Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Shayx hazratlari asarlarida nimalarga ishora qilgan?


Saqlash
17:18 / 15.11.2024 593 0

Adabiyotshunos Sanobar To‘laganova mutolaa qiladi.

 

Kitob ortidagi sakinat

 

Otam 41 yoshida vafot etdi, yetti jon – qo‘lida kasb-hunari bo‘lmagan onamizga omonat bo‘lib qoldik. Enam “jesir” degan nomni olganda 29 yoshda bo‘lgan – kuyukning zo‘ridan momom “beti qora jesir” degan so‘zni ko‘p ishlatardiki, har eshitganimda yelkamga birov urganday enkayardim. Bizga sag‘ir degan “yorliq” yopishtirildi, yoshi kattalar “Panji bechoraning sag‘irlari” deb achinib qarardi. Bu so‘zning ma’nosini unchalik tushunmasdim, ammo ich-ichimda og‘riq paydo bo‘lar edi. “Yettoviga bir qator qilib joy solib, tomosha qilaman, ko‘zga uyqu kelmaydi, bularga nima yediraman, nima kiydiraman?” deb qayg‘urarkan enam. U vaqtlarda Mehribon Zotning har bir bandasiga atab qo‘ygan nasibasi borligini na volidam, na biz bilar edik...

 

Esimni taniy boshlaganimda bu dunyoda yashash bir tashvish bo‘lib ko‘rindi. Enamning horg‘in qiyofasi, chorasizlikdan unsiz yig‘lashlari ichimdagi noroziliklarni oshirib yuborar, ojizligim ortar, qo‘limdan hech ish kelmasligi alam qilar edi. Onajonim tirikchilik mashaqqatlaridan qiynalib ketsa-da, “Bolam, o‘qishing kerak, kitob-daftarni o‘ylama”, “O‘qinglar, odam bo‘linglar, sag‘irlar qornidan ortmabdi demasin, otangizning izini bosinglar, mening o‘rnimga ham o‘qinglar” deyishni kanda qilmasdi. Boshqalar bilan suhbatlashganimda mendagi kemtiklik battar kuchayib ketardi. Baxtli bolalik, pioner lagerlari, to‘garaklar, shaharlarga sayohatlar – bularning hech biri mening bolalik daftarimda yo‘q edi-da. O‘ylab qarasam, ularga hasad ham, havas ham qilmaganman. Yetimligimni birov yuzimga solmasa, achinmasa bo‘ldi, degan hadik bo‘lgan. Odamlarning rahm-shafqat, muruvvat ko‘zi bilan qarashi g‘ashimni keltirar, g‘urur qo‘zg‘alar edi. Sag‘irligimni hech kim bilmaydigan bir maskan qidirardim. Baxtimga, menga quvonch va umid beruvchi bir joy bor edi: kutubxona. Jami o‘ksiklik va armonlar unut bo‘ladigan, orzular yuz ochadigan makon! Bu yerda o‘zimni kiroyi odam hisoblar edim. Mansurova degan tatar ayol mudirlik qiladigan tuman kutubxonasi uyimizga juda yaqin edi. Meni doim shu yerdan topishardi. Chingiz Aytmatovning “Oq kema”sidagi bolakay bilan qandaydir yaqinlikni his qilar, bolaning maktab portfeli bilan suhbatlarida uchinchi tomon bo‘lib ishtirok etar edim. Go‘yo yozuvchi menginani ovutish uchun asar yozganday. Tolstoyning bolaligidagi sertamizligi, Gorkiyning achchiq hayotiy kechinmalari, Chexov hikoyalaridagi mehrga tashnalik – bular barchasi menga taskin berganday bo‘lardi. “Bolalik”dagi Musaning xarxashalariga sabr qilgan bobosiga havas qilar, “O‘tmishdan ertaklar”dagi otasiga nisbatan his-tuyg‘usiz bolakayning kechinmalarini tushuna olmas edim. “Kechmish-kechirmishlarim”dagi qahramon menga juda yaqin odamni eslatardi. Kutubxonada qahramonga aylanar, onajonimga dunyolarni olib berar edim. Keyinchalik Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasidagi Momoqizning kechmishlari bu xotiralarni qayta yangilaganday bo‘ldi. Eng muhimi, kutubxonada birov yetimligimni pesh qilmas, Mansurova opa “Enang, ukalaring omonma, otang juda yaxshi odam edi” deb ko‘nglimni ko‘tarar, istagan kitobni olishimga ruxsat berar edi. Kutubxona bekasi “Senga yana yangi kinijka tutaman-da, bunisini ham to‘ldirding”, deb qo‘yardi yengilgina koyib. Afrika, rus, xitoy ertaklaridan tortib, Gulliver, Tom Soyer, kapitan Grant... bu yog‘i Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Avazxon... Barchin, Qaldirg‘och bekagacha... Bir kun shomonlarga qo‘shilib olov atrofida o‘tirar, bir kun muzliklarda, bir kun o‘rmonda... ishqilib, kitob ortiga berkinar edim. Men malika edim go‘yo, qahramonlar o‘zi haqida so‘ylab berar edi. Kitob ortidagi sokinlik armon o‘rniga orzular yo‘lagi tomon boshladi. Kitob kamimni to‘ldirdi, yo‘g‘imni bor qildi. Bolaligimning yorqin rangi kutubxona va kitob bilan bog‘liq bo‘lgan ekan.

 

Tanish bir ayol yolg‘iz o‘g‘lidan ajralib, jigarlari ketma-ket vafot etsa-da, har kimga taqdirdan shikoyat qilib yig‘lamadi, qandaydir ichki xotirjamlik bor edi unda. Bir kuni o‘zi aytib qoldi: “Yaxshiyam kitob bor ekan, bo‘lmasa men allaqachonlar kuyikdan o‘lib ketgan bo‘lardim, kitob meni ovutdi, g‘amdan chalg‘itdi”. Darhaqiqat, kitob – ruhga malham, qalbga hamdam...

 

 

Nafas ichidagi nafs

 

Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar. Mehrobdan chayon. Toshkent, G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992.

 

“O‘tkan kunlar”ning “Kutilmagan baxt” faslida bunday epizod bor: “Kumushbibidan vakolat olish ham juda qiyin bo‘ldi. Domlaning “Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi, o‘z nafsingizni (ta’kid bizniki – S.T.) toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘liga bag‘ishlamoq vakolatini amakingiz Muhammadrahim Yo‘ldosh o‘g‘liga topshirdingizmi?” degan so‘rog‘i olti, yetti qaytarilg‘andan keyin, shunda ham yangalar qistog‘i ostida arang uning rizolig‘i olindi”. Nafsni bag‘ishlash... qiziq-ku! Har bir topilmada romanning yangi umri boshlanadi. Asar ko‘p bora chop etilgan, ko‘rsatilgan nashr Xondamir Qodiriy tomonidan andak tahrir qilingan. Boshqa nashrni kuzatamiz: “...Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi, o‘zingizni toshkandlik, musulmon Otabek Yusufbek hoji o‘g‘liga bag‘ishlamoq vakolatini...” (Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar. Mehrobdan chayon. Toshkent, G‘. G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy birlashmasi, 2018. 33-bet). 2008-yilgi nashrda ham aynan shunday...

 

“Nafs” so‘zi bejiz ishlatilmagani aniq. Ustoz Sayfiddin Sayfulloh fikriga ko‘ra, nikoh xutbasida “nafs” so‘zini qo‘llash hali ham ayrim joylarda saqlanib qolgan. Demak, nikoh xutbasida bunday so‘rov shakli yangilik emas, taomilda bo‘lgan. Keyingi nashrlarda “nafs” so‘zi nega “o‘zingiz”ga almashtirilgani bizga qorong‘i. Endi savol tug‘iladi: qaysi biri yozuvchi nazarda tutgan ma’noni o‘zida jamlaydi? Bag‘ishlamoq so‘zi hadya etmoq, borini bermoq, sarf qilmoq ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Ko‘nikib ulgurganimiz “o‘zini bag‘ishlamoq” ma’nosi “nafsini bag‘ishlamoq”dan kengroqmi yoki tor? Manbalarda o‘z so‘zi turkiy bo‘lgani, u arabiy nafs so‘ziga sinonim shaklida ishlatilgani qayd etiladi. Romanni asl manba asosida qiyoslab bir oz tahrir qilgan Xondamir Qodiriyning matn bilan ishlashda katta malaka va tajribaga ega ekani hisobga olinsa, nafs so‘zi o‘z o‘rnida qo‘llanganiga amin bo‘lamiz.

 

Abdulla Qodiriy nafs tushunchasini juda keng tushungan va qo‘llagan. Islom ma’rifati nafs ilmiga, nafsni poklash va tarbiyalashga alohida e’tibor qaratadi. Kumushning nafsini bag‘ishlashi nimani anglatadi? U orzu-havasi va ko‘nglini, inon-ixtiyori va ishonchini Otabekka topshiradi. Oila ikki tomonlama rozilik asosida tuzilgan maqsad va niyat, havas va mayllar birlashuvini nazarda tutadi. O‘zini bag‘ishlash borini bermoq bo‘lsa, nafsini bag‘ishlash havas va istak birligiga erishmoqdir. Yozuvchi so‘zga yondashuvda tasavvuf hamda mumtoz adabiyotimiz an’analariga tayangan. Adib yashagan davrda nutqda arabiy, forsiy so‘zlarni qo‘llash urf bo‘lgan. Ehtimol, bugunga kelib “o‘zini bag‘ishlamoq” so‘zi jism bilan bog‘liq holda tushunilgani uchun ham “o‘zingizni tanmahramlikka bag‘ishlamoq” shakliga aylangandir?..

 

Nafs tushunchasining ruhiy-ma’naviy asosi, daraja, xususiyati va ma’no qamrovida o‘ta nozik ilg‘amni talab etadigan ayirma bor. U qaysidir darajasida hayvoniy, qaysisida insoniy, yana qaysi birida qudsiy... Shahvat ham nafs, g‘azab ham nafs, muhabbat ham nafs, adovat, kibr, riyo ham nafs. O‘zlikning o‘zagi “o‘z” bo‘lib, tub asosi, avvalida bori anglansa, nafsda beqarorlik, tugal bo‘lmagan ruhiy holat, o‘zgarishga moyil hislar nazarda tutiladi, chamamda. Nafsi bilan imtihon qilingan Yusuf alayhissalom qissasi insoniyatga saboq beradi, o‘rnak o‘laroq xizmat qiladi. Ulug‘larimiz nafs mujodalasini eng katta jihod, insoniyat qavmining qiyomatga qadar davom etadigan azaliy muammosi deb bilganlar. Mavlono Rumiy hazratlari “Ey, Haq yo‘lchisi! Haqiqatni bilmoqchimisan, unda eshit: Muso ham, Fir’avn ham o‘lmagan! Ular sening ichingda yashamoqda. Ular sening borlig‘ing ichiga yashiringan. Qalbingda o‘zaro urushayotir. Shu sabab bir-biriga dushman bo‘lgan bu ikkisini ichingdan chiqarib tashlashing kerak!..” Alqissa, har birimizning ichimizda Muso va Fir’avn bor, nafsimiz nafasimiz ichida yashayotir.

 

 

Shaxsiyat kirlaridan xoli bitiklar

 

Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2007.

 

Teranroq nazar solinsa, Qodiriyning kichik hajviy asarlari va romanlarida uslubiy farqlanish bor. Kichik asarlariga xos ifoda o‘quvchini sergaklantirsa, roman tilidagi ulug‘vorlik ohanraboday o‘ziga tortadi. Uslubdagi tafovut ijodkor dunyoqarashidagi tebranishlardan darak beradi. Qodiriy shaxsi haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘lish uchun yirik va mo‘jaz nasriy asarlari, jurnalistik faoliyati hamda tarjimai holiga doir yozishmalarini bir-biriga bog‘liq holda o‘rganish lozim. “Diyori bakr” majmuasida yozuvchining kichik asarlari jamlangan.

 

Turli janrlarda ijod qilgan yozuvchining jurnalistik faoliyati o‘zbek tanqidiy tafakkurida alohida bosqich sanaladi. “Biz jasorat so‘rar edik. Lekin berish qayerda – jasoratimizning qolg‘an-qutg‘anini ham olmoq muddaosida edilar. Biz so‘z erkinligi so‘rar edik. Lekin tilimizni tek-tugidan kesmoqchi edilar. Jasorat bitkan edi, til kesilgan edi... Yuragimizdagi bir oz umidni istisno qilg‘anda boshqa narsalar yulinub-yulqing‘an edi”, deb yozadi “Jasorat ayb emas” maqolasida. Muallif ziyolilar orasida “shaxsiyat kirlaridan” xoli munosabat zarur ekanini alohida uqtiradi.

 

“Davosiz dardlar” maqolasida sho‘rolarning yolg‘on siyosatga asoslanib ish yuritish uslubi kinoya, qochirim vositasida tanqid qilinadi: “Dard ko‘b – davosi yo‘q, hasrat uzoq – kechalar qisqa, manzaralar ajib – ko‘zlar ko‘r, jart-jurt zo‘r – natijalar kichik, manzil uzoq – rohila oz, vahima katta – to‘y bedarak...”.

 

Matbuot maydonida “felyetonlar qiroli” bo‘lib tanilgan yozuvchining shaxs sifatidagi adabiy siyrati har bir maqolada, har bir satrda cho‘g‘dek yiltillab o‘zini namoyon etadi. “Mushtum” jurnali yozuvchi ijodida yangi sahifa o‘laroq Kalvak maxzum, Toshpo‘lat tajang singari betakror qahramonlarni so‘z maydoniga olib kirdi.

 

“Yig‘indi gaplar” degan maqola Qodiriy shaxsiyatini ochiqlashda alohida o‘rin tutadi. Adib hayotidagi burilish aynan shu materialda aks etgan. U o‘sha davrdagi mamlakat rahbarlaridan biri Akmal Ikromovga xitob qiladi: “Men har kuni Xudog‘a to‘qqiz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim bepoyon bo‘lganidek, istig‘forim hadsiz va lekin isyonsiz qolgan soatimga juda oz uchrayman! Bas, onglag‘ilkim, ey Akmal, tavbaga bo‘yin bukkan banda – bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilgan rasvo – rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir. O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘an boshqag‘a en bo‘la oladir, deb hech bir kitobda uchrata olmadim. Haqiqat oldida bo‘yin egish tavbadir, o‘zgasi g‘avg‘odir!”

 

Yozuvchining suddagi nutqi ham xarakterli. “Banda haqiqatni tushunib emas, kuchlanib, ojizlanib bo‘yin bukadir. Bas, bu holatdagi tavba tavbamas, balki shaxsiy ixtiyorni, muhokamani qo‘ldan berib odamgarchilikdan chiqishdir. O‘zing bir haqiqatka qoniqmay turub va o‘zingning xatoingga tushunmay turub, faqat ojizlikdan qiling‘an tavba tavba emas, ham o‘zingni, ham o‘zgani aldash” bilan barobardir deydi u. Qodiriy bir necha sahifali nutqida “shaxs” so‘zini bir necha ma’noda qo‘llaydi: “shaxsiy adovat”, “shaxsiy rohati yo‘lida elni emib”, “ba’zi ustolparast, tanparast shaxslarimizdan kinoyadir”, “shaxsiyatiga cho‘qinib”, “shaxsiy hazil”, “shaxsiy butunliq”, “mustaqil shaxs”, “shaxsini ko‘ra olmaysiz”, “men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar” bilan “bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim”. Yozuvchi mahkama jarayonida o‘ziga qo‘yilgan ayblov maqola tufayli emas, balki shaxsiyatiga qaratilganini yaxshi bilgan va e’tiborni shaxsiy munosabatlar masalasiga qaratgan. Quyidagi fikr yozuvchini yanada yaqinroq tanitadi: “Shaxsiy butunliq, mustaqil shaxsiyat qullik bilan ziddir. Shaxsiy butunlig‘i bo‘lmag‘an, ya’ni o‘zida haqiqatni ixtiyor qila bilish kuchini topolmag‘an ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin ag‘zo bo‘la olmaslar”.

 

 

To‘rt tomon qibla

 

G‘afur G‘ulom. Tanlangan asarlar. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2012.

 

Bugun yoshlar orasida sho‘ro davri yozuvchilarini tanqid, malomat qilish, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Uyg‘un, Komil Yashin, Hamid Olimjon singari ijodkorlar adabiy merosini mensimaslik kayfiyati paydo bo‘lmoqda. Yozuvchi yashagan davr bilan hisoblashmaslik yoki asar tagmatnidagi ishoralarni hisobga olmaslik biryoqlama munosabatni yuzaga keltiradi. Bunday kayfiyatning paydo bo‘lishida adabiyotshunoslar ham aybdor. Zero, bugun tarixiylik kesimida ular ijodiga yangicha rakursda, xolis yondashish talab etilmoqda.

 

G‘afur G‘ulomning “Shum bola”si “To‘rt tomonim – qibla, lekin qayoqqa qarab yo‘l olsam ekan?..” degan jumla bilan yakunlanadi. Har safar uni o‘qisam, shu jumla e’tiborimni tortadi. “To‘rt tomoni qibla” birikmasi asarda bir necha bor takrorlanadi. Bunda qandaydir ishora bormikan?

 

G‘afur G‘ulom – favqulodda iste’dod egasi, yirik ijodiy fenomen. Shunday katta yozuvchi mafkuraga anchayin dastyor bo‘lib qolmagandir, iste’dod qayerdadir o‘z kuchini namoyish etgan chiqar. Muallif qiblasini yo‘qotgan, sig‘inar mehrobidan ayrilgan, borar manzili aniq bo‘lmagan xalqning ruhiy holatiga ishora qildimikan?.. Sho‘roning asl mohiyatini anglab yetmagan, dinidan ayro tushgan, qadriyatlardan uzilgan, arosatdagi millatning ahvoliga aynan “to‘rt tomon qibla” iborasi mos keladigandek.

 

Manbalarda “Shum bola” qissasi 1936-yili yozilgani qayd etilgan. Millat tarixida o‘chmas iz qoldirgan qatag‘on arafasida shunday asarni yozmoqqa chog‘lanishning o‘zi jumboq. Uning dastlabki varianti “Dovdirash” deb nomlangani ham bejiz emas. “Dovdirash” faqatgina asar mazmuniga emas, balki yozuvchining o‘ziga, jamiyatga, odamlarga ham taalluqlidir?..

 

Qissa yozilgan kezlar pichir-pichir, shubha-gumon, tahdid, ijodkorlarning to‘satdan yo‘qolib qolishi, kutilmaganda so‘roqqa chaqirilish xavfi, chaqimchilik, xiyonat avj olgan edi. Ijod xatarli mashg‘ulotga aylangan edi. Shunday tahlikali zamonda adib “Yodgor”, “Shum bola” singari betakror asarlarni yozishga ijodiy quvvat va ishonchni qayerdan oldi? Qatag‘on mashinasining shovqini ijodkorni ehtiyotkorlikka undagani aniq, ammo qaltis lahzalarda G‘afur G‘ulom yo‘lsizlikda yo‘l topa bildimi?..

 

Qodiriy, Cho‘lponlarni takrorlash aqlga sig‘mas edi. Ijodkor faqat yangi yo‘l, yangicha yondashuv zaruriyatini qalban va aqlan his etadi. Qolaversa, ijodiy salohiyati va iste’dod ko‘lamini yaxshi bilgan shoir o‘zgalarga taqlid qilish, boshqalar yurgan yo‘ldan yurishni o‘ziga ravo ko‘rmasdi ham. Muallif “Shum bola” asarini e’lon qilgan vaqtda qalami mafkura qoliplariga anchagina moslashib bo‘lgan edi. Aslida, siyosiy talato‘plar kuchaygan, yolg‘on avj olgan muhitda san’at asari paydo bo‘lishi qiyin. Ammo adib qo‘rquvga tobe bo‘lib qolmadi, “Shum bola”ni san’at asariga aylantira bildi.

 

Qissada yetimlik Qoravoyni asraguvchi tumor kabi xizmat qiladi. Og‘ir vaziyatlarda bolakay “yetimning haqqini yeb bo‘lmaydi”, “yetimga ozor berish – gunoh” kabi qadriyatga aylangan tushunchalar bilan omon qoladi. Yetimlikning so‘qmoqlari qaltis va xatarli bo‘lgani bois quvlik va shumlik, ayyorlik va tadbirkorlik bilan birga mehribonlik, bag‘rikenglik, muruvvat uning hayotiy formulasiga aylanadi.

 

Qissa muallif tomonidan qayta-qayta tahrir qilingan. Ilk varianti “Dovdirash” (1936), keyingisi “Shum bola” (1938) nomi bilan nashr etilgan. “Tanlangan asarlar”da qissa (1941-yilgi variant) bunday xotima topadi: takyaxonadan chiqqan bolakay, yuvinib poklanadi, chunki u yangi hayot ostonasida. Bozorda muhtojlikdan chorasiz turgan bir kosibdan etik sotib oladi, o‘ziga o‘xshagan yupun bolani mehmon qiladi, ozroq pul bilan siylaydi. E’tiborga molik jihati, bosh qahramon bozordan havas va umid bilan kitob sotib oladi. “Fursat kelganda aytarman, bu kitob “Xamsa”i Alisher Navoiy ekan”, degan so‘zlar bilan yakunlanadi asar. Afsuski, keyingi nashrlarda xotima o‘zgarishga uchragan.

 

Darvoqe, mana bu parcha ham qiziq: “O‘sha yillari Toshkentda shunaqa ham jinni ko‘p ediki, sanab sanog‘iga yeta olmaysiz: Malla jinni, Karim jinni, Mayramxon, Xolparang jip-jinni, Tojixon, Juft kaptar, Olim jinni, Eshon oyi, Avaz jinni va boshqalar...” Yozuvchi ularga alohida-alohida izoh beradi. Ularning hech biri onasidan jinni bo‘lib tug‘ilmagan, zamona zayli bilan dardga chalingan yoki o‘zini shu yo‘l bilan himoyalagan. Karim jinni chit chiqib, bo‘z o‘tmay qolganidan, Eshon oyi – erining xiyonatidan, Xolparang dastgohiga o‘t tushgandan so‘ng aqldan ozgan. Juft kaptarga “hukumatdan tekkan”. Ular orasida Avaz jinni kabi “havaskor” tentaklar ham yo‘q emas. Bu yerda bir gap bor. Nazarimizda, muallif ham qatag‘on yillarida omon qolish uchun yo‘l qidirdi. Dunyo bozoridan o‘zini jinniga solib o‘tayotgan qahramonlar ruhiyati muallifga ham begona emasdek...

 

G‘afur G‘ulom burch va sha’nga xiyonat qilgan soxta ulamolarni “bir yolg‘ondan qirq yolg‘on” usulida fosh qiladi. Bolani yolg‘on ishlatishga majbur qilgan sabablarga nazar soladi, jamiyatning aldov va zulm-zo‘ravonlik asosiga qurilganiga ishora etadi. Qissadan hissaga ko‘ra, “ilmni vositai joh” aylaganlardan ko‘ra savodsiz kambag‘al bolakayning hayotiy tutumlari afzal. U birovning haqidan, o‘zgaga tuhmatdan qo‘rqadi, halol-haromni farqlaydi. Qahramon tabiatidagi bu xislatlarga yozuvchining o‘zi “donorlik” qilgan bo‘lsa ajab emas.

 

 

Hurriyat va adabiyot

 

Sirojiddin Ahmad. Milliy hurriyat adabiyoti. Ikki imperiya asoratida. 1-2-jildlar. Toshkent, “Info Capital Group”, 2018.

 

Sirojiddin Ahmad – qo‘lyozmalarni sinchiklab o‘rganadigan, birlamchi manbalarga tayanadigan, tagmatn sirlarini puxta bilgan zahmatkash olim, jadid davrining ulkan bilimdonlaridan biri. U umrini Turkiston tarixining eng murakkab davrini o‘rganish, yurt oydinlari faoliyatini yoritish, ma’rifatparvarlar hayotini chin mazmun-mohiyati bilan ochib berishga bag‘ishladi.

 

“Milliy hurriyat adabiyoti” va “Ikki imperiya asoratida” kitoblarining kompozitsiyasi an’anaviy mundarijalardan farqlanadi. Shakldagi o‘ziga xoslik mazmunda ham aksini topgan. Ularda davr muammolari, tarixiy-adabiy jarayon bo‘y-basti bilan ko‘rsatilgan.

 

Ikki jilddan iborat tadqiqot Turkiston mustaqilligi yo‘lida jon olib, jon bergan yurt qahramonlari haqida. Muallif asl manbalarga tayanib “qizil terror” siyosati davrida 15 mingdan ziyod ulamo qatl qilinganini aniqlagan, ularning millat ma’naviy va madaniy ravnaqi yo‘lida olib borgan xizmatini ko‘rsatib bergan. O‘sha kezlar bosqinchilar yurtda dinga bo‘lgan ehtiromni ko‘rib, eng avval diniy ulamolarni qirish, badnom etishni maqsad qilgani ma’lum.

 

S.Ahmad Turkiston oydinlaridan Tohir Shokirning “Tanlangan asarlar”ini ham nashr etgan. Tohir Shokir (Chig‘atoy) hazrat Navoiy ijodiga bag‘ishlangan maqolasida Turkistonda turk mafkurasi hamda Alisher Navoiy ijodi va turkiy tafakkur masalalarini ko‘targan. Olim Navoiy fenomenini ochib berishda turkiy tafakkurning qadim ildizlariga nazar soladi. Turkistonda turklikning Navoiygacha bo‘lgan madaniy va adabiy davrini tadqiq etadi. U “Qutadg‘u bilig”ni milliy ruh va milliy tafakkurning timsoli deb baholaydi. Turkiy qavm arab va fors tili bosimi ostida o‘z ruhidan uzoqlashib ketayotgan pallada Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviylar kurash bayrog‘ini ko‘tarib chiqdi. Keyinroq Navoiy “turk ruhi, turk rangi, turk fikr adabiyoti”ni yakqalam qildi...

 

Sirojiddin Ahmadning Turkiston tarixi va jadid harakatiga bag‘ishlangan asarlari bilan tanishish har bir o‘zbek ziyolisi uchun manfaatlidir.

 

 

Ruhni tarbiyalab bo‘ladimi?

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. 3 jildlik. 1-jild. Poklanish. Toshkent, “Hilol-nashr”, 2016.

 

Insonning o‘zini anglashida diniy-ma’rifiy kitoblarning o‘rni katta. Islom olamining yetuk ulamolaridan biri, ulug‘ shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zidan katta ilmiy meros qoldirdi. Olimning falsafiy-ma’rifiy xarakterga ega “Hadis va hayot” ruknidagi 40 juzga yaqin asari, “Mukammal saodat yo‘li”, “Baxtiyor oila”, “Odam va olam, din va ilm”, “Tasavvuf haqida tasavvur” kitoblari millat tafakkuridagi ma’naviy bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qilmoqda.

 

Olim har ne masalaga vazmin va xolis yondashuvi, mavzuni keng qamrovda sharhlashi, fikr ifodasida xalqona usuldan foydalanishi, muomala-munosabatda avomning didini hisobga olishi bilan o‘rnak ko‘rsatgan edi. U kishi har bir masalaga mantiqan yondashib, fikr ifodasida ehtirosga berilmay, ulug‘vorlik va salobatni mahkam tutardi.

 

“Ruhiy tarbiya” kitobining nomiyoq fikr uyg‘otadi. Ruhni tarbiyalab bo‘larmikan? Ruh tarbiyasida nafs yetakchi muammo sanaladi. Ba’zi adabiyotlarga ko‘ra, nafs va ruh ayni ma’noni anglatadi. Bu ikki tushuncha psixologiya bilan bog‘liq tadqiqotlarda ham alohida o‘rin tutadi. Arablarda psixologiya – “ilmun nafs”, ya’ni nafsni o‘rganish ilmi deb ataladi. Hozir psixologiyani ruhshunoslik deb atash urfga kirdi, ammo nafs aslida ruh emas. Ruh – Olloh tirik koinotga joylagan ilohiy sirdir. Inson ma’rifatda har qancha yuksalmasin, ruh sirini ochishga ojiz. Odamlar Rasulullohdan (s.a.v.) ruh va uning mohiyati haqida so‘raganida, quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen “Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir”, deb ayt” (Isro, 85).

 

Jildlarning tartiblanishida ham teran qonuniyatga rioya etilgan: “Poklanish”, “Tiklanish”, “Xulqlanish”. Nafsi ammorani jilovlab poklangan inson keyingi bosqichda o‘zini tiklaydi, so‘nggisida esa go‘zal sifatlar ila xulqlanadi. Insonning komillikka yetishuv bosqichlari shu tariqa sodda va go‘zal ko‘rsatilgan.

 

Muallif muqaddimada bunday yozadi: “Islom dini insonning jismi va ruhiga ham alohida e’tibor qaratgan. Ruhiy-ma’naviy qism “tazkiyatun nafs” – “nafsni poklash” deb atalib, unda mo‘minlarning nafslarini, ya’ni shaxsiyatlarini poklash, ularga fazilatlarni kasb qildirish va razolatlardan xoli etish kiradi. Bu borada “nafs” so‘zi bilan birga “qalb”, “ruh” deb ataladigan ma’nolar katta ahamiyat kasb etadi. Qalb rabboniy, ruhoniy va latif narsa; ruhning haqiqatini Olloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi. Ammo Qur’oni karimda nafsni poklash haqida ko‘p so‘z ketgani uchun “qalb”, “ruh” so‘zlaridan aynan nafs” so‘zini ishlatish keng tarqalgan”. Demak, olim ruhning sirliligini e’tibordan qochirmagan va uni nafs so‘ziga sinonim sifatida qo‘llagan.

 

Globallashuv davrida insoniyatni axloqiy qadriyatlargina tanazzuldan saqlab qolishi mumkin. Bu jihatdan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ijodiy merosini ilmiy-falsafiy ko‘lamda o‘rganish muhimdir.

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Orzular ushalguvchi manzil” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//