
Bayroq – qadimgi davrlardan buyon insonlar tomonidan foydalanib kelinayotgan asosiy ramzlardan biridir. Jangovar tugʻlardan boshlangan bayroq evolyutsiyasi juda uzoq va boy tarixga ega. Jumladan, oʻzbek xalqi ham oʻzining ulugʻvor va oʻziga xos bayroqlar oʻtmishi bilan faxrlana oladi.
Koʻk boʻri
Eng yirik turkiy xalqlardan biri boʻlgan oʻzbeklar bayrogʻi tarixini turkiylarning shonli imperiyasi – Buyuk Turk xoqonligi yalovidan boshlash mumkin.
Hozirda Buyuk Turk xoqonligi ramzi sifatida ishlatilgan bayroqning aniq versiyasi boʻlmasa-da, turli olimlar tadqiqotlar natijasida uning taxminiy koʻrinishini yaratgan.
Ushbu tugʻda koʻkturklar ramzi boʻlgan rang – koʻk rang va boʻri tasvirini koʻrish mumkin. Turkiy xalqlar afsonalariga koʻra, turkiylarning bosh boʻgʻinlaridan biri, Ashina urugʻi ona boʻri yordamida tirik qolgan va koʻpaygan. Shu sababdan ham imperiya bayrogʻida ushbu jonzot aks ettirilgan.
Qashqir hozirgi kunda ham turkiylar totemi, ramzi hisoblanadi.
Uch yoy
Oʻzbekiston davlatchiligi hamda oʻzbek xalqi tarixida muhim iz qoldirgan davlatlardan biri – bu Qarluq-qoraxoniylar saltanati edi. Ushbu davlat yalovi aksariyat holda toʻq sariq rangda tasvirlanadi.
IX-XI asrlarda hukm surgan ushbu imperiya uch turkiy qabila – qarluq, chigil va yagʻmo ittifoqi negizida tashkil topgandi. Saltanat bayrogʻidagi uch yoy va oʻq aynan shu uch qabilani anglatishi haqida taxminlar keng tarqalgan.
Sariq-qora yoxud yashil rang hamda tovus
Osiyo markazida ulkan imperiya qurib, turkiy va forsiy madaniyatni birlashtirgan Gʻaznaviylar davlati bayrogʻi borasida olimlar fikri ikkiga boʻlinadi.
Yevropalik tadqiqotchilar ushbu saltanat yalovini sariq doirali qora rang bilan tasvirlaydi. Bu versiya oʻziga yarasha asoslarga ega. Doira shakli Gʻaznaviylar nazorat qilgan Hindistonda ancha mashhur boʻlgan va bu shaklni Amir Temur hamda koʻplab boshqa tarixiy davlatlar bayrogʻida uchratish mumkin. Qora rang esa turkiylarda kuch, hukmronlik ramzi hisoblangan.
Turkiy tarixchilar ilgari suruvchi tugʻda esa islom ramzi boʻlgan yashil rang va Oy hamda tovus tasvirlangan. Gʻaznaviylar davrida turkiy qabilalar islom diniga yanada yaqinlashgani va sulolaning qudratli hukmdori Mahmud Gʻaznaviy musulmon madaniyatiga katta eʼtibor bergani hisobga olinsa, bayroqda islom ramzlari – yashil rang va hilol boʻlishi toʻla mantiqiy.
Tovus esa islomda ham, buddaviylikda ham alohida ahamiyatga ega qushlardan biri.
Ikki boshli burgut
Turkiy xalqlarning eng yirik imperiyalaridan biri boʻlgan Saljuqiylar saltanati boshqa turkiy xalqlar qatori oʻzbeklar oʻtmishida ham muhim oʻrin tutgan.
Ushbu davlat bayrogʻidagi ikki boshli burgut ramzi tarixi miloddan avvalgi asrlarga borib taqaladi. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu ramz hozirgi Turkiya hududida hukm surgan qadimgi Xett podsholigida paydo boʻlgan. Shundan beri turli dinlar va xalqlar ushbu geraldikadan foydalanib keladi.
Chunonchi, Rossiya, Albaniya, Shri-Lanka, Chernogoriya, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlarning bugungi ramzlarida ham ikki boshli burgutni koʻrish mumkin.
Turkiylik va islom ramzi
Osiyoda ulkan hududlarni zabt etib, katta imperiya qurgan Xorazmshohlar oʻz ajdodlari boʻlmish turkiylar anʼanasini davom ettirib, mamlakat yalovi uchun kuch-qudrat rangi – qorani tanlagan.
Qolaversa, ular bayroqqa islom ramzi sifatida yashil oy tasvirini ham qoʻshgan.
Chigʻatoy ulusi
Oʻzbek tarixi va tili uchun muhim davr hisoblangan Chigʻatoy ulusi zamonida moʻgʻul bayroqlar ruhidagi tugʻ mamlakat belgisi boʻlgan. Chigʻatoy ulusi koʻpchilik oʻzbeklar tomonidan moʻgʻul davlatchiligi deb yanglish qabul qilinadi. Aslida Chingizxon davlati va uning merosi tarixdagi juda bahsli mavzulardan biri. Shunisi aniqki, Chigʻatoy ulusi aholisining katta qismi turkiylar boʻlgan va ular boshqaruvda ham yetakchi oʻrinni egallagan. Aynan Chigʻatoyxon ulusi boʻlinishi oʻzbek va uygʻur xalqlarining ajralishini ham boshlab bergan. Oʻzbek tili keyingi asrlarda chigʻatoy tili deb yuritilgan.
Chigʻatoyxon davlati bayrogʻi XIV asrda tuzilgan qimmatli Katalon atlasida tasvirlangan. U boshqa bir moʻgʻul davlati – Hulokular davlati yalovi bilan faqat ranglarda farq qilgan. Bayroqdagi sariq toʻrtburchak keng, tekis dashtni yoxud keng dashtga oʻrnatilgan oʻtovni anglatishi aytiladi.
Oʻzbekxon bayrogʻi
Oʻzbek xalqi etnogenezida asosiy rol oʻynagan Oltin Oʻrda (Dashti Qipchoq) urugʻlari uzoq vaqt Botuxon sulolasi tamgʻasidan (bosagʻa tamgʻa) davlat tugʻi sifatida foydalanib kelgan.
Keyinroq, 1320-yilda islom dini Oʻzbekxon tomonidan davlat dini deb eʼlon qilingach, bayroqqa islom belgisi – hilol qoʻshilgan.
Oltin Oʻrda ham Chigʻatoy va Huloku davlati kabi oq rangli bayroqdan foydalangan.
Buyuk oʻzbek yalovi
Sohibqiron Amir Temur bayrogʻi haqida juda koʻplab tadqiqotlar qilingan, turli fikrlar ilgari surilgan.
Ularning baʼzilari Temur yalovidagi uch doira uch qitʼaga (oʻsha paytda maʼlum boʻlgan Osiyo, Yevropa va Afrika) ishora ekanini, baʼzilari esa uch halqa uch unsur: suv, havo va yerni ifodalashini taʼkidlaydi.
Yana bir versiyaga koʻra, Temur yalovidan tashqari yana boshqa muhrlarda (masalan, Yuan sulolasi bayrogʻida) ham uchrovchi bu uch halqa qadimgi hind belgisi – Chintamaniga bogʻliq.
Chintamani – insoniyat tarixidagi eng qadimiy hamda keng tarqalgan ramzlardan biri hisoblanadi va u dunyo saodatini anglatadi.
Sohibqiron yalovi rangi borasida ham ikki xil versiya bor. Biri koʻk-oq rang, biri esa qora-qizil rang kombinatsiyani tashkil qiladi. Koʻplab manbalar Temur alami qora-qizil boʻlganini ilgari suradi.
Qora va qizil mos ravishda kuch-qudrat, hokimiyat va yangilanish, koʻk-oq esa turkiy hamda moʻgʻul bayroqlari anʼanasi ramzidir.
“Sher va quyosh”
Sohibqiron avlodi Zahiriddin Bobur oʻz davlati bayrogʻi uchun bobosi kabi juda qadimiy belgilarga murojaat qilgan. Xususan, u tarixi Bobil podsholigiga taqaluvchi, Saljuqiylar davridan keng foydalanila boshlangan “sher va quyosh” simvolini oʻz yalovida aks ettirgan.
Boburiylar turli vaqtlarda (urush, tinchlik, bayramlar) har xil tug‘lardan foydalangan
Aslida, bu ramzdan Safaviylar, Temuriylar va Ashtarxoniylar ham foydalangan. Samarqanddagi Sherdor madrasasi peshtoqidagi yoʻlbars orqasida tasvirlangan inson yuzi va oftob – “sher va quyosh” ramzining muqobil koʻrinishidir.
Sherdor madrasasi
Boburiylar imperiyasi bayrogʻida “sher va quyosh” belgisi islom ramzi boʻlgan toʻq yashil rangda tasvirlanadi.
Oʻzbek ulusi
Abulxayrxon asos solgan Oʻzbek xonligi va uning nevarasi Shayboniyxon barpo qilgan Shayboniylar davlati (Buxoro xonligi) bayroqlari haqida aniq toʻxtamlar yoʻq. Bir necha manba va oʻsha davr miniatyuralarida Shayboniylar yalovi haqida maʼlumotlar uchraydi.
Mavjud dalillardan Shayboniyxon va uning avlodlari zargʻaldoq rangli uchburchak tugʻdan foydalanganini bilish mumkin. Ushbu rang turkiylar ajdodi boʻlmish xunlar, Uygʻur xoqonligi, shuningdek Qoraxoniylar imperiyasi yalovida aks etgan.
Xamsa yoxud “Ishtar qoʻli”
Buxoro amirligining eng mashhur bayrogʻi Amir Muzaffar tomonidan 1868-yilda qabul qilingan.
Bayroqning bir tomoniga kalimayi shahodat, bir tomoniga esa amir ismi yozilgan. Markazga islomda muqaddas hisoblanuvchi “Fotima qoʻli” (yahudiylarda “Maryam qoʻli”) yoxud “xamsa” ramzi tushirilgan. “Xamsa” islomda paygʻambar oilasini anglatadi: Muhammad, Ali ibn Abu Tolib, Fotima az-Zahro, imom Hasan va imom Husan. Shuningdek, ushbu kaft islomning besh arkonini ham bildiradi: iymon, roʻza, haj, namoz va zakot (sadaqa).
“Xamsa” tumorining ildizi qadimgi Bobilga (“Ishtar qoʻli”), baʼzida undan ham qadimiyroq Misrga bogʻlanadi. “Xamsa”ga nasroniylikdagi Mano Panteaʼning ekvivalenti deb ham qaraladi.
“Xamsa”ning yuqorisiga yana islom ramzlari: hilol va besh burchakli yulduz tushirilgan. Buxoro amirligi bayrogʻi zargʻaldoq rangli (xunlar, qoraxoniylar va shayboniylardan meros) hoshiya bilan oʻralgan yashil rangda boʻlgan.
Xorazmshohlar bayrogʻi merosi
Xiva xonligi oʻz davlat ramzini yaratishda ushbu hududda hukm surgan qudratli imperiya – Xorazmshohlar merosiga tayangan.
Xiva xonligining dastlabki yalovi Xorazmshohlar alami kabi hiloldan iborat boʻlgan, ammo qora emas, oq rangda boʻlgan.
Keyin bayroq besh qirrali yulduz mavjudligi hamda hilol va yulduz tilla rangda ekanligi bilan Xorazmshohlar bayrogʻidan farqlangan. Qolaversa, xonlik bayrogʻi ingichka koʻk hoshiya bilan oʻralgan. Bu rang katta ehtimol bilan Amudaryo va Sirdaryoni yoxud qadimgi koʻkturklarni ifodalagan.
Oy va yulduz
Qoʻqon xonligi bayrogʻi ham ikki oʻzbek davlati kabi islom ramzlarini ichiga olgandi. Ushbu xonlik yalovi deb taxmin qilinuvchi bayroq och yashil rangda ekanligi, Qoʻqon xonlari oʻz ildizlarini Temuriylarga, jumladan Boburga bogʻlashi bilan izohlanadi. Boburiylar bayrogʻi ham och yashil rangda boʻlgandi.
Bayroq markazidan musulmonlar ramzi boʻlgan hilol va yulduz joy olgan.
Turkiylik va yangilanish ramzi
1917-yil 28-noyabrdan 1918-yil 22-fevralgacha mavjud boʻlgan Turkiston muxtoriyati, shubhasiz, Markaziy Osiyo xalqlari, ayniqsa, oʻzbeklar davlatchiligining muhim qismi edi. Qisqa faoliyatiga qaramay Turkiston muxtoriyati oʻz davlat ramzlari: bayrogʻi va madhiyasini (Choʻlponning “Ozod turk bayrami” sheʼri) qabul qildi.
Muxtoriyatning oy va besh qirrali yulduzdan iborat qizil-koʻk bayrogʻidagi koʻk rang respublika tarkibidagi turkiy xalqlarni (koʻkturklar) ifodalagan. Qizil rang esa yangilanish va inqilobni anglatgan. Oʻlka xalqlarining katta qismi musulmon ekanligi ramzi sifatida qoʻshilgan hilol hamda himoya va xavfsizlik belgisi boʻlmish besh qirrali yulduz respublika bayrogʻining boshqa turkiy va musulmon davlatlarinikiga oʻxshash boʻlishini taʼminlagan.
Turkiston muxtoriyati yalovi Oʻzbekiston tarixidagi eng puxta oʻylangan bayroqlardan biri edi.
Yashil va qizil
1920-yilda Buxoro amirligi tugatilib, Buxoro jumhuriyat deb eʼlon qilinadi va Buxoro xalq shoʻrolar jumhuriyati tuziladi. Tez orada Fayzulla Xoʻjayev rahbarligida yangi davlatning oʻz ramzlar yaratiladi.
B 4 yil ichida bir nechta bayroqdan foydalangan. Dastlabki bayroq quyidagi koʻrinishga ega boʻlib, uning yuqorisiga arab xatida “Buxoro xalq sho‘ro jumhuriyati” deb yozilgan. Shuningdek, unda odatdagidek besh qirrali yulduz emas, adolat ramzi boʻlgan sakkiz qirrali yulduz hamda hilol tasvirlangan. Ushbu yalovdan 1920-1921-yillardan foydalanilgan.
Keyingi, asosiy bayroq yashil va qizil ranglardan iborat boʻlib, yashil islom dini ramzi, shuningdek, amir bayrogʻi rangi sifatida Buxoro oʻtmishini ham ifodalagan. Qizil rang esa Buxoro inqilobiga yordam bergan kommunistlar, qolaversa, inqilob yoʻlida toʻkilgan qonni anglatgan. 1921-yildan 1923-yilgacha BXSR ramzi boʻlgan bu yalovda sakkiz qirrali yulduz besh qirraliga almashtirilgan va uning ichiga sotsializm ramzi boʻlgan oʻroq va bolgʻa joylashtirilgan. “Buxoro xalq shoʻro jumhuriyati” yozuvi ham ruschaga oʻgirilib, kirill harflarida oʻzgartirilgan.
Buxoro respublikasining soʻnggi bayroqlaridan Moskva bosimi ostida islom ramzi boʻlmish yashil rang olib tashlangan. Bu SSSRʼning ateistik siyosati bilan bogʻliq edi. Shunday boʻlsa-da, bayroqda hilol va yulduz belgilari saqlanib qolgan.
Joʻxori, oʻroq va belkurak
1920-yilda Xiva xonligiga xotima berilib, Xiva xalq sovet respublikasi (XXSR) tuziladi. Shu yilning 27-aprelida Butunxorazm qurultoyida yangi mamlakatning Konstitutsiyasi va davlat ramzlari qabul qilinadi.
Xususan, XXSR bayrogʻi qizil rangda boʻlishi, uning chap tomon yuqori burchagida yashil rangda XXSR belgisi aks etishi belgilanadi. Ushbu belgi hilol va yulduz, oʻroq va belkurak hamda joʻxoridan iborat edi. Hilol va besh qirrali yulduz maʼnosi yuqorida aytildi. Oʻroq va bel esa mamlakat sotsialistik (oʻroq va bolgʻaning analogi) yoʻlda ekanini anglatgan, yaʼni xivaliklar buxoroliklardan farqli ravishda oʻz bayroqlariga sotsializm belgilarni ham kiritgan.
Joʻxori Xivada ham, Buxoroda ham eng koʻp tarqalgan oʻsimliklardan biri edi. BXSR gerbida ham aynan ushbu oʻsimlik tasvirlangan. Joʻxori – bu davrda asosiy mahsulotlaridan biri boʻlgan. Yetishtirish uchun koʻp suv talab qilmasligi (bu davrda suv katta muammo edi), kambagʻal aholi uchun asosiy un manbayi boʻlgani sabab ham joʻxori ikki davlatda yuqori qadrlangan.
XXSRʼning ham soʻnggi bayrogʻidan yashil rang olib tashlangan, hamda chap burchakka sariq rangda “Xorazm sovet sotsialistik respublikasi” va “Butun dunyo proletarlari birlashingiz” yozuvi tushirilgan.
Eng mukammal yalov
1921-yilda Samarqandda Markaziy Osiyo musulmonlarining milliy-demokratik tuzilmalari federatsiyasi qurultoyi boʻlib oʻtadi. Unda Ahmad Zaki Validiy boshchiligidagi Turkiston milliy birligi federatsiyasi tarafdan taklif qilingan bayroq loyihasi yigʻilganlar tomonidan maʼqullanadi. Ushbu bayroq yagona Turkiston davlatining yalovi boʻlish lozim edi.
Bayroq besh qizil va toʻrt oq chiziqdan iborat boʻlgan.
Bayroqdagi uch xil rang qadimgi turkiy imperiyalarni bildirgan: zargʻaldoq — Xun, Qoraxoniylar, Uygʻur xoqonligi va Shayboniylar davlati, oq — Chingizxon, Chigʻatoy ulusi va Oltin Oʻrda davlatlari, qizil — Temuriylar va Usmoniylar imperiyasi, Qozoq xonligi.
Qizil va oq chiziqlarning chap tarafidagi zargʻaldoq rangli kvadrat ichida islom ramzlari: yarim oy va besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Bayroqning cheti ingichka koʻk chiziq bilan oʻralgan boʻlib, bu oʻlkaning islomgacha boʻlgan tarixi va undagi xalqlarni (koʻkturk-moʻgʻul, eron-oriy) ifodalagan.
Toʻqqizta qizil va oq chiziqlar esa mintaqada mavjud boʻlgan toʻqqiz davlatni anglatgan. Bular Xiva, Hirot, Qoshgʻar va Qoʻqon xonliklari, Buxoro amirligi, Katta, Oʻrta va Kichik qozoq juzlari hamda Turkman xonligidir.
Shuningdek, bu toʻqqizta chiziq Turkistonda yashovchi toʻqqiz asosiy xalq — qozoq, oʻzbek, qirgʻiz, turkman, qoraqalpoq, tojik, uygʻur, pomir va mintaqada yashovchi turkiylarning boshqa kichik “toʻrt guruh”ini bildirgan.
Ushbu bayroqdan keyinchalik Turkiston milliy ozodlik harakati aʼzolari (qoʻrboshilar) ham foydalangan. Mintaqada SSSR hokimiyati oʻrnatilgach bu yalov butunlay taqiqlangan. 1985-yildan Turkiston bayrogʻi yana mashhurlikka erishishni boshladi, ammo bu jarayon har bir respublika oʻz bayrogʻini qabul qilishi bilan toʻxtadi.
Turkiston milliy federatsiyasi ishlab chiqqan bayroqni oʻlkadagi eng mukammal bayroq boʻlgan deyish mumkin.
Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi
1918-1924-yillarda mavjud boʻlgan Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi bayrogʻi toʻla Moskva buyrugʻi asosida yaratilgandi.
Birinchi bayroqda Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi nomining bosh harflari arab va kirill alifbosida yozilgan. Keyinchalik arab xatidagi qism olib tashlangan.
Qizil bayroqlar
1924-yilda Oʻzbekiston SSSR tarkibiga kirgach bir necha marta oʻz bayrogʻini oʻzgartirgan.
1925-1952-yillar oraligʻida 8-marta bayroq almashgan.
1925-1927-yilgi bayroqqa arab va kirill harflarida “Oʻzbekiston ijtimoiy shoʻro jumhuriyati” soʻzlari ikki tilda qisqartma shaklda yozilgan.
1927-1929-yilgi qizil bayroqda esa “Oʻzbekiston ijtimoiy shoʻro jumhuriyati” yozuvi arab xatidagi tojik tilida ham tushirilgan. Chunki bu vaqtda Tojikiston ASSR Oʻzbekiston SSR tarkibida edi.
1929-yilda lotin alifbosiga oʻtilishi munosabati bilan bayroqdagi oʻzbek va tojik tilidagi nomlar lotin alifbosiga oʻgiriladi. Bunda davlat nomi “Øzвekistan Ьçtьmaьь Şora Çymhyrijəti” tarzida yoziladi va uning bosh harflari qisqartirib olinadi.
Shu yili Tojikiston ASSR Oʻzbekiston tarkibidan chiqariladi va bayroqdan tojik tilidagi davlat nomi olib tashlanadi.
1934-yilda lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosi yana isloh qilinadi va undan Ɵ, Y, Ь harflari chiqariladi. Natijada bayroqdagi davlat nomining bosh harflari ham oʻzgaradi. “Ijtimoiy” soʻzi ham “sotsialistik”ga oʻzgartiriladi.
1935-yilda oʻzbek tilidagi “çumhuriyat” soʻzi “respublika”ga almashtiriladi. Oqibatda bayroqdagi “Ç” harfi “R”ga almashadi.
1937-yildan qizil bayroqqa “Oʻzbekiston SSR” yozuvi ikki tilda toʻliq tushira boshlanadi.
1940-yilda oʻzbek tili kirill alifbosiga oʻtkaziladi va shu munosabat bilan bayroqdagi respublika nomi kirill harflari bilan yoziladi.
1952-yilda nihoyat, 1991-yilgacha amalda boʻlgan yalov qabul qilinadi.
SSSRʼda sovet respublikalari bayroqlaridagi ranglarning rasmiy talqini berilmagan. Lekin bayroqdagi koʻk rang osmon yoki Amudaryo va Sirdaryoni anglatishi taxmin qilingan. Oq chiziq esa respublikada eng koʻp yetishtiriluvchi paxta ramzi ekani taʼkidlangan.
Qizil rang, oʻroq va bolgʻa, besh qirrali yulduz – sotsializm unsurlari sifatida qoʻshilgan.
Faqat yozuvdagi farq
1925-yilda Rossiya sovet federativ sotsialistik respublikasi (RSFSR) tarkibida Qora-qalpoq avtonom viloyati tashkil etiladi va Qozoq avtonom sovet sotsialistik respublikasiga qoʻshiladi. Shu yili yangi viloyatning bayrogʻi ham qabul qilinadi.
Qoraqalpogʻistonning ushbu yalovi sotsialistik ruhda boʻlib, unda qizil rangda katta harflar bilan “RSFSR” soʻzi ikki xil – lotin va kirill alifbosida yozilgan. Ushbu yozuv pastiga lotincha va kirillcha Qaraqalpaqstan ASSO (keyinroq ASSR) nomi tushirilgan.
1937-yilda Qoraqalpogʻiston avtonom sovet respublikasi Oʻzbekiston SSR tarkibiga oʻtkazilgan va shu munosabat bilan uning bayrogʻi oʻzgartirilgan. Yalovdagi RSFSR yozuvi Oʻzbekiston SSRʼga almashtirilgan.
1952-yilda OʻzSSR yalovi oʻzgarishi bilan Qoraqalpogʻiston bayrogʻi ham qayta yaratilgan. U OʻzSSR bayrogʻiga oʻxshash boʻlib, oy va yulduz biroz markazroqda ekani, hamda “Qaraqalpogʻistan ASSRn” yozuvi borligi bilan farq qilgan.
1992-yilda Qoraqalpogʻiston zamonaviy bayrogʻiga ega boʻldi. Bayroqdagi moviy rangi suv va bahor ramzidir. Sariq rang esa Qoraqalpogʻistonning bepoyon choʻllarini ifodalaydi. Yashil rang tabiat, ishonch va quyoshning yangilanishi belgisidir. Yarim oy musulmonlarning muqaddas timsoli, besh yulduz tasviri Qoraqalpogʻistonning eng qadimiy beshta shahri hayoti va ishonchi tugʻidir.
Ozodlik yalovi
1991-yilda mustaqillik eʼlon qilingandan ikki oy oʻtib, 18-noyabrda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi boʻlib, oʻz milliy bayrogʻini qabul qildi. Zamonaviy oʻzbek bayrogʻi va gerbini yaratish guruhiga rassom Anvar Mamajonov rahbarlik qilgan.
Oʻzbekiston bayrogʻi haqidagi qonunda bayroq ranglari qanday maʼnolarni anglatishi aytilmagan. Biroq Mamajonov Oʻzbekiston bayrogʻi va gerbini yaratish ishlari jarayoni hamda undagi maʼnolar haqida gapirgan.
Uning soʻzlariga koʻra, bayroqdagi havorang – zangori osmon va musaffo suv ramzidir. Oq rang esa tinchlik va poklik timsoli. Qizil chiziqlar qon, yaʼni urib turgan hayotiy kuch, Sharq anʼanalari boʻyicha yangilanish ramzi. Yashil rang esa ona tabiat belgisi. Yarim oy xalqimizning koʻp asrlik anʼanalari ramzi.
Mamajonovning taʼkidlashicha, dastlab bayroqda yarim oy bilan bir dona yulduz tasvirlanishi koʻzda tutilgan. Ammo prezident Islom Karimov mukammallik ramzi sifatida yulduzlar sonini 12 ta qilish taklifi bilan chiqqan va bu deputatlar tomonidan tasdiqlangan.
Baʼzilar oʻn ikki yulduz respublikaning 12 viloyatini anglatishini taʼkidlaydi, biroq Oʻzbekiston maʼmuriy jihatdan 12 ga emas, 14 ga (Qoraqalpogʻiston respublikasi va Toshkent shahri) boʻlinadi.
12 yulduz tasvirini 1955-yilda qabul qilingan Yevropa ittifoqi bayrogʻida ham koʻrish mumkin. Rasman bu yulduzlar ittifoq mukammalligi va mustahkamligi ramzidir.
Oʻzbekistonning zamonaviy Oʻzbekiston bayrogʻi, shunchaki mato emas, balki shu oʻlkada yashagan, uni himoya qilgan, ulkan saltanatlar barpo etgan, vatanni avlodlarga meros qilib qoldira olgan buyuk ajdodlar, ona yurt ramzi hamdir. Har bir oʻzbekistonlik milliy yalovga qaraganda aynan mana shu narsalari xayolidan oʻtkazishi lozim. Ushbu bayroq oʻzida oʻzbek xalqi tarixi va oʻzligini mujassam qila olgan deyish mumkin.
Muhammadqodir Sobirov
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q