Xorazm, mehr, radius – Quyosh xudosi Ra ismi asos boʻlgan nomlar


Saqlash
15:04 / 14.11.2024 364 0

Qadimgi Misrning asosiy ilohlaridan biri Amon boʻlgan. U Fiva shahriga homiylik qiladi va barcha ehtiyojlarni qondiradi, deb hisoblangan. Amon bilan bir vaqtda Ra ham qadimgi misrliklarning quyosh xudosi edi. Keyinchalik ikkalasi oʻzaro birlashtirilib Amon-Ra boʻlgan. Ruscha vikipediyada yozilishicha, “Ra” soʻzi aynan quyosh maʼnosini anglatadi. Hindlarning muqaddas kitobi “Veda”da Indra momaqaldiroq, chaqmoq va yomgʻir xudosi deya taʼriflanadi. “Ind” soʻzi hind soʻzining oʻzagi, “India” Hindistonligini hisobga olsak, Ra bu yerda ham xudo degan maʼnoda kelyapti. Oʻrta Osiyo xalqlari, jumladan, zardushtiylarda Mitra quyosh va yorugʻlik xudosi ekani maʼlum. Mit soʻzidagi “Ra” esa quyosh degani. 

 

Hindistonda oxirgi boʻgʻini “ra” bilan tugaydigan joy nomlari talaygina. Ulardan biri ibodatxonalari bilan mashhur boʻlgan Braxmaputradir. Braxma (yoki braxman) hind kohini demakdir. Put esa bizdagi xon, bek kabi kishi ismiga qoʻshimcha. Shimoliy Hindistondagi eftaliylar sulolasiga xotima berganlar aynan hind Rajputlaridir. Put soʻzini alohida ajratib olsak, oxirida tabiiyki “ra” qolyapti. Pataliputra shahri ham xudo Ra ismi berilgan shaharlarga misol boʻla oladi. Oʻzbekiston zaminida ham “ra” soʻzi qatnashgan joy nomi mavjud. Bu Xorazmdir. Olim Sergey Pavlovich Tolstov “Xorazm” nomi talqinlari orasida “Quyoshli oʻlka”, “Quyoshli yer” deb atalgani haqiqatga eng yaqinidir, deb taʼkidlaydi. Bundan koʻrinadiki, Xorazm nomi quyosh xudosi sharafiga qoʻyilgan boʻlishi mumkin.

 

 

Qadimgi hind afsonalariga koʻra, quyosh xudosi Ra har kuni ertalab sharqdan ot qoʻshilgan oltin aravada koʻtariladi va olamni kuzatgancha gʻarbga oʻtib ketadi. Bu mif fors tilida feʼl yasalishiga asos boʻlgan desak nima deysiz? Forschada “raft” yurmoq, bormoq degani. “Meravam”, “meravi”, “meravad” uchta shaxsda tuslanganda ishlatiladi. Aynan quyosh xudosining harakati ushbu feʼl yasalishiga asos boʻlgan ehtimol. Bu fikr tillar paydo boʻlishining “Spontan nazariyasi”ga mos keladi. Hozirgi oʻzbek tilidagi “ravish” (tarz, yoʻsin, surʼat) ham “Ra” soʻzining taraqqiyoti natijasida yuzaga kelgan. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “ravnaq” soʻziga “porlash”, “yaltirash”, “husn”, “koʻrk” deya taʼrif berilgan. Bundan kelib chiqadiki, “Ravnaq topish” kutilgan yorugʻ kunga yetish demakdir. “Chehra” kalimasi esa nurli yuzga nisbatan ishlatiladi. “Ravshan” kalomi esa yorugʻ, yorqin maʼnosini bildirib, keyinchalik erkaklar ismiga ham koʻchgan.

 

Hindlardagi “Ram” ismi yorugʻ, porloq maʼnosini anglatadi, Koʻplab hind kinolarida “Mehra sohib” degan jumla uchraydi. Aynan shu ism quyosh xudosi Raga oʻxshashi, hindlar eʼtiqodicha, xuddi uningdek sharafga erishishi uchun qoʻyilgan. Vaqtlar oʻtib bu ism forslarga koʻchgan. Oxiridagi “a” tovushi tushgan Mehr soʻzi aynan quyosh maʼnosida keladi. Guptalar sulolasi asoschisi, hind sarkardasi Chandraguptaning ismida ham “ra” uchraydi. “Gupta” soʻzi unga unvon, urugʻ-qabila nomi sifatida berilgan desak, Chandra ismi qolyapti. Ismning “Chand” qismi asos va bu soʻz ham oʻz navbatida boshqa ismlarga qoʻshiladi (bizdagi bek, jon, xon, shoh kabi). Misollarga yuzlanamiz: Angarchand, Laʼl Chand, Karamchand (Gandi).

 

Nega misollarning koʻpchiligini hind va fors tillaridan keltirdik. Boisi, ular oriy qavmlariga mansub boʻlib, miloddan avvalgi 1500-yillarda Kasbiy dengizi orqali Ural togʻlaridan janubga siljishgan. Dastlab, Qozogʻiston dashtlari va Oʻrta Osiyo kengliklarida oʻrnashgan. Keyinchalik bu xalqning bir qismi janubga – Hindiston hududiga, yana bir qismi esa janubi gʻarbga – Fors yerlariga koʻchgan. Shu bois Hind-Yevropa tillar oilasi deganda aynan oriylarga tegishli tillar tushuniladi. Bundan bir-ikki ming yil oldingi davrni tasavvur qiling. Insonlar qorongʻilikdan qoʻrqqan, quyosh esa ularga yorugʻlik, umid baxsh etgan. Nurning zulmat ustidan gʻalabasi (quyosh chiqishi) ezgulikning yovuzlik ustidan gʻalabasi kabi talqin etilgan. Oʻshandan buyon yorugʻlik – yaxshilik, qorongʻilik – yomonlik ramzi hisoblanadi (oq va qora). Insoniyat ana shunday “buyuk xizmati” uchun quyoshni xudo deya qabul qilgan. Bahorning kelishi, oʻt-oʻlanning unishi, hosilning pishib-yetilishiga aynan u sabab boʻlgani uchun quyosh oliy yaratuvchi, yashatuvchi, jon baxsh etuvchi iloh deb hisoblangan.

 

Hozirgi sharqiy slavyan (rus, ukrain, belarus)larda hind eposlari Mahabharata va Ramayanaga oʻxshash ertaklar va boshqa folklor namunalari borligi yoxud ulardagi qahramonlar va syujetlarning aynan takrorining guvohi boʻlamiz. Ularning azaldan bir qavmga mansub ekanligi soʻzlardagi oʻxshashlikda ham aks etgan. Ruschada “рай” jannat degani. Barcha xalqlarning diniy eʼtiqodiga koʻra jannat yorugʻ va charagʻon joy deya tasavvur qilinadi. Yorugʻlik ezgulik timsoli boʻlganidan jannat ham shunday taʼriflangan. “Район” soʻzi ham quyosh nuri tushadigan vodiyni anglatgan. Dastlab bu soʻz lotin tilida “radius” shaklida paydo boʻlgan. Uning ham maʼnosi “nur” degani. Keyinchalik bu kalima fransuzchaga koʻchgan va “tuman” mazmunida qoʻllangan. Endi rus tilidagi misollardan yana biriga yuzlanamiz: “Раб” soʻzi ruschada “qul” degan maʼnoni anglatadi. “Рабство” deganda kohinlar quyosh xudosi Ra uchun mehnat qilishni tushunishgan va “раб”(banda)larni shunga daʼvat etishgan. “Раб” esa oʻz navbatida “работа”, “рабочий” kabi soʻzlarning yasalishiga asos boʻlgan.

 

 

Endi undan-da qiziq maʼlumot: Qadimgi xalqlarning diniy marosimlari bevosita quyosh xudosi sharafiga oʻtkazilgan. Bu jarayon esa “raqs” soʻzi paydo boʻlishiga olib kelgan. Turli davr, turli mintaqada yashovchi qadimgi aholida aynan shu jihatdan oʻxshashlik koʻzga tashlanadi. Yoqutiston shamanlari ham, Tenochtitlan yoxud Aksumdagi kohinlar ham ibodat davrida turli raqslarni amalga oshirgan (aktyor Goyko Mitich qatnashgan kinolarni eslang). Oʻzbek xalq folklorida ham mavjud marosim qoʻshiqlari tabiatdan, koʻrinmas kuchlardan nimanidir soʻrash, nimadandir asrash uchun ijro qilingan. Bundan quyosh xudosi Raning nomi raqs va raqqos soʻzlari yasalishiga turtki boʻlgan, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Raqs ibtidoiy dinlarning asosiy ibodat rasm-rusumi boʻlgan. Balki, shu sababdandir islomda qoʻshiq aytish va raqsga tushish harom qilingan.

 

Anvar ESHNAZAROV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22516
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//