12 yoshidayoq maktabda dars berishni boshlagan jadid-oʻqituvchi Sobirjon Rahimiy 1885-yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Otasi Rahimjon madrasa koʻrgan, bilimdon inson boʻlib, fors, tatar, uygʻur, rus tillarini mukammal bilgan. Rahimjon ota umrining katta qismini Rossiya, Turkiston Urumchi orasida karvonboshilik qilib, savdo ishlari bilan Eron, Turkiya kabi davlatlarda boʻlgan keng dunyoqarashga ega inson edi. U safarlari davomida Sharq mamlakatlarining ilmsizlik tufayli dunyo taraqqiyotidan ortda qolib, yildan yilga mustamlakachilarning zulmi ostida ahvoli ogʻirlashayotganligini koʻradi. Garchi Toshkentning yangi shahar qismida erlar, qizlar gimnaziyalari, real bilim yurti, kadet korpusi, oʻqituvchilar seminariyasi, temir yoʻl texnikasi va hunar bilim yurti, Toshkent harbiy bilim yurti kabi bir qator ilm maskanlari faoliyat olib borsa-da, mustamlakachi hukumatning sunʼiy toʻsiqlari tufayli ularda barmoq bilan sanarli darajada kam mahalliy yoshlar oʻqirdi. Qolaversa, eski maktablar bolani bunday zamonaviy oʻquv dargohlari uchun tayyorlamas, rus-tuzem maktablari esa koʻproq ruslashtirish siyosatiga xizmat qilgani uchun mahalliy aholi farzandlarini ularning qoʻliga topshirishni istamas edi.
Rahimjon ota Orenburgda jadid muallimlari orqali jadidchilik gʻoyalari bilan tanishadi. 1898-yil oyogʻi ogʻrib yurishga qiynala boshlagach, bogʻida maktab ochib, avval oʻzining farzandlariga dars bera boshlaydi. Yetti yoshli oʻgʻli Sobirjonning qisqa vaqtda kitob oʻqib, yoza boshlagani hammani hayratga soladi. Qizi Adolatning yoniga esa mahalladan ikki dugonasi qoʻshiladi. Yil oʻtmay qizlar oʻqib-yozish, sonlar bilan amallarni bajara boshlaydi. Rahimjon ota shundan soʻng maktabni hovlisiga koʻchiradi va tez orada mahallaning oʻzidan 15 chogʻli bola jamlanadi. Rahimjon domla sogʻligʻi tufayli katta oʻgʻli Sobirjonni 10 yoshidan oʻziga yordamchi qilib oladi. Shu tariqa Sobirjon 12 yoshidayoq maktabda oʻqituvchiga aylandi. Rahimjon ota bolalarga xat-savod bilan birga savdo tajribasidan kelib chiqib, hisob ilmiga oʻrgatardi. Kechalari farzandlari bilan yangi dars mavzusiga mos turli surat va qiziqarli matnlar tayyorlab bolalarni kutishardi. Bu esa darsning yanada qiziqarli, samarali boʻlishini taʼminlagan.
1901-yildan Munavvar qori Abdurashidxonov bilan hamkorlik qila boshlagan Rahimjon domlaning maktabida asosiy darslik Saidrasul Saidazizovning rus-tuzem maktablari oʻzbek sinflari uchun yozilgan “Adibi avval”i edi. 1905-yili Rahimjon domlaning kasali zoʻrayib, qizlari Adolat va Xosiyatni ham Sobirjonga yordam berish uchun maktab ishiga tortadi. Bir necha qizlardan iborat guruh ochib, dars bera boshlagan Adolat Rahimovani Toshkent shahridagi oʻzbek ayollaridan chiqqan ilk jadid muallimi, deyishimiz mumkin. 1906-yil Rahimjon ota vafot etganida Sobirjon 17 yosh, Adolatxon 14 yosh, Xosiyatxon 12 yosh, Shokirjon 7 yosh boʻlgan. Gʻafurjon va Salomatlar esa hali goʻdak yoshida edi.
Oʻquvchilar oʻrtasida maktab direktori Sobirjon Rahimiy. 1928-yil. Toshkent.
Katta oilaning tashvishi yosh Sobirjonning boshiga tushdi. U mahalla ahlining iltimosiga koʻra otasining maktabini davom ettiradi. Sebzor dahasining Taxtapul mahallasida joylashgan maktabga Sobirjon 1907-yili “Rahimiya” deb nom berib, toʻliq jadid maktabiga aylantiradi. Munavvarqori Abdurashidxonovning “Adibi avval”, “Adibi soniy” kitoblari asosida dars boshlaydi. 1910-yil Toshkentda bir necha oy yashagan Hamza Hakimzoda Niyoziy ham “Rahimiya” maktabida muallimlik qiladi. 1911-yilga kelib “Rahimiya” Toshkentning eng nomdor maktablardan biriga aylangandi. Shu orada Adolatxon turmushga chiqib, Sobirjon ham Begoyim Abdurazzaqova ismli otin qizga uylanadi. 1912-yil Toshkentning Charxi mahallasida Begoyim Rahimova oʻzining Turkistondagi birinchi yangi usuldagi qizlar maktabini ochadi. Bu Rahimiylar xonadoniga tegishli uchinchi maktab edi. “Sadoyi Turkiston”ning 1914-yil 30-may sonida Adolatxonning qizlar maktabi oʻquvchilarining namoyishkorona sinov topshirishi aks etgan maqolasi bosilgan boʻlsa, 1915-yilgi nashrida Begoyim Rahimova maktabi oʻquvchilarining ota-onalar va mehmonlar guvohligidagi imtihoni jadid matbuotida quvonchli hodisa sifatida eʼtirof etiladi. Oilaning kenja qizi Salomatxon ulgʻayib, Begoyim Rahimiy maktabida oʻqituvchi boʻladi, Gʻafurjon esa rus-tuzem maktabini tugatadi.
Oʻlkada sovetlar hokimiyati mustahkamlanib borishiga parallel jadid maktablari faoliyatiga chek qoʻyiladi. “Rahimiya” maktabi №18 maktab deb oʻzgartirildi. Bekoyim Rahimova 12-sonli ayollar maktabida dars bera boshlaydi. Biroq, 1919 – 20-yillar ocharchilik tufayli maktab yopilib, Begoyim Rahimova ishsiz qoladi. Keyinroq, 1920-yilda 38-sonli “Bilim” maktabiga ishga olinadi.
Sobirjon Rahimiy 1918 – 20-yillarda maktab faoliyatini saqlab qolish uchun “Qoʻshchi” ittifoqida savodsizlik kursida muallim va mudir boʻlib ishlaydi. 1924-yil Oʻzbekfilm uchun “Eski va yangi maktab” kino loyihasini yozib, unda oʻzi yangi maktab muallimi, Rahim Pirmuhammedov eski maktab muallimi rolini oʻynaydi. 1926-yil Samarqand shahrida ochilgan Oʻzbekiston ziyolilarining birinchi qurultoyida vakil boʻlib ishtirok etadi. Tajribali muallim Sobirjon Rahimiy direktor lavozimiga koʻtarilib, Oqilxon Sharafiddinov, Saʼdulla Sharafiddinov, Nosirxoʻja Akbarovlar oʻqituvchilik qilgan 18-maktab sovet maktab taʼlimi uchun namuna qilib olinadi.
Olti oylik muallimlar kursi bitiruvchilari bilan chapdan birinchi Begoyim xonim Rahimova 1934-yil. Toshkent.
Biroq, oʻtgan asrning 20-yillari soʻngida Munavvar qori Abdurashidxonov va uning “Milliy ittihod” guruhiga qarshi soxta ayblov kampaniyasi avj oldiriladi. Ular orasida Sobirjon Rahimiyga ham qarshi turli boʻhtonlar uyushtiriladi. Shunday bir sharoitda u direktorlikdan olinib, oʻrniga singlisi Salomatxon tayinlanadi.
Bu ishlardan soʻng Sobirjon Rahimiy muallimlikni tashlab, 1930-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning pedagogika fakultetiga oʻqishga kiradi. Talabalik yillari Toshkent viloyatining Chinoz, Xorazmning Mangʻit va Tojikistonning Hovaling tumanlarida madaniy oqartuv va oʻqituvchilarni tayyorlash ishida ishtirok etadi. 1934-yil oliy taʼlim haqida diplomni olgach, universitet tavsiyasi asosida Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinasozligi (“Toshselmash”) zavodi qoshidagi qisqa muddatli kurslarda va ishchilarning kechki universitetida til va adabiyot fanidan dars beradi.
Shu oʻrinda Sobirjon Rahimiyning ukasi hamda shogirdi boʻlgan Shokirjon Rahimiy faoliyatiga alohida toʻxtalib oʻtish joiz. 1898-yil tugʻilgan Shokirjon Rahimiy otasining barvaqt vafotidan soʻng akasi Sobirjonning tarbiyasida ulgʻaydi. Avval “Rahimiya”da akasining qoʻlida savod chiqardi, soʻng Munavvarqorining “Namuna” maktabida, ikki yil “Koʻkaldosh” madrasasida hamda uning qoshidagi kechki rus-tuzem maktabida taʼlim oladi. Madrasada arab tili, aqoid, islom fiqhi, tarix, adabiyotni, maktabda esa rus va tatar tillarini mukammal oʻrganadi. 1909-yildan boshlab akasi mudir boʻlgan Rahimiya maktabida oʻqituvchilik qiladi. 1913-yil Shokirjon birinchi kitobi “Tarixi muqaddas”ni Ilin tipografiyasida chop ettiradi. U juda kichik yoshidan jadid taraqqiyparvarlari safiga kirib keldi. 1914-16-yillarda Hamza Hakimzoda Niyoziyning tavsiyasi bilan jadidlarning “Turon” teatriga kirib, Abdulla Avloniy rahbarligida Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” dramasini sahnaga olib chiqadilar. Unda Shokirjon aktyor, akasi Sobirjon esa suflyor sifatida qatnashadi.
Shokirjon Rahimiy oʻqituvchilik bilan birga “Sadoyi Turkiston” gazetasida ham jadid gʻoyalarini targʻib etib, chaqishlar qiladi. 1916-yil mardikorlikka qarshi qoʻzgʻolonda ham, 1917-yil inqiloblarida ham jadid taraqqiyparvarlari safida faol ishtirok etdi. 1917-yil 14-mart kuni “Shoʻroi Islom” taʼsis etilganida birinchilardan boʻlib aʼzo boʻldi, Turkiston muxtoriyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Fuqaho” jamiyatiga kotiblik qildi. Toshkentdagi Turkiston muxtoriyati qurultoylarda ishtirok etdi, “Najot”, “El bayrogʻi” kabi jadid matbuotida muntazam chiqishlar qildi. Turkiston muxtoriyati bolsheviklar hukumati tomonidan qonli bostirilgach, yana maorif ishiga kirishadi.
1918-yil 12-may kuni Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida Turkiston xalq dorilfununi ochilganda, Shokirjon Rahimiy dorilfunun huzuridagi besh yillik dorilmualliminga rahbar etib tayinlanadi. 1918–1923-yillarda Toshkentning eski shahar maorif boʻlimida mudir, ayni paytda birinchi bosqich maktabi va taʼlim-tarbiya bilim yurtlarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritdi. “Chigʻatoy gurungi”da shaxsan Fitratning oʻzi Shokirjonga til va orfografiya masalalarida ishlashni buyuradi. Oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilar tayyorlovchi ikki oylik kurs ochib, unda Shokirjon Rahimiy, ustoz Fitrat, Qayum Ramazonlar bilan birga dars beradi.
Shokirjon Rahimiy 1922-yil Toshkentda ochilgan maorif institutini bitirib, oliy maʼlumotli pedagog, tilshunos diplomini qoʻlga kiritadi. 1927-yil Toshkentda ishchi fakulteti direktori, 1928-yildan maorif instituti mudiri, soʻng “Oʻzbekiston” nashriyotida mudir boʻldi. Shokirjon Rahimiy pedagog sifatida 1919-yilda chop etilgan oʻzbek tilidagi birinchi alifbe darsligi – “Sovgʻa”ning muallifidir. Shuningdek, 1922-yilda uning “Kattalarga oʻqish”, “Alifbe darsligi”, 1924-yilda “Kattalar yoʻldoshi”, 1925-yilda Shohid Eson Musayev bilan birga yozgan 4 jildli “Oʻzbekcha til saboqligʻi” darsliklari butun mamlakatga tarqatilgan edi. 1927-yilda “Kattalar alifbesi”, “Yashasun Turkiston”, “Batraklar alifbosi” kabi darsliklari, 1930-yilda “Savod”, 1932-yilda “Oʻzbek tili ish kitobi” singari oʻquv qoʻllanmalari chop etilgan. Bundan tashqari, “Islom tarixi” kitobini yozdi, 1924-yil ilk bor milliy kalendar yaratdi. Shokirjon Rahimiy tilshunos sifatida oʻzbek tili terminlari hamda Otajon Hoshimning taklifi bilan oʻzbek tilidagi singarmonizm hodisasini oʻrganadi. Yirik olim, jamoat arbobi boʻlgan Shokirjon Rahimiy 1937-yil 5-avgust kuni aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib qamoqqa olinadi va 1938-yil 5-oktyabr kuni mashʼum “uchlik” tomonidan oliy jazoga hukm qilinadi.
Shokirjon Rahimiy tuhmat bilan qamoqqa olinganidan soʻng koʻp oʻtmay akasi taniqli muallim Sobirjon ham 1938-yil 15-fevral kuni hibsga olinadi. Sobirjon Rahimiy 1925-yilgi namoyishda qoʻlida bir parcha yashil matodan bayroq tutgan holda ishtirok etgan va ishchi fakultetida mavzuni oʻzbek talabalariga oʻzbek tilida tushuntirib, Akmal Ikromov qamoqqa olingan vaqtda norozi ohangda gapirgan kabi tuturiqsiz ayblovlar bilan soʻroqqa tortilgan. Orderning 20-fevral kuni berilishi, shaxsiy anketasida uning tugʻilgan sanasi sifatida 1910-yil, 1893-yillarning koʻrsatilishi, turmush oʻrtogʻining 45 yosh deb yozilishi ham qamoqqa olinishning noqonuniy boʻlganini isbotlaydi. Dastlabki soʻroqlarda hech bir jinoyat alomatini topa olmagan tergovchilar yangi bir uydirma ishni kashf etishadi. Unga koʻra, Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi ishchi fakulteti direktori 1904-yil Forish tumani, Yangi qishloq mavzesida tugʻilgan Umar Togʻayev, fakultetning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Qodir Inogʻomov, sobiq zamdirektor Bektoʻra Nazarov, oʻqituvchilar Homid Valiyev, Hoji Ortiqov, ekspeditor Yaqubjon Hasanjonov, sobiq yongʻin xizmati rahbari Gʻulom Rahimov, sobiq talaba Hamid Umarov, sobiq partiya tashkilotchisi Bunin Aleksandr Ivanovich va fakultetning sobiq bosh buxgalteri Parfunsev Fedr Platonovichlardan iborat jami 11 kishini aksilinqilobiy tashkilot aʼzolari sifatida qamoqqa olib, ularni OʻzSSR JKning 60-, 63-, 64-, 67-moddalari bilan aybdor deb soʻroq qila boshlaydilar. 1939-yil 30-yanvar kuni Oʻrta Osiyo Harbiy Okrugi Harbiy tribunalida ish koʻrib chiqilib, Umar Togʻayev fashizm agenti, oʻzbek xalqining dushmanlari – Akmal Ikromov va Yer ishlari xalq komissari Rustam Islomovlarning odami deb topilib, ishchi fakultetini qozoq, qirgʻizlar uchun ham kadrlar tayyorlovchi markaz qilmoqchi boʻlganlikda ayblangan. Moskva va Peterburg taʼlim muassasalariga faqat oʻzbek talabalarini yuborgan. Fakultetdan rus pedagoglarini haydab, oʻrnini millatchi va boy unsurlar bilan toʻldirgan. Kalinin, Voroshilov, Budyonniylar qamoqqa olinganida ularning suratlarini ommaviy yoqib, Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromovlarning portret va byustlarini olib qoʻygan kabi ayblovlar yangraydi. Soxta ayblovlar asosida F.P. Parfunsev 4-yilga, Q.Inogʻomov, Ya.Hasanjonov, Gʻ.Rahimovlar 10-yildan, H.Ortiqov, H.Umarovlar 12-yildan, B.Nazarov, A.Buninlar 15-yildan, S.Rahimiy, H.Valiyevlar 20-yildan MTLga, Umar Togʻoyev esa otuvga hukm qilinadi. Biroq, ish shikoyat arizasi asosida 1939-yil17-sentyabrda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan qayta koʻrib chiqiladi. Umar Togʻayevning otuv hukmi 8-yillik mehnat tuzatish lageri (MTL)ga oʻzgartirilib, boshqalar qatori S.Rahimiyning ham jazosi yengillashtiriladi – 5-yil MTLga hukm etish bilan almashtiriladi…
Olti yillik nohaq hibsdan qaytgan Umar Togʻayev 1956-yil 10-fevral kuni Toshkent, Qorasuv tuman, Qorasuv shosse 205 uydan Turkiston harbiy okrugi rahbariyatiga shikoyat yuborib, “… tergovchilar nohaq edi. Oʻzlari toʻqib yozgan ayblovlarni barchaga jismoniy va maʼnaviy tazyiq va qiynoqlar asosida imzolatdilar. Ishchi fakultetida muhit men rahbar boʻlganimga qadar allaqachon izdan chiqqan edi. Men 1935-yildan dekabrda ishga kirib, oʻquv xonalari va yotoqxonaga elektr olib kirdim, yotoqxonada kitob, oziq-ovqat, sanoat mollari doʻkonlari ochdim. Kinozal, toʻgaraklar, statsionar poliklinika, bolalar bogʻchasigacha ochdim. Taʼlim sifati yaxshilandi, davomat ortdi. Qayta soʻroqlar vaqtida ham chaqirilgan 43 guvoh hammasi yuqoridagi soʻzlarimni tasdiqlashdi. Biroq, menga 8-yil mehnat tuzatish lageri berdilar. Nohaq jazoni 1946-yil tugatib keldim, 1953-yil koʻrlar maktabi direktorlik vaqtimda faoliyatim ortidan faxriy yorliq bilan ham taqdirlandim…” deb oʻzini reabilitatsiya etilishini oʻtinadi.
Belgilangan besh yillik jazoni yetti yilda oʻtab qaytgan, sogʻligʻidan ayrilib oʻgʻlining qaramogʻida yashayotgan 71 yoshli keksa muallim Sobirjon Rahimiy ham 1956-yil 20-iyun kuni Turkiston Harbiy Okrugi Harbiy tribunali prokurori nomiga shikoyat yoʻllab, oʻzining nohaq ayblovlar asosida qamoqqa olingani va oqlashlarini talab qiladi. Oʻzining Maorif xalq komissarligi yoʻllanmasi bilan 1935-yil avgustda qishloq xoʻjaligi ishchi fakultetiga oʻzbek tili oʻqituvchisi vazifasiga yuborilgani, bu vaqtda maskanda taʼlim izdan chiqqan, darslar vaqtida boʻlmasdan, talabalar orasida zoʻravonlar, ichkilikbozlik avj olganini, Umar Togʻayev davrida esa qisqa vaqtda katta ishlar amalga oshirilganini taʼkidlaydi.
Keksa muallim Sobirjon Rahimiy
Yuqoridagi arizalar asosida mazkur ish qayta tekshirilib, 1957-yil 10-yanvarda SSSR Oliy Sudi tomonidan Sobirjon Rahimiy va uning safdoshlari oqlandi. Biroq, bu kunlarga ularning bir qismi tirik yetib kelolmadilar. Jumladan, ajoyib muallim 1943-yil urushga yuborilgan Bektoʻra Nazarov jang maydonlarida qolib ketdi. Qodir Inogʻomov lagerda orttirgan kasalliklari tufayli 1950-yil 9-iyunda vafot etgan edi.
Xullas, 1957-yilga kelib aka-uka Shokirjon va Sobirjon Rahimiylar oqlandi. Umrining asosiy qismini muallimlik bilan oʻtkazgan Sobirjon Rahimiy maktabidan millatimizning ne-ne zotlari, iftixori boʻlgan olimlari, shoir-u muhandislari yetishib chiqdi. Birgina misol "Rahimiya" maktabi yonida Umar qozoq ismli tegirmonchi insonning uyi joylashgan edi. Uning vafotidan soʻng yosh yetim qolgan oʻgʻli Sobirjon tegirmonni ishlata olmay uyi yonida sabzavot doʻkoni ochib onasiga yordam berib yuradi. Ustoz Sobirjon Rahimiy uni maktabida ilm olishga daʼvat etadi. Yosh Sobirjon oʻzining ahvolini aytgach, unga yordam beradi va tekin darslik va qoʻllanmalar bilan taʼminlaydi. Maktabda ilm-savod olgan Sobirjon Boku harbiy bilim yurtiga oʻqishga tanlovdan oʻtganidan soʻng ustozidan duo olishga keladi. Sobirjon duoni olar ekan soʻngida rahmat aytib, ustozga meni ota-onam dunyoga keltirdi. Biroq, sizning bergan taʼlimingiz bilan meni qayta dunyoga keltirdingiz, bugun buyuk maqsad, katta orzular sari talpinmoqdaman. Sizning sharifingizni oʻzimga olsam rozi boʻlasizmi, deydi. Bu soʻrovni kutmagan ustoz yigʻlab, uzoq duo qiladi. Aynan shu ustozning duosini olgan yigit bugun millatimizning iftixorlaridan biri boʻlgan general mayor Sobir Rahimov edi.
Oʻzbekning minglab bolalarining goʻdak qalbiga ezgulik, ilm-maʼrifatga muhabbat tuygʻusini qadagan ustoz muallimning xotirasi hamon xalqimiz qalbidan oʻchmagan. Bugun Sobirjon Rahimiy avlodlari mamlakatimiz taraqqiyotiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshib kelmoqda.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyot
Tarix
Til
Falsafa
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q