Odamlar va madaniyatlar, an’analar o‘ta keskin farq qilmasligiga amin bo‘laman. Qanday qilib? Tillar, dinlar farqli-ku? Insoniyatni oila degan go‘sha, farzand ko‘rish istagi birlashtirib turadi. Yevropada musiqa rivojlangan deb havas qilamiz. Rassomchilik haddi a’losiga yetganini ta’kidlaymiz. Aslida ham shunday. Bu borada birovdan kam emasmiz. Xalq hunarmandchiligida musiqa yo‘q deb o‘ylaysizmi? Qizlar tikkan kashtalar-chi? Ularda aks etgan falsafani anglab yetganmisiz? Ular oddiy bezaklar emas.

 

 – Shu joyini men tikib qo‘ya qolay, ozgina qolibdi, buzib qo‘ymayman, – deb onamning qo‘lidagi yakuniga yetay deb qolgan kashtaga qo‘l uzataman.

 – Yo‘q, shunday qoladi, bu dunyoga ishora, qizim, dunyoning chegarasi, ishlarining oxiri yo‘q...

 

Onamning savodi yo‘q, o‘qish-yozishni bilmasdi, ammo hayot darsini obdon o‘rgangandi. Ipak iplarni o‘zi tayyorlardi, eshardi, bo‘yardi. Kashtalar hech o‘ngib ketmasdi, bo‘yoqlari hozirgina qo‘ldan chiqqandek. Ular bugun... sandiqlarda qoldi.

 

Kashtaning bir turiga zardevol deyilardi. Uyning shiftga tutash yeridan qoqilardi. Tekis tursa, barq urgan gullari yaqqolroq ko‘rinishi uchun besh santimetr uzunlikda mayda munchoqlar qo‘shib to‘qilardi. E’tibor berganmisiz? Kashtaga ko‘proq anor va gullari tikiladi. Anor tiriklik, hayot ramzi! Tikishni har bir qiz bilishi kerak edi. Kashtalar yangi hayotga qadam qo‘yayotgan qiz uchun jiddiy sinov bo‘lgan. Kuyovning uyiga o‘z qo‘lingiz bilan tikkan jiyaklar, pardalar, yengkashtalar va barchaga ko‘z-ko‘z qilinadigan, mahoratingizga, bekaligingizga baho beradigan kashtalar bilan borishingiz kerak bo‘lardi. Bo‘y qizlar sirlashib kashta tikadigan ul go‘zal damlar allaqachonlar ortda qoldi, o‘tmish xotiralariga aylandi.

 

Bugun istalgan chiroyli naqsh va gullarni mashinalar zudlik bilan tikib beradi. Biroq ayol qo‘lining harorati, qalbining qo‘ri singgan kashtalar bo‘lakcha! Unda go‘zal orzular, umidlar aks etgan sevgi iforini his qilasiz. Sekingina siypalasangiz, o‘sha oliiis yoshlikka, dugonalar davrasiga, hech kimga aytolmagan siringiz... shirin armonning xayollariga g‘arq bo‘lasiz. Nimani boy berganimizni anglayapman, ammo nimaning evaziga?!

 

Inobat IBROHIMOVA

Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 3-son.

“O‘rni to‘lmas xazina” maqolasi

Foto: Xolida MUSULMON

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

15:11 / 05.11.2025 0 414
Jismida ikki oʻq bilan yashagan aktyor

Jarayon

17:11 / 03.11.2025 0 85
“Orzu-havas” ortidagi og‘riqlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//