Hayotda pahlavon, suratda nozik – nega miniatyuralarda sultonlar boshqacha chizilgan?


Saqlash
13:10 / 04.11.2025 163 0

Sharq dunyosining asl nafosatini koʻrsatuvchi miniatyuralarni bir qarashda tushunish, qabul qilish uchun maʼlum bilim va anglamlar talab qilinadi. Chunki bu sanʼat toʻlaligicha reallikdan koʻra kishining ichki olamiga koʻproq taʼsir qiladi. Har bir shakl, naqsh, chizgi, rang – oʻziga xos ramz, tuygʻularni ifodalab keladi. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da keltirilishicha, “miniatyura” italyancha nafis, nozik qilib ishlangan rasm, lotincha – “minium” qizil yoki qizgʻish-jigarrang boʻyoq maʼnosini anglatadi.

 

XV–XVІ asrlardan boshlab kitobat miniatyurasi oʻz choʻqqisiga chiqdi. Bu jarayon badiiy adabiyotning keng ommalashishi va rivojlanishi bilan bogʻliq edi. Sheʼriyat, nasr va tarixiy voqealarning taʼsiri miniatyura orqali yanada aniq va taʼsirchan namoyon boʻla boshladi. Bora-bora miniatyurada tarixiy shaxslarning portretlari va jang-u jadallar tasvirlari ushbu sanʼatga chuqur mazmun va hayotiylik qoʻshib, asarni yanada taʼsirchan va sirli boʻlishini taʼminladi.

 

Shu joyda savol tugʻiladi: nega Sharq miniatyurasida inson portreti reallikdan uzoq? Mutaxassislar bu holatni turlicha izohlasalar-da, oʻsha davr nuqtai nazaridan ikki muhim omilni taʼkidlab oʻtish joiz. Birinchisi, islom taʼlimotida jonli mavjudotlarni aynan tasvirlashga nisbatan ehtiyotkorlikning mavjudligi boʻlsa, ikkinchisi musavvirlarning real dunyo qiyofasini koʻchirishdan koʻra, uning maʼnaviy mohiyatini ramzlar orqali ifoda etishga moyilligidir.

 

Ushbu maqolada tarixiy va mumtoz asarlarga ishlangan miniatyuralar hamda Horun ar-Rashid, Muhammad Xorazmshoh, Bobur Mirzo, Shayboniyxon va Husayn Boyqaro kabi shaxslarning miniatyura sanʼati va haqqoniy hayotdagi qiyofalariga qiyosiy baho berishga harakat qilamiz. Tadqiqot jarayonida tarixiy manbalar va memuarlarda keltirilgan maʼlumotlar musavvirlar chizgan obrazlar bilan taqqoslanib, ularning tashqi qiyofasi, feʼl-atvori va muhiti miniatyuralarda qanday aks etgani oʻrganiladi. 

 

Hayotda pahlavon, suratda nozik...

Horun ar-Rashid miniatyurasiga nazar tashlagan kishi, shubhasiz, hayratga tushadi: Abbosiylar sulolasining dovruqli xalifasi, “Ming bir kecha” afsonalarining qahramoni, katta mamlakatning hukmdori nahot shunday nozik qiyofadagi yigit boʻlsa. Zotan, tarixiy manbalarda u qudratli, adolatli, dovyurak va qatʼiyatli podshoh sifatida tasvirlanadi. Ammo musavvir Behzod uni nafis qiyofali, oʻychan hukmdor sifatida gavdalantirar ekan, uning jismoniy qudratidan koʻra, maʼnaviy va falsafiy olamini koʻrsatmoqchi boʻladi.

 

 

Xoʻsh, hukmdorning asl surati qanday edi?

Manbalarda Horun 15 yoshlarga yetganda katta janglarda ishtirok etgani, hatto ularda qoʻmondonlik qilgani aytiladi. Jumladan, Mansur Abdulhakimning “Horun ar-Rashid: tuhmatlar qilingan xalifa” asarida quyidagi voqea bayon etiladi: “Mahdiy farzandi Horunni ot choptirish, oʻq otish, nayza uloqtirish va jang sanʼati kabi oʻyin-mashqlar bilan band qildi. Horunning qaddi-qomati mustahkamlanib, baquvvat yigit boʻlib yetishganidan keyin, 163-yilda (hijriy) otasi uni Rum (Vizantiya)ga urushga joʻnatdi. Qoʻshinda Husayn ibn Qahtoba, Muso ibn Iyso va Abdulloh ibn Solih kabi mashhur va kuchli sarkardalar borligiga qaramay, Horunni qoʻshin boshligʻi (sarkardasi) qilib tayinladi. Bu paytda ar-Rashidning yoshi 15 dan oshmagan edi”. Garchi Kamoliddin Behzod asarida Horun ar-Rashid qiyofasi adabiy va badiiy tasavvurda jonlantirilsa-da, manbalarda keltirilgan tarixiy-real holatni ham yoddan chiqarmasligimiz lozim.

 

Sallasi dumalagan Muhammad Xorazmshoh

Eʼtiboringizni Rashididdinning “Jomeʼ ut-tavorix” asari uchun Sayf al-Vohidiy tomonidan chizilgan, 1430-yilda Hirotda Shohrux Mirzo kutubxonasi uchun tayyorlangan mashhur miniatyuraga qaratamiz. Undagi tasvir faqat badiiy epizod emas, balki tarixning ogʻriqli sahifasidir. Asarda hukmdorning jon berish sahnasi, yaʼni kuch va saltanatning mahv etilishi ramziy tarzda aks ettirilgan. Miniatyurada Muhammad Xorazmshoh sallasi boshidan uchgan, kuch-quvvatsiz qiyofada koʻrsatiladi. Bu hukmdorning magʻlubiyati, taqdir oldidagi ojizligi ramzidir. Yerda yotgan salla orqali musavvir podshohning siyosiy tanazzulini koʻrsatishga erishadi.

Muhammad Xorazmshoh tarixiy manbalarda jasur, aqlli va baquvvat sarkarda sifatida taʼriflanadi. Biroq miniatyurada magʻlublikning badiiy ifodasini, barbod boʻlayotgan saltanat va qoʻrquv, kuch va ojizlikning bir tan ichida mujassam boʻlganini oʻziga xos rakurslarda koʻrganday boʻlamiz.

 

 

Husayn Boyqaro hayotda ham shunday odam boʻlganmi? 

Kamoliddin Behzod tomonidan chizilgan “Husayn Boyqaro” portreti tarixiy shaxs qiyofasini aniq va hayotiy tarzda ifoda etgan asar sifatida eʼtiborga molikdir. Muhimi, aynan shu asarni real manbalarda keltirilgan maʼlumotlar bilan hamohang tarzda yaratilgan, deyish mumkin. Buning isbotini Bobur Mirzoning “Boburnoma”dagi Husayn Boyqaroga berilgan taʼriflardan ham topsak boʻladi:

“Shakl va shamoyili qiyiq koʻzluk, sherandom boʻyluq kishi edi. Belidan quyi ingichka edi, xush rang qizil, yashil abrishimni kiyar edi. Qora qoʻzi boʻrk kiyar edi, yo qalpoq Ahyonan iydlarda kichik sepech dastorni yap-yassi yamon chirmon chirmab, qarqara oʻtakasi sanchib, namozga borar edi” (“Boburnoma” 47-b.).

 

 

Ushbu taʼrif oʻquvchiga shohning tashqi qiyofasi bilan birga, uning salohiyati va jismoniy tuzilishi haqida ham aniq tasavvur bera oladi. Behzod ham oʻz portretida aynan shu belgilar, yaʼni shohning keng yelkalari, yapaloq yuzi, qiyiq koʻzlari va salobatli holatini aniq proporsiyalarda aks ettiradi. Uning kiyimidagi qizil va yashil ranglar, bosh kiyimining shakli va bezaklari ham Bobur taʼrifidagi elementlarga mos keladi. Aytish mumkinki, “Husayn Boyqaro” portreti real manbalardagi tavsif bilan musavvirning individual qarashi uygʻunlashgan holda yuzaga kelgan. Ushbu asarni Temuriylar davridagi inson qiyofasini ilmiy aniqlik va tasviriy haqqoniylik asosida yoritgan muhim sanʼat namunasi sifatida baholash mumkin. Nusxasi Shvetsiyaning milliy galereyasida saqlanayotgan bu portretning asli shved sanʼatshunos olimi F. Martinning shaxsiy kolleksiyasida saqlanadi. 

 

Toj kiydirish marosimi

Navoiyning doʻstidan uzoqlashmaymiz. “Husayn Boyqaroning toj kiyish marosimi” deb ataluvchi miniatyura Temuriylar davri madaniy hayoti va davlatchilik anʼanalarini ifoda etgan muhim asarlar sirasiga kiradi. 1469-yilda Mansur Musavvir tomonidan chizilgani taxmin qilinadigan bu ushbu kartina hozirda AQSHning Vashington shahridagi Osiyo sanʼati Milliy muzeyida saqlanmoqda.

Miniatyurada yosh Husayn Boyqaro toj kiyish marosimi markazida salobat bilan oʻtirgan holda aks etgan. Uning ikki tomonida saroy amaldorlari, shoir va ulamolar, jumladan, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyni ham koʻrishimiz mumkin. Sezgir oʻquvchi tasavvurida bir holat gavdalanishi aniq. Maʼlumki, 1469-yili Xuroson taxtini Alisherning bolalik doʻsti Husayn Boyqaro egallaydi. Shu yili Alisher Navoiy Husayn Boyqaroga atab “Hiloliya” qasidasini bitadi. Ehtimol oʻsha mashhur qasida ana shu lahzalarda oʻqib eshittirilgandir.

 

 

Nizomiy panjasiga panja urayotgan lahza

Kamoliddin Behzod rahbarligida musavvir Qosim Ali tomonidan yaratilgan mashhur miniatyura “Navoiy buyuk shoirlar davrasida” (“Sufiylar bogʻda”) deb nomlanadi. Asarda Alisher Navoiyning “Xamsa”sining soʻnggi qismini ustozi va doʻsti Abdurahmon Jomiyga taqdim etishi hamda uning fikrini bilmoqchi boʻlgan lahza tasvirlangan. Manzara nafis chamanzor bogʻda kechadi: gullar ichidagi hovlida joylangan gilam ustida Sharq sheʼriyatining buyuk namoyandalari Nizomiy Ganjaviy, Firdavsiy, Amir Xusrav Dehlaviy, Saʼdiy, Sanoy, Anvariy, Unsuriy va Zakoniylar davra qurib oʻtirganini koʻramiz. Majlis ishtirokchilari Navoiyning ijodiy salohiyatini yuksak baholab, uni oʻzlariga munosib shoir sifatida tan oladilar.

 

 

 

Sirgʻa taqqan Bobur Mirzo

Zahiriddin Muhammad Boburning ushbu tasviriga koʻzingiz tushgan boʻlishi kerak. Shoh va shoir bogʻda, ariq boʻyidagi kursida, bir oyogʻining poyabzali yechilib, ikkinchi oyogʻining ustiga qoʻyilgan holatda mutolaa qilmoqda. Portret 1610-1615-yillar oraligʻida Boburning nevarasi Jahongir davrida yaratilgan boʻlib, hozirgi paytda London kutubxonasida saqlanadi.

 

Nima deb oʻylaysiz, Bobur Mirzo hayotda ham shunday koʻrinishda edimi? Darvoqe, Bobur Mirzo ham miniatyura sanʼatini chuqur tushungani, hatto zamonasining eng dovruqli rassomi Kamoliddin Behzod mahoratiga yuksak va tanqidiy baho berolgani ham bejiz emas.

“Boburnoma”da shunday yoziladi: “Mashhur musavvirlar qatoriga Behzod munosibdir. U badiiy mahoratning nozik jihatlarini egallagan, lekin soqolsiz yuzlarni yomon tasvirlaydi. Soqolli kishilarning chehralarini juda maromiga yetkazadi”. Yana bir bahsli jihat Bobur kiygan salla va uning qulogʻidagi sirgʻa. Koʻpchilik bu rasmdagi sallani shia mazhabidagi qizilboshlar bilan bogʻlaydi. Ammo, suratdagi salla qizilboshlarga tegishli emasligi qiyosan oʻrganilgan. Chunki, safaviylar davridagi qizilboshlar Boburdan farqli tarzda qizil rangli salla va “toji Haydariy” deb atalgan uzunchoq kuloh kiyganlari turli manbalarda keltiriladi.

Ushbu surat Bobur vafotidan taxminan bir asr keyin chizilganini hisobga olsak, bu davrda hind miniatyuralarida sirgʻa taqqan hukmdorlar tasviri keng tarqalganini aytishimiz mumkin.

 

 

Aslida sirgʻa taqish qadimgi turkiylarga xos odat sanalgan. Panjikentdan topilgan devoriy suratlarda turkiy qiyofali jangchilar sirgʻa bilan tasvirlanganini koʻramiz. Boburning keyingi avlodlari – Jahongir, Akbar, Avrangzebning miniatyuralarida ham ular qulogʻida sirgʻa bilan tasvirlanadi.

 

Asosiy masalalardan biri – biz bilgan Boburning miniatyurada noziklashib qolgani. Chunki u koʻpincha ikki norgʻul odamni qoʻltiqlab olib, Agra qalʼasi devorlari ustida yugurib mashq qilgani, Kobulda fitna uyushtirilib jang boʻlganda, bir oʻzi besh odamni yenggani tarixiy manbalarda aniq-tiniq yozilgan. Shuningdek, sarkardaning ajoyib suzuvchi va gʻavvos ham boʻlgani, Gangadan boshqa jamiki hind daryolarini suzib oʻtgani ham zamondoshlari asarlarida keltiriladi. Bobur ismining arabchada “sher” ekani ham uning abjir, dovyurak, chaqqon ekaniga ishora.

 

Yana bir qiziq fakt: Shoh va shoir “Boburnoma”da otasini taʼriflar ekan, “Otam har qanday yigitni bir musht zarbi bilan otdan agʻdarardi”, deb yozadi. “Boburnoma”da Hirotdan Kobulga borishda otning qornidan keladigan qor yoʻllarda oʻzi oldinga tushib qor tepib, lashkarga yoʻl ochgani, boshqalar gʻorda qor boʻronidan jon saqlasalar, Bobur qorda oʻra qazib, oʻsha yerda tong ottirgani haqida ham yozilgan. Bundan koʻrinadiki, shoh va shoirning kuch-quvvati biz oʻylagandan ham yuksak va havas qilarli bo‘lgan.

 

Qizil gilamdagi Muhammad Shayboniyxon

Yana bir diqqatga sazovor portret 1507-yilda yaratilgan Muhammad Shayboniyxon suratidir. Unda hukmdor tizzasiga qoʻllarini qoʻygan, chordana qurib oʻtirgan holda tasvirlangan. Bu holat undagi tabiiy magʻrurlik va salobatni ifodalaydi. Asar hozirda AQSHdagi xususiy kolleksiyada saqlanmoqda. Shayboniyxon oʻziga xos jismoniy kuch va harbiy tashkilotchilik mahorati bilan tanilgan. “Boburnoma”da u “Shayboqxon”, yaʼni “kuch-qudrat sohibi” sifatida tilga olinadi. Forsiy manbalar ichida uning shaxsiyati va faoliyati haqida Mulla Shodiyning “Fathnomayi xoniy”, Binoiyning “Shayboniynoma” hamda Roʻzibbekxonning “Safarnomayi Buxoro” asarlarida maʼlumotlar keltirilgan. Biroq Shayboniyxon shaxsiyatini toʻliq yoritgan yagona yaxlit manba Muhammad Solihning mashhur “Shayboniynoma” asaridir.

 

 

Portretda Shayboniyxon chordana qurib, ikki qoʻlini oyogʻi ustiga qoʻygancha salobat bilan oʻtirgan holda tasvirlangan. Uning boshidagi oq salla poklik, moviy rangdagi ustki kiyimi esa osoyishtalik ramzi. Orqa fondagi yashil devor hayot, yangilanish va barqarorlik maʼnosini anglatsa, Shayboniyxon oʻtirgan qizil gilam jang-u jadallar, toʻkilgan qon va gʻalabalarning ramziy ifodasidir. Suratdagi Shayboniyxon yuziga qarasangiz, oʻylanmasdan qoʻyilgan qoʻngʻir rangga koʻzingiz tushadi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanidagi voqeaga murojaat qiladigan boʻlsak, undagi jigarrang Shayboniyxon tomonidan boʻyalgan boʻlib, musavvirning chizgan rasmini oʻzi bilganday toʻgʻrilashga harakat qilganini koʻramiz.

 

Taniqli yozuvchi Saʼdulla Siyoyev “Dashti Qipchoq lochini yoxud Muhammad Shayboniyxon qissasi”da Shayboniyxonni shunday tasvir etadi:

“Shayboniyxon ham bugun shohona libosda emas, odmiroq kiyingan. Oyogʻida qoʻnji qizil etik, egnida koʻk shoyi yaktak, boshida bejirim oʻralgan simobiy salla. Qorin tekis, koʻzlari qiyiq, kalta kuzalgan soqol-murti oʻziga yarashgan. Yelkalari keng. Turish-turmushidan navjuvonlarga xos oʻktamlik, shijoat va quvvat yogʻiladi. Magar sallaga qoʻndirilgan yongʻoqdek yoqut jigʻa boʻlmasa, roʻparada Dashti qipchoq lochini, deya sharaf tojini kiygan Shayboniyxon emas, biror viloyat yo muzofotning sarkori oʻtiribdi, deb oʻylash mumkin edi”.

 

Ot ustidagi Shohrux Mirzo

Ushbu miniatyura Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli Shohrux Mirzo (1377-1447)ga bagʻishlangan boʻlib, 1436-yilda yaratilgan va Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari qoʻlyozmasidan oʻrin olgan. Hozirda u Daniyaning Kopengagen shahridagi Devid galereyasida saqlanadi. Koʻrinadiki, asarda tarixiy aniqlikdan koʻra, ruhiy holatni ifoda etish ustuvor: musavvir shohning qiyofasida hukmdorga xos viqorni, oʻyga choʻmgan, tafakkur bilan yashaydigan vazmin inson qiyofasini chizadi. Miniatyuradagi tasvir real tarixiy obraz bilan toʻliq mos kelmasa-da, u Shohrux Mirzoning ichki olami, siyosiy va maʼnaviy dunyosi ifodasi sifatida qadrlidir.

 

 

***

Shu oʻrinda miniatyura sanʼati nafaqat inson portretidagi feʼl-atvor, balki mif va afsonalar, mumtoz asarlar maʼno-mazmunini ochib berishda ham muhim manba boʻlib xizmat qilganini unutmaslik kerak. Ayniqsa, afsona va rivoyatlarni oʻzida aks etgan ayrim portretlar oʻzining favqulodda goʻzalligi, kutilmagan maʼno qirralari bilan kishini jalb etadi. Masalan, Muhammad Murod Samarqandiy “Siyavushni olov bilan tekshirish” miniatyurasini olaylik. Siyavush obrazi Markaziy Osiyo hududlarida azaldan mashhur boʻlib, xalq hayotida olamdan bevaqt koʻz yumgan qahramon sifatida oʻz oʻrniga ega. Miniatyurada otda oʻtirgan yigitning lovullab yonayotgan gulxan ustidan sakrashi tasvirlangan. Kompozitsiyaning markazida chavandoz va ot. Siyavush oq libosda, yosh oʻspirin va nozik koʻrinishda, uning oti ham oppoq rangda tasvirlanadi. Bunday uning ruhiy pokligidan darak beradi. Olov uchqunlarining Siyavushga tegmasligi esa uning begunohligi, halolligi va toʻgʻriligi ifodasidir.

 

 

***

Kamoliddin Behzod tomonidan Amir Xusrav Dehlaviyning “Layli va Majnun” asariga ishlangan miniatyurada ham bir-biridan qiziq ramzlarga duch kelamiz. “Qarindoshlarining Majnunni koʻrgani kelishi” kartinasi XVI asrda Hirotda yaratilgan. Majnunni hamma odamlar singari yashashga koʻndirish uchun tashrif buyurgan qarindosh-urugʻlar sahnasi koʻrinishi. Behzod mazkur manzarani kuzgi chinorlar, dala gullariga toʻla chamanzor, soya-salqin buloq koʻrinishlari bilan uygʻunlashtirishga erisharkan, tabiatning ana shunday goʻzal manzaralari ham Majnunni maftun etolmaganiga diqqatni qaratadi. Majnun tevarak-atrofga beparvo, loqayd. Uning uchun Laylining maʼnaviy goʻzalligidan ortiq baxt yoʻq. Odamlar esa buni tushunmayotgani, uni yupatishga harakat qilayotgani kishi qalbini toʻlqinlantirib yuboradi.

 

 

Xulosa qilib aytganda, biz miniatyurani reallikni koʻrsatuvchi vosita sifatida emas, balki oʻz ildizlari bilan haqiqatga chambarchas bogʻlangan yorqin badiiy asar sifatida talqin qilsakkina undan koʻproq bahramand boʻlamiz. 

 

Bobur ELMURODOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:11 / 03.11.2025 0 49
“Orzu-havas” ortidagi og‘riqlar

Adabiyot

16:10 / 29.10.2025 0 195
Dostonlarimizda harbiy hayot qanday tasvirlangan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//