1912-yil 13-noyabr Namanganning Tanhog‘or mahallasida o‘zbekning iste’dodli shoiri, tarjimon va dramaturgi Usmon Nosir dunyoga keldi. Otasi Mamatxo‘ja davr qiyinchiligi, ochlik va xastalikdan 1916-yil vafot etdi. Shoir keyinchalik ana shu vaqtlarni xotirlab:
Otam o‘ldi, men sarson bo‘ldim,
Shum yetim deb so‘kdilar meni.
Ajab kunlarga mubtalo bo‘ldim,
Ko‘chalarga quvdilar meni...
deya yozadi. Otasidan yetim qolgan bola onasi bilan boylarning uyida xizmat qiladi. Usmon Nosirning onasi Xolambibi keyinchalik Nosir hoji degan rus tilini biladigan, tijoratchi bilan oila quradi va 1921-yil ular Qo‘qonga ko‘chib keladi. Shu tariqa shoir Qo‘qonning ulkan tarixga ega adabiy muhitiga kirib boradi.
Hayotining “poshsho” davrida bolalar bilan o‘ynashi, zavqlanishi kerak bo‘lgan bola o‘gay otaning doimiy kaltaklari va haqoratlari qurshovida qoladi. Og‘ir jazolardan biri haqida shoirning do‘sti Temur Fattoh o‘z xotiralarida aytib o‘tadi. Bir kuni Xolambibi uyda bo‘lmagan vaqtda, hoji yosh Usmonni holdan toyguncha urib, qo‘lini orqasiga bog‘lab, oyog‘idan quduqqa osib qo‘yadi. Kutilmaganda kelib qolgan Tohirjon Sobirov uni quduqdan qutqarib oladi. Shundan so‘ng “Yangi hayot” maktabida o‘qiyotgan bolani onasi “Dor-ur shafaqa” – yetim bolalar yotib o‘qiydigan maktabga berishga majbur bo‘ladi. Zulmkor otadan ozod bo‘lgan Usmon endi she’riyatga butun vujudi bilan sho‘ng‘iyda. Abdulahad Qahhorov rahbari bo‘lgan “Sanoyi nafisa” to‘garagiga a’zo bo‘ladi va she’r mashq qila boshlaydi.
1927-yilda Qo‘qon shahar xotin-qizlar muxbirlari mitingi munosabati bilan “Bizning ko‘zgu” devoriy gazetasi chiqariladi. Unga maktab o‘quvchilari maqola, she’r, ocherklar berishadi. Ular orasida Usmon Nosirning “Haqiqat qalami” nomli ilk she’ri ham bor edi. Keyinchalik Muxtorxon domla tashabbusi bilan bu she’r “Yangi yo‘l” jurnalining 8-sonida qayta nashr etiladi.
Haqiqatni yozasan,
Borliqni sen kezasan...
deya muxbirlarni olqishlab yozgan shoirni, afsuski qalam ahli himoya qilmaydi.
Usmon Nosirning hayot yo‘li rang-barangliklardan iborat. Misol uchun, 1929-yil to‘qqiz yillik maktabning birinchi bitiruvchilari bo‘lgani uchun Moskva va Leningradga ekskursiyaga boradi. Sayohat davomida Usmonning dunyoqarashi kengayadi. U Moskva Kinemotagrafiya davlat instituti va Samarqand Pedagogika akademiyasiga o‘qishga kiradi, ammo sog‘lig‘i va xulqidagi muammolar sabab bu ikki oliygohni ham tugata olmaydi.
Sobir Abdulla xotiralariga qaraganda Usmon Nosir Amin Umariy bilan Qo‘qon mumtoz adabiyotini o‘rganadi. Temur Fattoh esa ular 1926-yilda nashr etilgan Sergey Yeseninning to‘rt jildlik asarlarini o‘qishganini aytadi. Shoirning “Monolog” she’rida Dezdemona, Otello qahramonlari, Shekspir nomlari keltiriladi. Bundan ko‘rinadiki, Usmon Nosir sharq va g‘arb adabiyotidan xabardor bo‘lib, ularning mohiyati, yig‘indisini o‘z she’rlarida jamlagan.
Turob To‘la shoirni “Qalamida Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Furqat nafasi ufurgan, Dante, Petrarka muhofazalarini eslatgan, Pushkin, Lermontovlarni o‘zbek tilida gapirtirgan shoir” deya tar’iflaydi. Usmon Nosirning ilk to‘plami “Quyosh bilan suhbat” bo‘lib, 1932-yilda nashr etilgan. Shoirning ijodiy merosi beshta she’riy kitob, to‘rtta drama va uchta dostondan iborat. Asarlaridagi ismlar mahorat bilan tanlanganki, ular insonni o‘ziga ipsiz bog‘laydi. Masalan, “Atlas” pyesasida bosh qahramon Atlas yoki “Naxshon” dostonidagi Naxshon ismlari noyob va o‘ziga xos. Shuningdek, “Yurak”, “Monolog”, “Yo‘lchi”, “Nil va Rim” she’rlari Usmon Nosirning tug‘ma talant ekanini isbotlaydi.
O‘tkir Rashid “Usmon Nosir haqida” nomli maqolasida shoirga quyidagidek ta’rif beradi: “Uning 1927-yildan 1932-yilgacha bo‘lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun uning she’rlari shior va chaqiriq bo‘lib yangradi. Bu xususiyat Usmon ijodining zamon talabiga hozirjavobligini ko‘rsatdi… Shoirning mana shu dastlabki davr ijodida tematik aktuallik va rang-baranglik ustun bo‘lsa-da, bu yillar badiiy mahorat va ijodiy mustaqillik yo‘lida izlanish davri edi.”
Usmon Nosir tarjimon ham edi. U 1937-yil rus shoiri A.S.Pushkin vafotining yuz yilligi munosabati bilan uning “Bog‘chasaroy fontani” asarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Nodira Rashidova suhbatlarining birida aytib o‘tadi: “1937-yil Moskvada Pushkinga bag‘ishlangan plenum bo‘ladi. O‘sha plenumga o‘zbek yozuvchilari ham taklif etiladi. SSSR Yozuvchilar uyushmasi raisi Bezimenskiy minbarga chiqib maʼruza qilayotganida Pushkin nemis ijodkori Gyotening sheʼrlarini tarjima qilgani haqida soʻz yuritib, oʻsha tarjimadan misollar keltiradi. Shunda eng orqadagi oʻrindiqda oʻtirgan Usmon Nosir shartta oʻrnidan turib, “Kechirasiz, Nikolay Aleksandrovich, bu Gyotening emas, Shillerning misralari!” deydi. Shunda uyushma raisi dovdirab qoladi va uni sahnaga taklif qiladi. Togʻam oʻzini tanishtirgach, Nikolay Aleksandrovich undan, sen Shillerni oʻqiganmisan, deb soʻraydi. Usmon Nosir esa, nafaqat oʻqiganman, hatto yod olganman, deya Shillerning dostonini yoddan oʻqib beradi. Bezimenskiy hayratda qoladi. Togʻamning yelkasidan mahkam quchib, zalga qarab, “Hamma koʻrib qoʻysin! Sharqda Pushkin paydo boʻldi!” deydi, shundan so‘ng Moskva gazetalarida Usmon Nosir haqida maqolalar yozilgan.
Shuningdek, u M.Y.Lermontovning “Demon” (“Iblis”), va “Egmont” tragediyasini ham o‘zbek tiliga tarjima qiladi. XX asrning 30-yillarida O‘zbekiston radio qo‘mitasi rahbari Qurbon Beregin bu asar ham o‘zbek tilida qo‘yilishi shart degan fikrga keladi va uni tarjima qilishni Usmon Nosirga topshiradi. Lekin 1937-yil avgust oylarida Usmon Nosir hibsga olingani sabab “Egmont” tragediyasini o‘zbek tiliga o‘girgan odam sir tutiladi. Naim Karimov izlanishlari natijasida o‘tmishning bizdan yashirgan maxfiy ma’lumoti oshkor bo‘ldi.
1937-yil 27-yanvar kechasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi soyuzida 25 yoshli Usmon Nosir ijodining o‘n yilligi munosabati bilan ijodiy kecha o‘tkaziladi. Oybek: “Usmon Nosir – ulug‘ shoir. Uning 25 yilligini nishonlasa arziydi. Ehtimol hali unga haykal qo‘yarmiz. U o‘zbeklarning Lermontovi”, deya shoir ijodiga yuksak baho bergan.
Shoirning hayotidagi sho‘xliklarni aytib o‘tish ham o‘quvchi oldidagi burchimiz. Usmon Nosirning do‘stlari ko‘p bo‘lgan va ular doimiy bazmlarda ishtirok etgan. Shoir shunday joylarda she’r o‘qishni yoqtirgan, ayniqsa yosh qizlarning oldida, ularga bag‘ishlangan she’rlarni maromiga yetkazib o‘qigan.
1937-yilning qaqshatqich qatag‘on siyosati O‘zbekistonga ham kirib keladi. Bu siyosat birinchi galda adabiyot ustunlari Cho‘lpon, Fitrat, shuningdek Usmon Nosirga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu vaqtda Usmon Nosir endi 25 yoshga kirgan, hali oila ham qurmagan, yosh va navqiron edi. 1937-yil 12-iyulda Usmon Nosir O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasidan o‘chiriladi, 13-iyul kuni esa NKVD xodimlari tomonidan qamoqqa olinadi. Shoir qalami o‘tkir, ma’rifatparvar, muxlislarining doim e’tibor va e’tirof markazida bo‘lgan, shuning uchun ham ba’zi hasadgo‘ylar uni “millatchi”likda ayblab ariza va ko‘rsatma berishadi. Uning jinoyat ishi 12 ming 192 varaqni tashkil etgan.
Davrning qiyinchiligi, NKVD xodimlarining tergov jarayoni qanday bo‘lgani hammaga ma’lum. Qamoqqa olinganlar u yerdan qaytib chiqolmagan, aybi bo‘lmasa NKVD xodimlari tomonidan ayb yaratilar edi. Usmon Nosirni 1938-yil 5-oktyabrda o‘tkazilgan sud “millatchi”, “Pushkin asarlarining saviyasini tushurish uchun tarjimani qasddan buzgan”, “ruslarga qarshi xunrezli niyati bor” degan ayblovlar qo‘yib, o‘n yil ozodlikdan mahrum qiladi.
Shoir adolat nimaligini bilmaydigan zamondan haqiqatni izlaydi. Qamoqda bo‘lgan vaqtida Stalinga jinoiy ishini qayta tekshirishini so‘rab xat yozadi. Doimiy harakatlar besamar ketmaydi. 1944-yil 15-dekabrda Harbiy prokratura Usmon Nosir ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmni bekor qiladi. Afsuski, oqlov tizimi ancha kechikadi. Usmon Nosir 1944-yil 9-mart sanasida yurak zaifligi va o‘pka silidan vafot etgan edi.
Shoir xotirasini abadiylashtirish yo‘lida Abubakir Rajabiy birinchilardan bo‘lib 1969-yilda shoirning ikki jildlik “Tanlangan asarlar”ini nashr etgan. Nodira Rashidova, Naim Karimovlar esa u haqida kitob, maqolalar yozishgan.
Xulosa o‘rnida Abdulla Oripovning shoir haqidagi fikrini keltiramiz: “Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she‘riyatning diydasini oqib ulgurmagan shabnamdir, u hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir”.
Zebo RAXMATULLA qizi,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti talabasi
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q