Inson yaralibdiki, yolg‘izlikdan xalos bo‘lishga urinadi. Shu sabab ham Odam Ato uchun Momo Havvo yaratildi, ularga farzandlar berildi. Individuallashuv va yolg‘izlikdan xalos bo‘lishga intilish ehtiyoji ikki o‘rtada muhabbatni yuzaga keltirdi. Bu yog‘i esa Xodi Toqtosh aytganidek: “Muhabbat o‘zi eski narsa, lekin har bir yurak uni yangilaydi”.
Muhabbat har bir davrda turlanib-tuslanib bordi. Taniqli fizik olim Blez Paskal o‘z davri muhabbatini geometrik va nazokatli deya tasniflagan bo‘lsa, yozuvchi Stendal ham o‘z zamondoshlari uchun “kristallangan muhabbat”ni ta’riflab berdi. Bunda:
Geometrik muhabbat – inson ehtiyojlari va manfaatlarini hisob-kitob qilgan holda muhabbatini eng maqbul insonga “sarflash”idir. Masalan, Abdulla Qahhor qalamiga mansub “Sarob” romani qahramoni bo‘lmish Saidiy o‘z manfaatlariga monand Murodxo‘ja domlaning qizi Soraga uylanadi.
Nazokatli muhabbat – go‘zallikning har qanday ko‘rinishini sevish bilan yuzaga chiqadi. Masalan, O‘tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” asarida Alimardon To‘rayev Muqaddamni go‘zal bo‘lgani uchungina sevgan.
Kristallangan muhabbat – inson o‘z qadr-qimmatini to‘g‘ri baholagan holda munosib yo‘ldosh tanlashiga aytiladi. (Ingliz tilida bu “right person” deb yuritiladi.) Masalan, Pirimqul Qodirovning “Erk” qissasida Sattor o‘ziga qishloqda qolgan, molxona hidi anqiydigan xotinini emas, dunyoqarashi, qiziqishlari o‘xshash shaharlik Robiyani munosib ko‘radi.
O‘rta asrlarga kelib, insonlar o‘z muhabbatini topishda bevosita va bilvosita harakat qila boshladilar. Bevosita usul – ko‘rkam ko‘rinish, so‘nggi urfda kiyinish, (qizlar uchun) pardoz-andoz orqali e’tiborni jalb qilishda namoyon bo‘lsa; bilvosita usulda yigit-qizlar ballarda uchrashib yoki sovchilik orqali taqdirini bog‘laganlar. Bunga yaqqol misol sifatida Jeyn Ostinning “Andisha va g‘urur” romanidagi to‘rt opa-singillar o‘zlari yashayotgan muhit an’analariga binoan umr yo‘ldosh topish maqsadida ballga boradilar. Opa-singillarning biri sevgisini ballarda uchratib sevib qoladi. Boshqasi esa qarindoshiga turmushga chiqadi.
Avvalambor sevgi insonlarga ikki xil ta’sir qiladi. Birinchi turdagi insonlar sevganiga munosib bo‘lish uchun o‘zini o‘zgartirishga urinadi. Bu holat bizga Jek Londonning “Marten Iden”ini eslatadi. Asarda bosh qahramon Martin boy va ziyoli oila qizini – Rufni sevib qoladi. Qizning muhabbatiga erishish uchun dengizchi Martin yozuvchi Martinga aylanadi.
Ikkinchi turdagi odamlar esa xuddi Chingiz Aytmayovning “Jamila”si kabi sevganini (cho‘loq bo‘lsa ham) boricha sevadi.
Psixologlar muhabbatni 4 turga tasniflab o‘rganadilar:
1. Shartli muhabbat – “agar ... ...sa”/“agar ... ...da” formulasidagi bu muhabbatda inson kimnidir shartli ravishda, “agar menga munosib bo‘lsa, uni sevaman” qabilida sevadi. Bu xuddi yuqorida tilga olingan “Marten Iden” romanidagi Rufning muhabbatiga o‘xshaydi. Ruf sevgisini qozonishi uchun yigitni mashhur bo‘lishga, boy bo‘lishga undayveradi.
2. Sababli muhabbat – “seni ... uchun sevaman”/“seni sevaman, chunki ...” formulasidagi muhabbat “Tazkirat ul-avliyo” tazkirasidagi Robiya Adaviyaning muhabbatiga o‘xshaydi. U yaratganga shunday iltijo qiladi: “Yo Rab, men jannatingdan umidvor bo‘liganim uchun senga ibodat qilayotgan bo‘lsam, meni jannatingdan mahrum et; agar men do‘zaxingdan qo‘rqqanim uchun senga ibodat qilayotgan bo‘lsam, meni do‘zaxingga giriftor et; gar men visoling ilinjida senga ibodat qilayotgan bo‘lsam, meni visolingdan benasib qoldirma”.
3. Shartsiz muhabbat – “...ga qaramay” formulasi bo‘yicha inson sevgilisining kamchiliklariga qaramay sevadi – xuddi Nodar Dumbadzening “Kukaracha” qissasi qahramonlari kabi. Bu asarda ashaddiy jinoyatchi dorixonada ishlaydigan qizni sevib qoladi, qiz esa nazoratchi Kukarachani sevib qoladi. Kukaracha ham qizga mehr qo‘yadi. Lekin qiz haqida atrofda yomon gaplar tarqalgan edi. Kukaracha mish-mishlarga ham, raqibining kimligiga ham parvo qilmay uni sevadi.
4. Sukutli muhabbat – izhorsiz, ta’masiz, ta’nasiz sevish. Xuddi Gyotening “Yosh Verter...”i kabi muhabbatini ichiga yutish. Asarda Verter ota-onasidan yetim qolgan qizni sevib qoladi. Uning ko‘ngliga ozor berishdan cho‘chib, dil izhor qilmaydi. Oqibatda qizga Verterning do‘sti uylanadi. Munosabatlarga putur yetmasligi uchun ham yana jim bo‘lishga majbur bo‘lgan Verter oxir-oqibat dardi ichiga sig‘may o‘z joniga qasd qiladi.
Shu bilan bir qatorda, biz sevgini “Bog‘lanib qolish” va “Ko‘nikish” bilan adashtirmasligimiz kerak. Ilm-fan tilida “Bog‘lanib qolish” “Simbiotik aloqa” deb ham yuritiladi. Uning passiv va aktiv shakllari mavjud. Passiv shakli mutelik, ma’budaparastlik, “Piter Pen” sindromi kabi belgilar bilan mazoxizm ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Aktiv shakli esa sadizm ko‘rinishida uchraydi. Sadist va mazoxist insonlarning o‘zaro muhabbatini O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romani qahramonlari bo‘lmish Bashor opa va Pochcha nikohida kuzatishimiz mumkin. Bashor opa erkakshoda xarakteriga ega. Turmush o‘rtog‘i esa aksincha, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan inson edi. Hatto Pochcha urushga ketayotgan vaqtda “Gitlerni o‘ldirmasang, taloqsan” deganidan ham uning sadistik xarakterini ko‘rishimiz mumkin.
Ko‘nikish yoxud mas’uliyatli aloqa – buni kattalar uchun falsafiy ertak nomi bilan tanilgan “Kichkina shahzoda” asaridagi bir jumlani keltirib izohlash kifoya: “Kimniki qo‘lga o‘rgatgan bo‘lsang, hamisha uning taqdiriga javobgarsan”.
Muhabbat deyilganda odatda xayolimizga qarama-qarshi jins vakillari o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar keladi. Lekin muhabbat faqat shundangina iborat emas. Bundan tashqari, ona muhabbati, ota muhabbati, o‘z-o‘ziga muhabbat, Parvardigorga muhabbat va shu kabi ko‘plab turlari mavjud.
Ona muhabbati – yuqorida formulasi keltirilgan “Shartsiz muhabbat”ning oliy ko‘rinishidir. Farzand ona vujudida vujudga kelgani tufayli tug‘ilgandan so‘ng ham ona farzandini o‘zining bir qismi degan ongosti qarashidan qutila olmaydi. Bola hayotining ilk davrlarida kimningdir tasarrufida bo‘lishi foydaga ishlasa-da, ulg‘aya boshlagach, individuallashuv jarayonida ona muhabbatini boshqara olmasa, “tanasining bir qismi” shaxs sifatida shakllanmay qoladi. Bunday shaxslarga psixoterapiyada “Piter Pen” sindromi tashxisi qo‘yiladi. Bu shaxslarning kelajagi esa katta ehtimol bilan “aqlli kishilarning farzandlari ustidan qilg‘an ishlari nomaqbul bo‘lmag‘ay” deguvchi Otabeknikiga o‘xshash bo‘ladi.
Ota muhabbati. Ota bilan munosabat tamomila boshqacha. Ona bizlar uchun qadrdon boshpana, tabiat, zamin, ummon, otani qadrdon boshpana tarzida tasavvur qila olmaymiz. Dastlabki yillarda farzand bilan ota yo‘llari deyarli tutashmaydi va bu pallada otaning chaqaloq bilan bog‘liqligini ona bilan muhim bog‘liqlikka mutlaqo tenglashtirib bo‘lmaydi. Biroq tabiat, tabiiylik ifodasi bo‘lmasa ham, ota insoniy hayotning boshqa jihatlarini namoyon etadi: fikr-mulohazalari, o‘zi yaratgan olamini, qonun-qoidalar va tartib-tamoyillarni, intizomni, sayohatlar va sarguzashtlar olamini taqdim etadi. Farzandga ota ta’lim berib, hayotga boshlaydi.
Otaning bu burchi boshqa, ijtimoiy-iqtisodiy ravnaq bilan bog‘liq vazifaga ham aloqador. Xususiy mulk paydo bo‘lib, o‘g‘illardan biriga meros bo‘lib qola boshlagach, ota mol-mulkini ishonib qoldiradigan o‘g‘ilni istay boshlaydi. Bu otaning nazdida, voris bo‘la oladigan, bevosita o‘ziga o‘xshaydigan va ayni shu bois sevimli o‘g‘il. Ota muhabbati muayyan shartlarga tayanadi. Uning qoidasi: “Seni yaxshi ko‘raman, chunki ishonchimni oqlaysan, chunki o‘z burchingni ado etasan, chunki menga quyib qo‘yganday o‘xshaysan”. Onaning “shartsiz” muhabbati singari otaning “sababli” muhabbatida ham salbiy va ijobiy jihatlar mavjud. Salbiy jihati shundaki, ota muhabbatini qozonish yoki aksincha, umidlarini oqlamasang, boy berishing hech gap emas. Ota muhabbatiga ko‘ra, itoatgo‘ylik asosiy fazilatga, bo‘yin tovlash esa ota mehridan judo bo‘lishdek jazoga mustahiq etadi. Biroq ijobiy jihati ham muhim. Agar muhabbat muayyan shartlar asosida paydo bo‘lsa, uni qozonish, sazovor bo‘lish uchun nimadir qilish, sa’y-harakatlar ila qo‘lga kiritish mumkin; ona muhabbatidan farqli ravishda ota muhabbatini idora qilsa bo‘ladi. Bunga misol tariqasida Stendalning “Qizil va qora” romanidagi Jyulenning otasi bilan o‘zaro munosabatlarini olishimiz mumkin. Asardagi ota kenja o‘g‘li ozg‘in va nimjon bo‘lgani, dehqonchilikka yaramasligi sababidan uni cherkov ta’limiga beradi. Chunki u yerda bolaning barcha xarajatlari cherkov tomonidan qoplangan.
O‘z-o‘ziga muhabbat bu narsizm bilan ayni bir nomdir. Atamaning kelib chiqishi Yunon mifologiyasiga borib taqaladi. Unda keltirilishicha, Nargis – daryo ma’budi Kefissa va nimfa Lavrionning o‘g‘li. U barno va sovuqqon yigit bo‘lib, o‘ziga bino qo‘ygan edi. Avliyo Tiresiy bu bola qismati haqida: “Agar u o‘z suratini ko‘rmasa, uzoq umr ko‘radi”, deya bashorat qiladi.
Bir kuni Nargis muzalar yashaydigan Gelikon tog‘idagi bir chashmadan suv ichmoqchi bo‘lib engashadi va ko‘zgu kabi tip-tiniq suvda o‘zining butun borlig‘i, mukammal go‘zalligi namoyon bo‘ladi. Nargis o‘z aksidan ko‘z uzolmaydi, o‘zini sevib qoladi.
Parvardigorga muhabbat. Muhabbat ehtiyoji begonalashuv kechinmasi va shundan kelib chiqadigan xavotir va begonalik hissini tavhid vositasida bartaraf etishga asoslanishini yuqorida kuzatdik. Muhabbatning e’tiqod bilan bog‘liq shakli – Xudoga muhabbat – psixologik jihatdan ham uning boshqa shakllaridan hech farq qilmaydi. Bu tuyg‘u ham begonalashuvni yengish va tavhidga erishish ehtiyojidan kelib chiqadi. Amalda Xudoga muhabbat insonga muhabbat singari ko‘p qirrali va xilma-xil. Bunday muhabbatda ham taxminan ayni shunday rang-baranglik mavjud.
Barcha teistik – ham politeistik, ham monoteistik – dinlarda Parvardigori olam eng oliy qadriyat, barcha talpinuvchi ilohiy kuch sifatida talqin qilinadi. Shu bois Xudoni aniq idrok qilish inson uchun eng oliy saodat nima ekaniga bog‘liq. Shunday qilib, Xudo konsepsiyasini anglash, idrok qilish uchun dindor shaxsiyatining xususiyatini tahlil qilish joiz. Badiiy adabiyotda esa bu holatni Etil Lilian Voynichning “So‘na” romanida kuzatishimiz mumkin. Asarda Xudoga bo‘lgan sevgisi bilan xalq orasida nom qozongan rohib ota Papa lavozimi uchun nomzod bo‘lib turgan bir vaqtda farzandi borligini va u ertasi kun otib o‘ldirishi kerakligini bilib qoladi (Rohib ota bir umr o‘zi sig‘ingan din – ulug‘ Muhabbat ustiga qurilganiga ishonib yuradi. Lekin o‘g‘li borligini, u jamiyatni uyg‘otish uchun o‘zi qurbon bo‘layotgani Rohib otaga Isoni eslatadi. Iso ham insonlarni uyg‘otish yo‘lida qurbon bo‘ldi. Qurbonlik marosimini odamlar jimgina tomosha qildi. Xuddi gladiatrlarni tomosha qilganday. Kim o‘lishi omma uchun qiziqmas. Muhimi o‘lgandan keyin uning haqiqatini anglab yetishlari... Rohib ota ham Albertning ko‘ngliga insonlarni uyg‘otish hissini o‘zi ekkandi. Uning otilishi shu urug‘ning hosili edi. Masihiylik mohiyati ham shunda: unish uchun avval yerga qadalishing; yashash uchun esa avval o‘lishing kerak.). Ana shundagina Masihlik mohiyatini – Ota o‘z o‘g‘lini gunohkor bandalar uchun qurbon qilishdan maqsadini anglab yetadi.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q