“Xoʻtan ohangida turkiycha kuylash” – Gʻaznaviylar harbiy hiylasi


Saqlash
16:17 / 03.11.2025 103 0

 

X-XI asrlarda Markaziy Osiyo va unga qoʻshni boʻlgan oʻlkalar Gʻaznaviylar Maʼmuniylar, Somoniylar va keyinchalik Qoraxoniylar davlatlari oʻrtasida taqsimlangandi.

 

999-yilda Qoraxoniylar hukmdori Ahmad I Arslon Somoniylar davlatiga hujum qilib, uning katta qismini egallab oladi. Somoniylar biryoqlik qilingach, 1001-yilning 26-aprelida u Oʻzgan shahrida Gʻaznaviylar bilan oʻzaro chegara hududlarini belgilash maqsadida uchrashuv oʻtkazadi. Muzokaralardan keyin davlatlararo chegara sifatida Jayhun (Amudaryo) belgilanib, uning oʻng sohili Qoraxoniylarga, chap sohildagi yerlar esa Gʻaznaviylarga oʻtadi.

 

Ikkala tomonning ham ushbu sulh tuzilishiga moyilligi kelishuv imzolanishini osonlashtiradi. Hatto XI asr tarixchisi Abu Saʼid Gardiziy oʻzining “Zayn al-axbor” (“Xabarlar ziynati”) asarida yozishicha, Abulqosim Mahmud Gʻaznaviy Qoraxoniylarga kuyov boʻlib, qarindoshlik rishtasi bilan ikkita davlat oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlagan. Bu asar bugungi kungacha Gʻaznaviylar tarixini oʻrganish uchun muhim bir manba boʻlib kelmoqda.

 

Asarda yozilishicha, oradan biroz vaqt oʻtib, bu davlatlar oʻrtasida dushmanlik alomatlari paydo boʻla boshlaydi. Keskinlikning asosiy sababi – Xuroson hududiga egalik qilish edi. Qoraxoniylar 1006-yilda Mahmud Gʻaznaviyning Hindiston, xususan Moʻlton shahriga (hozirda Pokiston hududidagi shahar) yurish qilganidan foydalanib, Xurosonga qoʻmondon Subashitegin va Jafartegin boshchiligida qoʻshin yuboradi. Shu bilan sulh buziladi.

 

Birinchi qoʻshin Hirot, Nishopur va Tusni, ikkinchi qoʻshin esa Balxni egallashi kerak edi. Balx qalʼasi dushmanlarga qarshi qattiq kurashib magʻlub boʻladi, lekin Nishopur taslim boʻlmaydi. Qoraxoniy qoʻshinlarining toʻsatdan qilgan hujumlaridan qochgan Xuroson arboblari Gʻaznada toʻplanadi. Ayniqsa, hujum vaqtida Hirotda boʻlgan Tus viloyati hokimi Arslon Jazib Qoraxoniylar kelmasidan oldin Gʻaznaga sogʻ-salomat yetib boradi.

 

Moʻltonni egallagan Sulton Mahmud Gʻaznaviy Qoraxoniylar qoʻshinlarining hujumlaridan xabar topgach, zudlik bilan Gʻaznaga qaytadi. Sarkarda davlat arboblariga Hindistonda qoʻlga kiritgan oʻljalarini taqsimlab, ularni ruhlantirib, oʻziga sadoqatini oshiradi. Mahmud Gʻaznaviyning Balx tomon yurish qilishini eshitgan Qoraxoniylar qoʻmondonlari Gʻaznaviylar kuchiga qarshilik qila olmasligini tushungan holda, Balxni tashlab, Termiz tomon chekinadi.

 

Mahmud Gʻaznaviy Balxni qaytarib olgach, Hirot tomon otlanadi. U Hirotni bosib olgan Subashiteginni tutib keltirish uchun Arslon Jazibni Jayhun daryosi qirgʻogʻiga yuboradi. Yoʻl toʻsilib qolganidan qoʻrqib ketgan Subashitegin Marvga chekinmoqchi boʻladi.

 

Shu paytda Mahmud Gʻaznaviyning harbiy rejasi doirasida, dushman askarlari uchun tuzoq qoʻyiladi – rejaga koʻra, Qoraxoniylar qoʻshini yoz chillasida Marv choʻllarida suv izlab, tosh bilan toʻldirilgan quduqlarga duch keladi. Bundan tashqari, buzilgan yoʻl natijasida Qoraxoniy askarlari manzilidan adashib shimoli-sharq oʻrniga janubi-gʻarbga yurib, Saraxs tomon harakat qiladi. Arslon Jazib qoʻshini ularni taʼqib qilib borib, bir qancha Qoraxoniy askarlarini yoʻq qilgan.

 

Mahmud unga yordamga hojib Oltuntoshni yuboradi. Bu paytda Subashitegin Saraxsdan Dehistonga – Kaspiy dengizi atrofiga qarab yuradi. U yerdan yana sharqqa burilib, Nisoga, keyin esa Marvga ketadi. Adashgan, holdan toygan, tinimsiz taʼqib ostida yurgan Subashitegin qoʻshini deyarli hamma egallagan oʻljasini yoʻl-yoʻlakay tashlab ketishga majbur boʻladi. Taʼqib davomida 900 (ayrim manbalarda 700) kishi va Subashiteginning ukasi Gʻaznaviylar tomonidan asirga olinadi.

 

“Zayn al-axbor” asarida Qoraxoniylar qoʻshini chekinishi haqida shunday yozilgan: “Turklar oʻz qoʻshinini ikkiga boʻlib, uning bir qismini Jayhundan oʻtkazishni boshlagan va askarlarning katta qismi choʻkib ketib, faqat maʼlum bir qismigina oʻng sohil qirgʻogʻiga oʻtgan. Qoʻshinning ikkinchi qismi esa daryoning kechuvi tomonga qarab chap sohil qirgʻogʻi boʻylab yurgan”.

 

Ushbu asarda yozilishicha, Mahmud Gʻaznaviyga bu xabar yetib kelgach, sulton kechuvni izlab yurgan Qoraxoniy qoʻshinlarini topish va mahv etish maqsadida bir harbiy taktika qoʻllagan. Unga koʻra, askarlarga chorlov uchun foydalaniladigan nogʻoralarni olib kelish buyurilgan. Katta nogʻoralarni fillarga bogʻlab, kichiklarini esa qoʻlda koʻtarib, nogʻoralarni baravariga qattiq urish amr etilgan.

 

Bu tadbir bilan Subashiteginning Jayhun daryosi boʻyida qolib ketgan va yashirinib yurgan qoʻshinlarini topish va ularni sarosimaga tushirish kerak edi. Ishora berilgach, askarlar baravariga nogʻoralarni gumbirlatib urishni boshlaydi, fillarga mahkamlangan nogʻoralar ham uriladi. Bunday shovqindan qoʻrqib ketgan, pistirmada yashirinib yurgan Qoraxoniylar askarlari karaxt boʻlib qoladi. Yashiringan joylaridan chiqib, bir-biriga urilib jonini saqlab qolish maqsadida har tomonga qarab qocha boshlaydi. Koʻpchiligi najot topa olmasdan oʻzlarini Jayhun daryosiga otadi. Koʻpirib oqqan, “tentak daryo” nomini olgan bu suvdan xon qoʻshinlarining juda oz qismi tirik chiqadi, qolgani esa choʻkib ketadi.

 

Shunday qilib, Mahmud Gʻaznaviy qurol ishlatmasdan, nogʻoralar bilan dushman qoʻshinini oʻz hududidan haydaydi. Bu holat Nasr Qoraxoniy qulogʻiga yetib boradi. Hukmdor oldiga qaytib kelgan Subashitegin va uning salorlari vaziyatni tushuntirib berar ekan, Mahmud Gʻaznaviy va uning qoʻshiniga hech kim qarshi tura olmasligini taʼkidlaydi.

 

Shu tariqa tarixda Mahmud Gʻaznaviyning Qoraxoniylarga qarshi kurashda qoʻllagan mashhur usuli “Xoʻtan ohangida turkiycha kuylash” deb nom oladi. Bu usuldan maqsad, jangda dushmanni karaxt qilib qoʻyish, sarosimaga tushirish, dushman qoʻshinining safini buzishdan iborat boʻlgan. “Xoʻtan ohangida turkiycha kuylash” uchun asosan jangovar nogʻoralardan foydalanilgan.

 

Bu taktikaga “Xoʻtan ohangida turkcha kuylash” degan nomni kim bergani ham qiziq. Biz koʻrib chiqqan Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Abul Fazl Bayhaqiyning “Tarixi Masʼudiy” va Abu Nasr Muhammad Utbiyning “Tarixi Yaminiy” asarlarida bu taktika ham, “Xoʻtan ohangida turkiycha kuylash” iborasi ham qayd etilmagan.

 

Hatto biz oʻrganayotgan taktika faqat “Zayn al-axbor” asaridagina toʻliq tafsilotlari bilan yoritilgan boʻlsa-da, unga nisbatan “Xoʻtan ohangida turkcha kuylash” degan nom qoʻllanilmagan. “Zayn al-axbor”ning bugungi kungacha faqat ikkita nusxasi yetib kelgan. Eronlik olimlar tomonidan chop etilgan asarning tanqidiy matnida ham Gʻaznaviyning bu taktikasi “Xoʻtan ohangida turkiycha kuylash” deb nomlanmagan. Bundan kelib chiqib, “Zayn al-axbor” asarini birinchilardan boʻlib tadqiq va tarjima qilgan Bartold bu voqeani oʻz tashabbus bilan shunday nomlagan degan xulosaga kelish mumkin.

 

Umida Quronboyeva,

FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodim

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:11 / 03.11.2025 0 26
“Orzu-havas” ortidagi og‘riqlar

Adabiyot

16:10 / 29.10.2025 0 189
Dostonlarimizda harbiy hayot qanday tasvirlangan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//