Ibn Sinoning asl surati saqlanib qolganmi?


Saqlash
17:33 / 13.11.2024 641 0

Tarix qatlarida bizni hayratga soladigan ma’lumotlar nihoyatda ko‘p. Ular bilan tanishar ekansiz, hayratingiz ortib boraveradi. Ana shunday hayratlanarli tarixiy ma’lumotlarni XX asrning 20-yillarida sovet hokimiyatining zug‘umi ostida yurtni tashlab xorijga chiqib ketgan muhojir jadidlar ham matbuot sahifalarida e’lon qilib borgan (Ularning – hatto muhojirlikdagi qattiq ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan – ilmiy faoliyatdan bir daqiqa bo‘lsa-da to‘xtab qolmaganlari alohida tahsinga sazovordir).

        

Masalan, muhojir jadidlar tomonidan 1929–1939-yillarda Fransiya poytaxti Parij shahrida chop etib borilgan “Yosh Turkiston” jurnali tahririyati O‘rta osiyolik allomalar merosiga alohida e’tibor qaratib, ularning birinchi renessans davriga qo‘shgan ulkan hissalari to‘g‘risida muhim tadqiqotlarni e’lon qilib borgan.

 

Xususan, “Yosh Turkiston” jurnalining 1937-yilgi 89 va 91-sonlarida chop etilgan hamda Ibn Sino vafotining to‘qqiz yuz yilligiga bag‘ishlangan maxsus maqolalar shular jumlasidandir.

 

Dastlabki maqola Abdulvahob O‘qtoy (1904–1962) tomonidan yozilgan bo‘lib, maqolaning nomi “Ibn Sinoning vafotiga 900 yil to‘lishi munosabati bilan” deb nomlanadi. Unda muallif tomonidan Islom sharqida “Shayx ur-rais”, xristian g‘arbida esa “Hakimlar qiroli” degan taxalluslar bilan mashxur bo‘lgan buyuk turk olimi Ibn Sinoning vafotiga 900 yil to‘lishi qayd etilib, ushbu munosabat bilan Turkiyaning poytaxti Anqara shahrida Turk tarixi akademiyasi tomonidan yubiley sanani yuksak saviyada o‘tkazish hamda olimning tanlangan asarlarini nashrga tayyorlash ishlari boshlab yuborilgani ta’kidlanadi: “Turk tarixi akademiyasi bu ishlar ila mashg‘ul bo‘lish uchun professor Shamsiddin Oltoy boshchiligida bir hay’at saylamishdir. Turkiya matbuotinda bosilib chiqqon xabarlarga ko‘ra, ilm tarixi, falsafa tarixi sohasinda chalishaturg‘on turk mutafakkirlarindan tashkil topgan bu hay’at olti oydan beri hozirliqlar ko‘rmoqdadir”.

 

Abdulvahob O‘qtoy islom madaniyati tarixida o‘zining ilmiy faoliyati bilan katta o‘rin tutadigan, ismi insoniyat svilizatsiyasining mehrobiga oltin harflar bilan yozilgan Ibn Sino hayoti va merosini o‘rganishda Yevropa xalqlari ancha ilgarilab ketganini qayd etib, biroq turkiy xalqlar bu borada ulardan ancha orqada qolganini afsus bilan yozadi.

 

Bundan tashqari muallif Ibn Sinoning turk ekanini alohida urg‘ulab, biroq Yevropa xalqi uni arab millatiga mansub deb hisoblashini, bu esa juda katta xato fikrligini ta’kidlaydi: “Ovro‘pa esa bizim Ibn Sinomizni arab deb tanishtirib kelmoqda. Uni “Avitsenna” (Avicenne) deb ataydilar, arab o‘laroq tanirlar va tanitadurlar. Bu qanday g‘aflatdirki, bu kunda ushbu fikr bilan qanoatlanurlar”.

 

Abdulvahob O‘qtoy tomonidan havola etilgan Ibn Sinoning milliy tariximiz va ma’naviyatimizda tutgan o‘rni xususidagi quyidagi fikrlari ham e’tiborga molik: “Ibn Sinoning Turkiston turklari nazarida milliy, tarixiy, ilmiy yuksak bir siymo ekanligi, ayniqsa, 1917-yilg‘i inqilob boshlarinda ochiqcha sezilmishdir. Chorliq (Rossiya imperiyasi nazarda tutilmoqda – M.Alijonov) yiqilar-yiqilmas Turkistonning markazi Toshkentda tashkil qiling‘on milliy ilm o‘choqlarining eng muhimlarini o‘lka jadidchilari Ibn Sino ismi ila atamishlardir. Faqat, biroz vaqt so‘ngra Turkistonni qong‘a bo‘yab, uni qaytadan Rusiya hokimiyati ostina olg‘on rus bolsheviklari Turkiston turkligining o‘z tarixina, o‘z kechmishina ko‘rsatgan aloqasidan, bog‘liqlig‘indan siyosiy natijalar chiqarib, Ibn Sino nomiga qo‘yulg‘on ilm yurtlarini ham sovetlashtirdilar”.

 

Shuningdek, “Yosh Turkiston” jurnalining 1937-yilgi 91-sonida “Ulug‘ milliy siymo” nomli maqola e’lon qilingan bo‘lib, maqola ostiga “Boshqarma” deb imzo qo‘yilgan.

 

Ushbu maqolada quyidagilarni o‘qiymiz: “Ibn Sinoni o‘zimizdan, turk millatidan deyish bilangina qoniqish hosil qilish yaramaydi. Ibn Sino kabi shaxslar butun bashariyatnikidir. Uni o‘zlashtirish va u qoldirg‘on merosg‘a loyiq va yararliq bo‘lish uchun Turkiston yoshlari ilmga berilishi va uning asarlarini mutolaa qilishlari va yaqindan o‘rganishlari lozimdir. Ibn Sino asarlari, tabiiy, bu zamong‘i ilmning talab etgan saviyasida emasdir. Bu g‘oyat tabiiy bir narsa, chunki ilm bir nuqtada to‘xtab turmay, doimo taraqqiy etadurg‘on bir narsadur. Ilmning taraqqiysi uchun eng muhim narsa – asos prinsiplarga tayanmoqdir. Ilmning prinsipi – tabiatning bizga bilinmay kelayotg‘on yashirin alomatlarini yuzaga chiqarish va belgilash uchun eng to‘g‘ri vosita, yo‘lidir. Ba’zi ovro‘palik buyuk olimlarning aytishlaricha bizning Ibn Sino o‘z zamonasida katta rol o‘ynag‘on, ba’zi ilm sohalari prinsipini kashf etganlardan biri bo‘lg‘on”.

 

Shu bilan birga maqolada Ibn Sinoga zamondoshlari tomonidan munosib qiymat berilmagani, hatto ba’zi olim va johil mullalar uni “Din dushmani” deb e’lon qilgani, natijada asarlari ta’qiqlangani, oqibatda uning Turkistondan qochib ketish majburiyatida qolgani qayd etilgan. Shu boisdan ham diniy ilm bilan shug‘ullanuvchilar dunyoviy ilmlarning ham ahamiyatini teran anglagan holda, ushbu ilmlarni o‘rganishga odamlarga qarshilik qilmasliklari lozimligini, dunyoviy ilmlar insoniyat taraqqiyotining asosi ekani maqolada alohida ta’kidlab o‘tilgan.

 

Bundan tashqari noma’lum muallif Yevropada ham Ibn Sinoga o‘xshab aniq fanlarga doir ilmlar bilan shug‘ullanib ta’qibga uchragan olimlar yashab o‘tganini urg‘ulab, bunga Galileo Galileyni misol o‘laroq keltiradi: “Ibn Sinodan taxminan 400 yil so‘ngra dunyog‘a kelgan mashhur italyan fizigi va astronomi Galileo Galiley (Galilee – 1564–1642)ni katolik ruhoniy mahkamasi (sud – M.Alijonov) vahshiyona qaynatish va tirik holinda o‘tg‘a solib yondirish tahdidi ostida u inong‘on va zamonimizning asosiy ilmiy haqiqatlaridan bo‘lg‘on yulduzlar ilmi (ilmi nujum) qonunlaridan voz kechishga majbur etgan edi”.

 

Shuningdek, Abdulvahob O‘qtoy tomonidan “Yosh Turkiston” jurnalining xuddi shu 91-sonida Ibn Sinoga bag‘ishlangan yana bir maqola chop etilgan. Bu maqolaning nomi ham “Ibn Sino vafotiga 900 yil to‘lishi munosabati bilan”dir. Ushbu maqolaning o‘ziga xosligi shundaki, unda Abduvahob O‘qtoy “Ibn Sinoning asl surati saqlanib qolganmi?” degan masala ustida tahlillar olib borgan. Muallif dastlab maqolasining kirish qismida Ibn Sino tug‘ilgan qishloq tarixi xususida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi. Unda yozilishicha: “Ba’zi turkcha asarlar ila Ovro‘pa tillarida bosilg‘on asarlarda Ibn Sinoning 980-yilda tug‘ilg‘onlig‘i bildirilmishdir va uning tug‘ilgan yerining nomi Turkiya maorif vakolati tarafidan 1931-yilda Istanbul davlat matbaasinda bolsilg‘on “Tarix” kitobining II jild, 163-betida “Afshine”, ba’zi olmoncha asarlarda esa “Efschene” shaklinda ko‘rsatilmishdir. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1937-yil 27-mart kungi 70-sonida Ibn Sinoning tug‘ilgan yeri haqida o‘z muxbirining Buxorodan biridagi shu ma’lumotni bosmishdir: “Mashxur faylasuf Abu Ali ibn Sinoning Buxoro atrofidag‘i “Afsona” (gazeta imlosida “Afsana” qishlog‘ida tug‘ilg‘on deb yuritilur, lekin bu qishloqning qayerdaligi, hozir qaysi rayo‘ng‘a qarashi, tarixi noma’lum edi. Bu olim nomidag‘i qiroatxonaning xodimlari bu chigalni yechdilar. Ul “Afsona” nomi bilan yurgan bu qishloqg‘a hozir “Ifsoniy” (gazeta imlosida “Ifsani”) nomi berilgan ekan. Bu qishloq Buxorodan 24 kilometr narida, Vobkent rayo‘nig‘a qarashli Peshkuh (gazeta imlosida “Peshkoh”) qishlog‘ining sharqida ekan. U hozir “Deche” (Dece) qishloq sovetiga qaraydi. Unda yashovchi 50 xo‘jaliqning hammasi kolxozlashib “Qizil mehnat” nomli kolxoz tuzilgan. Afsona qishlog‘i Abu Ali Sino tug‘ilg‘on vaqtda (gazeta imlosida “Zandaniy”) tumanining markazi ekan. Qishloqning aholisi 200 dan ortiq bo‘lg‘on. 7 ta katta masjid va “Avliyo maqbarasi” bo‘lg‘on. Bularning hammasi hozir yo‘qolib “Tosh masjid” nomi bilan yurgan masjidning g‘ishtlari, eshiklari qolg‘on. Uning mehrob o‘rni ham aniq. O‘sha yerdagi bu masjidning bundan 250 yil ilgari remo‘nt qiling‘onini aytadilar. Qolg‘on 6 masjidning hech biri qurilg‘ondan keyin remo‘nt bo‘lmay buzilib ketgan”.

 

Abdulvahob O‘qtoy Ibn Sinoning asl (orginal) surati saqlanib qolganiga doir qiziq tarix yoritilgan Fuod Ko‘pruluzoda tomonidan “Jumhuriyat” gazetasining 1936-yil 7-oktyabr kungi sonida chop etilgan “IX asrda islom san’ati va Ibn Sinoning tasviri” nomli maqolani tahlil etadi.

 

Fuod Ko‘pruluzodaning fikricha Ibn Sinoning siymosiga doir turfa xil suratlar ishlangan bo‘lib, ularning birortasi tarixiy asoslarga ega bo‘lmasdan, faqat xayolot mahsulidir. Abdulvahob O‘qtoy Ko‘pruluzodaning nomi yuqorida zikr etilgan maqolasidan quyidagi iqtiboslarni keltiradi: “Xoramzshoh Abul Abbos Ma’munning Ahmad ibn Muhammad as-Saxliy (to‘g‘risi Saxiliy) ismli bir vaziri bor ediki, u fozil, karim, ilmsevar bir odam edi. Bu sababla u tibda (tibbiyot), falsafada, riyoziyotda (matematika), nujumda eng ilgari ketmish olimlarni saroyga to‘plamishdir. Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr, Abu Saxl bularning eng peshqadamalaridan edi. Nihoyat bir kuni G‘aznaviy Sulton Mahmud ham ularning dong‘ini eshitdi. U G‘aznaning buyuk olimlaridan Xo‘ja Husayn ibn Alini maktub bilan Ma’munga elchi qilib yuborib, bu olimlarni G‘aznaga yuborishini so‘radi. Ma’munning shoh Mahmud amriga qarshi kelmakka kuchi yetmas edi. Bino alayh, u olimlarni o‘z huzuriga chaqirtirgan holda vaziyatni tushuntirib, ularni G‘aznaga yuborishini bildirdi. Ibn Sino ila Abu Saxl qat’iyyan ketmasliklarini bildirdi. Qolganlari esa mamnuniyatla ketishga roziliklarini so‘yladilar. Ibn Sino ila do‘sti Xorazmda qolmay darhol shahardan chiqdilar, yo‘llarda ko‘plab qiyinchiliklarga uchradilar, Abu Saxl bu mashaqqatlarga chidolmay yo‘lda vafot etdi. Ibn Sino zahmat bilan avval Tusga, undan so‘ng Nishopurga bordi. Bu orada qolgan uch olim, ya’ni Beruniy, Abu Nasr va Abulxayr G‘aznaga bordilar. Holbuki Sulton Mahmudning asl maqsadi Ibn Sinoni G‘aznaga keltirish edi. Uni ko‘rmagach, riyoziyotchi va naqqosh bo‘lgan Abu Nasrga Ibn Sinoning rasmini chizdirdi, naqqoshlarni keltirib uning qirq nusxasini chiqartirdi va amrnomalar yozdirib bu rasmlarla barobar, mamlakatning har tarafiga yubordi. Mahmud G‘aznaviyning ushbu amrnomasida “Bu rasmning sohibi bo‘lgan Ibn Sino ismli odamning qayerda ko‘rilgani zamon G‘aznaga yuborilishi shartligi” yozilgandi.

 

Ibn Sino Nishopurga kelgach, Mahmudning o‘zi to‘g‘risida chiqargan farmonidan xabar topdi. Bir necha kun u yerda yashagandan so‘ngra, Jurjonga ketdi. Chunki u Jurjonning podshohi bo‘lgan Qobusning ilmni va olimlarni himoya etishi to‘g‘risida eshitgan edi.

 

Ibn Sino Jurjonga kelib bir karvonsaroyda xastalarni da’volab tanildi. U davrda Qobusning aqrabolaridan (yaqin kishi, qarindosh – M.Alijonov) biri xasta edi. U yerdagi hakimlarning butun g‘ayratlariga qaramay kasal tuzalmasdi. Uning odamlaridan biri Ibn Sinoning shuhratidan xabardor edi, uni Qobusga tavsiya etdi. Ibn Sino u xastani ham da’volab tuzatdi. Buni eshitgan Qobus bu mohir hakimni ko‘rmakni istadi. Ibn Sinoni huzuriga chaqirtirdi. Biroz avval G‘aznaviyning amrnomasi va suratini olgan Qobus Ibn Sinoni ko‘rishi bilan darhol tanidi. “Sen Ibn Sinomisan?” deya so‘radi. “Ha” javobini olgach Qobus taxtdan tushib unga hurmat ko‘rsatdi, yoniga o‘tkazdi, suhbatlashdi. Bundan so‘ngra Ibn Sino Ray shahriga ketib Alouddavlaning vaziri bo‘ldi…”.

 

Professor Muhammad Fuod Ko‘prulu Ibn Sinoning haqiqiy bir surati chizilganini aytib, hayrat ichra o‘z maqolasini shunday tugatadi: “Ajabo, XI asrning boshida yoyilgan va XII asrda odamlarning qo‘llarida mavjud bo‘lganligi aytilayotgan bu tasvir, yoxud, muaxxir bir davrda undan iste’foda etilgan holda yoyilgan boshqa bir yangi nusxalardan birini qo‘lga kiritish mumkinmi? Yo‘qsa, ko‘plab yong‘inlar, zilzilalar, xarobalar, istilolar, juda ko‘p kultur xazinalar kabi buni ham o‘rtadan qoldirmishdir? Buning javobini berishga hozir hech kim qodir emasdir. Hozir bizning vazifamiz umid qilish va izlanishdir!”.

 

 

Ibn Sinoning “Yosh Turkiston” jurnalida bosilgan surati

 

Abdulvahob O‘qtoy shunday bir ulug‘ siymoning vafotiga 900 yil to‘lishi munosabati bilan – doimo xalqlararo do‘stlik shiorini ilgari surib kelgan – SSSRda ushbu sana keng miqyosda nishonlanmaganini qayd etib, qachon Turkiston ozod va hur bo‘lsagina xalq o‘zining milliy tarixini erkin o‘rgana olishini, ana shundagina Ibn Sinoning ham hurmatini o‘z joyiga qo‘yish mumkinligini ta’kidlagan.

 

Xulosa o‘rnida aytganda, sovet hokimiyatining qatag‘on siyosati natijasida ona vatanini tashlab ketishga majbur bo‘lgan muhojir jadidlar, garchi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy mashaqqatlarga qaramay milliy tariximizni, O‘rta osiyolik olimlarning ilmiy merosini, xususan Ibn Sinoning hayoti va faoliyatini uzluksiz tarzda targ‘ib etish bilan shug‘ullandilar.

 

Qolaversa, yuqoridagi qaydlardan ham yaqqol ko‘rinib turibdiki, buyuk allomamiz bo‘lmish Ibn Sinoning haqiqiy siymosi tasvirlangan asl surati chizilgan va nusxalarga ko‘paytirilgan holda butun musulmon olami bo‘ylab tarqatilgan. Ehtimol, ayni shu kunlarda ushbu nusxalardan birisi dunyoning qaysidir kutubxonasida yoki biror kishining shaxsiy kolleksiyasida saqlanayotgandir? Nima dedingiz?

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22515
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//